
Ohu bolasining eshaklar ogʻiliga qamalgani
Bir rahmsiz ovchi ohuni ovlab, ogʻilga qamadi. Ogʻil mollar va eshaklar bilan toʻla edi, ohu vahmu qoʻrquvdan har tomonga qochardi. Ovchi har kech oxurga somon solib mollar va eshaklar azbaroyi ochligidan, ularga shakardan ham mazaliroq tuyulgan somonni ishtaha bilan yer edi. Ohu esa goh oʻzini u yondan bu yonga urar, goh somondan koʻtarilgan changlardan yuzini burardi...
Oʻzining ziddi bilan bir joyga tushib qolish azob-uqubati oʻlim bilan tengdir. Shu boisdan ham Sulaymon (a.s.) degandi: “Agar Hudhud oʻzining nogoh gʻoyib boʻlgani uchun uzrli bir sabab keltirolmasa, uni oʻldiraman yoki ogʻirdan-ogʻir, behisob qiynoqlarga mubtalo etaman! Yaʼni uni oʻziga hamjins boʻlmaganlar bilan bir qafasga qamayman!”
Senga hamjins boʻlmaganlar bilan bir qafas ichida qolish azobi qanday azob oʻzi, ey ishonchli doʻst? Ey bashar, bu badan tufayli qiynoqlarga duchordirsan. Chunki ruhing qushi oʻzga jinslar bilan unda tutqundir. Ruh – lochin, borligʻing esa – qargʻalar. Qargʻa va boyqushlarning hamlasidan lochinga koʻp jarohatlar yetgan. U oʻzga jinsdagilar orasida butkul baxtsizdir.
* * *
Xush isli mushk taratguvchi oʻshal nar ohu eshaklar ogʻilida bir necha kun, quruqlikda qolgan baliq kabi iztirob-u talvasa ichra qiynoqlarga giriftor boʻldi. Eshaklardan biri unga kesatib dedi: “Hay-hay! Bu yovvoyining xulq-atvori xuddi shoh-u amirlarnikiday-ku, jim boʻling!” Boshqasi esa masxara qildi: “Dengizning koʻtarilishi va pasayishidan u dur olib kelgan koʻrinadi, uni arzon-garovga berarmidi?” Yana biri dedi: “Modomiki, shunchalar nazokatli ekansan, bor, shohona taxtga oʻtiraqol!”
Bir eshak boʻkib qolgandi va yemoqdan toʻxtab, ohuni oxurga daʼvat qilgan boʻldi. Ohu: “Ey falon, meni oʻz holimga qoʻy, oʻzimni yomon his etyapman”, deganday bosh chayqadi. Eshak dedi: “Bilaman, sen noz qilyapsan yoki or-nomusingni saqlagan holda yemishdan yuz burmoqdasan”.
Ohu ichida derdi: “Bu sening yemishing. Undan aʼzoyi badaning toʻlishib, kuch oladi. Axir men koʻkalamzorlarda oziqlanib, zilol suvlarda, bogʻlarda hordiq chiqarganman. Taqdir meni azoblarga mubtalo qilgan boʻlsa ham, bu goʻzal odatimni va mayl-u ishtiyoqimni unuta olarmidim? Agar holim xaroblashgan boʻlsa tilanchilik qilishim shartmi? Garchi libosim eskirsa-da, men yangiligimcha qolaman! Sunbul, lola hamda xushboʻy giyohlarni ming noz-u istigʻnolar bilan yeganman axir!”
Eshak dedi: “Qoʻysang-chi! Sen lof urib, maqtanmoqdasan! Gʻariblikda shunaqa boʻlmagʻur gaplarni qanday gapirish mumkin?!” Ohu javob berdi: “Mendagi mushk bezining oʻzi muattar ud va anbarni eslatib, men uchun oʻz muruvvatidan guvohlik beradi. Ammo uni hid anglaguvchilar biladi, xolos!”
Katta salla oʻragan faqih[1]ning yulib qochgan oʻgʻri
Bir faqih Hatim[2]ga yoʻl olganda dabdabali va ulugʻvorroq koʻrinish uchun latta-puttalarni yigʻib, sallasining orasiga joylashtirdi. Eski-tuski kiyimlardan yulib olingan lattalar bilan sallasining koʻzga koʻrinadigan qismini bezadi. Tashqaridan qaraganda salla koʻrkam, jannatiy libosga oʻxshar, ichkaridan esa bu munofiqlik, rasvolik va qabihlik edi. Eski-tuski lattalarning laxtaklari, paxta va jun sallaning ichkari qismiga koʻmilgandi.
U oʻzining ulugʻvor qiyofasi bilan hammaning eʼtiborini jalb etish uchun tongda barvaqt turib madrasa tomonga yoʻl oldi. Qorongʻi yoʻlakda bir oʻgʻri oʻz hunarini ishga solish maqsadida payt poylab turardi. U epchillik bilan faqihning boshidan sallasini yulib oldi. Soʻngra koʻpincha hamyon oʻrnida ham ishlatiladigan sallaning ichidagilardan umidvor boʻlib, orqasiga qaramay qochdi. Shunda faqih oʻgʻriga qarab qichqirdi: “Ey oʻgʻlim, olib qochishdan avval sallani ochib qaragin. Jonholatda toʻrtta qanot bilan qocharkansan, eltadigan narsangni paypaslab koʻrgin. Soʻngra maʼqul topsang, olaqol, haloling boʻlsin!” Shu payt qochayotgan oʻgʻri sallani ochib koʻrarkan, yuzlab laxtaklar yerga sochilib ketdi. Uning qoʻlida oʻsha hurpaygan, dabdabali salladan bir quloch eski laxtaklar qoldi. Oʻgʻri qoʻsqi laxtaklarni yerga uloqtirib dedi: “Eh, behayo! Aldamchiliging bilan ishimning beliga tepding!” Faqih dedi: “Toʻgʻri, men riyokorlik qildim, ammo nasihat oʻrnida seni bu hodisadan ogoh etyapman”.
Bu dunyo ham xuddi shunday: garchi u senga yoqimli tabassum bilan qarasa-da, soʻng hayqirib, oʻz bevafoligidan oʻzi soʻylaydi. Ey ustoz, shakllanish va halokatdan iborat ushbu olamda shaydolik aldaydi, barbodlik esa pand-u nasihat qiladi. Paydolik: “Kelaqol, men naqadar yoqimliman”, deydi. Barbodlik esa: “Ketgin, men hech vaqo emasman”, deya inkor etadi.
Ey, bahorning koʻrk-u chiroyiga qarab hayratlanuvchi zot! Qahraton qish sovugʻiga, shuningdek, kuzak zaʼfaronligiga ham nazar solgin. Kunduzi quyoshning goʻzal chehrasini tomosha qilarkansan, uning botayotgan chogʻidagi zavolini ham eslagin. Bu chiroyli koʻk gumbazidagi toʻlin oyga qarash barobarida uning oysiz lahzalaridagi hasratiga ham nazar solgin. Oʻz husn-u jamoli tufayli xalq ichida obroʻ-eʼtibor topgan oʻsmirning erta-indin esi past qariyaga aylanib, odamlar oldida sharmanda boʻlmogʻi ham bor. Seni kumushtanlilar oʻz oʻljasiga aylantirib, beqaror etgan boʻlsa, oʻsha badanlarning qarigan chogʻda paxta maydoniga oʻxshab qolishini ham koʻz oldingga keltirgin!
Shunday ekan: “Dunyo meni riyokorligi bilan aldab-avradi, aks holda aql-u idrokim uning qopqoniga tushmasdi”, deb aytma. Zar yoqa va bogʻichlar kishan, zanjir va boʻgʻovga aylanganiga bir qarab qoʻygin. Olamning har bir qismini shunday deb hisoblagin, uning avvali va oxirini koʻra olgin. Kimki koʻproq oxirni koʻra olsa, u baxtliroq, kimki faqat oxurni koʻrsa, u baxtsizroqdir.
Agar bir boʻsh uy topib, unga koʻchib oʻtsang, boshqa hammasi qingʻir yoki gʻalati, gʻayrioddiy tuyuladi. Ushbu olamda neki bordir, nimanidir oʻziga tortadi: Kofirni kufr, taqvodorni esa toʻgʻri yoʻldagi murabbiylik oʻziga jalb etadi. Olamda ohanrabo, shuningdek, kahrabo ham bor. Temir boʻlsang ham, poxolpoya boʻlsang ham, qarmoqqa ilinasan: temir boʻlsang, ohanrabo tortib ketadi, poxolpoya boʻlsang, kahrabo bilan birikmay ilojing yoʻq...
Kimki ezgu feʼl-atvorli zotlar bilan doʻstlashishdan yuz bursa, uning xulqi buzuqlarga qoʻshilishdan oʻzga chorasi yoʻq. Muso (a.s.) misrliklar orasida pisand etilmagan, Firʼavnning vaziri Homon yahudiylar uchun laʼnatlangan hisoblanadi. Homonning jonini misrliklar jalb etgan boʻlsa, Musoning joni yahudiylarga qarab intilardi. Eshak meʼdasini somon, odam meʼdasini esa bugʻdoy va suv jalb etadi. Agar kimnidir qorongʻilikda tanimasang, uning kimni oʻziga maʼnaviy rahnamo qilib olganiga nazar solgin.
Jaloliddin RUMIY,
“Maʼnaviy masnaviy”dan hikoyatlar
Nasriy bayon mualliflari: Odil IKROM,
Oydinniso
[1] Faqih – shariat qonunlari bilimdoni.
[2] Hatim – Kaʼbaning shimoliy va gʻarbiy burchak oraligʻida yarim oy shaklidagi bino boʻlib, u “Hatim” deb ataladi. Bu joy ham Kaʼbaning bir qismi hisoblanadi, shuning uchun tavofda uning atrofidan aylanib oʻtiladi.
Tarix
Tarix
Adabiyot
Din
Vatandosh
San’at
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
Til
//
Izoh yo‘q