“Yig‘lar yuragimda Vatanim...”


Saqlash
12:12 / 27.12.2021 2321 0

O‘zbekiston xalq artisti Dilorom KARIMOVA bilan suhbat

 

– Dilorom opa, “Shayton yo‘lida yurgan ekanman, endi hidoyatni topdim” deb san’atni (aslida shou-biznesni) tark etayotganlardan ranjiganingizga guvoh bo‘lganman. Ijtimoiy tarmoqlarda esa omma ularga tahsin o‘qiydi. Ahvol shu darajaga yetyaptiki, hatto biron bir badiiy asar haqida og‘iz ochgudek bo‘lsangiz, “Nima, naryoqda seni kofir Tolstoy qutqaradimi?” qabilidagi do‘q-po‘pisaga duch kelishingiz ham hech gap emas. Nega ayrim zamondoshlarimiz dunyoga bunday mutaassiblarcha munosabat qilyapti?

 

Donolarning gapi bor: “Nodon bilan hamsuhbat bo‘lish – baxt­sizlik”. Ijtimoiy tarmoqlar hammaga birday minbar berdi. Bu erkinlik keyingi yillar avlodining ancha bilimsiz ekanini ham fosh etib qo‘ydi. Mustaqillik yillaridagi eng katta yutqizig‘i­miz – ta’limni boy berdik, nazarimda. Test tizimi insho yozish, ya’ni fikrni pishiq-­puxta ifodalash ko‘nikmasidan mahrum etdi. Bu sirada alifbo islohotining ham ta’siri yo‘q emas. Qadrini yo‘qotgan o‘qituvchi mahalliy to‘ralarning beminnat dastyoriga aylanganini aytmay qo‘yaqolay.

 

Birgina qog‘ozbozlik illati ilm-­fan rivojiga, shaxs kamolo­tiga qanchalar to‘sqinlik qiladi. Qizlarim, yor-­do‘stlardan eshi­tib hayronlar qolaman: na oliy ta’lim, na o‘rta ta’lim behuda rasmiyatchilikdan hali-­hanuz qutulolgani yo‘q. O‘rtamiyona tafak­kur, haminqadar saviyani saqlab turish uchun atay o‘ylab-to‘qib chiqarilganmi bu tartib­-qoida, degan xayollarga borasiz. Nevara­larimning darsliklarini varaqlab yana dilim xufton bo‘ladi. Rus va o‘zbek tilidagi darsliklar o‘rtasidagi farq, ochig‘i, hamiya­timga tegadi. Mayli, ijtimoiy fanlarni aytmayin, algebra, fi­zika, kimyo, geografiya kabi aniq fanlar bo‘yicha rus maktablari uchun yozilgan darsliklar mundarijasi ancha yuqori saviyada. Biz­ning davrimizda ham shunday edi. Lekin sovet davlati nega bun­day yo‘l tutganini yaxshi bilamiz. Biroq bugun­-chi? Darsliklarni tuzishga mas’ullardan ko‘pi o‘z millatdoshlarimiz yoki shu yurt­ning suvini ichib ulg‘aygan vatandoshlarimiz­-ku!

 

Endi sobiq hamkasblarimizning iddaolariga kelsak, balki san’at ulardan voz kechgandir?! Ayting-­chi, o‘shalardan qay bi­rining ketishi o‘zbek madaniyati uchun chinakam yo‘qotish bo‘ldi? Umrining qolgan yillarini Olloh yo‘lida xizmatga chog‘lagan ekan, barakalla, xayrini bersin! Iltimos shuki, san’atning yuziga qora chaplamay, olamga jar solmay, shou­-tomosha ko‘rsatmay tinchgina ketsin. Ya’ni, san’atdan uzoqlashuvini ham ibodatga ay­lantira bilsin.  Ularga yana shunday degim keladi: aybdor qidi­rayotgan bo‘lsangiz, sahv-u xatoni avvalo o‘zingizdan, o‘tmishingiz­dan izlang. Aslida, kino, teatr va musiqa diydalarni yumshatib, hamdardlikka chorlaydi, aql ko‘zini ochib, ma’rifat-u ezgulikka boshlaydi. Bu ulug‘ maqsad yo‘lida yurganlarga qo‘yilajak asosiy shart: poklik va fidoyilik!

 

 

– Aksar aktrisalar Ofeliya, Dezdemona, Kumushbibi va Jamila kabi dongdor qiyofalarni gavdalantirsam deydi.  Lekin siz Nikolay Ostrovskiyning Sepsiz qiz” pyesasi qahramoniga orzumand bo‘lgansiz. Boyoqish Larisa nimasi bilan sizni maftun etgan edi?

 

 – Menga Dezdemona yoki Ofeliya ravo ko‘rilganda, albatta, jon derdim. Chunki mumtoz obrazlar qalbni charxlaydi, aktyorlik tuyg‘usini sozlaydi. Dezdemona – sevilgan ayol ekanidan voqif, muhabbat taxtidagi mahbuba. Dala chechagi misol nozik qalb ega­si Ofeliya suygan, ishongan odamining “yovuzligi”ni aqliga sig‘­dirolmay, o‘zini o‘limga topshirgan savdoyi ma’suma. Larisa esa olisdagi afsonaviy malika emas, yonginamdagi hassos, qalbi chilparchin dugonalarimdan biri, ko‘zlari javdiragancha qo‘shiq kuylayotgan zamondoshim. Bu obraz, asrlardirki, ayol zotining chekiga tushib kelayotgan achchiq sinovlardan so‘ylaydi. Ayol – ma­toh! U harqancha barkamol bo‘lmasin, hech kimga kerak emas, bor­-yo‘q aybi esa – kambag‘alligi. Qizning go‘zalligidan shunchaki ermak­ka foydalanadilar. Sepsiz Ogudalova so‘qir jamiyatdagi o‘rnini yaxshi biladi. Shu bois tashlab ketilsa ham taqdir hukmiga so‘zsiz ko‘nadi. Jamiyat ustuni sanalgan erkaklar ayolni shu xorlikkacha olib keladilar. O‘ylaymanki, agar u tirik qolganida, erkak zo­tining betiga qaramasdi, tarkidunyo qilib, uzlatnishin hayotni afzal ko‘rardi. Larisaning qalb tebranishlari Dezdemona, Ofe­liya va Kumushnikidan o‘n chandon teranroq, qismati ham fojia­liroq. Aldanish va haydalish kayfiyatini ifodalash oson emas. Ushbu asar asosida olingan “Ayovsiz romans” filmidagi aktrisa Larisa Guzyeyeva ham qahramon qalbining tub-­tubiga kira olmagan, nazarimda...

 

 

“Po‘rtana” va “Teatr” asarlaringiz ham e’tirof, ham e’tiroz uyg‘otdi. Chunki siz har ikkisida ham adabiyot adolatiga bo‘yin egdingiz. “Ari uyasi”ga bosh suqishga nima undadi sizni?

 

  Har bandaning ichida Iso­si bor. “Iso” – tug‘ilmasa bo‘l­maydigan dard. Otamdan meros qolgan iztirob – kechirim zuhur etgan unsiz nigoh meni hech tinch qo‘ymadi, halovatimni o‘g‘irla­di. Shaxs – davr mahsuli. Sho‘ro davri ota­-onamning fojiasiga sa­bab bo‘ldi. Tuzumning asl qiyofasini otamning azoblari orqali ko‘rdim. Maqsadim ana shu shafqatsiz haqiqatni ko‘rsatish edi. Ammo ota-­onaga bag‘ishlov an’anasining buzilgani jigarlarim­ni ranjitdi. Tasavvur qiling, yaqinlarim istaganidek, kamoli ehtirom ila “otaginam mehribon edilar, oila quchog‘ida izzat-­i­kromda yurardilar, bizni hech nimaga muhtoj qilmay o‘stirdi­lar-­o‘qitdilar, hammaga yaxshilik qilardilar...” deyish kerak edi. Ammo chiroyli so‘zlar ortiga yashiringan yolg‘on baribir o‘zini fosh qiladi ­qo‘yadi! Oddiy hayotiy haqiqat bor: kimgadir yaxshilik qilayotgan chog‘da, albatta, boshqa birovning yuragini og‘ritayotgan bo‘lasiz. Qolaversa, “to‘kis padari buzrukvorim” bilan “munis vo­lidayi muhtaramam”ning barkamolligi o‘zgalarga qiziq emas. Bun­day chuchmallik adabiyotning o‘lmas qonuniyatiga ham zid.

 

Xuddi shunday, “Teatr” essesi ham tug‘ilmasa bo‘lmaydigan has­rat ifodasi edi. Ehtimol, kulgili tuyular, ishonasizmi, sahnada jon berishni orzu qilardim. Lekin navqiron yoshimda teatrdan ketdim. Esseda do‘q-­da’vosi baland-­u, savodi past rahbarlarning kibri tufayli nafaqat Milliy teatr, balki o‘zbek teatri ulkan yo‘qotishga uchragani naql qilingan. O‘zbek madaniyati tarixida­gi bu ko‘ngilsiz hodisaning asosiy sababi teatrdagi guruhbozlik yoki yoza-yoz emas. Menimcha, bosh aybdor rejissyor kamyob shaxs ekani­ni tushunmagan, ijodkorlar ustidan loqaydlarcha hukm yuritgan arboblar edi. Afsuski, tarix takrorlanaverar, millatning bu kabi madaniy inqirozidan xulosa chiqarilmasa, yana qancha avlod boy berilar ekan?..

 

 

– Kitobingizda “Bizning aktyorlar rolga fikr bilan emas, asosan hissiy yondashadi”, “Bizda intellektual aktyor kam”, “Ozod bo‘lmagan odam ozod insonni gavdalantirmoqchi bo‘ladi” kabi e’tirozli fikrlarni o‘qidim...

 

– Ijro hayotiy bo‘lmog‘i kerak. Lekin u san’at darajasida talqin etilishi shart. Dod­-faryodni birgina nigoh yoki boshni quyi egish bilan ham ifodalash mumkin. Qayg‘uning ham o‘z tim­soli, ifodasi bor. Biroq hayotiylik deya, odamni turmushda qan­day bo‘lsa, shu holicha sahnaga olib chiqyapmiz. Natijada ijro mai­shiylashib, badiiyat ziyon ko‘rayotir. San’at bu – badiiyat. Alek­sandr Ginzburg “Menga yig‘i kerak emas”, der edi. Teatrlarimiz esa nuqul yig‘iga zo‘r beradi. G‘arb maktabi iztirobni nigohlar­da ko‘rsatishni talab etadi. Lekin buning uchun miyani ishlatish, aktyor qahramonining azob-u quvonchlariga sabab bo‘lgan fikrni anglay bilishi kerak. Fikrdan tug‘ilgan hissiyotning ta’siri bo‘lakcha. Mushohada tomoshabinni dard-­iztirobni anglashga yetak­laydi. Bularning bari professional rejissuraga borib taqa­ladi. Men intellektual ijroga intilganman, lekin unga to‘liq erisholmaganman. Repetitsiyalarda hamkasblarga kulgi bo‘lmayin, rejissyorning g‘ashini keltirmayin deb o‘yimga, o‘zimga qarshi borgan kezlarim ko‘p bo‘lgan.

 

– Kimlarni intellektual ijroga yaqin aktyorlar deb e’tirof etasiz?

 

 – Olim Xo‘jayev fikr aktyori edi. Sora Eshonto‘rayeva ijrosi­da tuyg‘uning chiroyli ifodasi zuhur etsa, asosan fikr kuchiga tayangan Zaynab Sadriyeva rollarida Shaxs qabarib ko‘rinar edi. Zamondosh ijodkorlarimizdan Nozim To‘laxo‘jayev qahramoni ruhiyatida kechayotgan taloto‘pni nigohi bilan ko‘rsatib bera ola­di. Nozim tuyg‘uni tafakkur vobastaligida ochib bera oladigan kamyob aktyorlardan.

 

– Ijtimoiy tarmoqning faol kuzatuvchisi sifatida odamlar haqida qanday to‘xtamlarga kelyapsiz?

 

– Zamondoshlarimizda ma’na­viyat va ma’rifat tanqislashib, fikrlash, mushohada etish xisla­ti yo‘qolib borayotgandek. To‘g‘ri, bunday hol hamma davrda ham bo‘lgan. Lekin fikrsizlikning hududi ihotalangan edi. Hozir esa uning ta’sir doirasi ken­gayib ketyapti. Ko‘r ko‘rni kup­pa-­kunduzi ham topib, nodonlik urug‘larini keng maydonga socha­yotir. Avvallari ham, hech bir is­tiholasiz “teatr-­kinoga tushib yurishga vaqtim yo‘q” yoki “kitob o‘qishni yomon ko‘raman” deguvchilar uchrab turardi. Biroq bugunga kelib, orsizligini hech tortinmay elga doston qilayotganlar, hatto sharmsizlikni shuhrat qozonish vositasi deb bilganlar ko‘payib ketayotganidan xavotirga tushasiz. Zardo‘sht aytadi: “O, qanday balo! O‘zidan nafratlana olmaydigan jirkanch odam zamoni kelmoqda!” O‘sha zamon keldimi deyman? Ular faqat o‘zini sharmanda qilish bilan kifoyalanmay, katta audito­riyaga ega chiqib behayolik, fikrsizlik, bachkanalik ko‘nikmasini shakllantirishga urinyapti. Qarangki, nodonning jazavasi o‘tkir, ovozi baland bo‘larkan. Ming afsus, ko‘pincha ilm ahli ular bilan pachakilashishni istamaydi, vaqti, asabini ayaydi. Oqillar sukuti esa qimmatga tushayotir. Bilimsizlik bilimdonlikni da’vo qi­lyapti. Nodonning aql o‘rgatishi – falokat! Dunyo johillar hukmi ostida qolmasligi kerak.

 

 

– Ijodkorning iqtidorini emas, yaltoqlanishi va “xos xizmatlari”ni rag‘batlantiradigan jamiyat qanday ataladi? Umuman, bunday riyokorlikka ehtiyoj qaydan paydo bo‘ladi?

 

– Iste’dodni Xudo beradi, lekin uni kamolga yetkazuvchi – ja­miyat. Iste’dodlar – ko‘mak-­daldaga o‘ta muhtoj odamlar. Uning omadi ham, qismati ham atrofidagilar, qudratli valine’matlar qo‘lida. Ana shunday baquvvat qanotlar bo‘lmasa, u o‘z kunjagida qolib ketadi. Biroq valine’mat deganimiz ham xavfli keladi, gohida uning har bir nazari uchun talant katta tovon to‘lashi lo­zim. Kezi kelganda u iste’dodni o‘ziga xizmat qildiradi, oxirgi quvvatigacha so‘rib olishga uri­nadi. Chindan, har davrning qur­bonlari bor.

 

 – O‘tgan asrda san’atning boshqa turlari qatorida teatr va kino ham targ‘ibot quroli edi. Lekin paradoks shundaki, o‘sha davrda ham bugungi ijtimoiy buyurtmalardan ko‘ra ancha-muncha samimiy, badiiyati baland sahna va ekran asarlari yaratilgan. Buning sir-sinoati nimada ekan?

 

– Qatag‘onlar, siyosiy tahdidlarga qaramay, o‘lmas g‘oyalarga ishonchni  asrab qolishda teatr va kinoning roli katta. U zamonda asosiy qahramonlar kommunistik mafkura yalovbardorlari bo‘l­gani ma’lum. Ammo o‘tgan asr mafkurachilari va’zxonlik bilan cheklanmay, inson idrokiga qalb orqali ta’sir etish yo‘lini topa bildi. Nazarimda, ular bosh g‘oyaga zarracha shubha qilmagan hol­da, samimiyatga erishib, odamlarni ortidan ergashtira oldi. Bu­gungi ijodkor qalbida ham o‘shanday ixlos bormikan? Aytayotgan, yozayotgan so‘ziga inonmas ekan, xohlagan san’atkorning fikrlari quruq siyosiy pafos darajasida qolib ketadi. Tan berib aytish kerakki, sovet siyosatdonlari san’at, jumladan, kinodan xalq on­gini boshqarishda unumli foydalangan. Biroq bora-­bora bu qurol hukmron mafkuraning o‘ziga qarshi ishlay boshladi. Ulkan san’at, sarhad bilmas tafakkur qanday bo‘lmasin, senzorning temir chan­galidan chiqishga yo‘l qidira boshlaydi va uni topadi ham. Masa­lan, Tengiz Abuladzening “Tazarru” filmi bumerang qonuniyati umrboqiy ekanini ko‘rsatdi.

 

 

– Vladimir Lenin Fyodor Dostoyevskiy ijodi borasida “tutqanoq kimsaning tavbasi” deya hukm chiqargan bo‘lsa, Iosif Stalin salafi hukmini ijro etmoqqa jahd qiladi “axloqboz vaysaqi” asarlari butkul taqiqqa uchraydi. “Xalqlar dohiysi” “Hamlet” spektaklini ham teatr repertuaridan oldirib tashlab, Shekspirni uzoq muddat “badarg‘a” qiladi.  Bu ikki daho  qay jihatdan mustabidlar qahrini keltirgan ekan?

 

– Vilyam Shekspir pyesalarida saltanat kurashidagi yovuzligu tubanlikni bor ko‘lami, ichki ziddiyati bilan ko‘rsatib beradi, saroy kirdikorlarini fosh etadi. Richard III xotinini ham, go‘dak jiyanlarini ham o‘ldiradi. “Qirol Lir” tragediyasida otasining soyasiga salom berib yurgan qizlar u taxtdan tushishi bilan qa­riyani bosib-­yanchib tashlaydi. Muallif maddohlik va sotqinlik bir ildizdan oziqlanishini qop-­qora bo‘yoqda ifodalaydi. “Hamlet”da hokimiyat qutqusidagi uka akaning, xotin erning qotili­ga aylanadi, taxt vasvasasidagi onaning ko‘ziga yolg‘iz o‘g‘li ham ko‘rinmaydi. Endi ayting, qonli yo‘llarni kechib kelgan saltanat sarvarlariga shu ko‘zgu yoqadimi? Birgina Stalinning o‘zi Polo­niy, Edmund, Gonerilya, Regana, Richard III va Klavdiyning hayoti­ni yashab o‘tmadimi?!

 

Fyodor Dostoyevskiy esa odamzodning ich-­ichida bekinib yotgan kir tuyg‘ularni yalang‘ochlab tashlagan, inson psixologiyasini sin­chi nigoh bilan ochgan. Sovet davrida psixologiya fani nega o‘qi­tilmagan? Chunki ruhshunoslik ilmi o‘zni anglashga yordam beradi. O‘zini anglagan odam esa g‘oya yo‘lida qo‘g‘irchoq bo‘lmoqqa aslo ko‘n­maydi. Bundan tashqari, Dostoyevskiy zulmning tabiatini favqu­lodda mahorat bilan tasvirlaydi, uning tug‘ilish va shakllanish sabablarini tadqiq etadi. Stalin ham Raskolnikov kabi o‘zidan o‘zi zolim bo‘lib qolmagan. Iblis – aqlli maxluq, lekin uning idroki insoniyat boshiga ulkan falokatlar keltirdi. Inqi­lobni keskin qoralagan donishmand Dostoyevskiy bolshevik “dohiy”lar insoniyat xaloskori emas, aslida iblis ekanini ba­shorat qiladi. Shuning uchun ham ular yozuvchini yomon ko‘rgan, ki­toblarini taqiqlagan. Vaholanki, Lenin uning satrlari ostiga chizib-­chizib, so‘kib-­so‘kib o‘qigan, Stalinning shaxsiy kutubxona­sida “Aka-uka Karamazovlar” romani bo‘lgan

 

 

– Tuzumlar o‘tadi, lekin ulardan san’at asarlari esdalik bo‘lib qolar ekan. Jonli roviylikning yuki ko‘proq davrni vizual muhrlaydigan kino san’atining zimmasiga tushadi. Masalan, kechagi kun qaydnomasi bo‘lmish yostiqdek-yostiqdek kitoblar-u gazet-jurnallar unutildi, hatto tarixiy binolar quladi. Kelajakka bugunning kayfiyati, yashash tarzi haqida tasavvur uyg‘otishi mumkin bo‘lgan, tarixning yangi tahrirchilari qo‘lidan ham sirpanib chiqishga qodir manba – filmlar bo‘lib qolyapti. O‘tgan asrdagi ayrim sovet kinofilmlarida siyosiy did san’at darajasigacha chiqqanini ko‘ramiz. Bundan keladigan xulosa shuki, davlat kinoga faqat bugungi shov-shuvni emas, ertangi sharafini ham o‘ylab munosabatda bo‘lishi kerak...

 

– Ommaga mashaqqat chekib kitob o‘qishdan ko‘ra ekran asarlari­ni tomosha qilish osonroq. Tasmalarda muhrlangan ham badiiy, ham ilmiy-­ma’rifiy, hujjatli filmlar tomoshabinni kechmish zamon insonlari hayoti, o‘y­-xayollariga oshno etadi. Nazarimda, hech bir san’at turi o‘tmishdagi inson ruhiyati, jamiyat qiyofasi­ni tasviriy san’at va kino asaridek ko‘rsatib bera olmaydi.

 

Xo‘sh, ayni vaqtda o‘zbek kinosi kelajak oldidagi missiyasini qay darajada o‘tayapti? O‘tay olyaptimi o‘zi? Afsus, o‘zbek kinosi o‘z ishi qolib, yengil-­yelpi shou­-tomosha, seriallar bilan mashg‘uldek. Mazmun qolib, “piar” degan o‘ta beor, lahzalik shov­-shuv ortidan yuguryapmiz. Deylik, davlat buyurtmasi bo‘yicha suratga olingan “Tutqunlik” filmida g‘oya yuzaki, ishonarsiz voqealar tasviri orqali hal etilgan, aktyorlar ijrosida na dard bor, na o‘zbekka xos chizgilar. INSON ko‘rinmaydi. Dunyo ahlining fikri-zikrini band etgan, vijdonli kishilarni tashvishga solayotgan fojeiy hayot hikoya qilinadi go‘yo. Biroq film qahramonlarini qaltis qadam qo‘yishga majbur qilgan sabablar, og‘ir mushkulotlar illyustratsiya yo‘sinida ko‘rsatilgan, xolos. Albatta, bunaqa nosamimiy kartina­lardan ko‘ra rejissyor Grigoriy Chuxrayning “Kommunist”i odamni ming chandon hayajonga soladi. Ijodiy­-ijtimoiy buyurtmada ham muammolar dadillik, professionallik bilan ekranga ko‘chiril­sagina kutilgan natijaga erishiladi. Bugun korrupsiyaga qarshi omonsiz kurashga kirishish uchun halovati, hayotidan voz kechishga tayyor qahramon bormi? Kim eka­nidan qat’iy nazar, odam ojiz­liklari, iztirobi bilan odam ekanini ko‘rsata olyapmizmi? Ikki-­uch yil oldin yaratilgan filmlar o‘zbek kinosida sezi­larli siljish bo‘layotganidan da­lolat bergan edi. Lekin hozir...

 

Kinoijodkor bugunning na­fasini kelajakka sharaf bi­lan yetkazishi uchun ehtiyotkorlik sarhadlarini buzib, ijodiy­-iqtisodiy erkinlikka erishmog‘i lozim. Men uchun faqat bitta senzor bor, u ham bo‘lsa – saviya!

 

 

– Iste’dod qancha nodir bo‘lsa, o‘shancha mo‘rt ham keladi. Negadir shaxsga sig‘inishning xunuk kasri birinchi bo‘lib shoir shuuriga urar ekan. Choki so‘kilgan ongdan to‘kilgan xirmon-xirmon qasidalar xazon barglari kabi yer bilan bitta bo‘lsa ham, qo‘l qalamni qo‘yay demaydi... Bir marhum shoirning o‘limi arafasida yozgan dostoni meni shunday achchiq xulosaga undadi. Agarda ilohiy bir ovoz “Bu sening so‘nggi so‘zing, qo‘lingga qalam olishga boshqa imkon berilmaydi” deb shivirlaganida ham, u madhiya yozarmidi?

 

 – Har bir tirik jon fitratida xavf­-xatardan qochish, o‘zini asrash instinkti mavjud. Inchunin, insonda ham har qanday ko‘n­gilsizlikdan, baloyi qazodan himoyalanish savqitabiiysi bor. Hayot uchun kurash – tiriklikning asosiy qonunidir. Tabiat qo‘y­nidagi inson turli ofatlar, yirtqich hayvonlar hujumidan jo­nini qanday asrasa, o‘z qavmi orasida mol-­holi, obro‘-­martabasi, tani-­joni, umri uchun xuddi shunday kuch bilan kurashadi. Maq­sadga tinimsiz halol mehnat yo o‘g‘rilik, imon-u adolat yoki aldov bilan erishiladi. Sha’n, g‘ururni asrab hech nimaga erishmay o‘tish ham mumkin. Ikki yo‘ldan birini tanlashda qondagi ajdodlar shiviri hamda tarbiya muhim o‘rin tutadi. Bu kabi evrilishlar tiriklikka xos. Lekin narigi dunyo epkinini sezganingizda-­chi? Masalan, qasidago‘y shoir ajal qarshisida qay yo‘lni tanlar ekan? O‘lim xabari o‘zidan keyingi sha’n hurmati haq so‘zni aytishga un­darmikan? Bir nima demoqqa ojizman. Ortda qoladigan bola-­chaqa bor-­ku! Boz ustiga, o‘rgangan ko‘ngilni, qo‘rqoq ruhni ajalning so­vuq nafasi o‘zgartirishga qodirmikan?

 

Umr fasllari osha hayotning o‘zagiga yaqinlashib borar ekansiz. Baxt nima degan savolga birinchi javobim – mehnat edi. Keyin sevgiga ko‘chdim. Ko‘p o‘tmay, baxt bu – fikr degan to‘xtamga kel­dim. Fikr orqali bo‘ron-u yomg‘irni idrok etasiz. Tabiatdagi har bir hodisa, butun borliq insonni anglash uchun yaratilgan deb bildim. Endi­-chi? “Yig‘lar yuragimda Vatanim...” degan ulug‘ Oybek­ning kayfiyatidaman. Millat uchun yagona najot – ilm­-ma’rifat­da!  Boshqasi bekor...

 

Iqbol QO‘SHSHAYEVA suhbatlashdi.

 

“Tafakkur” jurnali, 2021-yil 4-son

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

17:03 / 28.03.2024 0 258
Ideali hurriyat bo‘lgan Shaxs

Tarix

16:03 / 28.03.2024 0 124
Frederik Starr: Yevropani uygʻotgan olimlar





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

11:08 / 28.08.2021 7 15389
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi