
“Qanday baxtli boʻlish mumkin” asari muallifi nega oʻzini oʻldirgan? “Ijtimoiy maʼqullangan” giyohvand modda bormi? Nima uchun koronavirusning kelib chiqishini shifokor emas, taksi haydovchisi yaxshiroq “biladi”? Shu va shu kabi savollar qiziqtirsa – axborotning inson ongi, his-tuygʻulariga taʼsiri, soʻz, tasvir va talqin orqali omma fikrini boshqarishga urinishlar, jamiyatda sunʼiy ravishda salbiy yoki ijobiy infomuhit yaratishdan koʻzlangan maqsadlar, muayyan mahsulot yoki xizmatni “yedirishga” qaratilgan vijdonsiz reklama-marketing yurishlari, media-manipulyatsion texnologiyalar, nazariya va konsepsiyalarni tushuntiruvchi ayni maqola aynan siz uchun.
Narko-disfunksiya nazariyasi
Yoʻq, gap giyohvandlik yoki unga mubtalo boʻlishning goʻristonga yaqinlashtirishi haqida emas. Bu nazariya – odamlarning keti koʻrinmaydigan ulkan va rang-barang axborot oqimi/axlatiga duch kelishi oqibatida ularda muayyan mavzuga nisbatan mutlaqo befarqlik, loqaydlik kayfiyati paydo boʻlishini anglatadi.
Ushbu konsepsiya asoschilari – Pol Lazarsfeld va Robert Mertonning qayd etishicha, katta hajmdagi maʼlumotlar “odamlarda muhim ijtimoiy masalalarga eʼtiborni susaytiradi, ularga yuzaki qaraladi, natijada jamiyatda ommaviy apatiya, yaʼni hafsalasizlik muhiti paydo boʻladi”.
Umuman, nazariyaning ikki xil talqini bor.
Birinchisi: xabarlar toʻlqini oʻquvchi yoki tinglovchining faolligini oshirish yoki amaliy harakatga undashdan koʻra koʻproq mudroqqa soladi, giyohvand modda qabul qilgandek gandiraklatib qoʻyadi. Toʻgʻri, foydalanuvchilar turli muammolar haqida oʻqiydi, oʻzining yuqori darajadagi bu qiziqishi va xabardorligidan mamnun ham boʻladi, biroq oʻz navbatida ular qaror qabul qilish va amaliy harakatlardan uzilib qolganini sezmaydi. Qisqasi, odamlar oʻqish, tinglash, fikr yuritishni goʻyo haqiqiy harakatning oʻrnini bosuvchi narsa sifatida qabul qiladi.
Masalan, saylov kampaniyasi davrida kishilar juda koʻp axborotga ega boʻladi, tarmoqlarda muhokamalar koʻpayadi, tushungan ham, tushunmagan ham soʻz aytadi, u yoki bu partiya tanqid ostida qoladi, “divandagi ekspertlar” platformalardagi siyosiy bloglarni egallab oladi, hamma goʻyo faol, ammo yuzaki, chunki eng muhim nuqta – saylov uchastkasiga borib munosib nomzodga ovoz berishga koʻpchilik hafsala qilmaydi, hatto erinadi.
Ikkinchisi: Neyl Postman ilgari surgan talqin. Olim ommaviy kommunikatsiyalardan tarqalayotgan informatsion oqim, ayniqsa koʻngilochar xabarlarning auditoriyaga taʼsirini Oldos Xakslining “Ajib yangi dunyo” antiutopik asaridagi “ijtimoiy maʼqullangan” giyohvand modda – “soma”ga qiyoslaydi. Uning bir tomchisi odamlarni tinchlantiradi, quvnoq kayfiyat bagʻishlaydi, muammolarini unuttiradi, reallikdan dam oldiradi.
Koʻngilochar axborotda ham ayni xususiyat bor: ular kishilarni aslida muhim va dolzarb masalalardan chalgʻitadi, masalan falonchining ersiz besh bola koʻrgani, pistonchining ichki kiyim kiymagani va hokazo info-magʻzavalardan mast odam deylik, global iqlim oʻzgarishi, havoning ifloslanishi haqidagi gaplarga mutlaqo parvo qilmaydi.
Qoʻrqitish va tahlika effekti
Yaqinda taniqli developerlardan biri – koʻp qavatli uy qurib sotadigan biznesmen oʻzining instagram sahifasida: “Men birinchilardan boʻlib Oʻzbekistonda yangi turarjoylarni eng past narxlarda sotishni yoʻlga qoʻydim, odamlarga foizsiz boʻlib toʻlash imkoniyatini yaratdim, bozorni “notinch” qilganim uchun toʻsqinliklar, hayotimga bir necha bor tahdidlar boʻldi, lekin toʻxtamadim. Hammani navbatdagi vebinarimga taklif etaman“ degan mazmunda (vahimali notada) videochiqish qildi.
Bu esa axborot makonida rezonans boʻldi, katta auditoriyali kanal va sahifalar “Palonchi artistning quruvchi eri barcha haqiqatni aytib tashladi”, “Raqobatchilar developer hayotiga zomin boʻlmoqchi” mazmunida shok-xabarlar tarqatdi, video tagida oʻn besh mingdan ziyod munosabat bildirildi, izohlarda “sizga ishonamiz”, “Oʻzi asrasin”, “Inshaolloh sizdan uy olamiz” kabi tasallilar yogʻdirildi.
Darhaqiqat, kimdir developerga “oʻpkangni bosvol, uka” deb hazillashgandir, yana xudo biladi. Lekin, uning bu videosi kaminaga huquq-tartibot organlari eʼtiborini jalb etishdan koʻra, isteʼmolchilarda achinish, vahima hissini uygʻotish, shuningdek raqobatchilarni har qanday yovuzlikka tayyor “koshshey” qiyofasida tasvirlab, xaridorlarni oʻziga ogʻdirishga qaratilgan manipulyatsion texnologiya boʻlib koʻrindi.
Xalqaro tajribada reklama bozoridagi bu taxlit (vijdonsiz) yurish – “Qoʻrqitish va tahlika effekti” yoki “Qoʻrquv appelyatsiyasi” deyiladi. U odatda odamlarda qoʻrquv paydo qilish orqali maʼlum bir harakatni bajarishga, muayyan siyosatni qoʻllab-quvvatlashga yoki maʼlum bir mahsulotni sotib olishga undash strategiyasini ifodalaydi.
XX asrning 60-yillarida Prestone antifrizi reklamasida ayni manipulyatsion texnologiyadan foydalanilgan: avtomobil boshqarayotgan odam va gʻira-shirada turgan notanish shaxslar (yoʻlovchilar) fonida “Hech qachon begonalarni mindirmang, Prestone antifrizni olib keting” degan jingl yangragan. Bunda “agar ular mashinaga oʻtirsa zarar yetkazishi mumkinligi” nazarda tutilgan. Yaʼni, reklama Prestone antifrizining ijobiy xususiyatlarini koʻrsatishga emas, balki “notanish” brend avtomobilga shikast yetkazish ehtimolidan qoʻrquv shakllantirishga qaratilgan edi. Xulosa shuki, uy-joy olmoqchimisiz, hislarga emas – hujjatlarga tayaning.
Danning-Kryuger effekti
“Bilganlar gapirmaydi, gapirayotganlar – bilmaydi” degan iborani eshitgansiz, albatta. Xitoylik Lao-Szi bundan uch yil oldin yozib qoldirgan uni. Keyinroq, bu ibora zamonaviy ilm-fanda “Danning-Kryuger effekti” hamda “Firibgarlik sindromi” deb ataladigan fenomenlar orqali oʻz ilmiy isbotini ham topgan. Yaʼni, “Danning-Kryuger effekti” ga koʻra: aqliy va intellektual salohiyati haminqadar boʻlgan kishilar odatda hamma narsada “asman” deb oʻylashga moyil boʻladi. Jaydaricha aytganda, ilmli shifokor kovidning qanday paydo boʻlgani haqida aniq xulosa berishga shoshilmaydi, ammo, masalan taksiga chiqsangiz “shessekundda” savolingizga javob topasiz.
Chunki, haqiqiy talant, isteʼdodli kishilar “Firibgarlik sindromi”ga chalingan boʻladi. Bu shunday sindromki, odam muayyan qobiliyatga, iqtidorga ega boʻla turib ham “bilganlarim shundoq ham hammaga maʼlum, birovga qizigʻi yoʻq va qandaydir eʼtirofga, olqishlarga loyiq emas” deb ishonadi, boshqalarning koʻziga firibgar boʻlib koʻrinishdan qoʻrqadi.
Shunday ekan, internetda kim nima desa ergashib ketavermaslik kerak, tom maʼnodagi isteʼdodli odamning sizga qandaydir maslahat berib oʻtirishga vaqti ham, endi bildikki, “jurʼati” ham yoʻq. Xulosa sizdan.
Yolgʻon ekvivalentlik
Ikki holat yoki tushunchadan oʻxshashlik qidirib, ular oʻrtasida axloqiy yoki boshqa turdagi tenglikni oʻrnatishga urinish fanda “Yolgʻon ekvivalentlik” deyiladi. Tadqiqotlarda bu manipulyatsion texnologiya “itlarda ham, mushuklarda ham dum bor, demak ular bir-birining oʻrnini bosadi” mazmunidagi notoʻgʻri mantiqiy misollar yordamida tushuntiriladi.
Ushbu usuldan koʻpincha auditoriyani chalgʻitish, asossiz xulosalar chiqarishga undash va ular diqqatini boshqa mavzuga qaratish maqsadida foydalaniladi.
Misol uchun, yaqinda faxriy jurnalist va adib oʻz intervyusida blogerlarni boshini birlashtiradigan nodavlat tashkilotga ehtiyoj bor, davlat idorasi faqat jazolaydi, lekin ularni avvalo yoʻnaltirish, oʻqitish, tarbiyalash kerak, dedi. “Ekspert”lardan biri esa ijtimoiy tarmoqdagi sahifasiga “bu xuddi “1984” antiutopik asaridagi Xaqiqat vazirligini tuzish taklifi bilan bir xil” deb post qoʻydi.
Birinchidan, Jorj Oruell asarida nazarda tutilgan “vazirlik” odamlarni total nazoratda ushlab turadi, oʻylash, fikr aytishni taqiqlaydi, tarixni qayta yozadi, umuman qip-qizil senzura bilan shugʻullanadi. Yuqoridagi intervyuda esa domla – nodavlat idora boʻlsin va davlatning jazosiga yoʻliqmasin, demoqchi.
Ikkinchidan, ayrim rivojlangan mamlakatlarda ham bloger-inflyuyenserlarni himoya qiladigan, ayni paytda ular axborot qonunchiligini buzganda turtib qoʻyadigan nodavlat uyushmalar bor, yaʼni mediagi oid munosabatlarda oʻzaro ichki audit ishlaydi va bunga davlat mutlaqo aralashmaydi.
Boshqacha aytganda, domla nazarda tutgan “Blogerlarni oʻqitadigan nodavlat tashkilot” olma boʻlsa, Oruell asaridagi “Xaqiqat vazirligi” – limon. Ha, shaklan oʻxshash (dumaloq), ikkisi ham meva, lekin taʼmi har xil va ular hech qachon bir-biriga teng (ekvivalent) boʻla olmaydi.
Axborot tanqisligi nazariyasi
Choʻntagimdagi toʻrtburchak qurilma axborot koʻpligidan portlay deyapti, Teylor Svift alligator terisidan yangi shim tiktirganidan tortib, Donald Trampning migratsiya boʻyicha navbatdagi farmoni haqida har soniyada xabar berib turadi, tanqislikka balo bormi?
Gap shundaki, ushbu nazariya odamlarning axborotga boʻlgan ehtiyoji toʻla qondirilmayotganini emas, balki aksincha, ularning cheksiz maʼlumotlar oqimidagi tanlovi hamda axborotni turlicha idrok etishi ortidan yuzaga keladigan xavfli tendensiya – tafakkurlar oʻrtasidagi boʻlinishni tushuntiradi. Bu bir necha bosqichda yuz beradi:
1. Ziyoli, taʼlimi nisbatan balandroq kishilar koʻproq ilmiy, dunyoqarashni oshiradigan kontentni (OAV, blog va h.k.) tanlaydi, miyani charxlaydigan longridlar oʻqiydi, gazeta varaqlaydi, masalan ular uchun AQSHdagi migratsion hujjat mohiyatini tushunish ahamiyatliroq. Aksincha, taʼlim darajasi haminqadar boʻlganlar odatda yuki ogʻir materiallarni qabul qilishga tayyor boʻlmaydi, ularga timsoh terisidan tikilgan shim yoki uning egasi haqidagi xabarlar qiziq.
2. OAV ham asosiy auditoriya – sifatli axborotni hazm qilishga qiynaladigan doiraning talabiga moslashishga, ularni yoʻqotib qoʻymaslikka harakat qiladi, yaʼni primitiv kontentga koʻproq urgʻu beradi, chunki tahlilga, ilmga asoslangan infomahsulotdan foyda kam. Ommabop onlayn platformalarni-ku aytmasa ham boʻladi, ular oʻzi qisqa virusli kontent bilan “tirik”.
3. Bugun istalgan soha haqidagi maʼlumotlar odamlar uchun ochiq. Lekin hamma ham bundan foydalanmaydi, toʻgʻrirogʻi taʼlim darajasi nisbatan yuqoriroq qatlam oʻqishda, qolganlar esa vayn koʻrishda davom etadi.
Boshqacha aytganda, birinchi manbaga asoslangan toʻgʻri va xolis informatsiyaga faqat tor doiradagi elita egalik qiladi, aksariyat koʻpchilikning fikri esa turli oldi-qochdi kanallar, media-manipulyatorlar taqdim etayotgan toʻliqsiz (tiyiqsiz) axborot orqali “shakllanadi”. Natijada tafakkurlar oʻrtasidagi boʻlinish chuqurlashib boraveradi.
Bu nazariyadan bitta xulosa chiqarish mumkin, axborot asrida millat sifatida yashab qolish, boʻlinib ketmaslik va mediamakonni tartibga solishning yagona sharti – umumiy taʼlim sifatini kuchaytirish, oshirish, yaxshilash, boshqasi bekor.
Media-dushmanlik effekti
1982-yilda Stenford universiteti tadqiqotchilari – Robert Vallone, Li Ross va Mark Lepper Isroil siyosati tarafdorlari va aksincha Falastinga xayrixoh boʻlgan bir guruh talabalar ishtirokida eksperiment oʻtkazadi. Yaʼni ularga “Sabra va Shatiladagi qirgʻin” nomli hujjatli film qoʻyib beriladi. Kartina livanlik nasroniylarning Beyrutdagi Sabra va Shatila lagerlariga oʻrnashgan falastinlik qochqinlarga qilgan hujumi tafsilotlari haqida edi. Qizigʻi shundagi, film mutlaqo axborot mazmunda, shunchaki voqealar bayonidan iborat boʻlsa-da, har ikki guruh uni oʻzlariga qarshi qaratilgan, deb hisoblagan. Yaʼni, isroilparastlar fikricha unda “falastinliklar qoʻllab-quvvatlangan”, narigi tomon esa tamoman aksini aytgan: “film faqat Isroil manfaatlariga xizmat qiladi”.
Natijada tadqiqotchilar quyidagi xulosaga kelishgan: reportyorning maqsadi yoki umumiy mazmun ahamiyatga ega emas, har qanday neytral kontentni dushmanona deb qabul qilishni eng avvalo isteʼmolchilarning oʻzi belgilaydi. Qoʻpol qilib aytganda: bu holatda “kim biz bilan emas, ular bizga qarshi”, “uchinchi, betaraf yoʻl yoʻq” yoki “chala homiladorlik boʻlmaydi” degan qarashlar asosiy planga chiqadi.
Media-dushmanlik effekti (Hostile media effect) kelib chiqishi shundan. Nazariya biror bir masalada oʻzining qatʼiy pozitsiyasiga ega individga (foydalanuvchiga) OAVning ayni mavzudagi neytral axboroti ham noxolis va uning qarashlariga ters fikrni qoʻllab-quvvatlayotgandek tuyulishi, oʻsha resurs koʻziga gʻanimdek koʻrinishini anglatadi.
Bir guruh tadqiqotchilar Media-dushmanlik effektini shaxs feʼl-atvoriga xos quyidagi asosiy faktorlar bilan tushuntiradi:
1.Tanlab eslab qolish. Tadqiqotlarga koʻra, tomonlar odatda xabarlarni ularning qarashi rad etilgan (uning uchun negativ) qismini eslab qolishga moyil boʻladi. Deylik siz ukrain tarafsiz, maqola ham koʻproq ushbu davlatning “jabrdiyda” ekaniga qaratilgan (siz uchun pozitiv), ammo qayerdadir “Rasmiy Kiyev ham manavi oʻrinda notoʻgʻri yoʻl tutdi” degan jumlani oʻqidingiz, tamom, shu bir ogʻiz gap sizda oʻsha OAVga nisbatan “dushmanlik” kayfiyati uygʻotishi mumkin.
2. Sodda realizm. Kognitiv (bilish jarayonlari bilan bogʻliq) buzilishlardan biri. Bunda odam dunyo va undagi voqeliklar haqida faqat oʻzining shaxsiy tajribasi va sezgi aʼzolariga tayanib xulosa chiqaradi hamda oʻz nuqtai-nazarini mutlaq haqiqat (obyektiv) deb hisoblaydi, undan tashqaridagi har qanday fikr noxolis va ahmoqona.
3. Seleksion idrok. Eʼtibor bersangiz, baʼzi yoshi katta avlodga chor poshsholari odamlarni qilichdan oʻtkazgani, sobiq tuzum millat oydinlarini qatagʻon qilgani, oʻsha siyosat orolni quritgani va h. haqida aniq faktlar bilan gapirsangiz ham sirtiga suv yuqtirmaydi, “oʻsha paytda goʻsht uch tiyin edi” deb turaveradi. Odamlar feʼlidagi bu nuqsonga psixologlar – seleksion idrok yoki yanglish iqrorlik (confirmation bias) deb diagnoz qoʻygan. Unga koʻra, kishilar maʼlum axborotning ularda allaqachon shakllangan, boshqacha aytganda miyasida “qotib qolgan” standartlarga mos keladigan qismini qabul qilib (tanlab), boshqalarini inkor etadi.
Jamiyat aʼzolarining turli qutblarga boʻlinishi va xolis axborot manbalariga boʻlgan ishonch pasayib ketishiga olib keladi. Yaʼni, kishilar faqat oʻzlarining haqiqatini tasdiqlab beradigan, ular tutgan pozitsiyani qoʻllab-quvvatlaydigan biryoqlama media taʼsiriga tushib qoladi. Boshqa, neytral axborot tarqatadigan OAVga dushman koʻzi bilan qaraydi. Bu holat bevosita dezinformatsiyaning yashovchanligiga ham xizmat qilishi mumkin.
Sehrli oʻq nazariyasi
AQSH shimoli-sharqi. 1938-yil 30-oktyabr oqshomi. Aholi ishdan qaytib, ayni dam olishga chogʻlangan payt. Oyoqni uzatib, oʻsha davrdagi asosiy axborot manbai – CBS radiosi toʻlqinlariga sozlangan aksariyat odamlar kutilmagan xabardan shokka tushadi: “Marsda portlash yuz berdi, nomaʼlum jism shu atrofdagi fermalardan biriga qulagan, toʻqnashuvdan omon qolgan marsliklar yerliklarga hujum qilyapti. Voqea joyidan reportajni...”
Toʻpolon boshlanadi. Politsiya fuqarolarning chaqiruv qoʻngʻiroqlariga javob berishga ulgurmaydi. Olomon koʻch-koʻronini yigʻishtirishga, nima qilib boʻlsa-da jonini saqlab qolishga tushadi. Sarosima va xaos hukm suradi bir muddat. Sal oʻtib, yuqoridagi xabar shunchaki Gerbert Uellsning “Olamlar jangi” asari asosida sahnalashtirilgan – oʻqib eshittirilgan radiospektakl ekani maʼlum boʻladi.
Mazkur voqea XX asrning 30-yillari oxirida amerikalik politolog Garold Lassuell tomonidan ilgari surilgan Sehrli oʻq nazariyasini anglashga yordam beradi. Siyosatshunosning fikricha, OAV orqali tarqatiladigan va auditoriya orasida darhol aks-sado beradigan axborot qurol – “sehrli oʻq” xususiyatiga ega, bu oʻq odamlar ongiga toʻgʻridan-toʻgʻri taʼsir qiladi, ularning fikrlari, his-tuygʻularini tezda oʻzgartiradi, muayyan xatti-harakatlarni bajarishiga kuchli ragʻbat, turtki yoki motivatsiya uygʻotadi.
1930-yillarda turli axborot vositalari (radio, kino, reklama va h.k.) juda tez ommalashayotgan, ularning inson ongi va xulqiga salbiy, ayrim hollarda esa qoʻrqinchli taʼsiri namoyon boʻlayotgan edi. Bu esa soha mutaxassislari, faylasuf va siyosatshunoslarni hushyor torttirdi, auditoriyaning mediadan kelayotgan xabarlarni qanday qabul qilishi va/yoki unga qay tariqa reaksiya koʻrsatishini oʻrganishga qaratilgan dastlabki tadqiqotlar, jumladan Lassuell nazariyasi paydo boʻldi.
Uning formulasi oddiy: xabarlar kutilgan natijaga erishish uchun strategik tarzda yaratiladi – ular toʻgʻridan-toʻgʻri jamiyatning “qon aylanish tizimi” yoki “bosh miyasi”ga “inyeksiya” shaklida yuboriladi – tomoshabin yoki tinglovchi karaxt holatga tushadi – maʼlum “doza”dan keyin esa ularda instinktiv ravishda bir xil reaksiya kuzatiladi. Shunday qilib, kishilar axborotning ojiz obyektiga aylanadi.
Nazariya tarafdorlariga koʻra, “sogʻlom aql shunchaki illyuziya, chunki inson ongi kuchli va maqsadli xabarlarga qarshilik koʻrsata olmaydi”. Oʻtgan asrning 30-40-yillarida nemis jamoatchiligining fashistik gʻoyalarga koʻr-koʻrona ergashishi va ularda ayrim millatlarga bemisl nafrat uygʻonishi yoki sobiq ittifoq xalqining “sovet tizimi dunyodagi eng adolatli tizim” ekaniga chin koʻngildan ishonishi ham sehrli oʻq nazariyasi bilan tushuntiriladi.
Ayrim tadqiqotchilar Lassuell nazariyasi XX asr mediasi kuchini tushuntirish uchun ishlatilgan, bugunga kelib ahamiyatini deyarli yoʻqotgan, chunki zamonaviy dunyo kishisi ahmoq emas, ularda ajdodlaridan farqli oʻlaroq axborotni tahlil qilish, tanlash imkoni bor, oq-qorani farqlay oladi, deb hisoblaydi. Ammo, deylik oxirgi pandemiya davrida ayrim odamlar “vaksina qildirganlarning ketidan dum oʻsib chiqayotganmish” degan xabarlarga ishongani va vaksinadan voz kechishga qaratilgan ommaviy chaqiriqlar yangraganini ham unutmaylik. Yaʼni, hoʻkiz tugʻibdi desa, darrov suyunchi olishga shoshadiganlar bor ekan, Sehrli oʻq nazariyasi dolzarbligini hali-beri yoʻqotmaydi.
Ikki pogʻonali axborot oqimi konsepsiyasi
“Sehrli oʻq” nazariyasidan farqli ravishda bu konsepsiya OAV va mediada eʼlon qilingan axborotning auditoriyaga toʻgʻridan-toʻgʻri taʼsirini qaysidir maʼnoda rad etadi, unga koʻra avom xabarlarni jamiyatdagi “fikr yetakchilari” orqali oʻzlashtiradi va muayyan reaksiya bildiradi. Boshqacha aytganda, axborot dastlab fikr liderlari orasida tarqaladi (birinchi pogʻona), keyin esa ular xabar mohiyatini oʻz “muridlari” talabiga moslab yetkazadi/tushuntiradi (ikkinchi pogʻona).
Ikki pogʻonali axborot oqimi konsepsiyasi 1944-yilda amerikalik tadqiqotchilar – Piter Lazarsfeld, Bernard Berelson i Xeyzel Gode tomonidan ishlab chiqilgan. Bunda mualliflar 1940-yilda AQSHdagi prezident saylovlari natijalari tahliliga asoslangan. Oʻshanda media asosan Uendell Uilki targʻibotiga urgʻu beradi, ammo yakunda uning raqibi Teodor Ruzvelt gʻalaba qozonadi. Lazarsfeld va uning jamoasi bu kutilmaganlikni saylovchilar oʻzlarining tanlovini OAV orqali tarqatilgan xabarlar taʼsirida emas, balki atrofdagi oʻzlari ishongan, nutqi va salohiyati bilan ajralib turgan eʼtiborli kishilarning talqiniga tayanib amalga oshirgani bilan izohlagan.
Xoʻsh, fikr yetakchilari oʻzi kim? Turli yosh, mavqe, kasb va taʼlim darajasiga ega boʻlgan insonlar. Ular, muayyan tor sohadagi muammolarni chuqur tushunuvchi mutaxassis (ekspert) boʻlishi shart emas. Professional tajribaning oʻzi ham fikr yetakchilari qatoriga qoʻshilish uchun kamlik qiladi. Aksincha, faollik, keng dunyoqarash, oʻziga jalb eta olish qobiliyati va muloqotga moyillik muhim bunda.
– Shaxs qanchalik mashhur boʻlsa, uning soʻzlari shunchalik katta ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, ommaga daxldor va yoki ezgulik va yovuzlik, adolat va adolatsizlik, oʻtmish va kelajak haqidagi tasavvurlarimizga toʻgʻridan-toʻgʻri taʼsir koʻrsatadigan muhim ijtimoiy mavzular haqida gap ketganda, – deydi media-ekspert Irina Sidorskaya. – Bunday masalalarda “mutaxassis” boʻlish shart emas: yaxshini yomondan ajratish uchun axloq fani professori boʻlish talab qilinmaydi.
Oddiy aytganda, fikr yetakchilari – biz turli sabablarga koʻra ishonch bildiradigan, obroʻ-eʼtiborga ega kishilar. Hali internet, radio yoki TV yoʻq paytlarda bu vazifada koʻproq ruhoniylar, yozuvchilar, sarkardalar, boring ana sartaroshlar namoyon boʻlgan, hozir esa ularning oʻrnini bloger, vayner, inflyunser, sportchi-yu qoʻshiqchilar egallagan.
Ular qanday funksiyalarni bajaradi?
Birinchidan, fikr liderlari xabarlardagi kishilar payqamagan, eʼtiborsiz qoldirishi mumkin boʻlgan detallarga diqqatni qaratadi. Masalan, “Shum bola” filmidagi “fikr yetakchisi” – Hoji boboning “zakosi” boʻlmaganda safdosh-muridlari Nasri Sayyor uchinchi zarbada Abo Muslimni yelkalarigacha yerga botirganidan gʻaflatda qolardi.
Ikkinchidan, ular yangilikni sharhlaydi, uni kontekstga joylashtiradi, sabab va oqibatlarini koʻrsatadi, keyingi qadam uchun taxmin va prognozlarini bildiradi. Obyektiv sabablarga koʻra, bitta materialda toʻliq manzarani aks ettirish mumkin emas. Buni aynan fikr yetakchilarining izohlari toʻldiradi. Hoji boboning “agar birinchi zarbada Abo Muslim bellarigacha kirgan boʻlsa, ikkinchi zarbada quloqlarigacha yerga qoqilardi, bunga aql ishonmaydi” degan “tahlili” yodingizdadir.
Uchinchidan, axborotni muayyan tendensiyaning namoyishi sifatida koʻrsatadi, unga va yoki uning qatnashchilariga ijobiy yoki salbiy rakursdan baho beradi. Deylik, filmdagi oʻsha gurungda Hoji bobo axborotni sharhlay turib, uning ishtirokchilaridan biri – Nasri Sayyorni “sakbachcha” (“itvachcha”) deb ataydi. Shu orqali atrofidagi “auditoriya”ga “u salbiy qahramon” degan messej beriladi.
Bugungi reallik shundan iboratki, koʻpchilik axborotni emas, balki u haqidagi talqinni qabul qiladi. Bu – uning ehtimoliy taʼsiri koʻp jihatdan fikr yetakchilari, mediapersonalarga bogʻliq, degani. Yaʼni, axborot asrida ular infoterapevt funksiyasini ham bajarishi yoxud aksincha mediavirus tashuvchisi vazifasini ham oʻtashi mumkin. Buyogʻi vijdon va masʼuliyat masalasi.
Shu jihatdan sogʻlom mediamuhit vujudga kelishi uchun auditoriya xolis fikr yetakchilarini tanlay bilishi, faqat Hoji boboga “yopishmay”, ularning doirasini kengaytirishi, vaziyat haqida toʻliq va har tomonlama tasavvurga ega boʻlish uchun fikrlar va dalillarni taqqoslab xulosa chiqarishi kerak.
Dilshod NURILLOH,
jurnalist
Adabiyot
Adabiyot
Til
Tarix
San’at
Jarayon
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Din
Tarix
Til
//
Izoh yo‘q