
Soʻnggi yillarda texnologik taraqqiyot insoniyat hayotining barcha jabhalarini tubdan oʻzgartirmoqda. Raqamli transformatsiya, sunʼiy intellekt (AI), avtomatlashtirish va katta hajmdagi maʼlumotlar (big data) asosida shakllanayotgan yangi davr nafaqat kundalik faoliyatni, balki mehnat bozorining tuzilmasini ham butunlay yangilab bormoqda. Endilikda ishchi kuchiga boʻlgan talab faqat anʼanaviy bilimlar va kasbiy malakalar bilan emas, balki moslashuvchanlik, raqamli savodxonlik va ijodkorlik kabi yangi koʻnikmalar bilan belgilanyapti.
Sunʼiy intellekt va raqamlashtirish jarayoni jadallashib borgani sari bir qancha kasblar va ish oʻrinlari keskin qisqarmoqda, shu bilan birga yangi ish joylari yaratilyapti va zamonaviy kasblarga boʻlgan talab mehnat bozorida ortmoqda. “World Economic Forum” tomonidan oʻtkazilgan “Kelajak kasblari – 2025” tadqiqoti natijalariga koʻra, 2030-yilgacha 170 million yangi ish oʻrinlari yaratilishi va 92 milliondan ortiq ish oʻrinlari qisqarishi kutilmoqda. Bundan tashqari, tadqiqotga ko‘ra, 1 milliondan ziyod ish o‘rinlari keyingi 5 yilda o‘zgarishsiz qoladi.
Xo‘sh, keyingi besh yil ichida qaysi kasblarda qisqarish va qaysi kasblarda talab ortishi kuzatiladi?
Talab eng tez oʻsadigan kasblar:
Sunʼiy intellekt va mashinaviy oʻqitish mutaxassislari – avtomatlashtirish va sunʼiy intellekt texnologiyalarining rivojlanishi turli sohalarni tubdan oʻzgartirmoqda, bu esa ushbu yoʻnalishda faoliyat yurituvchi mutaxassislarga boʻlgan talabni keskin oshirmoqda. Ular algoritmlarni ishlab chiqish, aqlli tizimlarni loyihalash va avtomatlashtirish jarayonlarini takomillashtirishda muhim rol oʻynaydi. Bu soha yaqin yillarda sezilarli darajada ish oʻrinlari yaratadi.
Katta maʼlumotlar (Big Data) boʻyicha mutaxassislar – dunyo boʻyicha maʼlumotlar hajmi keskin ortib borayotgan bir paytda, katta hajmdagi maʼlumotlarni boshqarish, tahlil qilish va ulardan amaliy xulosalar chiqarish boʻyicha mutaxassislar tobora koʻproq zarur boʻlmoqda. Har qanday sohadagi kompaniyalar qaror qabul qilishni takomillashtirish va samaradorlikni oshirish uchun Big Data mutaxassislariga tayanadi.
Kiberxavfsizlik boʻyicha mutaxassislar – kiberhujumlar soni ortib borayotgani sababli, axborot xavfsizligini taʼminlash dolzarb masalaga aylanmoqda. Maʼlumotlar va tarmoqlarni zararli tahdidlardan himoya qilish har qanday tashkilot uchun muhim vazifa hisoblanadi. Shu sababli, kiberxavfsizlik sohasi oldingi yillarda keskin oʻsishga ega boʻladi.
Moliyaviy texnologiyalar (FinTech) muhandislari – moliya sohasining raqamli transformatsiyasi tufayli FinTech muhandislariga boʻlgan ehtiyoj ortib bormoqda. Ular raqamli toʻlov tizimlari, blokcheyn, kriptovalyutalar va onlayn bank xizmatlari uchun texnologiyalar ishlab chiqadilar. Raqamli moliyaviy xizmatlardan foydalanish kengaygani sari, ushbu soha mutaxassislariga boʻlgan talab ham oshadi.
Sogʻliqni saqlash sohasidagi mutaxassislar – jahon aholisining qarib borayotgani va tibbiyot sohasidagi yutuqlar tufayli shifokorlar, hamshiralar va tibbiy texnik xodimlarga, ayniqsa, geriatrik va onkologik yoʻnalishlarda yuqori ehtiyoj saqlanib qoladi. Bu kasblar kelgusi oʻn yillikda inson salomatligini saqlashda muhim rol oʻynaydi.
UI/UX dizaynerlar – raqamli platformalar hayotimizning ajralmas qismiga aylangani sababli, foydalanuvchi interfeysi va tajribasi (UI/UX) dizaynerlariga talab oshib bormoqda. Ular veb-saytlar, mobil ilovalar va boshqa raqamli mahsulotlar uchun intuitiv, qulay interfeyslar ishlab chiqadi va foydalanuvchilar uchun yoqimli tajriba yaratishga hissa qoʻshadi.
Robototexnika muhandislari – sanoatning ishlab chiqarishdan tortib tibbiyotgacha boʻlgan koʻplab sohalarida avtomatlashtirish va robotlardan foydalanish ortib borar ekan, robototexnika boʻyicha muhandislarga ehtiyoj ham oshadi. Ular turli sohalarda xavfsizlik va samaradorlikni oshiruvchi robotlarni loyihalash, qurish va texnik xizmat koʻrsatish bilan shugʻullanadi.
Eng tez qisqarayotgan kasblar:
Gʻaznachilar (kassirlar) – oʻz-oʻziga xizmat koʻrsatish tizimlari, avtomatlashtirilgan toʻlov yechimlari va elektron tijoratning ommalashuvi anʼanaviy kassir boʻlgan ehtiyojni kamaytirmoqda. Chakana savdodagi avtomatlashtirish ishlari bu kasbni bosqichma-bosqich ahamiyatsiz qilib boradi.
Telemarketologlar – isteʼmolchilarning sovuq qoʻngʻiroqlarga va avtomatlashtirilgan chaqiruvlarga nisbatan salbiy munosabati tufayli telemarketing sohasi inqirozga uchramoqda. Sunʼiy intellekt va avtomatlashtirish texnologiyalarining rivojlanishi inson telemarketologlarni chatbotlar va mijozlar bilan samarali muloqot qiluvchi avtomatik tizimlar bilan almashtirmoqda.
Sayohat agentlari – expedia, Booking.com va Airbnb kabi onlayn bron qilish platformalarining keng qoʻllanilishi anʼanaviy sayohat agentlariga boʻlgan talabni keskin kamaytirdi. Baʼzi maxsus xizmatlar hali mavjud boʻlsa-da, umumiy holatda sayohat boʻyicha maslahat berish va buyurtma qilish xizmatlariga boʻlgan ehtiyoj sezilarli darajada kamaymoqda.
Pochta xodimlari – raqamli kommunikatsiya vositalari va elektron tijorat logistikasi rivojlanishi anʼanaviy pochta xizmatlariga boʻlgan ehtiyojni qisqartirmoqda. Elektron pochta, onlayn xabar almashish va raqamli hisob-kitoblar maktublar hajmini sezilarli darajada kamaytirdi, bu esa pochta sohasida ishlovchi xodimlar sonining qisqarishiga olib kelmoqda.
Ishlab chiqarishdagi oddiy ishchilar – ishlab chiqarishda avtomatlashtirish va robototexnika inson mehnatini tobora koʻproq almashtirmoqda. Koʻplab takrorlanuvchi vazifalar endilikda mashinalar tomonidan bajarilayotgani sababli, ishlab chiqarishning ayrim bosqichlarida inson kuchiga ehtiyoj kamaymoqda.
Bosma jurnalistlar – raqamli axborot vositalarining jadal rivojlanishi bosma jurnalistika sohasining qisqarishiga olib keldi. Isteʼmolchilar hozirda yangilik va maʼlumotlar uchun onlayn platformalar, ijtimoiy tarmoqlar va bloglarga murojaat qilmoqdalar, bu esa anʼanaviy gazeta va jurnallarning hajmini kamaytirib, bosma jurnalistlarga boʻlgan ehtiyojni ham pasaytirmoqda.
Qishloq xoʻjaligi ishchilari – qishloq xoʻjaligida avtomatlashtirish jarayonlari bu sohani keskin oʻzgartirmoqda. Robototexnika, sunʼiy intellekt asosidagi tizimlar va avtonom texnikalar ekin ekish, hosil yigʻish va dala monitoringi kabi vazifalarni tobora koʻproq bajarayotgani tufayli, ushbu sohada qoʻlda bajariladigan ishlarning hajmi qisqarmoqda.
2025 va 2030-yillar oraligʻida mehnat bozori texnologik taraqqiyot tufayli shakllanib, sunʼiy intellekt, katta maʼlumotlar, kiberxavfsizlik, moliyaviy texnologiyalar, sogʻliqni saqlash va ekologik barqarorlik sohalarida oʻsish kuzatiladi. Aksincha, kassirlik, telemarketing va bosma jurnalistikadagi ish oʻrinlari avtomatlashtirish joriy etilishi bilan qisqaradi. Raqobatbardosh boʻlish uchun ishchilar texnologiyani qabul qilishi, yangi sohalarni doimiy ravishda oʻrganishi va qayta koʻnikma hosil qilishi kerak.
“My perfect resume” platformasida mingdan ortiq amerikalik ishchilar oʻrtasida oʻtkazilgan soʻrovnoma natijasiga koʻra, qatnashuvchilarning 80% dan ortigʻi yaqin yillar ichida oʻz ishini yoʻqotishi mumkinligidan xavotirda ekanini bildirgan. Turli sohalar va ish oʻrinlari keskin qisqarayotgan bir paytda qanday qilib oʻz karyerasini muvaffaqiyatli davom ettirishga oid maqola “Forbes” jurnalida chop etildi. Unga koʻra, shaxsiy brendni shakllantirish, strategik networking va daromadni diversifikatsiya qilish tavsiya etiladi.
2025-yilda kasbingizni kelajakka moslash uchun, mehnat bozori qanday oʻzgarayotganini tushunishingiz va oʻzingizni qanday tayyorlashingiz kerakligini bilishingiz muhim. Eng avvalo, ayni paytda va kelajakda talab katta boʻlgan koʻnikmalarni egallash zarur. Coursera va “World Economic Forum” kabi platformalarning hisobotlariga koʻra, sunʼiy intellekt (AI), maʼlumotlar tahlili, foydalanuvchi tajribasini yaratish (UI/UX), tanqidiy fikrlash, raqamli marketing va liderlik koʻnikmalari tobora muhim boʻlib bormoqda.
Bundan tashqari, moliyaviy barqarorlik va kasbiy rivojlanish uchun sizda bir nechta variantlar boʻlishi kerak. Bu, asosan, kelajakdagi iqtisodiy oʻzgarishlar, kompaniyalardagi qisqartirishlar yoki ishdan boʻshatishlar kabi xavflarga qarshi kafolatdir. Bu bir nechta doimiy ishda ishlash degani emas, lekin qoʻshimcha daromad manbalarini shakllantirish, masalan, passiv daromad, oilaviy kichik biznes, freelancing yoki sevimli mashgʻulotingizdan daromad olish boʻlishi mumkin.
Texnologiyalar rivojlanishi, raqamlashtirish, sunʼiy intellekt, maʼlumotlar oqimi va boshqa omillar taʼsirida mehnat bozori oʻzgarib bormoqda. Bu jarayonlarni doimiy kuzatib borish, moslashish va oʻz kuchli tomonlaringizni toʻgʻri yoʻnaltira olish, qoʻshimcha kerakli qobiliyat va koʻnikmalarni rivojlantirish borish orqali mehnat bozorida oʻz oʻrningizni mustahkamlash mumkin.
Mashhura Rahmonova
Adabiyot
Til
Vatandosh
Adabiyot
Tarix
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
Til
//
Izoh yo‘q