Zevs, Apollon, Prometeyning prototiplari mavjud – Inson “men”i tahlili


Saqlash
17:27 / 19.05.2025 101 0

Olimlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, 4,57 milliard yil avval Yer kurrasi vujudga kelgan, 3,9 milliard yil avval esa ona zaminda hayot paydo bo‘lgan. Odamzodning paydo bo‘lish muddati borasida turli raqamlar keltiriladi. Ular nisbiy, bahsli va mavhum, ammo bir narsa aniq – odam o‘zini yovvoyi tabiatdan ajratgandayoq ongida “men” tushunchasi ildiz otgan.

 

Ilmiy farazlarga ko‘ra, odamga tashqi, sirli kuchning yoki transsendentning; yovvoyi tabiatda odam tasavvuriga sig‘magan, ammo ibtidoiy kishini o‘ylashga majbur qilgan tabiiy hodisalarning; tug‘ilish va o‘lim, yer va osmon, onglilik va ongsizlik kabi qarama-qarshiliklarning ta’sirida “men” paydo bo‘lgan. Agar birinchi va ikkinchi omillarda tashqi, yovvoyi va sirli kuch ta’siri (yovvoyi tabiatdan to‘liq ajralmagan, instinktiv “men”) yetakchilik qilsa, uchinchisida ong, ziddiyatlarga boy borliqni anglashga intilish (yovvoyi tabiatdan o‘zini ajratgan, ongli “men”) poydor sanaladi. Bu juda murakkab, “men” bilan birga “meniki”, “o‘zim” va “o‘zimniki”, “sen” va “seniki”,  “u” va “uniki”, “ular” va “ularniki” kabi ziddaynlarga boy tafakkur bosqichi edi.

 

Olmon mutafakkiri Gyotening qahramoni Faust “Hayotim ne, mening o‘zim kimman?” degan savolni kun tartibiga qo‘ygan edi. “Mening uchun olam jumboqdir, / Tafakkurdan juda yiroqdir”, deb xitob qiladi Faust ojizligini bo‘yniga olib. Shunga qaramay, u odamzodga taalluqli ekanini isbotlamoq uchun o‘zini Mefistofel hukmi ostidagi dolg‘ali hayotga topshiradi:

 

Ol bag‘ringga, zamon to‘foni,

Sarguzashtlar quchog‘iga ot.

Shavq-u dardga to‘la dunyoni,

Shodlikni ham, g‘am-u jafoni,

Visolni ham, hijron baloni

Bersin menga boricha hayot.

Eltsa faqat shiddat karvoni,

O‘zligini topur odamzod.

 

(Gyote I. V. Faust. Toshkent, Adabiyot va san’at nashriyoti, 1985. 54-bet. Erkin Vohidov tarjimasi).

 

Shiddat karvoni beto‘xtov harakatda. Xo‘sh, odamzod o‘zligini, “men”ini topdimi, topurmi?..

 

“Men”ga oid animistik-totemistik, teomifologik, transsendental-teologik, biomaterialistik, subyektiv-idealistik, sosioantropologik kabi falsafiy-antropologik yondashuvlar mavjud. Bu sirada gnoseologik, sotsiologik, etnometodologik kabi talqinlarni ham sanash mumkin, biroq tadqiqot obyektining ichki tizimini haddan ziyod maydalashtirish anglash metodini chalkashtiradi (qarang: Декарт   Р. Сочинения в 2 томах. Том 1. Москва, “Мысль”, 1989. Стр. 250 – 256).

 

Animistik-totemistik yo‘nalish Eduard Taylor, Emil Dyurkheym, Sergey Tokarev, Sergey Tolstov kabi olimlar ilmiy izlanishlarida batafsil ta’riflangan. Jumladan, ingliz antropologi E.Taylor dunyo xalqlari hayoti va tafakkurida animizmning o‘rni bo‘yicha fundamental tadqiqot o‘tkazgan. Uning fikricha, animizm ibtidoiy odamlarning yon-atrofidagi narsalarda jon, ruh mavjud, ular yaxshilikka yaxshilik, yomonlikka yomonlik bilan javob qaytaradi, degan qarashini ifoda etadi (qarang: Тайлор Э. Б. Первобытная культура. Москва, “Политиздат”, 1989). Mazkur qarash deyarli barcha dinlarda tajassum topgan. Hind faylasufi Nagarjuna (II – III asrlar) esa animistik tasavvurni o‘z turmush tarzi va g‘oyaviy-nazariy ta’limotiga aylantirgan. U va uning izdoshlari yon-atrofimiz ko‘zga ko‘rinmas jonivorlarga to‘la deb hisoblagan, ularni yutib-o‘ldirib qo‘ymaslik uchun og‘zi-burniga doka tutib, bosib o‘ldirmaslik uchun esa yo‘llarini supirib yurganlar. Belga bog‘langan supurgi nagarjunachilarning o‘ziga xos belgisi bo‘lgan (qarang: Радхакришнан С. Индийская философия. Том    1. Москва, “Иностранная литература”, 1957. Стр. 254 – 267).

 

Boshqa kosmologik qarashlarda ham tabiat, borliq bilan murosada yashash, yon-atrofdagi jonzot va narsalarga ozor yetkazmaslik kerak, shafqatsizlik javobsiz qolmaydi degan aqida uchraydi. Shu tariqa ikki “men”, ya’ni animistik tasavvurlarga ega ibtidoiy odam “men”i va joni, ruhiga ega yon-atrofdagi narsalarning “men”i paydo bo‘lgan. Ibtidoiy kishi hali o‘zini tabiiy borliqdan to‘liq ajratmagan; animizmda uning “men”i tabiiy borliqning “men”iga aynandir. Ushbu dualizm totemizmda ham mavjud, biroq undagi ikkinchi “men” totemga (uning urug‘i) taalluqli. Ibtidoiy kishi duch kelgan narsani emas, o‘z tasavvuridagi hayvonni totem deb bilgan. Xullas, ilk odamlarning o‘zini tabiiy borliqdan farqlashi natijasida “men” – obyekt = “men” – obyekt antropologik modeli shakllangan. Ushbu model konseptual g‘oya sifatida butun falsafiy tafakkur tarixida turli ko‘rinishlarda yashab keladi.

 

Ong, tafakkur va hayotiy tajribaning oshishi bilan “men”ga bo‘lgan munosabat, antropologik talqinlar ham o‘zgargan. Jumladan, subyektiv omilning ahamiyati ortgan. Teomifologik va transsendental-teologik yo‘nalishlarda to‘plangan tajribalar, shuningdek, insonning “men”i hamda  “sen”, “u”, “ular” haqidagi differensial-antropologik qarashlarning ratsional ahamiyat kasb eta boshlashi subyektiv omillar ta’siridan edi. “Men” – obyekt endi “men” – subyekt tarzida ham namoyon bo‘la boshladi. Natijada “men” – obyekt = “men” – obyekt modeli o‘rtasida “men” – subyekt ham paydo bo‘ladi.

 

Yangi modelga xos munosabatlar, ziddiyatlar, to‘qnashuvlar falsafiy-antropologik ta’limotlar negizida turli yo‘nalish va oqimlarni shakllantirdi. “Men” (Faust) va “u” (Mefistofel) o‘rtasidagi bahslar ongni, idrokni obyektivizm va subyektivizm, materializm va idealizm, ratsionalizm va irratsionalizm, modernizm va traditsionalizm, sivilizm va naturalizm kabilarga ajratib yubordi. Mefistofel “Men bilan birga yur, kezaylik jahon” deya Faustni sayohatga chorlagan edi. Yuqoridagi “izm”lar – Mefistofel chorlayotgan “jahon kezish”. U va’da beradi: “Senga shunday narsa etaman ato, / Uni ko‘rmagandir bu yorug‘ dunyo”. U ruhlantiradi:

 

O‘zingniki senga berilgan bu bosh,

O‘zingniki yelkang, qo‘ling, oyog‘ing.

Hukm-u farmoningda ne bo‘lsa yo‘ldosh,

Demak, bu seniki, lozim bilmog‘ing.

 

Va u ogohlantiradi: “Kalta o‘ylamoqdir  bandalar  ishi, /  O‘zing  ham emassan boshqadan ortiq”.

 

Insonga xos ushbu zaiflikni “men” konsepsiyalari mualliflari tan oladi. Teomifologik va transsendental-teologik konsepsiyalar esa “men”dagi zaiflikni kuchga aylantirishga urinadi. Teomifologik yo‘nalishda “men” ma’budsifat, ammo insoniy istaklar bilan yashovchi alpodam, titanlar obrazlarida talqin qilinadi. Qadimgi Yunoniston va Rim mifologiyasidagi Xaos, Geya, Eros, Uran, Kron, Zevs, Tartar kabi ma’budlar, Okean, Stiks, Tifon kabi ulkan haybat va kuchga ega titanlar ana shunday timsollardir. Ularning turmush tarzi, orzu-istaklari insoniy. Aynan insoniy “men” ularni yerliklarga aylantiradi. Masalan, samoviy Uran serhosil Yerga uylanadi. Ona Yer kuch-quvvatda tengsiz olti o‘g‘il va olti qiz – titanlarni dunyoga keltiradi. Keyin esa taxt talashuv mojarolari ro‘y beradi (Кун Н. Легенды и мифы Древней Греции. Ташкент, “Ёш гвардия”, 1986. Стр. 4).

 

E’tibor qaratilsa, afsonalarda ma’budlar va titanlarga insoniy sifatlar nisbat beriladi. Ularning ham o‘z “men”i va manfaatlari bor. Ular “men”subyektlardir. Umuman, barcha afsona va miflar ana shu antropologik paradigmaga qurilgan.

 

Teomifologik va transsendental-teologik yo‘nalishlardagi “men” tashqi “men”larni, ularning ijtimoiy borliqdagi o‘rnini e’tirof etib, antropologiya obyekti doiralarini kengaytirgan. “Men”ning tashqi “men” orqali o‘zini namoyon etishi tarix sahnasiga yangi “men”lar chiqqanining in’ikosi edi. Zevs, Eros, Hermes, Apollon, Heraql, Prometey “men”lari faqat afsonaviy emas, tarixda ularning prototiplari mavjud.

 

Antropologiya uchun muhimi shundaki, tashqi “men”larning obyektivligi va o‘zining obyektiv talablariga ega ekani “men” mavjudligining kafolatidir. Bu tezis Rene Dekartning “Men fikrlayapman, demak, men mavjudman” degan tor, sensitiv-antropologik fikriga ziddir. Biroq u Jan Jak Russo va Klod Levi-Stross antropologiyasiga yaqin. Falsafada Russo birinchi bo‘lib, “men”ning boshqa “men”lar bilan bog‘liqligini o‘rganishga da’vat etdi, ya’ni insonni insoniyat kengligida o‘rganishga chorladi. Shu bois ham Klod Levi-Stross Russoni “antropologiyaning otasi” deb ataydi (Леви-Стросс К. Первобытное мышление. Москва, “Республика”, 1994. Стр. 22-23).

 

“Men”ning mavjudligi tashqi “men”lar tufayli; tashqi “men”larga butun subyektiv-obyektiv borliq kiradi. Bu esa uch pog‘ona – “men” (biofiziologik mavjudot), tashqi “men” (psixosotsiologik mavjudot) va ichki “men”ga (intellektli mavjudot) ajratishga undaydi. Animistik-totemistik yo‘nalishda asosan biofiziologik omillar ustuvorlik qilgan bo‘lsa, keyingi yo‘nalishlarda psixosotsiologik, oxirgi yo‘nalishda esa intellekt bilan bog‘liq omillar ustuvorlik qiladi. Biroq animistik-totemistik yo‘nalishga taalluqli ilk antropologik model hech bir yo‘nalish, hech bir pog‘onada mutlaq yo‘q bo‘lib ketmaydi. Ular transformatsiyaga uchrashi mumkin, lekin o‘z ta’sirini saqlab qoladi, chunki insonning tabiat bilan uyg‘unligi aksiomadir.

 

Transsendental-teologik    yo‘nalishda inson o‘zini chulg‘ab olgan hayotiy muammolarga yechimni transendental “men”dan qidiradi. Xudo, sajda obyekti, qadamjolar va boshqa timsollar “men”ni o‘zidan yuqori, tajriba bilan anglab bo‘lmaydigan “men” borligiga ishontiradi. U borliqni yaratgan, najotkor va mutlaq “men” deb ta’riflanadi. “Men” transendentni immanent, ya’ni tajribaga muvofiqlikning aksi o‘laroq idrok etadi.  Bugun ong, bilim, hatto ilm sohasi ham diniy tajribaga tayanadi. Diniy tajriba jamiyat hayotidan tashqarida shakllanmaydi, u retrospektiv (tarixga qaratilgan) va perspektiv (kelajakka qaratilgan) anglash bilan uzviy bog‘liqdir. Falsafa va pedagogika fanlari doktori, professor M. Hojiyeva bunday yozadi: “Jamiyat taraqqiyotini teomifologik talqin qilish kishilarni ezgu amallar bilan, kelajakka ishonib yashashga da’vat etishi bilan ibratlidir. Dinning avvalo axloqiy hodisa ekani, kishilar qalbida kelajakka umid uyg‘otishi didaktik xususiyatga ega. Hatto u ma’lum bir dogmaga asoslansa, ushbu dogmasi orqali kishilarda kelajakka munosabatlar uyg‘otsa-da, jamiyat va “men” taraqqiyoti doimo uning diqqat markazida turgan (Hojiyeva M. Jamiyat va inson falsafasi. O‘quv qo‘llanma. Toshkent, “Ma’naviyat”, 2021. 9-bet).

 

Teomifologik va transsendental-teologik konsepsiyalarda “men” fenomeni g‘ayritabiiylikka singdirib yuborilsa-da, ular taraqqiyotining so‘nggi bosqichida payg‘ambarlar, avliyolar va irfoniy komil shaxslar orqali ijtimoiy real voqelik kasb etadi. Ushbu ikki konsepsiya ilm-fan, ijtimoiy fikr, mental olam, ayniqsa, falsafaga chuqur ta’sir etgan. Hatto rus faylasufi Nikolay Berdyayev madaniyat va unga taalluqli barcha tushunchalar, jumladan, bilim, ta’lim, falsafa ham “kult”, ya’ni sig‘inish so‘zidan kelib chiqqan deydi (Бердяев Н. Философия свободы. Смысл творчества. Москва, “Правда”, 1989. Стр. 256 – 259). “Men”ning azaliy falsafiy mavzuga aylanishi ham N. Berdyayev ta’kidlagan “kult” ta’siri tufaylidir. Agar fransuz olimi Blez Paskal insonni, “men”ni taajjubli mavjudot, “allaqanday yangilik, allaqanday maxluq, allaqanday xaos” deya hayratga tushsa, N. Berdyayev inson “men”i mavjud dunyodan sirli, u hanuz oxirigacha ma’lum emas deb hisoblaydi (qarang: Бердяев Н. Самопознание (Опыт философской автобиографии). Москва, 2018. Cтр. 14). Paskal konsepsiyasi   antropologik-kosmologik, Berdyayevniki esa antropologik-ekzistensional   xususiyatga ega. Yangi davr falsafasi asoschilari Frensis Bekon konsepsiyasi ssientik, Rene Dekart konsepsiyasi esa ratsionalistikdir. Bunday ilmiy bahslar keyingi davrlarda yashagan Hegel, Klod Helvesiy, Lyudvig Feyerbax, Artur Shopenhauer, Karl Marks, Fridrix Nitshe, Lyudvig Vitgenshteyn, Martin Haydegger, Xose Ortegai Gasset, Bertran Rassel, Mishel Fuko, Boris Ananev, Aleksey Leontev kabi olimlar izlanishlariga ham xos (qarang: Марков Б. Философская антропология. Очерки истории и теории. Санкт-Петербург, “Лань”, 1997). Ularning qarashlari xilma-xil, bahsli, goho bir-biriga zid. Ammo ular inson barcha gnoseologik muammolar markazida turuvchi, aql-idrokka ega, ijtimoiy borliqni yaratishga qodir mavjudot ekanini tan olishda yakdildirlar.

 

“Men” – sevishga va nafratlanishga qodir, transsendentni, komillikni topish niyatida o‘zidan o‘zmoqqa shay shaxsdir. Mefistofel bunga shubha bildiradi, uning nazdida, “men” – yolg‘onlarga ishonuvchan, tez egiluvchan mavjudot. Faustga ham ikkilanish, insoniy ojizlik xos. Oxirida unga Iloh, Pok ruh yordamga keladi. Shu tariqa Gyote “transsendent-men”ni najotkor obraz deya talqin qilgan. Bu, nazarimizda, Faust “men”ining o‘z taqdirini o‘zi yaratuvchi kuchga, obrazga aylanishini savol ostiga qo‘yadi.

 

Biomaterialistik yo‘nalish “men”ning tabiiy-biologik jihatlariga e’tibor qaratadi. U tabiiy-biologik mavjudotning, ya’ni odamning ifodasidir. Darvin va darvinizm, ba’zi tadqiqotchilar yozganidek, odamdagi “men”ni rad etgan emas. Ammo bu ta’limot “men”dagi biofiziologik jihatlarni o‘rganish bilan cheklangan. Vital borliq u uchun birlamchi, mental borliqning substansiyasi biologik omillarda. Mazkur konsepsiya bilan bahslashish pirovard natijada uning yetakchiligini e’tirof etishga olib keladi. Chunki sotsioantropogenez xulosasiga ko‘ra, odamdagi ijtimoiylik, madaniylik uning borlig‘ida atigi 3 – 5 foizni tashkil etadi, qolgan 95–97 foiz esa biofiziologik omillar amridadir. Faylasuf-antropologlar, insonshunoslar, axloqshunoslar odamdagi ana shu 3–5 foiz ulushga daxldor muammolar bilan band.

 

Antropologlar inson va insoniylik masalalarini o‘rganishni Suqrot-Platon falsafasidan boshlaydi. Suqrot dialoglari, antropologik mohiyatiga ko‘ra, “men” va uning olamni bilish salohiyati haqidagi konseptual fikrlardir. Mutafakkir bilim, tarbiya, baxt, dovyuraklik, vatanparvarlik, adolat, go‘zallik, ezgulik, xullas, nima haqida fikr yuritmasin, nafaqat bilish jarayonining, shu bilan birga, o‘zlikni anglash va “men” shakllanishining ham murakkabligini uqtiradi. Bunga uning Meneksen bilan dialogini misol qilib keltirish mumkin (Платон. Собрание сочинений в четырех томах. Том 1. Москва, “Мысль”, 1990. Стр. 145–157). “Hech nimani bilmasligimni bildim” degan mashhur iqror esa shaxs va bilim shakllanishining murakkabligini tasdiqlaydi.

 

Subyektiv-idealistik yo‘nalish to‘g‘risida gap ketganida, avvalo, ingliz faylasufi Jorj Berkli tilga olinadi. Faylasufning “jangovar idealizmi” cherkovni himoya qilishga qaratilgan. U obyektiv borliq “ruh”, “qalb”, “g‘oya” degan subyektiv tushunchalar va ularning kombinatsiyalaridir degan fikri bilan “men”ning bilish imkoniyatlarini kengaytirgandek bo‘ldi. Biroq faylasuf mavzuni falsafiy-antropologik tahlil qilishdan yiroq edi. “Men” haqidagi barcha konsepsiyalarda inson va insoniylik, insonning jamiyatga munosabati, bilish qobiliyati, boshqa “men”larning hayotiy tajribalarni o‘zlashtirishi kabi ko‘pincha subyektiv xususiyatga ega yondashuvlar ko‘zga tashlanadi. Inson o‘z insoniyligini, ijtimoiy munosabatlar subyekti ekanini nafaqat obyektiv faoliyatida, subyektiv qarash va fikrlarida ham ifoda etadi. Falsafa va antropologiya ham inson subyektiv-gnoseologik izlanishlarining mahsulidir. Dekartning boya eslaganimiz “Men fikrlayapman, demak, men mavjudman” degan subyektiv fikri falsafiy antropologiyaning o‘zagi hisoblanadi.

 

Subyektiv-idealistik yondashuvsiz ssiyentik falsafiy qarashlar, ta’limotlar yo‘q. Ming afsuski, biz so‘z yuritayotgan konsepsiyaning subyektiv-idealistik yo‘nalish bilan bog‘liq jihatlari hali antropologlar diqqatini tortmagan. Kelgusi ilmiy izlanishlar ayni shu yo‘nalishga qaratilishi lozim.

 

Sotsioantropologik yo‘nalish “men”ning boshqa “men”lar, “sen”, “u”, “ular” bilan uyg‘unligini ifodalaydi. Ular “men”ga nisbatan tashqi “men”lardir. Ushbu “men”lar kombinatsiyalari ijtimoiy munosabatlarni tashkil etadi va ularga dinamizm, yo‘nalish beradi. “Men”lar o‘rtasidagi aloqalar qancha keng va rang-barang bo‘lsa, ijtimoiy munosabatlar shuncha rang-barang, demokratik va ochiq bo‘ladi. Rang-baranglik va ochiqlikka moyil bo‘lmagan, tor manfaatlarga asoslangan munosabatlar turg‘unlikka, “men”ni ma’naviy, g‘oyaviy va axloqiy degradatsiyaga yetaklaydi. Demak, “men”lar o‘rtasidagi munosabatlarning rang-barang va ochiqligi demokratik taraqqiyot uchun muhimdir.

 

Ijtimoiy munosabatlar “men”dan ekstravertlikni talab qiladi. Ekstravert, Karl Yung ta’biri bilan aytganda, jamiyat, sotsium taraqqiyoti uchun intravertivligidan kechadigan, fidoyi shaxsdir (qarang: Юнг К. Психологические типы. Моск­ва, “АСТ”, 1997. Стр. 406–408). Ammo “men”dagi intravertlikni ego yoki egoizm bilan aynanlashtirmaslik kerak. Intravert bo‘lmagan “men” yo‘q, biroq barcha “men”lar ham xudbin bo‘lavermaydi. Egoizm intravertlikning radikal ko‘rinishi, u shaxsiyatparastlik, tor manfaatlarga ergashuvni anglatadi. Nigilizmda ham radikal egoizm mavjud. Nitshe nigilizmi ana shunday mutaassibona xudbinlikka misoldir.

 

Intravert “men” poetik ijodda beqiyos tasvirlar va obrazlar yaratadi. Iste’dodli shoir o‘z “men”iga oid kechinmalarni o‘quvchi “men”iga aylantira oladi. Masalan, xalq shoiri Muhammad Yusuf “Men bittadurman” she’rida bunday yozadi:

 

Sanam, sochingdan ham shaydolaring ko‘p,

Husning oshiqlari – adolaring ko‘p.

Nimang ko‘p, ko‘yingda gadolaring ko‘p,

Ammo men bittaman, men bittadurman.

 

“Men” aslida yagonalikka, betakrorlikka ishora. Betakrorlik – chin shoirga xos fazilat. Inson, shaxs, fuqaro ham shunday bo‘lmog‘i darkor. U insonligi, qadri yuksak shaxsligi, ma’naviy kuchi va intellektual salohiyati bilan benazirdir.

 

Insonni ulug‘lash – uning “men”ini ulug‘lash, shaxsga ishonch – uning “men”iga ishonch, asli. Shuning uchun “men”ning ijtimoiy makondagi o‘rni liberal-demokratik qadriyatlar bilan belgilanadi. Mohiyatan “men”larning rang-barangligi tarafdori bo‘lgan bu qadriyatlar insonga har doim ham, ayniqsa, ular ijtimoiy fikrni shakllantiruvchi badniyat va kaltafahm arboblar izmida bo‘lsa, ijobiy ta’sir etavermaydi. Kant, Hegel, Monteskyo, Russo kabi faylasuflar ilgari surgan mumtoz liberal-demokratik qadriyatlarni asrab qolish uchun ijtimoiy taraqqiyot, erk va hayot tarafdorlari bo‘lgan “men”lar ittifoqi zarur.

 

“Men” konsepsiyalariga xos falsafiy-antropologik g‘oyani o‘zida jamlagan Faust umriga yakun yasayotib bunday deydi:

 

Uzoq hayot yo‘lin o‘tdim-u bosib,

Olam hikmatini ayladim yakun.

Kim erk, hayot deb jang qilolsa har kun –

Erk-u hayot uchun o‘sha munosib.

 

Bugun insoniyat va ijtimoiy taraqqiyot ham erk uchun, hayot uchun kurashib yashovchi “men”larga o‘ta muhtoj.

 

Viktor ALIMASOV

 

“Tafakkur” jurnali, 2025-yil 1-son.

O‘zidan o‘zgan – tushovlarni uzgan” maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Vatandosh

15:05 / 16.05.2025 0 177
Otamsiz o‘tgan tun – Sariosiyodagi bir yoz





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//