
Ushbu maqola oʻzbek millatiga mansub boʻlmagan Nina, Taisiya, Vladislav va Aynisaning oʻzbek tilini ikkinchi til sifatida oʻrganish tajribalari haqida hikoya qiladi. Himoyamiz qahramonlari 1980-1990-yillarda Toshkent shahri va uning atrofida tugʻilib, rus tilli muhitda ulgʻaygan. Ularning oʻzbek tilini oʻrganish sarguzashtlari oila, kengroq muhit, maktab va universitet hamda norasmiy/xususiy oʻrganish kabi tartibda koʻrib chiqiladi.
Ilk saboq – oila
Nina va Vladislavning ota-onasi oʻzbek tilida soʻzlashmaydi, shuning uchun ular bolalarida ushbu til koʻnikmasini rivojlantira olmagan. Taisiyaning va Aynisaning ota-onasi esa oʻzbekcha gaplashadi, lekin ular uyda bolalari bilan hech qachon oʻzbekcha suhbatlashmagan.
Faqatgina Aynisaning otasi qizi oʻzbekchani tushunishi va ushbu tilda gapirishi shart deb hisoblagan. Biroq Aynisa oʻzbek tilini faqat bozor va jamoat transportida ishlatish uchun yetarli darajada oʻzlashtirgan.
Oʻzbek tilini tushunish ham Aynisa uchun nisbatan osonroq boʻlgan, chunki u buvisi bilan oʻzbek tiliga yaqin boʻlgan tatar tilida gaplashgan. Nina va Vladislavning ota-onasi, ehtimol oʻzlari oʻzbekcha bilmagani uchun, farzandlarini oʻzbekcha gaplashmaslikda ayblamagan.
Aksincha, oʻzbek tili fanidan uy vazifasini bajarishda otasidan yordam soʻragan Taisiya oʻzbekchani aksent bilan gapirgani uchun otasining kulgisiga sabab boʻlgan va ushbu tilni oʻrganish istagini yoʻqotgan.
Tadqiqotlarga koʻra, oila aʻzolari tomonidan koʻrsatiluvchi lingvistik koʻmak va hayotiy vaziyatlarning yoʻqligi bolalarni muayyan tilda muloqot qilishga undamaydi.
Toʻrtta qahramonimizning atrofidagi muhit ham ularga oʻzbek tilini oʻrganishga dastak bermagan.
“Barcha doʻstlarim va hamkasblarim rusiyzabon. Shuning uchun oʻzbek tilini oʻrganish mening til bilish darajamni hisobga olgan holda vaqtni behuda sarflash degani.
Ammo mahalliy oʻzbeklar orasida ham darhol rus tiliga oʻtish holati keng tarqalgan. Ular buni hurmat deb ataydi, lekin men buning nimasi hurmat ekanini tushunmayman. Ular soʻzlashishga qiynalayotgan, juda sekin gapirayotgan odamni koʻrganlarida, darrov rus tiliga oʻtadi. Ular hatto rus tilini bilishimiz yoki mashq qilishimiz kerak deb, “men bilan oʻzbekcha gaplashmang, uni uyda mashq qila qoling” deb aytadi. Natijada oʻzbek tilini hayotiy holatlarda ishlatib boʻlmaydi”, deydi Vladislav.
Demak, tashqi muhit ham oʻzbek tilini oʻrganayotgan insonlarda “oʻzi oʻzbek tilini bilish kerakmi?” degan savol tugʻdirmoqda bu ularning motivatsiyasini oʻldiryapti. Natijada, bunday insonlarning harakatlari asosan muvaffaqiyatsiz tugayapti. Ularning oʻzbekcha gaplashishga urinishlari koʻpincha oʻzbekzabon odamlarning tabassumlariga, baʻzida qoʻpolligiga sabab boʻladi.
“Mening bir hamkasbim bor. Bir kuni u kechqurun soat oltida ishga keldi. Doʻstlarimdan biri unga oddiygina ʻAssalomu alaykumʻ dedi, men esa ʻXayrli oqshomʻ deb ham aytish mumkinligini qoʻshimcha qildim. Shunda u, garchi qorongʻi tushgan boʻlsa-da, ʻhali oqshom emasʻ deya qoʻpol javob berdi”, deydi Taisiya.
“Oʻzbekcha soʻzlashadigan ruslar oʻzbekzabon oʻzbeklarda yumshoq qilib aytganda kulgi paydo qiladi... Ular darhol rus tiliga oʻtadi” deya Taisiyaning gapini tasdiqlagan Vladislav.
Bundan tashqari, Vladislavning taʻkidlashicha, maktab va universitetda oʻqitiladigan oʻzbek adabiy tili Toshkent koʻchalarida ishlatiladigan tildan shunchalik farq qiladiki, darslikdagi bilimlar bilan haqiqiy muloqotda zarur boʻlgan bilimlar oʻrtasida oʻxshashlik topish juda qiyin.
“Agar siz adabiy tilda gaplashsangiz, Toshkentda bu – foydasiz. Toshkent shevasida gapirish juda qiyin, chunki siz jonli tili xususiyatlarini oʻta yaxshi bilishingiz kerak. Ona tili oʻzbek tili boʻlmagan odam, oʻqituvchilari qancha harakat qilmasin, oʻzbek tilli muhitda yashamasa, tilni oʻrgana olmaydi”, deya qoʻshimcha qiladi Vladislav.
Shuningdek, toʻrtala qahramonimiz ham maktabda oʻzbek tilini oʻrganish boʻyicha salbiy tajribaga ega ekanligini aytdi.
Motivatsiyasiz (motivatsiyani oʻldiruvchi) oʻqituvchilar, ularning zerikarli darslari, ishiga masʻuliyatsiz munosabat (darsga kechikishi yoki umuman kelmasligi), bemaʻni topshiriqlar (masalan, “j harfi bilan boshlanadigan 20 ta soʻz yozish”), nutq koʻnikmalarini rivojlantirish oʻrniga grammatik mashqlarni bajarishga urgʻu beruvchi amaldagi oʻquv dasturi va baholashdagi gʻalati yondashuvlar shunday tajribalar jumlasidandir.
Toʻrtovlonning universitetda oʻzbek tilini oʻrganish tajribalari ham salbiy edi.
“Universitetda oʻzbek tilini oʻrganish darajasi nolga tushdi, chunki u bizga umuman oʻrgatilmagan. Bizning oʻqituvchimiz darsga doimo kechikib kelardi yoki umuman kelmasdi” deydi Aynisa.
“Universitetda men kundalik hayotda kerak boʻlmaydigan juda murakkab iboralarni yodlashga majbur boʻlganman. Ularni ham bilishim kerakdir, lekin bu boshqa daraja. Chet tili oʻqitilganda hamma narsa asta-sekin oʻrgatilishi kerak. Menimcha, oʻzbek tilini oʻqitishda soddalikdan murakkablikka qarab borish kabi mantiqiy yondashuv yoʻq” deya Nina ham Aynisaning fikrini tasdiqlagan.
“Men universitetda asosan grammatikani oʻrgandim, ammo bu menga kundalik hayotda asqotmadi”, degan Taisiya.
Darhaqiqat, oʻqituvchining nojoʻya xatti-harakati, grammatika va yodlashga katta eʻtibor qaratishi – til oʻrganishda kuchli demotivatsion omillardir.
Yuqorida sanab oʻtilgan qiyinchiliklarga qaramay Nina, Vladislav, Taisiya va Aynisalarning oʻzbek tilini oʻrganishida yaxshi xotiralar ham bor edi. Aynisa oʻzbek tili fanidan butun maktab kursini bitta oʻqituvchi oʻtganini afzallik deb biladi.
Vladislav esa oʻzining oʻrta maktabdagi oʻzbek tili oʻqituvchisini “koʻp yillik qiyinchiliklardan soʻng oʻzbek tilini yaxshiroq tushunishimga va oʻzimni muvaffaqiyatli his qilishimga yordam bergan” inson deb atagan.
Nina ham unda oʻzbek tiliga qiziqish uygʻotgan, oʻzbek madaniyatini sevib, oʻz yutuqlari bilan faxrlanishiga sababchi boʻlgan birinchi oʻzbek tili ustoziga minnatdorlik bildirgan.
Afsuski, bu iliq xotiralar hikoya qahramonlarining oʻzbek tilini mukammal oʻrganishiga jiddiy turtki boʻlishga kamlik qilardi.
Qizigʻi shundaki, oʻzbek tilini ish va xususiy taʻlim orqali oʻrganish Nina, Vladislav, Taisiya va Aynisa uchun ancha samaraliroq boʻldi.
Nina “Makromolekulyar birikmalar kimyosi” mutaxassisligi boʻyicha magistraturga kirgan va bu yerda barcha fan oʻzbek tilida oʻqitilgan. Ninaga “kimyo boʻyicha chuqur bilimlar, maktabdan oʻzlashtirgan oʻzbekcha soʻzlar, baʻzi bir xalqaro soʻzlar hamda intuitsiya” maʻruzalarning maʻnosini tushunishga yordam bergan. Nina oʻzbek tili bilan bogʻliq koʻplab stresslarni boshdan kechirganiga qaramay oʻqishni muvaffaqiyatli tugatgan.
Afsuski, uch yillik tugʻruq taʻtilidan soʻng, uyda oʻzbek tiliga muhtoj boʻlmagani sababli Nina oʻzbekchani yana unutib qoʻygan.
Shunga oʻxshash voqea Aynisa bilan ham sodir boʻladi. U ishlagan maktabda mutaxassislar yetishmasligi tufayli Aynisa oʻzbekzabon guruhlarga ingliz tilidan dars berishga majbur boʻladi. Yaxshiyamki, Aynisaning oʻzbekzabonlar uchun darsligi bor edi, bu unga darslarini rejalashtirishga va muvaffaqiyatli oʻtishga yordam bergan.
Ehtimol, oʻsha yillarda unga Rossiya telekanallari Oʻzbekistonda koʻrsatilmaganligi uchun telekoʻrsatuv va filmlarni faqat oʻzbek tilida koʻrgani ham unga yordam bergandir. U jonli tilda gapiruvchi televideniye tomosha qilganda koʻp oʻzbekcha soʻzlarni oʻrganib olgan. Bundan tashqari, u maktabda oʻzbek tilida boʻlib oʻtgan koʻplab madaniy tadbirlarda qatnashgan. Biroq, Nina singari, Aynisaning ham oʻzbek tilini bilish darajasi xalqaro maktabga ishga oʻtganidan beri ancha yomonlashib ketgan, chunki u yerda oʻzbek tili kamdan-kam ishlatiladi.
Taisiyaning oʻzbek tilini oʻrganishida ham qiziqarli voqea sodir boʻladi. U oʻzbekzabon tengdoshlari bilan geodeziya ekspeditsiyasiga joʻnaydi. Taisiya uch hafta davomida oʻzbekona muhitda yashaydi. Safardan keyin Taisiya oʻzbekcha nutqni yaxshiroq tushuna boshlaydi, chunki til muhitining qisqa muddatli taʻsiri koʻproq gapirish emas, balki tinglash koʻnikmalarini rivojlantiradi.
Taisiya oʻzbekzabon tengdoshlari bilan toʻliq muloqot qila olmaganidan xijolat boʻladi va til oʻrganish istagini kuchaytiradi. U COVID-19 pandemiyasi paytida onlayn oʻzbek tili kursida oʻqiydi. Ammo darslarda oʻrgatilgan narsalar va mustaqil bajarishga moʻljallangan vazifalar oʻrtasidagi farqdan Taisiyaning hafsalasi pir boʻladi. Bir muncha vaqt oʻtgach, u yaxshiroq bir xususiy oʻquv markazini topadi. Taisiyaning oʻzbek tili koʻnikmalari ancha yaxshilanadi.
U oʻzbek tilini oʻrganishda va oʻziga boʻlgan ishonchni mustahkamlashda davom etmoqda.
Taisiya singari Vladislav ham oʻzbek tilini oʻrganish uchun bir necha mustaqil urinishlarni amalga oshirgan va katta muvaffaqiyatga erishgan. Ayniqsa, uning ustozlaridan biri unga oʻzbek alifbosidan tortib, murakkab jumlalargacha boʻlgan hamma narsani oʻrgatgan. Vladislav yaxshi oʻqituvchi boʻlsa, oʻzbek tili qiyin til emasligini payqagan.
Biroq, tez orada u oʻrganayotgan tili kundalik hayotda ishlatilgan til emasligini tushunadi. Bundan tashqari, oʻzbek tilini amalda qoʻllash imkoniyatining yetishmasligi natijasida deyarli hamma narsani unutib qoʻyadi.
Hozir u oʻzbek tilini oʻrta bosqichda oʻrganishda davom etmoqda.
Vladislavning aytishicha, uning oʻzbek tilini yaxshi oʻrganishiga yana bir turtki boʻlgan.
“Hozir atrofda oʻzbekcha soʻzlashadigan odamlar soni yildan yilga koʻpayib, rus tili qamrovi torayib boryapti. Demak men Oʻzbekistonda qolishni istasam, kundalik hayotda qoʻllaniluvchi oʻzbek tilini bilishim shart”, deydi Vladislav.
Taisiya ham boy oʻzbek madaniyatidan bahramand boʻlishga, yaʻni oʻzbek qoʻshiqlari va kitoblarini asl tilda oʻqishga, eshitishga intiladi.
Shunday qilib, Vladislav va Taisiya oʻzbek tiliga qiziqish bildiradi hamda uni qadrlayd. Va bu ularni doimiy ravishda til oʻrganishni davom ettirishga undaydi.
Nina esa oʻzbek tilini shaxsiy takomillashtirish vositasi yoki yangi ufqlarni ochib beradigan narsa deb bilmaydi. Garchi Aynisa buni aytmagan boʻlsa-da, u mahalliy maktabdan xalqaro maktabga oʻtgani va yaqinda Buyuk Britaniya universitetida magistrlik darajasini olganini hisobga olsak, unda ham oʻzbek tiliga ehtiyoj kam. Shunday qilib, Nina ham, Aynisa ham oʻzbek tilini bilish darajasini yaxshilash uchun hech qanday motivatsiyaga ega emasga oʻxshaydi.
Nina, Vladislav, Taisiya va Aynisa tajribalarini umumlashtirsak, ulardan hech biri maktab va universitetdagi oʻzbek tili darslaridan foyda olmagan. Ularning oʻzbek tilini oʻrganish tajribalari ragʻbatlantiruvchi emas, koʻproq tushkunlikka soluvchi edi. Ularning oilasi ham, tashqi muhiti ham oʻzbek tili koʻnikmalarni rivojlantirishga yordam bermagan.
Ammo ularning kasbiy oʻrganish tajribasi muvaffaqiyatliroq boʻlgan. Afsuski, ularning hech biri oʻzbek tilini mukammal bilmaydi, lekin bu faqat ularning xatosi emas. Ehtimol, qulayroq sharoitlarda ular oʻzlarini aybdor his qilib yoxud muloqot ehtiyoji tufayli ikkinchi tilni oʻrganardi.
Koʻplab muvaffaqiyatsizliklarga qaramay, Vladislav va Taisiya hali ham oʻzbek tilini oʻrganishga harakat qilmoqda. Biroq Nina va Aynisa bir qator omillar sabab oʻzbek tilini oʻrganish istagini qaytarib boʻlmaydigan darajada yoʻqotganga oʻxshaydi. Ular oʻzbek tilidan ancha uzoqlashgan.
Shunday qilib, oʻzbek tilini ikkinchi til sifatida oʻrganish jarayonidagi toʻrtta qahramonimizning tajribasi rasmiy va norasmiy oʻrgatish usuli, ish faoliyati va tashqi muhit til oʻrganishda asosiy faktorlar ekanini koʻrsatdi.
Kamil Tilyabayev
Buyuk Britaniyaning Lankaster Universiteti PhD’si
Jarayon
Adabiyot
Adabiyot
Til
Tarix
San’at
Jarayon
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Din
Tarix
Til
//
Izoh yo‘q