
Sharq-u g‘arb mutafakkirlari azaldan ma’naviyat va ma’rifat, tarbiya masalasiga alohida munosabatda bo‘lib kelgan. Inson mavqei iqtisodiy imkoniyati bilan emas, o‘zni anglash, keltiradigan ijtimoiy foydasi bilan o‘lchangan. Bugungi dunyoning globallashuvi, qadriyatlar transformatsiyasidagi o‘zgarishlar, odamlar tafakkuridagi evrilishlar, davlatlar va xalqlar manfaatlari to‘qnashuvi esa insoniyatdan o‘z taqdiri uchun qattiq kurashishni talab qilmoqda.
Xalqimiz O‘zbekistonni taraqqiy ettirish jarayonida iqtisodiy, siyosiy, madaniy-ma’rifiy jabhalarda ulkan yutuqlarga erishib kelayapti. Ma’naviy muhit barqarorlashib, yurtimiz qiyofasi yildan-yilga yaxshilanib, obod qishloq va shaharlarimiz soni ortmoqda. Ammo tanganing ikkinchi tomoni ham borki, kim yutuqlardan qoniqib, faqat maqtovlarga uchib yashasa rivojlanishdan to‘xtaydi.
Hozir siyosatlar, manfaatlar, qarashlar evolyutsion emas, inqilobiy tusda o‘zgarib bormoqda. Beshafqat jahoniy jarayonlar, siyosiy-mafkuraviy kurashlar, davlatlararo, mintaqalararo, sivilizatsiyalararo kelishmovchiliklar jahonni jar yoqasiga olib kelib qo‘ydi. Ko‘p joylarda tinchlik degan muqaddas qadriyat ancha omonat bo‘lib qoldi. Bunday vaziyatda voqea-hodisalardan chetda turmaslik har kimning odamiylik burchidir.
Zamon o‘zgarishi, innovatsion taraqqiyot tufayli ehtiyojlarimiz ham kengayib bormoqda. Mamlakatimizda aholi soni oshgani holda yer osti va usti boyliklarimiz ko‘payib qolgani yo‘q. Suv resurslarimiz hajmi, taqsimlanishi va sarflanishida muammolar bo‘y ko‘rsatmoqda. Oqibatda imkoniyatlar va ehtiyojlar o‘rtasida nomutanosiblik yaqqol sezilayapti. Buning ustiga globallashuv davrida qadriyatlarning qadrsizlanayotgani, axloqiy tamoyillarimizning yemirilayotgani, oila institutiga putur yetayotgani achinarli. Bu muammolarga har birimiz teran aql, o‘tkir ko‘z bilan qarashimiz zamon talabi, ayni paytda o‘zbekning zimmasidagi ulkan burch.
“O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da “kurashmoq” so‘ziga biror narsaga erishish, maqsadni ro‘yobga chiqarish uchun harakat qilish, faoliyat ko‘rsatish, tirishish deya izoh berilgan. “Kurashchi” so‘zi o‘z maqsadi yo‘lida faol harakat qiladigan, monelik qiluvchi g‘oyalarni yengish uchun hatto jang qilishga tayyor shaxs sifatida ta’riflangan. “Kurashuvchi” mustahkam g‘oyasiga ega, ijtimoiy faol shaxs. Shu kunlardagi muvaffaqiyatlarimiz ana shunday kishilar sababli deb bilaman.
Afsuski, oramizda zamon shiddatini sezmayotgan, eskicha fikrlash tarzidan qutula olmayotgan, faqat halovatini o‘ylaydigan millatdoshlarimiz kam emas. Ularga kurashuvchanlik kayfiyati yetishmayapti. Kimnidir jismoniy jihatdan mahv etishimiz, kimdandir aql-farosat bobida kuchliroq, birovdan tarbiya nuqtai nazaridan esliroq bo‘lishimiz mumkin. Ammo o‘zimizni yenga olmasligimiz, o‘zimiz bilan kurashda yengilishimiz, tafakkurdagi hafsalasizligimiz, ma’naviy hayotdagi mudroqligimiz, shaxsiy hayotni jamiyat ijtimoiy mo‘ljali bilan uyg‘unlashtirishdagi no‘noqligimiz eng katta kamchiliklarimizdan biri. Arastuning quyidagi gaplari juda o‘rinli: “Istaklarini yenga olganlar bukilmas insonlardir. O‘zini mag‘lub eta olganlar jasur va mardonadirlar”.
Allomalar doimo bashariyatning mohiyatini anglash yo‘lida zahmat chekkan. Biroq hozirgacha insonning asosiy mohiyati nimadan iboratligini anglatuvchi umume’tirof etilgan mukammal tushuncha yo‘q. Ba’zilar uni insonning erkinlikka intilishida ko‘rsa, boshqalar komillik sari harakat qilish deb tushunadi. Gyote esa “Men odam edim, odam demak – kurashchi demak” deya inson mohiyatini kurashlarda toblanishida ko‘radi.
Yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk zotlar insonning o‘zi bilan kurashishini nafs masalasida ko‘radi. Abu Nasr Forobiyning quyidagi fikrlari hamon dolzarbligini yo‘qotgan emas: “Inson nafsiga (ruhiga) xuddi uning vujudiga o‘xshash sog‘liq va xastalik ham xosdir. Nafsning sog‘lomligi shunda ifodalanadiki, uning ichki holati va turli qismlari o‘rtasida uyg‘unlik vujudga keladi. Buning natijasida inson doimo fazilatli, oliyjanob ishlarni qiladi va go‘zal xulqlar sohibi bo‘la oladi. Nafsning (ruhning) xastaligi shunda ifodalanadiki, nafsning ichki holati va qismlari o‘rtasida muvozanat buzilgan bo‘ladi, shu tufayli odam doim razil ishlarni, xunuk harakatlarni qilishga odatlanib qoladi”.
Abu Rayhon Beruniy shunday ta’riflaydi: “Nafs balosi insonni turli illatlar – ochko‘zlik, molparastlik, shuhratparastlik bilan xastalashtiradi. Bularning bari odamlarda boylikka hirs, kuch va hokimiyatga ishtiyoq kayfiyatini keltirib chiqaradi. Nafsning buzilishi va unda turli illatlarning aql ustidan hukmronligi kishilarning o‘zaro munosabatlarida raqobat va tortishuvlarni, dushmanlik, nafrat, hasad tuyg‘ularini, munofiqlik va vafosizlikni keltirib chiqaradi. Bunday illatlarning paydo bo‘lishi bilan kishilarning bir-biriga hurmati va mehri yo‘qoladi, yuraklari dag‘allashadi, nodonlik va yovuzlik, razolat va adolatsizlik qila boshlaydilar”.
Abu Homid G‘azzoliy nafsni eng katta balo sifatida ko‘radi. “Ey inson, – deydi alloma, – bilib qo‘yki, doim yomonlikni xohlab turuvchi nafs senga shaytondan ham xavfliroq dushmandir. Shayton nafsning hoy-u havasi sababli bo‘yningga minib olib, seni Allohning yo‘lidan adashtiradi”.
Unutmaslik kerak, mustabid tuzum va nodemokratik davlatlarda insonning faoliyati boshqariladi, turli manipulyatsiya yo‘llari bilan tafakkur tarzi, g‘oyaviy-mafkuraviy ta’limotlar asosida bo‘ysunuvchanlik kayfiyati shakllantiriladi, yangi tashabbuslar bilan chiqishlariga to‘siqlar qo‘yiladi.
Mamlakatimizda demokratik davlat qurishga erishish uchun shaffof muhit yaratilgan. Mavjud sharoitga qaramasdan illatlar botqog‘idan qutula olmayotgan, nafs balosini faoliyatidagi asosiy mezonga aylantirayotgan vatandoshlarimiz yo‘q emas. Ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlarda deyarli har kuni bunday qarmoqqa ilinayotgan, xalq va davlat mulkini talon-taroj qilayotganlar to‘g‘risida ma’lumot berib borilsa-da, nafs quliga aylangan kimsalar tobora urchib borayapti. Buning asosiy sababi ham odamlarimizda o‘zi bilan kurashish ma’naviyatining yetishmasligidir.
Milliy qadriyatlarimiz doim balo-qazolardan asrab kelgan, ijtimoiy mavjudlikka kuch bergan, uning uyat, or-nomus, andisha kabi sifatlari jamiyatdan begonalashuvimizga to‘siq bo‘lgan. Qonunlardan qo‘rqish emas, ularning faoliyatimizni tartibga soladigan omil ekanini anglash kerak. Shundagina turli illatlarni, befarqlikni yenga olamiz.
Kurashmaslik hamisha muvaffaqiyatsizlikka olib keladi. Bu odamni mustaqil fikriga ega bo‘lmagan, hissiyot quli bo‘lgan kishiga aylantiradi. Faqat hissiyotga suyanish to‘g‘ri emas, aql va hissiyot uyg‘unligiga erishmoq darkor.
Inson o‘zi bilan kurashishi oson emas. Avvalo dangasalikni bartaraf etishi lozim. Ba’zan suhbatlarda “sekin-sekin”, “asta-asta”, “ishga borib-kelib turibmiz”, “qimirlab turibmiz” kabi so‘zlar quloqqa chalinadi. Bunday odamlarning maqsadi “amallab kunini o‘tkazish”dan bo‘lak narsa emas. Ahd qilish, jahd qilish va sobitqadamlik insonga o‘zini yengish uchun kuch beradi.
Bekorchi odam nafaqat jismoniy, ayni paytda tafakkurda, munosabatlarda ham harakatsiz. U yangi g‘oyalarga muhtoj emas, hatto o‘z turmush tarzini o‘zgartirish, yangilik kiritishni ham o‘ylab ko‘rmaydi. U bir o‘lik kabidir deyish mumkin.
Husayn Voiz Koshifiy kurashga kirishish uchun avvalo ahd qilish, ko‘ngil xohlagan ezgu ish ustida mahkam turish lozimligini qayd etadi. Ahd murod va maqsadlar karvonining boshlovchisi, mushkulotlarning hal qiluvchisidir. Alloma “jid”ning ma’nosini maqsadlarga yetish uchun ko‘ngilda yangi niyat qilishda ko‘radi. “Jahd” esa shu niyatga yetish uchun qattiq harakat qilishdir. Odamning himmati qancha ulug‘ bo‘lsa, maqsadga yetish jidd-u jahdi shuncha kuchli bo‘ladi.
O‘zini yengishga kirishgan har bir insondan sobitqadam bo‘lish talab etiladi. Azmi qat’iylikdan murod ko‘zlangan ish sari dadil qadam qo‘yish, oxiriga yetmaguncha voz kechmaslik, xalal beradigan to‘siqlarni yengishda mahkam turishdir.
Kurashish – to‘siqlarni yengish, o‘zini qiynash, maqsad sari intilish, harakat, fidoyilik ko‘rsatish, jamiyatga foydali amallar qilishga o‘zini safarbar etishdir. Agar jamiyat oldidagi mas’uliyatni sezmas ekanmiz, o‘zimiz bilan kurashga chiqishimiz amrimahol. Odam tabiatan erkin ekaniga qaramay, shaxsiy hayoti butun jamiyat, boshqalar oldidagi mas’uliyat bilan uzviy bog‘liq.
Mas’uliyat ma’naviyat nuqtai nazaridan yondashilganda burch, ijtimoiy ma’noda jamiyat va boshqalar oldidagi ma’naviy qarzdorlik, jamoatchilik nazoratining namoyon bo‘lishi, huquqiy yondashuvda esa asosan yuridik javobgarlikni anglatadigan serqirra kategoriyadir. Insonning o‘zini yengishi o‘zida mavjud bo‘lgan qo‘rquvni bartaraf etishni talab etadi. Ichki qo‘rquv hissi o‘zimiz va jamiyat oldidagi mas’uliyatimizga munosabatimizni muayyan chegarada ushlab turishni talab etadi.
Afsuski, hali oramizda jamiyatning ochiqligi, o‘z fikrini bemalol bildirishdan iborat ijtimoiy-ma’naviy muhit yaratilganiga qaramasdan ichki qo‘rquv hissidan qutula olmayotgan yurtdoshlarimiz yo‘q emas. Qo‘rquv hissi insonni faol harakat qilishga, yangilik yaratishga, o‘z g‘oyasiga ega bo‘lishga monelik qiladi. Bekorga buyuk vatandoshimiz Mahmud Zamaxshariy “Qo‘rquvga mubtalo bo‘lgan kishi (oftob tig‘idan pana izlagani kabi) faqat qochishdan najot izlaydi” deb uqtirmagan.
Qo‘rquv hissi nimalarga olib kelishi haqida fikrlashaylik. Bunday toifadagilar erkinligini yo‘qotadi, har bir masalada rahbarining fikri asosida ishlashga ko‘nikib qoladi. Mustaqil fikriga ega bo‘lmaslik keragidan ortiq ehtiyotkorlikni yuzaga keltiradi. Bunday odam xato qilishdan qo‘rqadi, o‘zini yangi ishlarga safarbar eta olmaydi. Ichki qo‘rquvi tashabbuskorlikni bo‘g‘adi, erkin tafakkur qilishga yo‘l qo‘ymaydi. Natijada bundaylar faqat topshiriqni bajaruvchi, belgilangan rejadan “bir qadam ham chetga chiqmaydigan vintcha”ga aylanib qoladi.
Ichki qo‘rquv tufayli o‘zini yenga olmaydigan odamda jur’atsizlik paydo bo‘ladi. Jur’atsiz odam ko‘proq mag‘lubiyatni o‘ylaydi. Eng muhimi – mag‘lubiyatga uchramaslik. Undaylar doimo “suyanchiq” qidiradi, tobelik pozitsiyasi kuchli bo‘ladi.
Qo‘rquv sabab o‘zi bilan kurashishdan voz kechganlar eskilikka yopishib qolgan, mohiyatan konservator bo‘ladilar. Milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylashda, tarbiya tizimimizdagi an’anaviylikka amal qilishda, asrlar osha yangi mazmun bilan boyib kelayotgan sof o‘zbekona insonparvarlik, odamgarchilik, yuksak axloqiy tamoyillardagina biz sog‘lom konservatizmni qo‘llab-quvvatlaymiz. Biroq dunyo shiddat bilan rivojlanib borayotgan bir paytda eskicha fikrlash, “ota-bobolarimiz shunday qilib kam bo‘lmadi-ku” deya qoniqib o‘tiradigan bo‘lsak, ko‘p narsani boy beramiz.
Qo‘rquv kasaliga duchor bo‘lganlarda kurashuvchanlikka qaraganda himoya pozitsiyasi kuchli bo‘ladi. Insonning mohiyati doim olg‘a yurishida, qiyinchiliklarni mardonavor yengib o‘tishdagi qat’iyatida ko‘rinadi. Himoya pozitsiyasi insonni harakatsizlikka, ishonchsizlikka olib boradi.
Tahdidlarning ko‘payib, manfaatlar kurashining kuchayib borayotgani har birimizdan mamlakat va millat kelajagi uchun o‘zni safarbar etishni talab qilmoqda. Ko‘nglimizda yurtparvarlik, qat’iyat, fidoyilik, o‘zimizni isloh etish kabi sifatlarni shakllantira olsak, o‘zi bilan – o‘z nafsi bilan kurasha olish kuchli ma’naviyatning ko‘rinishi ekanini anglasak, inson sifatidagi mohiyatimizni ham anglagan bo‘lamiz.
Abduxalil MAVRULOV,
tarix fanlari doktori, professor
“Ma’naviy hayot” jurnali, 2025-yil 2-son.
“Odam demak – kurashchi demak” maqolasi
Tarix
Tarix
Tarix
Jarayon
Til
Adabiyot
Jarayon
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Din
Tarix
Til
//
Izoh yo‘q