
XIX asr Ozarboyjon uchun Rossiya va Hojarlar (Eron) davlati bosqini bilan boshlandi. 1801–28-yillarda Ozarboyjon hududida mahalliy xonlar bosqinchilarga qarshi kurash olib borgan, shuningdek, 1-2 Rossiya-Eron urushlari sodir boʻlgan. Harbiy harakatlar Ozarboyjon hududining okkupatsiya qilinishi va bu hududlarning Araz daryosi boʻylab Rossiya va Eron oʻrtasida Shimoliy va Janubiy qismlarga boʻlinishi bilan yakunlangan. (1813-yildagi Guliston va 1828-yildagi Turkmanchoy shartnomasi). Natijada Ozarboyjon davlati barham topdi, uning hududiy yaxlitligiga putur yetdi. Shimoliy qismda ruslashtirish siyosati, janubiy qismida esa forslashtirish jarayoni borardi. Shu bilan birga, xalq, mahalliy aholi doimiy ravishda qoʻzgʻolonlar koʻtarib, milliy-diniy zulmga qarshi oʻz noroziligini bildirgan va oʻz holatini yaxshilashga intilgan. Ziyolilar esa millatning ongini oʻstirish va madaniyatni rivojlantirishga harakat qilardi.
1920 – 50-yillardagi siyosiy qatagʻonlar tarixi sobiq sovet davri ilmiy-tarixiy adabiyotlarida qisman yoritilgan boʻlsa-da, olimlar kaltakning bir uchi oʻz boshlarida ham sinishi mumkinligidan choʻchib, kam oʻrganilgan. Faqat mustaqillik qoʻlga kiritilgachgina qatagʻon davrini ochiq, haqqoniy, izchil oʻrganish imkoniyati tugʻildi. Tarix haqiqati yuzidan soxtalik pardasi olib tashlandi.
SSSRdagi siyosiy qatagʻonlarni amalga oshirishning turli jihatlarini oʻrganishda koʻproq eʼtibor alohida shaxsga qaratiladi. Bir shaxs taqdiri orqali uning zamondoshlari qismati, zamon ruhini bilish mumkin. Bunga Ali Yusufzoda hayoti misol boʻla oladi. U jurnalist, shoir va maʼrifatparvar inson boʻlib, 1937-yilda nohaq otib tashlangan.
1900-yili Shusha shahrida tugʻilgan Ali Yusufning otasi oʻqituvchi, shoir va jurnalist boʻlgan. Ali Yusuf 17 yoshida Shushadagi maktabni bitirgach, ota izidan borish istagida Bakuga keladi. Ingliz, rus, fransuz tillarini mukammal bilgan Ali Ozarboyjon Demokratik Respublikasi hukumat ishlari boshqarmasida tarjimon sifatida ish boshlaydi.
Oradan ikki yil oʻtib, u Ozarboyjon Demokratik Respublikasi Xalq maorifi vazirligiga davlat hisobidan xorijda tahsil olish uchun yuborishlarini soʻrab murojaat qiladi. 1919-yil 1-sentyabrida Parlament qaroriga koʻra Ali Fransiyaga oʻqishga yuboriladi. 1920-yil 14-yanvarda Ali Yusufzoda talabalar guruhi bilan birgalikda Batumiga, u yerdan Yevropaga yoʻl oladi.
1937-yil 25-yanvarda tuzilgan “Mahbus anketasi” va 1937-yil aprelidagi ayblov xulosasida “millati turk” boʻlgan Ali Yusufzoda oliy maʼlumotga ega ekani, Parijda joylashgan Siyosiy fanlar institutining yuridik fakultetini tamomlagani qayd etilgan.
Ali Parijga Musovot hukumati tomonidan yuborilgan. Hujjatlarda shuningdek, Ali Yusufzoda 1917-yildan beri Musovot partiyasining aʼzosi ekani koʻrsatilgan. Ozarboyjonda sovet hokimiyati oʻrnatilgach, xorijda tahsil olayotgan talabalar qisqa vaqt ichida davlatning moliyaviy qoʻllab-quvvatlashidan mahrum boʻlib, vatanga qaytish haqida buyruq olishadi. Biroq, xorijga oʻqishga yuborilganlarning barchasi ham ortga aytishmagan, aftidan ular boshlariga tushajak savdolarni avvaldan tahlil qila olgan.
Ammo, vatanidan uzoqda yashashni tasavvur qilolmagan, yurt ularning bilimi va kasbiy tajribasiga muhtojligini hisobga olgan bir guruh talabalar safida Aliaga ham Ozarboyjonga qaytadi. 1923-yili Bokuga qaytgan Aliaga hayotida yangi bosqich boshlanadi. Oʻqituvchi, jurnalist, “Maʼrifat va madaniyat” jurnali masʼul kotibi sifatida faoliyat olib borarkan, yashirin tashkilotga qoʻshiladi va Musovot partiyasi Boku qoʻmitasi aʼzosi boʻladi.
1924-yilda u Musovot Markaziy Qoʻmitasi topshirigʻi bilan Gruziyaga borib, gruzin mensheviklari Markaziy Qoʻmitasi bilan Sovet hokimiyatiga qarshi hamkorlikda va bir vaqtda qurolli qoʻzgʻolon koʻtarish masalasida muzokaralar olib borgan. Professor M.Qahramonlining monografiyasida qayd etilishicha, aslida Ali Yusufzoda gruzin mensheviklari bilan uchrashgan, ammo, u yerda musovot aʼzolari Ozarboyjonda toʻliq tor-mor etilgani va qoʻzgʻolon tashkil etishga qodir emasligini bildirgan. Aftidan, bu uchrashuvdan soʻng Ali Yusufning yashirin faoliyati toʻxtatilgan.
Biroq, 1927-yili Musovot aʼzolariga qarshi yangi taʼqiblar toʻlqini boshlanganida u ham hibsga olinadi. Dastlabki soʻroqlarda barcha ayblovlarni rad qilgan boʻlsa-da, zoʻrlik ishlatib, tan olishga majburlashadi. Natijada, Ali Yusuf 10-yil muddatga Solovki lageriga surgun qilinadi. Tadqiqotchi M. Orujluning kitobidagi maʼlumotlarga qaraydigan boʻlsak, Ali Yusuf bilan birga yana 34 kishi surgan qilingan. Z. Bunyatovning “Qizil terror” kitobida esa bu davrda Solovkiga yuborilgan 111 musovotchining ismlari keltirilgan boʻlib, qahramonimiz nomi ham zikr etilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat Xavfsizlik xizmati arxivining maʼlumotlarida qayd etilishicha, Ali Yusufzoda musovotchilarning lagerdagi Markaziy qoʻmitasi tarkibiga kirgan va mahbuslarning ommaviy chiqishlarini tashkil etishda faol qatnashib kelgan. Solovki lageridagi mashaqqatlar va cheklovlarga qaramay, Ali Yusuf omon qoladi va 1935-yil 28-yanvarda ozod qilinib, Toshkentga surgun qilinadi. U Toshkentda Chimkent trakti, 19-uyda yashab, hisobchi boʻlib ishlaydi. Ushbu davrda Oʻzbekistonda, xususan, Toshkentda koʻplab ozarboyjonliklar koʻchib kelgan. Ularning aksariyati lagerlarda jazo muddatini oʻtab boʻlgach, yoki siyosiy ishonchsizlik sababli surgun qilingan. 1937-yil aprel oyida Oʻzbekiston SSR Ichki ishlar komissari, davlat xavfsizligi katta mayori Zagvozdin tomonidan imzolangan Ali Yusufning ayblov xulosasida u lagerdan qaytgach ham mashhur musovotchilar, xususan, Abdul Gʻasan Ragʻimov bilan yozishmalarini davom ettirgani yozilgan. Ragʻimov lagerdan ozod boʻlgach, Toshkentga kelib, Yusufzoda bilan birga yashagan.
Ali Yusuf Toshkentda yashagan boshqa musovotchilar bilan ham yaqin aloqalar oʻrnatgan. Aytilishicha, u oʻz uyida Ozarboyjon millatchilarining yigʻinlarini uyushtirgan va ularga yangi shaxslarni, jumladan, Aliasker Tagiyev, Pasha Ganiyev va boshqalarni jalb qilgan. 1936-yil oktyabr oyida Toshkentda Ozarboyjonliklar uchun vatandoshlik birlashmasini tashkil qilish taklifini bildirgan.
1936-yilning dekabr oyi oxirida Ali Yusufzoda Toshkentda aksilinqilobiy millatchilik tashkiloti tuzishga tayyorgarlik koʻrganlik hamda Ozarboyjon va oʻzbek ziyolilari oʻrtasida aksilinqilobiy millatchilik targʻibotini olib borganlikda ayblanadi. Unga yaqin qarindoshlari va musovotchi doʻstlari bilan aloqada boʻlganlik, Toshkent ziyolilari orasida aksilbolshevik targʻibot ishlari olib borgani, Kommunistik partiya va uning rahbariyatiga nisbatan tanqidiy fikrlar bildirgani hamda SSSRning yangi Konstitutsiyasini tanqid qilganlik aybi qoʻyiladi.
Tergov hujjatlarida Toshkentdagi musovotchilar guruhi aʼzolarining Ozarboyjon va Turkmanistonda yashovchi musovotchilar faoliyatidan ham boxabar boʻlgani qayd etilgan. Bu aloqalar “aksilinqilobiy tashkilot”ni xalqaro tarmoq sifatida koʻrsatish uchun asos qilib olingan. Shu tariqa, Ali Yusufzoda va uning atrofidagilarni davlatga qarshi harakatlar tashkil qilishda va yangi hukumatni agʻdarishga qaratilgan rejalar tuzishda ayblashgan.
1937-yilning aprelidagi xulosada Ali Yusufzoda “Musovot” partiyasining lagerlardagi markaziy partiyasiga aʼzolikda ayblanadi. Bu ayblov Ozarboyjon va Turkmanistonda hibsga olingan boshqa musovotchilar, jumladan, Mamed Gasan Baharli va Abulfayz Babayev koʻrsatmalari asosida shakllantirilgan. (Ularning koʻrsatmalari ham bosim ostida olinganiga shubha yoʻq). Koʻrsatmalarda Ali Yusufzodaning lagerlarda musovotchilar faoliyatini tashkil qilish va ozod etilganidan keyin ham uni boshqarishda ishtirok etgani qayd etilgan. Tergovchilar tomonidan tuhmat va zoʻrlik asosida olingan guvohliklar asosida unga quyidagi ayblar qoʻyilgan:
- 1917-yildan boshlab Musovotchilar faoliyatida ishtirok etganlik;
- Lagerda aksilinqilobiy faoliyatni davom ettirganlik;
- Toshkentdagi musovotchilar bilan aloqada boʻlganlik;
- Stalin konstitutsiyasini tanqid qilib, burjua Konstitutsiyasini maqtaganlik.
1937-yil avgust oyida NKVDning maxsus uchligi qarori bilan Ali Yusufzoda va safdoshlari otuv jazosiga hukm qilinadi. Bu hukm esa sud qarori va tegishli dalillarsiz, 10-15 daqiqalik “uchlik” majlisida amalga oshiriladi...
***
Stalin vafotidan keyin 1953-yildan boshlab, siyosiy qatagʻon qurbonlariga oid ishlar qayta koʻrib chiqiladi. 1958-yil 25-avgustda Oʻzbekiston SSR Oliy sudi Ali Yusufzoda ishini ham koʻrib chiqib, NKVD “uchligi” hukmini bekor qiladi.
1996-yil 15-martdagi Ozarboyjon Respublikasi sobiq Prezidenti Haydar Aliyevning “Siyosiy qatagʻon qurbonlarini reabilitatsiya qilish toʻgʻrisida”gi farmoni bilan ozarboyjonliklar ishlarini qayta koʻrib chiqish jarayoni davom ettirildi. Ozarboyjon Respublikasi Prokuraturasining 1998-yil 28-oktyabrdagi “maʼlumotnoma”siga koʻra, Ali Yusufzoda prokuratura xulosasiga asosan, 1992-yil 22-mayda toʻliq reabilitatsiya qilingan.
Ali Yusufzodaning qismati “qizil terror” davrida halok boʻlgan oʻn minglab milliy ziyolilarning fojeali hayotini oʻzida aks ettiradi. Bu yoʻqotishlar jamiyat uchun oʻrnini toʻldirib boʻlmas darajadagi madaniy va intellektual zarba boʻlgan.
Ali Yusufzoda kabi insonlarning qismatlarini oʻylaganda, ularning nomini endi abadiylashtirishga ehtiyoj seziladi, zero, bugungi avlod kimlarning nasli ekanini bilsin, anglasin, vatanni sevsin. Shu bilan birga, har bir insondan, kattami-kichikmi, mustaqillikni, bugungi farovon zamonlarni koʻz qorachigʻidek asrashga masʼul boʻlishni talab-taqozo etadi.
Mahfuza ZEYNALOVA,
Ozarbоyjon Milliy tarix muzeyi
direktor oʻrinbosari,
tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori
Ikromjon ASLIY,
mustaqil tadqiqotchi.
Tarix
Tarix
Tarix
Mafkura
Jarayon
Adabiyot
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
Til
//
Izoh yo‘q