Urf-odatlar: tanganing ikki tomoni


Saqlash
12:12 / 24.12.2021 8391 0

Turfa hodisalar, xatti-harakatlar tarixda qayta-qayta takrorlanganidan odamlar ruhiyatiga turg‘un shaklda singib ketadi. Xalq xotirasi ana shu yo‘l bilan hosil qilingan bilim-tajribaga shu qadar boyki, zarur hollarda u har qanday muammoni yashirin mo‘jizakor kuchga tayanib yecha oladi.

 

Biz “urf-odat”, “udum” va “an’ana” deb ataydigan (bundan keyin “urf-odat” shaklida qo‘llanadi) bu ko‘nikmalar jamiyat hayotida katta o‘rin tutadi. Ularning kuchi, avvalo, shundaki, odamlarning, kim bo‘lishidan qat’iy nazar, mutanosib holatlarda o‘ylab o‘tirmay bir xil harakat qilishiga sharoit yaratadi. Kezi kelganda, shunga majburlaydi. Aytaylik, mahalla ahli – katta mansabdor, mulkdor yoki oddiy ishchi-hunarmand bo‘ladimi – har bir kishi azador xonadonga kirib, duoyi fotiha qiladi. Shu tariqa jamiyat a’zolari bir-biridan tanish holatda tanish xatti-harakatni kutadi. Basharti, odam ko‘pchilikka odat bo‘lib qolgan harakatdan boshqasini qilar ekan, qarshilik, norozilikka uchraydi.

 

Norozilik ushbu shaxsning birgina harakatini inkor qilishdan boshlanib, uning o‘zini alohida guruhdan, hatto butun jamiyatdan siqib chiqarishgacha yetib borishi mumkin.

 

Jamiyatda urf-odatlarning ijtimoiy xulqni mo‘tadillashtiruvchilik, ya’ni regulyatorlik rolini inkor qilolmaymiz. Lekin tanganing ikkit omoni bo‘lgani singari, ularning ta’siri kuchli bo‘lgan jamiyatda shaxs erkinligi muayyan darajada cheklanishi ham bor gap. Odam ba’zan o‘zi xohlamagan, ko‘ngil amriga zid xatti-harakatni xo‘jako‘rsinga bo‘lsa-da amalga oshiradi. Deylik, ikki mahalladosh garchi bir-birini unchalik yoqtirmasa ham, salom-alikni kanda qilmay, jamoat ko‘zicha o‘zaro yaxshi munosabatda bo‘lib yurganday ko‘rinadi.

 

Xalq turmushidagi kundalik tadbirlar ko‘pchilikning tajribasi ila takomillashib, pirovardida izchil amaliyot sifatida sekin-asta odamlar talab-ehtiyojini qondira oladigan me’yorga – urf-odat o‘laroq tan olingan qonunga aylanadi. Ular takomillashuv jarayonida xalqning ma’naviy-ma’rifiy dunyoqarashi, axloq me’yorlariga, hatto mintaqaviy, tabiiy yashash sharoiti kabi unsurlarga tayanadi. Masalan, Markaziy Osiyo mamlakatlarida mehmon avval bir piyola choy bilan siylanib, keyin osh-ovqat qilinadi. Bu udum (mehmondorchilikni choydan boshlash, uni uch marotaba qaytarib, birinchi piyolasini mezbonning o‘zi olishi, mehmonga choyning paydar-pay uzatilishi) kabilar, ehtimol, mintaqadagi issiq iqlim sharoitidan kelib chiqqandir...

 

Urf-odatlar jamiyatda barqarorlik talab-ehtiyoji bilan paydo bo‘lib, uni o‘z vaqtida qondiradi. Lekin tarixiy vazifasini o‘tab bo‘lgach, shaxsning yangi ijtimoiy voqelikka muvofiq harakat qilishiga yo‘l bermay qolishi ham mumkin. Bu esa jamiyatning iqtisodiy, ijtimoiy, ma’naviy-madaniy rivojiga to‘siq bo‘ladi.

 

Ustiga-ustak, urf-odatlar jamiyat hayotiga shu qadar payvandlanib ketganki, ular o‘z o‘rnini yangisiga osonlikcha bo‘shatib bermaydi. Odamlar manfaatiga to‘la xizmat qiladigan yangiliklarni joriy etish mushkulgina emas, hatto ba’zan imkonsiz bo‘lib qoladi. Yaqindagina ko‘rdik: to‘ylarni davlat hokimiyati, parlamentar alashuvi bilan ham ixchamlashtirib bo‘lmadi. Demak, yangi udumlar ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan puxta asoslangan bo‘lishiga qaramay, baribir, qabul qilinmasligiham mumkin ekan.

 

Aslida,asrlar davomida bo‘lsa-da, amalda qo‘llanibkelayotgan urf-odat, udum va an’analarningyangilanishiga tabiiy jarayonsifatida qaralmog‘ilozim. To‘g‘ri,urf-odat xalqning ma’naviy boyligi bo‘lib, ular uzoq yillar, ba’zan asrlar mobaynida shakllanib, amal qilib keladi. Ularda xalq donoligi mujassamlashadi. Ahamiyatli tomoni shundaki, jamiyatdagi ilg‘or o‘zgarishlar xalqning o‘sha urf-odat, udum va an’analarni mohirona takomillashtirishi asosida ro‘y beradi. Lekin takomillashtirish va yangi sharoitga moslashtirish izchil kechadigan tabiiy jarayon bo‘lganidan, uni inqilobiy tarzda dabdurustdan yangilik kiritish bilan aralashtirmaslik kerak. Masalan, o‘tgan asrning 70-yillarida urfga kirgan “komsomol” to‘ylarini olaylik. Ular bizga yashirin siyosiy-mafkuraviy talablar bilan yo‘q joydan tiqishtirildi. O‘sha to‘ylarni bugungi kunda tasavvur qilib bo‘lmaydi. Chunki ulardagi ko‘p unsurlar elimizning uzoq asrlik udumlariga – sharqona ruhiyatiga yot edi. “Komsomol” to‘ylari – ildizi chuqur ma’naviy qadriyatlarni takomillashtirish emas, osmondan tushgan qo‘ziqoringa o‘xshagan ildizsiz yangilik edi.

 

Urf-odatlar jamiyat a’zolarining ijtimoiy xulqini boshqarishga xoslangan bo‘lib, ilmiy adabiyotlarda “an’anaviy” va “zamonaviy” tasnifga ajratiladi. Mazkur atamalar ilgari, asosan, ijtimoiy-tarixiy va etnografiyaga taalluqli fanlarda ishlatilgan, keyingi vaqtlarda esa ijtimoiy psixologiyada ham keng qo‘llanmoqda.

 

An’anaviy urf-odatlarning amal qilishi, umuman, mavjudligi zamonaviylarining paydo bo‘lishini, aksincha, ikkinchisi birinchisining borligi, zamonaga moslashishini inkor etmaydi. Ular, istisno holatlarni hisobga olmaganda, bir-biriga uncha keskin qarshilik ko‘rsatmaydi. Bu ikkisi hamma zamonlarda ham bo‘lgan, o‘zaro ijobiy ta’sir ko‘rsatib, zamonaga moslashishda bir-biriga yordam bergan. Xalqning zardushtiylik tarixidan qolgan olovga sig‘inish alomatlari, chunonchi, kelinni olovdan uch marotaba aylantirish, marhumlar uchun qirq kungacha chiroq yoqib qo‘yish shahar sharoitida olov yoqishning qiyinligi, asosan, islomning joriylashuvi bilan bog‘liq holda o‘z-o‘zidan yo‘qolib ketgan. Ammo bu udumlarni chekka qishloqlarda hali-hamon ko‘rish mumkin.

 

Qizig‘i shundaki, jamiyatga yangi odatlarning kirib kelishi “an’anaviy”larning yangi shakl-mazmun bilan boyishiga sabab bo‘ladi. Shu tariqa “zamonaviy”lar jamiyatning mo‘tadil taraqqiyotiga xizmat qila boshlaydi. Ammo ular ham ba’zan, ho‘l-qurug‘iga qaramay, “an’anaviy”larning barchasini, xususiy hollarda esa, hatto xalq tarixiy-ma’naviy boyligi bo‘lgan qadriyatlarni ham butkul inkor qilishga tushadi. Jamiyatda yangiliklarga qat’iy qarshilik ko‘rsatish kabi noxush hodisaning ko‘pincha ustuvorligi sababi shunda. Zamonaviy “to‘y eskortlari” fikrimizning yaqqol misolidir. Yana bir holat: har qanday marosimda avval yoshi kattalarga xizmat ko‘rsatish udumi tarixan ibtidoiy jamoa tuzumiga borib taqalsa ajab emas. Lekin keyinchalik bu qoida o‘zgardi – yoshroq bo‘lsa ham, mansabdorga alohida mulozamat ko‘rsatishga o‘tildi.

 

Urf-odatlar xalqning ommaviylashgan tarixiy tajribasi bo‘lib, hayotda keng qo‘llanadigan axloq me’yorlari, yozilmagan qonunlar sifatida shu xalq vakillari tomonidan himoya qilinadi, boyitib boriladi. Alohida shaxs ularni me’yor darajasida o‘zi bajarar ekan, boshqalardan, butun jamiyatdan ham shuni kutadi. Agarda ularning bajarilmayotganini ko‘rsa, bu holatni o‘ziga nisbatan hurmatsizlik sanab, darhol udum-an’analarning himoyachisiga aylanadi. Ba’zan umume’tirofdagi me’yorlardan toyish, ularni bajarmaslik butun jamiyat tomonidan qoralanishgacha olib borishi mumkin.

 

Qiziqki, bunday hollarda “buzg‘unchi”ning shaxsi va jamiyatdagi mavqeyi ham hisobga olinadi (aslida, shu xil “ayirmachilik” ham urf-odatga aylanib ketgan). Masalan, mahalladagi faqirroq, oddiy kasb-korli odam kelmasa ham to‘y o‘taveradi. Lekin mahallaning oqsoqoli kelmaguncha to‘y oshi ochilmaydi. Bu – udumlarda shaxsning ham o‘rni borligini ko‘rsatadi. Bu – yaxshi albatta. Ayni hodisa salbiy ko‘rinishda voqelanishi ham mumkin: o‘sha faqir umumqoidadan andak chekinsa, ta’na-malomatlar ostiga qolib ketadi, lekin shu harakat boy-badavlatroq odam yoki mansabdor tomonidan sodir etilsa, nafaqat jim turiladi, hatto xos yangilik deb baholanishi ham mumkin. “Og‘zi qiyshiq bo‘lsa ham, boyning o‘g‘li gapirsin” qabilida ish tutish, afsuski, ma’lum ma’noda “urf-odatimiz”ga aylanib ulgurgan.

 

Mavzuga turli avlod vakillari nuqtayi nazaridan qarasak, urf-odatlar o‘ta yashovchanligi, katta-yu kichik ularning rioyasida bo‘lishini ko‘ramiz. Lekin yoshlar urf-odatlarga amal qilishda hamisha izchil emas, amal qilganda ham, yangiliklar qo‘shishni yoqtiradi.

 

Ma’lumki, jamiyatda avlodlar almashinuvi sezilmasdan kechadi. Katta avlod vakillari tarixiy xotira ko‘prigi sifatida urf-odatlarni qattiq himoya qiladi, yosh avlodni azaliy me’yorlarni buzmaslikka chaqiradi, buzganlarni jazolaydi. Bu jarayon urf-odatlarning ijobiy tomonlarini targ‘ib qilish orqali kechadi. Biroq katta avlodga ijobiy tuyulgan me’yorlar yangicha ijtimoiy sharoitda yosh avlod tomonidan rad etilishi ham mumkin. Ayni shu hol taraqqiyotning abadiy hamrohi bo‘lmish otalar va bolalar muammosini keltirib chiqaradi. Yoshlar ko‘pincha kattalar oldida urf-odatlarni bajarsa-da, o‘z davrasida yangiliklarni qo‘llab, yangilangan shu me’yorlarni sekin-asta joriy eta boradi. Yoshlarga tajriba yetmasa-da, ular o‘z bilganicha yashashga urinadi, qadimiy urf-odatlarga to‘liq rioya etishni xohlamaydi, hur fikrga intiladi. Hamma vaqt bo‘lmasa-da, bu holga muayyan urf-odatning salbiy tomoni – zamon talabidan ortda qolgani, taraqqiyot kushandasiga aylangani sabab bo‘ladi. Lekin, baribir, urf-odatlar – jamoatning to‘plagan tajribasini shaxsga o‘tkazuvchi, shaxsni ijtimoiylashtiruvchi umumhayot qoidalari sifatida muhim ahamiyatga ega.

 

Urf-odatlarning jamiyatdagi boshqaruv rolini ham e’tirof etmoq darkor. Bunda din bilan bog‘liq an’analar va jamoatchilik fikri tushunchasini ta’kidlash lozim. Ko‘pchilik hollarda shaxs shu ikkisiga butunlay tobelikka tushadi, o‘z shaxsiy tushuncha va xulosalariga amal qilolmaydi. Bu, ayniqsa, shaharlashuvdan uzoq qishloq sharoitida o‘ta kuchli kechadi.

 

Har qanday erkin fikr, mustaqillikka intilish jamiyat tomonidan qoralanib, “bid’at”, “g‘ayrifikr” deya talqin qilinadi. Ma’lum hollarda “bid’atchi”larga nisbatan jazo ham qo‘llanadi. Bu, birinchidan, erkin fikrni bo‘g‘ish, undan ham yomoni, odamni jamiyatdan chetlashtirish, quvishga aylanib ketishi mumkin. Holbuki, inson jamoasiz, uning munosabati, ta’siri va fikrisiz yolg‘iz yashayolmaydi. Chunki u– ijtimoiy jonzot. Bunda shaxsning jamiyatga faol kirib kelish hamda faol ijtimoiy hayotdan chetlashish davrlari muhim. Birinchisida u jamiyat tomonidan rad etilsa, joniga qasd qilishgacha borib yetadi. Faol ijtimoiy faoliyatdan chetlashayotgan bosqichdagi shaxs esa buni yanada og‘ir qabul qiladi, ijtimoiy hayotdan ketishni xohlamaydi, ichki hayajon, kuchli kechinmalar girdobiga tushadi. Binobarin, shaxs jamoadan majburan chetlatilganda, ishdan, ayniqsa, yuqori lavozimdan olinganda g‘ayrifikr guruhlariga qo‘shilib, jamiyat va uning boshqaruv tizimini tanqid qiluvchiga, hatto muxolifga aylanib qolishi ham mumkin. Ular uchun ko‘pchilik ahmoq hamda “aqldan ozgan” bo‘lib ko‘rinadi. Shaxs ichki motiv, mayllar kurashi ta’sirida, hatto jamiyat bilan, jamoat fikri bilan nizoga boradi. Bu ko‘pincha uning uzoq yillik urf-odatlarga qarshi chiqishi shaklida kechadi. U an’anaviy, “qotib qolgan” qat’iy me’yorga shaxsiy manfaati, o‘zining yangi ijtimoiy holatidan turib munosabat qiladi.

 

Urf-odat asrlar davomida izchil tarzda umumjamiyat tomonidan, umummanfaatdan kelib chiqib o‘rnatilgan, uni o‘zgartirishga faqat umumning o‘zigina mutasaddi va haqli hisoblanadi. Birgina yoki bir necha shaxs xohish-istagi bu xil o‘zgartirishga asos bo‘lolmaydi.

 

Jamiyatdagi urf-odatlarning ruhiy ta’sir mexanizmi shu darajada mustahkamki, ong-tafakkur kabi nomoddiy borliq juda kam holatlardagina ushbu me’yor chegarasidan tashqariga chiqishi mumkin. Urf-odat ta’sirida shaxs o‘zini doimo jamiyat nazari hamda himoyasida his etadi.

 

Mahmud YO‘LDOSHEV

 

Tafakkur jurnali, 2019-yil 3-son

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19276
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16344
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi