
Ispaniyalik ayollar 1931-yil saylov huquqini qoʻlga kiritgan. Buning uchun kurashgan eng mashhur ayollardan biri mamlakat tarixidagi ikkinchi advokat ayol Klara Kampoamor edi. XX asrda ispan yozuvchi, yurist va jamiyat ziyolilari ayollarni mustaqil, ilmli, professional muvaffaqiyatlarga erishgan, ijtimoiy hayotda va siyosatda erkaklar bilan teng faol ishtirok etadigan inson sifatida koʻrishni istagan. Tabiiy savol tugʻiladi: ularga kimlar hamfikr boʻlgan-u kimlar qarshi chiqqan? Ispan ayollariga taʼlim olish imkoni berilmagan bir vaqtda ularning siyosiy karyeralari qanday rivojlangan? Quyida shu va boshqa savollarga javob olamiz.
“Yoki oʻqi, yoki angishvona sotib ol”
1888-yilda tugʻilgan Klara Kampoamor yoshligidanoq juda qiziquvchan qiz boʻlib, kitob oʻqishni yaxshi koʻrgan va har hafta yakshanba boʻlishini intiqlik bilan kutgan. Chunki shu kuni Klara onasi bilan gapiradigan toʻtiqushi bor qandolatxonaga borardi.
Klaraning betashvish bolaligi otasi vafotidan keyin nihoyasiga yetadi. Moliyaviy qiyinchiliklarga qaramasdan onasi qizini monastir maktabiga yuboradi. Klara oʻqish davrida qiynaladi – rohiblar qizlarning ovqatlanishini qatʼiy cheklaydi. Lekin tez orada bu ham tugaydi: ulgʻaygan Klara uyidagi tikuv ustaxonasida onasiga yordam berish uchun qaytishga majbur boʻladi.
Oʻsha yillarni yodga olgan Kampoamor shunday deydi: “Kimdir ishimni maqtashga urinsa, kulaman. Onam qilgan saʼy-harakatlar oldida men qilganlarim hech narsa...”.
Klara 10 yoshidan ishlab, 15 yoshidan pul topa boshlaydi.Avvaliga u tikilgan buyumlarni sotadi, keyinchalik, 21 yoshida pochta boʻlimiga joylashadi. Kampoamor boshqa ayollardek anʼanaviy tarzda turmush qurib, oilaga gʻamxoʻrlik qilish yoʻlini tanlashi ham mumkin edi, lekin u mustaqillikni afzal biladi.
1912-yilda Kampoamor qoʻshnisining qiziga choʻqintirilgan ona boʻladi va unga hayotda oʻz yoʻlini topishi uchun yordam berishga vaʼda beradi. Qoʻshni qiz Gipuskoa yillar oʻtib provinsiyada birinchi ayol shifokor boʻladi va choʻqintirilgan onasi Klaraning gaplarini yodga oladi: “Yoki oʻqi, yoki angishvona sotib ol”. Kampoamor oilasini qashshoqlikdan qutqargan tikuvchilik Klara uchun ogʻir mehnat va taʼlim olishdan mahrumlikning ramzi edi.
Ogʻir sharoitga qaramay Klara oʻqib-oʻrganishni hech qachon toʻxtatmagan. U nafaqat ispancha, balki boshqa tillarda ham kitoblar oʻqirdi. Fransuz tilini mustaqil oʻrgangan Kampoamor Teofil Gotyening “Mumiyo haqida roman”ini ham tarjima qilgan.
25 yoshida maktab attestati boʻlmay turib, malaka imtihonini topshiradi hamda Madrid kattalar maktabida stenografiya va mashinada matn terish boʻyicha oʻqituvchi boʻladi. 33 yoshida esa maktab imtihonlarini topshirib, attestat oladi va nihoyat, universitetga qabul qilinadi. Yuridik fakultetini tamomlagan Klara Madrid advokatlar uyushmasiga ikkinchi ayol sifatida qabul qilinadi. Uyushmaga unga qadar faqat bitta ayol – Viktoriya Kent kirgan edi.
Ovoz berish huquqi
Klara universitetga kirgunga qadar Madrid Ateneumi – xususiy madaniyat markaziga qatnab, u yerda sufrajist Karmen de Burgos bilan tanishadi. U ziyolilar va siyosatchilar davrasida boʻlib, konservativ gazeta La Tribunaʼga maqola yozadi. 1922-yilda Klara ayollar (odam) savdosi va fohishalikka chek qoʻyishni maqsad qilgan tashkilot – Abolitsionistlar jamiyatini tashkil qilishda ishtirok etadi.
Oʻqish Klaraning oʻziga boʻlgan ishonchini orttiradi, u soatlab nutq mashqlarini bajarib, notiqlik mahoratini oshiradi. 1923-yilning mayida oʻqilgan “Ayol va uning yangi muhiti” maʼruzasida Klara jamiyat ayollarning shaxsiy rivojlanishga qanday xalal berishini koʻrsatib beradi. Uning oʻzi XX asr ayolini erkin, oʻqimishli, kasbiy muvaffaqiyatlarga erishgan, ijtimoiy hayotda va siyosatda erkaklar bilan teng ravishda faol qatnashadigan ayol sifatida koʻrishni orzu qilgan. Boshqa maʼruzasida boʻlsa Klara onalikning koʻrinmas tomoni – nikohsiz homilador boʻlish xavflari haqida aytib beradi. Uning “Qonun oldidagi yangi ayol”, “Turmushga chiqishdan avval” kabi mavzulardagi maʼruzalari muvaffaqiyat qozonadi. Shu tariqa, Klara nafaqat yurist, balki jamoat faoli sifatida ham shuhrat qozonadi.
1931-yil mayida Ikkinchi respublikaning vaqtinchalik hokimiyati ayollarga passiv ovoz berish huquqini taqdim etadi. Klara Kampoamor Radikal Respublikachilar partiyasining taʼsischilar yigʻilishida saylanadi. Yangi Konstitutsiya ishlab chiqaruvchilar guruhi tarkibiga kirgan Klara ayollarning tanlov, yaʼni ovoz berish huquqi uchun faol tarzda kurasha boshlaydi.
Ovoz berish huquqi boʻyicha bahslarda qanchalik paradoksal boʻlmasin, uning asosiy opponentlari ayollar: Radikal-ijtimoiy respublikachilar partiyasidan boʻlgan Viktoriya Kent va Ispaniya sotsial ishchilar partiyasidan Margarita Nelken edi.
Taʼlim olmaguncha ovoz berish huquqini bermaslik
Viktoriya Kent Klara Kampoamordan 3 yoshga, Margarita Nelken 6 yoshga kichik edi.
Badavlat yevreylar oilasidan boʻlgan Nelken bolaligida Madridda rassomchilikka oʻqib, keyinchalik Parijda yashaydi. U “Qumga botgan ayol” romani, yettita hikoya, feminizm haqida ikkita asar va onalik haqida pamflet muallifi. El Día, El Fígaro va La Libertad gazetalarida chop etilgan maqolalari Nelkenning 1921-yilda chiqqan eng mashhur “Ispaniyadagi ayollarning ijtimoiy holati” asariga asos boʻlgan. Bir qancha tillarni bilish Nelkenga koʻplab fransuz, ingliz va nemischa kitoblarni ispan tiliga oʻgirish imkonini bergan.
Yozuvchilik va tarjimalaridan kelgan tushum tufayli Nelken Madriddagi ishchilar oilasidan boʻlgan kambagʻal bolalar uchun rassomchilik sinflarini tashkil etadi. Keyinchalik bolalar uchun kichik priyut hamda ishlaydigan onalarning farzandlariga gʻamxoʻrlik qilish markazi ochadi. (Markaz 2-yil ishlaydi). Bundan tashqari, Nelken ishchi ayollar – fabrika ishchilari, hunarmandlar, oʻqituvchi va tikuvchilar huquqini ham faol himoya qilgan.
Viktoriya Kent
Viktoriya Kent boʻlsa yoshligidan liberal muhitda tarbiya olgan va universitetni tamomlab, yurist boʻlishga muvaffaq boʻlgan.
Kent ham, Nelken ham ayollarga tanlov huquqi berishni vaqt hukmiga qoʻyib berish kerak deb hisoblagan. Ularning ikkisi ham ispaniyalik ayollar cherkovlar taʼsirida respublika dushmanlarini hokimiyat tepasiga keltirishidan qoʻrqqan. Shuning uchun ham dunyoviy, ilgʻor taʼlim keng tarqalmaguncha ayollarga ovoz berish huquqini bermaslik kerak, deb bilgan.
“Ispaniyaga monarxiya berolmagan – maktab, laboratoriya va hokazolarini Respublika berganini ayollar koʻrishi kerak. Gap ularning qobiliyatida emas, respublikaning kelajak istiqboli haqida”, – deydi Kent.
Kampoamor unga qarshi shunday fikr bildiradi: “Axir, ayollar ham soliq toʻlamaydimi? Nima uchun erkaklar Respublika kelishi bilan barcha huquqlardan foydalanishi keragu ayollar lazerat taʼsiriga tushishi kerak? Men, hurmatli deputatlar, oʻzimni birinchi navbatda fuqaro sifatida his qilaman, ayol emas. Va aminmanki, ayollarning bu huquqdan mahrum qilinishi jiddiy siyosiy xato boʻladi”, – deydi.
Kampoamor maqsadiga erishadi: 1931-yilda mamlakat konstitutsiyasiga barcha ayollar ovoz berish huquqiga ega ekanligi haqidagi modda kiritiladi. Ular bu huquqidan 1933-yilga kelib foydalanadi.
Bu davrda ayollar oʻzlarining qarashlaridan qatʼiy nazar, parlamentda bosimlarga uchraydi. Klara Kampoamor doimo – nafaqat yigʻilishlarda, balki shunchaki koʻchada ham agressiv bahslarga tortiladi. Oilasi esa tahdidlarga uchrardi.
“Baʼzi ruhiy charchoqlardan soʻng parlamentdagi ishtirokimni kamaytirdim” – deb yozadi u. Deputatlardan biri Margarita Nelkenni hukumatga qarshi fitna uyushtirishda ayblaydi.
Frankodan keyin
Klara Kampoamorning katta rejalari bor edi. U ayollar uchun ajrimni osonlashtiruvchi va ayollar savdosi muammosini hal qiluvchi qonunlar qabul qilinishiga erishmoqchi edi. 1934-yil mayida Kompoamor yirik ijtimoiy loyiha boshlaydi, koʻzi ojizlar uchun mehnat birjasini yaratadi. Biroq ogʻir kunlar boshlanadi.
1933-yilgi davlat toʻntarilishi va Franko diktaturasi oʻrnatilishidan keyin Klara “Ayollar saylov huquqi va men: mening oʻlik gunohim” kitobini chiqaradi va mamlakatni tark etishga majbur boʻladi.
Kampoamor surgundagi umrini tarjimalar va turli jurnallar ustida ishlashga bagʻishlaydi. 1943-yildan 1945-yilga qadar Argentinada yashab, esselar toʻplamini chop etadi. 1955-yilda boʻlsa Lozannaga joylashib, koʻrish qobiliyatini yoʻqotgunicha yuridik firmada faoliyat yuritadi.
Klara Kampoamorning Madriddagi byusti
Kent fuqarolik urushi boshlanishi bilan vafot etganlarning ayoli va farzandlariga yordam berish dasturlarini yaratishga kirishadi. Bolalarni Fransiyaga evakuatsiya qilishni tashkillashtiradi – qoʻzgʻolon bostirilgach, bolalar uyiga qaytarilishi taxmin qilinadi. Biroq evakuatsiya qilinganlar ham, Kentning oʻzi ham begona yurtda qoldi. Ular Fransiyani nemis qoʻshinlari bosib olgach yashirinadi. Keyin esa Meksikaga, undan keyin AQSHga borishga muvaffaq boʻladi. U yerda Viktoriya Kent qamoqxonalardagi insonparvarlik bilan bogʻliq loyihalar bilan shugʻullangan. 1950-yildan boshlab BMTda faoliyat yuritgan.
Margarita Nelken Fuqarolik urushi vaqtida old safda (frontda) boʻlib, mitinglarda qatnashadi va kitob nashr etishda davom etadi. Bu esa uni “Vatan va xudosiz sargardon” hamda “Yubkadagi ilon” deb atovchi frankistlarni gʻazablantiradi. 1939-yili u taʼqiblardan Fransiyaga qochib ketadi. Keyin Meksikaga borib, sanʼat tanqidchisiga aylanadi. Oʻz yurtida sirtdan 30 yillik qamoq jazosiga hukm qilinib, Madriddagi mol-mulki musodara qilingan Nelken 1968-yilda vafot etadi.
Klara Kampoamor Ispaniyaga qaytishni orzu qiladi, biroq 1972-yilda Lozannada vafot etadi. 5 yil oʻtibgina ispaniyalik ayollar yana saylovlarda ovoz bera boshlaydi. Bu lahzalarni koʻrishga faqatgina surgundan 40 yil oʻtib 1977-yilda uzoq qisqa muddatga vataniga qaytgan Viktoriya Kent muvaffaq boʻldi va voqeadan 10 yil oʻtgach, u ham vafot etdi.
Tarix
Tarix
Tarix
Tarix
Falsafa
Mafkura
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
Til
//
Izoh yo‘q