
Sohibqiron Amir Temur davlatining barcha hududlarida kuchli intizomga bo‘ysundirilgan tezkor yo‘l-aloqa xizmati joriy etilgan edi. Bu davlatning ildam taraqqiyotiga xizmat qilgan.
Tashqi siyosat, xalqaro munosabatlar va diplomatiyada maktublarning ahamiyati beqiyos bo‘lgan. Birgina Misr sultonlari bilan diplomatik yozishmalarni olaylik. “Amir Temur bilan Sulton Barquq o‘rtasidagi rasmiy aloqalar 1385-yildan boshlangan edi. Nisbatan qisqa muddatda – 1386-yildan to 1405-yilgacha Amir Temur hamda Misr Sultoni Barquq va Faraj, shuningdek, ularning Suriyadagi noiblari o‘rtasida taxminan 25 marta maktub va elchilar almashinuvi bo‘lgan” (Хасанов А. Из истории дипломатических отношений Средней Азии с Египтом в конце XIV – начале XV вв. 1981. Стр. 126). Masalan, 1385-yil noyabr oyida Amir Temur maxsus elchi orqali Sulton Barquqqa maktub yo‘llagani ma’lum. Elchi Qohirada yaxshi kutib olinib, unga munosib javob qaytarilgan. Afsuski, bu maktubning mazmuni aniqlanmay qolmoqda.
Amir Temur va usmonlilar hukmdori Sulton Boyazid o‘rtasidagi yozishmalar XIV asrning 80-yillarida boshlangan. Amir Temur Sivasdan turib usmonlilar hukmdoriga yo‘llagan ikkinchi maktubida, agar Boyazid sulhga rozilik bersa, uzrxohlik yuzasidan bir maktub yo‘llab ma’lum qilishini, bu taqdirda Sivasdan ortga qaytib ketishini aytadi. Shu bilan birga, yosh jihatidan ulug‘ ekaniga urg‘u berib, Boyaziddan itoatni talab qiladi. Boyazid Amir Temurga yozgan maktublarida oradagi kelishmovchiliklarni tushuntirishga urinadi va maktub yakunida gina-kuduratlarga barham berishni taklif etib, sulh yoki mujodala ixtiyorini Amir Temurning o‘ziga havola etadi.
Sohibqironning Yevropa mamlakatlari bilan diplomatik munosabatlarida ham maktub almashinuvining muhim rolini ko‘rish mumkin. Anqara jangidan so‘ng Fransiya va Angliya yozishmalar orqali Temur bilan diplomatik munosabat o‘rnatdi. Fransuz qiroli Karl VI bilan Temur o‘rtasidagi yozishmalarning bir qismi Fransiya hujjatxonasida saqlanadi. Ulardan anglashilishicha, Temur Fransiya qirolining takliflarini rad etmagan va Karl VI ning Sharqqa nisbatan siyosatini qo‘llagan. Temurning forscha yozilgan va 1402-yil 1-avgustda imzolangan maktubi, aslida, Anqara jangidan (1402-yil 20-iyul) avval bitilgan bo‘lib, unga keyinroq sana qo‘yilgan. Maktubda Temur o‘z davlati bilan Fransiya o‘rtasida savdo aloqalari o‘rnatish istagini bildirgan. Anqara jangidan so‘ng elchilar Yevropaga qaytib ketayotganida Temur ular orqali Boyazid haramidan ozod etilgan, nasl-nasabi toza uch nafar yosh qizni o‘z nomidan Kastiliya qiroliga sovg‘a qilgan. Ularga o‘z elchisi Muhammad Keshiyni ham qo‘shib yuborgan. Uning qo‘lida 1402-yil avgust sanasida imzolangan va qirolga atalgan do‘stona xat bor edi. Maktubda Temur Boyazid ustidan g‘alaba qozonganini aytib, nasroniylarga mehr-oqibatli bo‘lishini bayon etgan.
Amir Temurning bizgacha saqlanib qolgan lotincha tarjimadagi ikkinchi maktubiga ham 1402-yil 1-avgust sanasi qo‘yilgan. Ikkala maktubni ham Sultoniyaning katolik arxiepiskopi Ioann III Fransiyaga olib borgan.
Karl VI ning Amir Temur nomiga 1403-yil 15-iyulda yo‘llagan birgina maktubi saqlangan. Unda Fransiya bilan Temur davlati o‘rtasida savdo aloqalari o‘rnatish masalasiga katta o‘rin beriladi. Karl VI maktubidan uning fuqarolari Temur mamlakatiga bemalol bora olgani anglashiladi. “Amir Temur bilan Karl VI o‘rtasidagi yozishmadan ma’lum bo‘lishicha, ikkala podshoh ham savdo bitimi tuzishdan manfaatdor bo‘lgan” (Умняков И. Из истории международных отношений Средней Азии с Западной Европой в начале XV в. // Известия АН УзССР. 1960. №1. Стр. 7). Biroq 1405-yil fevralida Temurning vafot etishi bu ishni oxiriga yetkazish imkonini bermadi.
Temur va Mironshoh Angliya bilan diplomatik yozishmalar olib borgani ma’lum. Xususan, Angliya qiroli Genrix IV (1399–1413) tomonidan Mironshoh bilan Temurga yo‘llangan ikki lotincha maktub saqlangan. Genrix IV ning maktubida Mironshoh Mirzo “Mirassa Amirassa” deb tilga olingan. Qirol Mironshohning “diniy arboblarga va franko-katoliklarga lutfi karam baxsh etib, nasroniy savdogarlarning shaxsi va faoliyati xavfsizligini ta’minlagani va evaziga savdo g‘araziga xayrixohligi” uchun minnatdorlik izhor etgan.
“Temur tuzuklari”da Sohibqironning piri bo‘lmish Mir Sayyid Sharif bilan yozishmalari haqida ham qaydlar mavjud.
Nizomiddin Shomiy “Zafarnoma” asarida maktublarning Sohibqiron saltanatidagi o‘rni, siyosiy munosabatlarga ta’siri va axborot almashinuvi jarayonlaridagi tadriji xususida bunday yozadi: “Jahon saltanati birmuncha vaqt nomdor sultonlar va komkor maliklar soyasidan xoli qolib, har bir mulkda bittasi bosh ko‘targan bir paytda jahon mamlakatlarining kattalaridan bo‘lgan Rum mamlakati Yildirim Boyazidning amr-u farmoniga kirgan edi. U bir qancha muddat hukmronlik va ulug‘lik maqomida turib, istiqloldan dam urdi va u diyorlarda g‘alaba qozondi. Firibgar dev uning dimog‘iga takabburlik tuxmini qo‘ydi, u esa quvvat va shavkatiga mag‘rur bo‘lib, o‘z maqomi chegarasidan chiqdi, o‘z qadri palosidan sirtga oyoq bosdi hamda nomdor sultonlar-u ulug‘ martabali maliklar “qulingman, xizmatkoringman” deb yozib turgan va zamona sarvarlari davlati ostonasini qullik labi bilan o‘pib turgan shunday ulug‘ bir hazratga (Amir Sohibqiron) sarvarlik va hukmdorlik lofini urib bemaza maktublar yozdi, noto‘g‘ri xabarlar yubordi. Shularning barchasiga qaramay, Sohibqiron hazratning tug‘ma maqtovli tabiati bu bo‘yama so‘zlarga iltifot etmay, unga nasihat qildi va ogohlantirdi” (Nizomiddin Shomiy. Zafarnoma. Toshkent, “O‘zbekiston”, 1996. 322-bet).
Tarixiy solnoma bo‘lmish “Min shi”da Sohibqironning Xitoy va Hindiston bilan diplomatik munosabatlari xususida ma’lumotlar mavjud. “Xitoy imperatori 1395-yili Samarqandga Amir Temur huzuriga Fu An boshchiligida yana elchilar va maktublar yuborgan va ular orqali imperator muhri bosilgan maxsus maktub ham yo‘llagan. Fu An boshchiligidagi elchilar 1395-yili Xitoydan yo‘lga chiqqani haqida “Min shi lu”da ham xabar bor” (Watanabe Hiroshi. An Index of embassies and tribute missions from Islamic countries to Ming China as Recorded in the Ming Shih In Classified According to Geographic Asia // Memoirs of the Research department of the Toyo Bunko. Tokyo, 1975. P. 347).
Ispan elchisi Rui Goncales de Klavixo ham o‘z bitiklarida Samarqand shahridagi Dilkusho bog‘ida Amir Temur bilan uchrashuv va diplomatik yozishmalarga to‘xtalgan: “O‘sha yerda ulardan Temurbek uchun qirolning maktubini so‘rashganda elchilar maktubni berishdi. Maktubni nabiralaridan biri oldi... Shunda Temurbek keyinroq unga odam yuborib chaqirishini, maktubni o‘qib, Ispaniya qiroli nimani xohlashini tushuntirishini aytdi” (Rui Gonsales de Klavixo. Amir Temur Ispaniya elchisi nigohida. U. Jo‘raev tarjimasi. Toshkent, “Zamin nashr”, 2019. 117-118-betlar).
Bu fakt va dalillar Amir Temur davri ichki va tashqi siyosatida axborot almashinuvi hamda xalqaro hamkorlik borasida maktublarning rolini o‘rganishga bag‘ishlangan maxsus tadqiqot yaratishni taqozo etadi. Jumladan, Temur davri xalqaro hamkorlik xatlarining ro‘yxatini shakllantirish zarur. Sohibqiron davridan meros qolgan yozishmalar saqlanayotgan muzeylar fondidagi maktublardan nusxa olib, maxsus albom chop etmoq lozim.
Shahlo RAHMON,
tadqiqotchi
“Tafakkur” jurnali, 2025-yil 2-son.
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Adabiyot
Tarix
Tarix
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
Til
//
Izoh yo‘q