
Opaning aytishicha, uchoqdan tushib azim Oʻzbekiston tuprogʻiga qadam qoʻyarkan, har gal bir entikib, bir xoʻrsinadi. Qalbini adoqsiz sogʻinch, cheksiz iztirob chulgʻaydi...
***
Ulovimiz bizni shahrimizning yorugʻ koʻchalari sari boshlab ketarkan, opa bilan yuz yildan beri tanishdek chaqchaqlashib ketamiz. “Odamning tugʻilib oʻsgan yurti baribir boshqachada, nima dedingiz?” deydi tevarakka mehr bilan qarab borarkan sekingina. “Albatta! Shuning uchun shahrimizni yaxshi koʻramanda!” deyman yaqinda taʼmirdan chiqarilgan uyini mehmonga koʻz-koʻzlayotgan mezbondek yoyilib. Zera opa yana soʻzida davom etadi. “Boya yoʻldan oʻtayotganimizda yoshlarning gaplariga eʼtibor qildim. Har biri oʻz ona tilida ravon gaplashyapti. Hatto endi tili chiqayotgan goʻdak ham oʻzbek tilida soʻzlashga urinyapti. Bu xalq uchun katta baxt. Oʻz oʻlkangda oʻz tilingda emin-erkin gapirish inson uchun – eng ulugʻ saodat”. Gʻussaga qorishiq bu soʻzlarni tasdiqlash yoki bilagʻonlik qilib nimadir deb qoʻyib, shu tobda hamrohimning koʻngliga huzun tashlab qoʻyish hadigida indamayman. Zera opa Vatani haqida gapirarkan, uning har bir togʻ-u toshi, gul-giyohini mehr bilan taʼriflaydi. Ayniqsa, umri yurt sogʻinchiga koʻmilgan Orzu ismli qiz haqidagi afsonani miriqib tinglayman va beixtiyor sochi toʻpigʻiga tekkan, tiniq sargʻish yuziga koʻzyoshlari tomgan sohibjamol tatar qizini xayolan tasavvur qilib ketaman...
Afsonalarga koʻra, Qora dengiz atrofidagi Yaltaga yaqin qishloqlarning birida Orzu ismli qiz yashagan boʻlib, u ostona hatlaganda, jamoliga Qrimning azim togʻlari vazmin-vazmin boqar, buloq sharqirab suv tilida ashʼorlar toʻqir, dov-daraxtlari beqaror shamolning suluv qiz haqdagi muazzam qoʻshiqlarini tebrana-tebrana tinglasharkan. Kun kelib, Orzu qizni kuyovga beradigan boʻlishibdi. Qoʻshni qishloqqa kelin boʻlayotgan qiz uzatar kuni qadrdon bulogʻi bilan xayrlashishga izn soʻrabdi. Biroq uni oʻsha kuni xoinlar tutib olib, Turk sultoni haramiga sotib yuborishibdi. Dom-daraksiz ketgan Orzudan keyin buloq suvi qurib qolibdi. Qizdan darak topishganda esa endi Orzu sultonning rafiqasi, bir oʻgʻilchaning onasi ekan. Garchi toʻkis saroy hayotida yashayotgan boʻlsada, qiz Qrimni juda sogʻinar, derazadan Vatani tomonga intizor termilaverarkan. Har gal sultonning Qora dengiz tomon yoʻli tushsa uni ham olib ketishini, uzoqlardan boʻlsada, yurtining jamolini koʻrishni soʻrarkan. Va har safar Orzu Qora dengizdan oʻtganda buloq koʻz ochar, suvi avvalgidek yana oʻynoqlab oqarkan. Shundan buyon odamlar qachonki buloqdan suv chiqsa, “Orzu Qora dengizdan oʻtyapti” deyisharkan...
***
Zera opada oʻzbekona samimiyat bor, Qrim tatarlariga xos dangallik, rostgoʻylik bor. Buyogʻini soʻrasangiz, opa asli andijonlik. Vodiyning odamshivanda, mehmondoʻst kishilaridan ulgu olib oʻsib-ungach, 1990-yillarda butun millatdoshlari qatori qalbiga Oʻzbekistonni joylab, yuragidagi Qrim sari otlanishadi. Mana oradan koʻp emas, oz emas oʻttiz besh yil oʻtib tugʻilib oʻsgan maskaniga ziyorat uchun kelgan. Endi buning qanchalik hayajonga, mehr va muhabbatga toʻla safarligini tasavvur qilish qiyin emas.
Oʻshanda Andijonga yuragimni koʻtarib uchib keldim, – deya eslaydi Zera opa. –Axir oradan shuncha vaqt oʻtgan, ham quvonch, ham qandaydir qoʻrquv qalbimda hukmron. Uyimiz qishloqning eng chekkasida edi. Mahallamizga burilarkanman tiniq ariqlari, oʻriklari shigʻil pishgan bogʻlari koʻzimga olovdek koʻrindi. Uyimizning qarshisiga borib qarab turaverdim, turaverdim. Dilim hayajonga, koʻzim yoshga toʻlib borardi. Shu payt darvozadan bir kelinchak chiqib koʻchaga suv sepib, supura boshladi. Haliyam qadriyatlariga sodigʻ-a, degan yorugʻ oʻy kechdi birdan. Qarab turaveribman shekilli ziyrak kelinchak yonimga kelib salom berdi-da, “Mehmonmisiz xolajon? Kimnikiga keldingiz?”, deb soʻradi. Uyimizga ishora qildim. Shunda juvonning porlab turgan nigohlariga hayrat indi va: “Voy biznikiga keldingizmi?”, dedi xursand boʻlib. “Shu uyda tugʻilganman”, deya oldim bazoʻr. Kelinchak holatimni payqab, “Hozir”, dedi va shoshib uyiga kirib ketdi. Bir zum oʻtmay uyning kattasini – qaynotasini boshlab chiqdi. Otaxon bilan salom-alik qilganimizdan soʻng:
- Xush kelibsiz, singlim. Qani uyga marhamat, — dedi xushmuomalalik bilan.
- Rahmat. Men ziyoratga kelgandim. Koʻrdim yetadi, – dedim.
- Kimning qizi boʻlasiz? — soʻradi mezbon.
- Otamni ismi Bahovuddin, onam Najiya edi, — dedim.
- Mezbonning yuzi birdan yorishib ketdi. Xuddi qarindoshi ostonada turib qolgandek:
- Iya, siz Najiya opaning qizimisiz? Qani, ichkariga kiring. Onasi qaranglar, –deb qoʻyarda qoʻymay ichkariga olib kirib ketishdi.
Darvozadan hatlarkanman, qani hovliga qadam bosa olsam. Uyning holati albatta oʻzgargan, lekin menga hamma narsa bolaligimni eslatardi. Xuddi biz olti opa-singil hovlida quvlashmachoq oʻynab yurgandek, onam tandir boshida non yopayotgandek... Boʻgʻzimga sogʻinchmi, alammi, armonmi nimadir tiqildi... Oʻsha kuni qoʻshnilar ham mehmon keldi deb, yoʻqlab chiqishdi. Oʻtgan-ketganlarni, mahallada yashagan qrimlik doʻstlarni alqab eslashdi. “Najiya xolam yopgan nonlarining isi mahallaning boshiga borardi-ya, mazasi hali ogʻzimizda”, deyishdi ayollar. Ularni jilmayib eshitaman, sogʻinib tinglayman. Vodiycha shevani, qadrli goʻsha odamlarini koʻrish, suhbatlashish qanchalik yoqimli. Men ham xotiralarimni boʻlishaman.
Bu katta uyda ikki oila yashaganmiz. Yaʼni devorning narigi tarafida qoʻshnimiz, buyogʻida biz. Eng qizigʻi, oʻrtadagi devordan kirdi-chiqdiga bitta eshik ochilgan, unga sira qulf urilmaydi. Doim ochiq turadi. Onam non yopsa, qoʻshni xola nimadir pishirsa bir-biroviga ilinishadi. Ayniqsa, xolaning ustiga pomidor qoqi, piyoz salati solib chiqarilgan oshining mazasi haliyam esimda. Qoʻshni ayol kosada osh uzatarkan, “Shu bugun oshim qisir boʻlibdi-da aylanay, aybga buyurmaysiz” desa biz bolalar tushunmasdik. Endi bilsak, goʻshtsiz taomga shunday aytilar, ammo bu “qisirlik” oshga mahtal boʻlib turgan biz bolalarga umuman bilinmasdi. Ana shunday goʻzal kunlarni kechirgandik.
Oʻsha kuni mahalla ayollari “oʻzingizni yolgʻiz yubormaymiz” deb qabristonga ham hamrohlik qilishdi. Rahmatli ukamning, buvimning mozorini ziyorat qildim. Qabristonning ozodaligi, hatto biznikidek yoʻqlovchisi yoʻq qabrlarning ham qamrovli ekanini koʻrib dilim ravshan tortdi. Mana odamgarchilik, mana marhumlarga hurmat...
***
Zera opa bilan tigʻiz vaqtimizni samarali kechirdik. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida, “Saodat” jurnali tahririyatida, Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbek tili va adabiyoti universitetida boʻldik. Har bir dargoh opani chuqur hurmat va ehtirom bilan qarshiladi. Hatto asr bilan tenglashayotgan “Saodat” jurnali jamoasi opani yubiley tadbiriga taklif etdi. Oʻz navbatida Zera opa ham muharrirligi ostida Qrimda nashr etiladigan “NenkeCan” jurnalida “Saodat” uchun maxsus son hozirlashni, ikki el xotin-qizlarini bir-biriga shunday nashrlar orqali yaqinlashtirishni kelishib olishdi.
***
Yoʻl boʻyi opa xalqining surgunlik yillari, bir kechada millat oydinlarining soʻzsiz, sababsiz yoʻq qilingani, yurtdoshlarining bugungi orzu va armonlari haqida soʻzladi.
- Mening Vatanim ikkita. Va har birida ogʻa-inimdek, opam va singlimdek azizlarim bor. Oʻzbekiston deganda butun andijonliklarni, surgun yillari kelib, bugun shu yerda tinch va totuv yashayotgan tatar doʻstlarimni, ardoqli yozuvchilar – Xayriddin Sulton, Bahodir Karim, Gʻayrat Majid, Munavvaraxonim Usmonova, Qutlibeka Rahimboyeva va siz kabi juda koʻp ijodkorlarni eslayman va sogʻinaman. Oʻzbekiston menga bugun boshqacha qiyofada peshvoz chiqdi. Oʻzgarishlar bilan, yangi imoratlar, ravon va keng koʻchalar bilan, ayniqsa, insonlardagi milliy gʻururning oʻsganini sezib, xursand boʻldim. Bu millat uchun juda muhim. Faqat oʻzbeklarda bir narsa oʻzgarmabdi.
- Nima ekan? – hayron boʻlib soʻradim.
- Oʻzbekcha oqibat oʻsha-oʻsha...
Xotirjam boʻldim. Buni mehmondan eshitish huzurli axir.
Kuzatar chogʻi nigohida samimiyat balqqan Zera opa bilan qadrdonlardek xayrlashdik. Nazarimda, opaning koʻzlari dunyoda soʻzga, mehrga, doʻstlikka ehtiyoj bor ekan, shunday dilkoʻpriklar boʻlaveradi, deyotgandek edi…
Nargiza ASADOVA
Ma’naviyat
Jarayon
San’at
Tarix
Tarix
Vatandosh
Jarayon
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
Til
//
Izoh yo‘q