
Azalda yomon turmush sharoiti ko‘plab jiddiy kasalliklarni keltirib chiqargan va bevaqt o‘limga olib kelgan. Eng qadimgi odamning asosiy kasalliklari – ovqatlanishning buzilishi, teri, yuqumli kasalliklar, ov paytida yoki jangda olingan jarohatlar va oyoq-qo‘l sinishi, ankiloz (bo‘g‘imning bukilmaydigan va yozilmaydigan bo‘lib, qimirlamay qotib qolishi)lar, osteomielit (odam suyagi ko‘mik qismining yallig‘lanishi)lar, nekroz (tirik organizmdagi hujayra, to‘qima butun a’zo yoki uning bir qismi nobud bo‘lishi), periostit (suyak pardasining yallig‘lanishi), bo‘g‘imlar va umirtqaning ekzostozi (qo‘shimcha suyak o‘smalarining paydo bo‘lishi), karies (tish chirishi), chillashir va boshqadir.
Eng qadimgi odamlar tabiatning zararli kuchlari ta’sirida bo‘lganlar: jazirama va sovuq, ochlik va yomon oziqlanish, har xil jarohatlar va hayvonlar yetkazgan jarohatlar, ilonlar va hashаrоtlar chaqishi. Kiyim-kechak yetishmasligi, turar joyning qoniqarsiz sharoiti, hayvonlar hamla qilishi, tabiiy ofatlar, yuqumli va parazitar (bir organizmning boshqa organizmdan yashash va oziqlanish uchun foydalanishi) kasalliklar epidemiyasi (ma’lum kasalliklarning ma’lum hududda odatdagidan ko‘p tarqalishi) – asosiy xavf-xatar omillari bo‘lgan.
Eng qadimgi odam ko‘pincha tish og‘rig‘i va tishlarga ta’sir qiladigan barcha kasalliklardan aziyat chekgan. Dag‘al va yomon pishirilgan ovqatni iste’mol qilish natijasida tishlar ta’sirlangan, tashqi shakli o‘zgargan. Hatto yosh bolalarda ham tishlarining chaynash yuzasi erta yemirilganini ko‘rish mumkin. Teshiktosh g‘oridan topilgan qiz bolaning tish qoldiqlari bunga misol bo‘la oladi. Unda tish kasalliklari bilan bog‘liq holda, jag‘ ham zararlangan: suyaklarning tashqi pardasi yallig‘langan va tish hujayralari buzilgan. Tishlar holati eng qadimgi odamlar qanchalik tez-tez tish og‘rig‘idan aziyat chekgani haqida tasavvur beradi. Shuni ham ta’kidlash kerakki, ko‘pincha homiladorlik ayollarning tishlari holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan.
Ular qo‘llashi mumkin bo‘lgan yagona davolash usuli tishlarni sug‘urib olish edi. Og‘riqni yo‘qotish uchun kuchli ta’sirga ega o‘simliklar, jumladan, giyohvand moddalar ham ishlatilgan.
Ilk patalogik (nazariy va klinik tibbiyot sohasi, kasallikning paydo bo‘lish sababi, kechishi va oqibati) kasalliklarning moddiy isboti pitekantroplarda qayd etilgan. Pitikontrop qoldiqlari Sharqiy Afrika, janubiy-sharqiy Osiyo va G‘arbiy Yevropadan topilgan. 1892-yili golland arxeologi va anatomi E. Dyubua Yava orolida pitikontroplarning son suyagi bilan patalogik suyak qisimlarini topgan. 700 ming yil oldin inson artrit (bo‘g‘imlarning yallig‘lanishi), o‘sma, sinishlar, tuberkulyoz (sil, o‘pkada o‘ziga xos o‘zgarishlar ro‘y berishi bilan bog‘liq surunkali kasallik), umurtqa pog‘onasi kasalliklari, tish chirishi va boshqa kasalliklar bilan og‘rigan bo‘lib, buni paliopatologiya fani isbotlaydi.
Paliopatalogiya ba’zi bir kasalliklar, ya’ni yumshoq to‘qimaning zararlanishi, masalan, amerikaning tub aholisidagi aterosklerotik (yog‘simon moddalar almashinuvi buzilib, ularning arteriya ichki qavatida to‘planishi va biriktiruvchi to‘qimaning o‘sib ketishi natijasida kelib chiqadigan surunkali kasallik) pilakchalar borligini tasdiqlaydi. Avvallari tibbiyot tarixchilari o‘rtasida tabobatning asosini bizdan yuz ming yil muqaddam yashagan neandertallar yaratganlar, degan fikr hukm surardi. Lekin ashyoviy dalillar shuni ko‘rsatadiki, tibbiyotning asosini neandertallardan ancha oldin yashagan antropoidlar yaratganlar.
Eng qadimgi odamlar zaharli moddalardan ham foydalangan. Oddiy yoy o‘qi bilan yirik hayvonni (masalan, fil, mamont, timsoh va boshqalar) o‘ldirib bo‘lmaydi. Bunday holda o‘q uchiga zaharli o‘simliklardan olingan suyuqlik surtib otganlar. Afrika qit’asida yashovchi hozirgi ba’zi urug‘lar bu maqsad uchun o‘zida kurare (ayrim o‘simliklarda uchraydigan, organizmni falaj qiladigan zahar turi) yoki strofantin (Sharqiy Afrikada ov va urush o‘q zahari sifatida ishlatiladigan zaharli modda) saqlovchi o‘simlikdan olingan suyuqliklardan foydalanadilar. Qadimgi odamlar ham ularni ishlatgan bo‘lishlari mumkin.
Eng qadimgi odamlarda tibbiy tajribalar va dorilar bo‘lganining dastlabki dalillaridan biri Iroqdagi Shanidar g‘oridagi topilmalardir. 1960-yillarda g‘orda to‘qqizta neandertal tansuyaklari topilgan va ularning ko‘pida og‘ir patologiyalar – kasallik va jarohat izlari bor edi. Bunday kasalliklarga chalingan odamlar bir o‘zlari yashay olmaganlari tabiiy. Demak, ushbu holat neandertallar jamoasining o‘zaro yordami natijasidir. Jasadlar novdalar orasiga ko‘milgan va guldastalar, dorivor o‘simliklar bilan bezatilgan. Bu o‘simliklarning barchasi bugungi kunda ham Iroqda o‘sadi. Topilgan tansuyaklardan eng diqqatga sazovori “Shanidar oqsoqoli” bo‘lib, 40-50 yoshgacha bo‘lgan mazkur neandertal odam umrining ko‘p qismini nogiron bo‘lib o‘tkazgan: yoshligida uning o‘ng qo‘li yelkasigacha kesilgan, chap ko‘zi ko‘r bo‘lgan. U uzoq vaqt bo‘g‘imlarning yallig‘lanishidan aziyat chekkan va faqat o‘z urug‘doshlarining g‘amxo‘rligi tufayli bunday uzoq umr ko‘rgan bo‘lishi mumkin. “Keksa odam”ning tishlari doimiy chaynash natijasida ildizigacha yemirilgan – uning urug‘dagi mashg‘uloti terini qayta ishlash bo‘lib, shuning uchun doimiy chaynash bilan shug‘ullangan deb taxmin qilinadi. Xuddi shunga o‘xshash odam qoldiqlari Fransiyaning Lashapel Osen hududidagi Bufya-Bonneval g‘oridan topilgan, uning yoshi ham taxminan 45 larda bo‘lib, bo‘g‘imlarning yallig‘lanishi va son suyagining sinishi oqibatida uzoq vaqt nogiron ahvolda yashagan.
Antropologik o‘rganishlar va tansuyak qoldiqlarini rentgen qilish natijasida, Teshiktoshdan topilgan bolaning kasalligi haqida ma’lum bir xulosalarga kelingan. Jumladan, o‘limidan taxminan bir yil oldin u sinostoz kasalligiga yo‘liqqan. Sinostoz – suyak parchalari sonining keskin ko‘payishi bilan tavsiflanadi, bu ba’zi rentgenologlar tomonidan noto‘g‘ri ravishda bajarilgan patologik hodisa (osteoxondropatiya kabi) deb hisoblangan fiziologik kallusning bosqichidir. Keyingi tekshiruvlar uning tishlariga qaratilgan bo‘lib, undagi doimiy tishlar odatdagidan ertaroq chiqqan. Bu uning ko‘p go‘sht va qattiq ovqatlarni iste’mol qilgani bilan bog‘liq. Qo‘l-oyoq suyak qoldiqlari tekshirilganda, suyak iligi bo‘shlig‘i kengligining pasayishi kuzatilgan. Neandertal bolasidagi tansuyaklar ko‘rinishi zamonaviy bolalarnikiga qaraganda ancha o‘tkirroq bo‘lib, bu uning harakat a’zolarining kuchliligini ko‘rsatadi.
Surxondaryo hududida joylashgan Sopollitepa odamlarining tansuyaklarida quyidagi kasalliklar alomatlari topilgan:
1. Har xil yallig‘lanish kasalliklari, chunonchi, gavda suyaklari, pastki va yuqori jag‘ suyaklari, o‘rta quloq va burunning qo‘shimcha bo‘shlig‘ida yallig‘lanish belgilari aniqlanib, juda ko‘p odamlarning tishlari yemirilib ketgani qayd qilingan.
2. Har xil shikastlanishlar, chunonchi, bosh suyaklarining ezilishi va sinishi, oyoq-ko‘l va umurtqa suyaklarining sinishi.
3. Murakkab kasalliklar. Ba’zan bitta odamning o‘zida bir necha xil kasallik va shikastlanishlarning birgalikda uchrashi qayd etilgan. Masalan, bir tansuyakda pastki jag‘ suyagi ko‘migi yallig‘lanishi bilan birga ensa suyagi singani aniqlangan. Har xil shikastlanishlar ko‘pincha turli yallig‘lanish jarayonlari bilan birga kechgan. Bosh suyaklari va umurtqa pog‘onasida hujayra va to‘qimalarda moddalar almashinuvining buzilishi bilan bog‘liq o‘zgarishlar ham ko‘p uchragan. Olimlarning aniqlashlaricha, o‘sha zamon odamlarida yallig‘lanish jarayonlari ancha uzoq davom etgan.
Tekshirib chiqilgan tansuyaklarda ham rivojlanish nuqsonlari aniqlangan. Masalan, bir tansuyakda dumg‘aza umurtqalari qanotlarining bir-biridan uzoqlashib qolishi (spina bifida) alomati topilgan. Boshqa bir tansuyakda ikki tomonlama sakralizatsiya (bel umurtqasi dumg‘aza umurtqalari bilan qo‘shilib ketishi), shuningdek o‘sma kasalligi alomatlari ham aniqlangan.
Yuqorida keltirilgan misollardan ko‘rinadiki, ajdodlarimiz ham hozirgi zamon odamlari kabi kasalliklar bilan og‘rigan. Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, o‘sha davr odamlari orasida kasallanish va turli shikastlanishlar anchagina keng tarqalgan. Tabiiyki, bu hol yosh o‘limning yuqoriligiga olib kelgan. Sopollitepada yashagan odamlarning jismoniy sust rivojlanganlari va ular o‘rtasida kasallik hamda o‘limning ko‘p bo‘lishiga ayollarning erta turmush qurishi va bola tug‘a boshlaganlari sabab bo‘lgan. Bu hol jismonan zaif bolalar tug‘ilishi va onalar umrining qisqarishiga olib kelgan. Olimlar Sopollitepa odamlari o‘rtasida kasalliklarning keng tarqalgani va o‘limning ko‘p bo‘lishiga ularda tozalik madaniyatining pastligi sabab bo‘lgan, degan fikrni ham ilgari suradi.
Fikrimizcha, Sopollitepa odamlarining jismoniy jihatdan sust rivojlangani va ular o‘rtasida kasallik hamda o‘limning ko‘p bo‘lgani sababini ularning ijtimoiy yashash sharoitlaridan izlash kerak. Ular yashash vositalari bilan yetarli ta’minlanmagan, ovqatlanishning miqdori va sifati yetarlimas, yashash joylari qulay bo‘lmagan. Shuningdek, odamlar tabiat boyliklaridan to‘la foydalanishga o‘rganmagandi. Yashash sharoitining og‘irligi, hayot uchun zarur narsalarni topishning qiyinligi, tez-tez shikastlanib turish – kasallik va o‘limning ko‘p bo‘lishiga sabab bo‘lgan.
Ilmiy tahlillarga ko‘ra, ajdodlarimiz 25 dan ortiq har xil kasalliklar bilan og‘rigan. Suyak va bo‘g‘imlarning degenerativdistrofik (biologik, fiziologik xususiyatlarining kasalliklar va tashqi ta’sir sabab buzilishi) kasalliklari, tashqi shikast va jarohatlar va ularning asoratlari, suyak va bo‘g‘imlar sili, suyak ko‘miklarining yallig‘lanishi, o‘sma kasalliklari, suyaklarning zahm kasalliklari, organizmda D vitaminining buzilishi bilan bog‘liq kasallik, kifoz (umurtqa pog‘onasining qiyshayishi) va skolioz (umurtqa pog‘onasining yon tomonga qiyshayishi), periostit (suyak pardasining yallig‘lanishii), osteoxondroz (umurtqalarni birlashtiruvchi tog‘ay-pay qismining o‘zgarishi), Bexterev kasalligi (umurtqa kanallari va bo‘g‘imlarida harakatning cheklanishi) – tansuyakning moslashuvchan o‘zgarishi, har xil jarohatlar asorati shular jumlasidandir. Suyakda qolgan asoratlar orqali qadimgi odamlarda uchragan ko‘pgina kasalliklarni aniqlash mumkin. Arxeologiyaning tibbiyotga yondosh bo‘limlaridan biri bo‘lgan paleobiologiya o‘tmishdagi odamlar tanining biologik xususiyatlarini o‘rganadi. Masalan, paleobiologiya usuli bilan qadimgi odamlarning qon guruhi, irsiyat va boshqa biologik xususiyatlarini aniqlash mumkin.
Keyingi mis va jez davrlarida qurollar va tibbiy davolash asboblari mis va jezdan tayyorlanadi. Xususan, jarrohlik pichoqlari, qaychilari, naychalar, ignalar, suyak kesadigan va qiradigan iskanalar jezdan yasaladi. Ular yordamida ancha murakkabroq jarrohlik ishlarini bajara boshlaydilar. Masalan, bosh suyagini trepanatsiya (suyak bo‘shlig‘iga teshib ochish) qilish, o‘zi tug‘a olmagan ayolning qornini yorib, bolani chiqarib olish, kuchli jarohatlangan a’zoni (qo‘l yoki oyoq) kesib tashlash shular jumlasidandir.
Suyak bo‘shlig‘ini teshib ochishning ilk ko‘rinishlari neolit davriga borib taqaladi. Shuning uchun jez davriga kelib davolash ishlari, ayniqsa, jarrohlik ko‘proq rivoj topdi. Jarrohlik davolash usullarini ishlab chiqishda qurol ishlatish hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan.
Amaliy tibbiyot vakillari o‘z kuzatishlariga asoslanib, kasallik kishi taniga tashqi zararli omillarning ta’siridan kelib chiqadi, degan xulosaga keladilar. Bunda birinchi o‘ringa turli ovqatlar qo‘yilgan. Xususan, yaroqsiz ovqat iste’mol qilish, och qolish yoki aksinchа, badxo‘rlik qilish va boshqalar. Bunday hollarda oshqozon-ichak yo‘llarida ovqat yaxshi hazm bo‘lmay, ularda kasallik kelib chiqadi degan xulosaga kelingan. So‘ng iqlim, havo issiq-sovug‘i, shamollar va boshqa tabiiy omillarga urg‘u berilgan. Yurtimizda yashagan qadimgi ajdodlarimizning kasallik va uning sabablari haqidagi tushunchalari shunday edi.
Arxeologik qazishmalar vaqtida topilgan eng sodda tanachalardan ham kasallik alomatlari topilgan – xususan, yuqumli kasalliklar.
Tabiblik kasbi boshqa kasblar singari oilaviy хarakterga ega bo‘lgan. Bu kasb oila doirasida bir nasldan ikkinchisiga o‘tib kelgan. Oila boshlig‘i bu sohadagi o‘z bilim va tajribalarini bolalariga o‘rgatgan.
Har bir tabib ko‘proq kasallarni jalb qilish uchun yaxshi ta’sir etadigan dori va davo usullarini qo‘llashga harakat qilgan. Dorilar va davolash usullarini har bir sulola sir saqlagan.
Qadimgi zamon tibbiyoti ayrim kasalliklar bo‘yicha ixtisoslashgan. Masalan, tabiblar o‘rtasida ichki kasalliklarni davolovchilardan tashqari, jarrohlar, chiqqan-singanlarni davolovchilar, qon oluvchilar, ko‘z, teri kasalliklari bo‘yicha tabiblar bo‘lgan. Jarrohlik bilan ko‘proq sartaroshlar shug‘ullanganlar. Ular soch-soqol olishdan tashqari, xatna qilishi, zuluk solish, qon olish, og‘rigan tishni sug‘urish bilan ham shug‘ullanganlar.
Bu paytga kelib kishilarda kasalliklar mohiyati va sabablari haqidagi fikrlar ham o‘zgaradi. Eng qadimgi odamlarda bu haqda turli g‘aroyib tushunchalar bor edi. Keyinchalik dastlabki diniy e’tiqodlar paydo bo‘ldi va barcha hodisalar, jumladan sog‘liq va kasallik ham din va xudolar bilan bog‘lanadi. Kasalliklar Xudo tomonidan gunohkorlarni jazolash uchun yuboriladi deb qaragan odamlar. Lekin kasalliklar haqida tajribaga asoslangan ilmiy fikrlar ham mavjud bo‘lgan: ovqat yetishmasligi, sifatsiz ovqatlanish oqibatida tan zaiflashib, odam kasallikka tez chalinuvchan bo‘lib qolishini bilgan.
Bundan tashqari, iqlim sharoiti va boshqa tabiiy omillarga ham ahamiyat berganlar. Bunda shamolning yo‘nalishi va uning ta’siri alohida ta’kidlangan. Tabiblar qullar va odamlarning og‘ir mehnatdan zo‘riqib yiqilib qolishlari va ularning turli kasalliklarga chalinishlarini ko‘rib, kasallik sabablaridan biri og‘ir mehnat ekaniga amin bo‘lgan. Davlatchilikning ilk davrlarida odamlar tozalik qoidalariga rioya qilishning (tana, uy-joy, ovqat va suvni toza saqlash) ahamiyati katta ekanini ham tushungan.
Keyinchalik amaliy tibbiyotning davolash usullarida dori-darmonlarning soni ancha ko‘payadi. O‘simliklar va hayvonlardan olinadigan dorilar qatoriga mineral moddalar (turli metallarning tuzlari, margimush, simob, selitra (suvda yaxshi eriydigan mineral modda), to‘tiyo, novshadil, kamfora (o‘ziga xos hidli, rangsiz kristall) va boshqalar) ham kiritiladi. Dorilarning soni bir necha yuzdan oshib ketadi. Ko‘proq ichni yurishtiruvchi (surgi) dorilar ishlatila boshlanadi. Tabiblar har qanday kasallikni davolashni birinchi galda bemorga ichni yurishtiruvchi, qayt qildiruvchi dori berishdan boshlagan. Bunday davolash usuli tanada to‘rt xil suyuqlik (qon, shilliq, jigar sariq o‘ti va qora o‘t) miqdor va sifat jihatidan muvozanatda bo‘lsa, kishining salomatligi saqlanadi, degan tushunchaga asoslangan edi. Agar shu suyuqliklardan biri miqdor yoki sifat jihatdan ustun kelib qolsa, muvozanat buzilib, kasallik paydo bo‘ladi. Shunga ko‘ra, dorilar kasallar tandagi suyuqlikni muvozanat holatga keltirish maqsadida berilgan. Agar qon ustunlik qilyapti degan tashxis qo‘yilsa, bemordan qon olingan. Shundan keyingina bemorlarga tegishli dorilar berilgan. Dorilar ko‘proq kasallikning o‘zidan ko‘ra ularning belgilarini yo‘qotishga qaratilgan.
Qadimgi Turon hududida yashagan insonlar turmush tarzining og‘irligi, tabiiy ofatlar, oziqlanishning yetarli emasligi va gigiyena sharoitining sustligi tufayli ko‘plab kasallik va jarohatlarga duchor bo‘lgan. Arxeologik va paleoantropologik tadqiqotlar eng qadimgi davrlardayoq inson organizmida surunkali yallig‘lanishlar, tish kasalliklari, suyak deformatsiyalari, yuqumli va parazitar kasalliklar hamda turli jarohatlar mavjud bo‘lganini ko‘rsatadi. Neandertal jamoalari misolida ko‘rinadiki, qadimgi odamlar bemor va nogironlarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatgan, bu esa ibtidoiy tibbiy yordam va ijtimoiy birdamlikning ilk ko‘rinishlaridan dalolat beradi. Dastlabki tibbiyot amaliyotlarida dorivor o‘simliklar, tish sug‘urish, og‘riqni yengillashtiruvchi moddalar va hatto zaharli o‘simliklardan foydalanganlik holatlari aniqlangan.
Ahrorjon ABDUG‘ANIYEV,
O‘zFA Tarix intiuti kichik ilmiy xodimi
Tarix
Tarix
Jarayon
Adabiyot
Til
Vatandosh
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
Til
//
Izoh yo‘q