Manguberdining jiyani Sayfiddin Qutuz izidan Misrga ekspeditsiya


Saqlash
11:50 / 25.06.2025 865 0

Gohida millat tarixi butun mintaqa, ba’zan butun dunyo tarixining tadrijiga ta’sir ko‘rsatadi. Bu esa ana shu millatning har bir a’zosida o‘z tarixidan sharaf tuyushiga sabab bo‘ladi. Yurtimiz tarixining ham ana shunday sharafli sahifalari bisyor.

 

Butun Yevroosiyoda ilk tizimlashgan diniy ta’limotning yurtimiz hududida vujudga kelgani, Sharq uyg‘onish davri allomalarining mana shu zaminda kamol topgani, olamni dahshatga solgan shafqatsiz asr egalari bo‘lmish mo‘g‘ullar bosqiniga qarshi kurashgan Jaloliddin Manguberdining jasorati, Amir Temur saltanatining Yevropa va Rus yerlarida markazlashgan davlatlarning vujudga kelishiga zamin hozirlagani singari voqeliklar jahon va milliy tariximizning aytilganidek yorqin va shonli sahifalaridir.

 

Ammo o‘tmishimizning yana shunday sharafli sahifalari bor, uni biz uzoq yillarki o‘qimadik, tanimadik, bilmadik, sharaf tuymadik. Chunki bu sahifalar chegaralarimizdan olisda, o‘zga tillarda yangrayverdi, bizning ko‘z-u quloqlarimizni yopdilar. Aslida bu sahifalar ajdodlarimizning taqdir yo‘llari sinov va sarguzashtlar, azob va musibatlar, urush va yo‘qotishlar bilan birga, chidam va matonat, shijoat va zafarlarga ham boy bo‘lganini anglatadi. Shuningdek, tariximiz shunchaki Markaziy Osiyo chegaralari bilan kifoyalanib qolmasdan, dunyoning turli mintaqalari bilan ham bog‘liq kechganini isbotlaydi.

 

Bu sahifalardan biri Anushtegin – Xorazmshohlar sulolasining so‘nggi vakili, Jaloliddin Manguberdining jiyani, Misr sultoni Sayfiddin Muzaffar Qutuz taqdiri aks etgan sahifalardir.

 

 

Bu sahifa bevosita Turkistonning nafaqat fors, Kavkaz, Janubiy va Kichik Osiyo, balki Shimoliy Afrika, jumladan bugungi Misr bilan ham uzoq tarixiy rishtalar ila bog‘langanini ko‘rsatadi.

 

Misr fir’avnlari “Ilohiy ne’mat” deya atagan Nil, islom va turkiy manbalarda “Oltin suv” deya nomlangan Jayhun daryolarining quyi oqimlarida ajdodlarimiz dastlabki insoniyat sivilizatsiyalarini barpo etgan.

 

Yunon tarixchisi Gerodod “Misr – Nil tuhfasi”, Oksus (Jayhun) – “Sharq daryolarining eng shiddatlisi” deganida haq edi. Jannat daryolari deya sanalgan Nil, Frot, Jayhun va Sayhun daryolari sohillarida ota-bobolarimiz Sharqning eng qadimgi davlatlarini barpo etdilar.

 

“Umm ud-dunyo” – Dunyoning onasi, “Firavnlar zamini” – Misrning Afrika va Old Osiyo tarixidagi ahamiyati naqadar buyuk bo‘lsa, O‘zbekiston zaminining Ichki Osiyo va Turon uchun qo‘shgan hissasi ham undan kam emas.

 

 

Bu ikki mintaqa insoniyat ilm-u fani uchun ulkan hissa qo‘shgan ulug‘ allomalarni tarbiyalagan. Bu ikki tabarruk zaminda rivojlangan astronomik, matematik bilimlar, ajdodlarimiz tomonidan barpo etilgan piramidalar, Qo‘yqirilgan qal’a kabi observatoriyalar, ilk taqvimlar, yozuv namunalari dunyo tamadduniga behisob hissa qo‘shgan.

 

O‘rta asrlarda Qohira va Iskandariya shaharlari Turkistonning ilmga chanqoq yoshlarini o‘ziga ohanrabodek tortadi. Hadisshunos Imom Buxoriy, Ahmad Al-Farg‘oniy, Mahmud Zamaxshariy, Sayfi Saroyi kabi allomalar Misrga borib, u yerda tahsil olgan, ijod qilgan, ilmiy tadqiqot ishlarini amalga oshirgan. Jumladan, Ahmad Farg‘oniy Nil daryosi sathini o‘lchashda ishlatiladigan Miqyos an-nil inshooti yaratilishida bosh bo‘lgan. Mahmud Zamaxshariyning “Al-Kashshof” asari, Abul Barakot Nasafiyning “Madorik ut-tanzil va haqoiq ut-ta’vil” asarlari Misrning ma’rifiy hayotida katta o‘ringa ega bo‘lgan.

 

Bu ikki ilm-ma’rifat beshiklari tarixning har sahifasi bilan tutash. Miloddan avvalgi V asrda xorazmlik Xarshinning o‘g‘li Dargamon haqida yozilgan oromiy tildagi papirus bitiklari yurtdoshlarimiz 3 ming yillar oldin ham bu g‘aroyib zamin bilan tanish bo‘lganini bildiradi.

 

Misr va o‘zbek xalqlari gohida yelkama-yelka bir safda turgan bo‘lsalar, gohida bir-biriga ma’nan suyanchiq va madadkor bo‘lganlar.

 

Mintaqalarimizning nafaqat ilmiy-ma’rifiy, balki, siyosiy ildizlari ham chambarchas bog‘liq. Turkistonning Farg‘ona, Buxoro, Xorazm, Dashti Qipchoq hududlarida tug‘ilgan o‘g‘lonlar Misr zaminida katta siyosiy martabaga erishgan. Abbosiylar halifaligi davrida Misrda mustaqil Tuluniylar davlatini barpo qilgan buxorolik Ahmad ibn Tulun, o‘lkada Ixshidlar sulolasiga asos solgan asli farg‘onalik Muhammad ibn Tog‘och ibn Jaf, Mamluklar sulolasi asoschilari Oybek, Shajarat Dur, mo‘g‘ullarning musulmon olamidagi bosqinlariga chek qo‘ygan Sayfiddin Qutuzlarning ona vatani ham Turkistondir!

 

Shu o‘rinda bir fikrni qayd etsak. Ajdodlarimizning insoniyat tarixida tutgan o‘rni beqiyos ekanini hamma tan oladi. Ammo ana shu sharafli tarixga egalik qilish borasida endigina jiddiy qadamlar tashlanmoqda. Vaholanki, qardoshlarimiz bo‘lgan Qozog‘iston tarixchilari Sayfiddin Qutuzning safdoshi, Dashti Qipchoq o‘g‘loni Rukniddin Beybars tarixini tadqiq va targ‘ib etishda bizdan bir necha qadam ilgarilab ulgurdi. Qozog‘iston va Misr olimlari, hatto davlat rahbarlari darajasida Beybars tarixiga oid tadqiqotlar yuzasidan xalqaro anjumanlar o‘tkazmoqdalar, Sovet Ittifoqi davridayoq Beybars tarixiga bag‘ishlangan kinofilmlar ishlaganlari esa taxsinga sazovor.

 

 

Bugun dunyo ezgulik va yovuzlik, birlashish va ayirmachilik, adolat va zulm, qadriyat va ommaviy madaniyat kabi ikki abadiy kuchning muxorabasiga avvalgidan-da chuqur sho‘ng‘igan. Ana shunday bir davrda xalqlarimiz tanlashi lozim bo‘lgan yo‘lni asrlar oldin ajdodlarimiz o‘z taqdirlari ila ko‘rsatib o‘tganlar. Zotan, tarixning go‘zal ibratini qarang! O‘rta asrlarda musulmon olamining ikki g‘animi mavjud edi. Musulmonlarni g‘arbdan iskanjaga ola boshlagan Salibchilar va sharqdan o‘z domiga tortib kelayotgan mo‘g‘ullar. Salibchilarga qarshi saljuqiylar va ayyubiylar, mo‘g‘ullarga qarshi xorazmliklar kurash olib bordi. Islom qalqoni deya ta’riflanadigan Jaloliddin Manguberdi musulmon olamining ikki dushmanidan biri – mo‘g‘ullarga qarshi 10 yillar davomida g‘alabali kurashlar olib borgan bo‘lsa, Misr Ayyubiylari ikkinchi g‘anim – salibchilardan e’tiqodimizni muxofaza qilgan. Ayniqsa, mo‘g‘ul va salib yurishlariga nuqta qo‘yolgan mamluklar timsolida esa ikki mintaqa va ikki xalqning – turk va arab xalqlarining birlashuvi, yakdilligini ko‘ramiz.

 

Aynan ana shularni inobatga olgan holda ojriy yilning 8–15-iyun kunlari Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda Xorazm viloyati hokimligi hamkorligi va O‘zbekiston Respublikasining Misrdagi elchixonasi ko‘magida bir guruh tarixchi olimlar, jurnalist, noshirlar ishtirokida Misr Arab Respublikasiga “Sayfiddin Qutuz izidan…” ilmiy-amaliy ekspeditsiyasi tashkil qilindi (Unga zarur barcha mablag‘lar ilm-ma’rifatni qo‘llab-quvvatlovchi metsenatlar tomonidan amalga oshirilgani taxsinga sazovor).

 

Mazkur ekspeditsiya zimmasiga “Sayfiddin Qutuz tarixining yangi sahifalari” mavzusidagi xalqaro konferensiyada ishtirok etish, o‘zbek va ingliz tillarida nashr etilgan “Sayfiddin Qutuz: so‘nggi zarba” kitobi taqdimoti va boshqa madaniy-ma’rifiy tadbirlarni o‘tkazish, Misrdagi kutubxonalar va ilmiy-tadqiqot institutlari, arxivlarda (xususan, Qohiradagi arab qo‘lyozmalar instituti, Aleksandriya kutubxonasi) mavjud bo‘lgan yurtimiz va ajdodlarimiz tarixiga, ayniqsa, harbiy tarixiga oid adabiyotlarni izlab topish, Jaloliddin Manguberdi davrida xorazmliklar tomonidan yozilgan ajdodlarimiz harbiy san’ati haqidagi qo‘lyozmalardan faksimile nusxalarni olib kelish, O‘zbekistonda tarjima va nashr qilish, Sayfiddin Qutuz haqida O‘zbekistonda ilk bor ishlanadigan spektakl uchun materiallar to‘plash singari vazifalar belgilangan edi.

 

Safarning dastlabki kuni O‘zbekistonning Misrdagi elchixonasi ko‘magida Nil daryosi bo‘yidagi Misr xalq kutubxonasida “Sayfiddin Qutuz tarixining yangi sahifalari” mavzusidagi xalqaro konferensiya va Xorazm viloyati ma’naviyat va ma’rifat Kengashi tomonidan o‘zbek va ingliz tillarida nashr qilingan “Sayfiddin Qutuz: so‘nggi zarba” kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

 

 

Anjuman ishtirokchilari o‘z ma’ruzalarida ikki mamlakat tarixining o‘ziga xos va o‘xshash jihatlari, ajdodlarimizning insoniyat ilm-u fani taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi, g‘animlarga qarshi olib borilgan hamjihatlikdagi kurashlari haqida alohida to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, “Misrdagi o‘zbeklar” kitobi muallifi Ahmad Abdu Tarobik ham ikki mamlakat olimlarining ilmiy aloqalari yanada mustahkam bo‘lishidan mamlakatlarimiz ilm-u ma’rifati katta manfaat topishi haqida fikr bildirdi.

 

Xorazm viloyati ma’naviyat va ma’rifat Kengashi tomonidan o‘zbek va ingliz tillarida nashr qilingan “Sayfiddin Qutuz: so‘nggi zarba” kitobi yuzasidan qizg‘in savol-javoblar o‘tkazildi. Misrlik olimlarda tarixchilarimizning Sayfiddin Qutuz tarixiga munosabatlari katta qiziqish tug‘dirdi.

 

 

Ikkinchi kuni ekspeditsiya a’zolari Qohiradagi Ahmad ibn Tulun masjidiga tashrif buyurdi. Mazkur masjid IX asrda asli buxorolik bo‘lgan Ahmad ibn Tulun (835–883-yillarda yashagan, Bog‘dod xalifasi saroyida xizmat qilgan) buyrug‘iga binoan barpo qilingan. 868-yildan Misrning muvaqqat voliysi, 870-yil butun Misrning hukmdoriga aylangan. 878-yil Shomni bosib oladi va shu tariqa 200 mingdan ortiq askari bo‘lgan mustaqil davlat tuzadi. Misr va Shom 904-yilgacha Ahmad ibn Tulun Abulabbos asos solgan sulola hukmronligida bo‘ladi. Ahmad Ibn Tulun Abulabbos qurilish va obodonchilik ishiga katta ahamiyat bergan. Qohira shahri chekkasida u qurdirgan katta jom’e masjid, ko‘rkam saroy va shifoxona hozirgi kungacha saqlanib qolgan.

 

Ekspeditsiya a’zolari safarning navbatdagi kunida Qohiradagi milliy harbiy muzeyga ham tashrif buyurdi. Muzey oldida Misr tarixidagi 13 nafar eng buyuk shaxslarga monument o‘rnatilib, Ramzes II, Tutanxamon, Salohiddin Ayyubiy, Muhammad Ali Poshsho singari Misr tarixining qudratli shaxslari qatorida, ularning o‘rtasida Anushtegin-Xorazmshohlar sulolasi vakili Sayfiddin Qutuz joy olgan. Bu muzeyning asosiy tashrif buyuruvchilari harbiylar va yoshlar sanaladi. Ular esa mana shu 13 nafar buyuklar orasida asosan Sayfiddin Qutuz bilan suratga tushishni odat qilganlar. Zotan, ko‘pchilik tarixchilar tomonidan Sayfiddin Qutuzning musulmon olamidagi ahamiyati hatto Salohiddin Ayyubiyning xizmatlaridan ham yuqori baholanadi. Balki shuning uchundir, bizning mazkur muzey va haykallar tomon tashrifimiz davomida ham muzeyga kelganlarning, ayniqsa harbiylarning sevimli qahramoni Sayfiddin Qutuz ekani yaqqol sezildi.

 

 

Misr xalqi va hukumati uchun Sayfiddin Qutuz ahamiyatli shaxs. Qohira shahri ko‘chalarida kimdan so‘ramang, Sayfiddin Qutuz haqida albatta ma’lumotga ega, hatto hukumat tomonidan ajdodimiz nomini abadiylashtirish maqsadida 1960-yilda shahardagi masjidlardan biriga uning nomi berilgan. Afsuski, Sayfiddin Qutuz masjidida tasvirga olishga ruxsat berilmadi.

 

Navbatdagi kuni ekspeditsiya a’zolarining bir qismi Iskandariya shahridagi qadimiy kutubxonaga ham tashrif buyurdi. Kutubxona faoliyati bilan tanishib, u yerdagi yurtimiz tarixi va ajdodlarimiz taqdiriga oid adabiyotlarni izlab topishda kutubxona xodimlari ko‘maklashdi.

 

Safarimiz yakunlanar ekan, misrlik olim, O‘zbekiston tarixi va me’morchilik an’analari bilimdoni, Mansura shahrida istiqomat qiluvchi tadqiqotchi tarix fanlari doktori Karim Kamol bilan uchrashuv o‘tkazildi. Uchrashuv bevosita O‘zbekistonning Misrdagi elchisi Mansurbek Qilichov tashabbusi bilan elchixonada tashkil etildi. Uchrashuvda O‘zbekiston va Misr olimlari o‘rtasida do‘stona aloqa o‘rnatish, yurtimiz tarixiga oid arab tilidagi qo‘lyozmalarni birgalikda o‘zbek tiliga o‘girish, nashr etish, tarix, turizmdagi yangi tashabbuslar yuzasidan takliflar muhokama qilindi. Shuningdek, elchimizning Sayfiddin Qutuz haqida o‘zbek va misrlik kinoijodkorlar tomonidan kinofilm ishlanishi haqidagi taklifi bizni juda mamnun qildi.

 

Safar shu tariqa yakuniga yetdi. Ekspeditsiya muvaffaqiyatli kechdi. Xususan, safar davomida o‘zbeklar tarixiga, Turkiston, Turon tarixiga aloqador Misr va boshqa arab davlatlarida yozilgan 50 ta tadqiqot ishi qo‘lga kiritildi. Ular ichida nafaqat o‘zbek, balki, rus, ingliz va boshqa g‘arb tillaridagi akademik doiralarda haligacha ilmiy muomalaga kiritilmagan manbalar bor.

 

 

Xitoy yoki vizantiyaliklarning jang san’atiga, nazariyasiga oid kitoblari bizgacha yetib kelgan va dunyo tillariga tarjima qilingan. Ammo, jangni san’at darajasiga olib chiqqan ajdodlarimizning harbga oid kitoblari haligacha bizga ma’lum emas. Turkiston, Turon xalqlari harbiy san’ati shu qadar buyukki, tariximizda bunga dalillar serob. Ajdodlarimizning harbiy san’atini o‘rganishimiz uchun zarur manbalarimiz kam edi. “Sayfiddin Qutuz izidan…” shiori ostida amalga oshirilgan ekspeditsiyamiz natijasida qo‘lga kiritilgan qo‘lyozma nusxalari ana shu bo‘shliqni to‘ldirishga hissa qo‘shadi. Xususan, Jaloliddin Manguberdi halokatidan so‘ng Yaqin Sharq mintaqasida qolgan askarlar orasidan yetishib chiqqan, harbiy ta’lim berish bilan shug‘ullangan buxorolik, samarqandlik, xorazmlik jangchilarning harbiy ta’limga oid kitoblari nusxalari Buyuk Britaniya, Qohira, Istanbul shaharlarida saqlanmoqda. Ularning ayrimlari ekspeditsiya davomida qo‘lga kiritildi. Mazkur qo‘lyozmalarni mutaxassislar jalb qilib, o‘zbek tiliga tarjima qilish ekspeditsiya a’zolarining navbatdagi muhim vazifasi sanaladi.

 

Misr Arab Respublikasiga amalga oshirilgan safarimiz davomida ko‘zda tutganimizdan ko‘ra qimmatli qo‘lyozmalarni qo‘lga kiritdik. Hali yurtimizda tarixchilarimiz uchun ham yangilik bo‘lgan, ilmiy doiralar foydalanmagan manbalar, ajdodlarimiz harbiy san’atiga oid qo‘lyozmalar o‘sha davr tarixini o‘rganishda yangi sahifalarni ochib berishiga ishonamiz.

 

Bekzod ABDIRIMOV,

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi

Xorazm viloyati bo‘limi rahbari

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Mafkura

14:02 / 13.02.2026 0 192
O‘zbek xalqining milliy g‘oyasi

Ta’lim-tarbiya

12:02 / 12.02.2026 0 157
Olmoncha halollik





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//