
Ilhom qo‘ri
Bahor ayyomidur, dag‘i yigitlikning avonidur,
Ketur, soqiy, sharobi nobkim, ishrat zamonidur.
Mirzo Bobur bu satrlarda tafti hamisha bizning sovqotgan ruhimizni isitadigan qo‘rning eng katta cho‘g‘i tasvirini bergan. Taft tomirlarga o‘tgach, tuyg‘ular jonlanadi, so‘zlar uyg‘onadi, hayot boshlanadi. Bu cho‘g‘ atrofida hamisha bir ajoyib suhbat sodir bo‘ladi. Bu satrlar yarim ming yil ilgari Hindistonda yozilgan. Ammo u shuncha vaqtdan beri Turonda tinimsiz yangraydi. Bobur hech qayerga ketmagan, yo qaytib kelganday...
Bisotimda yana bir shunday hodisa bor. Hindiston, boburiylar sulolasi kechmishlari sahifalari ochilishi bilan u ham yarq etib ko‘zga tashlanaveradi. U voqea ham boburiylar saroyidan boshlanadi. Bu tarixning bir uchi Toshkentning Qoratosh mahallasiga kelib taqaladi. Qizig‘i, u hozir ham davom etmoqda.
Naqshbandiy-mujaddidiy Ahmad maxdum Qoratoshiy muhr silsilasining sakkizinchi qatoridagi uchinchi katakda “Hazrat Mirzo Joni Jonon quddisallohu sirrihu” deb yozilgan. Muhrda ismi naqsh etilgan bu azizga manbalarda ancha ilgariroq, ilk marta duch kelganimdayoq iforga to‘la ilhom epkinini his qildim. Hali u to‘g‘rida bilgilarim juda kam edi. Dunyoga kelishi bilanoq boshiga oshiq tug‘rosi toj qilib kiydirilgan, hayot bozorida ishq savdosi ahli safidan joy berilgan bu inson kim bo‘ldi ekan?
U turli qo‘lyozma manbalarda Mirzo Mazhar, Joni Jonon, Shamsiddin Habibulloh nomlari bilan ko‘p uchrardi. Bu ismlarda yo‘g‘rilgan-jam bo‘lgan ulug‘ martabani hazrat Jaloliddin Rumiy, Farididdin Attor, Alisher Navoiy singari vahdat dunyosini kezgan ko‘plab siddiqlar alqagan.
Nihoyat, fursat yetib unga taalluqli satrlarni yig‘ib, tartibga solishni boshladim. Yig‘ilganlarning hammasini bu maqolaga joylashni uddalay olmasligimni ham bilib turibman. Iforli ilhom epkini esganda hatto qalblar ham o‘zida sodir bo‘layotgan voqealarni eplay olmay qoladi. Hech qursa, ushoqqinadek bir ish bo‘lar...
Ismini podshoh qo‘ygan go‘dak
Boburiylar xonadonidan boshlangan o‘sha hikoyaga kiramiz endi. Aslida qahramonimizning otasining ismi Mirzajon Jonon edi. U Mirzo Joni Jonon nomi bilan mashhur bo‘lishiga ham otasining shu ismi sabab bo‘lgandi. Ayrim birlamchi manbalarda u 28 nasab bilan Muhammad Hanafiy ibn hazrat Ali ibn Abu Tolib xonadoniga tutashishi ta’kidlanadi.
Rivoyat qilinishicha, XV asr boshlarida katta bobolaridan biri Amir Kamoliddin Toif shahridan Turkistonga ko‘chib keladi va bu yerda davlat boshqaruvidagi mansablardan birida xizmat qiladi. Boburiy Humoyun podshoh (1507–1556) hukmronligi davrida Amir Kamoliddin avlodlaridan Amir Majnun va Amir Bobo Turkistondan Hindistonga borib, saroy a’yonlari qatoridan joy oladi.
Otasi Mirzajon Jonon boburiy hukmdor Avrangzeb Olamgir (1657–1706) saroyida nufuzli xodim edi. Kunlarning birida Mirzajon lavozim va martabadan voz kechib, faqirlar yo‘lini tanlab, tariqat ahli davrasiga qo‘shiladi. Boyligini haqir-u miskinlarga tarqatadi. U mamlakatda saxovati, go‘zal axloqi va fazilatlari bilan tanilgan edi. Aytishlaricha, qizining nikohi uchun yig‘ib qo‘ygan yigirma besh ming rupiya mablag‘ini qashshoqlikda qiynalgan bir do‘stiga hadya qilib yuboradi.
Mirzo Mazharning bobosi – onasining otasi Amir Abdusulton ham suluk ahlidan edi. Chishtiya tariqatining yetuk vakili bo‘lgan. U vazir Asadxon qizining o‘g‘li edi.
Shamsiddin Habibulloh – Mirzo Joni Jonon hijriy 1111-yili (1699/1700) Malva muzofotiga qarashli Galabog‘ mavzesida dunyoga keladi. Ba’zi adabiyotlarda hazratning tavalludi hijriy 1113-yil (1701/1702) deb ko‘rsatiladi.
Bu voqeadan zamona hukmdori Avrangzeb ham xabardor bo‘ladi. U “O‘g‘il otaning jonidir, go‘dakka Joni Jonon deb ism qo‘ying” deb tayinlab yuboradi. Keyinchalik uni barcha Joni Jonon deb atay boshlaydi va bu ism unga qismat bo‘ladi. Tariqat ahlining barchasi bir umr “Jonon”ni axtargan, uning visoliga talpingan oshiqlar edi. Shunday “Jonon”ning joni Hind Akbarobodida yashab, ulg‘ayadi. U bolaligidayoq Avrangzeb podshohdan oshiq “yorlig‘i”ni olgan darvesh edi.
U bolaligida otasi va Hofiz Abdurasul Dehlaviydan ilm o‘rganadi. Agrada Abduqodir Misriy unga Qur’on ilmi va fors tilidan ta’lim beradi. O‘n olti-o‘n sakkiz yoshlarida bir muddat davlat ishlarida xizmat qiladi. Tez orada uni tark etib, suluk ahli quriga qo‘shiladi.
Qutlug‘ umr ibtidosidagi voqealar
U derdi: “Bolaligimda Ibrohim alayhissalomni tushimda ko‘rib, iltifot va ehsonlariga ko‘p-ko‘p sazovor bo‘ldim. O‘sha paytlar hazrat Abu Bakrni yodga olsam, muborak surati ko‘z oldimda paydo bo‘lardi. Ruhoniyatini ko‘zim bilan ko‘rardim. Menga iltifoti cheksiz edi”.
Tarbiya barakati
Yana derdi: “Muhtaram otamning barakatli tarbiyasi ila menda bir hol paydo bo‘ldi. Bir qarashda insonlarning qalbidagilarni anglardim. Turgan yo‘lim nuri bilan insonlarning saodat va yoki shakovat ahli ekanini peshonalaridan bilardim”.
Hikmat yo‘li
Yoshligimda bir kuni birov otam bilan gaplashayotgandi. Hazrat imom Rabboniy haqida so‘z bordi. Shu payt imom Rabboniy ruhoniyati botinimda namoyon bo‘ldi. O‘rnimdan turishga ishora qildi. Bu holni otamga aytgandim, “Anglashimcha, undan senga nasiba yetadi” dedi. Alloh taolo qalbimga sunnatga bo‘ysunish va amal qilish xislatini o‘rnashtirdi.
Maqsadimga yetish uchun Sayyid Nur Muhammad Badauniy huzuriga bordim. Muborak yuzini ko‘rib, ma’rifat sohibi ekanini tuydim. U amali sunnat bilan ziynatlangan, din amrlariga tobe, go‘zal axloqli mo‘min edi. Suhbati qalblarga huzur berardi. Dargohida suluk ahli maqsadlariga erishar, o‘lgan qalblar tirilib, iymonga kelardi. Haqqa yetishga muyassar bo‘lardi. Xizmatiga olishni so‘raganimda, istihorasiz shogird qabul etmasligiga qaramay, menga shu zahoti quridan joy berdi. Fayzi o‘ta barakatli va ta’sirli edi. Bir tavajjuhi bilan shogird qalbi zikrga kirishardi. Xizmatiga yetib, fayziga qovushgach, ko‘nglim oydinlashdi. Ko‘p iltifotlariga noil bo‘ldim.
* * *
Mirzo Mazhar qidirib-qidirib, fayz-u osorlarga to‘la hikmat yo‘lini shu tariqa topgan. U mujaddidiy naqshbandiy Sayyid Nur Muhammad Badauniyning (vafoti 1723) ilg‘or va iste’dodli xalifalaridan edi. Uning dargohida to‘rt yil tariqat ta’limini oladi va irshod ijozatiga erishadi. Badauniyning o‘zi shayx Sayfiddin ibn Muhammad Ma’sum Sirhindiyning xalifasi edi.
Hazrat Mirzo Mazhar hindning shayx Muhammad Afzal Siyalkotiy, shayx Hofiz, Muhammad Siddiq ibn Muhammad Mas’umning xalifalaridan biri Sa’dulla Dehlaviy kabi ulug‘laridan hadis va boshqa ilmlardan tahsil oladi.
Nihoyat, Ahmad maxdum Qoratoshiyning muhr silsilasida nomi keltirilgan Muhammad Obid Sinomiy huzurida 11 yil qolib, adab va she’r ilmini o‘rganadi. Shu tariqa Mirzo Joni Jonon 25 yil bir qancha ulug‘lar suhbatida ishtirok etib, irshod maqomiga yetishadi va Dehlida mujaddidiya-naqshbandiya tariqati murshidi bo‘ladi.
Hadya va o‘zgalar haqqi
Afg‘on urug‘lari boshliqlaridan biri hazrat Mirzoga uch yuz ashrafi oltin hadya yubordi. Mirzo Joni Jonon: “Har qancha bo‘lsa ham hadyani qabul etish durust, ammo u qabul etilishi shart qilingan hukm yo‘qdir. Biz hatto as’hobimizning ixlos va ehtiyotkorlik ila harom aralashmagan hadyalarini olmaymiz. Bu kabi halolligi shubhali tuhfalarni aslo qabul etolmaymiz. Boylar hadyasida birovlarning haqqi bo‘ladi. Qiyomat kuni uning hisobi juda og‘irdir”, deydi.
Shubha
Hazrat Mirzo Mazhar: “Yemaklar orasida eng zararlisi topish-tutishi shubhali badavlat kishilar dasturxoniga qo‘yilgan taomlardir. Hatto faqirlar taomlari ham shubhalidir. Ular bu taomlarni tayyorlash uchun topgani shubhali boylardan qarz oladi”, derdi.
Luqma va ibodat
Mirzo Joni Jonon yana deydi: “Tanovul qilingan luqmalar insonni muvaffaqiyatga yetkazib, toat-ibodati nurini orttirsin. Faqirlikni boy bo‘lishdan ortiq ko‘rish va sabr-u qanoatga intilish, taslimiyat va rizoni odat qilish lozim. Olamlar sarvari janobimizning “Allohim! Oli Muhammad rizqini yetarli darajada qilgin” duosiga muvofiq inson ne’matlarni yetarli darajadagina istasin va so‘rasin”. Sahobalar ham shunday duo qilardi. Isrof qiladigan darajada boylik va muhtojlik hamda qarzga botiradigan faqirlikdan saqlaning”.
Faqirlik darsi
Nur Muhammad Badauniyning fayzli suhbatiga yetishdim. Tasavvufning turli hollariga g‘arq bo‘ldim. Ilohiy muhabbatga chulg‘anib, uyqu, istirohat va yemak-ichmakni tark qildim. Anjumandan uzilib, yolg‘iz qoldim. Ochlik shiddatidan daraxt barglarini yerdim. Muroqaba holida hushimni bilmay vaqtimni o‘tkazardim. Maqsadimga yetish uchun shu tariqa intilardim. Nihoyat, “Rabbingni ko‘rib turgandek ibodat qil” hadisida zikr etilgan vasfga yetdim. Mahv, fano va baqo hollarida sayr qildim. Ulug‘lar ta’riflagan manzil – tavhid siri maqomiga ko‘tarildim.
To‘rt yil ustozim Nur Muhammad Badauniy suhbatiga qatnadim. Menga sunnat ahli e’tiqodiga rioya qilish va bid’atlardan tiyilishni uqtirdi. So‘ngra tariqat yo‘lida mustaqil davom etishimga ijozat berdi.
Bu faqirlik darsi edi.
Bir tun suhbati
Mirzo Mazhar Joni Jonon hikoya qiladi: “Bir kuni jahon ziynati va koinot sarvari janobi Payg‘ambarimizni tushda ko‘rish bilan sharaflandim. Yonma-yon bo‘lib yotardik. Shunchalik yaqin edikki, muborak nafaslari yuzimga urib turardi. Bir payt chanqadim. Sirhind buyugining maxdumlari, hazrat imom Rabboniy o‘g‘illari ham shu yerda edi. Rasululloh ulardan biriga suv keltirishini buyurdi. Men: “Yo Rasululloh, ular mening ustozimning o‘g‘illari”, dedim. Rasululloh: “Ular bizning aytganimizga amal qilishadi”, dedi. Ulardan biri suv keltirdi. Qonib ichdim. So‘ngra: “Yo Rasululloh, siz Mujaddidi alfi soniy haqida nima deysiz?” – deb so‘radim. Janobi Payg‘ambarimiz: “Ummatim orasida unga o‘xshagani yo‘q”, dedi. Men: “Yo Rasululloh, imom Rabboniyning “Maktubot” kitobiga muborak nazaringiz tushdimi?” – deb yana so‘radim. Aytdi: “Undan esingda qolgan biron parcha bo‘lsa, o‘qi!”.
Men hazrat imom Rabboniyning ba’zi maktublarida Alloh taolo haqida aytilgan “U varo-ul-varo keyin yana varo-ul-varodir – Alloh taolo xayolimizga kelgan barcha narsalardan uzoqdir. Aqlimiz o‘ylagan va tasavvur qilgan hech bir narsa u emas” degan parchani o‘qidim. Janob Rasulullohga bu gap juda yoqib, “Takror o‘qi!” deb buyurdi. Yana o‘qidim. “Bu ifodalar juda go‘zal aytilgan”, dedi. Bu hol biroz muddat davom etdi.
Men bu ko‘rgan tushimda janob Rasulullohning muborak nafasi va suhbatining barakati bilan o‘zimni butunlay nur hamda huzur ichida sezdim. Uyg‘oqlikda qo‘lga kiritgan narsalardan ancha barakatli bo‘lgan ushbu tush fayzi bilan kunlar davomida ochqamadim va chanqamadim”.
Mirzo Bedilni opichlagan bola
“Ma’nolar otasi” Mirzo Abduqodir Bedil umri oxirlarida tog‘da sayohatda edi. Xuddi shu paytda Mirzo Joni Jonon ham ziyoratga borayotgandi. Yo‘lda ulug‘ shoirni uchratib qoldi va uzoq suhbatlashdi. Mirzo Bedil yashab turgan qo‘nalg‘asiga qaytib ketmoqchi bo‘ldi. U joy tog‘ning baland joyida edi. Mirzo Joni Jonon ustozga iltifot ila “Ijozat bering, manzilingizga ko‘tarib olib chiqarib qo‘yay” dedi. Mirzo Bedil “xo‘p” deya uning aytganiga rozi bo‘ldi.
Mirzo Joni Jonon shoirni yelkasida opichlab, qo‘nalg‘asiga olib bordi. Xayrlashayotib “Meni tanidingizmi?” dedi. Mirzo Bedil uni tanimaganini aytdi. Mirzo Joni Jonon o‘zini tanitdi: “Yoshlik payti edi, bir joyda o‘yin va tomosha bo‘layotgandi. Odamlar guras-guras kelib tomoshaga yig‘ilardi, katta izdihom edi. Men ham o‘sha joyda edim, tomoshani ko‘rish uchun hech qulay joy topa olmayotgandim. Mening ahvolimni ko‘rib, yelkangizga ko‘tarib oldingiz va tomoshaning oxirigacha turdingiz. Men o‘sha siz yelkangizga ko‘tarib olgan bolaman. Mana, men ham sizni ko‘tarib manzilingizga olib keldim”.
Mirzo Bedil “Yaqinroq kel, duo qilayin” deb yoniga chorladi. Uni ezgu alqovlar bilan siylab, ushbu misrani aytdi:
Ko‘hna gardun ki mardum nom kardand, navkar ast.
Mazmuni:
Mardum aytgan bu ko‘hna dunyo, bilgin, navkardir.
Turkistonlik majzub va zinadagi darveshlar
Kunlarning birida Turkistondan maqsadiga ijobat izlab bir yigit bordi. Hazrat buzrukvor yuqori xonada edi. Unga chiqiladigan zinaning har pallasida bitta so‘fiy o‘tirgandi. Ular fayz istab kelgan turkistonlikka “Biz shu zinada o‘tirib, Ka’batullohni ko‘ramiz” deyishdi. Turkistonlik voqeani hazrat Mirzoga so‘zlab berdi. Mirzo “Ehtimol, ko‘rishar” deb qo‘ydi. Fayz talabidagi turkistonlik hazrat Mirzo davrasiga qabul etildi.
Turkistonlik bir kuni o‘sha yuqori xonada qattiq iztirobga tushib, samo’da silkina boshladi. Oxiri tinchlangach, hazrat Mirzo “Ha, sening iztirobing xayrli va yoqimlidir. So‘fiylarning Ka’batullohni ko‘rishlari seniki kabi xo‘b iztirobdan emas” dedi.
So‘z va yel
Bir kuni hazratning xizmatiga Hindiston podshohi keldi va dedi: “Ey zamon shayxi, men yangi podshohman. Hukmdorligim uzoq davom etadimi yoki yo‘qmi, shuni ayting. Tabiblar bergan dori Haqning xos ashyosidir. So‘fiylar kufr qiladimi yo sufr? Mus’hafda “bod” bor. “Bod”ning asari nedir va uni qanday izohlaydilar?”.
Mirzo “Oldin tokchadan kosa olib, suv keltir va xizmat qil!” dedi. U tokchadan kosa olib, hazrat Mirzoga suv berdi. Mirzo suvni ichdi va kosani qaytarib, “Endi joyiga qo‘y” dedi. U shayx aytgan so‘zga ko‘p parvo qilmadi, idishni boshqa joyga qo‘ydi. Mirzo “Bitta kosani eplab o‘z o‘rniga qo‘ya olmaysan-ku! Yana davlating uzoq turishini istaysan” dedi.
Podshohning rangi o‘chib, yuzi oqardi. Mirzo “Seni urmadim, bir og‘iz gap aytdim, xolos. So‘z bor-yo‘g‘i og‘izdan chiqqan yeldir, shugina ham sening rangingni o‘zgartirib yubordi” dedi.
Shundan so‘ng podshoh hazratning barcha botiniy amrini bajaradigan bo‘ldi. Ul asrda hazrat Mirzo biror yumush buyursa, u kabi yugurib, jon-u dildan bajara oladigan boshqa biror odam yo‘q edi.
* * *
Podshoh forsiy “bod” so‘zi bilan arabchadagi “rih”ni nazarda tutayotgan edi. “Rih” masdari va uning turli shakllari Qur’onda 28-oyatda kelgan. U lug‘atda “shamol”, “yel”, “kuch”, “qudrat” ma’nolarini anglatadi. Qur’onda ham har xil voqealarda bu lug‘aviy ma’nolarning barchasi aks etgan. Ushbu voqeada ham u yana bir bor juda aniq namoyon bo‘ldi.
Barcha xastaliklar shifosi
Joni Jononning “Kalimoti tayyibat” nomli kitobida sakson yetti maktubi va suhbati bor. Ulardan birida yozadi:
“Birodarim, zamonamiz talabasi zaifligi, avliyodan kashf-u karomat istashi, “birinchi asr”ni ko‘z oldida tasavvur qila olmasligi haqida yozilgan maktubingiz keldi. Boshqa shayxlarga mayli bo‘lgan tentaklar va aqlsiz kimsalar shogirdlikka yaramaydi. Aqlli muxlis kishilar va bu ishga astoydil tolib bo‘lganlarni halqaga qo‘shing. Qayg‘urmang, Alloh taolo haqiqiy hokimdir. “Oli Imron” surasida “Ey habibim, ularga aytgin: “Allohni sevsangiz, menga ergashing, shunda Alloh ham sizni sevadi” oyati ila Haq muhabbatini qozonish va roziligiga yetishni istovchilar janob Payg‘ambarimizga tobelikka bog‘lab qo‘yildi. Bu yo‘l toliblarni oxirgi maqsadigacha yetkazadi.
U mohir tabib qullarini g‘aflat va gunoh xastaligidan qutqarish uchun amr-u taqiqlarni dori va parhez qilib yubordi. Shu muolajaga rioya etib, dori-darmondan o‘rnida foydalangan, parhezga rioya qilgan kishi shifo topib, sog‘lom bo‘ladi. Ulardan qochgan ziyonga duch keladi.
Ushbu yo‘lda surat va haqiqat muolajasi bor.
Surat muolajasi avom musulmonlarda qo‘llanadi. U, e’tiqod to‘g‘rilangach, dinga muvofiq amallar, amr va taqiqlarga bo‘ysunish orqali bajariladi. Evaziga bu saodatli amallar sohibi jahannamdan qutulib, jannat ne’matlaridan bahramand bo‘ladi.
Haqiqat muolajasi xos insonlar, tanlangan bandalar uchundir. Unda qalb tozaradi, yorishadi, nafs tarbiyalanadi. Bu yo‘lda surat muolajasi bilan birga riyozat va mujohada bor. Bu muolaja tufayli tajalli va kashflarga erishiladi. Surat – “iymon va islom”, haqiqat – “ehson” deyiladi. Sharif hadisda “Ehson Rabbingni ko‘rib turgandek ibodat qilishdir” deyilgan.
Surat muolajasi teridagi xastaliklarni bartaraf qilish uchun chipqon va yaralarga qo‘yilgan malham kabidir. U yara va chaqani tuzatgani singari albatta foydasiz emas. Ayni chog‘da suratsiz haqiqat muolajasini amalga oshirib bo‘lmaydi. Ba’zan haqiqat muolajasi o‘rnida g‘aybiy makr bo‘lishi ham mumkin. Alloh taolo undan asrasin!
Haqiqat muolajasi tozalash, badandan xasta, zararli, buzuq moddalarni chiqarib tashlashdir. Joyida qolgani yana 100 xastalikni chaqiradi. Shu ikki muolaja birga qo‘llansagina, butkul shifo topsa bo‘ladi. Ushbulardan muhtaram Payg‘ambarimiz tayinlagan muolajaning sahobalar tabiatiga ko‘rsatgan sihat va shifo ta’siri oson oydinlashadi.
Bunday dori-darmon va davolash Alloh taoloni qattiq sevish, bor g‘ayrati ila Rasulullohga ergashish, toat va ibodatlardan lazzatlanish, gunohlardan jirkanish va uzoqlashishdir. Bu muolaja qalblar huzuri va tozarishiga ta’sir ko‘rsatardi. Rasuli akramning qutlug‘ suhbatlari va islom muolajasi barakatidan bu martabalarga juda qisqa vaqt, hatto bir onda ham erishardilar.
Ular keyingi asrlarda shavq va hollardan ko‘ra surat va haqiqatga qattiq ahamiyat berib, haqiqatni qo‘ruvchi suratni muhofaza qilib, kashf-u karomatga e’tibor qaratmadilar. Ular kamolotga yetishish shartlaridan hisoblanmadi. Bunday holda sihat istagan tolib Rasululloh sunnatlariga ergashishni barcha riyozat, mujohadalardan ortiq deb bilishi va unga oid nur va barakatlarni barcha fayzlardan afzalroq deb hisoblashi zarurdir. Botin olami hamda davomli huzur yonida bu yo‘lda talaba to‘satdan duch keladigan zavq va hollar hech qanday e’tiborga loyiq emas.
Ushbu haqiqatlarga yetishishga ko‘maklashuvchini janob Rasulullohning vakili deb bilish va unga sidqidildan xizmat qilish joizdir. Bu yo‘lda shirin ko‘ringan biror narsaga duch kelib, yosh boladek aldanib qolmang. Fiqh masalalarini o‘rgating, fiqhsiz din bo‘lmaydi. Sunnat ahli e’tiqodini o‘rgatish va targ‘ib etishga qattiq jahd qiling. Har ishda Alloh taoloning habibi janobi Payg‘ambarimizga ergashishdan g‘ayratingizni ayamang. Alloh taolo habibiga ergashganlarni juda sevadi” (Maktubot. O‘zFA ShI, №9158/3. 21-maktub).
Rizolashuv
Shamsiddin Habibulloh Mirzo Joni Jonon vafotidan bir necha kun oldin Alloh taolo huzuriga borishini sezib, zavq va shavq holida edi. Ibodatlarini orttirdi. Suhbat va muroqabalarida hosil bo‘ladigan huzurdan aqllar lol edi.
Xodimlaridan mulla Qosim yurtiga borish uchun izn so‘raganda hazrat shayx unga “Endi bizning yana ko‘rishmagimiz maholdir” deya o‘zining vafot etishiga ishora qiladi.
Vafoti yaqinlashgan kunlarda shogirdlaridan yana biri mulla Abdurazzoqqa yuborgan maktubida ham “Yoshim saksondan o‘tdi. Ajalim yaqinlashdi. Bizga xayrli duolarda bo‘lib turing” deb yozgandi. Bu vaqtlarda boshqa shogirdlariga yo‘llagan maktublarida ham shu tarzda ketishiga ishora qilgandi.
Dunyoni tark etish maqomi
Hijriy 1195-yil muharram oyining 7-kuni chorshanba kechasi (1781-yil 3-yanvar) uyi oldida olomon to‘plangan edi. Ular orasida uch kishi iltimos qilib huzuriga kirdi va unga yaqinlashib, “Mazhar Joni Jonon senmisan?” deb so‘radi. Hazrat “Ha, menman” dedi. Kirganlardan biri to‘satdan unga hamla qildi va taniga xanjar sanchdi. Mirzo Joni Jonon og‘ir yaralanib, yiqildi. Voqeani eshitgan navvob Najafxon u muborak zotni davolash uchun bir fransuz tabibni yubordi. Zudlik bilan qotillarni tutib, jazolashga buyruq berdi. Fransuz tabib hazratning jarohatini ko‘rdi, yengil-yelpi davolaganday bo‘ldi. Navvob Najafxonni “Tuzalib ketadi, boshqa tabib yuborishga zarurat qolmadi” deya aldadi.
Hazratning yarasidan uch kun qon oqib turdi. U juma kuni o‘rnida yotgan ko‘yi qo‘llarini duoga ochib, “Fotiha”ni o‘qidi. So‘ngra yonidagilardan “Kun botishiga necha soat bor?” deb so‘radi. “To‘rt soat” deyishdi ular.
O‘sha ayyom juma, ham ashuro kuni edi. Oqshom kirganda uch marta chuqur nafas oldi va shahid maqomida bu dunyoni tark etdi. Tani Dehlidagi Jahonobod mavzesiga dafn qilindi.
Shamsiddin Habibulloh Mirzo Joni Jonon islom ma’rifatini jamiyatga ulashish va insonlar saodat yo‘lini topishi uchun cheksiz xizmatlar qildi.
U deydi: “Alloh taolo menga eng komil aql va to‘g‘ri ko‘z qarashni ehson etdi. Saltanat ishlarining idorasi va davlatning nizomi xususida barchaga mos eng go‘zal usulni o‘rgangan edim. Shu sababdan zamonning mashhur davlat arboblari biz bilan maslahatlashib qo‘liga qurol olar va boshqa muhim ishlarini ham aytganlarimga quloq tutib hal etar edilar”.
Davomchilari
Mirzo Joni Jonon bir qancha yetuk va iste’dodli shogirdlarni tarbiyalagan edi. Hazrat yurgan va ko‘rsatgan ma’rifat yo‘lini qozi Muhammad Sano’ulloh, mavlaviy Na’imulloh Bahrayjiy, Sanbhaliy Panipatiy, mavlono Darvesh Muhammad, shayx Abdulloh Mujaddidiy Dehlaviy nomi bilan mashhur Shoh G‘ulom Ali, shayx Usmon Panipatiy, Sayyid Mirmusulmon, shayx Fazlulloh, shayx Ahmad, mavlono Muhammad (Qayyum), shayx Abdurahmon, mavlono Muhammad Munir, shayx Qalandar Baxshi, mavlono Abduboqi, mavlono Qutbiddin, Xoja Muhammad Qandahoriy, mulla Temur kabi yana ko‘plab suhbatdoshlari va shogirdlari munosib tarzda davom ettirdi.
Ma’naviy merosi
Mirzo Joni Jonondan boy ma’naviy meros qolgan. Ular sho‘rolar davriga qadar Turkistonda ham ko‘p tarqalgan edi. Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar xazinasida “Ar-risolat ul-maqomat un-nomi va-l-boqi” (1498/1), “Devoni Mazhar” (993/3, 2907/15), “Maktuboti Mirzo Joni Jonon” (5230/4) nomli asarlari saqlanadi. Ma’rifat ahli hozirgacha uning muborak ismini tasavvuf ulug‘lari qatorida ehtirom ila yod etadi.
Bitta sahna hodisasi
Hindiston sho‘rolar davrida O‘zbekiston xalqi uchun xorijiy, begona mamlakat hisoblanardi. Darsliklar, olimlar tadqiqotlari bu tuyg‘uni kuchaytirardi. Holbuki, ularda zo‘r berib bu ikki tarixiy o‘lka xalqlari do‘stligi yildan-yilga rivojlanib borayotgani tinimsiz ta’kidlanardi. Qo‘lyozmalarda manzara butunlay boshqacha ekan. Ularda Hindiston va Turon ma’rifat ahli, boburiylar va bu hududlardagi boshqa saltanatlar qissalari ham bir necha ming yillardan beri davom etib kelayotgan bitta tarixiy sahna hodisasi ekani namoyon bo‘ladi. Ular o‘zaro yaqin tarixiy o‘lkalar, xalqlar deya ta’kidlayverishga sira hojat qolmaydi.
Toshkentdagi mashhur Qoratosh mahallasi nomi paydo bo‘lishi ham aynan Mirzo Joni Jonon voqealaridan biri bilan boshlanadi. Uning o‘ta qiziqarli o‘z qissasi bor. U endi alohida hikoyadir.
Turon va Hind diyori birligida shakllangan azaldek ko‘hna ma’naviy olamni ulug‘ podshoh va shoir Mirzo Bobur tuzgan saltanat uch yarim asr oliy maqomlarda tutib turdi, taraqqiy etishiga xizmat qildi. Barcha Hindiston ma’rifati va ma’naviy hayoti yuksalishiga boburiylarning qo‘shgan buyuk hissasini yakdillik bilan e’tirof etadi. Mirzo Joni Jonondek ko‘plab orif zotlarning ibratli hayoti shu saltanat tarixi sahifalaridagi sharaf va ziynatdir.
Abdusattor JUMANAZAR,
O‘zFA Abu Rayhon Beruniy nomidagi
Sharqshunoslik instituti katta ilmiy xodimi
“Ma’naviy hayot” jurnali, 2025-yil 1-son.
“Qoratosh-Dehli hodisasi” maqolasi
Tarix
Falsafa
Tarix
Tarix
Jarayon
Adabiyot
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
Til
//
Izoh yo‘q