Tug‘ilganingizdan beri qorong‘i g‘orda zanjirband holda o‘tiribsiz. Orqangizda olov yonmoqda, oldingizda esa faqat devor. Butun hayotingiz davomida ko‘rgan yagona narsa bu – devordagi soyalar. Kimdir yuradi, kimdir buyum ko‘taradi, siz esa faqat ularning soyasini ko‘rasiz va bu soyalarni haqiqat deb o‘ylaysiz.
2400 yil oldin, yunon faylasufi Suqrot g‘or haqidagi masal orqali inson aqlining eng katta sirini ochib bergan edi. Bugungi kunda esa, bu masal miyamizning qanday ishlashini tushunish uchun hayratlanarli darajada mos keladi.
Sababi, miyamiz ham xuddi o‘sha g‘orga o‘xshaydi. U bizga haqiqat deb ko‘rsatadigan ko‘p narsalar aslida soyadan boshqa narsa emas. Eng ajablanarlisi shuki, bu holatni miyamizning o‘zi ongli ravishda yuzaga keltiradi. Bugun biz aynan shu jarayonda eng ko‘p uchraydigan mantiqiy xatolar va kognitiv og‘ishlarni ko‘rib chiqamiz.
Tasavvur qiling, ikki kishi sizga bir xil gapni aytadi. Biri eng yaqin do‘stingiz, ikkinchisi esa yoqtirmaydigan odamingiz. So‘zlar bir xil bo‘lsa-da, siz ularni turlicha qabul qilasiz. Biri sizga to‘g‘ri eshitiladi, ikkinchisi esa noto‘g‘ridek tuyuladi.
Yoki boshqa holat: yangi telefon sotib olmoqchisiz. Birinchi ko‘rgan narxingiz miyangizda “langar” bo‘lib qoladi va keyingi barcha narxlarni ana shu birinchi raqam bilan solishtirasiz.
Bu tasodif emas. Bu sizning miyangiz sahnalashtirayotgan ichki teatr. G‘ordagi soyalar qanday aldovchi bo‘lsa, miyangiz ham sizga har kuni o‘nlab “soxta haqiqatlar”ni namoyish etadi. Siz o‘zingizni mantiqli kishi deb hisoblaysiz, lekin ko‘p hollarda qarorlaringiz aynan shu soya teatrining mahsuli bo‘ladi.
O‘tkan asr oxirida psixologlar Deniel Kahneman va Amos Tverski qadimiy falsafiy haqiqatni ilmiy dalillar bilan isbotladilar. Ushbu kashfiyotlari evaziga Kahneman 2002-yilda Iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofotiga ham sazovor bo‘lgan. Ularning tadqiqotlariga ko‘ra, miya ikki xil tizimda ishlaydi:
● Birinchi tizim – tez, hissiy va avtomatik. U devordagi soyalarni haqiqat deb qabul qiladi. Suqrot aytganidek, u g‘orning ichida qoladi.
● Ikkinchi tizim – sekin, ammo chuqur fikrlaydi. U g‘ordan chiqib, yorug‘likdagi haqiqatni ko‘rishga harakat qiladi.
Afsuski, bizning ongimizda birinchi tizim ko‘proq ustunlik qiladi. Aynan shuning uchun biz o‘zimiz sezmasak ham tez-tez noto‘g‘ri qarorlar qabul qilamiz. Bu degani, biz har doim ham mantiqiy qarorlar qabul qilmayapmiz.
Endi esa so‘zlar va manipulyatsiyalar orqali mantiqiy xatolar qanday shakllanishiga bir qancha misollar orqali nazar tashlaymiz.
Farzandingiz yomon baho oldi. Siz esa: “Sen baribir meni tinglamaysan, o‘zingni ko‘rsatmoqchisan,” deb aytasiz. Muammoning o‘zini emas, farzandingizning “soyasini” ayblayapsiz.
Bu g‘ordagi eng xavfli soyalardan biridir. Fikrni tanqid qilish o‘rniga shaxsga hujum qilinadi. Ijtimoiy tarmoqlarda bu juda keng tarqalgan: odamlar fikrni emas, muallifning surati yoki millatiga qarab tanqid qilishadi.
Do‘stingiz: “Men romantik filmlarni yaxshi ko‘raman,” deganda siz hoynahoy shunday dersiz: “Demak, faqat ahmoqona filmlarni tomosha qilasanmi?”
Bu g‘ordagi ayyor soyalardan biri. Siz raqibingizning fikrini buzib, osonlikcha mag‘lub qilsa bo‘ladigan “soxta” talqinni yaratasiz. Ommaviy axborot vositalarida bu usul juda keng qo‘llaniladi.
“Qora mushuk yo‘limni kesib o‘tdi, shunga ishim yurishmadi.” Bu ketma-ket hodisalarning tasodifiy bog‘liqligi. Bir voqea boshqasiga sabab bo‘lgandek tuyuladi.
Reklama qilganingizdan so‘ng savdo ko‘paydi – demak, bunga faqat reklama sababmi? Ehtimol, boshqa ko‘plab “omillar” ham ta’sir ko‘rsatgan bo‘lishi mumkin.
“Hamma buni qilayapti, demak, bu to‘g‘ri.” Bu qadimdan beri g‘orlarda eng keng tarqalgan mantiqiy xatodir. Bugungi kunda esa bu “virus” tus olgan: millionlab layklar endi “haqiqat” mezoniga aylanib qolgan.
“Agar farzandimni bitta baho uchun jazolasam, u mendan qo‘rqib, keyin hech qachon gapirmay qo‘yadi.” Bu miyamizning eng yomon ssenariyni tasavvur qilish odatidir.
Birgina voqea butun qo‘rqinchli hodisalar zanjirini keltirib chiqaradigan sababdek bo‘lib tuyuladi. Aslida esa bu shunchaki xayoliy “qo‘rquv zanjiri” bo‘lish ehtimoli katta.
Biz har kuni qarorlar qabul qilamiz: nima yeyish-u kim bilan gaplashishdan tortib qaysi yangilikka ishonishgacha. Ammo bu qarorlarimiz har doim ongli, izchil va mantiqiy bo‘ladimi? Afsuski, yo‘q. Hozir besh eng mashhur kognitiv og‘ishlarni, ya’ni ongli fikrlashdagi xatolarni ko‘rib chiqamiz.
Sevimli yozuvchingizning yangi kitobini o‘qimoqdasiz. Tanqidchilar uni yomon baholagan, ammo siz faqat ijobiy sharhlarni qidirasiz. Bu g‘ordagi eng xavfli soya. Miyangiz o‘z fikrini tasdiqlovchi ma’lumotlarni izlaydi xolos, qarshi dalillarni ko‘rmaydi.
Bozorda sabzavotchi: “Pomidor 10 ming” deydi. Siz 8 mingga kelishasiz. Asl narx esa, atigi 5 ming. Sotuvchi sizning miyangizga “langar” tashladi – g‘ordagi birinchi soya barcha keyingi soyalarni belgilaydi.
Samolyot halokati haqidagi xabarni eshitib, uchishdan qo‘rqasiz. Aslida esa samolyot eng xavfsiz transport sanaladi. Miya eng yorqin soyani – eng muhim deb hisoblaydi. Media bu sehrni ustalik bilan ishlatadi, misol uchun, sensatsiyalar ko‘proq va tezroq e’tibor oladi.
Yangi ish joyida birinchi hafta ichida barcha muammolarning yechimini topdingiz deb o‘ylaysiz. Bu g‘ordagi eng aldamchi soya. Kam bilimga ega odamlar o‘z qobiliyatlarini haddan tashqari baholaydilar. Ijtimoiy tarmoqlarda bu epidemiya har qadamda uchraydi – har kim har narsada “ekspert”.
Futbol o‘yini tugadi, sizning jamoangiz yutqazdi. Siz do‘stingizga: “Men buni oldindan bilardim, murabbiyni almashtirish kerak edi vaqtliroq” deysiz. Bu g‘ordagi “kechikkan donolik” soyasi. Voqea sodir bo‘lgach, uni oldindan taxmin qilganimizdek his qilamiz. Bu degani, biz o‘tmishni hozirgi bilimlarimiz orqali baholaymiz, bu esa noto‘g‘ri.
Endi asosiy savol: bu bilimlar bilan nima qilish kerak? Eng muhimi, o‘z miyangizga sog‘lom skeptisizm (shubha) bilan qarash. Maqsad g‘ordan butunlay chiqish emas (mumkin emasam), balki soyalar bilan haqiqiy nurni farqlash.
Suqrotning g‘or masalida, ularning biri zanjirdan xalos bo‘ladi va haqiqiy dunyoni ko‘radi. Keyin u qaytib kelib, do‘stlariga haqiqatni aytishga harakat qiladi. Ammo ular unga ishonmaydilar. Chunki soyalar ularning yagona haqiqati edi.
Bizning miyamizning cheklovlarini tushunish – haqiqiy donolikning birinchi qadami. Bu bilim bizni pessimistga aylantirishi shart emas. Aksincha, bu erkinlik yo‘lining boshlanishi bo‘lishi kerak.
Ammo endi telefon do‘konida qo‘lingizda ikki xil model turganida siz bilasizki:
● Sotuvchining birinchi aytgan narxi sizga “langar” uchun bo‘lishi mumkin;
● Do‘stingizning maslahati uning shaxsiy tajribasiga bog‘liq;
● Internetdagi izohlarda “confirmation bias” bo‘lishi mumkin;
● Eng mashhur rusum – har doim eng yaxshisi emas.
Tanlovingiz endi yanada ongli bo‘ladi. Siz hali ham g‘ordasiz, ammo endi soyalar bilan haqiqatni farqlashni bilasiz. Shunday qilib, bugun biz bekorga Suqrotning “meni donishmandligim – bilmasligimni bilganimda”, deb aytmaganini yaxshi tushundik, deb umid qilaman.
Mavzu doirasida chuqurroq o‘rganmoqchi bo‘lganlarga tavsiya etiladigan adabiyotlar:
● Daniel Kahneman – “Thinking, Fast and Slow”;
● Dan Ariely – “Predictably Irrational”;
● Nassim Nicholas Taleb – “The Black Swan”;
Samandar ERKINJONOV
San’at
Tarix
Tarix
Tarix
Tarix
Tarix
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
Til
//
Izoh yo‘q