
Muhammad Yoqubbek Badavlat (Otaliq gʻoziy) 1820-yil hozirgi Toshkent viloyati Piskent tumani hududida tavallud topgan. Otasi Pirmuhammad Mirzo Qoʻqon xonligidagi Qurama qishlogʻi qozisi, onasi esa piskentlik shayx Nizomiddinning singlisi bo‘lgan. 1845-yil Yoqubbek Toshkentda askarlikka chaqiriladi. Togʻasining Toshkent qozisi bo‘lib tayinlanishi va singlisining Toshkent hokimiga turmushga chiqishi munosabati bilan uning mavqei tez orada ko‘tarilib, dastlab xon o‘rdasida ishlashni boshlaydi. Keyinchalik ellikboshi, yuzboshi, ponsod (beshyuzboshi) boʻlgan. Shundan so‘ng, Chinoz va Avliyoota (1846)ga, keyin esa Oqmachit (1847)ga bek qilib tayinlanadi.
Muhammad Yoqubbek Oqmachit qushbegisi kezida rus bosqinchilariga qarshi kurashda jasorat koʻrsatgani uchun ham Toshkent hokimi uni chaqirtirib, boturboshi etib tayinlaydi. Biroz vaqt o‘tgach, Qoʻqon xoni Xudoyorxon Muhammad Yoqubbekni Xoʻjand begi qilib tayinlaydi.
1864-yilda Sharqiy Turkistonda Manjur imperiyasining zulmiga qarshi mustaqillik uchun kurash boshlanib, beshta xonlik yuzaga keladi. Koshg‘ar xoni Sodiqbek Qo‘qon xoni Said Sultondan yordam so‘raydi va Jahongir Xo‘janing o‘g‘li Buzrukxo‘jani Koshg‘arni boshqarishga taklif qiladi. Buzrukxo‘ja diniy arbobligi sababli siyosat va hokimiyatdan bexabar edi. Shu sababli ham Said Sulton Buzrukxo‘ja bilan birgalikda Yoqubbekni ellik askarga bosh qilib Koshg‘arga jo‘natadi.
Koshg‘arga yetib kelgach Buzrukxo‘ja xon, Sodiqbek esa bosh qo‘mondon deb e’lon qilinadi. Aslida esa barcha islohotlar Yoqubbek boshchiligida amalga oshirilgan. Yoqubbek Sodiqbekdan bosh qo‘mondonlik mansabini olish maqsadida Buzrukxo‘ja bilan uning oralariga nizo soladi. Natijada, Sodiqbek bir guruh askarlari bilan qochib ketishga majbur bo‘ladi. Sodiqbekdan butunlay qutulish maqsadida askarlariga pul berib, uni o‘ldirtirgan Yoqubbek bosh qo‘mondonga aylanadi. Yoqubbek askarlar sonini ko‘paytirib, harbiy tayyorgarlikni oshiradi.
Yoqubbek unga qo‘shni bo‘lgan Xo‘tan hokimi Habibulloni hiyla yo‘li bilan o‘ldirtirib, shaharning bor boyligini Koshg‘arga jo‘natadi. Yoqubbek Buzrukxoʻja va boshqa xoʻjalar nomidan ish yurgizib, Ili sultonligidan tashqari (mazkur xonlikni 1871-yil ruslar bosib olgan) 4 xonlikni (Qashqar, Xoʻtan, Kuchor, Urumchi xonliklarini) birlashtirib Yettishahar Uygʻur davlatini tuzgan. Xo‘tanni bosib olganidan so‘ng Yoqubbek Koshg‘arga qaytgach, hiyla yo‘li bilan Kucharni ham bosib olishga erishadi. Shiddatli jangda Rashid ad-Din qurbon bo‘ladi. Tyan-Shan tog‘larining janubiy yerlarini to‘liq birlashtirgach, Yoqubbek yakka siyosiy hukmronlik maqsadida Buzrukxo‘jani hajga borib keling deb, aldov yo‘li bilan to‘rt ming tilla pul berib Makkaga jo‘natadi. Yoqubbek Koshg‘ar, Xo‘tan, Kuchar xonliklari va Tyan-Shan janubidagi shaharlarni birlashtirib Yettishahar davlatiga asos soladi. Hukmdor sifatida o‘zini “Yoqubbek otaliq g‘ozi” deb e’lon qiladi.
U Yettishahar davlatiga asos solganidan so‘ng Koshg‘arda Qo‘qon xoni Said Sultonning otasi Mallaxon nomidan (1873-yilgacha shu nom bilan) oltin, kumush va mis tangalar zarb qildiradi. Tilla tangalarning old tomoniga arab yozuvi asosida “Said Muhammad Mallaxon bahodir”, orqa tomoniga esa “zarb dar – as saltanat Qo‘qon Latif” deb yozilgan edi. Bu tangalarni o‘z nomidan emas, Mullaxon nomidan zarb qilishiga qator sabablar bor edi. Bular, musulmon davlatlarining qonuni bo‘yicha xon avlodidan bo‘lmagan kishi hokimiyatni egallasa-da, o‘zini xon deb e’lon qilolmas va o‘z nomidan tanga zarb ham qilolmas edi.
1866-yilda Yoqubbek Xo‘tanda kumush tanga pullar zarb qildirdi. Bu haqda Musa Sayrami: “Yoqubbek Xo‘tanda bir misqol shar’i oq tanga zarb qildi. Va bu tanganing bir tomoniga arab yozuvidan foydalanib “zarb Xo‘tan latif” deb zarb qildirdi” deb yozadi. Biroq, ayrim tangashunoslar bu pullarni Xo‘tan hokimi Habibullo tomonidan zarb qilingan deb talqin qilishadi. Buni Ermitaj muzeyining numizmatika bo‘limida Habibullo podsho nomi ostida saqlanayotgan tangalar isbotlaydi.
Koshg‘arda tilla, kumush va mis tangalar zarb qilingan. Faqatgina kumush pullar Koshg‘ardan tashqari Xo‘tanda ham (old tomoni Koshg‘arda zarb qilingan tangalarga o‘xshash, orqa tomoniga arab yozuvida “zarb Xo‘tan latif” deb yozilgan edi) zarb qilingan. Mis chaqa pullar Koshg‘arda zarb qilinib, old tomoniga Abd al-Azizxon va chaqa pullar zarb qilingan yillar berilgan. Tanganing orqa tomoniga esa zarb Koshg‘ar deb yozilgan. Abd al-Azizxon nomidan tangalar toki uning o‘limi (1876-yil)ga qadar zarb etilgan. Vafotidan so‘ng esa bir necha oy davomida sulton Murodxon nomidan zarb etiladi.
Yettishaharda mustaqil uyg‘urlar hukmronlik qilgan davrda zarb qilingan oltin va kumush pullar nafaqat Sharqiy Turkiston hududidagi savdo-iqtisodiyotda, balki unga qo‘shni bo‘lgan hududlar va davlatlarda, xalqaro savdo-sotiq munosabatlarida ham to‘siqlarsiz muomalada bo‘lgan. Ushbu xalqaro iqtisodiy va savdo omillar sababli qo‘shni davlatlarda zarb qilingan pullar ham Sharqiy Turkiston hududida muomalada bo‘lgan.
Yoqubbek tomonidan asos solingan Yettishahar davlatining bayrog‘i.
Yoqubbekning Qo‘qonlik harbiylardan tuzilgan “Andijonliklar” deb nomlanuvchi maxsus gvardiya qo‘shinlari.
Muhammad Yoqubbek hukmronligi davrida Turkistondagi ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy vaziyat butunlay o‘zgargan edi. Sababi, Chor Rossiyasi avvalo Qo‘qon, so‘ngra Buxoro va Xiva xonliklari asosiy yerlarini bosib olgan edi. Shu chog‘da asli toshkentlik bo‘lgan, Makkadan Koshg‘arga kelgan Eshon Saidxon qozi to‘ra Yoqubbek bilan ko‘rishadi va uni Turkistondagi vaziyatlardan boxabar qiladi. Suhbat so‘ngida Saidxon qozi to‘ra Yoqubbekka Turkiya sultoni Abd al-Azizxonga ko‘plab sovg‘alar bilan elchi jo‘natishni maslahat beradi. Muhammad Yoqubbek ushbu maslahatga amal qiladi. Said qozi to‘ra boshchiligidagi elchilarni sultonning o‘zi kutib olib, qimmatbaho buyumlar, olmos-u yoqut bilan bezatilgan oltin toj va shuningdek miltiq-qilichlarni sovg‘a qilib o‘z javobini Yoqubbekka yuboradi.
Javob sovg‘alaridan xursand bo‘lgan Yoqubbek xalifa Abd al-Azizxon nomiga xutba o‘qitib, 1873-yildan sovg‘a egasi nomidan old tomoniga “Sulton Abd al-Azizxon” (tangalar zarb qilingan hijriy yillar ham yozilgan), orqasiga esa “zarb dar-as-saltanat Koshg‘ar” deb yozilgan oltin, kumush va mis pullarni chiqara boshlaydi.
Yettishahar davlatida zarb qilingan pullar boshqa nomlar bilan atalgan bo‘lsa-da, ular Turkiston xonliklaridagi tangalar bilan (ayniqsa, tangalarning shakli, qisman nomlari ham) juda o‘xshash edi. Mazkur davrda Yettishahar davlatida bo‘lgan rus tarixchisi A.N.Kuropatkin o‘z asarida “Yettishahar davlati hududida Buxoro va Qo‘qon tangalari ham bemalol yuritilar edi” deb yozadi. Aynan shu mazmundagi ma’lumotni takidlagan xitoylik numizmatik Pen Sin Vey Yettishaharda zarb qilingan tangalarda hech qanday xitoycha yozuv yo‘q deydi.
1877-yil bahorning ilk kunlaridanoq Szo szun tan va Lyu szun tan qo‘shinlari Yoqubbekka qarshi Yettishahar davlatiga yurish boshlaydi. Amaldorlardan biri Niyozbek xoinlik qilib, 1877-yil 30-mayda Mag‘lubiyatga uchrayotgan Yoqubbekka zahar berib uni o‘ldiradi. Yoqubbekning vafotidan so‘ng uning katta o‘g‘li Bekqulibek tomonidan o‘z ukasi Haqqulibekning o‘ldirilishi, merosxo‘rlar bilan amaldorlar o‘rtasidagi nizolar, Oqsuv va Xo‘tan hokimlarining Bekqulibek bilan davom etgan jang-u jadallari manjur qo‘shinlariga bu davlatni bosib olishlariga imkon yaratib beradi. Bundan tashqari, Kuchar hokimi Kamolxon to‘ra qo‘shinlari bilan qarshilik ko‘rsatish o‘rniga, Farg‘onaga qochib ketishi va Yoqubbek davrida qo‘rqqanidan islomni qabul qilgan Koshg‘ardagi xitoylar tomonidan shahar darvozalarining ochib berilishi, shaharni manjur-xitoy askarlariga topshirishi vaziyatni yanada og‘irlashtirdi. Natijada, 1877-yil 17-dekabrda manjurlar Koshg‘arni egallaydi. Shu tariqa Sharqiy Turkistonda Muhammad Yoqubbek tomonidan asos solingan Yettishahar davlati uning vafotidan so‘ng Xitoydagi manjurlar sulolasi tomonidan qaytadan bosib olinadi.
Zavqibek MAHMUDOV,
Abdulla Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti v.b. dotsenti
Jarayon
San’at
Tarix
Tarix
Vatandosh
Tarix
Jarayon
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
Til
//
Izoh yo‘q