Islomdan oldingi Fargʻonada “xoqon” yo “tegin” boʻlganmi?


Saqlash
16:49 / 16.06.2025 68 0

Ilk oʻrta asrlarda, aniqrogʻi, islomdan oldingi VII–VIII yuzyilliklarda Sugʻd, Choch, Isfijob (Sayram), Oʻtror, Xorazm, Buxoro, Marv, Toʻxoriston, Ustrushona kabi voha hukmdorliklaridan biri boʻlgan Fargʻona “ixshid” unvonli boshqaruvchilar tomonidan boshqarilgani haqida koʻplab yozma manbalarda keltirilgan. “Bey-shi”, “Suy-shu” va “Tan-shu” kabi ilk oʻrta asrlarga tegishli xitoy yilnomalarida Fargʻona boshqaruvchilarining unvoni shu yoki shunga yaqin koʻrinishda uchramasa-da, Mugʻ togʻi sugʻdiy hujjatlarida βrγʼnk MLKʼ “Fargʻona podshosi” iborasining oʻrin olishi [SDGM 1962: 80-85], arab va fors tilli yozma manbalarda Fargʻona “ixshid”larining tilga olinishi islomdan oldingi vodiy boshqaruvchilarining etnik kelib chiqishi va ular tomonidan qoʻllanilgan unvonlar qanday boʻlgani masalasini koʻndalang qoʻyadi.

 

Turli tillardagi yozma manba bilgilari va tanga-pullar VII–VIII yuzyilliklarda Fargʻona vodiysida bir necha boshqaruvchi sulolalar boʻlgani, ular orasida kelib chiqishi Turk xoqonligiga borib taqaluvchi sulola yetakchilik qilganini koʻrsatadi. Biroq Fargʻonadagi turkiy sulola – Ashina xonadonining tarmoqlaridan birining aynan qaysi unvon bilan vodiy boshqaruvida boʻlgani masalasi haligacha oʻz yechimini topmagan. Bilamizki, Yevroosiyo kengliklarida ilk yirik saltanatga asos solgan Turk xoqonligi (552–744) boshqaruvchilarining oliy unvoni “xoqon” boʻlib, undan keyingi mavqeda turuvchi Ashina sulolasi vakillari “yabgʻu”, “tegin” kabi boshqaruvchi xonadonga xos unvonlar bilan hokimiyat yuritishgan. Ushbu unvonlardan quyi maqomdagi “eltabar”, “tudun”, “tutuq”, “choʻr”, “tarxon”, “erkin” va yana oʻnlab atamalar xoqonlik unvonlar tizimiga xos boʻlib, ularni Ashina xonadonidan boʻlmagan amaldorlar ham qoʻllashga haqli boʻlgan. Shu oʻrinda, Fargʻonadagi xoqonliklar qaysi unvonlar asosida boshqaruvni yoʻlga qoʻyganini aniqlash uchun esa yozma manbalar va tanga-pul bilgilarini sinchiklab tekshirish kerak boʻladi.

 

Oʻrta Osiyoda Eftaliylar davlati boshqaruviga chek qoʻygan Ashina turklari Choch, Ustrushona, Sugʻd va boshqalari bilan bir qatorda Fargʻona vodiysida ham hukmronligini oʻrnatadi. Bu haqda yozma manbalarda yetarlicha maʼlumot uchramasligidan kelib chiqib, koʻpchilik izlanuvchilar boshlangʻichda xoqonlik boshqa yerlarda boʻlgani kabi Fargʻona boshqaruvida ham katta oʻzgarishlar qilmasdan, bu yerdagi yerli sulola vakillarini oʻz oʻrnida qoldirib, ulardan oʻlpon olib turish bilan cheklangan, deb qaraydilar. Shu bilan birga, “Tan-shu” yilnomasida “Gʻarbiy turk hukmdori Kan Moxedu (*Toʻn Bahodur) (Fargʻona) hukmdori Kibini oʻldirdi, Ashina Shuni uning shahrini qoʻlga kiritdi ... uning (Ashina Shunining) oʻgʻli Ebochji (marhum) Kibining ukasiga hukmdor unvonini berib, uni Xumin (Quva?) shahrida boshqaruvga tayinladi, Ebochji Gyesay (Koson) shahrida boshqaruvga oʻtirdi. Syan-sin davrining boshlanishida (656-y.) Ebochji (Xitoyga) elchi yuborib, sovgʻalar tortiq qildi” degan bilgilar uchrashi turk xoqonlari VII yuzyillikning ilk yarmida vodiy boshqaruvida oʻzgarishlar qilganini koʻrsatadi [Bichurin II, 1950: 319; Malyavkin 1989: 188-189; Xoʻjayev 2013: 27-28]. Fargʻona boshqaruvidagi oʻzgarishlar “Tan-shu”da “Chjen-guan davrida (627-649-yillarda) boʻldi” deb koʻrsatilishidan kelib chiqilsa, vodiy boshqaruvidagi almashinuv 630-640-yillar oraligʻida yuz bergan, deb qarashga undaydi.

 

Fargʻona boshqaruvini qoʻlga kiritgan Ashina sulolasi boshqaruvchilari xonadonning boshqa vakillari kabi xoqonlikka xos yuqori unvonlardan birini – “xoqon”, “yabgʻu”, “tegin”ni qoʻllashga haqli edilar. Biroq oʻsha kezlarda markazi Oʻrxun vodiysi boʻlgan Sharqiy Turk xoqonligi (552-630; 682-744) boshqaruvchilari “xoqon”, markazi Suyab (Yettisuv) boʻlgan Gʻarbiy Turk xoqonligi (568-740) boshqaruvchilari esa “yabgʻu” yoki “yabgʻu-xoqon” unvonlarini egallaganiga tayaniladigan boʻlsa, Fargʻonadagi Ashina sulolasi vakillari ham boshqa bir qator joylardagi kabi “tegin” (shahzoda) unvoni bilan hukm yuritishga haqli boʻlgani koʻzga tashlanadi. Biroq deyarli 150-yillik islomdan oldingi Fargʻona oʻtmishini yoritgan izlanishlarda vodiy boshqaruvchilarining ushbu unvonga ega boʻlgani yoki aksinchaligi toʻgʻrisida toʻxtalib oʻtilmagan.

 

Fargʻonadagi Ashina sulolasiga tegishli deb qaraladigan sugʻdiy va eski turk-run yozuvli Fargʻona tangalarida “xoqon”, “jabgʻu turk-xoqon” unvonlaridan boshqa unvon uchramasligi ham vodiy boshqaruvida “tegin” unvoni qoʻllanilib-qoʻllanilmagani masalasini birmuncha chigallashtiradi. Sababi, Fargʻona boshqaruvchilaridan farqli oʻlaroq, VII – VIII yuzyilliklarda Chochni boshqargan va kelib chiqishi Ashina xonadonidan boʻlgan Choch teginlari (605-750) tangalarida “tegin” unvoni boʻlib, Fargʻonada ham shunday holat uchrashini taqozo qiladi. Koʻplab tadqiqotchilar vodiyda bosh unvon “ixshid” boʻlgani, undan quyiroq maqomda esa “tutuq”, “choʻr”, “tarxon” kabi turkiy unvonlar turgani toʻgʻrisida toʻxtalib oʻtishgan [Smirnova 1970: 255-256; Anarboyev 2013: 489; Boboyorov 2020: 20-44; Boboyorov 2023]. Yaqin yillarda olib borgan izlanishlarimiz soʻngida esa vodiyda “tegin” unvonli hukmdorlar ham boshqaruvda boʻlgani anglashildi.

 

 

 

 

 

Abu Abdulloh Muhammad al-Xorazmiy “Mafotih al-ulum” (X yuzyillik) asarida: “Ixshid – Fargʻona hukmdorlarining ismi (unvoni), iyerarxiya boʻyicha undan keyingilari (Cvor-tegin) deb ataladi” deb yozgan boʻlib [Bosworth, Clauson 1965: 6-7; Baxodirov 2009: 114], ushbu bilgidan islomdan oldingi chogʻlarda Fargʻona boshqaruvchilari unvonlaridan biri “tegin” boʻlgani koʻrinib turibdi. Qizigʻi shundaki, Fargʻona vodiysi boshqaruvida bir qator unvonlar qoʻllanilgan boʻlsa-da, al-Xorazmiy tomonidan aynan “tegin”ning “ixshid”dan keyin turuvchi atama ekaniga urgʻu berilishi oʻsha kezlardagi vodiy boshqaruv bilan bogʻliq bir qator masalalarga oydinlik kiritadi. Birinchidan, vodiy boshqaruvida “tegin” unvonining uchrashi VII yuzyillik ilk yarmidan VIII yuzyillikning soʻnggi yillarigacha vodiyda yetakchi sulola oʻlaroq bilingan turkiy sulolaning kelib chiqishi Turk xoqonligiga, aniqrogʻi, Ashina xonadoni borib taqalishini koʻrsatadi. Ikkinchidan esa xoqonlik boshqaruvi chogʻida Choch teginlari (605-750), Toʻxoriston yabgʻulari (620-750) va Kobul Tegin-shohlari (640/660-844) kabi Oʻrta Osiyo va unga qoʻshni oʻlkalarning bir qator yerli sulolalari boshqaruvida “tegin” unvoni yetakchilardan biri boʻlganidan darak beradi.

 

Al-Xorazmiy keltirib oʻtgan bilgini boshqa yozma manbalar ham qoʻllab-quvvatlaydi:

 

1) arab tarixchisi Ibn Hallikon oʻz asari “Vafoyot al-ayon va anbau al-zamon”da IX yuzyillikning ilk yarmida Samarra (Bagʻdod)da harbiy boshliqlardan boʻlib, kelib chiqishi Fargʻona Ixshidiylaridan boʻlgan Chuff (Chuq) ibn Yel-Tegin toʻgʻrisida aṣluhu min awlād mulūk Farġāna “asli Fargʻona hukmdorlari avlodidan” deb yozadi [Stark 2008: 223];

 

2) rivojlangan oʻrta asrlar Bagʻdod muhitiga tegishli arab tilli yozma manbalarda Abbosiylarning Samarradagi turkiy qoʻmondonlaridan biri, kelib chiqishi Fargʻona boshqaruvchilariga taqaluvchi Xoqon (oʻl. 848-y.) va uning oʻgʻillaridan biri – Tegin ibn Xoqon toʻgʻrisida bilgilar yetib kelgan [Kamoliddin 2012: 21];

 

3) Abbosiylar qoʻshinida xizmat qilgan turkiy qoʻmondonlardan Bilga-choʻr al-Fargʻoniy (860- yy.) va Mangu-choʻr al-Fargʻoniy tilga olinadi [Sümer 1999: 483 492].

 

Bu kabi bilgilar islomdan oldingi Fargʻona boshqaruvida “tegin” va “choʻr” unvoni qoʻllanilgani va ularning izlari anchagacha saqlanib qolganini koʻrsatadi. Shu oʻrinda aytib oʻtish kerak, al-Xorazmiy keltirib oʻtgan “Svor-tegin” atamasidagi “Svor” soʻzini eski turkcha “choʻr” unvoni bilan tenglashtirsa boʻladi. Arab mualliflari ushbu unvonni “sul”, “jur”, “svor”, “jvor” koʻrinishlarida turlicha yozganliklari kuzatiladi [qar. Smirnova 1970: 256; Livshis 1979: 66-67 va b.]. Ayniqsa, IX yuzyillikka tegishli Abu Jaʼfar at-Tabariyning “Tarix ar-rusul va-l-muluk” (Paygʻambarlar va hukmdorlar tarixi) asarida tilga olingan “Fargʻona boshqaruvchisi Jur” toʻgʻrisidagi bilgilar bu qarashni yanada kuchaytiradi [Tabari 1987: 185]. Bu qarashimiz ishonchliligini ushbu unvonning arabcha (sin) bilan emas, (sod) harfida berilishi ham koʻrsatib turibdi. Arablar boshqa tillardagi “ch” undoshini koʻpincha “sod” bilan yozishgan.

 

Xitoy yilnomalari, sugʻdiy hujjatlar va arab-fors tilidagi tarixiy asarlarda keltirilgan bilgilardan koʻrinadiki, islomdan oldin Fargʻona vodiysida bir necha boshqaruvchi sulola boʻlib, ular orasida Fargʻona Ixshidiylari va Ashina sulolasi yetakchilik qilishgan. Biroq shu oʻrinda bir chigal masalaga duch kelinadi. Yuqorida keltirilgan shajarada “Yel-tegin Ixshid”ning tilga olinishi “Fargʻonaning Ashina sulolasi boshqaruvchilari “ixshid” unvonini qoʻllagan boʻlib, Fargʻona Ixshidiylari Ashina sulolasining oʻzi emasmikan?” degan savolni koʻndalang qoʻyadi. Ixshid unvoni Fargʻonaning eski yerli sulolasiga tegishli ekani, Ashina xonadonining Fargʻona tarmogʻi boshqaruvchilari va ularning yaqinlari esa “tegin”, “choʻr”, “tarxon” unvonlariga ega boʻlganliklari bu masalani yanada chigallashtiradi.

 

Ayniqsa, al-Xorazmiy keltirgan yuqoridagi bilgidan “Ixshid” va “Svor-Tegin” Fargʻonaning bir-biridan farqli boshqaruvchilarining unvoni emasmi, degan savolni yanada kuchaytiradi. Bu masala kelajakdagi chuqur izlanishlar orqali oʻz yechimini topishiga urgʻu bergan holda, Fargʻona Ashina sulolasi boshqaruvchilarining “ixshid” unvonini qabul qilgan boʻlishlari ehtimoldan yiroq emasligini aytib oʻtamiz. Chamasi, ona yurtlaridan uzoqda boʻlgan Misr Ixshidiylari “ixshid” yoki “Ixshidiy”lar atamasidan foydalanarkan, unga Fargʻona hukdorlarining anʼanaviy sulolaviy oti sifatida qarab, ramziy oʻlaroq qoʻllashda davom etishgan. Boshqa tomondan esa Ashina urugʻi vakillari vodiy boshqaruvini qoʻlga kiritgach, ushbu unvonni oʻzlashtirgan boʻlib, shu yoʻsinda “ixshid” va “tegin” unvonlarini birgalikda ishlata boshlagan boʻlishlari ham mumkin.

 

Yuqorida aytib oʻtilganidek, Ibn Hallikon oʻzining “Vafoyot al-ayon va anbau al-zamon” asarida Misrdagi Ixshidiylar sulolasi toʻliq shajarasini Tugʻuch ibn Chuq ibn Yel-tegin Axshid ibn Furon [Boʻron) ibn Furi [Boʻri) ibn Xogʻon (Xoqon) al-Fargʻoniy koʻrinishida keltirib oʻtgan boʻlib [Togan 1981: 178-179; Kamoliddin 2012: 21], ayrim izlanuvchilar ushbu shajaradagi “el-tegin” “xoqon” atamalarni eski turkcha unvonlar, Tugʻuch, Chuq, Boʻron, Boʻri atamalarini esa turkiy ismlar deb qaraydilar. Oʻz davrida arab tarixchilari ham Misr Ixshidiylarini turkiy deb koʻrsatgan va xalifa Muʼtasim davri (833-842 yy.)da Bagʻdodga kelgan ixshid Tugʻuchning ota-bobolari Fargʻona boshqaruvchilaridan boʻlganiga tayanib, ushbu sulolani turkiylar bilan, aniqrogʻi, Turk xoqonligi bilan bogʻlagan edilar [Bosworth 2006: 11; Bosworth, Clauson 1965: 6-7; Togan 1981: 431].

 

Arab bosqinidan oldin Oʻrta Osiyoda “tegin” faqatgina Ashina xonadonidan boʻlgan shahzodalar unvoni boʻlganidek, “xoqon” unvonini ham ushbu xonadon vakillari qoʻllashga haqli edilar. Demak, Fargʻona arablar tomonidan bosib olinib, yerli sulola vakillari Misrga olib ketilgan boʻlsa-da, oʻzlarining kelib chiqishini unutmasdan farzandlariga turkiy unvonlarni ism oʻlaroq berishda davom etgan koʻrinadi.

 

Yuqorida eslab oʻtilgan fargʻonalik Xoqon ismli kishining oʻgʻil va nabiralari: al-Fath ibn Xoqon (vaf. 862) Yahyo ibn Xoqon (vaf. 854) Bagʻlavur ibn Xoqon, Tegin ibn Xoqon Abu-l-ʼAbbos Ahmad ibn Xoqon al-Fargʻoniy kabi boʻlib, Abbosiylar saroyida yuksak lavozimlarni egallagan edi [Kamoliddin 2012: 23]. Ushbu suloladan boʻlmish Ahmad ibn Ali ibn Beygʻchur (Bek-choʻr) taniqli mutaziliy olimlaridan biri oʻlaroq tanilgan edi [Togan 1981: 178-179, 431]. Demak, Ibn Hallikon keltirgan shajaraning boshida Xogʻon (Xoqon) ismi turishi ham Fargʻona Ashina sulolasining kelib chiqishi turk xoqonlariga borib taqalishini koʻrsatadi.

 

Fargʻona vodiysida “tegin” unvoni qoʻllanilgani va bu unvon egalari Fargʻona Ashina sulolasidan boʻlganini yana boshqa dalillar ham qoʻllab-quvvatlaydi. IX yuzyillikda boshqaruvda boʻlgan Oʻzgand hukmdori “Choʻr-tegin” unvoniga ega boʻlgan [Bartold 1963: 213]. Bu holat islomdan oldingi Fargʻona vodiysini Ashina xonadoni vakillari boshqargani bilan ochiqlanadi.

 

Qisqasi, yozma va numizmatik materiallar VII VIII yuzyilliklarda Fargʻona vodiysida bir necha katta-kichik boshqaruvlar boʻlsa-da, ular orasida bosh sulola – Ashina xonadoni boʻlganini koʻrsatadi. Oʻsha kezlarga tegishli Fargʻona tangalarining koʻpchiligi “xoqon” unvonli tangalar ekani, shuningdek, 650-yillar oʻrtasida Fargʻona hukmdori oʻlaroq Xitoyga elchi yuborgan hukmdor – Ebochjining ushbu xonadondan boʻlishi bu qarashni kuchaytiradi [Bichurin 1950, II: 319].

 

Shu oʻrinda Fargʻona tangalarining deyarli barcha turlarida xoqonlikka xos tamgʻa oʻrin olganini ham koʻzda tutish kerak boʻladi: / ,, [Babayar 2008: 139; Babayarov 2019: 126–130]. Deyarli yuz ellik yil oraligʻida Chochda bostirilgan Gʻarbiy Turk xoqonligi tangalaridagi tamgʻa bilan ushbu tamgʻalar oʻrtasida yaqin oʻxshashlik borligi esa “Fargʻonada xoqonlikning Ashina xonadoni vakillari toʻgʻridan-toʻgʻri oʻz boshqaruvini oʻrnatgan boʻlib, bu yerda sulolaning Fargʻona tarmogʻi boshqaruvi yuzaga kelgan va VIII yuzyillikning oʻrtalarigacha yoki IX yuzyillikning boshlarigacha saqlanib qolgan edi” deyishga turtki beradi.

 

Gʻaybulla BOBOYOR,

tarix fanlari doktori, professor

 

Qoʻllanilgan adabiyotlar:

Anarbayev A. Axsikent – stolitsa drevney Ferganы. Tashkent, 2013.

Babayarov G. Drevnetyurkskiye monetы Chachskogo oazisa (VI–VIII vv. n.e.]. Tashkent, 2007.

Babayarov G. Fergana – kak odin iz sentrov chekana monet Zapadno-Tyurkskogo kaganata // IMKU, Vыp. 40. Samarkand, 2019. C. 5-13, 153-157.

Bartold V.V. Turkestan v epoxu mongolskogo nashestviya // Soch. T. 1. M. 1963.

Baxodirov R. Istoriya Vostoka v “Klyuchax nauk” // Sharqshunoslik. Toshkent, 2009. № 14. S. 108–117.

Bichurin N.Ya. (Iakinf]. Sobraniye svedeniy o narodax obitavshix v Sredney Azii v drevniye vremena. V 3-x tomax. M.-L. tom I. 1950; tom II. 1950.

Boboyorov Gʻ. Gʻarbiy Turk xoqonligi Ashina sulolasining Fargʻonadagi tarmogʻi tarixiga doir // Oʻzbekiston tarixi. Toshkent 2019. № 3. B. 3-15.

Boboyorov Gʻ. VII–VIII asrlarda Fargʻonadagi boshqaruvchi sulolalarning etnik kelib chiqishi toʻgʻrisida // Oʻzbekiston arxeologiyasi. 2020. № 3 (22). B. 20-44.

Boboyorov Gʻ. Fargʻona – Gʻarbiy Turk xoqonligi chogʻida. Toshkent: Fan, 2023.

Istoriya at-Tabari. Izbrannыye otrыvki (Perevod s arabskogo V. I. Belyayeva. Dopolneniya k perevodu O. G. Bolshakova i A. B. Xalidova]. Tashkent 1987.

Malyavkin A.G. Tanskiye xroniki o gosudarstvax Sentralnoy Azii. Novosibirsk, 1989.

Kamoliddin Sh.S. Novыye arabskiye dokumentы iz Toxaristana (tretya chetvert VIII v. n.e.]. Tekst. Perevod. Kommentarii. LAP – LAMBERT Academic Publishing, 2012.

Livshis V. A. Praviteli Pancha (Sogdiysы i tyurki) // Narodы Azii i Afriki. Moskva, 1979. №4. S. 56­69.

Smirnova O.I. Ocherki iz istorii Sogda. M. 1970.

CDGM 1962 – Sogdiyskiye dokumentы s gorы Mug. Chteniye, Perevod. Kommentariy. Vыp. II. Yuridicheskiye dokumentы i pisma / Chteniye, perevod i kommentarii V. A. Livshitsa. M.: Izd­vo vostochnoy lit­rы, 1962.

Xoʻjayev A. Fargʻona tarixiga oid maʼlumotlar: Qadimiy va ilk oʻrta asr xitoy manbalaridan tarjimalar va ularga sharhlar. Fargʻona, 2013.

Babayar G. Fergane bölgesinde bulunan Türk-Runik yazılı Köktürk sikkeleri üzerine // Dünden Bugüne İpek Yolu: Beklentiler ve Gerçekler. İstanbul 2008.

Bosworth C.E. The Turks in the early İslam Lands up to the Mid.-11th Century / The Turks in the early İslam world / edited by C.E. Bosworth. Ashgate Variorum 2006.

Bosworth C.E. Clauson G. Al-Xwārazmī on the Peoples of Central Asia // JRAS 1965. No. 1/2. R. 2-12.

Stark S. Die Alttürkenzeit in Mittel- und Zentralasien. Archäologische und historische Studien. Wiesbaden‚ 2008.

Sümer F. Türk Devletlerı Tarıhınde Şahis Adları. I. İstanbul, 1999.

Togan A. Z. V. Umumi Türk Tarihine Giriş. 3. Baski. Istanbul, 1981.

https://www.zeno.ru/ #353282: Pre-Islamic Asia, Near East & North AfricaCentral AsiaChachKabarna / Jabguket

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//