
Tasavvuf adabiyotida “bob” so‘zi keng qo‘llanadi. Lug‘aviy ma’nosi eshik yoki darvoza demak. Ko‘chma ma’noda pir yoki shayx, dunyo va oxirat yaxshiligiga yetaklaydigan eshik, saodat darvozasi degan ma’nolarni anglatadi.
Alisher Navoiyning “Nasoyim ul-muhabbat” tazkirasida 359-son bilan “Bob Farg‘oniy quddisa sirruhu” fasli keladi: “Oti Umardur. Farg‘onada bo‘lur erdi. Ul yerda ulug‘ mashoyixni “bob” derlar. “Kashf ul-mahjub” sohibi der emishki: “Ul avtod ul arzdindur”. Shayxulislom debdurki: “Shayx Amu ani ko‘rib erdi. Ul dediki: “Bir kun aning qoshida o‘lturub erdim. Birav kirdi va dedikim: “Duoyi qilki, Sarkab keldi” va Sarkab birav erdiki, kelib ul mulkka zarar yetkurur erdi va bob o‘chog‘ qirog‘ida o‘lturub erdi va oftoba dag‘i o‘chog‘ qirog‘ida erdi. Oyog‘in oftobag‘a urub yiqitti va dedikim: “Ani yiqittim”. Sarkab hamul dam shahar eshigida otdin sarnigun yiqildi va bo‘yni sindi”. “Kashf ul-mahjub” sohibi debdurki: “Bobning ziyoratiga qasd qildim. Chun anga yettim. Dediki: “Ne ishka kelibsan?” Dedim: “To shayxni ko‘rgaymen surat bila va andin nazari topqaymen shafqat bila. Dedi: “Ey o‘g‘ul, men xud falon kundin beri seni ko‘radurmen va to seni mendin g‘oyib qilmag‘aylar, ko‘rgumdur va ul kunni hisob qildim, mening tavbamning ibtidosi kuni erdi. Andin so‘ngra dedi: “Ey o‘g‘ul, yiroq yo‘l qat’ qilmaq o‘g‘lonlar ishidur. Mundin so‘ngra ziyoratni himmat bila qilki, shaxs anga kari (ta’sir, yararli) qilmaski, ani ziyorat qilg‘aylar va ashboh zuhurig‘a hech nima bog‘liq emas. So‘ngra xodimasig‘a dediki, ulcha bor, olib kelki, darvesh yesun. Bir taboq uzum kelturdi va toza chog‘i emas erdi va anda necha rutab (yangi pishgan) va Farg‘onada mumkin ermaski, rub bo‘lg‘ay” (Alisher Navoiy. Nasoyim ul-muhabbat min shamoyimil futuvvat. Nashrga tayyorlovchi, so‘zboshi, izoh va ko‘rsatkichlar muallifi Hamidxon Islomiy. Toshkent, “Movarounnahr” nashriyoti, 2017. 575-bet).
Ma’lum bo‘ladiki, bobga, ya’ni pirga munkirlik qilgan va jamoatga xavf solgan, kishilar mulkiga zarar yetkazgan inson bob tomonidan jazolangan. Yana bu parchada ulug‘lar nazariga tushib nasibador bo‘lay deya bobning eshigiga kelgan ziyoratchining sustkashligi isloh qilinib, o‘zini tarbiyalash va mavsumi bo‘lmasa-da, yangi pishgan uzum bilan unga karomat ko‘rsatib ixlos-e’tiqodini parvarishlash jarayoni yoritilgan.
Bir zamonlar so‘fiy va darveshlar, haqiqatan ham, katta nufuz va obro‘ga ega edilar. Buni birgina “Nasoyim ul-muhabbat”ni mutolaa qilib bilsak bo‘ladi. Odamlar muqtadir shayxlarnigina emas, qalandarlar, eshonlar, majzub devonalar, darveshlarni ham hurmat qilganlar. Shuning natijasi o‘laroq tasavvuf, tariqatlar va uning tarkibida darveshchilik harakati keng quloch yoygan. Xonaqo udumlari shakllanib, darveshlar alohida bir toifa – tabaqa sifatida jamiyatda muhim o‘rin egallagan. Biroq bu birdaniga yuzaga kelgan emas; tasavvuf va darveshlik harakati uzoq tadrijiy tarixga ega. Olimlar tasavvuf tarixini dastlab ikki davrga ajratadilar: zohidlik davri, oriflik va oshiqlik davri. So‘fiylarning o‘zini ham orif so‘fiylar, zohid so‘fiylar, rind so‘fiylar, oshiqlar, faqir so‘fiylar, faylasuf so‘fiylarga ajratish mumkin.
“Nasoyim ul-muhabbat”da 69 o‘rinda “orif” istilohi qo‘llangan. Xo‘sh, orif kim, oriflik nima? Ma’rifat bilan o‘zakdosh bo‘lgan bu so‘zlar katta va ko‘p ma’no tashiydi. Ma’lumki, tasavvuf ahli bilimni zohiriy va botiniyga ajratadi. Shariat va dunyoviy bilimlar – zohiriy bilim bo‘lib, Ollohni bilishning birinchi bosqichidir. Ollohni bilish dunyoni bilishdan boshlanadi. Chunki moddiy olam, borliq – Yaratgan Zotning tajalliysi bo‘lib, ular o‘rtasida izchil uyg‘unlik bor. So‘fiylar moddiy olam va uning Yaratuvchisi haqidagi hamda shariat bilimlarini yaqiniy ilm deb bilganlar. Oriflik, ya’ni ma’rifat bosqichi botiniy ilm bilan bog‘liq, u Ollohga robita uchun tashlangan qadam hisoblanadi.
Ahli tasavvuf soliklarni ibodati, karomat darajasiga ko‘ra to‘rt guruhga ajratadi: obid, zohid, oshiq va oriflar. Obidlar shariat qavmidan bo‘lib, Olloh taoloning buyurganini bajarib, qaytarganidan qaytadilar. Halol va harom, pok va nopokni ajratib, shariatga amal qiladilar. Obid o‘z nomi bilan obid, ya’ni ibodat qiluvchidir. Ularning ibodati: namoz o‘qimoq, ro‘za tutmoq, zakot bermoq, hajga bormoq, nafs orzularini yengib oxirat ne’matlariga intilmoqdir.
Zohidlar tariqat ahliga mansub bo‘lib, dunyodan yuz o‘girib Olloh roziligini topish va jannatga kirishni maqsad qiladilar. Ularning ibodati – kecha-yu kunduz zikr, qo‘rquv va umid ichida nafas olmoq; orzulari esa bu dunyoda oxirat uchun yaroqli ishlarni amalga oshirmoqdir.
Oshiqlar – ko‘p holati vajd va jazaba bilan o‘tadigan zotlardir. Ular faqat ishq bilan nafas oladi; ishqi esa majoziy yoki bashariy emas, balki ilohiydir.
Oriflar holati ham oshiqlarnikiga o‘xshaydi. Ular ma’rifat ahlidan bo‘lib, aql-u donishda yetuk, qalbi irfon nuri ila limmo-lim, pok niyatli, pokiza axloqli zakiy odamlardir. Orif – Ollohga tavakkul qilib, ishlarni faqat Unga topshirgan, Uning irodasiga foniy bo‘lish darajasiga yetgan kishidir. Ibodati – tafakkur ila dunyoni va oxiratni tark qilmoq, himmat nazari ila valoyatni (Ollohga qurbat hosil qilishni) kutmoq, orzusi esa Haq taolo vasliga yetishmoqdir.
Aziziddin Nasafiy “Zubdat ul-haqoyiq” kitobida bunday yozadi: “Narsa va hodisalarning botiniy mohiyatini anglasa, nazaridan hech narsa yashirin qolmasa va taqlid chegarasidan irfon chegarasiga qadam qo‘ygan bo‘lsa, uni donishmandorif” deydilar” (Aziziddin Nasafiy. Zubdat ul-haqoyiq. Toshkent, “Ma’naviyat”, 1997. 109-bet). Abdulqodir Jiyloniy esa orifga bunday baho beradi: “So‘nggi (zohidlikdan keyingi) darajaga ko‘tarilib, imkoniyati quvvatlanadi, Olloh taoloni taniydi. U qalbiga oxiratni emas, balki Mavlosiga yetishishni qaror qilib oladi. Shu vaqt dunyo amallarining mingtasi ko‘rilsa ham, qalbiga zarar bermaydi. Bunda u Ollohning buyrug‘iga bo‘ysunadi, hukmiga, taqdiriga muvofiq keladi. Olloh uchun insonlar xizmatida ularga yengillik yetkazishda qoyim turadi. Zulmat o‘rniga nurni yetkazadi” (Muhiddin Abu Muhammad Abdulqodir Jiyloniy (G‘avsul A’zam). Rabboniylikni anglash. Fath ur-Rabboniy. Toshkent, “Sharq” nashriyot matbaa konserni, 2001. 68-bet).
Alisher Navoiy talqinicha, orif Ollohni tanigan, bilgan va ilohiy ma’rifatdan mukammal xabardor bo‘lgan so‘fiydir. Orif Ollohning hayy (tirik), ilm, iroda, qudrat singari sifatlarini teran idrok etish yoki o‘zlashtirish bilan cheklanmaydi; balki butun koinot – borliq olamning sir-asroridan ham chuqur ogohlikka erishadi. Ollohning izzati, azamati va qudratini a’lo darajada biladi.
Maqolani tasavvufda bob istilohi xususidagi mulohazalardan boshlagan edik. Fariduddin Attorning “Tazkirat ul-avliyo”, Abdurahmon Jomiyning “Nafohat ul-uns” asarlarida ham “bob” so‘zi eshik, ya’ni pir va uning darvozasi ma’nosida keladi. Darvoqe, so‘fiyona asarlar lug‘atida darvesh kalimasi ham darvoza so‘zi o‘zagidan olingan deyiladi.
“Ming bir kecha” turkumidagi “Ali bobo va qirq qaroqchi” ertagini germenevtik jihatdan tahlil qilsak, ajododlarimiz tasavvuf sirlarini kod shaklida ertak qatiga yashirgani ma’lum bo‘ladi. Bosh qahramon Ali bobo aslida Alibob bo‘lgan chiqar. Bir qancha tilsimni bag‘riga olgan g‘orning siri ertakda u tufayli ochiladi. Majlisda hozir bo‘lganlar yoki ertakda yashiringanlar Ali bob bilan hisoblaganda qirq bir kishi, g‘or siri esa ilmi laduniy – ya’ni tanlab olingan zotlargina bahramand bo‘ladigan ilohiy ilmdir. Qirq kishi – chiltanlar haqida ma’lumotlar avliyolar haqidagi adabiyotlarda uchraydi. Chiltanlar – dunyoda yashirin shafoatchi toifa, Xudo bildirgan kishilargina ularning sirlaridan ogoh bo‘lishi mumkin...
Yurtimizda bob bilan bog‘liq ziyoratgohlar ham mavjud. Ulug‘ boblar komillik, mehr-muruvvat, adolat, to‘g‘rilik, vijdon, or-nomus, iroda, taqvo, matonat kabi asl insoniy fazilatlarning mujassam timsolidir.
Shukur JABBOROV,
Toshkent davlat Sharqshunoslik universiteti tadqiqotchisi
“Tafakkur” jurnali, 2025-yil 2-son.
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Tarix
Tarix
Tarix
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
Til
//
Izoh yo‘q