“Borib uning etagini o‘ping, u aysh-ishrat qilmaydi” – Shohrux Mirzoga hukmdorlar munosabati qanday bo‘lgan?


Saqlash
12:02 / 17.06.2025 12 0

Eshitgil, ey ulusning podshohi,

 Yetimlarning bu kun pushti panohi.

 Sayyid Ahmad

 

Temuriy hukmdorlar adabiyot, fan va san’at homiysi bo‘lish bilan birga o‘zlari ham badiiy ijod bilan shug‘ullanganlari tarixdan ma’lum.

 

Mir Alisher Navoiy “Majolis un-nafois” tazkirasida Sohibqiron Amir Temur Ko‘ragonning o‘g‘li Shohrux Mirzo ham she’r yozganini eslatib, uning bittagina forsiy baytini keltirgan.

 

Kunlardan bir kun me’mor Qavomuddin Shohruxga zij, ya’ni osmon jismlari tasvir etilgan xarita chizmasini taqdim etganida hukmdor shu zahoti unga javoban o‘sha yerda tug‘ilgan ushbu baytni aytib beradi:

 

Tu kori zaminro neku soxty,

Ki to osmon niz pardoxty.

 

Tarjimasi:

Sen yer ishin yaxshi butkara olib,

Qoqding qanot ko‘k yuziga ko‘z solib.

 

Izlanishlar Shohrux qalamiga mansub boshqa baytlar ham borligini ko‘rsatdi.

 

Zaki Validiy To‘g‘onning “Buyuk turk hukmdori Shohrux” nomli maqolasida yozishicha, Turkiyadagi Ali Amiriy kutubxonasida Nizomiy “Xamsa”si nusxasi saqlanadi. O‘sha kitob hoshiyasida Shohruxning bir bayti yozilgan:

 

To chand g‘am-u g‘ussa xo‘ry, ey dili miskin,

Xush bosh, ki “Allohu roufun b-ibodih”.

 

Tarjimasi:

Muncha chekding g‘am-alam, yetar, ey yo‘qsil ko‘ngil,

Yaxshi bilki, Allohu roufun bi-ibodih”.

 

(“Allohu roufun b-ibodih” oyati Olloh o‘z bandalariga shafqatlidir, degan ma’noni bildiradi.)

 

Shohrux bayt ortidan shularni qo‘shimcha qilgan:

 

“Li musavvada Shohrux binni Amir Temur Ko‘ragon” (Bu qoralama (bayt) Amir Temur Ko‘ragonning o‘g‘li Shohruxga tegishlidir).

 

Biz Shohrux Mirzoning bu keltirilgan ikki baytini Navoiy tili bilan aytganda “har bayti shoh bayti, har bayti shohnoma” o‘rnida ko‘ramiz.

 

Tehron shahridagi milliy kutubxonada “Yodgor” to‘plami bo‘lib, unda Hofiz Abruning bir tarix kitobi saqlanmoqda. Bu kitob dastavval Shohrux Mirzoning shaxsiy kutubxonasidan o‘rin olgan ekan. Mazkur kitobning o‘n ikki imom haqidagi bobida bir imomning kelib chiqishi xususida bahs ketadi. Tortishuv abbosiy xalifasi Al-Qodir Billoh huzurida olimlar o‘rtasida yuz beradi. Shu bahs voqeasi tasvirlangan sahifa hoshiyasiga Shohruh o‘z qo‘li bilan fors va arab tillarida shunday izoh yozib qo‘ygan: “Va go‘yandki, dar on mahzar hatta ... Muhammad al-G‘azzoliy rahimahulloh buda ast. Katabahu al-abd al-faqirul haqir Shohrux Bahodur”. Ya’ni, “O‘sha majlisda Muhammad al-G‘azzoliy rahimahullohning ham qatnashganini aytibdurlar. Buni (Ollohning) faqir va haqir quli Shohrux Bahodur yozdi”.

 

Bu muhim qayd Shohrux Mirzo tarix fanining ikir-chikirlarigacha bilganini ko‘rsatadi.

 

Shohrux Mirzo 1377-yilning 21-avgustida Samarqandda tug‘ilgan bo‘lib, 1447-yil 14-mart kuni vafot etgan. U otasidan qolgan davlatni 43 yil, Xuroson viloyatini esa 50 yil boshqargan.

 

Hukmdor adabiyot shaydosi bo‘lib, hisob va tarix fanlari rivojiga homiylik qilgan. U Toji Salmoniy va Hofizi Abrularga tarix asarlari yozdirgan. Sakkokiy, Lutfiy, Durbek va Sayyid Ahmad kabi turkigo‘y shoirlarni qo‘llab-quvvatlagan.

 

Turk sultonining maktubi

 

Sohibqiron qurgan davlat sha’n-u shavkatiga hurmat uning o‘g‘li Shohrux Bahodur davrida baland bo‘lib qoldi. Shohrux Mirzo davlati g‘arbda Rum diyoridan sharqda Xitoy hududigacha, shimolda Sirdaryo quyilishidan janubda Sind daryosigacha cho‘zilgan edi. Uning davrida Usmonli turk davlatida Amir Temur nomiga pul zarb etilib, Shohrux nomi juma namozi xutbasida o‘qilgan.

 

Usmonli hukmdori Sulton Murod II (14021451-yillarda yashagan, taxallusi Murodiy) Shohrux Mirzoga so‘zsiz itoat qilardi. U Hirotga elchilik karvoniga qo‘shib 40 nafar qurollangan xos g‘ulom va sovg‘a-salomlar yuborgan. Elchilik hay’ati poytaxt Hirotda katta tantana bilan kutib olingan. Turk sultonining yuborgan maktubi saroyda o‘qib berilgach, undagi maqtovlar Shohruxni behad sevintirgan. Maktubda shunday baytlar bor edi:

 

Dam andar dami noyi zarrin damid,

Ki ayyomi davlat ba shody rasid.

 

Chu Shahrux ba taxti saodat nishast,

Ba iqbol-u davlat saodat nishast.

 

Tarjimasi:

Oltin nay ufurgach yoqimli kuyin,

Yangradi davlat kuni kulgu-o‘yin.

 

Olib davlat, yetib kutgan baxtiga,

O‘ltirdi Shohrux saodat taxtiga.

 

Keyingi satrlarda Shohruxning ilm, muloyim xulq, adolat va muruvvat bilan o‘z otini dunyo uzra tug‘ qilib ko‘targani, uning davlati chodiri falak gumbaziga yetgani, har ikki olamni tutib turuvchi Tangri hukmi bilan u zamon xalifasi va bayroqdori bo‘lgani, Hind-u Chin, Xitoy-u Xo‘tan o‘lkalaridan chinni laganlarda sovg‘alar kelgani, “Biz sizning qullaringizmiz, Siz podshohlar podshohi shahanshohimiz, bizni (o‘zingizga) boj-u xiroj va rusum to‘lashdan mahrum etmang”, deb arz qilishgani, Misr sultoni hamma vaqt duo-salom bilan elchi yuborib hurmat izhor etgani haqida so‘z boradi. Rum diyoridan Sulton Murodxon “amali Banot” (Qizlar kashtasi) yulduzlar burji kabi bezatilgan Venetsiyaning noyob matolari (keyinchalik Navoiy bu matolarni “Bursa jinsi Farang debosi” deb ta’riflagan, mazkur matolar Zayniddin Vosifiy kitobida ham maqtalgan), shohona gilamlar, kelishgan jussali, po‘lat zirhli, oq tanli qirqta xos g‘ulom, o‘rgatilgan yopiqli otlar sovg‘a qilib yubordi. Sulton Murodxon yana o‘z davrining kuchli adibiga shu so‘zlarni yozdirdi: “Shohrux toj-u taxt egasi, podshohlar podshohidir. Unga bu tuhfalar g‘oziylar shohi (ya’ni Sulton Murodxon)dan mol-u xiroj yo‘lida yuborildi. Bularning bari halol-pok, hech shubhaga bormasin. Ollohga duo qilarkan, bizni eslab, bizga Olloh roziligi yo‘ldosh bo‘lishini tilasin”. Sulton Murodxon xossa askaridan bo‘lmish qirq qurollangan g‘ulomni Shohruxga vakil qilib Xuroson diyoriga yuborar ekan, “borib uning etagini o‘ping, yengini ko‘zga surting, chunki u dunyo amirlarining amiri, u aysh-ishrat qilmaydi, bir valiy kabi yashaydi, uning davri tinchlik, omonlik zamonidir” deb tayinlaydi.

 

Alqissa, turk sultonining elchilik hay’ati Hirot saroyida shohona izzat-hurmat bilan kutib olinib mehmon qilindi. Qo‘noqlar temuriy hukmdorning etagini o‘pib, yengini ko‘zlariga surtdilar. O‘tirishlari uchun ularga qirqta oltin kursi qo‘yildi. Tantanalardan keyin dam olishlari uchun ruxsat beriladi. Vaqt-soati yetgach hay’at munosib tuhfalar bilar yurtiga kuzatiladi.

 

Oradan qirq yil o‘tgach, shoir Maoliy o‘sha unutilmas voqealarni o‘zining “Xunkornoma” dostonida tarannum etdi. Shohrux va o‘g‘illari Ulug‘bek, Boysunqur Mirzolar haqida masnaviylar bitdi. Dostonda avvalgi Usmonli sultonlari ham, Yildirim Boyazid ham ko‘kka ko‘tarib maqtaladi. Rum diyoriga yurish qilgan Sohibqiron Amir Temurga Xizr alayhissalom yo‘ldosh bo‘lgani kuylanadi.

 

Tolib NOSIR

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//