O‘rxun va Enasoy sari – O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston ming yillik do‘stlik ortidan


Saqlash
18:43 / 24.06.2025 125 0

Oʻzbekiston Moʻgʻulistonni anʼanaviy va ishonchli hamkor sifatida biladi. Chunki, bu mamlakat bilan aloqalar uzoq oʻtmishga borib taqaladi. Xususan, turkiy xalqlarning Osiyo boʻylab migratsiyasida, koʻchmanchi va oʻtroq madaniyatning birlashuvi natijasida oʻziga xos uygʻun taraqqiyotning amalga oshishida Oʻzbekiston va Moʻgʻulistonning tarixiy oʻrni muhim ahamiyat kasb etgan. 

 

Ikki mamlakat zaminida qadimdan turkiy xalqlar yashagan, buyuk davlatlar barpo etgan qudratli xoqon bobolarimizga beshik boʻlgan. Oʻzbek tilining ajdodi – turkiy tildagi ilk yozma manbalar aynan Moʻgʻulistonda bitilgan. Buyuk Turk xoqonligi davrida sharq va gʻarb yanada yaqin ijtimoiy-madaniy aloqalarga kirishgan. Bu jarayonda Buyuk Ipak yoʻlining ahamiyati nihoyatda katta boʻlgan. Savdogarlarimiz Oʻrxun vodiysidagina emas, Xitoyda ham erkin savdo-sotiq faoliyatini yuritgan. Alp Er Toʻnga zamonidan boshlab Muqaddas Vatanni goh sharqdagi dushmandan, goh gʻarbdagi dushmandan himoya qilgan edi. Ularning janggohlardagi hayqiriqlari va nidolari bugungi kungacha turkiy bitiklar – Kul Tegin, Bilga Xoqon, Toʻnyuquq bitiktoshlari orqali sado berib turibdi. Aniqlangan bitiktoshlarda Vatan manfaati yoʻlida xizmat qilish, mamlakatning mustahkam, osoyishta boʻlishi uchun kurash bosh maqsad ekani aytiladi. 

 

Bitiktoshlar tili zamonaviy oʻzbek tiliga shu darajada yaqinki, ularda yozilgan chaqiriq va murojaatlar bizga qarata aytilgandek. Yana ularda ogohlikka chorlovchi fikrlar ham bor. Masalan, xoqonlikning eng kuchli raqibi Tabgʻach tomonidan boʻladigan xavfdan xalqni ogohlantiruvchi “Tabgʻachning shirin soʻzi‚ yumshoq ipagi boʻladi” (yaʼni ularga uchib, aldanib qolma) mazmunidagi murojaat soʻzlar oʻrin olgan.

 

Toʻnyuquq bitiktoshida erk, mustaqillik uchun kurashgan butun turk xalqining armon-u iztiroblari bayon qilinadi, erksizlik xalqni ogʻir fojialarga, hatto butunlay yoʻqlikka yuz tutishiga olib kelishidan ogohlantiradi: “Xoningni qoʻyib taslim boʻlding. Taslim boʻlgani uchun tangri “oʻl!” degan shekilli, turk xalqi oʻldi, tugadi, yoʻq boʻldi. Turk xalqi yerida biror urugʻ qolmadi. Chakalak orasida qolgani toʻplanib yetti yuz nafar boʻldi. Oʻz xonini qoʻyib Tabgʻach xoqoniga sajda qilgani Tangriga ham xush kelmadi. Ularni har tomonga tarqatib yubordi”.

 

Umuman olganda bitiktoshlar mazmunida Buyuk Turk xoqonlarining oʻz mamlakati Mangu el”ni birlikka, uni himoya qilishga daʼvati yotadi. Shuningdek, ularning Vatanini, tuprogʻini himoya qilish mafkura darajasiga chiqqanini Mete xonning “Tuproq – millatning ildizidir, uni qanday birovga berayin” degan soʻzlaridan ham anglash mumkin. Vatan mudofaasi gʻoyasi, jasur va mard boʻlish bilan bogʻliq qarashlari ularning Koʻktangriga eʼtiqodi bilan mustahkamlangan.

 

– Bu buyuk sarkardalar oʻz zamonida xalqni birlashtirib, davlat qudratini koʻtargan edilar. Xoqonlar davlat amaldorlarini xalqqa xizmat qilishga undagan. Masalan, xoqonlar bitiklarda “Turk eli uchun tinkasi quriguncha kurashish, turk xalqi uchun tunlari uxlamasdan, kunduzlari ishsiz oʻtirmaslik shart” ekanini taʼkidlaydi. Bugun ham yurtimizda aynan shu tamoyil asosida kuchli xalqchil siyosat olib borilmoqda. Davlatimiz rahbarining “Bosh maqsadimiz – xalqimizning roziligi”, “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, “Insonlarning dard-u tashvishlarini oʻylab yashash — odamiylikning eng oliy mezonidir” kabi daʼvatlari ham mazmunan oʻsha xoqon bobolarimizning murojaatlari bilan hamohang. Shuningdek, yaqinda Turkiy davlatlar Tashkilotining Qozogʻiston poytaxti Ostona shahrida oʻtkazilgan yigʻilishida Prezidentimiz maʼruzasini Bilga Xoqonning “Ey turkiy elim, oʻzligingga qayt, oʻzingni angla – yanada yuksalgaysan!”, degan soʻzlari bilan boshladi. Bu butun turkiy xalqlarda katta hayajon va yuqori kayfiyat bilan kutib olindi. Chunki bugun mintaqamiz atrofida yuz berayotgan turli xil nizolar, geosiyosiy kuchlar muvozanatining oʻzgargani Markaziy Osiyo va turkiy xalqlarni yanada jipslashishga undamoqda.

 

Bugun Oʻzbekiston va Moʻgʻuliston savdo-iqtisodiy aloqalari yangi bosqichga koʻtarilmoqda. Davlatimiz rahbarining taklifiga koʻra Moʻgʻuliston Respublikasi Prezidentining 2024-yil iyun oyida ilk bor davlat tashrifi bilan yurtimizga kelgani, shu yili yurtimizda Moʻgʻuliston elchixonasining faoliyat yurita boshlashi, Davlatimiz rahbarining Moʻgʻulistonga qilgan tashrifi oʻzaro hamkorligimiz yuqori pogʻonaga chiqayotganini aks ettiradi. 

 

Oʻzbekiston va Moʻgʻuliston oʻrtasidagi munosabatlarning bunday oʻzaro hurmat va manfaatlar uygʻunligi asosida jadal surʼatda rivojlanishi siyosiy muloqotlar, parlamentlararo aloqalar, iqtisodiy va savdo hamkorligi, togʻ-kon sanoati, qishloq xoʻjaligi, chorvachilik, yengil sanoat, sogʻliqni saqlash, transport, logistika sohalaridagi barqaror va uzoq muddatli strategik sheriklikni taʼminlashi tabiiy. Shuningdek, ikki mamlakat oʻrtasidagi ilmiy-madaniy aloqalar ham bu sheriklikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

 

Soʻnggi uch yil mobaynida ikki davlat olimlari oʻrtasidagi ilmiy hamkorlik anʼanaga aylanib  ulgurdi. Xususan, 2023-yil 10-19-oktyabr kunlari Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tashabbusi bilan yurtimiz tarixchilarning Moʻgʻulistonga ilmiy-maʼrifiy ekspeditsiyasi uyushtirildi. Ekspeditsiya davomida Oʻrxun-Enasoy tosh bitiklaridagi yozuvlar oʻrganildi. Ular haqida yurtimiz telekanallarida reportajlar, maxsus koʻrsatuvlar suratga olindi. Ikki davlatning nufuzli oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida anglashuv memorandumi imzolandi. Shuningdek, Moʻgʻuliston poytaxti Ulan Bator shahrida “Anushtegin Xorazmshohlar va Moʻgʻul davlati aloqalari” mavzusida ilmiy anjuman tashkil etildi. Uning doirasida olimlar har yili tarix, tilshunoslik va boshqa ijtimoiy-gumanitar fanlar yoʻnalishida anjumanlar oʻtkazishga kelishib oldi. Natijada, 2024-yil 4–5-iyun kunlari Urganch shahrida “Oʻzbekiston va Moʻgʻuliston tarixi va tilshunosligining dolzarb muammolari” mavzusidagi xalqaro konferensiya oʻtkazildi.

 

Bu hamkorlikning bevosita mantiqiy davomi sifatida esa joriy yilning 30-iyun – 1-iyul kunlari Moʻgʻulistonning Qoraqurum shahrida “Ichki Osiyo tarixida koʻchmanchi qabilalar va oʻtroq xalqlarning integratsiyalashuvi” mavzusidagi xalqaro konferensiya oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Urganch davlat universiteti, Urganch innovatsion universiteti va Moʻgʻuliston Milliy universiteti hamkorligidagi mazkur konferensiya davlatimiz rahbarining Moʻgʻulistonga tashrifi fonida tashkil qilinayotganida katta ramziy maʼno mujassam. Yaʼni asrlar mobaynida butun Turon uzra Oʻrxundan Amudaryogacha kezgan ajdodlarimizning tarixiy rishtalari Buyuk ipak yoʻli vositasida mintaqaning taraqqiy etishiga, ulkan imperiyalar va madaniyatlar shakllanishiga xizmat qilgan boʻlsa, bugun ana shu madaniyat va imperiyalarning merosxoʻrlari sanalgan oʻzbek-moʻgʻul xalqlari zamonaviy dunyoda mintaqaning tinchligi, barqaror taraqqiyoti uchun yana birlashishi, tarixning ibratidan toʻgʻri xulosa chiqarishi shart va zarur. Bunda davlat rahbarlariga yelkadosh boʻlib, nafaqat mutasaddi rahbarlar, tadbirkorlar, balki olimlar, fan va madaniyat mutaxassislari ham faol boʻlishlari lozim. 

 

Bekzod ABDIRIMOV,

Tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori,

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi

Xorazm viloyati boʻlimi rahbari.

Gʻulomjon ATAJANOV,

mustaqil tadqiqotchi

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//