Tarix
Mahmudxo‘ja Behbudiy siyosiy jarayonlarda ham faol ishtirok etgan bo‘lib, 20-yuzyillik boshidagi Turkistonning yirik siyosiy arboblaridan biri edi. Uning 1906-yil 10-oktyabrda “Xurshid” gazetasida “Xayrul umuri avsotuho” (“Ishlarning yaxshisi o‘rtachasidur”) bosilgan maqolasi siyosiy jarayonlarga bag‘ishlangan bo‘lib, sotsialistik ta’limot va uni Rosssiyada amalga oshirishga bel bog‘lagan bolsheviklar partiyasi faoliyatini keskin rad etgan. Muallif sotsializmni zo‘ravonlik, sotsial tenglikni adolatsizlik deb atagan.
Mahmudxo‘ja Behbudiyning 1907-yili ishlab chiqqan yirik loyihasi “Turkiston madaniy muxtoriyati” hujjati – mintaqa xalqlari manfaatlarining ifodasi bo‘lib, unda davlat ishlarini turkiy tilda yuritish, milliy idoralar tashkil etish va unga turkiy millatga mansub ziyolilardan Dumaga a’zolar saylash qat’iy belgilab qo‘yilgan. Rossiya imperiyasi tarkibidagi mustamlaka xalqlar nomidan Davlat dumasi o‘z bilganicha ish tutmasligi, har bir mamlakatning tabiiy, ijtimoiy va madaniy sharoitlaridan kelib chiqib qonunlar chiqarishi kerakligi ta’kidlangan.
“Turkiston madaniy muxtoriyati” loyihasining birinchi bo‘limi “Davlat dumasi xususinda” bo‘lib, uning tarkibiga Turkiston aholisi soniga nisbatan vakillar saylanishi lozimligi va ular o‘z xalqlari nomidan ish ko‘rishlari belgilab qo‘yilishi kerakligi tavsiya qilingan. Loyihada “Turkiston idorayi ruhoniya va doxiliya idorasi”ni tuzish, uning tarkibiga turkistonlik savodli, shariat va zamondan xabardor kishilarni (idora raisi va a’zolari) 5 yil muddatga saylash, shuningdek, ushbu vakillik organi Toshkent shahrida joylashishi belgilab qo‘yilgan.
“Turkiston qozilari xususinda” bo‘limida esa qozilik va sud ishlarini tashkil etishning huquqiy asoslari ko‘rsatilgan. Qozilar prokuratura idorasiga emas, Turkiston idorayi ruhoniya va doxiliya idorasiga bo‘ysunishi hamda doimiy ravishda uning nazorati ostida faoliyat olib borishi kerakligi uqtirilgan.
Mahmudxo‘ja Behbudiy yuqorida tashkil etilishi tavsiya qilinayotgan barcha idoralarning xodimlari oldiga idora binosida o‘tirib qog‘oz to‘ldirish emas, xalq ichida yurib, ularning orzu-istaklarini amalga oshirish vazifasini qo‘yadi: “Bizni hozirgi mansabdorlarimizni xizmati faqat to‘g‘rilik va yomonlarni ushlab teyishli joyig‘a topshurmoq, podshohlik soliqlarini vaqtig‘a yig‘ib bermoq va xalqni tinch saqlamoqdan iboratdur. Mundin boshqa xizmatni hanuz aksar milliy ma’murlarimiz, ya’ni maktab va madrasalarni yangidan ochilmoqig‘a, eski va yangi maktab va madrasalarni va o‘qilaturg‘an rusiy, musulmoniy ilm va fununni rivoj topmoqig‘a qilinaturgan sa’y, yurulaturgan yo‘llarni go‘yo bilmaydurlar, hukumat ila raiyat orasig‘a favqulodda xizmatni kam qiladurlar, zamoni kelsa, bilsalar va qilsalar kerak va ammo zamon hozirgi zamondur”.
Loyihada Turkistonda istiqomat qilib kelayotgan boshqa din va millat vakillarining huquq va erkinliklari ham inobatga olingan. Ma’lumki, Turon zaminiga yashash uchun kirib kelgan yahudiylar va boshqa millat vakillaridan jon solig‘i olingan bo‘lib, ular bir qator cheklovlarga bo‘ysunishga majbur bo‘lganlar. Mahmudxo‘ja Behbudiy Turkistonda yashab turgan xorijiy fuqarolar va boshqa din vakillari o‘z urf-odatlariga amal qilib, bayramlari va an’analarini o‘tkazishlari mumkinligi, ammo shariat qonunlariga hurmatda bo‘lishlari kerakligini uqtirgan.
Ushbu loyiha “Mulkiy mahkamalar” tashkil etish bo‘yicha ham asosli sabablar keltirilib, ularga keng vakolatlar berish lozimligi qayd qilingan. Turkistonning iqtisodiy asoslaridan biri bo‘lgan vaqflar ishlarini tashkil etish va boshqarish masalalari loyihada alohida bo‘limda belgilab qo‘yilgan.
“Turkiston madaniy muxtoriyati” loyihasida maorif ishlarini tashkil etish bo‘yicha ham zarur tavsiyalar taqdim qilingan. Mahmudxo‘ja Behbudiy maorif ishlari har bir mamlakatning o‘zining milliy masalasi bo‘lib, Rossiya imperiyasidan ta’lim sohasiga mustaqillik berishini so‘ragan. Loyihaning “Umum maktablar” bo‘limida maktab va madrasalarni hukumat nazoratidan ozod qilish, ular faoliyatini kuzatib boruvchi komissiya tashkil etish, rus tilini o‘qitishni majburiy qilib qo‘ymaslik belgilab qo‘yilgan. Mahmudxo‘ja Behbudiy xususiy ta’lim tarafdori bo‘lgan, maktablar va oliy ta’lim muassasalari davlat nazoratidan holi faoliyat yuritsagina bilimli va savodli kadrlar yetishtirib beradi, deb hisoblagan.
Loyihaning to‘qqizinchi bo‘limi “Suv va yer ishlari”ga bag‘ishlangan bo‘lib, dunyoning barcha hududlarida yashovchi musulmonlarga Turkistondan, shuningdek, turkistonliklar ham istagan musulmon davlatlaridan yer olish huquqiga ega bo‘lishlari belgilab qo‘yilgan. Turkiston xalqi talab qilmaguncha, Turkistonga aholi ko‘chirilmasligi, yer va suv ishlari milliy mutaxassislar tomonidan boshqarilishi kerakligi ta’kidlangan.
Tabiiyki, Rossiya imperiyasi hukumati bu loyihani rad etib, uning amalga oshishiga yo‘l bermaydi. Shunday bo‘lsa-da, jadidlar Turkiston muxtoriyati g‘oyasidan voz kechmadi. Turli siyosiy uyushmalar, jamiyatlar tuzish harakatiga tushdi.
Jadidlarning milliy muxtoriyat tuzish g‘oyasi 1917-yil 14-martda tashkil topgan “Sho‘royi Islomiya” faoliyati davrida rasmiy tusga kirgan.
Mahmudxo‘ja Behbudiy ushbu jamiyat tuzilganini olqishlab, Turkiston aholisini uning atrofida jipslashishga chorlagan. Jadid va qadim nizosini to‘xtatish, boylar, ulamolar, taraqqiyparvarlar birlashsagina Rossiyaning mustamlaka tartiblaridan qutilish mumkinligini qayd etadi.
1917-yil martda Turkistonda mustaqillik va milliy davlatchilikni tiklash harakatlari boshlanib, uning boshida Turkiston jadidchiligining yirik namoyandalari Mahmudxo‘ja Behbudiy, Munavvarqori Abdurashidxonov, Ubaydulla Xo‘jayev va boshqalar turganlar.
Mahmudxo‘ja Behbudiy “Bayoni haqiqat” maqolasida yuqoridagi fikrlarini davom ettirib, milliy ozodlik, milliy davlatchilik masalalariga alohida e’tibor qaratadi: “Bilmoq kerakki: haq olinur, berilmaydur. Har bir millat, mamlakat xalqi o‘zining huquqi diniyya va siyosiyasini harakat va ittifoq ila boshqalardan oladi”. Muvaqqat hukumatning va’dalariga ishongan mutafakkir siyosiy va iqtisodiy masalalarda Rossiya bilan hisoblashishni, bahamjihat harakat qilishni yoqlasa-da, ichki tartiblarni mustaqil idora qilishni, o‘z parlamentiga ega bo‘lish g‘oyasini ilgari suradi.
1917-yil yozida Rossiya o‘z muammolari bilan ovora bo‘lib turgan davrda Mahmudxo‘ja Behbudiy Turkiston xalqlari kelajagini o‘ylab, “Biz istaymizki, butun Rusiya musulmonlari muxtoriyat usuli yuzasidan tirikchilik qilsunlar... Turkiston musulmonlari bundagi rusiy, yahudiy va boshqalar qo‘shilgan holda... Turkiston hukumati ta’sis etsak, o‘zimizni majlisi mushovaratimiz (parlamentarizm) bo‘lsun”, deb yangi takliflar bergan. Bu taklifga birinchi bo‘lib chorizmdan qolgan “burjuachilar” emas, “morozovchilar”, ya’ni bo‘lg‘usi bolsheviklar qarshi chiqqan. Ular Mahmudxo‘ja Behbudiyning adolatli yondashuvlaridan xato topa olmaganlar. Biroq uning takliflarini “shoshqaloqlarcha” berilgan, deya e’tiroz bildiradilar. Shuningdek, o‘zlarining har jihatdan ustunliklarini ko‘rsatib, “Musulmonlar o‘zlarini boshqarishda hali ruslardan ko‘p o‘rganishlari kerak. Dumada ishbilarmon, uddaburon, mehnatsevar kishilar o‘tirsa, unda turli jamiyat va siyosiy guruh talablarini yoqlaydigan kishilar bo‘lsa, shaharda ishlar yaxshi ketadi. Bunday guruhlar ruslarda ko‘p bo‘ladi, musulmonlarda esa bo‘lmaydi... Fikrimizcha, agar musulmonlar va mahalliy yahudiylar saylovchilarning yarmini yuborib, ikkinchi qismini mahalliy bo‘lmaganlarga qo‘yib bersalar, ish ravnaqi uchun foyda va haqqoniylik buzilmagan bo‘ladi”, deb xulosa yasaydilar.
1917-yil oktyabr voqealari Turkiston jadidlarining milliy davlatchilik qurish borasidagi harakatlarini yanada tezlashtirgan. Ular tomonidan tayyorlangan nizom, maromnoma kabi huquqiy hujjatlar Turkiston Muxtoriyatining rasman shakllanishiga g‘oyaviy mafkuraviy asos bo‘lib xizmat qilgan. Behbudiyning “Turkiston madaniy muxtoriyat loyihasi”da qozilik ishlarini tartibga solish, maorif masalalarini hal qilishda muxtoriyat talab qilingan bo‘lsa, 1917-yil tayyorlangan “Sho‘royi Islomiya”ning Muvaqqat qonuni, Shoislom Shoahmedovning “Turkiston federatsiyasi loyihasi”, “Turk adami markaziyat firqasining maromnomasi”da milliy demokratik muxtor davlat boshqaruvining qonun-qoidalari to‘la mujassamlashtirilgan.
1917-yil 26–28-noyabrda Qo‘qonda bo‘lib o‘tgan Butunturkiston musulmonlarining favqulodda IV qurultoyida Turkiston Muxtoriyati hukumati tashkil qilingan. Qurultoy jarayonida Milliy Majlis tarkibiga Turkiston jadidchilik harakatining ko‘zga ko‘ringan vakillari Ubaydulla Xo‘jayev, Nosirxonto‘ra Kamolxonto‘ra o‘g‘li, Obidjon Mahmudov, Mahmudxo‘ja Behbudiy va boshqalar kiritilgan. Hukumatning dastlabki tarkibiga Ubaydulla Xo‘jayev harbiy vazir, Obidjon Maxmudov oziq-ovqat vaziri, Nosirxonto‘ra Kamolxonto‘ra o‘g‘li maorif vaziri (1917-yil dekabr) sifatida kiritilishi ham jadidlarning siyosiy jabhadagi mavqelarini ko‘rsatdi.
1917-yil 27-noyabrda Turkiston muxtoriyati tuzilgan paytda mustaqil yashashni unutib qo‘ygan xalq sarosimaga tushadi. Mahmudxo‘ja Behbudiy ularni tinchlantirib, muxtoriyatning mazmun-mohiyatini tushuntirishga harakat qilgan. Muxtoriyat tushunchasi bugun paydo bo‘lib qolmagani, uni tuzish uchun harakatlar 1917-yilning aprelida boshlanganini uqtiradi.
Shu o‘rinda qayd etish kerakki, o‘zbeklar va qozoqlar o‘rtasida nizolar keltirib chiqarishga harakatlar, qozoqlarning alohida muxtoriyat tuzishga intilishlari Mahmudxo‘ja Behbudiyni ham tashvishga solgan va “Hurriyat” gazetasining 1918-yil 26-yanvar sonida “Qozoq qarindoshlarimizga ochiq xat” bilan chiqqan: “Bovurlar! Bilingki, hozirda Turkistondagi barcha xalqlar uchun muxtoriyat e’lon qilindi va, siz bilingki, “Haq olinur, berilmas!” Ya’ni “muxtoriyat”ni Turkiston bolalarining o‘zi birlashib g‘ayrat ila olurlar, albatta, boshqalar tarafidan berilmas. Boshqalarning qo‘lidan kelsa, bermaslar. Biz bo‘shlik qilsak va Turkistondagi xalqlar birlashib, muxtoriyat yo‘lig‘a sa’y qilmasak, albatta hozirgi qog‘oz ustidagi muxtoriyatimizni ham yo‘q qilurlar, bul, albatta shundaydur va bul so‘zg‘a hech kim ixtilof qilolmaydur.
Chirog‘larim, birlashaylik! Ko‘rasiz, bu kungi ruslar-da birlashmoqdadurlar. Endi birlashmoq zamonidir. Agarda siz ayrulsangiz, turkman qarindoshlar-da ayrulsa, Turkiston turklari uch yerga bo‘linib ketar va barchag‘a muxtoriyatdan nasiba chiqmay qolur”.
Mahmudxo‘ja Behbudiyning qo‘rqinch va vahimadan holi muxtoriyat haqidagi fikrlariga qarshi o‘laroq, Turkiston muxtoriyati qonga botiriladi. Bundan mutafakkir qattiq tushkunlikka tushadi va bir muddat matbuotda chiqishlar qilmay qo‘yadi. Ammo bu paytda Turkiston boshiga yana bir tashvish – ocharchilik balosi tushgan edi. Shuningdek, bolsheviklar “sopini o‘zidan chiqarish” usulini qo‘llab, Turkiston aholisini askarlikka olish, “milliy qo‘shin” tuzish va ularni vatan ozodligi uchun kurashayotgan qo‘rboshilarga qarshi kurashga yuborish masalasini kun tartibiga qo‘ygan edilar. Sovet hukumatinig jirkanch niyatini anglagan Turkiston jadidlarining otasi Mahmudxo‘ja Behbudiy hukumatga birinchilardan bo‘lib askarlik masalasida o‘z fikr-mulohazalarini taqdim etdi.
Mahmudxo‘ja Behbudiy Samarqanddagi g‘alla bilan bog‘liq masalalarni hal qilish uchun 1918-yil 16-iyulda Toshkentga kelganda, Turkiston hukumati raisi Ivan Tobolin bilan uchrashib, u bilan g‘alla; askar olish; tazminoti harbiya; yer va suv masalasida suhbatlashgan. O‘zining uzoq yillik tajribasidan kelib chiqib Ivan Tobolinga, “Turkistonning hozirgi doxiliy va xorijiy dushmanlari ahvolini va xaloyiqning ahvoli ruhiya va e’tiqodiya va maishiyasig‘a bir oz bo‘lsa ham ahamiyat bermak va rioya qilmoq kerakligini” bildirgan va o‘z takliflarini taqdim qilgan. Takliflaridan ikkitasi harbiy sohaga oid bo‘lib, birinchisi, umumiy askarlikka olish masalasi edi. Behbudiy Turkiston xalqi bunga tayyor emasligi, aholi orasida ko‘nikma paydo bo‘lib, ahvol o‘zgarguncha umumiy askar olinmay, ko‘ngilli yoshlarni oilaviy sharoitidan kelib chiqib xizmatga olish bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirgan.
Ikkinchisi, tazminoti harbiya (harbiy soliq) masalasi bo‘lib, Behbudiy ocharchilikni boshdan kechirayotgan Turkiston xalqiga, ayniqsa Samarqand aholisiga bu yig‘imni joriy qilinishiga qarshi chiqqan: “Ocharchilik Turkistonning har yerindin ziyoda Samarqandda hukm surdi va Samarqandning boylari boshqa joylardan oz bo‘lsa ham rus, yahudiy, musulmonlar yolg‘iz Samarqandda sakkiz milliyun qadar tazminot va uch-milliyun qadar ochliq solig‘i berdilar... Xulosa: har holda Samarqanddin yangidin tazminoti olinmasa edi. Chunki hozirda maishat va siyosat osoyishtalikni talab etadur. Xalq ham ochliq va qimmatchiliq va shunga o‘xshash og‘irliqlardan horigan va asabiylashgandur. Oqcha kerak bo‘lsa, boshqa yo‘llar bilan solig‘ tariqinda to‘planmog‘i mumkindur”.
Xulosa qilib aytganda, Mahmudxo‘ja Behbudiy nafaqat davlatchilik borasidagi siyosiy qarashlarini ilgari surdi, balki uni amalga oshirish ishlariga ham bosh-qosh bo‘ldi.
Dilnoza JAMOLOVA,
O‘zFA Tarix instituti direktori o‘rinbosari,
tarix fanlari doktori
Tarix
Tarix
Jarayon
Adabiyot
Falsafa
Jarayon
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
Til
//
Izoh yo‘q