Uyida chiqindi to‘plagan uy bekasiga 25 darra urilgan – Qadimgi turonliklarda ozodalik qoidalari


Saqlash
12:43 / 04.06.2025 185 0

“Avesto”ning ilk nusxalari asosida sosoniylar (miloddan avvalgi VII–III asr) davrida 21 kitob holida yigʻilgan, bizgacha ularning chorak qismi yetib kelgan. Tiklangan matnga “Zand” nomi bilan sharhlar bitilgan. “Avesto” toʻrt qismdan iborat: Yasna (“Diniy marosimlar”), Yasht (maʼno jihatdan Yasnaga yaqin), Visparad (“Barcha Ilohlar haqidagi kitob”), Vendidod (“Yovuz ruhlarga qarshi qonunlar majmuasi”). Qadimgi Turon aholisining tabiatga bo‘lgan munosabati “Avesto”da o‘z aksini topgan. Unda insonni butun umri davomida tabiatni (suv, tuproq, olov, havo va h.) toza va bus-butun asrashga chaqiradi. Agar inson dehqonchilik va sug‘orish ishlarini yurakdan bajarsa, u Xudoning inoyatiga sazovor bo‘ladi. Yer haydab don ekkan kishi iymonni oziqlantirgan bo‘ladi, deb yozilgan. Shu bilan birga, insonni yaxshilikni yomonlikdan ajratishga, halol, pok bo‘lishga chaqiradi. Mehnat qilish esa mo‘l-ko‘lchilikka olib keladi. Bu o‘z navbatida yovuzlikni haydaydi, inson hayotini ko‘rkam va obod qiladi, deb uqtiradi [Avesto: 36]. Demak, bundan kamida 2700 yil avval insonning tozalik, tabiatga munosabati va undan to‘g‘ri, halol foydalanish umuminsoniy qonuniyat darajasiga ko‘tarilgan.

 

Kitobning barcha qismlarida, xususan, “Vendidod”da tabiblar tayyorlash, ularning burch hamda vazifalari, tabobat amaliyoti, kasalliklar tasnifi, ularning paydo bo‘lish sabab va omillari, bemorlarni davolash usullari, muolajaning eng ommaviy, faol usullari, dorivor o‘simliklar, ularning tasnifi, noyob dorivor giyohlar haqida bir muncha qimmatli ma’lumotlar mavjud. Bundan tashqari uy-manzil, jamoat joylarini, atrof-muhitni, tabiatni muhofaza qilish, toza tutish, shaxsiy ozodalikning turli jihatlari haqida hamon o‘z qimmatini yo‘qotmagan maslahatlar, tavsiyalar ko‘p.

 

“Avesto” matnida zamin, xona, badan, kiyim-kechak, oziq-ovqatlarni toza tutish va saqlash qoida – nizomiga alohida e’tibor berilgan. Unda qabristonlarni shahar va qishloqlardan yiroqda, balandlikda joylashtirish, uni maxsus devor yoki cho‘p panjaralari bilan o‘rab qo‘yish, murdasho‘y (go‘rkov yoki yuvgich)larning maxsus tozalikka rioya qilishi uqtirilgan. “Odam yoki it murdasi tekkan yerda bir yilgacha ekin ekish mumkin emas” deyiladi. “Vendidod”da murda tekkan libos, yerlarni qatron qilish, o‘likni dafngacha maxsus joyda asrash, uning liboslarini maxsus panada saqlash, uni barahna (yalang‘och) holda qo‘yish va boshqa omillar xususida foydali maslahatlar mavjud. Bir hayvon yoki parranda o‘ligini o‘z vaqtida xalq nazaridan olib, yerni chuqur kovlab, ko‘mib qo‘yish yo‘li bilan yurtda mikrob yoki kasal tarqalishining oldi olingan. Zardusht deydi: “Rostini aytsam, quyosh-u oy hamda yulduzlar ham nopoklardan aziyat chekadi. Murda chiqqan xonani pok etmoq uchun tanani uch marotaba yuvib, kiyimlarni ham uch marotaba yuvib, qatron qilmoq lozim. Albatta, o‘sha lahzalarda gohlarni o‘qib turmoq shart. Shundan so‘nggina bu xonaga boshqalarning kirishi mumkin. Xuddi shu o‘rinda suvni, otashni, umuman, barcha hayot manbalarini bulg‘agan, uni nobud etgan “odamlar do‘zahiydirlar” deb qayta-qayta uqtiriladi [Avesto: 8].

 

Ma’lumki, zardushtiylik dini tarqalgan ilk paytlarda o‘likni kuydirish yoki o‘limtikxo‘rlarga yedirish udumi bo‘lgan. Masalan, murda tog‘ yoki baland tepalikda yasalgan maxsus supaga qo‘yilgan. Hayvon yoki qushlar yeb ketgach, suyaklari yig‘ishtirib olinib, ko‘milgan yo bo‘lmasa maxsus joyda, idishda saqlangan. Marhumning suyaklaridan birini yoki kalla chanog‘ini saqlaydigan bunday xum yoki suyakdonlar ilm-fanda “ostadon”, “ossuariy” deb yuritiladi. Bunday ostadon namunalari Xorazm, Farg‘ona, Toshkent vohalarida arxeologlar tomonidan ko‘plab topilgan. Hayot rivojlanib, ilm-fan, ma’naviyat yuksalgach, bu odat havoni bulg‘ashi, murdani yegan hayvon yoki qushlar suv havazalariga tekkach, turli kasalliklarning tarqalishiga sabab bo‘layotganini sezib, o‘likni yuvib, maxsus kafanga olib, muayyan chuqurlikka ko‘mish, zaxkash mintaqalarda esa sag‘analarda saqlashga qaror qilingan. O‘likni kuydirish odati ham atrof-muhitning pokizaligini asrash maqsadida, o‘tin tanqisligining oldini olish uchun man etilgan.

 

“Avesto”da insonlar hamisha yuvinib, taranib yurishi, ins-u jinslarning nafasi tegmasligi, havodagi qo‘lansa narsalar o‘tirib qolmasligi uchun qalpoq kiyib, yopinchiq o‘rab yurish tavsiya etiladi. Bir kunda yuz-qo‘lni bir necha marta yuvish, tish, burun, quloqlarni tozalab yurish alohida uqtirilgan. Masalan, sochiq, tish yuvish vositalarini maxsus joyda asrash, olingan soch va tirnoqlarni odam yashaydigan joydan nariga, ellik qadam uzoqlikka, mushuk, itlar kavlab chiqara olmaydigan darajadagi chuqurlikka ko‘mib qo‘yish tavsiya etilgan. Chunki zardushtiylarda tanadan judo bo‘lgan har bir narsa murdor (nopok) hisoblangan. Uy, hovli eshigi oldi, ko‘chaga chiqindi to‘plab qo‘ygan uy bekasi 25 darra kaltaklash bilan jazolangan. Hovuz, chashma va ariq bo‘yiga mevali daraxt o‘tqazilmagan. Chunki bir dona meva suvga tushib chirisa, yuz ming mikrob tarqatishi mumkin deb hisoblangan.

 

“Kimda-kim murdor yerni pok etuvchini xushnud etsa, u otashga xushnudlik baxsh etadi, suvni, yerni, daraxtlarni, e’tiqodi but ayol-u erkaklarni xushnud etadi”, “Go‘riston yeri ellik yildan so‘nggina o‘zining oldingi pok holatiga keladi” singari fikrlar yodgorlikning turli qismlarida ko‘p uchraydi. “Avesto”da ana shundan keyingina bunday zaminga mevali daraxtlar o‘tqazish yoki u yerda ekin ekish bilan shug‘ullanish mumkinligi uqtirilgan. Shuningdek, unda xonaki hayvonlar: qo‘y, echki, sigir, xachir, eshak, ot, tuya va boshqalarni saqlash va parvarish qilish ozodaligi xususida ham foydali maslahatlar mavjud. O‘z itini o‘ldirib, uning murdasini chirib, mikrob tarqalishiga sabab bo‘lgan kishi bir askarga ot, dubulg‘a, sovut, qalqon, etik, kamand (sirtmoqli arqon), kamon, nayza, gurzi, palaxmon olib berishdek jarima to‘lashga majbur qilingan.

 

Inson yoki hayvon o‘ligi tushgan soy, ariq, hovuz, quduqlarni bir necha marta qatron qilish (suvga to‘ldirib bo‘shatish, yomg‘ir suvi bilan yuvib) ta’kidlanadi. “Ahuramazda javob beradi: o‘t-o‘lanlar hamda mevali daraxtlar ekilgan, suvlari hamisha ravon bo‘lgan zamin eng yaxshi yerdir. Ayol va farzandlari sarson va sargardon yuradigan yer eng yomon zamindir. Atrof-muhitni, ko‘cha-ko‘yni, butazorlar-u o‘tloqlarni, yerni iflos qilgan va uni asrash qoidalarini buzgan shaxslar “400 qamchi urish jazosiga” giriftor qilingan.

 

Inson yashayotgan xonadagi obrez (uyning burchagidagi suv to‘kadigan joy)da, alohida yasalgan xonada yuvinish yoki cho‘milish qat’iy man etilgan. Chunki yuvinish jarayonida inson a’zolaridan chiqqan kir va qo‘lansa hid yana bug‘lanib, nafas yo‘li orqali badanga kirib, og‘ir kasalliklarni paydo qilishi mumkin.

 

“Avesto”dagi muhit tozaligini saqlash va kasalliklarning oldini olish vositalarini quyidagi guruhlarga bo‘lish mumkin:

 

1. Chiqindilarni berkitish, ifloslangan joylarni tuproq, tosh, qum bilan ko‘mib tashlash. Shu yo‘l bilan mikroblar o‘ldirilgan yoki kamaygan.

 

2. Otash, issiqlik va sovuqlik ta’siri bilan yo‘qotish. “Avesto”da otash poklovchi va ofatni ketkazuvchi vosita hisoblanadi. U bilan hatto kiyim-kechaklarni turli mikroblardan tozalab, zararsizlantirish mumkin.

 

3. Kimyoviy yo‘l: kul, sirka, sharob, turli giyohlar (isfand-isiriq, mixik, fif, sadaf, piyoz, aloye, sandal) tutatish yo‘li bilan. Bularning ko‘pi hozir ham mikrob yo‘q qiluvchidir. “Vendidod”ning 6-bobida shamol, hayvon, parranda, pashsha orqali turli kasalliklar tarqalishi ta’kidlanib, uning oldini olish yo‘llari ko‘rsatilgan.

 

Kasallik tarqatadigan hayvon va hasharotlarni yo‘qotishga da’vat etilgan holda, “Avesto”da uy jonivorlarini ehtiyot qilishga chaqiriq kuchlidir. “Vendidod”da bir uy itini o‘ldirgan kishi o‘n ming barsum, o‘n ming ruhiyatni tetiklashtiradigan o‘simlik bargi jarima berishi lozim bo‘lgan. Shuningdek, u mingta echkiemar, mingta suv qo‘ng‘izi, kasal tarqatuvi pashshani o‘ldirib, gunohini yuvishi lozim”. Uy hayvonlaridan mushuk va itlarni boqish qoidasiga rioya qilish, parranda va hayvonlarga behuda ozor bermaslik, ularning bemahal o‘limiga sabab bo‘lmaslik uqtirilgan. Ov tozisi, cho‘pon kuchugi, xonaki itlarni ehtiyotlashga da’vat yodgorlikda ancha kuchli.

 

“Vendidod”ning 5 va 11-boblarida doimiy badantarbiya bilan shug‘ullanish, kunda yuz-qo‘lni bir necha marta yuvish, sochni toza tutib, tirnoqlarni tez-tez olib, tozalab turish tavsiya etiladi. Inson me’yori bilan doim to‘q yurishi, go‘sht iste’mol qilishi lozimligi ta’kidlangan.

 

“Avesto”da issiqlik, sovuq havo, ochlik, purxurlik, ruhiy iztirob, buzilgan taom yeyish, tozalikka rioya qilmaslik, Ahriman yuborgan qurt, pashsha va boshqa hasharotlar, yomon havo kasalliklarning asosiy manbayi deyiladi. Unda 9999 kasallikni Ahriman paydo qilgan, deyiladi.

 

Bundan tashqari yodgorlikda favqulodda holatlarning oldini olish, yaylovlar, butazorlarni payhon qilishga yo‘l qo‘ymaslik: ekinzorlar-u bog‘-rog‘larga, mevali daraxtlarga zarar yetkazmaslik, atrof-muhitning pokizaligini asrash, chashma, quduq, ariq, hovuzlarning tozaligiga e’tibor berish xususida ham ibratomuz fikrlar mavjud. Masalan, hovuz labi yoki ariq bo‘yida mol boqqan yoki o‘sha yerga otini bog‘lagan har qanday shaxs 25 qamchi kaltaklanish bilan jazolangan.

 

“Avesto”da keltirilishicha, Zardusht eng muhim tadbirlardan biri sifatida aholini toza, yaxshi sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlashni ko‘rsatgan. Aholi iste’mol qiladigan oziq-ovqat mahsulotlari yetarli va yaxshi sifatli bo‘lishi kerakligini ta’kidlagan. Zardusht to‘g‘ri ovqatlanish masalasiga alohida ahamiyat bergan. Yetarli ovqatlanmaydigan xalq kamquvvat bo‘ladi, bolalari yaxshi o‘smaydi, deb qayg‘urgan [ Avesto: 58]. Kitobda qon to‘kib qurbonlik qilish haqida ham yozilgan. Ammo ilohaga faqat bitta jonliq bag‘ishlangan – Zardusht ommaviy qurbonlik qilishni inkor etgan, chunki uning fikricha, qurbonliklar, jasadlar kasallik va nopoklikni olib kelgan.

 

Yuqoridagilardan xulosa qilish mumkinki, qadimgi Turon xalqlari diniy, mafkuraviy, kundalik turmush tarzlarida ozodalik asosiy o‘rinni egallagan. Shuningdek, “Avesto” matnlarini tahlil qilish davomida tibbiy qarashlar hamda tabiatga bo‘lgan munosabatning diniy qoidalar asosida tartibga solinganini ko‘rish mumkin. Bu qoidalar va shartlar ajdodlarimizning keyingi diniy qarashlariga, urf-odatlariga, marosimlariga, folkloriga hamda estetik va etik qarashlariga o‘z ta’sirini o‘tkazgan.

 

Ahrorjon ABDUG‘ANIYEV,

O‘zFA Tarix intiuti kichik ilmiy xodimi

 

Foto: Abdumannon Muhammad

 

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. Avesto “Videvdot” kitobi. T. 2017.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//