
6-yuzyillikning ikkinchi yarmida vujudga kelgan va mintaqa tarixida chuqur iz qoldirgan muhim davlat birlashmalaridan biri Turk xoqonligi (551–774) hisoblanadi. 551-yilda Turk xoqoni Bumin o‘z davrida turklar ustidan siyosiy ustunlikka ega bo‘lgan jujanlarga (rouranlarga) qarshi harbiy kurashni boshladi. Bu kurashlar natijasida turklar Jujanlar davlatini uzil-kesil mag‘lubiyatga uchratib, ularning siyosiy hukmronligiga barham berdi. Shu tariqa turklar tomonidan barpo etilgan davlat – Turk xoqonligi Turon zaminidagi eng yirik va qudratli siyosiy tuzilmalardan biriga aylandi. Keyingi davrlarda Turk xoqonligining hududiy chegaralari sharqda Koreyadan g‘arbda Qora dengizgacha bo‘lgan masofaga qadar kengaydi.
Tor-mor etilgan jujanlarning bir qismi milodiy 554-yilda Shimoliy Xitoy hududlariga chekindi, ikkinchi bir guruhi esa g‘arbga – Sharqiy Yevropa yo‘nalishida siljidi. Milodiy 558-yilga kelib ular ushbu mintaqaga yеtib kelib, avarlar nomi bilan qayd etildi va Pannoniyada (hozirgi Vengriya hududida) o‘zlarining Avar xoqonligi deb nomlangan yangi davlatiga asos soldi.
Birinchi Turk xoqonligining vujudga kelishi Markaziy Osiyodagi geosiyosiy kuchlar nisbatida tub oʻzgarishlarga sabab boʻldi. Ularning harbiy yurishlaridagi zafarlar hamda strategik ahamiyatga ega savdo yoʻllari ustidan nazorat oʻrnatishga boʻlgan intilishlari abdallar bilan yuzaga kelishi muqarrar boʻlgan qarama-qarshilik uchun shart-sharoitlarni hozirladi.
Mintaqada vujudga kelgan yangi geosiyosiy vaziyat abdallar va Turk xoqonligi oʻrtasidagi harbiy-siyosiy toʻqnashuvni taqozo etdi. Zero, bu paytga kelib abdallar keng hududlarni, muhim savdo yoʻllarini nazoratda tutib turardilar. Ayni paytda yangi paydo boʻlgan Turk xoqonligi oʻziga tegishli hududlarni kengaytirish tabiati tufayli mintaqaviy gegemonlikka va Buyuk Ipak yoʻli ustidan toʻliq nazorat oʻrnatishga harakat qilardi. Binobarin, bir-biriga tutash yoki kesishuvchi geografik makonda joylashgan, oʻxshash hududiy daʼvolar va iqtisodiy manfaatlarga ega boʻlgan ikki yirik siyosiy kuch oʻzaro toʻqnash kelishi mantiqan tabiiy bir hol edi.
Jujanlar magʻlubiyatidan soʻng turklarning hududiy kengayishi jadal tus olgani ularning yaqin istiqbolda abdallar taʼsir doiralariga bevosita duch kelishini anglatar edi. Shunday ekan, ushbu mojaro tasodif emas, har ikki tomonning oʻzaro raqobatdosh geosiyosiy maqsadlari va imperiya qurishga qaratilgan loyihalaridan kelib chiquvchi obyektiv, tarkibiy muqarrarlik sifatida baholanishi lozim.
Eron sosoniylari va abdallar o‘rtasidagi dastlabki munosabatlar, aftidan, ma’lum darajada pragmatik (foydali natijalarga yo‘naltirilgan) asoslarga qurilgan edi. Ammo abdallarning Xuroson va sosoniylar saltanatining sharqiy hududlariga nisbatan boshlagan hududiy kengayishi natijasida ikki tomonlama aloqalarda keskinlikning ortishi kuzatildi. Sosoniylar uchun o‘z imperiyasining sharqiy sarhadlari daxlsizligini ta’minlash hamda mintaqadagi muhim savdo yo‘llari ustidan nazoratni saqlab qolish hayotiy strategik ahamiyat kasb etardi.
Keyingi davrlarda ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar tarixi sosoniylarning bir necha bor og‘ir harbiy mag‘lubiyati bilan xarakterlanadi. Jumladan, sosoniy shohi Yazdigard II abdallarga qarshi nechi marta harbiy yurishlar qilgan bo‘lsa-da, omadli yakunlanmadi. Uning vorisi Firuz esa abdallardan bir necha bor qaqshatqich mag‘lubiyatga uchrab, katta miqdorda o‘lpon to‘lashga majbur bo‘lgan. Xususan, milodiy 484-yilda sodir bo‘lgan jang Firuzning halokati va sosoniylar qo‘shinining misli ko‘rilmagan darajadagi tor-mor etilishi bilan yakunlandi.
Ushbu mag‘lubiyatlar oqibatida abdallar Sharqiy Eron ustidan amalda nazorat o‘rnatib, Sosoniylar davlatining ichki va tashqi siyosatiga jiddiy ta’sir o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Sosoniylar saltanatining abdallar tomonidan uzoq yillar davomida siyosiy bosimga uchrashi keyinchalik taxtga chiqqan Xusrav I Anushirvon (531–579) siyosatida ularga qarshi keskin choralar ko‘rish uchun asosiy turtki bo‘ldi. O‘tmishdagi mag‘lubiyatlar uchun qasos olish, davlatning obro‘-e’tiborini tiklash va og‘ir o‘lponlardan xalos bo‘lish istagi uni abdallarga qarshi ittifoqchilar qidirishga undadi.
Xusrav I Anushirvon boshqaruvidagi Sosoniylar Eroni 6-yuzyillikning 30-yillarida jadal yuksalishni boshladi. Buning ilk natijasi abdallarga to‘lanadigan o‘lponning to‘xtatilishi bo‘ldi. Biroq u abdallarga qarshi ochiq jangovar harakatlarga kirishishga hali tayyor emasdi. Vujudga kelgan bunday siyosiy vaziyatlarda 554-yilda sosoniylar imperiyasi va Turk xoqonligi abdallarga qarshi harbiy ittifoq tuzilishiga olib keldi. Bu ittifoq Xusrav I ning Istami xoqonning qiziga uylanishi bilan mustahkamlandi. Shu bilan birga, nikoh abdallar ustidan qozonilgan g‘alabadan so‘ng bo‘lib o‘tgani haqida taxminlar mavjud. Zero, milodiy 555-yildan e’tiboran turklar abdallar bilan urush holatida bo‘lgan va bunday sharoitda Xusrav I Anushirvonning turkiy kelinining abdallar hududi orqali o‘tishi juda xavfli bo‘lardi. Nikoh karvonining sosoniylar imperiyasiga yеtib borishi uchun yagona imkoniyat Xorazm orqali o‘tish bo‘lgan. Shuningdek, Xusrav I 557-yilda Vizantiya bilan sulh tuzdi va bu besh yildan so‘ng tinchlik shartnomasiga aylandi, shu tariqa u g‘arbiy chegaralardagi vaziyatni barqarorlashtirdi.
Abdal yabg‘usi Gadfar sosoniylar va Turk xoqonligi o‘rtasida shakllanayotgan ittifoqdan xavotirga tushib, ushbu ittifoqqa putur yеtkazish yoki uning oldini olish maqsadida keskin harakatlarga qo‘l urgan, pirovardida keng ko‘lamli mojaroga sababchi bo‘lgan. Xususan, abdallar nazorati ostidagi So‘g‘d hududidan o‘tayotgan Turk xoqonligining elchilik karvoni hujumga uchratilib, elchilarning qirib tashlanishi urushning boshlanishini ta’minlagan. Abdallar tomonidan amalga oshirilgan ushbu tajovuzkorona harakat, xoh u strategik xatolik bo‘lsin, xoh shakllanayotgan ittifoqni barbod qilishga qaratilgan umidsiz urinish sifatida baholansin, har qanday holatda ham Turk xoqonligi tomonidan abdallarga qarshi harbiy harakatlarni boshlash uchun bevosita bahona bo‘lib xizmat qildi.
Shu tariqa, abdallar ikki tomondan – shimolda Turk xoqonligi va janubda Sosoniylar Eroni tomonidan qisuvga olindi. Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, janubda abdallarning boshqa bir guruhi hamon hind hukmdorlari bilan jang qilayotgan edi va o‘zlarining shimoldagi qismiga hech qanday jiddiy yordam ko‘rsata olmasdi.
Bunday vaziyatda abdallar Xitoy bilan munosabatlarini tiklashga harakat qildilar, ammo bu urinishlar muvaffaqiyatsiz yakunlandi.
Abdallar yabg‘usi Gadfarning Katulf ismli bir maslahatchisi bo‘lgan. Katulf podshoni harbiy harakatlarni boshlashdan qaytarib, o‘z yеrlarida dushmandan ko‘ra kuchliroq ekani va shu yеrda jang qilish afzalroqligini ta’kidlagan. Biroq Gadfar tomonidan haqoratlangach, u o‘z yurtiga xiyonat qilib, Xusrav I huzuriga qochib o‘tadi.
Milodiy 558-yilda yabg‘u-xoqon Istami Xusrav I bilan ittifoqda abdallarga shimoldan hujum qildi. Ular avval Choch (Toshkent)ni egalladilar, so‘ngra Chirchiq daryosidan o‘tib, Turk qo‘shinlari Maymurg‘da (Samarqand viloyatidagi, Zarafshonning janubidagi knyazlik) to‘xtadilar. Bu paytga kelib Gatfar allaqachon qo‘shin to‘plashni boshlagan edi. Buxoro vohasida Balx, Shug‘non, Vashgird, Termiz, Amul, Zem va davlatning boshqa hududlaridan kelgan qo‘shinlar jamlandi. Eftaliylar podshosi jangni tekislikda o‘tkazmaslikka qaror qildi, chunki u yеrda Turk otliq qo‘shinlari ustunlikka ega edi. U tog‘larga chekindi va Nesef (Qarshi)da jang qildi. Jang sakkiz kun davom etdi va Turklarning g‘alabasi bilan yakunlandi.
Mazkur jang tarixga “Gol-Zarriun” yoki “Buxoro jangi” nomi bilan kirgan. Firdavsiyning “Shohnoma”ida Buxoro gurzilar va boltalarga to‘lgani, abdal yabg‘usi Gatfar barcha tomondan qo‘shin yig‘gani, biroq jangning 8-kunida Haytaliy (Abdal) qo‘shini yillar davomida tuzatib bo‘lmas darajada mag‘lub bo‘lgani, yaradorlar hamma joyga tarqalib ketgani, butun yo‘l o‘liklar va asirlar bilan to‘lgani keltirilgan.
Tabariy abdallar va turklar o‘rtasidagi jang haqida shunday xabar beradi: “...Turklarning eng kuchli, eng jasur va qudratlisi xoqon Sinjibu bo‘lib, abdallar podshosi Varazga qarshi kurashgan uning qo‘shini son jihatdan eng ulkani edi. Sharqda u (Sinjibu) ularning (abdallarning) ko‘pligi va qudratidan cho‘chimadi, ularning podshosi Varazni va butun qo‘shinini o‘ldirdi, ularning boyliklarini tortib oldi va mamlakatlarini – faqat Xusrav tomonidan avvalroq qo‘lga kiritilgan qismidan tashqari – egalladi”.
Dinavariyning yozishicha, Xusrav I abdallar mamlakatiga qo‘shin yuborib, Toxariston, Zobuliston, Kobuliston va Chag‘oniyonni bosib olgan. So‘ngra Turk hukmdori Sinjibu xoqon o‘z odamlarini to‘plab Xurosonga yurish qildi, u Choch, Farg‘ona, Samarqand, Kesh va Nasafni egalladi va Buxoroni ham qo‘lga kiritdi.
Menandr Protektorning qayd etishicha, milodiy 568-yilda turk elchilari Konstantinopolga kelganida Imperator Yustin II ulardan so‘radi: “Siz Eftaliylarning butun kuchini bo‘ysundirdingizmi?” – “Hammasini”, – deb javob berishdi elchilar.
Shunday qilib, 563 va 567-yillar oralig‘ida Turk xoqonligi hamda Eron sosoniylari ittifoqligi natijasida abdallarning siyosiy faoliyatiga nuqta qo‘yildi.
Xulosa qilib aytganda, 6-yuzyillik o‘rtalarida Markaziy Osiyo geosiyosiy sahnasida ro‘y bergan Turk xoqonligi va Abdallar davlati o‘rtasidagi to‘qnashuv tasodifiy hodisa bo‘lmay, balki bir nechta muhim tarixiy omillarning mantiqiy natijasi edi. Bir tomondan, yangi vujudga kelgan Turk xoqonligining hududiy kengayishga bo‘lgan intilishi va Buyuk Ipak yo‘li ustidan nazorat o‘rnatishga qaratilgan strategik maqsadlari, ikkinchi tomondan, mintaqada uzoq yillardan buyon hukmronlik qilib kelgan Abdallar davlatining mavjud mavqeini saqlab qolishga urinishi bu ikki qudratli turkiy sulolani muqarrar to‘qnashuvga olib keldi.
Ushbu jarayonda Sosoniylar Eronining roli hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi. Abdallardan avvalgi yillarda qaqshatqich mag‘lubiyatlarga uchrab, og‘ir o‘lpon to‘lab kelgan Sosoniy shohi Xusrav I Anushirvon uchun qasos olish va davlatining sharqiy chegaralaridagi tahdidni bartaraf etish birinchi darajali vazifa edi. Bu vaziyat Turk xoqonligi va sosoniylar o‘rtasida abdallarga qarshi strategik harbiy ittifoqning tuzilishiga olib keldi.
Natijada, ikki frontda – shimoldan Turk xoqonligi va janubdan Sosoniylar qo‘shinlari tomonidan qisuvga olingan abdallar davlati 563–567-yillar oralig‘ida bo‘lib o‘tgan janglarda uzil-kesil mag‘lubiyatga uchratildi. Bu g‘alaba nafaqat abdallar davlatining siyosiy faoliyatiga to‘liq nuqta qo‘ydi, balki mintaqa xaritasini butunlay o‘zgartirib, Turk xoqonligining Turonning yetakchi geosiyosiy kuch sifatidagi mavqeini mustahkamladi va yangi bir tarixiy davrni boshlab berdi.
Mardonbek RAJAPOV,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Tarix
Adabiyot
Tarix
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
Til
//
Izoh yo‘q