
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan G‘alaba bog‘ida jamoatchilik vakillari bilan uchrashuvda bildirgan fikrlari:
Assalomu alaykum, qadrli yurtdoshlar, muhtaram faxriylar, aziz yoshlar!
Avvalo, barchangizni 9-may – Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida erishilgan buyuk g‘alabaning 80 yilligi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Xalqimizning “Mehr – ko‘zda”, degan iborasida chuqur ma’no bor. Men sizlarning ko‘pchiligingizni yaxshi taniyman, g‘oyibona kuzatib boraman. Bugun sizlar bilan mana shunday ulug‘ ayyom kunlarda diydor ko‘rishib turganimdan g‘oyat xursandman.
Bizning eng katta boyligimiz – bu tinch va osoyishta hayotimiz, Vatanimiz mustaqilligi, xalqimizning omonligidir. Bugungi kunda barcha harakat va islohotlarimiz, hamma ezgu niyatlarimiz bir ulug‘ maqsadga – davlatimiz istiqloli, el-yurtimizning tinchligi va osoyishtaligini mustahkamlashga qaratilgan. Eng katta maqsad-muddaomiz – mehnatkash, mard va olijanob xalqimizni rozi qilishdan iborat.
Hozirgi vaqtda, o‘zingiz televizorda ko‘ryapsiz, shu yo‘lda butun mamlakatimiz – bu Surxondaryo, Xorazm yoki Qoraqalpog‘istonda bo‘ladimi, Buxoro, Navoiy yoki Samarqandda bo‘ladimi, Jizzax, Sirdaryo yoki Toshkentda, Andijon, Namangan yoki Farg‘onada bo‘ladimi, hatto eng olis tuman va qishloqlarimizda ham barcha-barcha yurtdoshlarimiz bunyodkor mehnat bilan band. Iloyim, mana shunday tinch va osoyishta hayotimizga ko‘z tegmasin!
Bugungi kunda dunyo miqyosida vaziyat qanday tahlikali bo‘lib borayotganini hammamiz ko‘rib-bilib turibmiz. Faqat iqtisodiyotda emas, barcha-barcha sohalarda mavjud tahdid va xavf-xatarlarni hisobga olib, yo‘limizni aniq belgilab, qanchalik qiyin bo‘lmasin, faqat va faqat oldinga qarab borishni davrning o‘zi talab qilmoqda. Eng muhim va asosiy masala – Vatanimiz mustaqilligini mustahkamlab, odamlarimizni himoya qilishga, real himoya qilishga bor kuch va imkoniyatlarni safarbar etishimiz, tanlagan yo‘limiz to‘g‘ri ekanini aniq natija va yutuqlar asosida isbotlashimiz kerak.
Hech shubhasiz, bu yo‘lda mard va matonatli xalqimizning Ikkinchi jahon urushi yillarida ko‘rsatgan mislsiz jasorati, buyuk g‘alabani yaqinlashtirishga qo‘shgan beqiyos hissasi biz uchun doimo kuch-g‘ayrat va faxr-iftixor manbai bo‘lib xizmat qiladi.
Albatta, hammangizning xabaringiz bor, jahon tarixidagi eng dahshatli ana shu qirg‘in davrida O‘zbekistonda yashagan 6 million 800 ming aholidan qariyb 2 million nafari frontga safarbar etilgan. Shundan 600 ming kishi jang maydonlarida halok bo‘lgan, 200 ming nafar yurtdoshimiz bedarak ketgan, yana 100 ming odamning daragi hali ham topilgani yo‘q, biz ularni izlashda davom etyapmiz.
Ana shu 2 millionga yaqin jasur ota-bobolarimizning g‘alabaga qo‘shgan hissasi juda katta bo‘lib, buni hech narsa bilan o‘lchab, qiyoslab bo‘lmaydi. Ulardan 214 ming nafari – e’tibor bering, 214 ming nafari – urushda ko‘rsatgan ulkan jasorati uchun jangovar orden va medallarga, 301 nafari Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoniga sazovor bo‘lgani, 70 nafar yurtdoshimiz uchala darajadagi “Слава” ordeni bilan taqdirlangani ham bu fikrni tasdiqlaydi. Mana shu haqiqatni yoshlarimizga, o‘z oilamiz, mahallamiz va jamoamizga har kuni aytishimiz, tushuntirib borishimiz kerak. Chunki jang maydonlarida yovuz dushmanga qarshi kecha-yu kunduz mardona olishgan qahramon ajdodlarimizni qancha ko‘p ulug‘lasak, bugungi ozod va farovon hayotimizni shuncha ko‘p qadrlagan bo‘lamiz.
Biz mana shu G‘alaba bog‘ini bejiz barpo etganimiz yo‘q. Bu ulug‘vor majmua – xalqimizning fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga qo‘shgan hissasini yaqqol ko‘rsatib turadigan qutlug‘ maskan, ulug‘ ziyoratgohdir. Ayni vaqtda bu farzandlarimizga ajdodlarimiz jasoratidan saboq beradigan o‘ziga xos tarbiya o‘chog‘i, desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Eng muhimi, ushbu bog‘ xalqimizning Vatan himoyasi yo‘lidagi qahramonlik an’analari barhayot ekani, ularni har bir avlod sharaf bilan davom ettirishi zarurligini barchamizga eslatib, ta’kidlab turadi.
Bunday bog‘ el-yurtimizning orzusi edi. Mana, odamlar bu tabarruk maskanga qanday intilishini ko‘rsatadigan bir misol – o‘tgan qisqa davrda bu yerga 3 milliondan ziyod kishi kelib, ziyorat qilib ketgan. Ularning orasida keksa-yu yoshlar, viloyatlardan, uzoq-uzoq qishloqlardan, mahallalardan kelgan odamlar, chet elliklar bor. Ular ushbu majmuadagi “Shon-sharaf” muzeyi va boshqa yodgorliklarda o‘zining bobosi, otasi, buvisi yoki qarindoshlariga oid hujjatlar, rasm va lavhalarni ko‘rib, xursand bo‘lib, katta taassurot va g‘urur bilan ketyapti. Bir so‘z bilan aytganda, bu bog‘ning kelgusida ezgu maqsadlarga xizmat qilishini inobatga olib, uni ham tarixiy, ham zamonaviy talablar asosida mana shunday puxta barpo etganimiz har tomonlama to‘g‘ri bo‘lganini bugun hayotning o‘zi isbotlamoqda.
G‘alaba bog‘i – bu hamisha barhayot qahramonlarimiz timsoli, o‘zligimiz ifodasi, qanday sabot-matonatli xalq ekanimizning yorqin amaliy tasdig‘idir.
Eng asosiysi, biz bu majmuani ham shaklan, ham mazmunan boyitib, kengaytirib boryapmiz. El-yurtimiz, xorijiy mamlakatlardagi do‘stlarimiz, hamkorlarimiz bu borada katta yordam beryapti. Shu tariqa xalqimizning Ikkinchi jahon urushi va mustaqillik davridagi qahramonligi chuqur o‘rganilib, yangi-yangi materiallar, hujjatlar topilib, e’lon qilib borilmoqda.
Ana shu ishlarning davomi sifatida bog‘ hududida “Xotira nuri” kompozitsiyasi barpo etildi. Ko‘rib turganingizdek, parvoz qilayotgan bir juft qush shaklidagi bu monumental asar Ikkinchi jahon urushi janggohlarida jon olib-jon bergan ota-bobolarimiz hamda front ortida mehnat qilgan vatandoshlarimizning tengsiz jasoratini madh etadi. U avlodlar o‘rtasidagi vorisiylik an’analarini namoyon etishi bilan ham g‘oyat ahamiyatlidir.
Hech shubhasiz, mustaqillik yillarida Vatanimiz sarhadlarini daxlsiz saqlash, bugungi tinch va osoyishta hayotni himoya qilish yo‘lida mardlarcha halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlarining xodimlari ham bizning qahramonlarimiz. Ular biz uchun hamisha barhayotdir. Xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz mustaqil O‘zbekistonning ham ana shunday qahramonlari borligini bilishi va ularni hech qachon unutmasligi zarur.
Men 2023-yil mart oyida Surxondaryoda sizlarning ko‘pchiligingiz – ana shunday marhum askar va ofitserlarimizning oila a’zolari, yaqinlari bilan uchrashganman, fikr va takliflaringizni eshitganman. Mana shu qahramonlarimiz xotirasiga ham yodgorlik o‘rnatsak, degan orzu, kerak bo‘lsa, armon meni doim o‘ylantirib kelardi. Bu nafaqat mening, balki ana shunday botir va dovyurak ona yurt posbonlarini tarbiyalagan sizdek ota-onalarning, qolaversa, qahramonlarimizning ayollari va farzandlarining, butun xalqimizning orzusi edi, desak, albatta, xato bo‘lmaydi.
Xalqimizning ana shu bahodir o‘g‘lonlarimizga bo‘lgan hurmat-ehtiromini ta’sirchan bir shaklda aks ettirish, hayotdan erta ketgan bu navqiron fidoyi insonlarning Vatanimizga bo‘lgan mehri, sadoqati va jasoratini ana shu yodgorlikda ko‘rsatish haqida o‘z fikrlarimni aytib, arxitektor va haykaltaroshlar, tarixchi olimlar, ijodkor ziyolilar bilan juda ko‘p muloqot qilganman.
Ana shunday intilishlarimiz natijasi sifatida bugun G‘alaba bog‘ida yangi bir yodgorlik – “Millat fidoyilari” monumenti barpo etilganini barchamiz ko‘rib turibmiz.
Albatta, ushbu monumentda nomlari zarhal harflar bilan muhrlab qo‘yilgan 196 nafar marhum harbiy xizmatchi va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining har biri, Ikkinchi jahon urush qatnashchilari kabi, hayotning ko‘p-ko‘p ne’matlaridan bahramand bo‘lishga ulgurmagan. Bu sheryurak o‘g‘lonlarimizning ham kelajak orzulari bor edi, ularni oldinda yaxshi va yorug‘ kunlar, ota-onasi, oilasi, shirindan-shirin farzandlari kutayotgan edi. Lekin mamlakatimiz istiqloli, xalqimiz tinchligiga nisbatan real xavf tug‘ilgan paytda, ular bir daqiqa ham o‘ylab o‘tirmasdan, jonajon Vatanimiz himoyasi yo‘lida o‘zlarini qalqon qilishdi. Bu fidoyi harbiylar shu tariqa bugungi Yangi O‘zbekiston uchun mustahkam zamin yaratib ketishdi. Shu bois, biz ularning xotirasi, ruhi poklari oldida doimo qarzdormiz.
Men shu haqda ko‘p o‘ylayman. Nafaqat o‘ylayman, joylarda bo‘lganimda viloyat va tuman hokimlari, nuroniylarimiz, mahallalar va jamoatchiligimiz vakillarini qahramon jangchilarning oilalari haqida doimo g‘amxo‘rlik qilishga, ularning jasoratini ko‘proq targ‘ib etishga chaqirib kelaman.
Mana, bugungi marosimda hurmatli oqsoqollarimiz, nuroniylar, ko‘pni ko‘rgan akalarimiz, o‘z hayoti davomida doimo ko‘pchilikka namuna bo‘lib kelayotgan olijanob insonlar qatnashmoqda. Ular tinch va yorug‘ kunlarning qadrini, bugungi nurli, fayzli hayot nimaning hisobidan kelganini boshqalardan ko‘ra yaxshi tushunishadi.
Albatta, “Millat fidoyilari” xotira yodgorligini imkon qadar ko‘proq odam kelib ko‘rishga intiladi. Lekin biz bunday intilish va harakatlarni tashkiliy nuqtai nazardan aniq yo‘nalishga solishimiz zarur.
Yana bir bor aytaman, bu maskanda nomlari qayd etilgan bahodirlarimizning jasorati, nomlari va xotirasi el-yurtimiz qalbidan hech qachon o‘chmaydi.
Siz, azizlar bu majmuaga birinchi bo‘lib tashrif buyurgan insonlarsiz. Sizlardan iltimosim shuki, bu haqiqatni barchaga yetkazishimiz kerak. Bu yerni doimiy obod qilib, dovyurak farzandlarimiz ruhlarini shod etish – bizning muqaddas vazifamiz.
Bugungi zamonaviy axborot texnologiyalari yutuqlari asosida bu yerda katta ishlarni amalga oshirdik. Ayniqsa, sun’iy intellekt yordamida marhum jangchi o‘g‘lonlarimiz bamisoli tirik insondek gapiradi. Buni ko‘rib, ularning ovozini eshitib, farzandlari, ayollari, nabiralari ertaga qo‘shnisi, do‘sti yoki tanishiga borib, bizning otamiz, bobomiz hech qachon o‘lmagan, hamisha tirik deb ayta oladi.
Ushbu yodgorlikning beqiyos ahamiyati haqida gapirganda, men bir fikrni alohida ta’kidlab o‘tmoqchiman. Ma’lumki, biz Yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlarni boshlagan birinchi kunlardanoq xalqimizni rozi qilish, “Inson qadri uchun” degan ezgu g‘oyani amalga oshirishni o‘zimiz uchun bosh maqsad etib belgiladik.
Inson qadrini e’zozlagan davlat hech qachon kam bo‘lmaydi. Men mana shu boqqa, mana shu yodgorlikni tomosha qilishga kelgan kishi Vatan mustaqilligi uchun kurashgan, jon fido etgan odam aslo el-yurtning nazaridan chetda qolmasligini, kelgusi avlodlar ularni esidan chiqarmasligini chin yurakdan his etishini istar edim. Ana shundagina xalq hayotida fidoyilik va qahramonlik an’analari bardavom bo‘ladi. Ana shundagina inson qadri va hayoti naqadar buyuk boylik ekani yaqqol ayon bo‘ladi.
Hayot bor ekan, butun jamiyatda, albatta, har jabhada kurash ketadi. Hozirgi kunda biz ham go‘zal, fayzli va farovon hayot uchun, tinchlik uchun kurashyapmiz. Bu kurash har kuni, har daqiqada davom etmoqda.
Mazkur majmuada nomlari bitilgan harbiylarimiz mustaqillik yillarida Sariosiyoda, Toshkent viloyatida, Andijonda sodir etilgan mudhish terrorchilik harakatlariga qarshi kurashda qanday jasorat ko‘rsatganini ko‘pchilik yaxshi biladi.
Fursatdan foydalanib, o‘sha suronli yillarda terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashda qahramonlarcha halok bo‘lgan o‘g‘lonlarimizning bugungi tadbirimizda ishtirok etayotgan ota-onalari, ayollari va farzandlariga, qarindoshlariga xalqimiz nomidan, o‘z nomimdan yana bir bor chuqur minnatdorlik bildiraman.
Takror aytaman: Vatanimiz va xalqimiz sizlarning farzandlaringiz, turmush o‘rtoqlaringiz, otalaringiz, jigarlaringiz xotirasini hech qachon unutmaydi. Sizlarning farzandlaringiz, turmush o‘rtoqlaringiz haqiqiy qahramon bo‘lgan, sizlarning otalaringiz haqiqiy qahramon bo‘lgan.
Hozirgi vaqtda ana shu fidoyi insonlarning farzandlari jasur otalarining hayotini davom ettirmoqda. Ularning o‘qib, zamonaviy kasb-hunarlarni egallab, kelajakda el-yurtimiz uchun otalari kabi sadoqat bilan xizmat qiladigan insonlar bo‘lib yetishishlari uchun zarur sharoitlarni yaratib beryapmiz. Men ular bu hayotning qadriga boshqalarga nisbatan ko‘proq yetib, barchaga namuna bo‘lishini istayman. Aziz bolalarim, sizlar bunga, albatta, qodirsiz!
Hech qachon unutmang, qo‘shnilaringiz, mahalladoshlaringiz “Bular – qahramon oila farzandlari” deb sizlarga alohida hurmat va e’tibor bilan qarashadi.
Bu – inson uchun katta baxt va sharaf, ayni paytda ulkan mas’uliyat ham, desak, adashmagan bo‘lamiz.
Sizlar shunga doimo munosib bo‘lasiz, deb ishonaman.
Hurmatli shoir va adiblarimiz, jurnalistlarimiz ana shunday oilalar haqida, ularning qahramon otalari haqida yangi asarlar, kitoblar yozadilar, deb umid qilaman. Mana shunday oilalarning ayollari, farzandlarini boshqalarga namuna qilib ko‘rsatsak, bu ham albatta, milliy o‘zligimizni anglashga, g‘ururimiz va ma’naviyatimizni kuchaytirishga, xalqimizni yanada birlashtirishga xizmat qiladi.
Buyam tarbiya, buyam tarix, buyam ibrat bo‘ladi. Ayni paytda bu ana shu oilalar to‘g‘risida yana bir ma’naviy g‘amxo‘rlik va e’tibor, ularning farzandlariga yaxshilik qilish, umr yo‘ldoshlariga shukronalik, sabr tilash bilan barobardir.
O‘zingiz ko‘ryapsiz, “to‘qlikka sho‘xlik” deganlaridek, hozirgi zamonda bizga yarashmaydigan ishlar ham, afsuski, ko‘p bo‘lyapti. Buni ham unutmasligimiz shart. Bugungi erkin hayot berayotgan imkoniyatlarni hamma ham to‘g‘ri qabul qilmayapti. Buyam ayni haqiqat.
Erkinlik va ozodlikning, tinchlikning qadriga yetish – bu oson emas. Bu – o‘ta og‘ir va mashaqqatli ish. Buning uchun ham ilm, tarbiya, madaniyat va iroda kerak. Shu bois, men “Biz hali izlanishdamiz” degan fikrni ko‘p takrorlayman. O‘rganish, izlanish hech qachon to‘xtamasligi kerak. Oldinga qarab intilgan xalq va millatning kelajagi albatta yorug‘ bo‘ladi.
Yaqinda Xorazmda bo‘lganimda bir guruh yoshlar bilan uchrashdim. Urganchlik qizimiz Maftuna Ochilovaning o‘ta hayajonli so‘zlari haliyam qulog‘imda jaranglab turibdi: “Muhtaram Prezident, men otasiz o‘sganman, onam uch nafar farzandni bir o‘zi tarbiya qildilar. Biz kambag‘al oila edik, turmushimiz, sharoitimiz juda og‘ir edi. Mana, endi kambag‘allikdan qutuldik.
Sizning tashabbusingiz bilan, muhtaram Prezident, kitobxonlik bo‘yicha o‘tkazilgan tanlovda yoshlar orasida respublikada birinchi o‘rinni egalladim va Sizning sovg‘angiz – elektromobilga ega bo‘ldim. O‘sha paytdagi quvonchimni so‘z bilan ifoda etib berolmayman!” – dedi qizimiz ko‘zida yosh bilan.
Ko‘rdingizmi, dunyoda adolat va haqiqat mezoni baribir mavjud. Oddiy bir qizimiz shu gaplarni yig‘lab-yig‘lab aytganida, mening ko‘nglim ham beixtiyor boshqacha bo‘lib ketdi. Buni men ham so‘z bilan ifoda etib berolmayman. Qarang, ezgulik qanday buyuk, qanday qudratli kuch!
Hayotda doimo mana shunday ezgu ishlarga intilib yashasak, bir-birimizdan mehrimiz, yordamimizni ayamasak, ko‘zlayotgan ulug‘ maqsadlarimizga albatta yetamiz.
Qarang, shu xorazmlik qizimiz butun qalbi bilan tirishib, intilib, tinimsiz mehnat qilib, mayli, qiynalib bo‘lsa ham, dastlabki katta yutuqqa erishibdi. Onasi ming bir mashaqqat bilan oilasini qashshoqlikdan olib chiqqan bo‘lsa, bu qizim, onasidan ibrat olib, bu oila ma’naviy jihatdan qanday kuchli ekanini butun yurtimizga ko‘rsatdi. Buyam jasorat va matonat namunasi.
Endi bu oilani hech kim kambag‘al oila deb aytolmaydi. Mana shunday kuchli qizlari bo‘lgan oila hech qachon kambag‘al bo‘lmaydi. Bu – hayotning azaliy haqiqati.
O‘zingiz tasavvur qiling, kitob mutolaasi bo‘yicha millionlab O‘zbekiston yoshlari orasida birinchi o‘rinni egallash uchun bitta emas, yuzlab, balki, minglab kitob o‘qish kerak. Chunki bu tanlov dastlab mahalla va tumanda, shaharda, viloyat darajasida bo‘ladi, oxiri respublika miqyosida yakuniga yetadi. Uni juda bilimli va talabchan o‘qituvchi va murabbiylar, adabiyotshunos olimlar, shoir va adiblar nazorat qilib boradi.
Shu ma’noda, Maftuna Ochilova kitobxonlik bo‘yicha mamlakatimizda birinchi o‘rinni olgani – katta natija. Lekin bu farzandimizda o‘ziga, hayotga, odamlarga ishonch paydo bo‘lgani, eng muhimi, adolat yuzaga chiqqanini men undan ham katta yutuq deb hisoblayman.
Qani endi, barcha yoshlarimiz salgina telefonni chekkaga surib qo‘yib, kitobga ko‘proq e’tibor bersa. Ularga nasihat qilib, kitob naqadar buyuk mo‘jiza ekani, unda hayot sirlari va hikmatlari yashiringanini bolaligidan ongiga singdirib borsak, farzandlarimiz kitob bilan do‘st bo‘lsa, ularning fikri ham, dunyoqarashi ham boshqacha bo‘ladi. Ularni hech qanday yovuz kuch yomon yo‘llarga boshlay olmaydi. Mana, tarbiyaning siri, kaliti qayerda!
Shuning uchun har bir ishimiz zamirida ma’naviyat, ma’rifat, ilm va hikmat mujassam bo‘lishi kerak. Shundagina aziz Vatanimizning ertangi kuniga ishonchli poydevor qo‘ygan bo‘lamiz. Bu poydevor mustahkam bo‘lishi uchun har kuni tinimsiz izlanishimiz, mehnat qilishimiz shart.
Mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida fidoyilarcha halok bo‘lgan qahramonlarimizni o‘zi tug‘ilib o‘sgan mahallasi, tumani biladi, lekin butun xalq bilmaydi-ku! Mana endi, Ikkinchi jahon urushi davrida fashizmga qarshi jang qilgan katta avlod vakillari bilan birga, ularning nomlari ham tariximiz sahifalariga abadiy muhrlandi. Endi ularni butun xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz albatta biladi. Ushbu badiiy obidada ularning nomlari va siymolari aks ettirilgani – bu yuksak e’tirof va ehtirom. Butun xalq, butun millatning e’tirofi, ehtiromidir.
Mustaqillik – bu Xudoyi taoloning bizga cheksiz marhamati va ne’matidir. Ana shu buyuk ne’matni, buyuk istiqlolimizni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash barchamizning muqaddas burchimiz.
Shu yo‘lda el-yurtimizga munosib xizmat qilishimiz lozim. Bu haqda qancha ko‘p gapirsak, xalqimiz hozirgi tahlikali zamonda yanada birlashib, yangi-yangi fidoyi va faol qahramonlarni voyaga yetkazadi.
Eng muhimi, jahon maydonida mag‘rur bosh ko‘tarib, shonli tariximizga munosib xalq bo‘lib yashaymiz. Bugun aynan shu g‘oyalarni faol targ‘ib etishimiz zarur.
Aziz do‘stlar!
Bugungi tarixiy voqea – “Millat fidoyilari” yodgorligining ochilishi bilan barchangizni chin qalbimdan samimiy tabriklayman.
Mustaqillik yillarida aziz jonini ayamasdan, bizning tinchligimiz va osoyishtaligimizni asrash yo‘lida qahramonlik ko‘rsatgan mard va jasur farzandlarimizning muborak xotirasi oldida chin dildan ta’zim qilaman.
Takror va takror aytishdan charchamayman: biz bunday qahramon o‘g‘lonlarimizni hech qachon unutmaymiz. Ular doimo biz bilan birga yashaydi.
Vatanimizga har tomonlama munosib qahramon o‘g‘lonlarimizga shon-sharaflar bo‘lsin!
Doimo sog‘-omon bo‘linglar, katta rahmat sizlarga!
Toshkent shahri, G‘alaba bog‘i 2025-yil 8-may.
“Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2025-yil 16-may, 99-son.
Vatandosh
Mafkura
San’at
Jarayon
Adabiyot
Tarix
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
Til
//
Izoh yo‘q