
XXI asrning ilk choragi insoniyat hayotida olamshumul voqealarga boy kechdi. Tarix yo‘nalishi, dunyo geosiyosiy qiyofasini o‘zgartirayotgan hodisalar silsilasini eski jahon tartibotidan yangisiga o‘tishning zohiriy alomatlari deb baholash mumkin. Bunday burilish lahzalarida xalqlar ruhiyatidagi botiniy bir quvvat yuzaga chiqadi va uning ta’sirida dunyo sifat jihatdan o‘zgarib, yangi qoidalar asosida yashamoqqa tutinadi.
Sivilizatsiyadan sivilizatsiyaga, davrdan davrga o‘tish pallalarida ilm-fan vakillari, xususan, jamiyatshunoslarning shunchaki tomoshabin bo‘lmoqqa haqi yo‘q. Bil’aks, ular jamiyat ahliga zalvarli muammolar yechimi borasida oqilona javoblar hozirlamog‘i darkor. Qariyb to‘rt yuz yil hukmronlik qilgan yevrotsentrik tartibot o‘rnida ko‘pqutbli global nizom shakllanmoqda. Ushbu evrilish muhim bir xulosaga undaydi: eski nizomdan hafsalasi pir bo‘lgan milliardlab odam yangi qonun-qoidalarni talab etayotir.
Dunyo davlatlari bir yoqadan bosh chiqarib, kurrai arzni insonparvarroq bosqichga betalafot olib o‘tish yo‘llarini topishi lozim. Hozirda bashariyat hayoti taqdir hukmiga tashlab qo‘yilgandek. Holbuki, umumsayyoraviy muammo yechimini paysalga solib bo‘lmaydi. Xavfsizlik va barqarorlik uchun mas’uliyatni zimmasiga olgan davlatlar, xalqaro muassasalar jiddi jahd qiladigan vaqt allaqachon kelgan.
Bir necha asr mobaynida metropoliya davlatlar – mustamlakachilar tomonidan o‘z manfaatlariga moslab yaratilgan boshqaruv prinsipi va tuzilmasi chiridi. Paradoks shundaki, bundan AQSh yutgan bo‘lsa, mazkur siyosiy-iqtisodiy va mafkuraviy tartibot me’morlari – Buyuk Britaniya va Fransiya singari davlatlar sezilarli ziyon ko‘rdi. Bugun aksilg‘arb kuchlar siyosat maydoniga chiqayotgani bejiz emas. Ikkinchi jahon urushi yakunida Xitoy Xalq Respublikasining paydo bo‘lishi, Hindistonning davlat mustaqilligini qo‘lga kiritishi, XX asrning 50 – 60-yillarida Hindixitoy zaminida mustamlakachi armiyalarning mag‘lubiyatga uchrashi, Afrikada milliy ozodlik harakatining kuchayishi, Yugoslaviyaning parchalanishi, Bolqon yarim orolidagi etnosiyosiy ayirmachilik kabi hodisalar anglosaks sivilizatsiyasi ko‘chasida bayram yakunlanayotganidan dalolat berardi (Володин Г. Возвращение развития: полицентричный мир в поисках новой экзистенциальной парадигмы // Вестник Российской академии наук. 2023, том 93, №11. Стр. 1019-1031). Afg‘oniston, Iroq va Suriya dramasi esa AQSh kuch-qudratining mukammalligini shubha ostiga qo‘ydi.
Aksilamerika yo‘nalishidagi yangi sivilizatsiyalararo birlashma – BRIKSning qamrovi kengayib borayotgani, musulmon dunyosida o‘z-o‘zini qayta anglash jarayoni kechayotgani, Yevroatlantika makonidagi notinch harbiy-siyosiy vaziyat G‘arb hegemonligi quyoshi botayotganiga shohidlik berayotgandek. Umumsayyoraviy aksilg‘arb harakati zamirida “Vashington konsensusi” bilan bog‘liq va’dalar, “tarix nihoyasi”, “liberal demokratiyaning abadiy tantanasi” singari futuristik bashoratlarga nisbatan ishonchsizlik yotibdi. Neokolonializm iskanjasidagi “uchinchi dunyo” mamlakatlari “faqir kishi panada” qabilida katta siyosatdan chetda bo‘lmoq yo‘lidan voz kechdi. Bu hol ovrupocha va amerikancha yashash tarzini rad etib, taraqqiyotning milliy etatizm, qarshilik ko‘rsatish strategiyasini ixtiyor etishda namoyon bo‘layotir (Го Д. Мыслить против империи: антиколониальная мысль как социальная теория // СоцИс, 2024, №1. Стр. 16-26).
Sayyoramizda so‘l radikal davlatlar (Braziliya, Peru, Boliviya, Ekvador, Nikaragua, Venesuela) safi ortib, ularning geografik qamrovi tobora kengaymoqda. Bu sira davlatlar yovvoyi kapitalizm va bozor merkantilizmini rad etgan holda ijtimoiy himoya yo‘lini tanlamoqda.
Yaqin o‘tmishda sobiq “sotsialistik lager”da kuzatilgan “rangli inqilob”lar tashqi kuchlar tomonidan idora etilgani oshkor bo‘ldi. Zamonaviy “salib yurish”lari Afrika mag‘ribida to‘xtagan bo‘lsa-da, mintaqada ichki beqarorlik, millatlararo nizolarni keltirib chiqardi. Moddiy jihatdan to‘q, siyosiy jihatdan barqaror Liviyaning qonga botirilishi ayanchli oqibatlarga olib keldi. Ayni vaqtda Mali, Niger, Burkina Faso, Markaziy Afrika Respublikasi kabi mamlakatlarda aksilg‘arb kayfiyatining kuchayishi ham “qora qit’a”ning Liviya fojiasiga javobi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy o‘zgarishlar davrida global milliy ozodlik harakati yangi maqomda o‘z huquqini talab qilmoqda. Tabiiy o‘zaniga qaytayotgan milliy demokratik kuchlar erkin yashashga intilayotgan davlatlar atrofida birlashmoqda. Sovet Ittifoqi parchalangach, dunyo hukmronligini qo‘lga olgan kuchlar muammolar girdobiga tushib qoldi. Bu hol ijtimoiy ongning chuqur qatlamlarida yuz bergan va berayotgan umumsayyoraviy tektonik siljishlar silsilasida yaqqol ko‘zga tashlanmoqda.
Sirasi, bir necha asr mobaynida bashariyatning ma’naviy yuksalishiga to‘g‘anoq bo‘lgan, erksevar mazlumlarni xohish-irodasiga zid yumushlarga majburlagan kuch barham topmoqda. Demakki, endilikda jahonda zulm, zo‘ravonlik va kamsitishlardan xoli, milliy, konfessional va sivilizatsion mansublikdan qat’i nazar, butun bashariyat uchun qulay muhit yaratilmog‘i shart.
Jahon tartiboti va uning behisob institutlari bashariyatning bugungi talab-ehtiyojlariga javob berolmay qoldi. Nazarimizda, bu holatning aybdorini qidirmoq ham to‘g‘ri emas. Muhimi, maqbul va manzur yashash usullarini topmoq va amalga tatbiq etmoqdir. Sharq-u G‘arb mutafakkirlari fikricha, adolatli tartibot xomxayol emas, balki reallik, odamzodning “transsendent vazifasi”dir. Insoniyatning saodati muammosi esa Sharq fikr ahli tomonidan ko‘p va xo‘b tadqiq etilgan.
Mushtariylar mulohazalarimizni G‘arbni biryoqlama qoralash, tanqid qilish deb tushunmasinlar. Dunyoni g‘arbona qolipda idora etish o‘z davrida insoniyat koriga yaradi, albatta. Iqtisodiyot, siyosat, madaniyat, axborotlashtirish kabi jabhalarda olg‘a siljishlar ro‘y berdi, ilm-fanda inqilobiy yutuqlarga erishildi. Biroq inson zotining mudom ezgulik, farovonlik va yangilik tomon intilishi qonuniyati inobatga olinsa, an’anaviy global tartibotdan adolatlirog‘ini qidirish tabiiy hol ekani ayonlashadi. Darhaqiqat, g‘arbona tafakkur tarzini yomonotliq qilish ilm ahliga yarashmaydi. Ammo xolislik nuqtai nazaridan aytsak, G‘arb o‘zi yaratgan boshqaruv tizimini endilikda na isloh etishga, na yangisini yaratishga qodir. Chunki u bir necha asr davomida hayot haqiqatiga zid yo‘l tutdi, ya’ni insoniyatning jamiki muammolarini hal qilishni qayta-qayta o‘z zimmasiga oldi, bu jabhada yakka-yu yagona karvonboshi ekanini bani basharga uqtirish yo‘lida bor imkoniyatini ishga soldi. Shu maqsadda katta miqdorda sarmoya xarjlandi, hatto dindan ham ustalik bilan foydalanildi. Biroq kasalni yashirsangiz, isitma oshkor etadi. Alhol, inson ruhiyatining chuqur qatlamlarida mavridini kutayotgan yaratuvchi quvvat bosh ko‘tarishi muqarrar edi. Polshalik faylasuf va psixolog Yuliush Slovaskiy odamzod vujudida bir “azaliy va abadiy inqilobchi” mavjudki, u inson ruhiyatidir, deya obrazli ta’rif berganida haq edi (Рашковский Е. Человеческий капитал как проблема социальной философии // Вопросы философии, 2022, №6. Стр. 52).
Aynan o‘sha – inson bag‘rida yashiringan cheksiz quvvat (bu o‘rinda gap jismoniy kuch haqida ketayotgani yo‘q) dunyoni tubdan o‘zgartira oladi. G‘arbda ratsional aqlga tayangan holda, inson qalbi, shuuridagi botiniy quvvat siqib chiqarildi. Bu ham yetmaganidek, inson miyasini mitti chiplar yordamida yanada faollashtirish bo‘yicha tajribalar olib borilmoqda. Muxtasar aytsak, Hazrati Inson temirtan robot yoki shunchaki dastgoh darajasiga tushirilmoqdaki, bu vaqti kelib insoniyat boshiga falokat yog‘dirishi hech gap emas.
Sharqda masala mutlaqo boshqacha tarzda qo‘yiladiki, uning zamirida insoniylik va ilohiylikni ulug‘lash, odamzodni ham ma’nan, ham moddiyan baxtli qilish istagi yotadi. Shu bois G‘arb ahli hatto Yaratgandan voz kechgan kezlarda ham Sharqda buyuk o‘zgartiruvchi botiniy quvvatga ishonch poydor bo‘lib qoldi. Ildizi muqaddas bitiklarga borib taqaluvchi insonning ilohiy missiyasiga doir qarashlar Sharq allomalari ijodidan mustahkam o‘rin egallagani ma’lum.
Amerikalik taniqli siyosatshunos Samyuel Hantington “Biz kimmiz? Amerika milliy o‘zligiga tahdidlar” degan risolasida “Yaratganning qasosi” haqida so‘z yuritarkan, diniy qarashlar g‘arbliklar uchun ham begona emasligini ta’kidlaydi (Samuel P. Huntington. Who Are We? The Challenges to America’s National Identity. New York, Simon & Schuster, 2004). Biroq g‘isht qolipdan ko‘chib bo‘lgan va vaziyatni o‘nglamoq uchun insoniyat kechikkan chog‘i. Nazarimizda, bugungi taqdirulamal murakkab vaziyat yangi Gobbs va Dekart, Ibn Arabiy va Rumiy, Gandi va Bxavelarni talab etayotir.
Taraqqiyot yo‘li hech qachon ravon va oson bo‘lmagan. U mudom turli-tuman to‘siqlar, ziddiyatlar aro kechadi. Gohida insoniyat bir joyda depsinib ham qoladi. Mana shu hayotiy haqiqatni chuqur anglagan bobo Sharq dunyoning boshqa puchmoqlari uyquda yotgan pallalarda ham bashariyat qismati, istiqboli, ma’naviy quvvati xususida mushohada yuritishdan to‘xtamagan. Misol uchun, olam, tabiat va inson mushtarakligi g‘oyasini olaylik. Sharq mutafakkirlari ijtimoiy va ruhiy hamnafaslik umumsayyoraviy muvozanatga olib borishini hammadan avval anglagan. Ushbu g‘oya xitoy allomasi Konfutsiyning izdoshi, mutafakkir Chjuansziga nisbat berilsa-da, u umuman Sharqqa ibtidodan xos olam yaxlitligi g‘oyasining tarkibiy qismi sanaladi (Чэнь Хунь, Гань Цяоцзюань. О философских основах концепции сообщества единой судьбы человечества // Вопросы философии, 2023, №3. Стр. 99).
Ayni shu ruhdagi fikrlar hind falsafasida ham uchraydi. Jumladan, hinduviylikka doir bitiklarda (vedalar, rigvedalar va upanishadlar) jamiyat, davlat va dunyoqarashlar hamnafasligi umuminsoniy yaxlitlik bag‘rida kamol topishi bayon etilgan.
XIX asr Hindiston, Bengaliya renessansining buyuk vakillari Rammoxon Ray, Bxaktivinoda Thokur hamda Shri Aurobindolarning ilmiy-ma’rifiy merosida adolatsizlikka barham berish, insoniyatning farovon hayot kechirishiga oid tavsiyalar ilgari surilgan. Ularni birlashtiruvchi xususiyat shuki, inson zoti batamom yangicha tartibotni yaratishga qodir xilqat o‘laroq talqin etiladi. Insoniyat bunga diniy, dunyoviy bilimlardan boxabarlik, ma’naviy komillik, boshqa xalqlar bilan do‘stona munosabatda bo‘lish, avlodlararo hurmat hamda bashariyat oldida qarzdorlikni his etish orqali erishishi uqtiriladi. E’tiborli jihati shundaki, zamonaviy ilmiy jamoatchilik ham ideal tartibotni hozirgi yalang‘och intellektdan mutlaq farqlanuvchi transsendent ratsional intuitsiya, yuksak tafakkur pillapoyasiga ko‘tarilish ila bog‘lamoqda (Инков А., Шиков А. Встреча Индии и Запада в социально-философских концепциях Бхактивиноды Тхакура и Ауробиндо Гхоша // Вопросы философии, 2022, №2. Стр. 212-213).
Qadimgi Sharq falsafasiga bugungi kun nuqtai nazaridan nigoh tashlar ekanmiz, maqsadimiz o‘tmishdagi ijtimoiy munosabatlar tizimini bugunga moslash emas, balki odamzod dunyoga kelibdiki, mudom durust tartib-nizomni orzu qilgani, chin insoniylikka intilish ildizi olis-olislarga borib taqalishini eslatmoqdir. Harholda, olam va odam bardavomligining maqbul yo‘l-yo‘rig‘i ildizlari Sharqqa bog‘liqligini keng ilmiy jamoatchilik e’tirof etgan (Гарридо В. Символ Дракона в космогонических схемах Древнего Китая // Вопросы философии, 2023, №4. Стр. 162-167).
Azaldan kishilik chigal muammolarni asosan urush yo‘li bilan hal etib kelgan. Aslida, harbu zarb – muammo yechimining eng so‘nggi chorasi. Binobarin, bu usul-uslub umumsayyoraviy ziddiyatlarni hal etishga emas, aksincha, global halokatlarga olib kelishi muqarrar. Shunday ekan, dunyoning buguni va istiqboli, jumladan, barqaror tartibotga o‘tish turfa xil intilishlar kelishuvi, uyg‘unligini talab etadi. Bashariyat bir bosqichdan ikkinchisiga o‘tish haqida bosh qotirayotgan ekan, u tinchlikdan boshqa yo‘li yo‘qligini anglamog‘i darkor. Yer kurrasidagi barcha gumanistik g‘oyalar, ijtimoiy loyihalar ham aynan shu negizda shakllanishi lozim. Barcha siyosiy kuchlar (liberal demokratiya, neoliberalizm, humanizm yoki so‘l radikalizm tarafdorlari) shu haqiqatni unutmasligi kerak.
Dunyoda kechayotgan voqea-hodisalarning siyoqi liberalizmning quvvat zaxirasi tugab borayotgani, qanchalik chiranmasin, u endi avvalgi mavqeda bo‘la olmasligidan dalolat bermoqda. Insoniyat ham allaqachon boshqa ufqlarni ko‘zlayotir. Masalan, 2014-yilni olaylik. Tarixiy sanalar silsilasida u shunchaki bir yil bo‘lib tuyuladi. Ammo bu sana dunyodagi evrilishlarni ko‘lamliroq anglash va qayta idrok etishda alohida ahamiyat kasb etadi. Tahlilchilar fikricha, aynan 2014-yildan, bir tomondan, yevroamerikanotsentrik xalqaro birlashmalarning global jarayonlarga ta’siri susayishi, ikkinchi tomondan, dunyodagi aksilg‘arbiy davlatlar o‘rtasida o‘zaro yaqinlashuv kuzatilgan (Карами Дж. Стратегическая роль Ирана для ШОС: укрепление евразийской интеграции // Вестник Российского университета дружбы народов. Серия: Международные отношения. 2023, №3. Стр. 549).
Xalqaro maydonda kuchlar muvozanatidagi ijobiy siljish, ayniqsa, Katta Yevroosiyoning global taraqqiyot lokomotiviga aylanayotganida namoyon bo‘lmoqda. Bir zamonlar dunyoning katta qismi G‘arbiy Yevropa atrofida – anglosaks va roman-german tamadduni tegrasida birlashgan edi. Endilikda nog‘arbiy olam davlatlarining Yevroosiyo atrofida jipslashuvi ehtimoli ortmoqda. O‘tgan asr o‘rtalarida Yevropa millatlari integratsiyasi yuzaga kelgan edi. Endilikda Yevroosiyo makonida ham o‘shanday o‘zaro tenglik, adolatga tayangan yangi iqtisodiy, siyosiy birlashmalar ildiz otmoqda. Boy berilgan imkoniyat va tarixiy tajribani hisobga olgan xalqaro hamjamiyat tamomila yangi umumbashariy birlashmalarga umid bog‘layotir.
Afrika va Lotin Amerikasi davlatlarida ham yangi jahon tartibotida munosib maqom-mavqeni egallashga intilish kuchaydi. Ilmiy nashrlarda hatto “Osiyo, Afrika hamda Lotin Amerika Yevroosiyosi” degan istiloh paydo bo‘ldi. Bashariyat, xususan, Sharq va Osiyo bu gal tarixiy imkoniyatni qo‘ldan chiqarmaydigan ko‘rinadi. Liberal demokratiya manfaatlariga xizmat qilib kelgan an’anaviy global tartibot o‘rnini tenglik g‘oyasiga asoslangan qit’alararo, sivilizatsiyalararo robita egallashi ayon bo‘lib qoldi.
G‘oya va fikrlar olamida qizg‘in muhokama etilayotgan yangi jahon tartiboti milliy davlatlarning o‘ziga xosligi, chegaralar hamda madaniy-tamadduniy xilmaxillikni inkor etmaydi. Davlatlararo munosabatlarda konstruktiv munozaralar, dunyoqarashda rangbaranglik saqlanib qoladi. Zotan, azaldan fikrlar hurligi, olam maromiga turli xil yondashuv hukm surgan kezlarda davlatlar taraqqiyot va farovonlikka erishgan. Atoqli hind faylasufi Vinoba Bhave aytganidek, “Nuqtai nazarlar har xil bo‘lishi mumkin, biroq qalblar bir bo‘lmog‘i lozim”.
O‘tgan asrda G‘arbdagi neoliberal davlatlar milliy taraqqiyot modelini AQShga moslashtirgan, Vashingtonning nafasi Yer kurrasining aksar mintaqalarida birdek sezilib turar, uning hukmi va izmiga qarshi chiqmoq keskin jazoga sabab bo‘lgandi. Sayyoramiz uzra keng quloch yozgan globallashuv ham, aslida, g‘arblashuv jarayoni edi. Sankt-Peterburg universiteti professori, faylasuf va siyosatshunos Leonid Seleznev fikricha, Qo‘shma Shtatlar XXI asrda ulkan tabiiy va inson resurslariga ega dunyoning eng nufuzli davlati, yagona superdavlat darajasiga ko‘tarildi. Biroq tez orada u butun dunyoda milliy-etnik separatizm va mintaqaviy biqiqlik, aniqrog‘i, aksilgloballashuv fenomenini keltirib chiqardi (Селезнев Л. Гражданское общество и государство: зарубежные модели политической системы. Изд-во С.-Петерб. университета, 2014. Стр. 173). Tor doirada yaratilgan globallashuv ta’limotini bashariyatning muayyan qismi inkor etdi. Ya’ni yevropeizm g‘oyasi yoki anglosaks sivilizatsiyasining navbatdagi va’dasi barchani ham birdek rom eta olmadi (Скворцова Е. XXI век: интенция как духовная судьба цивилизационного самоопределения // Вопросы философии, 2024, №1. Стр. 13-16).
Hodisalar dinamikasi sivilizatsiyalar nechog‘li obyektiv quvvatga ega bo‘lmasin, ijtimoiy jarayon sifatida siyosiylashsa, tashqi (ekzogen) subyektiv kuchlar ta’sirida salbiy o‘zanga burilib ketishini ko‘rsatadi. Bu vaziyatda tamaddun subyektiv boshqaruvchi kuchlar izmi va hukmidagi qurolga aylanadi. Afsuski, keyingi o‘nyilliklarda ana shunday voqelikka guvoh bo‘ldik.
Mumtoz tarixchi Arnold Toynbi sivilizatsiyalar haqida mushohada yuritar ekan, qiziq xulosaga kelgan edi. Olimning fikricha, sivilizatsiyalar shunday xususiyatga egaki, ularning tadriji mobaynida g‘ayrioddiy “tinchlikbuzarlar” voyaga yetadi. Moziy shohidlik beradiki, tarixning turli davrlarida Ptolemeylar imperiyasi (mil.avv. III – I asr), Afina va Sparta davlati (mil.avv. IV – II asr), Kushonlar imperiyasi (mil.avv. II – mil. II asr), G‘arbiy va Sharqiy Rim imperiyalari (mil.avv. I – mil. XV asr), Temuriylar, Boburiylar davlatlari, Niderlandiya (XV – XVI asrlar), Buyuk Britaniya (XVII asr), Fransiya (XIX asr), Rossiya (XX asr) kabi “tinchlikbuzarlar” dunyo taraqqiyoti maromini keskin o‘zgartirgan. Yangi ijtimoiy-siyosiy jarayonni boshlagan xalqlarning ta’sir kuchi asrlar mobaynida saqlanib turadi.
Takror bo‘lsa-da, ta’kidlash joizki, anglosaks jahon tartiboti o‘z o‘rnini muqobil tizimga bo‘shatib beradigan fursat keldi. Ulkan ijtimoiy-siyosiy evrilish Yer kurrasining istalgan hududida ro‘y berishi mumkin. Zero, ko‘plab mamlakatlarda yangi jahon tartibotiga o‘tish istagi tobora kuchayib bormoqda. Masalan, Xitoy Xalq Respublikasida ro‘y berayotgan keng qamrovli o‘zgarishlar botiniy kuch qayta uyg‘onayotgani haqidagi farazlarga yo‘l ochmoqda. Chin xalqining o‘ziga sobit ishonchi, xalqaro xayrixohlik, boz ustiga, xitoyliklarning yevrotsentrik bosimdan ko‘p ziyon ko‘rgani bu qarashni qo‘llab-quvvatlayotgandek.
Yangi ijtimoiy g‘oya va loyihalar hamisha dastavval inson psixologiyasida, qalbida nish uradi-da, so‘ngra keng omma ong-u tafakkurini egallab, muayyan bir mamlakatda yuzaga chiqadi. U har doim ham ijtimoiy inqilobga aylanmasligi mumkin, lekin uning ma’naviy ta’siri boshqa makonlarda sezilmog‘i, yashash va tafakkur tarzini o‘zgartirmog‘i tayin. Xitoyda ishlab chiqilgan “Taqdiri mushtarak insoniyat hamjamiyati” loyihasida dunyo xalqlarining tengligini saqlagan holda turfa millatlar va davlatlar hamnafasligiga yo‘naltirilgan tartibotni yaratish g‘oyasi ilgari surilgan. Mazkur konsepsiya anglosaks sivilizatsiyasi intilishlari, geostrategik mo‘ljallarini aks ettirgan “globallashuv”, “vesternlashuv”, “yevroatlantizm”, “liberalizm”, “oltin milliard”, “yettilik guruhi”, “iste’molchilik jamiyati” singari ideologemalardan farqli falsafaga asoslangan (Чэнь Хунь, Гань Сяоцзюань. О философских основах концепции сообщества единой судьбы человечества // Вопросы философии. 2023, №3. Стр. 92-101).
“Taqdiri mushtarak insoniyat hamjamiyati” modeli odamzodni irqlar, sinflar, millatlar, diniy qarashlar va ijtimoiy qatlamlarga ajratish mafkurasini rad qiladi. Unda jonzotlar orasida insonga yuksak maqom, botiniy samimiyat va muruvvat hissi ato etilgani urg‘ulanadi. “Insoniyat – bir oila” g‘oyasiga tayangan konsepsiyada milliardlab kishilarni farovonlikka boshlovchi muqobil g‘oyalar taklif etilgan. Xususan, Xitoyda, umuman, Sharqiy Osiyoda keng quloch yoygan komillik g‘oyasini konsepsiyaning tamal toshi deyish mumkin. “Taqdiri mushtarak insoniyat hamjamiyati” loyihasida biror bir ijtimoiy-siyosiy tuzilma yoki taraqqiyot modeliga ustuvorlik berish haqida emas, balki hamma xalqlarga barobar xizmat qiladigan umumsayyoraviy mushtaraklik nizomi haqida so‘z yuritiladi. Uning ontologiyasi qadimdan chinliklar ruhiyati va qalbidan mustahkam o‘rin egallagan “o‘n ming qo‘shni elatlar hamnafasligi” g‘oyasiga borib taqaladi.
Pekin ilgari surgan tashabbus muqobil bir g‘oya, albatta. Mintaqa va davlatdan qat’i nazar, dunyo miqyosida kuchga tayangan global boshqaruv hamda umumsayyoraviy hegemonlikka qarshi yangi universal botiniy quvvat bo‘y cho‘zayotir. Yangi jahoniy tartibot asosini allaqachon eskirgan kapitalizm, sotsializm, liberal demokratiya prinsiplariga asoslangan zamonaviy nizomlar emas, balki XXI asr kishisi talab va ehtiyojiga mos teran falsafa, yangi ma’naviy quvvat egallashi ayon bo‘lib qoldi. Asosiysi, yangi nizom iqtisodiyot-u ma’naviyatning uyg‘un taraqqiy etishiga xizmat qilmog‘i darkor.
Temur JO‘RAYEV
“Tafakkur” jurnali, 2025-yil 2-son.
“Jahon tartiboti: xazonrezgi alomatlari” maqolasi
Tarix
Tarix
Tarix
Tarix
Tarix
Falsafa
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
Til
//
Izoh yo‘q