Biz o‘zimiz yaratayotgan dunyodan qo‘rqishimiz kerakmi? – Talabaning distopik kelajak haqidagi o‘ylari


Saqlash
17:06 / 20.05.2025 49 0

Bugun ertalab soat 7:32 da uyg‘ondim. Yotoqxona derazasidan tashqariga qaradim, osmonda qizg‘ish-pushti tong yorishayotgan edi. Universitetimizning katta binosi uzra bulutlar orasidan quyosh nurlari sochilayotgan manzara shunday go‘zal ediki, uni suratga tushirmoqchi bo‘ldim. Telefonimni qidirib topgach, ekranga qaradim: 23 ta o‘qilmagan xabar, 7 ta layk, 15 ta yangi post haqida bildirishnomalar... Telefon kamerasi rejimiga o‘tishdan oldin barmoqlarim beixtiyor ijtimoiy tarmoqlar ikonkasini bosdi.

 

Qarayman, go‘zal tong manzarasi g‘oyib bo‘ldi, o‘rnida ekranning sovuq nuri, tugamaydigan lentasi, boshqalarning hayoti parchalari... Birdan Hakslining “Ajib yangi dunyo”sidagi “Soma dorisini ichgin, hamma g‘amlarni unutgin” degan satrlar yodimga tushdi. Telefonni chetga qo‘ydim va tong manzarasiga qaytdim, lekin u allaqachon o‘zgarib, oddiy kunlik manzaraga aylanib ulgurgan edi.

 

***

Men universitetda adabiyot fanidan “Distopik adabiyot” mavzusida kurs tanladim, garchand yo‘nalishim Dasturiy muhandislik bo‘lsa-da (Shunaqa yilda bir semestrda boshqa yo‘nalishlardan qisqa kurslar olishimiz mumkin). Darsimiz uchun belgilangan kitoblar ro‘yxatiga qarab, ko‘zim Oruellning “1984” asaridagi Uinston Smit kundaligining birinchi satrlariga tushdi: “4-aprel, 1984”. Oddiy sana, oddiy vaqt, lekin uni o‘qib turib, yelkamdan sovuq shamol esganday bo‘ldi, negadir bilardim, bu oddiy kundalik emas, balki insonga xos bo‘lgan eng muhim narsani – erkin fikrlashni saqlab qolish kurashining boshlanishi edi.

 

Birinchi mashg‘ulotda professor bizdan “Nima uchun distopiya o‘qiymiz?” degan savolga javob yozishimizni so‘radi. Ko‘pchilik “Kelajakdagi xatarlardan ogoh bo‘lish” va “Jamiyat muammolarini yanada chuqurroq tushunish” kabi javoblar yozdi. Men esa shunday yozdim: “Chunki biz allaqachon distopiyada yashayapmiz”. Professor menga g‘alati qaradi va “Bu javobingizni tushuntirib bersangiz...” dedi.

 

Men jim bo‘lib qoldim. Qanday tushuntirish mumkin unga hamma narsa reklamaga aylangan dunyoni? Qanday tushuntirish mumkin har bir harakatimiz, har bir xaridimiz, har bir izlagan so‘zimiz kimlardir tomonidan qayd qilinayotganini? Qanday tushuntirish mumkin erkinlikni qulay va tezkor xizmatlarga almashtirayotganimizni?

 

Indamay qoldim. Lekin o‘sha kundan boshlab kundalik tutishni boshladim, real dunyoda ko‘rgan distopik belgilarni yozib bora boshladim.

 

***

23-aprel. Ijtimoiy tarmoqlarda bir tarixiy voqea haqida katta bahs ketmoqda. Ba’zi manbalar uni o‘xshash, boshqalari butunlay boshqacha talqin qilishmoqda. Mening do‘stlarim ham ikki guruhga bo‘linib, bir-birlariga qarshi chiqishmoqda. Qiziq, har bir tomon o‘zining haqligiga ishonadi. Oruellning “Tarixni nazorat qilgan kishi kelajakni ham nazorat qiladi” degan so‘zlari miyamga mixday qoqildi. Bugungi dunyoda haqiqat nimada? Uni kim belgilaydi? Ijtimoiy tarmoqlarimizda ko‘rgan narsalarimiz, algoritm “bizga ko‘rsatishi kerak” deb tanlangan ma’lumotlarimi?

 

24-aprel. Kecha Instagram va Youtube'da o‘tirganimda yangi smartfon reklamasi kamida o‘n marta chiqdi. Ertalab uyg‘onganimda esa, tushimda o‘sha telefonni ko‘rgan ekanman, xarid qilish istagi paydo bo‘ldi. Garchi mening telefonim yaxshi ishlayotgan bo‘lsa-da, negadir yangi model menga kerakdek tuyuldi. Bredberining “Farengeytning 451 darajasi” asaridagi Mildred obrazi esimga tushdi. U ham televizor ekranidagi “oilasi” bilan yashardi va real odamlardan ko‘ra reklama qilingan narsalar bilan ko‘proq bog‘liqlikni his qilar edi. Men ham sekin-asta shunday bo‘lib qolyapmanmi?

 

***

Kursimizda birinchi bo‘lib Zamyatinning “Biz” romanini o‘qidik. Biz talabalar unga “juda eski” deb baho berdik, axir 1920-yilda yozilgan roman-a! Lekin uning bir satridan butun vujudim muzlab ketdi: “Lekin men tayyorman, xuddi har birimiz kabi, yoki deyarli har birimiz kabi. Men tayyorman”. Asarning qahramoni D-503 raqamli sho‘rlik qahramonga “xayolparast” kasalligi tashxisi qo‘yiladi. Uning “jinoyati” – erkin fikrlash, his qilish. Shaffof devorlar ortida yashab, his-tuyg‘ularni qattiq nazorat qiluvchi Yagona Davlat qurshovida uning bir kunlik kundaligi sahifalaridan insonning qanday qilib o‘zligini topa olishi mumkinligiga oid larzaga soluvchi hikoya ochiladi.

 

Shu kuni universitet oshxonasida ovqatlanib o‘tirardim. Ro‘paramda o‘tirgan kursdosh qiz telefonidan boshini ko‘tarmay ovqatlanardi. Men unga: “Bu kitob haqida nima deb o‘ylaysiz?” deb so‘radim, “Biz”ni ko‘rsatib. U javob bermadi. Telefoniga tikilib turardi. Men yana so‘radim. U nihoyat boshini ko‘tardi, quloqchinini chiqardi va “Nima dedingiz?” deb so‘radi. Men savolimni qaytardim. U “Bilmadim, o‘qimaganman”, dedi-da, yana telefoniga qaytdi.

 

O‘sha lahzada tushundim – biz hammamiz alohida kameralarda yashaymiz. Hamma atrofimizda, lekin hech kim bizga tegmaydi, bizni eshitmaydi, bizga qaramaydi. “Biz” romanidagi kabi, hammamiz shisha devorlar ortida yashayapmiz: birga, lekin ayro.

 

***

Adabiyot o‘qituvchimiz distopik asarlarni tahlil qilishda “uch qatlam qoidasi”ni tavsiya qildi:

1.                 Sirtqi qatlam: asar tasvir etayotgan dunyo qanday?

2.                 O‘rta qatlam: bu dunyoga qanday kelib qolindi?

3.                 Ichki qatlam: bu dunyoda insoniylik qanday saqlanib qoladi?

 

Men bu qoidani hayotimga tatbiq qilishga harаkat qildim:

1.                 Sirtqi qatlam: Men raqamli dunyoda, doimiy bog‘lanish va aloqa asrida, cheksiz ma’lumotlar oqimida yashayman;

2.                 O‘rta qatlam: Bu dunyoga biz qulay hayot, tezkor aloqa, ko‘proq imkoniyatlar izlab kelib qoldik. Lekin yo‘l davomida nimadir yo‘qotildi;

3.                 Ichki qatlam: Bu dunyoda insoniylik qanday saqlanib qoladi? Mana shu savol meni kechalari uxlatmaydi.

 

***

Etvudning “Kanizakning qissasi” asarini o‘qib, ancha ta’sirlandim. Qizil kiyimli ayollar, qat’iy tartib, yashash imkoniyati faqat homilador bo‘lishga bog‘liq bo‘lgan ayollar. Gilead jamiyati deb ataladigan bu dunyo avvaliga fantastikadek tuyuldi. Lekin keyin tushundim – Etvud osmondan olib yozmagan. Tarixda bo‘lgan voqealar, dunyoning turli joylarida ayollar boshidan o‘tkazgan holatlar, kuchayib borayotgan zug‘umlar, cheklovlar  – bularning barchasi asar zaminida yotibdi. Asar qahramoni Ofred ismli ayol deraza oldida o‘tirib o‘z hayotini eslaydi va hikoya qiladi. U shunday deydi: “Men ertaklar to‘qiyman, chunki ertaklar to‘qish tirik qolish usulidir”. Bu oddiy gapda shunchalik chuqur ma’no bor ediki, uni o‘qib turib, shu zahoti kitobdagi hamma gaplarni qayta o‘qigim keldi, axir u yerda men ko‘rmagan qanday sirlar yashiringan ekan?

 

Men kutubxonamizning tomiga chiqdim. U yerda bir burchakda, hech kim ko‘rmaydigan joyda o‘tirardim ko‘pincha. Osmonga qarayman. Kitob o‘qiyman. Ba’zan shunchaki xayol suraman. Men ham o‘zimcha ertaklar to‘qiyman – kelajak haqida, ozodlik haqida, insonlar bir-biriga bog‘langan dunyoda hech kim o‘zini bog‘liqdek his qilmasligi haqida.

 

Distopiya adabiyoti bizga eng dahshatli kelajakni ko‘rsatib, g‘alati tarzda umid beradi. Chunki bu kitoblarning asosiy qahramonlari – isyonkorlar, tizimga qarshi chiqadiganlar, savollar beradiganlar.

 

***

Bir kuni men kursdoshlarimga “Biz o‘zimiz yaratayotgan dunyodan qo‘rqishimiz kerakmi?” deb so‘radim. Ba’zilari “Ha, albatta” deyishdi. Ba’zilari “Yo‘q, texnologiyalar bizni qutqaradi” deyishdi. Men o‘ylanib qoldim.

 

Distopik asarlarning eng kuchli tomoni ham shunda, ular bizga tayyor javoblar bermaydi. Ular bizni fikrlashga, savollar berishga, kelajagimiz haqida mas’uliyatli bo‘lishga undaydi. Balki aynan shu orqali bizni uyg‘ota oladi.

 

***

Kampusda turli xildagi qiziqishlarga ega talabalar yashaymiz. Ba’zilar texnologiya va innovatsiyalarga juda qiziqadi, yana ba’zilar esa kompyuter o‘yinlari dunyosini afzal ko‘radi. Ha, aytgancha, yana ba’zilar kamdan-kam holatlarda, kitoblar dunyosiga qochadi men kabi. Biz turlichamiz, lekin hammamiz shu savol bilan yuzlanamiz bugun yo bir kun: insoniyligimizni qanday saqlab qolamiz?

 

Men “1984”dagi Uinston Smitni yaxshi ko‘raman, garchi u mag‘lub bo‘lsa ham. U shunday savol beradi: “Agar inson baribir inson bo‘lib qolsa, bu tizimning mag‘lubiyati emasmi?” Unga qo‘shilaman: biz o‘z insoniyligimizga, his qilish, fikrlash, sevish qobiliyatimizga qaytganimizda – yengamiz.

 

***

Kurs oxirida ba’zi kursdoshlarim bilan birga tushlik qildik. Men ularga “Distopik adabiyot haqida nima deb o‘ylaysizlar?” deb so‘radim. Ularning biri menga biroz g‘alati qarab, “Nega bu haqda so‘rayapsan?” dedi.

 

“Sizlarni bu mavzu qiziqtiradimi o‘zi?” deb so‘radim.

 

“To‘g‘risini aytganda, yo‘q” dedi bittasi, “Hayotda juda ko‘p muammolar bor. Men bo‘sh vaqtimni qo‘rqinchli kelajak haqida o‘ylash bilan emas, ko‘ngilxushlik bilan o‘tkazishni xohlayman”.

 

Men uni tushundim. Hayot og‘ir, distopik asarlar esa undan ham og‘irroq ko‘rinadi. Lekin distopiya biz o‘ylagan narsa emas. U bizni qo‘rqitishga emas, balki kuchli bo‘lishmiz uchun xizmat qiladi. U savollar beradi, tanlov imkoniyatini eslatadi, hamda isyonkorlik va erkin fikrlashga undaydi.

 

Bugun tunda xonam derazasidan ko‘tarilayotgan oyga qarab, distopik adabiyotning nima uchun muhimligini tushunibman. U bizga eng qora tundan so‘ng ham tong otishi mumkinligini eslatadi, eng kuchli nazorat ostida ham erkinlik qidirish mumkinligini ko‘rsatadi.

 

Shunday qilib, ushbu distopik adabiyotlar haqida yozish orqali men kelajak avlodlarga yetkazishni istaydigan eng qimmatli saboq: qanchalik qorong‘i bo‘lmasin, inson qalbi nur izlashni to‘xtatmaydi. Qanchalik qiyin bo‘lmasin, inson yuragida isyon qo‘zg‘aladi.

 

***

Distopiya nima uchun kerak? Chunki u bizga qanday dunyoda yashashni istamasligimizni ko‘rsatadi va shu orqali qanday dunyoda yashashni xohlashimizni aniqroq tushunishimizga yordam beradi.

 

Qanchalik qo‘rqinchli bo‘lmasin, distopik adabiyot umid beradi. Chunki uni yozgan mualliflar, o‘qigan kitobxonlarning hammasi yanada yaxshiroq dunyoni tasavvur qilishi, unga intilishi mumkin. Bir so‘z bilan aytganda esa, distopiya – bu tunni tasvirlash orqali tongni ulug‘lashdir.

 

Samandar ERKINJONOV

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Vatandosh

15:05 / 16.05.2025 0 184
Otamsiz o‘tgan tun – Sariosiyodagi bir yoz





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//