
Turonda shayboniylar hokimiyat tepasiga kelgan davrdan boshlab butun 16-yuzyillik mobaynida faol tashqi siyosat olib borishga harakat qildi. Hukmronliklarining dastlabki davridayoq ular bilan oldinma-keyin, Eronda safaviylar, Hindistonda boburiylar hukmronligining o‘rnatilishi natijasida mintaqada uch siyosiy kuchning manfaatlari to‘qnashdi. Manfaatlar kesishgan asosiy nuqta siyosiy, harbiy va iqtisodiy jihatdan muhim ahamiyatga ega bo‘lgan Xuroson edi. Shayboniylarning Hirot va Balxga egalik qilish yo‘lidagi harakatlari ham bu kurashning markazida turdi. Mazkur masalani hal qilishga qaratilgan harakatlarni amalga oshirishda shayboniylar va safaviylar faollik ko‘rsatdilar. Tarixiy manbalarda shayboniylar yashilbosh, safaviylar esa qizilboshlar deb atalgan. Chunki Shayx Haydar davridan boshlab safaviy shayxlarining muridlari boshlariga 12 qizil yo‘llik matodan salla o‘rab yurishgan. Bundan maqsad Shayx Haydar muridlari orasidagi birlikni yanada kuchaytirish bo‘lgan. Muhammadxon Shayboniy esa qizilboshlilarga qarshi o‘laroq yashil salla o‘ragani uchun unga “yashilbosh” laqabi berilgan.
Ikkisi ham musulmon sulolalar bo‘lsa-da, shayboniylar islom dinining sunniylik, safaviylar shialik oqimiga e’tiqod qilganlar. Bu esa ular o‘rtasida faqat hudud uchun kurash ketmay, diniy ziddiyatlar ham vujudga kelishiga sabab bo‘ldi. XVI asrda Xuroson nazoratida Muhammadxon Shayboniy va Abdullaxon II davrida shayboniylar ustun turgan bo‘lsa, qolgan paytlarda safaviylar tashabbusni qo‘lga olishga erishgan. Xuroson uchun kurashda safaviylar yo‘liga g‘ov bo‘ladigan bir to‘siq bor edi. U shimoli-g‘arbidagi qo‘shnilari va ashaddiy raqibi usmonliylar saltanati bo‘lgan. Safaviylarning ikki tomondan bosimga uchrashidan shayboniylar ustalik bilan foydalanib kelgan.
Muhammadxon Shayboniy 1507-yili Xurosonning katta qismini egallagach, davlatininng chegaralari Safaviy chegaralariga tutashdi. Bu chegaralar tutashgach, ular o‘rtasida siyosiy aloqalar ham boshlanib, bir-biriga maktublar jo‘natishdi. Birinchi bo‘lib Muhammadxon Shayboniy yo‘lladi. Ammo bu maktub saqlanib qolmagan. Maktub mazmunini esa Shoh Ismoilning javob maktubi orqali bilishimiz mumkin. Nomaning asosiy maqsadi Muhammadxon Shayboniyning Xuroson yurishidagi muvaffaqqiyatlari va Shoh Ismoil saroyidan Badiuzzamon mirzoning panoh topganidan noroziligini bildirish bo‘lgan. Shoh Ismoil Safaviy 1508-yil 30-iyulda maktubga javob yuboradi. Muhammadxon Shayboniy ilk maktubida qo‘lga kiritgan yerlari ajdodlaridan unga o‘tganini, shu sababli maqsadi bu yerlarda farovonlik va adaolatni ta’minlash ekanini aytadi.
Maktubi orqali Muhammadxon Shayboniy ochiqchasiga Xuroson uning mulki ekanini bildirib, Ismoil Safaviyning bu o‘lkaga bo‘lgan da’volaridan voz kechishini talab qiladi. Bundan tashqari Muhammadxon Shayboniy o‘zi hukmronlik qilayotgan hududlarda masjid, madrasa va boshqa imoratlarni ta’mirlash maqsadida Shoh Ismoildan mohir muhandis, ustalarni yuborishni hamda haj ziyoratini qulaylashtirish uchun Makka va Madinaga boradigan yo‘llarni tartibga keltirishini ham talab qiladi.
Shoh Ismoil javob maktubida avvalo xonning maktubini qabul qilgani va xonning istaklaridan voqif bo‘lganini ma’lum qilish bilan boshlab, ikki o‘lka orasida kelib ketayotgan yo‘lovchilardan Muhammadxon Shayboniyning unga nisbatan dushmanona kayfiyatdaligini eshitganini yozadi. Bu ma’lumotlarga ishonmasa-da, xonga o‘tmishdagi do‘stliklarini eslatib, ayni bir Allohga va Payg‘ambarga e’tiqod qilishlarini qo‘shimcha qiladi.
Shohning bunday bosiqlik bilan javob maktubini yozishdan maqsadi ayni damda Muhammadxon Shayboniy bilan urishga kirishni istamayotganida edi. Chunki bu vaqtda Shoh Ismoil Eron hududini to‘liq birlashtirish va ko‘chmanchi turkman qabilalarini o‘ziga bo‘ysundirish bilan band edi.
Shoh Ismoil maktubi davomida maqsadi islom dini dushmanlariga qarshi kurashish ekanini ta’kidlab, bu kurashda Muhammadxon Shayboniyga ittifoqchi bo‘lishni taklif qiladi. Ammo maktubda Shoh Ismoil shiallikka bo‘lgan e’tiqodini ham qayd etadi. U Ali va uning oilasiga bo‘lgan muhabbatini ushbu jumlalarda keltiradi:
Sharqdan g‘arbga qadar har yerda imomlar bo‘lsa,
Biz uchun Ali va oilasi yetarlidir.
Ismoil Safaviy maktubda yana yo‘lovchi va savdogarlarning o‘zbeklarning dushmanona harakatlar qilayotgani haqidagi fitna va fasodlariga ishonmaganini, tez orada bu fitnachilarni yo‘q qilib, eski do‘stlik rishtalarini davom ettirishini ham ta’kidlaydi.
Muhammadxon Shayboniy Hirotni egallaganidan so‘ng Xuroson hududlarini o‘ziga bo‘ysundirish uchun kurashni davom ettirishi o‘rtadagi munosabatlarni keskinlashtiradi. Ayniqsa, o‘zbeklar tomonidan safaviylar tasarrufi doirasida bo‘lgan Kirmon talon-taroj qilingach Ismoil Safaviy Xuroson uchun qurolli kurashga kirishadi. Xon va shoh o‘rtasidagi bir-birlariga maktub yuborish ham to‘xtamaydi. Ammo maktublar mazmuni o‘zgarib, endi bir-birlariga tahdid va po‘pisa ko‘rinishiga o‘tadi. Muhammadxon Shayboniy Ismoil Safaviyga quyidagi bayt yozilgan maktub yubordi:
Bizning harob Iroq mulkiga tamamiz yo‘qdur,
Makka va Madinani qo‘lga olgandan so‘ng bir ahamiyati yo‘qdur.
Ammo Muhammadxon Shayboniyning bu maktubi ham bizgacha yetib kelmagan.
Maktubga Shoh Ismoil Muhammadxon quyidagicha javob yuboradi:
Har kim Alining quli bo‘lmasa,
Yuz marta Makka va Madinani qo‘lga kiritsa ham ahamiyati yo‘qdur.
Ismoil Safaviy javob nomasini elchisi Qozi Ziyovuddin Nurulloh orqali yuboradi. Unda Mashhaddagi Imom Rizoning maqbarasini ziyorat qilish istagini bildirib, bunga hech kim monelik qilolmasligini urg‘ulaydi.
Ikki o‘rtadagi maktublarning oxirgisini 1510-yilda Muhammadxon Shayboniy yozadi. Unda Ismoil Safaviyni Eron hududlarining dorug‘asi deb ataydi. Qarshi harakatlar qilmasligini va sunniylik mazahabini qabul qilishini ochiqchasiga talab qiladi. Hukmronlik otadan o‘g‘ilga o‘tishini aytib, Turkiston, Xuroson va hatto Eron unga ajdodlaridan meros qolganini va bu hududlarga Muhammadxon Shayboniy haqli ekanini ta’kidlaydi. Agar istaklarini bajo keltirmasa, jiyani Ubaydulla Bahodirxonni amir va askarlar bilan Safaviylar yurtiga jo‘natishini, bu davlatni tugatishini, agar Ubaydulla Bahodirxon muvaffaqqiyatsizlikka uchrasa, o‘g‘li Temur Sultonni, agar u ham buni uddalay olmasa, shaxsan o‘zi Safaviylarni yo‘q etishini ma’lum qiladi. Muhammadxon Shayboniy bu maktubni yetkazish uchun Kamoliddin Muhammadxon Obivardiyni tayinlaydi. Shuningdek, elchisi orqali Safaviy saroyidan panoh topgan temuriy sultonlarni ham unga topshirishini talab qiladi.
1510-yil kuzida Shoh Ismoil katta qo‘shin bilan Xuroson yurishiga otlandi. Qo‘shin dastlab Tabrizdan Rayga keldi va bu yerdan shayboniylar qo‘lostida bo‘lgan Damg‘on viloyatiga yo‘naldi. Damg‘on hokimi bo‘lgan Muhammadxon Shayboniyning kuyovi Ahmad Sulton Ismoil Safaviyning katta qo‘shin bilan kelayotgani xabarini eshitgach, qal’ani tark etib Hirotga, Muhammadxon Shayboniy huzuriga ketadi. Bu vaqtda Muhammadxon Shayboniy isyonchi hazoralarni o‘ziga bo‘ysundirish maqsadida ularga qarshi yurish qilgan va mag‘lubiyatga uchrab Hirotda qo‘nim topgandi. Qish yaqinlashgani sababli ham qo‘lostidagi qo‘shinni tarqatib yuborgan, qo‘lida kam sonli qolgan edi. Kuyovi Ahmad Sulton Shoh Ismoilning katta qo‘shin bilan kelayotgani haqida aytgach, Turkistonga xabarchilar yuborib, Temur Sulton va Ubaydulla Bahodirxonning qo‘shinlari bilan Marvga kelishini buyuradi, o‘zi ham Marvga otlanadi.
Muhammadxon Shayboniy Marvga kelgach, qal’a devorlari va burchlarini ta’mirlashni buyurdi. Shoh Ismoil Muhammadxon Shayboniyning Hirotdan Marvga ketganini eshitgach, Mashhaddan Saraxs orqali Marvga kelib, qamal qilishni boshlaydi. Ikki o‘rtadagi dastlabki jang Marv yaqinidagi Tohirobod qishlog‘ida ro‘y beradi. Shoh Ismoil Dono Muhammad boshchiligidagi qizilbosh qo‘shinining manqiloy (qo‘shinning bosh qismida joylashgan alohida harbiy bo‘linma)ini yuboradi. Muhammadxon Shayboniy ham qizilboshlarning manqiloy qismi yetib kelganini eshitgach, Jonvafobiy do‘rmon va Qanbarbiyni o‘zbek qo‘shinining bir qismiga bosh qilib qizilboshlarga qarshi jo‘natadi. Toxirobodda bo‘lgan jangda qizilbosh sardori Dono Muhammad o‘ldiriladi va dastlabki jangda o‘zbeklarning qo‘li baland keladi.
Shoh Ismoil boshchiligidagi qizilbosh qo‘shini qancha harakat qilmasin, Marv mustahkam qal’a bo‘lgani uchun uni egallay olmaydi. Shoh Ismoil butun Turon hududidan Muhammadxon Shayboniyga yordam uchun Temur sulton, Ubaydullaxon, Ko‘chkinchixon o‘g‘illari Abu Said sulton, Abdulla sulton, Abdulatif sultonlar bilan, Sevinchxo‘ja sulton esa o‘g‘illari Baroqxon laqabli Navro‘z Ahmad sulton va Keldi Muhammad sultonlar bilan katta qo‘shin to‘plab kelayotgani xabarini oladi. Agar bir necha kun ichida Muhammadxon Shayboniyni mag‘lub etmasa, boshqa bunday imkoniyat bo‘lmasligini anglaydi. Shundan so‘ng Ismoil Safaviy qo‘shinini yolg‘ondan chekingandek ko‘rsatib, Marvdan uch farsax uzoqlikdagi Mahmudiy qishlog‘ida pistirmada kutib turadi. Muhammadxon Shayboniy amirlari bilan mashvarat o‘tkazadi. Amirlardan Qambarbek va Jonvafo Mirzo yana 2-3 kun kutish va Ubaydullaxon va Temur Sultonlar kelib qo‘shilgach, shahardan chiqib safaviylarga hujum qilishni maslahat beradi. Lekin bu maslahat Muhammadxon Shayboniyga ma’qul kelmaydi. Mo‘g‘ulxonim nomi bilan mashhur bo‘lgan xotini Oyishabegim Muhammadxon Shayboniyga Ismoil Safaviyni jangga chorlagani, lekin Ismoil Safaviy jang qilish uchun Marvga kelganida qo‘rqoqlardek qal’aga yashiringani, agar jang qilmasa erining qo‘rqoq hukmdor sifatida nom qoldirishini ta’kidlaydi. Muhammadxon Shayboniy qal’ada bir kun kutgach, ertasi kun qizilbosh qo‘shinini taqib qilishni boshlaydi.
Mahmudiy qishlog‘ida o‘zbeklar va qizilboshlar yuzlashdi. Har ikki tarafdan surnay va karnay ovozlari ko‘tarildi, burg‘u va suron sadolari olamni tutdi. Qizilboshlar uzun nayzalari bilan, o‘zbeklar esa qonichar o‘qlarni kamon ipiga qo‘yib jangga kirishdi. Qizilbosh qo‘shini jangga shay holatda Muhammadxon Shayboniy va uning qo‘shinini kutib oldi, ikki o‘rtada qattiq jang boshlanadi. Shoh Ismoil uch-to‘rt ming otliq sara qo‘rchilardan iborat soqchi qo‘shinini tuyalar qatorida yasalgan pistirmada yashirib qo‘yib, o‘zi esa lashkar “qalbi”dan joy oldi. Muhammadxon Shayboniy qo‘shini qanotlarini Jon Vafobiy va Qanbarbiy bilan mustahkamladi. O‘zbeklar qo‘shini kamon, nayza, qilichlar bilan qurollangan bo‘lsa, qizilbosh qo‘shinida zambarak va to‘fang (miltiq)lar ham bo‘lgan. Safaviylar o‘zbeklar qo‘shini saflarini buzishda va qo‘shin ichida qo‘rquv uyg‘otishda zambaraklardan foydalanganlar. Qizilboshlar o‘zbeklarning shijoat bilan jang qilayotganini ko‘rib yana hiyla yo‘liga o‘tdi. Qizilbosh qo‘shini o‘zini yengilgandek ko‘rsatib ortga chekinadi. O‘zbeklar esa g‘alaba qozonganiga ishonib, o‘lja yig‘ishga kirishadi. Shoh Ismoil o‘zbeklarning o‘lja yig‘ishidan foydalanib tuyalar ortiga yashirgan otliq qo‘shinlarini jangga kirgizadi. Natijada bu jangda Muhammadxon Shayboniy mag‘lubiyatga uchrab, uning qo‘shini chekinishni boshlaydi. Qo‘shinning katta qismi jang davomida o‘ldiriladi, bir qismi esa Mahmudiy anhorida cho‘kib o‘ladi. Muhammadxon Shayboniy ham o‘lgan askarlari jasadlari va otlarning ostida qolib halok bo‘ladi.
Shoh Ismoil Hirot shahrini qo‘lga olgach sunniy aholiga tazyiq kuchayib, ularni shialikka o‘tkazish ishlari boshlandi. Kim shialikni qabul qilmasa qattiq jazolandi. Hatto Hirot shayxulislomi Sayiddin Ahmad ibn Qutbiddin Yahyo ibn Muhammadxon ibn Masud at-Taftazoniy shialikni qabul qilmagani uchun Shoh Ismoil tomonidan qatl etildi. Sayiddin Ahmad Taftazoniy tafsir, hadis va fiqh ilmida davrining yagona shayxullohi bo‘lib, Sulton Husayn Mirzo davrida Xurosonda o‘ttiz yilga yaqin shayxulislomlik qilgan.
Abdullajon USMONOV,
O‘zFA Tarix instituti tayanch doktoranti
Adabiyot
Tarix
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
Til
//
Izoh yo‘q