
Qisqa vaqt ichida jahonning qudratli imperiyalaridan biriga aylanishiga Turk xoqonligining harbiy jihatdan boshqa davlatlarga qaraganda ancha ilgʻor boʻlgani sabab boʻlgan. Oyina.uz xoqonlikning harbiy hayoti va taktikalari haqida maxsus maqolani taqdim etadi. (1-maqola)
Qoʻshin boshqaruvi hamda harbiy unvon va epitetlar
Xoqon barcha narsadan oldin “mangu el”[1] (imperiya) xotirjamligi, farovonligining kafolati boʻlib‚ “el”ning bor boʻlishining asosiy sharti oʻlaroq beklar va “butun xalq”ning xoqonga sadoqati talab qilinardi. Xoqon, bitiktoshlar tili bilan aytganda “turk eli” uchun, “turk xalqi” uchun “tunlari uxlamaslik va kunduzlari (ishsiz) oʻtirmasligi” shart edi[2]. Urush va sulh‚ jang va bitim – barchasi “turk eli”ning tinchligi uchun xoqon irodasi bilan hal qilinardi. Bir soʻz bilan aytganda, xoqonning harbiy va diplomatik huquqlari butunlay cheksiz edi.
Turk xoqonligining Gʻarbda qoʻshinining ikkala qanotida xoqonlik oila aʼzolari – yabgʻu, shad, tegin unvonli shahzodalar turgan[3]. Xoqonlikning ushbu vakillari qaram qabilalarni boshqarish, soliqlar yigʻishni tashkil qilish bilan birgalikda, ularni harbiy ishlarga tortish, urushlarga olib borish va harbiy yurishlarda boshchilik qilish ishlarini ham bajarganlar. Xoqonlikda shahzoda – teginlar oʻz qoʻshiniga ega boʻlib, biror oʻlkani boshqarishga tayinlangandagina, “shad” unvonini olgan.
Qoʻshin boshqaruvida turklar oltin boʻri boshli bayroqlardan, buyruqlarni yetkazishda esa muhrli oltin nayzali oʻqlardan foydalanishgan[4]. Qoʻshin boshqaruvini turli darajadagi harbiy amaldorlar olib borishgan. Ular orasida eng yuqorilari – jabgʻu (yabgʻu), tegin, eltabar boʻlib, ushbu barcha mansablar otadan oʻgʻilga meros boʻlib oʻtar va Ashina xonadoni aʼzolaridan tayinlanar edi.
Xitoy yilliklari va turk bitiktoshlarida xoqonlikda boʻlgan mansab va unvonlar saqlanib qolgan. Xoqonlikning boshqaruvida qariyb 40 ga yaqin unvon va ellikdan ortiq epitetlar boʻlib‚ ular quyidagi guruhlarga boʻlingan:
1) rasmiy: a) maʼmuriy; b) harbiy;
2) ijtimoiy: a) diniy‚ b) ramziy/faxriy.
Turklarda xoqondan keyin birinchi oʻrinda yabgʻu turgan. Ilk chogʻlarda “yabgʻu” xoqonning oʻrinbosari sanalib, odatda xoqonlarning ukalari shu unvonga ega boʻlar edilar. Shuning uchun ham, yabgʻu xitoy yilliklarida xoqondan keyingi birinchi shaxs oʻlaroq koʻrsatiladi[5]. Undan keyin esa tegin boʻlib, u xoqonning oʻgʻillari – shahzodalarga beriladigan unvon boʻlgan. Odatda teginlarga boshqarish uchun biror-bir oʻlka berilib, qoʻshinga ham ega boʻlgan. Hokimiyat akadan ukaga emas, otadan oʻgʻilga oʻtadigan boʻlgach, teginlar taxt vorisi sanalib, yabgʻularga qaraganda ularning mavqeyi yuqoriroq boʻlishiga olib keladi. Teginlardan soʻng eltabarlar turgan.
Yabgʻu‚ shad‚ tegin‚ eltabar‚ tudun‚ tutuq‚ choʻr‚ tarxon‚ erkin‚ inanchu‚ buyruq kabi oʻnlab unvonlar va ularning oldida keluvchi apa‚ inal‚ kul‚ tun kabi koʻplab epitetlar rasmiy mazmunda boʻlib‚ ulardan koʻpchiligi maʼmuriy boʻlsa‚ bir qismi harbiy edi. Ayniqsa‚ ular orasida tutuq‚ choʻr‚ tarxon‚ erkin kabi unvonlar koʻproq harbiy anglamdagi unvonlar boʻlishi bilan birga qaram qabilalarni boshqarishga vohalarga hukmdorlik qilishga yuborilgan maʼmurlarning unvoni oʻlaroq ham uchraydi.
Xoqonlikdagi unvonlar tizimida harbiy unvonlar ham oʻziga xos oʻrin egallagan. Deylik‚ bitiktoshlarda su¬boshi‚ chabish‚ bing¬boshi‚ beshyuz-boshi‚ yuz¬boshi‚ oʻn¬boshi kabi unvonlar uchraydi. Shuningdek‚ xitoy yilliklarida xoqonlik amaldorlarining unvoni deb cha¬bi¬shi / szyabi (chabish) bir necha bor eslatiladi[6]. Su¬boshi lugʻaviy tomondan turkcha su – “qoʻshin” va bashi – “bosh, boshliq”‚ “qoʻshin boshligʻi‚ lashkarboshi” anglamida edi. Chabish (chovush) esa “qoʻshinda vazifador shaxs‚ lashkar boshliqlaridan biri” boʻlib‚ Mahmud Koshgʻariy uni “urushda saflarni tuzatuvchi‚ dam olish vaqtida askarni zulm qilishdan saqlovchi odam” koʻrinishida tushuntiradi[7].
Xoqonlikda harbiy unvonlardan biri boʻlgan bing¬boshi – “mingboshi”‚ beshyuz¬boshi‚ yuz¬boshi‚ oʻn¬boshi kabilar ham koʻproq markaziy hokimiyat va qoʻshin qanotlari boshqaruvida boʻlib‚ ularning bunday atalishi xoqonlikning mohiyatan “oʻnlik tizimi”ga ega harbiy imperiya boʻlgani bilan tushuntiriladi.
Urush sabablari va harbiy ittifoqlar
Bu kezlarda mintaqada qurilgan davlat uyushmalari, deylik, Turk xoqonligining ham strategik niyati bitta xoqon boshqaruvi ostida birlashgan holda butun dasht va vohalar boʻylab hukmronlik qilish, Buyuk ipak yoʻlini oʻz nazoratiga olish hamda Gʻarbiy va Sharqiy Turkistondagi voha davlatlarini oʻlponchilik asosida oʻz qoʻl ostilarida tutib turish edi[8].
Mahoratli turk jangchilarining jangovarlik qobiliyati oʻsha kezlar uchun yetarlicha yuqori boʻlgan. Ular deyarli tinimsiz jangu jadallar olib borar, butun atrofida dushmanlar oʻrab olgan boʻlishlariga qaramay, turli qabilalarning qarshiliklarini qurol kuchi bilan yoʻq qilib, uzoq chaqirimlarga yurishlar qilar edilar[9]. Xitoy yilliklarida urgʻu berilishicha, “turli davlatlarning barchasi (unga – Turk xoqonligiga – M.X.) boʻysungan. Yoychilari 1 milliondan ortiqroq edi. Shimoliy ajnabiylar (xanlik boʻlmaganlar) hech qachon bunday kuch-qudratga ega boʻlishmagan edi”[10].
Turklarning gʻarbga yurishida Muqan xoqon nomigagina qatnashib, barcha urushlar uning amakisi – Gʻarbiy Chegara viloyatlariga qarovchi Istemi yabgʻu (yunoncha Silzibul, Dizavul; arabcha Sinjibu; 575-yilda oʻlgan) tomonidan olib boriladi. Turklar gʻarbga juan-juanlarni yenggach – 554-yildan yurish boshlagan boʻlsa[11], 555-yiliyoq turk qoʻshinlari Gʻarbiy dengizgacha[12] – Sharqiy va Gʻarbiy Turkistonning butun dasht tegralarini, Sirdaryodan Orol boʻylarigacha boʻlgan yerlarni qoʻlga kiritgan edilar.
Tez orada Sosoniylar sulolasi va turklar oʻrtasida eftallarga qarshi ittifoq tuziladi. Muqan xoqon 554 yoki 557-yilda forslarga elchi yuborib, ikki tomonlama bordi-keldi va ishonchni mustahkamlash uchun amakisi Istemi yabgʻuning qizi Asna (arabcha Asna yoki Fakim, armancha Kayen)ni Sosoniylar shahanshohi Xusrav I Anushervon (531–579)ga turmushga beradi[13]. Bu ittifoqdan xavotirga tushgan eftal shohi Gatfar turklarning Sugʻd orqali oʻtayotgan elchilarini oʻldirtirib yuboradi. Har ikkala tomon oʻrtasidagi urush boʻlishi aniq boʻlib qolganda, Xusrav Anushervonning Balx yaqinida 562 (563) yili eftallarga zarba berishi bilan boshlanib ketadi. Shu yiliyoq turklar ham eftallarning yerlariga bostirib kiradi va oʻrtadagi xal qiluvchi urush 565-yilda Naxshab yaqinida boʻlib oʻtadi. 8 kunlik qattiq toʻqnashuv turklarning toʻla gʻalabasi bilan tugaydi[14].
Xusrav Anushervon va Istemi yabgʻu oʻrtasida eftallarning merosini boʻlib olish uchun boshlangan kelishmovchilik, har ikkala saltanatning turli xil iqtisodiy qiziqishlari bilan bogʻliq omillar tufayli ochiq kelishmovchiliklarga olib keladi. Sugʻdlik Maniax boshchiligida savdo-sotiqni yoʻlga qoʻyish uchun Sosoniylar saroyiga yuborilgan elchilar keltirgan ipak matolar ularning koʻz oʻnglarida yoqib yuborilishi Istemi yabgʻuning munosabatlarni oydinlashtirish uchun ikkinchi bor forslarga turklardan iborat elchilikni yuborishiga sabab boʻladi. Biroq bu elchilar ham qandaydir kasallik tufayli oʻlib, Fors saltanatidan bor-yoʻgʻi uch-toʻrt kishigina tirik qaytib keladi[15].
Bir soʻz bilan aytganda, Istemi yabgʻu Sosoniylar shahanshohini elchilarini ataylab zaharlab oʻldirganlikda ayblab, unga qarshi urush boshlaydi. Shu bilan bir vaqtda yabgʻu forslarga qarshi Vizantiya bilan ittifoqchilik (567–568)ni yoʻlga qoʻyadi. Ular oʻrtasidagi ilk toʻqnashuv turk qoʻshinlarining Amudaryoni kechib oʻtib, Jurjon (Gurgon)dagi bir qancha boy shaharlarni egallashi bilan boshlanadi, biroq 569-yili ular yana Sugʻdga qaytib keladilar[16].
Gʻarbiy Turk xoqonligining eng yuksalgan kezlari ham Tardu xoqonning nevaralari Sheguy xoqon (610–618) va Toʻn yabgʻu-xoqon (xitoycha Tun-shexu; 618–630) otlari bilan bogʻliq. Sheguy xoqon sosoniylarning qoʻliga oʻtib qolgan Amudaryoning yuqori havzalaridagi oʻlkalarni qaytadan oʻziga boʻysundiradi va Forsning shimoli-sharqiy tegralariga hujum uyushtirib, Isfaxon, Ray kabi shaharlarni qoʻlga kiritadi[17].
Sheguy xoqon boshqaruvi chogʻlaridan kuchaya boshlagan Gʻarbiy xoqonlik 618-yilda hokimiyatga kelgan ukasi Toʻn yabgʻu-xoqon davrida oʻzining eng yuksak choʻqqisiga chiqadi. Xitoy tarixchilari bu xoqonga siyosiy va harbiy arbob oʻlaroq yuqori baho berishgan: “Toʻn yabgʻu xoqon mard, oʻylab ish koʻradigan, aqlli edi. Uning har bir jangi gʻalaba bilan tugar, shuning uchun ham telelarni oʻziga boʻysundirdi...”[18].
Toʻn yabgʻu-xoqon 618–619-yillarda Forsga Hindukush, Gurgon va Sharqiy Kavkazboʻyi yoʻnalishlari boʻylab hujum uyushtirib, uning Gurgon, Ray va Isfaxon kabi shaharlarini egallaydi. Ushbu oʻlkalarni boshqarish uchun esa eltabar va tudunlar yuboradi[19].
626-yilda Tbilisi yaqinida Vizantiya imperatori Irakliy (610–641) va Toʻn yabgʻu-xoqon (yunoncha Ziyebil) bilan boʻlgan uchrashuv vizantiya manbalarida quyidagicha tilga olinadi: “Ziyebel va yonidagilar imperatorning oldida egilib, taʼzim qilishdi, imperator esa tojini oʻz boshidan olib, Ziyebilning boshiga qoʻydi. Va qizi malika Yevdokiyani unga berishga vaʼda beradi”[20].
Vizantiya imperatori Irakliy (610–641)ning ittifoqchisi oʻlaroq Toʻn yabgʻu-xoqonning oʻgʻli boshchiligidagi turk qoʻshinlari va ularga boʻysunuvchi xazarlar Ozarbayjon va Gruziyada forslar qoʻshinini yengib, Darband, Tbilisi, Partavni egallagan boʻlsalar[21], Xurosonda esa Toʻn yabgʻu-xoqon Sosoniylar shahanshohi Xusrav Parvizni tor-mor etadi. Izlanuvchilar ushbu voqealarni Sosoniylar saltanatining qulashini boshlab bergan sabablardan biri deb qaraydilar. Turk xoqoni endilikda Sosoniylarning ichki ishlariga toʻla aralashib, hatto, shahanshohni taxtga oʻtkazishga ham erishadilar[22].
Strategiya: razvedka va jang taktikasi
Turklar udumiga koʻra, xoqonlar qoʻshin jangovarligini oshirish uchun bir qator tadbirlarni bajarganlar. Bunga VII yuzyillikning yarmiga tegishli xitoy yilliklarida yozilgan, xoqonlar “doimiy jang qilish, qilichbozlik va oʻq-yoy otish mashqlarini amalga oshirar, ovga chiqardilar” degan bilgilar yaxshi oʻrnak boʻladi.
Turk xoqonligining harbiy sanʼati uchun Turkiston chorvadorlari anʼanasi kabi ot bilan jang qilish usuli xos edi. Hujumni oldin yoydan biror chaqirimdan turib oʻq uzish bilan boshlab berishgan. Bu vazifani koʻproq oʻq-yoy bilan qurollangan yengil otliq guruhlar bajarishgan. Jangning hal qiluvchi chogʻida esa urushga ogʻir qurolli otliqlar kirgan. Ular dushmanga zich safga tizilgan holda nayzalar bilan xujum qilishgan. Shu tariqa ular dushmanni yaqin chaqrimda turib urush qilishga majbur qilishgan. Bunday hujum esa foyda berib, dushman chiday olmay, koʻp oʻtmay chekingan. Zirhli otliqlar esa hujumda davom etib, dushmanni butunlay qirib tashlash bilan jangni tugatishgan. Shu yerda Turk xoqonligi qoʻshinlari dushmanni eng oxirigacha taʼqib qilib borib, uni butunlay tor-mor qilmagunlaricha tinchishmasligini aytib oʻtish kerak. Oʻrnak uchun, juan-juanlarni ular to Yevropagacha quvib borishgan[23].
Yordamchi piyoda guruhlarning jangdagi qatnashuvi esa aralash jang usuli qoʻllanilganida yordam bergan. Dushmanning hujumini oʻq-yoy bilan qarshi olishda ular qoʻl kelgan[24]. Vaziyat taqozo etganida ayrim turk otryadlari dushmanga turli tarafdan hujum qilgan holda mustaqil harakat qilishgan.
Vizantiyalik harbiy mutaxassis Mavrikiy (VII yuzyillik birinchi yarmi) oʻzining “Strategikon” degan bitigida turklarning taktik usullarini shunday tasvirlaydi: “endi turklar va avarlar ham jangovar tartibda tizilishadi... Ular jangovar qoʻshinni rumliklar (vizantiyaliklar koʻzda tutilmoqda) va forslarga oʻxshab bir chiziq boʻylab joylashtirishmaydi”[25].
Xoqonlikda xabarlashuv – oʻzaro aloqa bogʻlash ham yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, dushmanga qarshi rejalashtirilgan harbiy faoliyat oʻzaro xat-xabarlashuvlar orqali amalga oshirilgan. Shunday mazmundagi yozishmalar sugʻd va baqtr tilli hujjatlar orasida saqlanib qolgan[26]. Xatlar Sugʻd, Toʻxoriston yoki Kobuliston hukmdorlariga tegishli boʻlib, ularning ayrimlarida xoqon tomonidan “topshiriq kelgani” yoki “yorliq yuborilgani”, yo boʻlmasa, ushbu hukmdorliklarning arablarga qarshi harbiy yordam soʻrab, xoqonga xat orqali yuzlanishganini koʻrsatadi.
Harbiy istehkom – qoʻrgʻonlar
Yevroosiyoda harbiy mudofaa inshootlarini qurish udumi uzoq mingyilliklarga borib taqalib, chegara chiziqlarida mustahkamlangan manzilgohlar va yashirinish uchun qoʻrgʻonlar, qasrlar va hukmdorlarning qarorgohlari qurilgani bunga yaxshi oʻrnak boʻladi. Chorvadorlar jamiyatida davlatlarning yuzaga kelishi bilan harbiy inshootlarning ahamiyati yanada ortdi[27]. Chorvadorlar imperiyasining suv yoki quruqlik yoʻllari boʻylab uncha katta boʻlmagan istehkomlari qad koʻtaradi. Biroq bunday istehkomlarning hech birida aholi doimiy yashagan emas, ular faqat jang vaqtlarida zaxira ombori va mudofaa yerlari vazifasini oʻtagan[28].
Xoqonlik voha davlatlarini boshqarish uchun ularning hududida harbiy garnizonlar qurgan. Ana shunday garnizonlardan biri, Beshbaliq shahri boʻlgan. Yozma bitiklarda keltirilishicha, Gʻarbiy turk hukmdorlaridan biri xoqonlikka xiroj va soliq yetkazib turgan Gaochanni qoʻriqlash uchun Beshbaliqda garnizon qurdirgan. Gaochandan 125 km shimoldagi bu garnizon oʻz oʻrnashuviga koʻra, tashqi xavflardan himoyalash uchun strategik tomondan qulay boʻlgan[29].
Xoqonlik qoʻshinlariga moʻljallangan maxsus qarorgoh shahar-qoʻrgʻonlar boʻlgan. Ana shunday qarorgoh va garnizonlardan yana biri – Jabgʻukat (Oqota shahar xarobasi) shahri edi. Jabgʻukat Binkatdan shimol tomonga olib boradigan oʻrta asr savdo yoʻlida boʻlgan ilk shaharlardan biri boʻlib, “chiroyli bu shahar qadimda Chochning harbiy lageri – lashkargohi edi”[30], “ichki mudofaa devoriga ega harbiy lashkargoh”[31] boʻlgan. Istaxriy Chochdan Iloqqa olib boruvchi yoʻldan sharqda, Turk daryosi (Chirchiq) vodiysida oʻrnashgan boʻlib, Choch vohasi Turk xoqonligiga kirgan chogʻda ilk turk hukmdorlari qarorgohi oʻlaroq tiklangan[32].
Jabgʻukatning qachon va kim tomonidan qurilgani aniq emas. Oldiniga V.V. Bartold sobiq Niyozbek qalʼasi oʻrnida boʻlgan ushbu shahar otini turkcha yabgʻu (jabgʻu) unvoni bilan bogʻlagan va “Jabgʻu shahri”ni anglatadi, deb chamalagan edi[33]. Yu.F. Buryakov ham xon qarorgohi oʻrnidan qad koʻtargan turkcha atalgan shaharlardan biri boʻlgan, deb qaragan[34].
555-yili eftallar va turklar orasidagi chegara Sirdaryo havzalari va Toshkent vohasi sanalib, bilgilarga koʻra, VI yuzyillikning 60-yillarida Istemi eftallarga qarashli oʻlkalardan eng birinchi Chochni qoʻlga kiritgan edi[35]. Xuddi shu voqealar bilan bogʻliq holda Jabgʻukat oldiniga harbiy maqsadlar (qoʻshin saqlash, qoʻshinning harbiy tayyorgarligi kabi) uchun moʻljallab qurilgan boʻlishi kerak. Ehtimol, Istemi boshchiligidagi turklarning eftallarga qarshi keyingi yurishlarida Jabgʻukat harbiy baza – qoʻrgʻon vazifasini oʻtagandir.
Bu kabi harbiy qarorgoh-qoʻrgʻonlar birgina harbiy maqsadlar uchun emas, balki vaziyat talab qilganida biror vaqt oliy hukmdorlarning ham yashash yerlari boʻlgan. Shuningdek, urushlar chogʻida uning atrofidagi chorvador aholiga yashirinish imkonini bergan[36].
Toʻxtam
Turklarning harbiy ishi mintaqadagi boshqa davlatlarning harbiy ish rivojiga sezilarli taʼsir koʻrsatgan. Vizantiyalik harbiy mutaxassis Mavrikiy yunon qoʻmondonlariga doimo avar va turklarning tajribasini qoʻllash kerakligini uqtirgan. Ushbu nasihatlar, eng oldin, qurol-yarogʻlarga tegishli boʻlib, deylik: “Jangchining kiyimi xuddi avarlarnikidek, keng, uzun va chiroyli boʻlishi kerak” yoki “...otlarning tumshugʻi va koʻkragi xuddi avarlarniki singari quroq boʻlaklari bilan boʻlsa-da, qoplangan boʻlishi kerak, ular, ayniqsa, jang vaqtida oldinda boʻluvchi otliqlarning otlarini boʻyin va koʻksini himoyalab tursin. Egar ustida ikkita temir uzangi, arqon va oziq-ovqat uchun qopchiq boʻlishi kerak. Otning belida toʻrtta, boshida va iyagida bittadan popugi boʻlishi kerak”. Shuningdek, “chodirlar avarlar va turklarnikiga oʻxshab yaxshilab tikilishi kerakki, chunki shunday chodirlar ham chiroyli, ham qulaydir”[37] deb uqtirilgan.
Yuqorida koʻrib oʻtilganidek, Turk xoqonligi oʻz davrida harbiy tomondan ilgʻor boʻlgan. Oʻnlik tizimga tayanilgan doimiy qoʻshin – koʻproq har biri 10 mingdan jangchi yetkazib beruvchi “Oʻn Oʻq” tuzilmasi doimiy hozir boʻlgan 100 minglik qoʻshin boʻlgan. Xoqonlikning koʻp sonli, intizomli va tezkor otliq qoʻshinga ega boʻlgani ham oʻsha chogʻlarning qudratli saltanatlaridan biriga aylanishiga yoʻl ochib bergan.
Shuning uchun, Turk xoqonligi Sosoniylar, Vizantiya va Suy va Tan saltanatlari ustidan ustunlik qilish va doimiy oʻz chegaralarini kengaytirib borishga erishgan. Turk xoqonligining butun oʻtmishi harbiy yurishlar va qabilalararo urushlar bilan toʻla boʻlishiga qaramay, Jungʻoriyadan to Qora dengizgacha boʻlgan ulkan tegrada turk qabilalarining oʻzaro uyushishiga va bir qancha turk tilli xalqlar etno-madaniy muhitining shakllanishiga negiz yaratdi[38]. Xoqonlikning kuchli harbiy tashkiloti esa Xitoyning Tan va Fors saltanatlarining tajovuzkorona niyatlariga toʻsqinlik qila oldi, keyinroq Arab xalifaligi bosqiniga ham birmuncha qarshi tura oldi.
Munira HOTAMOVA,
tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori
________________________________________
[1] Mangu el – bitiktoshlarda asosan bängu el shaklida uchrab, lugʻaviy jihatdan “mangu (abadiy) davlat” maʼnosini bildirgan.
[2] Abdurahmonov Gʻ., Rustamov A. Qadimgi turkiy til. T., 1982. – B. 90-91, 107.
[3] Bichurin N.Ya. Sobraniye svedeniy o narodax ... T. 1. – S. 292.
[4] Xudyakov Yu.S. Voorujeniye srednevekovыx kochevnikov... – S. 166.
[5] Bichurin N.Ya. Sobraniye svedeniy o narodax ... T. 1. – S. 229.
[6] Bichurin N.Ya. Sobraniye svedeniy o narodax ... T. 1. – S. 250.
[7] Koshgʻariy, Mahmud. Turkiy soʻzlar devoni (Devonu-lugat it-turk) / Tarjimon va nashrga tayyorlovchi S.M.Mutallibov. 1 jild. T.: Fan, 1960. – B. 349.
[8] Xudyakov Yu.S. Voorujeniye srednevekovыx kochevnikov... – S. 136-137, 169.
[9] Xudyakov Yu.S. Voorujeniye srednevekovыx kochevnikov.... – S. 168.
[10] Kyuner N. V. Kitayskiye izvestiya o narodax Yujnoy Si¬biri, Sentralnoy Azii i Dalnego Vostoka. M., 1961. – S. 327.
[11] Gumilev L.N. Drevniye tyurki. M., 1967. – S. 34.
[12] Gʻarbiy dengiz – bu yerda Orol yoki Kaspiy dengizlaridan biri koʻzda tutilmoqda. L.N.Gumilev Firdavsiyning Istami yabgʻuning chegarasi: “Chin (Xitoy)dan Jayxun (Amudaryo) qirgʻoqlarigacha va Chochning u tomonidagi Gulzariun (Sirdaryo)gacha” deb koʻrsatib oʻtganligini xisobga olib, bu yerda Orol dengizini tushinish kerak deb hisoblaydi. Gumilev L.N. Drevniye tyurki. M., 1967. – S. 35.
[13] Klyashtornыy S.G. Xunni i tyurki // Vostochnыy Turkestan v drevnosti i rannem srednevekovye. M., 1992. – S. 134.
[14] Klyashtorniy S.G. Xunnы… – S. 134; Peter B. Golden. An Introduction... R. 127.
[15] Pigulevskaya N.V. Vizantiya na putyax v Indiyu. M-L., 1951. S. 203-204.
[16] Klyashtorniy S.G. Xunni… – S. 134-135.
[17] Boboyorov Gʻ.B. Markaziy Osiyoda VI-VIII asrlarning 2-yarmidagi siyosiy-etnik jarayonlar (Oʻrxun-Enasoy yozuvidagi manbalar asosida). Tarix fanlari nomzodi darajasini olish uchun yozilgan diss-ya. T., 2003. – B. 33.
[18] Bichurin N.Ya. Sobraniye svedeniy ... T. 1. – S. 283.
[19] Boboyorov Gʻ.B. Markaziy Osiyoda... 2003. – B. 34.
[20] Brook K.A. Hazar – Bizans ilişkileri // Türkler, 2002. – S. 473.
[21] Golden P.B. An Introduction... 1992. – R. 135.
[22] Boboyorov Gʻ.B. Markaziy Osiyoda... – B. 35.
[23] Xudyakov Yu.S. Voorujeniye srednevekovыx kochevnikov... – S. 168.
[24] Xudyakov Yu.S., Tabaldiyev K.Sh. Drevniye tyurki ... – S. 121.
[25] Mavrikiy. Taktika i strategiya. Perev. kapitana Sыbыsheva. SPb., 1903. – S. 34. Iqtibos V.I.Raspopovaga koʻra: Raspopova V.I. Sogdiyskiy gorod i kochevaya step... S. 88.
[26] Sogdiyskiye dokumentы s gorы Mug. Chteniye, Perevod. Kommentariy. Vыp. II. Yuridicheskiye dokumenti i pisma / Chteniye, perevod i kommentarii V.A. Livshitsa. M., 1962. – S. 80-82; Sims-Williams N. Bactrian Documents from Northern Afghanistan. Oxford, 2000. – R. 106-112.
[27] Xudyakov Yu.S. Drevniye i srednevekovыye fortifikatsionnыye soorujeniya v Yujnoy Sibiri i Sentralnoy Azii // Voyennoye delo i srednevekovaya arxeologiya Sentralnoy Azii. Kemerovo, 1995. – S. 67.
[28] Xudyakov Yu.S. Drevniye i srednevekovыye fortifikatsionnыye soorujeniya… S. 67.
[29] Skaff K.J. VI – VIII. Asırlarda Türkistan Vahalarında Batı Türk Hakimiyeti // TÜRKLER, 2. cilt, Yeni Türkiye, Ankara, 2002. — S. 100.
[30] Hudud al-ʼAlam. The regions of the world. Translated by R.V. Minorsky. London, 1970. – R. 117, 357.
[31] Buryakov Yu.F. Istoricheskaya topografiya Tashkentskogo oazisa. T., 1975. – S. 73.
[32] Boboyorov Gʻ.B. Markaziy ... – B. 113.
[33] Bartold V.V. Istoriya kulturnoy jizni v Turkestane // Soch., t. 2, ch. 1. M., 1963. – S. 230.
[34] Buryakov Yu.F. Istoricheskaya topografiya ... S.
[35] Buryakov Yu.F. Genezis i etapы razvitiya gorodskoy kulturы Tashkentskogo oazisa. T., 1982. – S. 122.
[36] Kыzlasov L.R. Istoriya Yujnoy Sibiri v sredniye veka. M.: Vыsshaya shkola, 1984. – S. 145-147; Baypakov K.M. Gorodishye tipa “tortkul” // Arxeologicheskiye pamyatniki Kazaxstana. A.-A.: 1978. – S. 89.
[37] Mavrikiy. Taktika i strategiya. Per. kapitana Sыbыsheva. SPb., 1903. – S. 17-18. Ixtibos V.I. Raspopovaga koʻra: Raspopova V.I. Sogdiyskiy gorod i kochevaya step... – S. 88.
[38] Klyashtornыy S.G. Drevnetyurkskaya pismennost i kultura narodov Sentralnoy Azii // Tyurkologicheskiy sbornik 1972. M., 1973. – S. 254.
Vatandosh
Tarix
Tarix
Falsafa
Tarix
Tarix
Jarayon
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
Til
//
Izoh yo‘q