Yozuvchi Javlon Jovliyevdan 5 kitob tavsiyasi


Saqlash
14:46 / 28.12.2021 1893 0

 

Ayni qish, inson o‘ziga qaytgisi kelgan, mutolaani sog‘ingan palla. Bayram kunlarini rejalashtirish arafasida esa ro‘yxatga eng yaxshi kitoblardan birini o‘qishni qo‘shishingiz mumkin. “Besh kitob tavsiyasi” – oyina.uz’ning yangi loyihasi, mutolaa uchun sara asarlarni izlayotgan bo‘lsangiz, endi siz bizning ro‘yxatimizdan foydalana olasiz. Quyida 2021-yilning eng mashhur asari “Qo‘rqma” romanining muallifi, yozuvchi Javlon Jovliyevning tavsiyalari, taassurotlari, sevimli kitoblari bilan tanishasiz.

 

Lev Tolstoy “Tirilish”  men bu romanni ikki marta o‘qib chiqdim va yana o‘qishim uchun tor xonamning eng ko‘zga ko‘rinadigan joyiga qo‘yib qo‘yganman, toki ko‘zim tushib tursin – uyg‘oq ursin yurak, vijdon tozalansin, ko‘zim oydinlashsin. Men kitobni maroq bilan o‘qiyman. Mavzu  og‘ir yoki yengil bo‘lishiga qaramay, asarning ohangini  topib, har bir jumlaning tug‘ilish tarixiga qiziqib, yaxshi o‘rinlariga havaslanib, kelishmagan joylariga o‘z talqinimni o‘ylab mutolaa qilaman, kitoblarda yashash menga yoqadi. “Tirilish” – bu san’at, “Tirilish” – bu hayot, “Tirilish” – o‘zlikni qidirishdir.  Tarmoqlarda tez-tez  romandan iqtiboslar qo‘yib boraman, yaxshilikni bo‘lishish kerak-ku, kuni  kecha shu postim ostiga mening sevimli shoiralarimdan biri, olima Nodira Afoqova “Tirilishromanini “Tolstoyning  “Lison ut-tayri” deb  yozib qo‘yibdi. Chindan shunday,  Nexlyudovning  Maslovaga (yarim cho‘ri, yarim asrandi  qiz) qilgan ishi Tolstoyning yoshlikdagi qilmishlariga bog‘liqligi aytiladi, Nexlyudov bu Tolstoyning o‘zi, ha, men bunga shubha qilmayman. Bu kitobni o‘qigan odam tozalanadi, bu suv bilan yuvingandagi ozodalikdan ko‘ra yuksak pokizalikdir.

 

 

Cho‘lponning “Kecha va Kunduz” romani mening bolaligim va bugunim, aniq bilamanki ertam ham. Men Zebini ko‘p tush ko‘rardim. U atlas ko‘ylakda, qo‘lida o‘quv dutori, sochlari o‘rilgan holda (balki momomning o‘tgan asrning 50-yillarida tushgan surati timsolida menga ko‘rinar) uyimiz va maktabimiz atrofida aylanib yurardi. U qari Mingboshiga (eri) dutor chalib bergan on (cholga “qiziqa” boshlaganidan) undan nafratlanganman, chunki Zebini boshqaga munosib ko‘rganman (balki o‘zimgadir bilmayman), axir Cho‘lpon Zebini qanday go‘zal tasvirlaydi (balki Cho‘lponning chin muhabbati Zebidir), san’atga qiziqishi esa minglab chiroyli, ammo qalbsiz qizlardan uni yuksak ko‘tarib qo‘yadi.  Nima bo‘lganda ham Zebi o‘z ixtiyori  bilan qari amaldorning qo‘yniga kirmaydi, deb o‘ylardim. Bu bolalik qanotsiz parvoz qiladigan hislar edi.  Keyin roman Zebi va muhabbat doirasidan ko‘tarildi va yana-da ulug‘landi, men asarni aziz bilib yonimda olib qoldim. Men unda millat nafasini tuydim. Bu nafas shunchalar tiniq ediki, xuddiki Zebining ming hadik ila shafqatsiz va istiqbolsiz olamga boqayotgan lobar ko‘zlarida butun boshli Vatan manzarasini ko‘rsa bo‘lardi. Men Zebining ko‘zlaridagi o‘sha manzarani ko‘rgim kelaveradi. Agar kimdir asarni film qilmoqchi bo‘lsa, jon deb insenirovka qilib bergan bo‘lardim.

 

 

O‘n olti yoshli o‘smir yigit o‘y-xayollari aks etgan Jerom Selinjerning  mashhur “Javdarzordagi xalоskor” romani haqida ko‘p eshitgandim va yaqinda o‘qib tugatdim. Roman shu paytgacha o‘qigan  asarlarimdan farq qiladi. Unda adabiy janr va bizning adabiyotshunoslarimiz yopishib oladigan qoliplar  va soxta ifodalar yo‘q, izlab ham yurmang. Hammasi o‘smir tilidan hikoya qilinadi, uning nigohida dunyoga boqadi va shunday tugaydi. Uning qalbini tomosha qilar ekansiz, u bilan maktabga va turli barlarga borarkansiz, o‘quvchi – o‘zingizni xotirlaysiz, soxtaliklar ila to‘lib bo‘lgan dunyodan jirkanasiz, ammo roman sizni bunga sira majbur etmaydi. Asarda shunday jumlalar bor: “Selmaning menga yoqqan jihati – u otasining qanday buyuk odam ekani haqida axlat gaplarni aytib o‘tirmasdi. Ko‘rinishidan u ham otasining qandayin muttahamligini bilardi”. Roman jamiyatda hukmron bo‘lgan munofiqlik o‘smirlar (kelajak) qalbini qanday vayron qilib, o‘z asoratidan qora dunyo tiklayotganini  ko‘rsatadi. Lekin bizda hamon ko‘r-ko‘rona ish qilish davom etmoqda : “Xolam ancha qo‘li ochiq ayol, Qizil Xoch  va bir nimalarga juda ko‘p xayriya qilib turadi, lekin juda bashang kiyinadi. Agar u qora ust-bosh kiyib, labini bo‘yamaslikka to‘g‘ri kelsa, xolamning birorta xayriya ishiga bosh qo‘shishiga ko‘zim yetmaydi”.

 

 

Mixail Afanasevich Bulgakov “Usta va Margaritta” – bu kitobni qishloqda, kerosin chiroqning xira yorug‘ida o‘qiganman – achchiq, ammo qadrdon manzara. Kitobni o‘qirkansiz atrofda sizni kimlardir qurshab olayotganini his qilasiz, siz yorug‘da, atrofni yorita olmaydi moychiroq, demak zulmat. Chiroq tutaydi, shishalari qorayadi, ammo bag‘ring kengayib boradi, yuraging to‘ladi, qo‘rquv va hayrat qoplaydi. Men Tolstoy, Chexov, Dostoyevskiylardan keyin shunday novatorlik bilan ijod qilgan odamgina g‘olib bo‘lishi mumkin edi, deb bilaman va bu shubhasiz Bulgakov nasridir. U ko‘p muhokama etilgan, maqtalgan, ayovsiz tanqid qilingan, ammo faqat yuksalib bormoqda. U kitobni qishning boshida boshlaydi, ammo umrining oxirigacha ham tugata olmaydi, balki romanni tugatib bo‘lmasdi. Birinchi variantini yozuvchining o‘zi yo‘q qilgan, eslashimcha, “Qora sehrgar” deb nomlagan, keyin yana o‘zgartirgan. Roman 1966-yilga kelibgina chop etiladi (qisqartirilib, “Moskva” jurnalida). Shundan so‘ng 1967-yilda Parijda kitob bo‘lib chiqadi. Ilk qirqilmagan varianti esa Moskvada 1973-yilda chiqqan. Bitta romandan ham shunchalik qo‘rqish mumkinmidi, bitta yozuvchi va butun boshli hukumatni hovliqtirgan roman – “Usta va Margarita”da nima bor o‘zi, nimalar bor?

 

 

Kobo Abening “Qumdagi xotin” romani yapon matonati, g‘arb ta’sirida an’analari parchalanayotgan xalq va oddiy ayol obrazining o‘ziga xos tasviri bilan yodimda qolgan. Qumlar tasviri shu qadar ko‘pki, roman qahramonlari kabi sizning ham tomog‘ingizga-da tiqiladi, atrofdagilar qum sochadi, siz uni yomg‘ir tomchilari kabi simirasiz, u tanangizga singib boradi, qum barhanlaridan omon chiqmoqchi bo‘lasiz, ammo chiqa bilmaysiz, siz shu siyosatning izmidasiz va albatta, cho‘kasiz. Bosh qahramon sahro o‘rtasidagi qishloqda bir kecha tunab qoladi, u tushgan  ulkan qum handaqlaridagi uydan esa chiqish narvon va arqonsiz bo‘lmaydi. Shunda anglashiladiki, u ilk bor asl hayotning tubiga tushdi, tepada odamlar ahvoldan ayro yashayotgandi, bu shubhasiz unga yoqmaydi. Eng dahshatlisi uni o‘z shahrida hech kim qidirmaydi ham. Betakror ramziy allegorik, ekzistensial  roman, yozuvchining shoh asari. Men bu yozuvchining “Yashik odam” romanini ham o‘qiyapman. Yo‘q, men ham hozir shu yashik ichida yashayapman. Kitob o‘qish – shu asar ichra yashashdir.  Gohida ijara pulini to‘lab, gohida ko‘chib o‘tib. Men  tanlagan romanlar men ko‘chib o‘tgan “uy”larimning beshtasi, xolos.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

16:11 / 22.11.2024 0 104
Maktab amma

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 284
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22083
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//