
Qanchalik paradoksal boʻlmasin, ish bozorida borgan sari yangi soha, yoʻnalish va ish oʻrinlari yaratilgani sayin ishsizlar soni dunyo miqyosida ortib bormoqda. Qizigʻi, bu tendensiya rivojlangan, iqtisodiyoti yuqori boʻlgan mamlakatlarda ham, yashash sharoiti nisbatan oʻrta va past darajali davlatlarda ham kuzatilmoqda. Shunday vaziyatda Sunʼiy intellektga ega virtual mutaxassislar odamlarning ish oʻrnini egallay boshladi. Bu esa yirik kompaniya mutaxassislari va olimlarni tashvishga solmoqda: ular inson oʻz qoʻli bilan yaratgan texnologiya unga qarshi ishlamasligi, uni imkonsiz qoldirmasligi uchun nima qilish kerakligi haqida bosh qotira boshladi.
Sunʼiy intellekt aslida, fan va texnologiyaning bir sohasi. U insonlardek fikrlashga taqlid qilib, turli masalalarda zarur yechimlarni taqdim qila oladi. Yanada aniqroq tasavvur boʻlishi uchun: bizning kundalik foydalanadigan bir qancha platformalarimiz sunʼiy aql bilan chambarchas bogʻliq. Masalan, veb-qidiruv tizimlari, tarjimonlar yoki ilovalardagi tavsiya tizimlari sunʼiy intellekt texnologiyasi sanaladi.
Lekin bu hali uning bor xususiyatlari emas, eng minimal funksiyasi edi. Hozir esa ular ish bozorida professional mutaxassislar oʻrnini ham egallamoqchi. Ha, ha, masalan, kompaniyalardagi tarjimon, yurist-konsultant yoki kopirayter kabi xodimlar oʻrniga mana shu vazifalarni bajarish buyrugʻi berilgan virtual mutaxassislar ishlaydi. Bu jarayon oʻzimizda – Oʻzbekiston amaliyotida ham yuz berdi. Bu haqda xususiy universitetlardan birining asoschisi Bektosh Xatamov oʻz telegram sahifasida qayd etgan.
Barchasi kompaniyaning huquqshunos lavozimida ishlaydigan xodim ishdan ketganida boshlangan. Bektosh Xatamov avvaliga haqiqiy huquqshunos bilan ishlab, keyinroq virtual xodim yaratishga qaror qilgan: Chat GPT Team tarifiga pul toʻlab, “Yuridik assistent” funksiyasida ishlovchi maxsus GPT model yaratgan. Shu tariqa, 700 nafardan ortiq ishchiga ega korxona bugun anʼanaviy yurist oʻrniga virtual yurist xizmatidan foydalanmoqda.
“... Unga Oʻzbekiston qonunchiligidagi bor maʼlumotlarni ulab chiqdim, bu lex.uz, sud.uz saytidagi sudlarning qarorlari va boshqalar. Endi kompaniyaga yurist kerak emas, sunʼiy intellekt har qanday savolga oʻta chuqur tahlil bilan javob bermoqda” – deydi mutaxassis.
Uning taʼkidlashicha, mazkur model shartnomalar tuzish, huquqiy tahlil qilish, xavflarni baholash, ish huquqi va korporativ huquq boʻyicha barcha maslahatlarni berib boradi. Yurist boʻlsa rasmiy vakil sifatida sudlarga qatnashish, notarius va davlat organlariga borish uchungina kerak boʻlmoqda. Xatamov bu ishlar uchun ishbay ishlaydigan yurist olgan va uning taxminiga koʻra, shu rivojlanish bilan yaqin orada bu yuristga ham hojat qolmaydi.
Mutaxassis shuningdek, tadbirkorlarga imkon qadar tezroq biznesiga sunʼiy intellektni tatbiq qilishni, sudyalar esa “boshqa ish qarab qoʻyishini” tavsiya qilgan.
Aholi, shuningdek, professor va yirik kompaniya mutaxassislari orasida bu kabi SI-texnologiyalarining joriy qilinishi professional sferani oʻzgartirib, koʻplab insonlarning ishsiz qolishiga sabab boʻladi, degan xavotirlar mavjud. Biroq faylasuf, huquqshunos olim Djennifer Aaker boshqacharoq fikrda. Unga koʻra, SI insonning oʻrnini bosishi emas, balki kuchli quvvatning qoʻshimcha zaryadiga aylanishi kerak.
Amerikaning Nvidia kompaniyasi direktori Djensen Xuang 2025-yiling yanvar oyida “Sunʼiy intellekt agentlari davri keldi” degandi. Bir necha hafta oʻtgach Meta rahbari Mark Sukerberg “2025-yil – yaxshi muhandis kabi kod yozish va muammolarni hal qilish qobiliyatiga ega SI-muhandislarni yaratish mumkin boʻlgan yil boʻladi”, deya bashorat qilgan. Fevral oyida boʻlsa Shvetsiya fintex kompaniyasi bosh direktori Sebastyan Semyatkovskiy “Sunʼiy intellekt endi biz insonlar qilgan barcha ishni qila oladi” degan.
Mutaxassislar bugun sunʼiy intellekt ish uslublarini va borgan sari yashash tarzini ham oʻzgartirayotgan bir vaqtda, masala u siz yo bizning ish oʻrnimizni “olib qoʻyishida” emasligini, bunday savol qoʻyishdan umuman olganda, maʼno yoʻqligini taʼkidlaydi.
Stenford oliy biznes maktabining marketing professori Djennifer Aaker esa bu haqda shunday deydi:
“Yoʻl qoʻyishimiz mumkin boʻlgan asosiy xato – sunʼiy intellektni shunchaki texnologiya haqidagi hikoya deb oʻylashimiz. Aslida bu sunʼiy idrok insoniyat va inson faoliyatining fundamental tabiatini qanday oʻzgartirayotgani haqidagi hikoyadir”.
Bu borada AQSHda oʻtkazilgan soʻrovnoma natijalariga koʻra, ishtirokchilarning toʻrtdan uch qismi kelasi oʻn yillikda sunʼiy intellekt umumiy ish oʻrinlarining qisqarishiga olib keladi, deb hisoblaydi. Soʻrovnomada qatnashganlarning yarmidan koʻp qismi ish joylarida SI qanday maqsadda qoʻllanilishidan xavotirda (bu xavotirni yosh, taʼlim va daromad darajasi turlicha boʻlgan odamlar bildirgan). Atigi 32% respondent bexavotir, SIga ishonch bildirgan.
Sunʼiy intellekt allaqachon jamoalarda ishlay boshladi. Aaker unga nafaqat shunchaki instrument sifatida, balki trener, boshqaruvchi, hamkor va muammolarni hal qiluvchi mutaxassis sifatida qarashni taklif qiladi.
“Sunʼiy idrok ishlarni optimallashtiradi. U bizni tezkor va samaraliroq qiladi, lekin yaxshiroq emas”, deydi u. Uning fikricha, hayot va ish faoliyatini yoʻq qiladigan emas, rivojlantiradigan sunʼiy intellekt yaratilishi uchun insonning uchta yorqin qobiliyati saqlab qolinishi, rivojlantirilishi zarur. Bular:
“Ular birlashib, algoritmlar davrida toʻlaqonli inson boʻlish nima ekanini aniqlashga, farqlashga yordam beradi”, – qoʻshimcha qildi Aaker. “Bizda tanlov bor. Biz insoniyatni rivojlantiradigan texnologiya yaratishimiz yoki bizni kamsituvchi vositalar bilan kifoyalanishimiz mumkin”, deydi Aaker.
Bir qancha kompaniyalar bu texnologiyada insoniy yondashuvlarni qoʻllay boshladi. Masalan, Anthropic kompaniyasi oʻzining foydali boʻlishni oʻrgatuvchi, zararsiz va insoniy qadriyatlarga mos Constitutional AI sunʼiy intellekt xavfsizlik tizimida shaffoflik va etikaga urgʻu beradi. Wildflower taʼlim muassasalarida boʻlsa sunʼiy intellekt asosida ishlaydigan datchiklar xabardorlikni va adolat darajasini oshirishga yoʻnaltirilgan: ular oʻqituvchilarga oʻqishda oqsayotganlarni emas, eʼtibordan chetda qolgan oʻquvchilarni aniqlashga yordam beradi. Nvidia sunʼiy intellekt texnologiyasi esa generativ modellardan foydalangan holda shifokorga kasallikning dastlabki bosqichlarida katta aniqlik bilan tashxis qoʻyishga yordam beradi. Bemorni parvarishlash boʻyicha tibbiy xulosalarni toʻldiradi.
Xulosa qilib aytganda, insoniy idrokning sunʼiy alternativi barcha masalalarda fikr berib, muammolarga yechim taklif qila olayotgan boʻlsa-da, odamdagi hissiy tuygʻularni hali biror texnologiya oʻzida aks ettirganicha yoʻq. Ish tizimlari boʻlsa toʻliq avtomatlashtirilgan shaklga oʻtmagan. Bu esa jamoalarda insoniy yondashuv, qadr-qimmat, qadriyatlarga ehtiyoj borligini koʻrsatadi. Qolaversa, hayotda aqlning oʻzi bilangina qabul qilingan barcha qarorlar ham toʻgʻri boʻlavermaydi, bu muhim jarayonda his-tuygʻularning ham roli ahamiyatli. Xullas, sunʼiy idrok qanchalik rivojlanmasin, korxona va tashkilotlarda inson mutaxassislar ahamiyati hech qachon yoʻqolmaydi, desa ham boʻladi.
Adabiyot
Adabiyot
Adabiyot
Adabiyot
Tarix
Tarix
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
Til
//
Izoh yo‘q