
Bugungi kunda minglab yoshlar AQSHdagi oliy taʼlim muassasalarida tahsil olishni orzu qiladi. Amerika Qoʻshma Shtatlari – xalqaro talabalarni eng koʻp qabul qiladigan davlatlardan biri. Amerika universitetlarida kontrakt toʻlovi oʻrtacha yillik 20000-60000 AQSH dollarini tashkil qiladi. Statistika agentligi maʼlumotiga koʻra, Oʻzbekistonda kishi boshiga oʻrtacha yillik daromadi 2024-yilning yanvar-dekabr oyi hisobida 16 mlndan 60 mln soʻmgacha ekani aniqlangan.
Bu kabi nisbatan past koʻrsatkichdagi yillik daromad bilan Amerika universitetlarida tahsil olish imkonsizdek tuyiladi. Ammo xalqimiz “qalovini topsang, qor ham yonadi”, deya aytgan. Bepul yoki biroz kamroq toʻlovbilan oʻzbekistonliklar ham Amerikada oʻqishi mumkinmi? Ha, albatta, mumkin.
El-yurt umidi, Fulbright, universitetlarning ichki yuz foizlik grant dasturlari orqali toʻliq bepul taʼlim olish mumkin boʻlsa, universitetdan qanchadir miqdorda grant yutish va oʻqituvchi yordamchisi yoki tadqiqotchi yordamchisi sifatida yarim kunlik ishlarda ishlash orqali kontrakt toʻlovidan ozod boʻlish ham mumkin.
2024-yilgi Open Doors maʼlumotlariga koʻra, AQSh universitetlarida 1 mln ortiq xorijlik talaba tahsil olmoqda, bu esa 2023 yilga nisbatan 7 foizga yuqori degani. Ularning katta qismi Xitoy, Hindiston, Janubiy Koreya, Kanada va Nigeriyadan kelgan talabalar, biroq markaziy osiyolik, xususan oʻzbekistonlik talabalar soni ham ortib bormoqda. Talabalar eng koʻp tanlaydigan universitetlar qatoriga Harvard, MIT, Stanford, Yale, Princeton, UC Berkeley kabi nufuzli oliygohlar kiradi. Masalan, Harvardda 22 mingdan ortiq talaba boʻlib, ularning 25 foizdan ortigʻi xalqaro talabalar hisoblanadi. MITda esa xalqaro talabalar ulushi 33 foizga yetadi, bu AQSh universitetlarining global ochiqligi va xalqaro taʼlimga tayyorligini koʻrsatadi.
Qanday sabab va omillar talabalarning Amerika universitetlarini tanlashiga sabab boʻlmoqda?
Asosiy sabablar: taʼlim sifatining yuqoriligi, innovatsion infratuzilma, xalqaro tan olinadigan diplom, turli grant va stipendiya dasturlari hamda kasbiy va shaxsiy rivojlanish uchun yaratilgan keng imkoniyatlarning mavjudligi.
Amerika universitetlari oʻzining moslashuvchan taʼlim tizimi bilan ajralib turadi. Talabalar oʻquv dasturlarini erkin tanlashi, bir necha fanlar boʻyicha yoʻnalishlarni birlashtirib oʻrganishi mumkin. Bundan tashqari, universitetlarda talabalar uchun innovatsion laboratoriyalar, startap inkubatorlar va tadqiqot markazlari faoliyat yuritadi. Bu esa talabalarga nafaqat nazariy bilim, balki amaliy tajriba olish imkoniyatini ham yaratadi. Bundan tashqari, universitetga oʻqishga topshirishdan oldin, toʻliq oʻquv dasturi bilan tanishib chiqish imkoniyati mavjud.
Masalan, abituriyent, IT menejmenti yoʻnalishi bakalavr bosqichiga oʻqishga topshirmoqda. Universitet rasmiy saytidan qidiruv orqali yoki ushbu yoʻnalish masʼul koordinatori email’iga soʻrov yuborish orqali oʻzi tanlagan yoʻnalishning toʻliq 4-yillik dasturi bilan tanishib chiqishi mumkin. Bunda, talaba bu sohaning mutaxassisi boʻlishi uchun shart boʻlgan majburiy fanlar, ularning necha kredit ekanligi va ixtiyoriy fanlar haqida toʻliq maʼlumotga ega boʻladi. Eng muhimi esa talaba oldindan 4-yil davomida qachon va qaysi fanlarni oʻqishi kerakligini biladi. Ayniqsa, bir semestr davomida 2 yoki 3 ta fanni oʻzlashtirish imkoniyati va imtihonga tayyorgarlik koʻrish uchun esa alohida vaqt beriladi. Aynan shu fanni birinchi yoki ikkinchi semestrda oʻqish shart degan umumiy belgilangan qoida yoʻq. Talaba oʻzi istagan semestrda fanlarni tanlab oʻqishi, muhimi belgilangan taʼlim kreditini yigʻishi lozim.
Amerikada qanday bepul taʼlim olish mumkin?
Albatta, milliy va xalqaro grant dasturlari hamda stipendiyalar orqali Amerikaning eng nufuzli universitetlarida bepul taʼlim olish mumkin. Bunday grant dasturlari nafaqat toʻliq kontrakt toʻlovlarini, balki yashash, oʻqish, transport, viza, borish-qaytish aviabiletlari kabi xarajatlarni ham qamrab oladi. “El-yurt umidi” jamgʻarmasi, “Fulbright” grant dasturi, Ugrad (1-semestr almashinuv dasturi), universitetlardan yutib olish mumkin boʻlgan grantlar, Merit-based (yutuqlarga asoslangan), Need-based (moliyaviy yordamga asoslangan) grantlar va boshqalarni misol tariqasida keltirish mumkin. Bu kabi grant dasturlar va stipendiyalarni yutib olish uchun avvalo har birini yaxshilab tadqiq qilib, oʻrganib chiqish lozim.
El-yurt umidi qanday imkoniyatlarni beradi? Stipendiyaning talablari qanday?
“El-yurt umidi” bu Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi jamgʻarma boʻlib, mamlakatda yuqori malakali, zamonaviy bilim va tajribaga ega kadrlar zaxirasini yaratish maqsadida tashkil etilgan. U 1997-yilda Oʻzbekiston Respublikasining birinchi prezidentining farmoni bilan asos solingan va 2018-yilda qayta tashkil qilinib, kengaytirilgan shaklda faoliyat yurita boshlagan.
“El-yurt umidi” jamgʻarmasi tomonidan taqdim etiladigan xorijda taʼlim olish imkoniyatidan foydalanish uchun bir qator belgilangan talablar mavjud. Avvalo, nomzod, albatta, Oʻzbekiston fuqarosi boʻlishi lozim. Yosh chegarasi esa taʼlim bosqichiga qarab farqlanadi: bakalavriat bosqichi uchun 25 yoshgacha, magistratura uchun 20 yoshdan 45 yoshgacha, doktorantura uchun esa 22 yoshdan 45 yoshgacha boʻlishi belgilangan. Bundan tashqari, ariza topshiruvchi kamida bir yillik mehnat tajribasiga ega boʻlishi va uchinchi shaxs tomonidan toʻliq moliyaviy majburiyatni zimmasiga olish haqidagi rasmiy kafolat xatini topshirishi kerak.
Dasturda ishtirok etish uchun eng muhim talab – bu xalqaro reytinglarda top-300 talikka kiruvchi xorijiy taʼlim muassasasidan oʻqishga qabul qilinganlik toʻgʻrisidagi taklifnoma (Letter of Acceptance yoki unconditional Letter)ga ega boʻlishdir. Bu reytinglar quyidagi toʻrt nufuzli agentliklar tomonidan aniqlangan boʻlishi kerak: The Times Higher Education (THE), QS World University Rankings, Academic Ranking of World Universities (ARWU) yoki The U.S. News and World Report.
Stipendiya tanlovi uch bosqichda oʻtkaziladi. Dastlabki bosqichda arizalar rasmiy mezonlarga muvofiqligi boʻyicha saralanadi. Keyingi bosqichda esa nomzodlar test sinovlari orqali bilim va dunyoqarashini sinovdan oʻtkazadi. Soʻnggi bosqichda muvaffaqiyatli oʻtgan ishtirokchilar bilan suhbat tashkil qilinadi.
Tanlovdan muvaffaqiyatli oʻtgan stipendiatlarga jamgʻarma tomonidan xorijiy davlatlarda tahsil olish uchun zarur barcha asosiy xarajatlar qoplab beriladi. Bunga oʻqish (kontrakt) toʻlovi, har yili bir marotaba ikki tomonga aviachipta xarajatlari, yashash, ovqatlanish va ichki transport xarajatlari, viza va tibbiy sugʻurta, shuningdek, zaruriy darsliklar va ilmiy maqolalar uchun ajratiladigan mablagʻlar kiradi. Bundan tashqari, stipendiatning taʼlim olish jarayonida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan boshqa muhim ehtiyojlari ham moliyalashtiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Istiqbolli kadrlarni tayyorlash boʻyicha “El-yurt umidi” jamgʻarmasi 2025-yilgi birinchi ochiq stipendiya tanlovini eʼlon qildi. Ushbu tanlov doirasida jami 450 ta oʻrin ajratilgan boʻlib, ular bakalavriat, magistratura va doktorantura bosqichlarini qamrab oladi. Jumladan, bakalavriat bosqichi uchun 130 ta, magistratura bosqichi uchun 220 ta va doktorantura uchun 100 ta oʻrin taqdim etiladi.
Stipendiya ajratish jarayonida STEM yoʻnalishlari – yaʼni ilm-fan, texnologiya, muhandislik va matematika sohalari, shuningdek, iqtisodiyotning drayver tarmoqlari sifatida eʼtirof etilgan energetika, transport, urbanizatsiya, arxitektura va qurilish, qishloq va suv xoʻjaligi, geodeziya hamda yer munosabatlari kabi yoʻnalishlarga alohida ustuvorlik berilgan. Bundan tashqari, davlat boshqaruvi, tibbiyot, taʼlim kabi dolzarb ijtimoiy yoʻnalishlar ham tanlovda ustuvor yoʻnalishlar sifatida belgilanmoqda. Bu stipendiya orqali mamlakat uchun strategik ahamiyatga ega sohalarda malakali kadrlar tayyorlash koʻzda tutilgan.
“Fulbright” dasturi haqida eshitganmisiz?
“Fulbright” bu Amerika Qoʻshma Shtatlari hukumati tomonidan moliyalashtiriladigan, eng yirik va nufuzli grant dasturlaridan biri boʻlib, Amerika universitetlarida magistraturada tahsil olishni xohlovchilar uchun taklif etiladi. Dastur 1946-yilda senator J. Uilyam Fulbright tashabbusi bilan yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, bugungi kunga kelib, dunyoning 160 dan ortiq mamlakatida amalga oshirilmoqda.
Fulbright dasturi Oʻzbekiston fuqarolari uchun ham ochiq boʻlib, har yili magistratura bosqichi, ilmiy tadqiqotlar yoki ingliz tili oʻqituvchilari uchun moʻljallangan turli yoʻnalishlarda tanlovlar eʼlon qilinadi. Dasturga qabul qilingan talabalar AQShning eng yaxshi universitetlarida kontraktsiz, yaʼni toʻliq grant asosida oʻqish imkoniyatiga ega boʻladi.
Grant quyidagilarni toʻliq qamrab oladi: oʻqish xarajatlari, aviachipta, yashash va tibbiy sugʻurta uchun toʻlovlar, oʻquv materiallari xarajatlari va oylik stipendiya. Bundan tashqari, Fulbright talabalarni AQShda boʻlish davomida madaniy, ilmiy va ijtimoiy tadbirlarga faol jalb qiladi.
Ushbu dastur tibbiyot yoʻnalishlari tashqari barcha fan sohalarini qamrab oladi, shu jumladan kimyo, biologiya, jamoat salomatligi va shifoxonalarni boshqarish kabi sohalarda ham magistratura darajasida oʻqish imkonini beradi.
Nomzod Oʻzbekiston fuqarosi boʻlishi, ariza topshirish va saralash jarayonida Oʻzbekistonda yashashi lozim. Undan bakalavr diplomiga ega boʻlishi, shuningdek, kamida ikki yillik ish tajribasiga ega boʻlishi talab qilinadi. Ingliz tilini chuqur bilmogʻi lozim boʻlsa-da, ariza topshirishda TOEFL, GRE yoki GMAT sertifikatlari mavjud boʻlishi talab qilinmaydi; biroq keyingi bosqichlarda sertifikat topshirish zarur boʻladi. Magistratura bosqichini tamomlagan nomzodlar ham mazkur dasturga qayta ariza topshira oladi. Arizalar onlayn tarzda har yilning 25-may sanasigacha toʻldirilishi lozim.
UGRAD qanday dastur va talabalarga qanday imkoniyatlar yaratadi?
Global UGRAD (Global Undergraduate Exchange Program) dasturi – bu Amerika Qoʻshma Shtatlari Davlat departamenti Taʼlim va madaniyat masalalari byurosi tomonidan tashkil etilgan bakalavriat bosqichida tahsil olayotgan Oʻzbekiston talabalari uchun AQShda bir semestr davomida ilmiy va madaniy almashinuv imkonini beruvchi grant dasturidir. Dastur barcha fan yoʻnalishlarini, jumladan, kimyo, biologiya, jamoat salomatligi va shifoxonalarni boshqarish kabi sohalarni ham oʻz ichiga oladi.
Grant dasturi nomzodning AQShga borish-qaytish aviachiptasi, oʻqish toʻlovi, yotoqxona, oziq-ovqat, tibbiy sugʻurta, kitoblar va boshqa zarur xarajatlarini qoplaydi.
Dastur ishtirokchisi boʻlish uchun nomzod kamida 18 yoshda boʻlishi, Oʻzbekiston fuqarosi va Oʻzbekistonda doimiy yashovchi talabalar safida qatnashayotgan boʻlishi lozim. Hujjat topshiruvchidan universitetda uzluksiz bakalavriat taʼlimi olishi, dastur yakunida esa Oʻzbekistonga qaytib kamida bir semestr davomida oʻqishini davom ettirishi talab etiladi. Nomzod yetakchilik qobiliyatini koʻrsatganligi, akademik yoki ijtimoiy faoliyati bilan tanilganligi va ingliz tilini erkin muloqot darajasida bilishi kerak. Hujjat tanlanishda nomzodning TOEFL iBT imtihonini topshirish zarurati bor, biroq IELTS natijasidan koʻra ingliz tilini amaliy darajada bilishi muhimligi taʼkidlanadi.
Arizalar har yilning 15-dekabrga qadar qabul qilinadi, bu muddatda roʻyxatdan oʻtib, onlayn shaklda motivatsion insholar, akademik tavsiyanomalar, baholar va pasport nusxalarini taqdim etish talab qilinadi. Tanlov ikki bosqichdan iborat boʻlib, avval hujjatlar saralanadi, keyin suhbat va TOEFL imtihoni bilan davom etadi.
Jamiyatda va xalqaro mutaxassislar orasida bu dastur shaffofligi va obyektivligi bilan eʼtirof etilgan. Ingliz tilini IELTS 6 darajasida tushunadigan va GPA kamida 4 ball boʻlgan nomzodlar ham muvaffaqiyatga erishishi mumkin. Global UGRAD baholar va til bilishni emas, balki shaxsning yetakchilik salohiyati va jamiyatga foyda keltira olish qobiliyatini birinchi oʻringa qoʻyadi. Bu dastur orqali bir semestr davomida toʻliq bepul Amerika universitetlaridan birida tahsil olishi imkoniyatiga ega boʻladi.
Merit-based va need-based grantlar bir-biridan qanday farq qiladi?
Merit-based va need-based grantlar – talabalarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlashning ikki asosiy shakli boʻlib, ularning har biri turlicha mezonlar asosida ajratiladi.
Merit-based grantlar, yaʼni yutuqqa asoslangan stipendiyalar, asosan talabani oʻquvdagi muvaffaqiyatlari, intellektual salohiyati, ijtimoiy faolligi, yetakchilik koʻnikmalari yoki boshqa alohida yutuqlari asosida moliyalashtiradi. Bunday grantlar oliy oʻquv yurtlari, davlat yoki nodavlat tashkilotlar tomonidan eʼlon qilinadi va ular talabadan yuqori oʻrtacha baho (GPA), xalqaro yoki milliy olimpiadalarda ishtirok, til bilish darajasi (masalan, IELTS yoki TOEFL), shuningdek tavsiyanomalar va motivatsion xat orqali oʻzini yaxshi namoyon etishni kutadi. Merit-based stipendiyalar talabani ragʻbatlantirishga qaratilgan boʻlib, koʻp hollarda moliyaviy ehtiyojga emas, balki aʼlo darajadagi koʻrsatkichlarga asoslanadi.
Need-based grantlar esa moliyaviy ehtiyojga asoslangan boʻlib, bu turdagi grantlar talabaning oilaviy daromadi yetarli emasligini inobatga olib ajratiladi. Ular talabaga taʼlim olish imkoniyatini kengaytirish, tenglik yaratish va ijtimoiy jihatdan koʻproq yordamga muhtoj boʻlgan qatlam vakillarini oʻqishga jalb qilish maqsadida beriladi. Bunday grantlarni olish uchun odatda moliyaviy holatni isbotlovchi hujjatlar, daromad toʻgʻrisidagi maʼlumotlar yoki soliq deklaratsiyalari talab qilinadi. Bunda talabaning oʻqishdagi koʻrsatkichlari ham ahamiyatga ega boʻlishi mumkin, ammo asosiy eʼtibor ularning iqtisodiy imkoniyatlariga qaratiladi. Oʻzbekistonlik talabalr oʻzi va oilasining moliyaviy holati haqida va yillik daromad toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni taqdim etish va ushbu grantga topshirish orqali bu grantni olish imkoniyati yuqori (kam daromad hisobiga).
Koʻplab rivojlangan davlatlar, xususan AQSh, Kanada, Yevropa mamlakatlari oliygohlari ushbu ikkala turdagi grantlarni taklif etadi. Baʼzi universitetlar esa ikkala mezonni birlashtirib, yuksak akademik koʻrsatkichga ega va shu bilan birga moliyaviy yordamga muhtoj boʻlgan talabalarni ham qoʻllab-quvvatlaydi. Shu bois, har bir grant dasturining talablarini diqqat bilan oʻrganish va shunga mos ravishda hujjatlar tayyorlash muhim sanaladi.
Amerikada taʼlim olish koʻpchilik yoshlar uchun orzu boʻlsa-da, uning yuqori kontrakt toʻlovi sababli koʻpchilikka imkonsizdek tuyiladi. Biroq yuqorida qayd etib oʻtilgan turli xalqaro stipendiyalar, grant dasturlari va universitetlar tomonidan taqdim etiladigan moliyaviy yordamlar orqali bu maqsadga erishish mumkin.
Mashhura Rahmonova
Tarix
Tarix
Tarix
Tarix
Jarayon
Adabiyot
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
Til
//
Izoh yo‘q