
Kuni kecha atoqli yozuvchi Xayriddin Sultonning “Osmoni falaklarda” kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Oyina.uz ziyolilarning ushbu kitob haqidagi fikrlari bilan qiziqdi.
“Bashoratgo‘y”lar adashdi
Men bu kitobga muharrir edim, qisqaroq so‘zboshi ham yozganman, shunga bir-ikki og‘iz qo‘shimcha qilmoqchiman...
Osmon, “osmon odamlari”ga qiziqish muallifda, menimcha, bundan qirq yillar burun – Sent-Ekzyuperining “Mitti shahzoda” asarini tarjima qilib yurganida boshlangan bo‘lsa kerak. Boshqa motivlar keyin qo‘shilgan.
Xo‘sh, bu to‘plam qanday dunyoga keldi? Undan oldingi asarlar, kitoblar-chi?
Bilasizlar, ardoqli yozuvchimiz Xayriddin Sulton o‘ttiz yildan ortiq mas’ul vazifada. Bunday lavozimda o‘tirgan odam kitob yozmoq tugul kitob o‘qimoqqa-da vaqt topishi qiyindir.
Shundan, adibning “iste’dodi so‘ngani”dan bashorat qilguvchilar ham topildi. Birov “Attang, shunday yozuvchimiz qalamini mansabga almashtirdi-ya!” deb kuyindi, biri esa “Mana, maydon bo‘shab qoldi, endi o‘zimiz qirchang‘imizni yeldiraveramiz!” deb suyungan ham bo‘lsa kerak.
Bizningcha, yozadigan-chizadigan odam to‘xtovsiz qog‘oz qoralayversa, qalam undan, u qalamdan bezishi, yozgani suyuqlashib-siyqalashib qolishi ham hech gap emas. Demak, vaqt-vaqti bilan qog‘oz-qalamga tin berilgani durust. Yig‘ish-yig‘inishda gap ko‘p, qalam tutgan ko‘ngil boyiydi, mavzular, qarashlar yangilanadi, teranlashadi; samara ham shunga yarasha!
Boya aytganimiz “bashoratgo‘y”lar adashdi. Keyingi yillarda muallif qatorasiga besh-olti kitobini e’lon qildi. “Odamlardan tinglab hikoya”, “Navoiy, 30”, “Ishonch telefoni”...
Bularning har biri – yozuvchi ijodida bir bosqich, havas qilarli bosqich. Bular – shakl jihatidan ham, mazmun jihatidan ham o‘zbek adabiyotida yangi asarlar.
Bular – adabiyot va hayot o‘rtasidagi masofani keskin qisqartirgani bilan ham qimmatlidir. Bugungi voqelikning murakkab, ziddiyatli, goho achchiqdan-achchiq tomonlarini shijoat ila badiiy tadqiq etgani bilan-da ahamiyatlidir.
Va nihoyat – “osmon turkumi”.
Dastavval “Tafakkur” jurnali sahifalaridan joy olgan “Osmoni falaklarda” hikoyasi adib ijodida yana bir tahsinbop bosqich desak bo‘ladi.
Bilamizki, asarning taqdirini asosan unda naql etilmish qahramon, uning nechog‘li hayotiyligi, qabariq-bo‘rtiq tasviri, qanday insoniy ma’no sarhadlariga borib tutashuvi masalasi hal qiladi.
Mazkur hikoyadagi Shamshetov obrazi – adabiyotimizda ilgari uchramagan chinakamiga yangi qahramon. Sho‘ro zamonida tug‘ilib, baynalmilal tarbiya muhitida suyagi qotgan bu odam sirtdan qo‘pol-u dag‘al, hissiz, mehrsizdek ko‘rinsa-da, kasbga sadoqat, insoniy e’tiqod, mardlik, tantilik sinovidagi zo‘r qat’iyati bilan kishini lol qoldiradi.
Xo‘sh, bu hikoya shunday keliboq jurnalda silliqqina chiqib ketdi deb o‘ylaysizmi? Har bir so‘z, har ifoda ustida muallif bilan telefonda kechgan bahs-u munozaralarni aytsam, ijodiy sirni ochib qo‘ygan bo‘lmasam kerak! Ishonasizmi, qo‘lyozma tap-tayyor, endi bosmaga ketadi deya imzolanib turganda ham uning yangi tahriri kelardi!..
Bu hol tajribali, ijodiy ishda pishiq-puxta muallifning azbaroyi injiqlig-u ehtiyotkorligidan emas, o‘ziga va so‘ziga mas’uliyatidan, adabiyot va uning muxlisi – kitobxonga hurmatidandir!
Buning nomini chinakam professionallik, ya’ni sohibkorlik, sohibikorlik deydilar!
Salmoqdor asarlar, yangi adabiy qahramonlar bilan muallifni ham, muxlislarni ham qutlasak arziydi.
Muborak bo‘lsin!
Erkin A’ZAM,
O‘zbekiston xalq yozuvchisi
Asar qahramonlari bugungi ijtimoiy tipga kuchli ruhiy rag‘bat beradi
Hikoya qahramoni Shamshetov sirtdan qaraganda yoqimsiz, qo‘rs, qo‘pol bir odam. Uni tanigan-bilgan aksariyat hamkasblari nomini eshitgandayoq ro‘para kelmaslikka urinadi. Uni surbet, dilozor, janjalkash kimsa deb biladi.
Yosh uchuvchi Badalov garchi Estoniyadan Shamshetov haqida ajabtovur taassurotlar bilan kelgan bo‘lsa-da, ilk uchrashuvidayoq uning dag‘al muomalasidan ranjib, o‘zini chetga tortmoqchi bo‘ladi. Biroq keyinchalik Shamshetov bilan to‘rt yil birga ishlab, xalqaro reyslarda uchib, komandirining tabiatini, xarakter mohiyatini o‘zi va kitobxon uchun yangitdan kashf etadi.
Shamshetovning ko‘ksiga muhrlangan “Рожденный ползать – летать не может!” (“O‘rmalashga tug‘ilgan – parvoz qilolmas!”) degan tatuirovka-yozuv aslida uning kimligi, hayotiy e’tiqodi ifodasi ekanini anglaydi.
Hikoya qahramoni mana shu e’tiqodiga umr bo‘yi sodiq qoladi. Eng qaltis sinovlarda, suronlarda ham sinmaydi. Bir vaqtlar Shamshetov bilan yaqin do‘st, quroldosh bo‘lgan Eshbekov keyinchalik vazir bo‘lib, “mansabga, soqqaga berilib ketadi. Osmonni ko‘rmay qoladi”. Holbuki, uchuvchi sifatida Eshbekovning tengi yo‘q.
“Qilmish-qidirmish”, deganlaridek, u jinoyat sodir etib, xorijga qochib ketadi. Nihoyat, chet elda qo‘lga olinib, O‘zbekistonga ekstraditsiya qilinadi. Tasodifni qarangki, sobiq vazir aynan Shamshetov komandirligidagi samolyotda Toshkentga qaytishi kerak. Qo‘li kishanlangan Eshbekov yonida ikki konvoy xodimi bilan samolyot trapiga keltiriladi. Shamshetov esa oralarida ziddiyat-adovat borligiga qaramasdan, eski hamkasbi, sobiq rahbarining sha’nini himoya qiladi. “Mening samolyotimda uchuvchining qo‘liga kishan solishga yo‘l qo‘ymayman!” deb turib oladi. Har qanday tahdid-u oqibatga tupurib, Eshbekovning qo‘lidagi kishanni yechtiradi va unga – vazir maqomidagi rahbarga ko‘rsatiladigan barcha qonuniy hurmat-ehtiromni bajo keltiradi.
Konvoy boshlig‘ining “Shamshetov, tushun, menda buyruq bor!” degan dag‘dag‘asiga sovuqqonlik bilan “Sen ham meni tushun, menda vijdon bor!” deb javob beradi.
Ayni shunday keskin vaziyatlardagi qat’iyati va irodasi bilan u ko‘z o‘ngimizda haqiqiy SHAXS bo‘lib gavdalanadi.
Osmoni falaklarning sodiq fuqarosi Shamshetov yorqin xarakter, yuksak ma’nodagi ijtimoiy tip – timsol o‘laroq, bugungi odamlar, avvalo, yoshlar ong-u shuuriga ruhiy ta’sir ko‘rsatadi. Ularga kuchli rag‘bat beradi. Bu kitob so‘nggi qirq-ellik yillik davrning eng muhim belgi-alomatlari, inson tafakkuri o‘zgarishlarini o‘zida mujassam etgan. Uning ahamiyati va qimmati ham ana shunda.
Iqbol MIRZO,
O‘zbekiston xalq shoiri
Ziddiyatlar hikoyasi
Iste’dodli adib Xayriddin Sulton qalamga olgan uchuvchilar hayotining badiiy tasviri o‘zbek adabiyoti uchun yangi mavzu. Har uchala hikoya juda qiziqarli. Hayotiy, samimiy, ishlangan badiiy til, harakatdagi obrazlar, muhimi, hikoyani ichkaridan butun qilib ushlab turadigan jihat – bu ziddiyatlar (konflikt).
“Ikki karra qahramon” – tashqi va ichki ziddiyatlar asosiga qurilgan hikoya. Muhammadkamol – Kamol – hikoya qahramoni uchun bu ism bejiz tanlanmagan. Muhmmadkamol uchuvchilikdagi mahorati, fahm-farosati eng xavfli vaziyatda yo‘lovchilarni bir o‘limdan qutqaradi. Hayotiy bir konflikt. Samolyotni qabul qilmagan makon bilan bir amallab yerga qo‘nish voqeasi o‘rtasida ziddiyatga o‘quvchi ko‘p ham e’tibor bermasligi mumkin. Ammo Kamol yoniga kelib o‘dag‘aylagan, o‘zidan botir yasab olgan dag‘dag‘achi “vajohatli bir kimsa” – bunday uvoq obraz hayotda ko‘p uchraydi. Aerodrom teleekranidagi 2001-yil 11-sentyabrdagi fojeaviy voqelikdan xabar topgach, u kimsa uzr so‘raydi.
Ha, Kamolga Qahramonlik unvoni beriladi.
Shu bilan hikoya go‘yo tuganchiga yetgandek bo‘ladi. Ammo hikoya voqeligi, aynan, Kamol qismati bilan davom etadi.
“Peshona ekan, yaqinda do‘stimning boshidan og‘ir bir voqea o‘tdi” – u jumladan keyin gap ishdan oilaga ko‘chadi. O‘quvchini qiziqtirish uchun “Bechora, dardini ichiga sig‘dirolmasdan, menga hasrat qilgan edi. Men ham azbaroyi ishonganimdan sizga aytyapman, bitta-yarimtaga doston qilib yurmang yana, iltios, xo‘pmi?” deb sirni roviyning o‘zi “doston” qilishga o‘tadi. Bu yozuvchining o‘ziga xos bayon usuli. O‘quvchini ushlab turish muhim. Shu sabab yuqoridagi gapning davomida: “Endi, sal nozikroq, intim masala-da”, degan ildirgi ham bor.
Kamol Bangkokdan Toshkentga uchishi kerak. Uydagilar uchun sovg‘alar oladi. Jumladan, kuyoviga ham. Kamol boshidan o‘tgan og‘ir voqea va o‘zi aytmoqchi “qahramonlarcha o‘limi” shu arzanda kuyovi Sherali bilan bog‘liq. Haddan tashqari hurmat qilingan bu kimsa nahs bosgan yuviqsiz nusxa bo‘lib chiqadi. Adibning o‘zi ham bu sharmandali hol bayonida voqelik ustiga “yopinchiq” tortadi.
Tabiiyki, sharmanda kuyov bilan orada ziddiyat paydo bo‘ladi. Kamolning ichkarisidagi ziddiyat undan kuchayadi: “Ichimdagi shayton, avariya eshigini ochgin-da, bu nahs bosganlarni samolyotdan uloqtirib tashla, alamingdan chiq, deb tinimsiz gijgijlaydi. Rahmon bo‘lsa, hushingni yig‘, jinni bo‘lishga haqqing yo‘q, chidaysan, deydi”. Kamolning sag‘lom kayfiyati buzilgan, ketma-ket dorilar ichadi. Uchuvchi “qop-qora bepoyon osmonga tikilib” o‘tiradi. O‘y-xayollar to‘qnashadi. Avallari Kamol uchun yetti yarim soat nima ekani bilinmagan yo‘l unmaydi, vaqt o‘tmaydi.
Kamol shayton vasvasasiga kirmaydi. O‘zini, g‘azabini yengadi. Haqiqiy qahramon o‘zini qo‘lga olgan, o‘z g‘azabini yenggan odamdir. Kamolning qarorlari ismiga mos. Kamol o‘zini tutgan, o‘zini bosib olgan qahramon. O‘z dardiga ko‘milgan, o‘zidan o‘tganini o‘zi bilgan Kamol ikki marta qahramondir. Biroq bu qahramonlik o‘rtasida ham ziddiyat bor. Biri tirik va ikkinchisi “посмертно”.
“Qo‘ng‘izdan ham oppoq, tipratikandan ham yumshoq” – bu ta’birda ham, umuman, hikoya oxiri qaynota bilan kuyov, qiz bilan yigit, qudalar – bularning barchasida ziddiyalar bor.
“Ikki karra qahramon” – bu ziddiyatlar hikoyasi, deb o‘yladim.
Darvoqe, keyingi hikoyadagi g‘alati Shashmetov – butun borlig‘i ziddiyatlarga to‘lig‘ obraz...
Yozuvchi ijtimoiy-maishiy turmush ham, odamlar tabiati ham nihoyatda murakkab va ziddiyatlarga to‘la ekanini juda yaxshi biladi. Nazarimda, Xayriddin Sulton taqdim qilgan yangi turkum hikoyalari jozibasining bir qirrasi ham shunda bo‘lsa kerak.
Yana bir qo‘shimcha. Hikoyalar yozilgan sana va joylar haqida bir og‘iz so‘z. “2022-yil 31-dekabr. Bankok”, “2025-yil 19-yanvar. Toshkent”, “2025-yil 8-mart. Myunxen”. Ikkitasi – 31-dekabr va 8-mart, ya’ni tuganchiga yetibdi. Yana biriga 19-yanvarda nuqta qo‘yilgan. Bu ham adib hayotidagi alohida kun. Xayriddin Sultonovning tavallud kunlari. Nima demoqchiman? Ijod ahli uchun hamma kun birdek – band kunlar, ijod kunlari. Ijod ahli uchun dam olish, bayram kunlari yoki bo‘sh kun yo‘q. Zero, bo‘sh kunlarda yozilgan asarlar bo‘sh bo‘ladi. Ijodkor doimo band odam, baland odam, eng asosiysi banda odamdir.
Adibning yangi hikoyalarini o‘qib zavq topasiz, azizlar.
Bahodir KARIM,
filologiya fanlari doktori, professor
Foto: Ahmad To‘ra
Jarayon
Adabiyot
Til
Vatandosh
Adabiyot
Tarix
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
Til
//
Izoh yo‘q