Yapon, olmon, koreys, turk uyg‘onish modellari. Qay birini tanlagan ma’qul?


Saqlash
15:59 / 22.05.2025 358 0

Har bir xalqning tarixi, tili, an’analari va qadriyatlari bo‘lgani singari uning o‘ziga xos falsafasi ham mavjuddir. Bir-biri bilan uzviy va chambarchas bog‘liq ekani bois ularni ayro holda tasavvur etib bo‘lmaydi. Falsafa garchi universal qonun va kategoriyalarni o‘rganuvchi umuminsoniy fan hisoblansa-da, bashariyat hayotiga xos muammolar bilan birga muayyan xalq turmushi va taraqqiyotiga doir qonunlar, maqsad-muddaolarni ham tadqiq etadi. Buni milliy falsafamiz tadriji misolida ham ko‘rish mumkin.

 

Kuchli davlat omili

 

Falsafiy fikr va tafakkur bobida boy an’analarga ega ekaniga qaramay, bir necha o‘nyilliklar mobaynida xalqimizning ilmiy merosiga ta’na-malomat toshlari otildi. Sobiq Ittifoq davrida barcha sohalar kabi milliy falsafamiz ham siyosiy tamoyillarga, aniqrog‘i,  “katta og‘alar” qoliplariga moslashtirildi. Oqibat shu bo‘ldiki, milliy falsafamiz rivojlanish o‘rniga hukmron mafkura qobiqlari doirasida “o‘gay bola” singari ma’yus qiyofada kun ko‘rmoqqa majbur bo‘ldi.

 

Sobiq tuzum davrida falsafaga doir ilmiy izlanish va tadqiqotlar go‘yo bir maromda olib borilgandek tuyulsa ham, aslida, “sotsialistik turmush tarzi”, “ateistik dunyoqarashni shakllantirish” kabi mavzular sun’iy ravishda dolzarblashtirilib, jild-jild nomzodlik, doktorlik dissertatsiyalari himoya qilindi. Bu sira tadqiqotlardan o‘zbek falsafasi jilla naf ko‘rmadi, bil’aks, uning obro‘-e’tibori tushdi, tadqiqotlar samaradorligi oshishi o‘rniga dissertatsiyabozlik avj oldi, ilmiy daraja va unvonlarni tezroq qo‘lga kiritish asosiy maqsadga aylandi. Ajdodlarimizdan qolgan diniy merosni puxta o‘rganishga esa mustamlakachilik yillarida avjiga chiqqan ta’qib-u tazyiqlar yo‘l bermadi.

 

O‘tgan asrning 90-yillari boshida sovet tuzumining intiho topishi o‘zbek falsafasining qayta uyg‘onishi uchun ibtido bo‘lib xizmat qildi. Buni teran anglagan birinchi prezident Islom Karimov faylasuflarimiz oldiga “zamon va makon bilan bog‘liq murakkab fan”ni yangi davr talablariga mos ravishda rivojlantirish vazifasini qo‘ydi: “Falsafa – barcha fanlarning otasi. Falsafani bilmaydigan odam – meditsina yoki ta’lim, san’at yoki madaniyat sohasi vakili bo‘ladimi, bundan qat’i nazar, hayotning, o‘z kasbining ma’no-mazmunini yaxshi tushunmaydi. Misol uchun, tarixni tahlil qilish uchun har bir voqea va jarayonga falsafiy qarash, ularni umumlashtirgan holda zarur xulosalar chiqara olish kerak. Shu bois tarixchi bo‘lish uchun falsafiy tafakkur qobiliyatiga ega bo‘lmoq darkor” (Karimov I. Inson, uning huquq va erkinliklari – oliy qadriyat. Toshkent, “O‘zbekiston”, 2006. 117-bet).

 

Jahon falsafasi tarixiga nazar tashlansa, o‘z milliy falsafasi va taraqqiyot modelini yaratgan xalqlar unchalik ko‘p emasligiga ishonch hosil qilamiz. Yunon falsafasi, rim falsafasi, hind falsafasi, xitoy falsafasi, ingliz falsafasi, fransuz falsafasi, olmon falsafasi, rus falsafasi... bu maktablarning har biri borliq, hayot va voqelikka ayricha yondashuvi bilan ajralib turadi. Ayni choqda, ularning har birida xalqiga xos bo‘lgan mentalitet va ma’naviyat, dunyoqarash va tafakkur tarzi ham aks etgan. Aytaylik, dunyoviy fanlar hali “yo‘rgak”da bo‘lgan bir vaqtda shakllangan qadimgi yunon, hind, xitoy falsafiy maktablariga xos bo‘lgan umumiylik olam va borliq binosining asoslarini aniqlash, uning mavjudligi va rivojlanish qonuniyatlarini fahmlashdan iborat bo‘lgan esa, fransuz  falsafasi bu yorug‘ dunyoda  erkin  yashashdan  o‘zga  muqaddas qadriyat   yo‘qligi, bunga  erishmoq uchun   ma’rifat ahkomlari   ila qurollangan   holda,  jangovarroq turmush  kechirish usulini targ‘ib qilgan. Olmonlar esa, aksincha, “aqlga muvofiq narsalarning hammasi voqeiy, voqeiy narsalarning hammasi aqlga muvofiq” (Hegel) ekani haqidagi shiorni baland ko‘targan holda murosasozlik yo‘lidan borish tarafdori bo‘lgan.

 

Falsafaning asosiy mazmun-mohiyati hayot ma’nosini anglashdan iborat ekani bugun barchaga kundek ravshan. Sovet davrida faqat foyda ketidan quvishnigina targ‘ib etadi degan da’vo bilan pragmatizm falsafiy maktablari qattiq tanqidga uchragan edi. Holbuki, “o‘zini oqlaydigan ish bilan shug‘ullanish” (Uilyam Jeyms) degan axloqiy imperativ asos ustiga qurilgan ushbu falsafa o‘z davrida G‘arb davlatlarini ijtimoiy taraqqiyotga undagan edi. Bozor iqtisodiyoti munosabatlari ustunlik kasb etayotgan bugungi kunda o‘zbek falsafasida ham ana shunday pragmatik qarashlar zarurligi e’tirof etilmoqda.

 

Milliy davlatchilikning yuksalishi ko‘p hollarda falsafiy qarashlar, ta’limotlar taraqqiyoti bilan uzviy bog‘liq kechgan. Zotan, kuchli davlatchilik mudom kuchli falsafaga ehtiyoj sezgan. Qadimgi Afina va Rim, Amir Temur saltanati, umuman, insoniyat tarixida o‘tgan ko‘plab davlatlar gullab-yashnagan davrda falsafa fani rivojiga alohida e’tibor qaratilgani ma’lum. Xususan, Amir Temur davlati dovrug‘ining yetti iqlimga yoyilishida Sohibqironning harbiy kuch-qudratidan tashqari o‘z atrofiga oqil-u fozillarni to‘plagani, saltanat ishiga doir mashvaratlarda ularning fikrlarini puxta o‘rganib, faylasufona qarorga kelgani ham muhim rol o‘ynagan. “Temur tuzuklari”da qayd etilgan “...tajribamdan o‘tmishkim, garchi ishning yakunlanishi taqdir pardasi ortida yashiringan bo‘lsa ham, aqli raso va hushyor kishilardan kengash tadbir istab, fikrlarini bilmoq lozimdir”, degan fikr Sohibqiron donishmand ham bo‘lganidan dalolat beradi (Temur tuzuklari. Toshkent, 1991. 15-bet).

 

E’tiborga molik jihati shundaki, o‘tmishda Samarqand falsafa maktabi, Buxoro falsafa maktabi, Movarounnahr falsafa maktabi, Turkiston falsafa maktabi kabilar ham mashhur bo‘lgan. Mazkur maktablar turlicha atalsa-da, o‘zbek xalqining falsafiy tafakkur taraqqiyotiga tegishli bo‘lgan umumiy jihatlarni o‘zida mujassam etgandir. Bu esa donishmand xalqimiz falsafasi tariximiz kabi qadim, ma’naviyatimiz singari teran demoqqa asos bo‘ladi. Istiqlolga erishganimizdan so‘ng boy falsafiy merosimiz “O‘zbek falsafasi” degan nom bilan yangicha ma’no-mazmun kasb etib, rivojlanish bosqichiga qadam qo‘ydi.

 

Qay modelni tanlagan ma’qul?

 

O‘zbekiston mustaqil bo‘lgach, Ikkinchi jahon urushidan keyin qisqa davr ichida mislsiz muvaffaqiyatlar keltirgan  “yapon modeli”, “olmon modeli”, “koreys modeli”, “turk modeli” kabi xorijiy taraqqiyot usullaridan birortasini andaza sifatida tanlashi mumkin edi. Ammo, nazarimizda, xorijiy modellarni O‘zbekistonga aynan ko‘chirish falsafiy mantiqqa mos kelmas edi. Chunki har bir xalqning davlatchilik an’analari, asrlar mobaynida shakllangan ma’naviy-ruhiy qadriyatlari mavjud. Milliy taraqqiyot yo‘lini tanlashda ularni e’tibordan soqit qilish va xorij modelini ko‘r-ko‘rona qo‘llash kutilgan natija bermas edi. Shu sabab “o‘zbek modeli” deb atalgan yangi konsepsiya ishlab chiqildi. Mazkur konsepsiya shunchaki taraqqiyot yo‘li emas, balki, ta’bir joiz ko‘rilsa, o‘zbek falsafasining mazmunan o‘ziga xos yangi ta’limoti bo‘ldi.

 

Taraqqiyot bobida mustaqil yo‘l tanlash har bir xalq uchun jahonshumul voqea sanaladi. Yangi davrda o‘tmishga xos ko‘plab tamoyillar o‘z ahamiyatini yo‘qotadi, uzoq muddat qadriyat hisoblangan mohiyatdan voz kechiladi. Busiz iloji yo‘q. Chunki yangi davr barcha sohalarda tub islohotlarni taqozo qiladi. Orzudagi jamiyatni barpo etish esa hamma vaqt ham oson kechmaydi. Eskilik bilan yangilik o‘rtasida murosasiz kurash yuz beradi. Yangilik tarafdorlari o‘z maqsadlariga erishmoq uchun ommani ezgu g‘oyalar atrofida birlashtirishga intilsa, eski “gvardiya” jamiyatda ro‘y berayotgan ijobiy o‘zgarishlarni tan olmaslik, an’anaviy turmush tarzidan voz kechmaslik yo‘lini tutadi. Darvoqe, o‘ta xatarli bo‘lgan uchinchi   –   befarq va loqayd toifa ham paydo bo‘ladi. Ana shunday mas’uliyatli damda milliy taraqqiyot falsafasini ishlab chiqish va uni keng omma ongiga singdirish favqulodda katta ahamiyat kasb etadi.

 

Mujodala emas, murosa

 

Bugun o‘zbek falsafasining sarchashmalari – xalqimizning boy ilmiy merosi, ajdodlarimiz tafakkur ziyosi ila yaratilgan durdona asarlarni o‘rganishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ular jahon fani va madaniyati rivojiga shu qadar katta ta’sir ko‘rsatganki, buni mashhur ingliz olimasi Hilda Hukhemning “Amir Temur tarbiya topgan zaminda X – XI asrlardayoq falsafa, tibbiyot, matematika, astronomiya, geografiya, nazm va tarixnavislik borasida jahonshumul asarlar yaratilgan. Bu beqiyos ilmiy-ma’rifiy taraqqiyot Yevropa Uyg‘onish davriga turtki berdi va Yevropa ilm-fani kamol topishida mustahkam asos bo‘lib xizmat qildi”, degan e’tirofi ham tasdiqlaydi.

 

Biroq shunga qaramay, moziyning turli davrlarida yashagan alloma bobolarimizning dunyoviy va diniy ilm sohalaridagi merosi bor bo‘y-basti bilan, tugal o‘rganilgan deya olmaymiz. Mutaxassislarning hisob-kitobiga ko‘ra, O‘zbekistonda hozirga qadar o‘rganilmagan nodir qo‘lyozmalar 80 mingdan ziyodni tashkil etadi. Ularni daqiqlik bilan tadqiq qilish va xalqimizga taqdim etish nainki manbashunoslik yoki sharqshunoslik, balki o‘zbek falsafasining ham kechiktirib bo‘lmas vazifalaridandir. Zero, qariyb uch ming yillik davlatchilik tarixiga ega bo‘lgan xalqimiz dunyoqarashining shakllanishi va takomillashuv bosqichlarini har tomonlama chuqur va puxta o‘rganish millatning o‘zligini anglashida muhim o‘rin tutadi.

 

Garchi insoniyat tarixi bir-biridan farq qiladigan turli-tuman davrlardan iborat bo‘lsa-da, asl mazmun-mohiyatiga ko‘ra u birbutun umumiy qadriyatdir. Shunday ekan, xalqimiz yaratgan bebaho meros “yevropasentrizm”, “osiyosentrizm” singari mahdudlik yoki etnik tarafkashlik da’volari asosida emas, balki odamzod tafakkurining umrboqiy mahsuli va tarkibiy qismi sifatida xolisona o‘rganilishi kerak. Bizningcha, ushbu munosabatlarda G‘arb ham, Sharq ham mutlaq yetakchilik da’vosini qilmasligi, bunda har ikki sivilizatsiyaning bir-biriga katta ta’siri bo‘lganini ta’kidlamoq lozim. Zero, Sharq olimlari yunon fani va falsafasidan qancha bahramand bo‘lgan esa, ming yil jaholat zulmatiga botgan Fapb fani Sharqda ko‘tarilgan ilm-fan quyoshi nurlari ta’sirida ko‘z ochib uyg‘ondi. Hatto Sharq fani va falsafasiga bepisandroq munosabatda bo‘lgan buyuk olmon faylasufi Georg Hegel ham “Nur – Sharqdandir” degani Mashriqzamin salohiyatining jahoniy e’tirofiga ishoradir.

 

Ortga surib bo‘lmas vazifalar

 

Milliy falsafamiz tadriji xususida so‘z borar ekan, soha vakillari oldida turgan vazifalarga ham e’tibor qaratish o‘rinli bo‘ladi. O‘zbek falsafasining tub ildizlari, nazariy-metodologik manbalari, rivojlanish xususiyatlari batafsil bayon qilingan fundamental tadqiqotlar, o‘quv adabiyotlari yetarli emas. Binobarin, buning uchun salohiyatli intellektual kuchlarni saralab, ushbu vazifalar ijrosiga safarbar etmoq lozim. Qolaversa, mamlakatimizdagi barcha oliy ta’lim dargohlarida o‘zbek falsafasi kafedralari faoliyatini yo‘lga qo‘yish va shu bo‘yicha darsliklar tayyorlash maqsadga muvofiqdir. Masalan, Buyuk Britaniyada ingliz falsafasi bilan birga Bekon falsafasi, Yum falsafasi, Germaniyada olmon falsafasi bilan birga Kant falsafasi, Hegel falsafasi kabi maxsus kurslar o‘qitiladi. Fransuz va ispanlarda, yunon va italyanlarda ham shunday. Har bir millat o‘z falsafasini birinchi navbatda o‘zi chuqur bilishi, hurmat qilishi, dunyoqarashining ajralmas qismiga aylantirishi lozim, so‘ngra esa boshqalarga ham targ‘ib-tashviq etgani ma’qul. Forobiy falsafasi, Xorazmiy falsafasi, Farg‘oniy falsafasi, Beruniy falsafasi, Ibn Sino falsafasi, Ulug‘bek falsafasi singari maxsus kurslarni yo‘lga qo‘yishga ehtiyoj ham, imkoniyat ham bor.

 

Oliy ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarda ana shu ehtiyoj va zaruriyatni inobatga olmoq lozim. Ijtimoiy-gumanitar fanlarni qisqartirish, falsafa fanini o‘qitishga nisbatan bepisandlik tayyorlanayotgan kadrlarning mafkuraviy immuniteti sustlashuvi singari salbiy illatlarni keltirib chiqaradi. Bu hol mutasaddi tashkilotlarni jiddiy tashvishga solmog‘i darkor.

 

Yuqoridagi mulohazalar milliy falsafamizni yanada yuksak bosqichga ko‘tarish haqida tinmay qayg‘urish kerakligini eslatadi. Shuni ham alohida ta’kidlash zarurki, mazkur ishni milliy manfaatlar qobig‘ida amalga oshirib bo‘lmaydi. Jahon falsafasini chuqur o‘rganish, sayyoramizning o‘zga hududlarida umrguzaronlik qilgan faylasuflar ta’limotlari bilan yaqindan tanishish, ularni qiyosiy tahlil qilish, zamonaviy falsafiy qarashlar rivojiga xos bo‘lgan umumiy va juz’iy tendensiyalardan oqilona xulosa chiqarish, dunyo allomalarining mumtoz asarlarini ona tilimizga tarjima qilish kabilar bugungi kunning dolzarb yumushlaridir. Afsuski, milliy falsafamizda “murakkab, tish o‘tmaydi” degan bahona bilan jahon falsafasining Aflotun, Arastu, Berkli, Kant, Hegel kabi mumtoz vakillari qarashlarini o‘rganish, gnoseologiya va ontologiya, fan va falsafa tarixi, fanlarning falsafiy masalalari singari jiddiy mavzularda tadqiqotlar olib borish o‘rniga ijtimoiy-tarixiy voqeligimizdagi siyqasi chiqqan yengil-yelpi mavzulardan “falsafa izlash” an’anasi tobora ildiz otayotir.

 

Fikrimizcha, bugungi kunda jahon falsafasi oldida hozirgi dunyoning ilmiy-falsafiy manzarasini, g‘oyalar va yondashuvlarning zamonaviy taraqqiyotga ta’sirini teranroq tasavvur etishdek zalvarli vazifa turganini ham yodda tutmoq darkor. Sirasi, bu masala o‘zbek milliy falsafasiga ham begona emas.

 

XX asr dunyoda buyuk o‘zgarishlar va kashfiyotlar asri bo‘lishi bilan birga, mafkura poligonlari yadro poligonlaridan ham xavfliroq tus olgani ila tarix sahifalaridan joy egalladi. Faylasuflarimiz XXI asr bundan-da murakkab kechishini esdan chiqarmasligi lozim. Negaki, inson qalbi va ongi uchun kurash avj olgan hozirgi davrda bir hudud yo mamlakatda paydo bo‘layotgan g‘oya, mafkuralar qisqa muddatda butun yer yuziga yoyilmoqda. Xalqaro terrorizm, ommaviy madaniyat, nigilizm, kosmopolitizm, tajovuzkor millatchilik, shovinizm, ekstremizm kabi mafkuralar dunyodagi tinchlik va barqarorlikka raxna solayotir, qabih kuchlar g‘arazli maqsadlari yo‘lida ana shunday vayronkor mafkuralardan g‘oyaviy qurol sifatida foydalanayotir. Bunday sharoitda geostrategik maqsadlar va davlatlarning mafkuraviy siyosatini o‘rganish muhim ahamiyatga ega.

 

Dunyoning mafkuraviy manzarasi tez o‘zgarayotgani, axborot almashinuvi jarayonining global tusga kirgani, universal texnologiyalarning jahon xalqlari hayoti va turmushidan keng o‘rin egallayotgani har tomonlama chuqur tahlilni talab etayotir. Ayniqsa, axborot maydonida kun sayin avj olayotgan xurujlar alohida yondashuvni taqozo qiladi. Xohlaymizmi-yo‘qmi, barchamiz axborot oqimi ta’siri ostida dunyoga o‘zgalar ko‘zi bilan ham boqayotganimizni inkor etib bo‘lmaydi. Bas, shunday ekan, insonning o‘zligini yo‘qotmaslik choralarini ko‘rish asosan falsafa fani vazifasi ekanini chuqur anglamoq shart va zarur.

 

Bugungi beqaror davrda milliy o‘zlikni saqlash, xalqimizning azaliy qadriyatlarini asrab-avaylash va kelajak avlodlarga bezavol yetkazish; axborot ummonida g‘arq bo‘lib ketmaslik uchun kishilarda, ayniqsa, yosh avlod vakillarida oqni qoradan, chinni yolg‘ondan, rostni bo‘htondan ajrata olish ko‘nikmasini shakllantirish nihoyatda dolzarb. Boz ustiga, dunyoning axborotlashuvi uning texnokratlashuvi bilan ham muvoziy tarzda yuz bermoqda. Buning oqibatida esa, ba’zi mutaxassislarning fikricha, zamonaviy odam texnokrat robotga aylanayotir. U ko‘proq virtual dunyoda yashashni ma’qul ko‘rmoqda, asta-sekin real dunyo kishilaridan uzoqlashib, jamiyatdan begonalashib bormoqda. U uchun qayerda yaxshi yashasa – o‘sha yer vatan. Bizningcha, bunday yondashuvni oqlab bo‘lmaydi. Binobarin, milliy falsafamiz sog‘lom fikrli, hushyor va ogoh insonlarni tarbiyalashga hissa qo‘shmasa, zimmasidagi tarixiy vazifani bajarolmaydi.

 

Milliy falsafamiz shiddatkor davrdan orqada qolayotgani, ba’zi olimlarning zamon bilan hamnafas bo‘lolmayotgani, davlat va jamiyat talablariga javob berolmayotganini ham tan olish kerak. Falsafa bo‘yicha darslik, o‘quv qo‘llanmalarini yaratishda muqobillik asosidagi raqobat muhiti hali-hanuz yaratilmagan, mualliflar mehnatini munosib rag‘batlantirish tizimi ham mukammal emas. Bu borada ahvol ijobiy tomonga o‘zgarmasa, falsafa asl mohiyati va qiyofasini, fan sifatidagi qadri va ahamiyatini, hayot va ta’limdagi o‘rnini yo‘qotib qo‘yishi mumkin. Shunday ekan, bu borada zudlik bilan tub o‘zgarishlarni amalga oshirish, ilmiy paradigmalarni yangilash, mutaxassislarning fan va jamiyatdagi qadri, o‘rnini munosib baholash lozim.

 

Bugungi voqelik falsafiy adabiyotlarning xalqchilligini ta’minlash, darslik va qo‘llanmalarning tili, ifoda usullarini milliy ruhimizga yaqinlashtirishni ham talab etayotir. Falsafa mavzularini qanday yoritish, qay tariqa asoslash va tushuntirib berishni o‘rganmoqchi bo‘lsak, jahonda ilg‘or namunalar bor. Eng murakkab, serqirra falsafiy kategoriya va tushunchalarning ta’rif va izohlarini ham sodda, ravon tilda, mahorat bilan ifoda etish tajribasi mavjud. Demak, o‘zbek falsafasining evolyutsiyasi va dinamikasi, umumiy qonuniyatlari va o‘ziga xos xususiyatlari har tomonlama keng va chuqur ifodalangan asarlar yaratish, ularda zamonaviy falsafaning tushuncha va tamoyillarini yaxlit tizimga keltirish, rivojlanish yo‘llari va imkoniyatlarini atroflicha ko‘rsatib berish zamondosh faylasuflarimiz oldida turgan vazifalar sirasiga kiradi.

 

Modomiki shunday ekan, ildizlari ming yilliklar qa’ridan kuch oladigan milliy falsafamizni yangi bosqichga ko‘tarish, uni zamonaviylashtirish, qolaversa, Uchinchi Renessans poydevorini yaratish faylasuflarimiz zimmasiga katta mas’uliyat yuklayotganini yanada teran his etmog‘imiz darkor.

 

Ismatilla TO‘XTAROV

 

“Tafakkur” jurnali, 2025-yil 1-son.

Uyg‘onayotgan falsafa” maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Tarix

14:06 / 11.06.2025 0 58
Hamzaning “maktublari”





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//