Dushmanlarni titratgan Turk xoqonligi qoʻshinining siri nima edi? 1-maqola


Saqlash
18:29 / 03.06.2025 177 0

Oʻtmishda butun Yevroosiyo boʻylab oʻz boshqaruvini oʻrnatgan Ahamoniylar, Yunon – Makedon va Xan saltanatlari kabi eng qudratli kuchlar boʻlgan. Ilk oʻrta asrlarga kelib esa Yevroosiyo kengliklarida bunday qudratli kuch rolini Buyuk Turk xoqonligi bajargan deyish kerak. Oʻzining ulkan harbiy yutuqlari tufayli Turk xoqonligi Yevroosiyoning dasht mintaqasidagi deyarli barcha chorvador qabilalarni, vohalardagi katta-kichik hukmdorliklarni oʻz qoʻli ostida birlashtira oldi. Shuning uchun, koʻplab jahon izlanuvchilari VI – XI yuzyilliklarni Turk xoqonligi bilan bogʻliq boʻlgan “qadimgi turk chogʻi” deb belgilashgan[1].

 

552-yilda Ashina qabilasi boshligʻi Bumin yabgʻu kuchayib, oʻzini “el-hoqon” deb atashi bilan Yevrosiyo kengliklarida yangi davlat – Turk xoqonligi quriladi. Xoqonlik sharqda Koreys boʻgʻozidan gʻarbda to Shimoliy Qora dengiz boʻylarigacha, shimolda Urol togʻlari, Yenisey va Baykalboʻyidan janubga tomon Afgʻoniston va Shimoliy Hindistongacha boʻlgan tegralarni egallashga erishadi. Qanday qilib buncha keng tegralarni qisqa vaqtda qoʻlga kiritdilar?

 

Qisqa vaqt ichida jahonning qudratli imperiyalaridan biriga aylanishiga Turk xoqonligining harbiy jihatdan boshqa davlatlarga qaraganda ancha ilgʻor boʻlgani sabab boʻlgan. Turkolog L.N. Gumilev aytganidek: “Qadimgi turklar erishgan yutuqlari tufayli dunyoning yarmiga egalik qilishlari shunchaki emas edi. Ular umumkoʻchmanchilik darajasidan ancha yuqori boʻlgan qoʻshin va boshqaruv tizimini yaratdilar hamda shunga yarasha yutuqlarga ham ega boʻldilar, deb ishonch bilan aytish kerak”[2].

 

Bilamizki, Ashina turklari juan-juan xoqonlariga temir qazib berish bilan shugʻullangan. Aynan togʻ¬kon ishlab chiqarishi xoqonlik siyosiy kuchining negizi sanalgan[3]. Oʻzlarining qurol-yarogʻ ishlab chiqaruvchi hunarmandchilik bazalari tufayli turklar harbiy qurol-yarogʻlarga va sovutli otliq qoʻshinga ega boʻlishgan. Bu esa oʻz-oʻzidan urush olib borish va qoʻshin tuzilishini yanada mukammallashtirib borish bilan birga, turklarning deyarli mustaqil boʻlib olishlariga imkon tugʻdirdi[4]. Shuni uqdirish kerakki, turklar uglerod oksidi bilan temir oksidini kimyoviy biriktirish yoʻli bilan temirni olishgan; bundan esa gʻovaksimon metall massa – kritsa[5] hosil boʻlgan. Bugungi kunda ham bunday usulda olingan temirning sifati pechda eritish orqali olinuvchi temirdan anchagina yuqori turadi[6].

 

Turk xoqonligi oʻtmishiga bagʻishlangan mumtoz izlanishlarda tarixiy voqea-hodisalar qatorida harbiy siyosat, jangu jadallar toʻgʻrisida ham qiziqarli bilgilar berilgan[7]. Aytaylik, mintaqaning turli yerlaridan topilayotgan turklarga tegishli qabr-qoʻrgʻonlardagi qurol-yarogʻlar, jangchilarning kiyimlari, ot-ulovlari bilan birga qoyatosh rasmlaridagi jang lavhalari ham bu borada yanada kengroq bilimlarni beradi[8]. Qisqasi, shu kungacha qoʻlga kiritilgan arxeologik topilmalar va yozma manbalar turklarning harbiy tashkilotining tuzilishi, mudofaa, uzoqdan va yaqindan olib borilgan janglari va umuman, harbiy sanʼatini oʻrganish imkonini beradi[9].

 

Qoʻshin tuzilishi

 

Bu choqqa tegishli yozma bitiklarda va turk jangchilari tasvirlangan qoyatosh rasmlardan anglashilicha, qoʻshin ikki turda qurollangan:

1) ogʻir qurollangan zirhli otliqlar;

2) yengil qurollangan jangchilar[10].

Eng eski chogʻlardanoq turklarning qoʻshini yengil qurollangan otliq kamonchilardan iborat boʻlgan. Bunday qoʻshin tarqoq saf taktikasini qoʻllagan. Toʻgʻrirogʻi, dushmanga biror chaqirim uzoqlikda turib birdaniga oʻq yogʻdirishgan[11]. Keyinchalik ham turk qoʻshinlarining negizini oʻq va yoy bilan qurollangan yengil otliqlar tashkil etgan boʻlib, ular tarqoq saf tortgan holda harakat qilishgan. Yozma bitiklarda turklarning otda turib kamondan mohirlik bilan oʻq uzishlari alohida urgʻulanadi[12]. Arab, fors, yunon, slavyan va boshqa tillardagi bitiklarda ham turklarning jangovar qoʻshini odatda otliqlardan iborat boʻlgani eslatiladi.

 

Turk xoqonligining Gʻarbiy qanotida qoʻshin ikkita qanotdan iborat “Oʻn Oʻq” tizimidan tashkil topgan edi[13]. Oʻn Oʻq qabilalar ittifoqi har biri 5 ta qabiladan iborat Sharqiy va Gʻarbiy ittifoqqa boʻlingan. Sharqiy qismi 5 ta qabiladan iborat “Dulu ittifoqi” deb yuritilgan va ularga 5 ta “choʻr” boshchilik qilgan. Gʻarbiy qismi esa “Nushibi ittifoqi” boʻlib, ularni 5 ta “erkin” boshqargan. Sharqiy yoki Markaziy xoqonlikda esa qoʻshin sharqiy qism – Toʻlas va gʻarbiy qism – Tardush qanotlaridan iborat boʻlgan.

 

Turk bitiktoshlari, xitoy yilliklari va arab tilidagi bitiklarda turk harbiy tuzilmasiga doir bilgilar keltirilgan. Oʻrnak uchun, bitiktoshlarda uchraydigan “Oʻn Oʻq” atamasi har biri 10 mingdan jangchi yetishtirib beruvchi 10 ta turk urugʻi boʻlganini anglatgan. Xitoy yilliklarida Istami xoqon “oʻnta katta qabilaning boshliqlarini barchasi boʻlib 100 ming jangchi bilan Gʻarbiy oʻlkalardagi Xu oʻlkalarini qoʻl ostiga olish uchun yuborilgan”i va u “yabgʻu-xoqon” unvoni bilan xoqonlikning Gʻarbiy qismi – Oʻn Oʻq eli (Oʻn Oʻq davlati)ni boshqara boshlagani tilga olinadi[14]. Qolaversa, arab tilli bitiklardan birida yozilishicha, VIII yuzyillik boshida xalifa Hisham ibn Abdulmalik (724–743) “turklar hukmdoriga” elchi yuborganida xoqonning oldida 10 ta qoʻlida bayroq (tugʻ) koʻtargan otliq kelgan, ularning har biri 10 mingtadan jangchini oʻz bayrogʻi ostida toʻplagan edi[15].

 

Xoqonlikning asosiy qoʻshini turk urugʻlaridan iborat boʻlgan[16]. Turk xoqonligida barcha erkaklar harbiy xizmatni bajarishga majbur edi. Xitoy yilliklariga koʻra, “urushda oʻlishni sharaf deb bilishgan, kasallik tufayli oʻlish esa uyat sanalgan”[17]. Bundan xoqonlik qoʻl ostidagi har bir er yigit harbiy boʻlgani va har biri jangovar ruhda oʻsganini anglash qiyin emas.

 

Ularning orasida shaxsiy qoʻriqchilar – Ashina urugʻidan boʻlgan xoqonlarning zirhli otliq gvardiyasi alohida ajratilgan edi. Ushbu gvardiyalar qoʻshinning oʻzagini tashkil etib, qoʻshinning birmuncha jangovar va zarbdor qismi boʻlgan. Xoqonning shaxsiy qoʻriqchilari (xos soqchilari) xitoy yilliklarida fuli – “boʻri” deb atalgan[18]. Turklarning bayroqlari sopiga ham oltin boʻrining boshi kiydirilgan[19]. Bu bayroq xoqonning oʻrdu-qarorgohi tepasida hilpirab turgan. Xitoy tarixchilari buning sababini turklar oʻzlarining kelib chiqishini unutmaganliklari bilan bogʻliq, deb tushuntirishgan[20].

 

Shu bilan birga, xoqonlik qoʻshini ichida turk harbiylaridan tashqari shahar aholisidan tuzilgan yordamchi piyoda va otliq qoʻshin ham bor edi. Ular oʻzlarining qurol-yarogʻlari bilan qurollangan va anʼanaviy jang usullarini yaxshi bilishgan[21].

Gʻarbiy xoqonlik qoʻshinlari koʻproq otliq jangchilardan tashkil topgan boʻlsa-da, urushlarda tuyalar ham ishlatilgan. Tan sulolasi rohibi Syuan-szan (627–645) turk xoqoni oldida boʻlgan kezda qoʻshinning bir qismi otda, bir qismi tuyada ekanini koʻrgan[22]. Shuningdek, turklar va forslar oʻrtasida boʻlib oʻtgan Hirot yaqinidagi urushda xoqonlik qoʻshinida jangovar fillar guruhi ham boʻlgan[23].

 

Xoqonlik qoʻshini soni borasida yozma bitiklarda turlicha bilgilar uchraydi. Deylik, xitoy yilliklarida 500, 2 000, 10 000, 100 000, 150 000, 400 000, 1 000 000 gacha boʻlgan qoʻshin guruhlari toʻgʻrisida soʻz borgan[24]. Turk xoqonlaridan biri Shibi toʻgʻrisida xitoy yilnomachilari shunday yozadilar: “millionlab qoʻshinga ega, oʻtmishda ham hech qachon shimoliy koʻchmanchilar bunchalik kuchaymagan edi”[25].

 

Xoqonlik Gʻarbiy qanoti qoʻshinlari kamida 100 mingdan ortiq jangchilardan iborat boʻlgan. Istami boshchiligida Gʻarbiy oʻlkalarga – eftallarga qarshi yuborilgan qoʻshin 100 ming jangchidan iborat boʻlgan[26]. Forslarga qarshi yuborilgan turk shahzodasi El Arslon (xitoycha Yang Su dele; forscha Save)ning qoʻshini esa 300–400 ming jangchini tashkil etar edi[27]. Oʻrni kelganda qiyoslash uchun keltirish kerakki, bu chogʻlarda Gʻarbiy va Sharqiy Turkistondagi voha davlatlarida qoʻshin soni bor-yoʻgʻi 1000 dan 10 minggacha boʻlgan edi.

 

Qoʻshin oʻnlik va ikkilik tartibida boʻlingan. Toʻgʻrirogʻi, har bir guruh 10, 100, 10 000 va 100 000 jangchidan iborat boʻlib, ular oʻz oʻrnida ikkita qanotga boʻlinishgan hamda 5, 50, 500 va 50 000 kishidan tashkil topgan. Bunday guruhlardan iborat butun qoʻshin esa Toʻlas va Tardush yoki Dulu va Nushibi deb ataluvchi ikki qanotga ajralgan. Bu boʻlinmalar boshida jabgʻu, kichikroq guruhlar tepasida esa tegin va eltabar kabi unvonga ega qoʻmondonlar turishgan[28].

 

Jangovar qurol-yarogʻlar va harbiylarning kiyim-kechaklari

 

Xitoy yilliklaridan biri “Chjou-shu”da turklarning jang qurollari shunday eslatiladi: “ularning qurollari shoxsimon yoy va xushtaksimon ovoz chiqaruvchi oʻq, sovut, nayza, qilich va dudama qilich (uzun, ogʻir qilich)lardan iborat... Otda turib yoydan mohirlik bilan oʻq uzadilar”[29]. Tan sulolasi imperatori Gao-szu esa “turklarning kuch-qudrati otda turib yoydan oʻq uzishlaridadir”[30] deydi.

 

Turli yerlardan chiqqan arxeologik topilmalar xoqonlik qoʻshinining mustahkam poʻlat qurollarga ega boʻlganini koʻrsatadi. Aytaylik, Oltoy oʻlkasidagi Baliq Sook yerida qurol-yarogʻlari va jang kiyimlari bilan koʻmilgan turk jangchisiga tegishli mozor-qoʻrgʻon qazilgan. Ushbu topilmalar tiklanganda, ular orasida qilich, dubulgʻa, xanjar, oʻq-yoy, sovut kabi jangovar buyumlar boʻlgani, ularning mustahkam temir va kumushdan yasalgani hamda otliqqa unchalik qiyinchilik tugʻdirmaydigan darajada yengil ekani oydinlashgan.

 

Otliq jangchining yonida, albatta, egar-jabduq, murakkab yoy, pastga tomon kengaygan sadoq (unga oʻqlar oʻtkir uchlari yuqoriga qaratilib solingan) boʻlishi shart edi[31]. Kamarlar qadama bezaklar bilan bezatilgan. Qilich chap tomondan ikkita kamar bilan qiyalatib taqilgan. Koʻpincha qurol-yarogʻlar nayza va bolta bilan toʻldirilgan. Mudofaa qurol-yarogʻlari uzun plastinkasimon yoki zirxli sovut, yopinchiq (barma)li dubulgʻa va uncha katta boʻlmagan qalqon uzun halqasimon ilgak orqali yelkaga osilgan[32].

 

Xoqonlik jangchilarining mahoratini arab tarixchilari shunday maqtashgan: “Turk yovvoyi hayvonlar, qushlar, nishonlar, kishilarni otadi... u joni boricha quvlagan holda orqaga va oldinga, oʻng va chapga, yuqoriga va pastga qarab otadi. Xarijit (arab oʻqchisi) kamon ipiga bitta oʻqni joylaguncha, u 10 ta oʻqni otadi. Xarijit tekis yerdan otini choptirgunicha, u oʻz otida togʻ yoki vodiydan tushib, katta tezlik bilan choptiradi. Turkning toʻrtta koʻzi bor – ikkitasi yuzida, ikkitasi esa gardanida”[33].

VI – VII yuzyilliklarda qoʻshin jang taktikasiga ega, oʻz kuchi va malakasiga ishongan drujina koʻrinishida boʻlgan. Qattiq asosdan yasalgan uzangi va egarning keng tarqalishi turk jangchisining nayza bilan hujumini yanada kuchliroq qilib, teshib (yorib) oʻtishida qoʻl kelgan. Yoydan kuchli zarb bilan bitta nishonni moʻljallab zoʻr va adashmasdan otishgan. Yoy tushirilgan holda tutilgan, bu esa uning butun kuchini otishga saqlash imkonini bergan. Oʻq pati yumshab ketmasligi uchun sadoqning tagi kengaygan boʻlgan, bu esa oʻz oʻrnida oʻqning bir xilligini taʼminlagan. Ikkinchi oʻqchi kamarning boʻlishi, aftidan, jang vaqtida kamon va sadoqni almashtirishni osonlashtirish bilan bogʻliq boʻlgan[34].

 

Turklarda har xil turdagi uch parrakli oʻq uchlari keng tarqalgan. Ularning barchasi yengil qurollangan dushmanni otishga moʻljallangan. Keyinchalik ikki va toʻrt parrakli, shuningdek, yassi oʻq uchlari ham yuzaga kelgan. Oʻq uchlari ayrim chogʻlarda suyakdan ham yasalgan, biroq ular juda kam uchraydi; oʻqlar koʻproq temirdan qilingan, temir oz boʻlgan yerlardagina suyakdan yasalgan boʻlishi kerak[35].

 

Arxeologik topilmalar orasida ayrim chogʻlarda oʻq uchlaridan tashqari oʻqning yogʻochdan qilingan qismlarining qoldiqlari ham uchraydi. Oʻqlarning turli boʻyoqlarga boʻyalgani esa jangchiga urushda kerakli oʻq uchini adashmasdan tez topishini qulaylashtirgan.

 

Turk jangchilarining dushmanga qarshi olib borgan uzoqdan (masofali) urushlarida koʻproq murakkab tuzilishga ega suyak va shoxdan qoplamali yoy va temir uchli oʻq ishlatilgan[36]. Qurol-yarogʻlarning qoldiqlari Tangritogʻdagi ot bilan koʻmilgan turk qabrlaridan, faqat erkaklarning mozorlaridan topilgan. Bu topilmalar yordamida turk jangchisining qurol-yarogʻlari toʻgʻrisida tasavvurga ega boʻlsa boʻladi[37]. Qilich va uzun dudama qilich har doim aslzodalik va boylik belgisi sanalgan[38].

Fuli – “boʻri” deb atagan turk harbiylari shamshir, nayza, uzun ogʻir qilichlar bilan qurollangan boʻlib, yaqindagi qoʻl jangini olib borishga moslashgan edi. Ular turk qoʻshinining zarbdor oʻzagi boʻlgan.

 

Dushmanga qarshi urushda turklar oʻzlarini himoyalash uchun temirdan yasalgan mudofaa aslahalarini ham keng ishlatishgan. Ularga eng birinchi sovut, dubulgʻa, qalqon kabilar kirardi. Qirgʻizistonning Ketmon-toʻba vodiysidagi tosh haykal yaqinidan topilgan sovut kiyimning qoldigʻi jangchi tanasini butunlay qoplovchi mudofaa kiyimi boʻlgan[39]. Bu kabi tishli plastinalardan iborat sovut kiyimlari ilk oʻrta asrlarda xitoy, toxar va sugʻd qoʻshinlari orasida keng tarqalgan[40].

 

Ogʻir zirxli otliqlarning qurol-yarogʻlari qatoriga oʻq-yoy, zarbli nayzalar, dudama uzun qilich, shamshir, xanjar, sovut, dubulgʻa kabilar kirgan. Uzoqdan turib urush vaqtida jangchilar otish uchun turli xil yoylarni ishlatishgan. Yengil qurollangan dushmanni yoʻq qilish uchun uch parrakli yoki yassi temir yoxud suyakdan yasalgan uchli oʻqlarni ustalik bilan qoʻllashgan. Yaqindan urish va qoʻl jangida esa jangchilar dushmanga nayza, uzun ogʻir qilich, shamshir va xanjarlar bilan hujum qilishgan. Oʻzlarini mudofaa qilish uchun esa plastinali sovutlar va dubulgʻalar kiyishgan[41].

 

Turklarning kiyim-kechaklari jangchi va ovchilar uchun qulay boʻlgan: kiyim qismlari, ayniqsa, kamarlarning ramziy anglami boshqa xalqlar uchun jozibali koʻrinardi[42]. Sochlarini oʻstirib, oʻrib orqasiga tashlab yurganlar. Ular kaftanlarining oʻng etagini chapga qayirib, bellariga naqshli kamar taqishgan. Ularning kamarlari ijtimoiy va siyosiy mavqeyini anglatgani uchun bunga alohida ahamiyat berishgan[43].

 

VI – VIII yuzyilliklarga tegishli Afrosiyob, Panjikent, Shahriston, Ajinatepa, Tavkatepa, Funduqiston kabi bir qator inshootlarning devorlaridagi rasmlarda turklarga xos mavzular berilgan[44]. Keyingi yillarda olib borilgan izlanishlar tufayli ularning koʻpchiligi Turk xoqonligi bilan bogʻliq ekani yanada oydinlasha boshladi. Afrosiyob devor rasmlarining bir qismida Gʻarbiy turk xoqoni va uni qurshab turgan turk mulozimlari berilgan[45]. Soʻnggi yillarda koʻpchilik izlanuvchilar (V.A. Shishkin, L.I. Albaum, M. Mode, S.A. Yatsenko, I.A. Arjanseva kabilar) Afrosiyobdagi “Elchilar zali”da VII yuzyillik oʻrtalarida yuz bergan chinakam siyosiy voqelik tasvirlangan, deb qarashmoqda. Shuning uchun, musavvir rasmdagilarning kiyim-kechak va qurol-yarogʻlarini aniqlik bilan tasvirlashga uringan[46].

 

Munira HOTAMOVA,

Tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori

________________________________________

[1] Klyashtornыy S.G. Formы sotsialnoy zavisimosti v gosudarstvax kochevnikov Sentralnoy Azii //Rabstvo v stranax Vostoka v sredniye veka. M.: Nauka, 1986, s. 318; Grach A.D. Xronologicheskiye i etnokulturnыye granisы drevnetyurkskogo vremeni // TS. K 60-letiyu A.N. Kononova. M., 1966, s. 188-193; Kыzlasov L.R. Drevnyaya Tuva (ot paleolita do IX v). M.: Izd-vo MGU, 1979, s. 130; Savinov D.G. Drevnetyurkskiy kulturnыy kompleks i yego znacheniye v tyurkskom kulturogeneze // V sb.: Role and place of the Turkic civilization among the world civilization. 2nd International congress on Turkic civilization. Bishkek, 2005, p. 52-58.

[2] Gumilev L.N. Drevniye tyurki. M., 1993. – S. 56.

[3] Sinor D. The establishment and dissolution of the Turk empire // The Cambridge History of Early Inner Asia. Ed. by D.Sinor. Cambridge, 1990. – R. 313.

[4] Xudyakov Yu.S. Voorujeniye srednevekovыx kochevnikov Yujnoy Sibiri i Sentralnoy Azii. Novosibirsk, 1986. – S. 135.

[5] Kritsa – choʻyandan maxsus usul bilan hosil qilingan yumshoq temir.

[6] Zinyakov N.M. Chernaya metallurgiya i kuznechnoye remeslo altayskix plemen VI – X vv.: Avtoref. dis. ... kand. ist. nauk. Kemerovo, 1983.

[7] Klyashtornыy S.G. Drevnetyurkskiye runicheskiye pamyatniki kak istochnik po istorii Sredney Azii. M., 1964; Klyashtornыy S.G. Pamyatniki drevnetyurkskoy pismennosti i etnokulturnaya istoriya Sentralnoy Azii. SPb., 2006; Gumilev L.N. Drevniye tyurki. M., 1993 va boshqalar.

[8] Grach A.D. Drevnetyurkskiye izvayaniya Tuvы. M., 1961; Gavrilova A.A. Mogilnik Kudыrge kak istochnik po istorii altayskix plemen. M., 1965; Vaynshteyn S.I. Nekotorыye voprosы istorii drevnetyurkskoy kulturы // SE, № 3. M., 1966; Sher Ya.A. Kamennыye izvayaniya Semirechya. L., 1966; Savinov D.G. Narodы Yujnoy Sibiri drevnetyurkskuyu epoxu. L., 1984; Ovchinnikova B.B. Tyurkskiye drevnosti Sayano-Altaya v VI–X vv. Sverdlovsk, 1990; Tabaldiyev K. Kurganы srednevekovыx kochevыx plemen Tyan-Shanya. Bishkek, 1996.

[9] Xudyakov Yu.S. Voorujeniye srednevekovыx kochevnikov Yujnoy Sibiri i Sentralnoy Azii. Novosibirsk, 1986.

[10] Xudyakov Yu.S. Voorujeniye srednevekovыx kochevnikov ... – S. 160.

[11] Xudyakov Yu.S. Voorujeniye srednevekovыx kochevnikov... – S. 135.

[12] Bichurin N.Ya. (Iakinf). Sobraniye svedeniy o narodax, obitavshix v Sredney Azii v drevniye vremena. M.; L., 1950. T.1. – S. 229.

[13] Xudyakov Yu.S., Tabaldiyev K.Sh. Drevniye tyurki na Tyan-Shane. Novosibirsk, 2009. – S. 107.

[14] Bichurin N.Ya. Sobraniye svedeniy o narodax ... T. 2. – S. 291.

[15] Asadov F.M. Arabskiye istochniki o tyurkax v ranneye srednevekovye. Baku, 1993. – S. 44; Stark S. On Oq bodun. The Western Türk Qağanate and the Ashina clan // Archivum Eurasiae Medii Aevi, Tom 15 (2006/2007), Wiesbaden, 2008. – P. 160-165.

[16] Bichurin N.Ya. Sobraniye svedeniy o narodax ... T. 2. – S. 323; Chavannes E. Documents sur les Tou-kiue (Turks) occidentaux // Sbornik trudov Orxonskoy ekspeditsii, vыp. 6. SPb., 1903. – P. 293, 297.

[17] Bichurin N.Ya. Sobraniye svedeniy o narodax ... T. 1. – S. 231.

[18] Bichurin N.Ya. Sobraniye svedeniy o narodax ... T. 1. – S. 229.

[19] Jumaganbetov T.S. Kult Tengri kak osnova gosudarstvennoy ideologii drevnetyurkskogo kaganata // Vostok, № 2. M., 2006. – S. 119-126; Bichurin N.Ya. Sobraniye svedeniy o narodax ... T. 1. – S. 229.

[20] Bichurin N.Ya. Sobraniye svedeniy o narodax ... T. 1. – S. 229.

[21] Xudyakov Yu.S., Tabaldiyev K.Sh. Drevniye tyurki... – S. 107.

[22] Zuyev Yu.A. Ranniye tyurki: ocherki istorii i ideologii. Almatы, 2002. – S. 264.

[23] Gumilev L.N. Drevniye tyurki. M., 1993. – S. 128.

[24] Bichurin N.Ya. Sobraniye svedeniy o narodax ... T. 1. – S. 232, 235, 236, 250; Kyuner N. V. Kitayskiye izvestiya o narodax Yujnoy Si¬biri, Sentralnoy Azii i Dalnego Vostoka. M., 1961. – S. 134, 187, 190.

[25] Bichurin N.Ya. Sobraniye svedeniy o narodax ... T. 1. – S. 245.

[26] Bichurin N.Ya. Sobraniye svedeniy o narodax ... T. 2. – S. 291.

[27] Gumilev L.N. Drevniye tyurki... – S. 128.

[28] Xudyakov Yu.S. Voorujeniye srednevekovыx kochevnikov... – S. 164.

[29] Bichurin N.Ya. Sobraniye svedeniy o narodax ... T. 1. – S. 229.

[30] Liu Mau-tsai. Die chinesischen Nachrichten zur Geschichte der Ost-Turken. Buch I-II. Wiesbaden, 1958. – S. 430.

[31] Raspopova V. I. Sogdiyskiy gorod i kochevaya step v VII-VIII vv. // KSIA. Vыp. 122. M. 1970. – S. 86-87.

[32] Raspopova V.I. Sogdiyskiy gorod i kochevaya step... S. 87.

[33] Asadov F.M. Arabskiye istochniki o tyurkax … S. 156.

[34] Raspopova V.I. Sogdiyskiy gorod i kochevaya step... S. 88.

[35] Xudyakov Yu.S. Voorujeniye srednevekovыx kochevnikov... – S. 149.

[36] Xudyakov Yu.S., Tabaldiyev K.Sh. Drevniye tyurki... – S. 108.

[37] Xudyakov Yu.S., Tabaldiyev K.Sh. Drevniye tyurki... – S. 108.

[38] Kirpichnikov A. N. Drevnerusskoye orujiye // Svod arx. istochnikov. Vыp. 2. M., 1973. – S. 65.

[39] Xudyakov Yu.S., Tabaldiyev K.Sh. Drevniye tyurki... – S. 119.

[40] Oʻsha yerda. B.120.

[41] Oʻsha yerda.

[42] Raspopova V.I. Poyasnыy nabor Sogda VII – VIII vv. // SA, № 4, 1965. S. 78-91; Yatsenko S.A. Drevniye tyurki: kostyum na raznosvetnыx izobrajeniyax // http: // www.formuseum.info/2007/11/25;#####replaceparse687##### Yatsenko S.A. The Costume of Foreign Embassies and Inhabitants of Samarkand on Wall Painting of the 7th c. in the Hall of Ambassadors from Afrasiab as a Historical Source // Transoxiana, № 8. Roma, 2004. http: // www.transoxiana.org/8.

[43] Vaynshteyn S.I. Mir kochevnikov sentra Azii. M.: 1991. S.185-199; Sümer F. Eski türklerde şehirçilik. Ankara: 1994. S.4.

[44] Albaum L.I. Jivopis Afrasiaba. T., 1975. – S. 20-32; Mode, 2006:110-125; Vaissiere de la, 2006:147-159

[45] Arjanseva I.A., Inevatkina O.N. Yeщye raz o rospisyax Afrasiaba: novыye otkrыtiya, kotorыm chetvert veka // Sentralnaya Aziya: istochniki, istoriya, kultura (Otv. red. Ye.A. Antonova, T.K. Mkrtыchev). M., 2005; Arzhantseva I., Inevatkina O. Afrasiab Wall-paintings revisited: new discoveries twenty five years old // Royal Nawruz in Samarkand. Acts of the Conference held in Venice on the Pre-Islamic Afrasiab Painting (Ed. by M. Compareti, E. de la Vaissire). Rome, 2006. – R. 183-202.

[46] Yatsenko S.A. O tochnoy date i obstoyatelstvax pribыtiya posolstv, izobrajennыx na rospisyax Afrasiaba.// “Uzbekistan — vklad v sivilizatsiyu. Buxara i mirovaya kultura”. (Tezisы). Vыp. 3, chast 1. Buxara, 1995.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//