
Xonliklar boshqaruvi davrida Qo‘qon eng oxirgi (1709-yilda) tuzilgan va chorRossiyasi tomonidan eng birinchi bosib olingan xonlik (1876-yilda) bo‘lsa-da, aslida hududi, siyosiy va harbiy salohiyati, qo‘shin tuzilishi bo‘yicha boshqalaridan ajralib turgan.
Qo‘qon xonligi asoschisi Shohruxbiy davridan boshlab xonlik chegaralarini kengaytirishda avvalo qo‘shin kuchiga tayanilgan. Qo‘shin soni 20 ming kishiga yetgan Abdurahimbiy davri (1725-yil)da Xo‘jand qal’asi qo‘lga kiritiladi. Olimxon davrida (1798–1810-yillar) tog‘li tojiklar va boshqa millat vakillaridan iborat muntazam qo‘shin tuzilgan. Olimxon 1805-yilda o‘qotar qurollar bilan qurollangan 10 ming kishilik qo‘shinga ega bo‘lgan. Bu qo‘shin keyinchalik xonlik qo‘shinining zarbdor kuchiga aylandi. “Mukammal tarixi Farg‘ona” asarida “...Olimxon har yerdan bahodir yigitlarni to‘plab, muborizlar bo‘lsa topdirib kelib, ularga inʼom-u ehsonlar qilib o‘z xizmatiga oldi, gala bahodir nomi bilan lashkar jam ayladi. U qo‘shinini ikki toifaga bo‘lgan edi. Biri tojikiya, ikkinchisi sartiya. Jamoati tojikiya va shug‘noniy va badaxshoniy va ko‘histoniylar qattiq jonbozlik ko‘rsatar edilar. Chunki xon bularga ko‘p inʼom-u ehson qilar edi...” ma’lumoti keltiriladi va bu xonlikning muntazam armiyaga egaligidan dalolat beradi.
Madalixon hukmronligi davrida ham harbiy sohada qator ishlar amalga oshirilgan. Buxoro-Qo‘qon urushi xonlik qo‘shiniga o‘z ta’sirini ko‘rsatgan bo‘lsa-da, Sheralixon davrida harbiy qudratni qaytadan tiklashga erishildi. U yordamchi harbiy bo‘linmalar sonini ko‘paytirdi. Undan keyingi Xudoyorxon davrida Istambuldan miltiq sotib olish va to‘plar sonini ko‘paytirish ishlari amalga oshirildi. Natijada qo‘shindagi askarlar soni ko‘paydi – Xudoyorxon boshqa millat vakillarini ham jalb qilgan. Shu yillarda to‘pchilar bo‘linmasi ilk marotaba rasman tashkil topgan. Bu qo‘shin asosan chegara punktlaridagi qal’alarda saqlangan.
Xonlik qo‘shini tarkibida piyoda askarlar bo‘linmasi mavjud bo‘lsa-da, asosiy qismini otliq askarlar tashkil etgan. Harbiy safarbarlik vaqtida harbiy xizmatga yaroqli barcha erkaklar jalb qilingan. Har bir hududdan qanchadan askar safarbar qilinishi Xonlik boshqaruv hukumati tomonidan belgilab qo‘yilgan. Qo‘shin tarkibiga doimiy xizmatga olish tartibi shu qoida asosida amalga oshirilsa-da, ayrim vaziyatlarda merosiy tarzda, otadan o‘g‘ilga o‘tganligini ko‘rish mumkin. Ya’ni, sarboz jang vaqtida halok bo‘lsa, qurol-yarog‘i va o‘rni uning o‘g‘liga, agar o‘g‘li bo‘lmasa, yaqin qarindoshlariga berilgan. Qo‘qon xonligida eng yuqori harbiy mansab mingboshi lavozimi Olimxon davrida joriy qilingan bo‘lib, xondan keyingi asosiy shaxs hisoblangan. Oliy bosh qo‘mondon vazifasini bajargan mingboshi harbiy yurishlarda “amirilashkar” unvonini ham olgan. Viloyatlardagi harbiy kuchlarga esa qushbegi bosh bo‘lgan (tarixiy manbalarda ularning soni 4 ta bo‘lgan deyiladi).
Qo‘qon xonligidagi harbiy mansablar 3 toifaga bo‘lingan:
Ø Oliy darajadagi mansablarga: mingboshi, amirilashkar, qushbegi, botirboshi, vali (noib), qal’abon, qo‘rboshi, yovar, to‘pchiboshi, to‘qsoba, ponsodboshi;
Ø O‘rta darajali harbiy mansablarga: yuzboshi, ellikboshi, dahboshi, qorovulbegi;
Ø Quyi darajadagi harbiy mansablarga: askar, sarboz, navkar, mergan, mahram, botur, jazoilchi, to‘pchi, qo‘rchi va qorovullar kirgan.
Qo‘shin safida nog‘orachi, surnaychi, tug‘chi (bayroqdor) kabilar ham xizmat qilgan. Ellikboshidan mingboshigacha bo‘lgan harbiy lavozimdagi amaldorlar xizmatlariga mulozim olgan. Ponsadboshidan yuqori mansabdagi harbiylarga yana mirzolar va munshiylar ham xizmat qilgan. Muhim harbiy mansablardan yana biri “yovar” bo‘lib, u xon va uning oilasi xavfsizligini ta’minlovchi soqchilar va xon gvardiyasi boshlig‘i hisoblangan. Chet ellik elchilar xavfsizligini ta’minlash ham ularning vazifasiga kirgan. Shu sababli “yovar” mansabiga eng ishonchli odamlar tayinlangan. Ularning aksariyati bolaligidan tarbiya qilingan. Xudoyorxon davrida mazkur gvardiya harbiylarining soni 400 tani tashkil etgani haqida ma’lumotlar bor.
Xonlikdagi harbiy lavozimlar va ularning vazifalari:
Ø Amirlashkar – amir ul-umarodan keyingi mansab. Qo‘qon xonligida mingboshi harbiy unvonining vazifalari, darajasi amirlashkarlikka teng bo‘lgan;
Ø Mingboshi – ma’mur sifatida ming nafar otliq askar beradigan mulkning hokimi. Mingboshi harbiy yurishlar vaqtida qo‘shinni boshqarib, lashkarboshi unvonini olgan;
Ø Botirboshi – botir bahodirlar boshlig‘i. Besh yuz kishidan ko‘p lashkarga boshchilik qilgan. Viloyatlarda botirboshi harbiy va qo‘shin ishlariga mas’ul edi;
Ø Qushbegi – harbiy qo‘shinning boshlig‘i. Bu mansab yurish va jang vaqtlarida berilib, uning egasi mingboshi unvonini olishga da’vogarlik qilgan hamda alohida viloyatga ham hokim bo‘lishi mumkin edi;
Ø Voli (voliy) – tobe etilgan viloyat va tumanlarda xonning o‘rinbosari. Viloyatlarda lashkar unga itoat etgan hamda u viloyatning harbiy-ma’muriy ishlariga boshchilik qilgan;
Ø Qal’abon (kutvol) – Qo‘qon xonligining chegeralarida joylashgan qal’a va istehkomlarining hokimi bo‘lib, shu hududlarning harbiy-ma’muriy, xiroj va boj olish ishlariga javobgar bo‘lgan. Qal’abon vazifasiga dodxohdan qushbegigacha bo‘lgan shaxslar tayinlangan;
Ø Qo‘rboshi – qo‘rxona, ya’ni aslahaxona boshlig‘i, xon va mingboshiga itoat etgan. Qo‘rboshi qo‘rxona, miltiqxona, to‘pxonalarga boshchilik qilib, xomashyo topib kelishdan tortib to tayyor mahsulot ishlab chiqarish va ularni xon qaroriga binoan tarqatib berish jarayonigacha javobgar bo‘lgan;
Ø To‘pchiboshi – to‘pchilar, zambarakchilar guruhi boshlig‘i;
Ø To‘qsabo – o‘zlarining tug‘iga ega bo‘lgan harbiy guruhning boshlig‘i;
Ø Ponsadboshi – besh yuz nafar askardan iborat guruh rahbari;
Ø Yuzboshi – yuz kishilik harbiy dasta boshlig‘i;
Ø Panjohboshi – ellikboshi, ellik nafarli harbiy guruh boshlig‘i;
Ø Dahboshi – o‘n kishilik harbiy guruh boshlig‘i;
Ø Qorovulbegi – soqchilar va qorovullar boshlig‘i;
Qo‘shindagi muhim bo‘linmalardan yana biri merganlar bo‘linmasi bo‘lib, ular tanlov asosida saralab olingan. Harbiylarni tayyorlash uchun maxsus o‘quv yurtlari bo‘lmaganligi sababli ayrim hollarda harbiy mansablar merosiy bo‘lgan. Biroq, o‘g‘il harbiy xizmatni albatta quyi mansabdan boshlagan.
Xonlikdagi lashkarlar ta’minoti davlat tomonidan ta’minlangan. Tarixiy asarlarda yozilishicha xon xizmatiga kirayotgan har bir kishi ot, ot abzali bilan ta’minlangan. Safarga chiqish oldidan yuzboshi 2 tilla, ellikboshi 1,5 tilla, askarlar 1 tilladan pul olgan. Harbiy xizmatdagilarga yil davomida davlat pul yoki natura tarzida mahsulot berib turgan. Jumladan, yuzboshi 175 so‘m, ellikboshi 98 so‘m, o‘nboshi 68 so‘m, oddiy askarlar 43 so‘m kumush tanga olgan. 1851-yilda Qo‘qon yuzboshilari 80 pud bug‘doy, 240 pud jo‘xori, kiyim-kechaklar, 2 ta qo‘y, choy va 1 tilla-yu 4 tanga maosh olgani manbaalarda keltirilgan.
Zavqibek MAHMUDOV,
Abdulla Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti v.b. dotsenti
Jarayon
Adabiyot
Adabiyot
Til
Tarix
Jarayon
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Din
Tarix
Til
//
Izoh yo‘q