Ruhiy riyozat – Jaloliddin Rumiy ta’limoti


Saqlash
18:01 / 01.01.2022 1531 0

Tasavvuf uzoq asrlar davomida xalqimiz ma’naviyatini boyitishga xizmat qilib kelmoqda. Insonnning ruhiy-axloqiy poklanishi, ilohiy muhabbat bilan yuksalib borishi bu ta’limotning asosiy g‘oyalaridandir.

 

Musulmon olamida karomatlari sahih zohir bo‘lgan, xalq tomonidan avliyo deb tan olingan kishilarning aksari ahli tariqat bo‘lganlar. Karomat esa har kimga berilmaydi. U Allohning inoyati bo‘lib, ilm-u amali, taqvosi, xayr-u ehsoni, marhamat-shafqati, ixlos-samimiyati, e’tiqodi kuchli bo‘lgan kishilargagina berilgan. Avliyolar dunyoda ham, oxiratda ham Allohning xos marhamatiga erishuvchi kishilar hisoblanadi. Qur’oni Karimda ular haqida shunday deyilgan: Ogoh bo‘lingizkim, albatta Allohning do‘stlariga biron xavf yo‘qdir va ular g‘amgin bo‘lmaydilar. Ular iymon keltirgan va taqvoli bo‘lganlardir. Ularga hayotiy dunyoda ham, oxiratda ham xushxabar bordir.

 

Insonning kamolotga yetishuvi uchun tasavvufning ikki asosiy yo‘li farqlanadi: inson o‘z irodasini, nafs degan borlig‘ini yo‘lga solish uchun unga mustahkam ta’lim-tarbiya, harbiylarga xos intizom lozim… Bu intizomga riyozat deb aytiladi. Ruhiy bir riyozat, ruhiy bir mashq. Gimnastikaning qadimgi nomi riyozatul badan, ya’ni badan tarbiyasi. Bundan tashqari ruhning riyozati bor. Mana shu tasavvuf hisoblanadi. Ya’ni, tasavvuf axloqan mukammal bo‘lishni ta’minlaydi. Shuningdek, ikkinchi yo‘l – ishq, sevgi va muhabbat yo‘li farqlangan.... Birinchi yo‘l harbiy intizom bilan, mashaqqatli tarbiyalar vositasida kamolga yetishtirsa, ikkinchi yo‘l insonda sevgi, ishq uyg‘otib, uni muhib, oshiq insonga aylantiradi. Yaxshi ishlar qilish uchun kuchli bir holatga keltiradi… Bu ikki asosiy yo‘l bizning madaniyatimizga ta’sir etib keldi. O‘rta Osiyo madaniyati o‘tmishimiz, tariximiz bilan aloqador bo‘lgan ta’lim-tarbiya yo‘li, sevgi, ishq, jo‘shqinlik yo‘lidir.

Masalan, Mavlono Jaloliddin Rumiy ijodida muazzam bir ruhiy jo‘shqinlik, Allohga bo‘lgan sevgi-muhabbat mavzuyi uzoq asrlardan beri kishilarni to‘lqinlantirib keladi. Sening sevging mening dinim-iymonim deya sevgi o‘tida yonib, o‘rtanadi shoir. Baliq suv ichida tirikdir. Suvdan chiqsa o‘ladi. Meni ham ishqing daryosidan tashqariga chiqarma, yo Rabbim! U daryoning ichida bo‘layin, deb iltijolar qiladi. Tasavvuf ta’limotida Mutasavvif qanday inson? degan savolga turlicha javob berganlar. Jumladan, mutasavvif din-u diyonatli, go‘zal axloqli, sabrli, kamtar, qanoatli, halim, shirinso‘z, fidokor, mulohazali, faqat yaxshilik sog‘inadigan, barchaga yaxshilik qiladigan, mayda-chuydalarga parvo qilmaydigan, ammo faol bir inson… Yomon xulqlardan yiroq, pokiza bir shaxs…

 

Axloqiy go‘zalliklar, hayotiy tajribalar tufayli Mavlono Rumiy kabi ulug‘ insonlarning dunyoga kelishi, Sharq va G‘arbni o‘ziga jalb etadigan, nozik fikrli, xalqchil, inson manfaatini ko‘zlab durdona asarlar ijod qilgan kishilarning zarif, ziyrak va adabli ekanliklari hammani lol qoldiradi...

 

Mavlono Rumiy hazratlaridan bir kambag‘al yordam so‘rab kelganida, Mavlono bunga yordam berish uchun bir maktub yozib uni vazirga yuboradi. Vazir mavlonoga: Sizning talabingiz devon qonunlariga muvofiq emas, deb javob yozadi. Mavlono shu maktub ostiga qaytadan: Vazir hazratlari devonning sohibidir. Devon vazirni boshqaruvchi emas, deb javob yozadi. Devonning forschadan ikki xil ma’nosi bor: 1. Davlat mahkamasi, idorasi. 2. Devon dev so‘zining ko‘plik shakli, ya’ni devon devlar degani. Dev turkiydagi bahaybat odam ma’nosida emas, forschadagi shayton ma’nosida qo‘llangan. Shoir devon deganda shaytonlarni, so‘z o‘yini qilib har ikkala ma’noni nazarda tutgan. Ya’ni vazirga aytganki: Vazir hazratlari devonning boshqaruvchisi, egasidir. Istagan narsasini qilishi mumkin. Lekin shaytonlar vazirni boshqarmasinlar, unga teskari narsani, ters yo‘lni ko‘rsatmasinlar, deb tanbeh bergan.

 

Kambag‘alning, miskinning hojatini chiqarmaganlarni shaytonga o‘xshatgan… Albatta bunday nuqtadonlik vazirga ma’qul tushadi va kambag‘alning hojatini chiqaradi. Zarif, oqil, dilkash, zolimdan, o‘limdan qo‘rqmaydigan insonlar… Mavlono Jaloliddin Rumiy o‘zining o‘limini shabi arus, ya’ni nikoh oqshomi, kelinni ko‘radigan, hayajonlanadigan, visolga erishadigan oqshom, deb ataydi… Men o‘lganimda, mening orqamdan yig‘lamang, alvido demang. Men ajralishga emas, uchrashuvga ketaman… deydi. E’tiqodli, oshiq bir inson… Tasavvuf arboblari shuning uchun ham sevimlidirlar.

 

Ruhiy tarbiyaga oid kitoblar o‘qitiladi. Tinglovchilarga muntazam ravishda arab va fors tilidan saboq beriladi, tarixiy manbalarni o‘qish jarayonida til qoidalari tushuntirilib, bilim va ko‘nikmalari mustahkamlab boriladi. Tasavvuf maktabida tinglovchilarga asosan naqshbandiya ta’limoti o‘rgatiladi. Shuningdek, yurtimizdan yetishib chiqqan va aholimiz o‘rtasida keng tarqalgan, mamlakatimiz tarixida o‘ziga xos ijtimoiy-madaniy ahamiyat kasb etgan kubraviya, yassaviya hamda qodiriya tariqatlari o‘rganilishiga ham alohida e’tibor qaratiladi.

 

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, yuqorida bayon qilinganlarni yoshlarimiz ongi va ruhiyatiga singdirish ularni ma’naviy jasoratga yo‘llaydi.

 

Bobir O‘RAZOV,

BuxDU “Islom tarixi va manbashunosligi, falsafa

kafedrasi o‘qituvchisi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19276
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16340
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi