
Bu voqea yuz bergan yili avgust juda issiq kelgan edi. Yozning boshidan boshlangan qurg‘oqchilik esa dehqonning ko‘zini qonga to‘ldirgan. Birinchi marta otalar darg‘atning boshiga bolalarni qorovullikka qo‘yishga yuragi betlamay qolgandi. Suv talashib, kim kimning beliga ketmon bilan solar, boshqasi bo‘lsa shunchaki chavaqlab tashlar edi. Tomorqamizdagi ekinlarning qulog‘i filning quloqlariday shalpayib turardi. Egatlar yorilib-yorilib ketgan, bolalar yaxshi ko‘radigan bodringlar kampirga o‘xshab burishib qolgan edi.
Bir so‘z bilan aytganda, it egasini tanimagan o‘sha yili men birinchi marta yozgi ta’tilga chiqqandim. Xuddi yil bo‘yi o‘qib, qoyillatib qo‘ygandek qishloq bolalari kabi mening ham og‘zim qulog‘imga yetgandi. Aslida bu u qadar xursand bo‘ladigan voqea emas. Chunki avval mol boqish va uydagi mayda-chuyda ishlardan maktab bahona qutulib qolsak, endi buning sira iloji yo‘q edi. Mollarni ko‘proq ukam dalaga haydab ketardi, men esa oyog‘imga tushov tushgandek bir tovuq qaytarishga yugursam, bir kartoshka palagidagi qo‘ng‘izlarni terib chiqar, bir onamga uy tozalashga qarashsam, bir otam bilan qo‘shilib noskadisini izlar edim. Menga ham adog‘i yo‘q mayda ishlardan ko‘ra mollarni dalaga qo‘yib yuborib, tutning soyasida somon chaynab yotish yoqardi. Na iloj, bu hafta ukamning omadi keldi. Kattalarning aytishicha, ukam mol boqishni mendan yaxshiroq eplayotgan ekan.
Men o‘sha kunga qadar biror marta otamsiz uxlaganimizni yoki otam uyga kelmaganini eslay olmayman. Ochig‘ini aytganda, otam bolajon emas edi. Biz ham unga erkalanib, xarxasha qilib yurmasdik. Ammo o‘rtamizda ko‘rinmas shunday rishta bor ediki, u bilan faxrlanardik. Boshqalar qanchalar faxrlangan bilmadim-u, ammo men otamga boshqalarni tenglashtirolmas edim. Qo‘shnilar bilan solishtirgan taqdirda ham har safar otam yengib chiqardi. To‘g‘ri, uning mashinasi yo‘q edi, ammo uning deraza romidan ortgan bo‘yoqning karomati bilan yap-yangi bo‘lib qolgan velosipedi bor edi. U oyoqulovini juda ehtiyot qilardi, doim unga alohida marhamat ko‘rsatar, har haftaning so‘ngida oyoqlarini yechib, zanjirlarini moylab qo‘yardi.
Otam uch qishloq naridagi maktabga qatnab ishlardi. Uning ishdan qaytishining o‘zi bir marosim edi go‘yo. Ukam uyning oldiga – ko‘chaga chiqib turardi, men esa uch uy naridagi muyulishda turardim. U yerdan qo‘shni qishloq boshlanardi va goh bug‘doy, goh paxta ekiladigan dala bo‘ylab qayrilib ketgan yo‘l uzoq-uzoqlargacha ko‘rinib turardi. Men otamning sharpasidanoq tanirdim, uning bir maromda pedal bosishi va velosiped ustida ham kibr aralash qaddini rost tutishini takrorlab bo‘lmasdi. Otamni ko‘rishim bilan ukamga baqirardim: “Otam kelyapti… otam kelyapti…” Ukam esa uyda ovqatni tunuka tovoqqa solib, pechkaning oldida o‘tirgan onamga yetkazardi. Onam gaz pechkani yoqardi. Shu bilan otam kiyim almashtirib bo‘lganda, uni bekam-u ko‘st dasturxon kutib olardi. U choy ichayotganda hamma mum tishlab o‘tirardi. O‘zining ta’biri bilan aytganda, qorni to‘yib, ko‘zi joyiga tushgandan so‘ng ozgina suhbat bo‘lardi va yana hovlida ish qaynardi.
Bu safar maktabni ta’mirlash uchun jo‘nab ketgan otam qaytishi bilan apil-tapil choy ichgan bo‘ldi-yu, yana velosipedi bilan tuman markaziga jo‘nab ketdi. Otamning yuzida xavotir bor edi. Onamga nimalarnidir ozgina tushuntirdi. Men og‘ziga qarab o‘tirdim-u, ammo hech narsa tushunmadim. Onam esa qayg‘uli ohangda “shu yetmay turuvdi…” dedi xolos.
Otamning mushaklari baquvvat edi. Sport bilan shug‘ullanganini ko‘rmagan bo‘lsam-da, uning mushaklari qurbaqaga o‘xshab bo‘rtib turardi. Qo‘shni xotinning shang‘illashlari ostida tovuqlarimizni uning tomorqasidan qaytarib kelganimda otam qaytib kelibdi, to‘g‘rirog‘i, yana qayergadir ketayotgan ekan. Mashinada!
– Xavotirga o‘rin yo‘q, – dedi otam nimalarnidir tayinlayotgan onamning gapini bo‘lib. – Biz shunchaki qo‘shni tumandagi suv omborini qo‘riqlaymiz. Qo‘limizga qurol ham berarmish. Lekin… – dedi kaftidagi tuproq nosni tilining ostiga tashlab, – lekin Sariosiyoda rosa to‘polon bo‘layotgan ekan. Aytishlaricha, davlat rahbari ham yetib boribdi. Otam nos otganda ham tovushlarni buzmasdan talaffuz qilardi. Bundan ham faxrlanardim. Bu ham men uchun “san’at” edi. Chunki konfetni tilimning ostiga solib, gapirishga uringanimda kurkadek g‘ulg‘ulaganman xolos.
O‘sha kuni otam kechki ovqatda dasturxon boshida o‘tirmadi. Ukam mollarni boqib kelib, otamning yo‘qligidan hayratga tushdi. Biroq men unga tushuntirdim, otamga bugun miltiq berarkan, dedim og‘zim qulog‘imga yetib. U baribir tushunmadi. Oxiri kechki dasturxon boshida yig‘ladi. O‘zim ham sezgandim, u borgan sari to‘qimi ovib, ko‘zida yosh aylanayotgan edi. Oxiri ko‘zyoshi to‘lachadan kelgan yonog‘idan gildirab iyagiga qarab jo‘nadi. So‘ng ovozi ham chiqdi o‘sha ko‘zyoshning.
Onam jim bo‘lmasa hozir do‘xtir chaqirishini aytdi. Onamga ham bir gap bo‘lgandi. U ham xuddi bo‘g‘ziga nimadir tiqilib qolgandek chiyillab gapirardi. Onam tovuq katagining og‘zi ochiq qolganini eslab, yopib kelishga chiqib ketdi. Ammo u uzoq qolib ketdi. Va uyga kirganda yig‘laganini qizarib ketgan ko‘zlari sotib qo‘ydi. Onamning qoshlari tabiiy go‘zal edi, ammo u xafa bo‘lganda yanada go‘zallashib, sinfxonamiz doskasining ustidagi Navoiyning qoshiga o‘xshab qolardi.
Men otamga o‘xshardim. Buni ulg‘ayganimda ko‘proq anglab yetdim. Men otam kabi toshbag‘ir edim. Buni birinchi marta ukam ikkalamizni it tishlab, shifoxonada yotganimizda bilganman. Otamning aytishicha, bizni tishlagan it “Layka”mizning otasi ekan. O‘ziyam eshakdek kelardi u. Ammo bizning “Layka” birovga besabab hurmasdi ham. Xullas, biz bir hafta shifoxonada yotdik. Quturishga qarshi ukol qilishdi. Va quturishimizni kutishdi, menimcha. Biz quturmadik. Lekin o‘shanda ham ukam ota-onamni sog‘inib yig‘lardi. Menga esa Pushkin bir jahon. Otam olib bergan politsiya mashinachasini maza qilib o‘ynardim.
Ukam yig‘lab-yig‘lab uxlab qoldi. Mening ko‘zimda uyqudan asar ham yo‘q edi. Ha, bolaligimdan uyqusizlik kasaliga chalingandim. Adashmasam, bu bobomning o‘limi bilan bog‘liq edi. Bir kuni yarim kechasi “Bobom nega o‘ladi?” deb yig‘lab uyg‘ondim-u, shundan kechalari uyg‘onib ketadigan yoki eng kech uxlaydigan odat chiqardim.
Onamning ham ko‘ziga uyqu kelmayotgani ko‘rinib turardi. U o‘zini ovutish uchun kitob o‘qiyotgandi. Men qalin kitobning muqovasi ortiga rasm chizib o‘tirardim. Onam bir-ikki uxlashim kerakligini eslatdi. Biroq u aniq uxlashim kerakligini aytmadi. Demak, onamga ham mening uyg‘oqligim ma’qul edi. Shu asnoda otam haqida o‘yladim, u hozir nima qilayotgan ekan. Qo‘lidagi miltiq bilan dushmanning dodini berayotganmikan-a?
Shu paytgacha har besh daqiqada pirillab qoladigan televizorimizdan ko‘rganim, qo‘liga qurol tutgan odam, albatta, kimgadir o‘q uzishi kerak edi. Bunaqa kinolarni otam yaxshi ko‘rardi. Biz so‘zini tushunmasdik, biroq otam buni tushunardi va berilib ko‘rardi.
Sartarosh amakimning aytishicha, otam Afg‘onda xizmat qilgan ekan. U jahli chiqsa, tentak bo‘lib qolarmish. Chunki hamma afg‘onchilar shunaqa emish. Biroq men otamning tentak bo‘lganini biror marta ko‘rmagan edim. Faqat u bola bilan o‘ynashni bilmasdi. Otam bilan bog‘liq eng yaxshi xotiram onam xolamlarnikiga qidirib ketganda meni uxlatish uchun aytib bergan baliqchi chol haqidagi ertak edi. O‘shanda biram maza qilgandim, otamning issiq qo‘njiga kirib, uxlamaslikka tirishardim, otam esa meni uxlatish uchun ertakni achchiq ichakdek cho‘zardi. Indallosini aytganda, ikkalamiz ikki frontda jang olib borardik.
Otam kelmasligini bilsam ham, zerikib ketganimdan onamdan otamning qachon kelishini so‘radim. Onam esa quruqqina qilib: “Bir uxlab tursang…” dedi. Ukam xurrak otishni boshlab yubordi. Onam endi kitobni qo‘yib, krossvord yechishga o‘tgandi. U bo‘sh kataklarni harf bilan to‘ldirib chiqardi. Bir payt chiroq o‘chdi. Onam turtinib-surinib, moychiroqni yoqdi va qiyomat kuni ham bizning chiroqchilar chiroqni o‘chirishni unutmasligini aytdi. Onam hali ham nimadandir norozi edi, tabiiy kirtaygan ko‘zlari yanayam ayanchli tus olgandi. Rasm chizishni to‘xtatib, ukam bilan onamning orasiga tiqildim. Ukamni surib tashladim. Bilardimki, ukam bir uxlagach, tank otsayam uyg‘onmasdi.
Onam boshimni siladi. Uning qo‘llarida qandaydir titroqni sezdim. Bu menga ham ko‘cha boshladi. Yig‘lagim kelardi. Bu menimcha, savqi tabiiy edi. Axir shu paytgacha otamsiz tun bo‘lmagan. Buni tasavvur ham qilmagan edik.
Onamning pichirlagan tovushini eshitdim. U Xudodan tinchlik so‘rardi. Ha, u buni qayta-qayta so‘radi. O‘tinib-o‘tinib so‘radi. Shunda men Xudo onamni eshitmayaptimikan degan xayolga ham bordim. Biroq kattalar bir nimani bilmasa, qilmasligini bilardim.
Onamning bunday xavotirli yuzini avval ham, keyin ham ko‘rmaganman. U moychiroqning xira yorug‘ida ham tashvishli edi.
Chiroqning piligi tutay boshladi va onam uni pasaytirib keldi. U televizorning ustida turardi. O‘rniga yotgach, rivoyat aytib berishini eshitib, xursand bo‘lib ketdim. Ochig‘i, ozroq kelayotgan uyqum ham iziga qaytib jo‘nadi. Men onamga tiqilibroq yotdim. Undan rayhonning hidi kelardi.
Uning aytishicha, qadim zamonda qo‘li gul kulol bo‘lgan ekan. U qo‘li gul bo‘lishiga qaramay, qashshoq va kamtar kun ko‘rarkan. U o‘zi yasagan buyumlarning bahosini bilmas yoki bilsa ham ularning bahosini ko‘tarmas ekan. O‘zining aytishicha, otasi tirilib kelsa ham o‘zining ehtiyojidan ortiq ko‘za yasamas ekan. Boshqalar esa uni boqi-beg‘amlikda ayblar, gulday hunarini xor qilayotganini ta’kidlarkan. Bir kuni uning bunday go‘zal iste’dod sohibi ekanidan podshoh xabar topib qolibdi va uning har bir ko‘zasining bahosini o‘sha ko‘zaga sig‘guncha oltin bilan belgilab qo‘yibdi.
Endi uning uyi karvonsaroyga aylanib ketibdi. Ko‘zalarini bozorga olib chiqishga ehtiyoj qolmabdi. U har bir ko‘zani yasab bo‘lishi bilan kazo-kazolar xaridor bo‘lib, navbat kutib o‘tirarkan. Bundan rag‘batlangan kulol kechalari ham uxlamasdan ko‘za yasashga kirishibdi. O‘zi-ku bu ishidan mamnun emas, ammo kimdir eshiging tagida mo‘ltirab o‘tirsa, ko‘zga uyqu keladimi. Oxiri bu bedorlik va tartibsiz hayotdan charchagan kulol saroyga yo‘l olibdi. Uni podshoh hurmat-ehtirom bilan kutib olib, noz-ne’matlar bilan siylagach, kelishining sababini so‘rabdi.
Shunda kulol: “Qaytaring!” debdi.
Podshoh hayron bo‘lib:
– Ko‘zalaringni qaytarib beraymi? – deya g‘azablanibdi.
– Yo‘q.
– Unda nimani so‘rayapsan? – so‘rabdi podshoh labiga chilimni qistirib.
– Tinchligimni qaytaring, olampanoh! – debdi kulol onamning ko‘zlaridek kirtaygan ko‘zlarini podshohga tikib.
Shundan so‘ng podshohning roziligi bilan kulol ko‘zalarining bahosini avvalgi holiga qaytarib, ko‘ngli orom topibdi.
“Ha, – dedim xayolimda, – onam Xudo deyayotgani o‘sha podshoh bo‘lsa kerak”. Ochig‘i, men hali bunday rivoyatlarning mag‘zini chaqishga yoshlik qilardim. Aqlim qulog‘imdan oqayotganiga qaramay, ko‘p narsaning ma’nisiga bormasdim. Shu xayollar bilan uxlab qolibman.
Ertalab onam kosada yangi sog‘ilgan sut olib keldi. Unga to‘g‘ralgan non paxtadek uvib qolgandi. Ustida sutga qo‘shilolmagan sariyog‘ suzib yurardi. Ukam hali ham xafa edi. U indamay sutni ichdi-da, mollarni ipidan bo‘shatib, oldiga solib ketdi. Quyosh tikka tushganda yana xuddi shunday qaytib keldi. U ba’zan kun bo‘yi qaytmasdi, beliga non bilan biror shirinlik tugib ketardi-da, kechga qaytardi. Ammo bugun qaytib keldi. Choy ichib o‘tirgandik ko‘chadan mashinaning “bibillagan”i eshitildi. U qayta-qayta “bibilladi”. Onam avval derazadan qaradi. So‘ng yuzidagi qora bulutlar arib, chehrasi ochilib ketdi va otamning kelganini suyunchiladi.
Ukam ikkalamiz o‘tirgan joyimizdan to hovliga kirib kelayotgan otamning oldigacha kim o‘zar qo‘ydik. Otam ikkalamizni ham baravar qo‘ltiqlab ko‘tardi-da, ayvondan ichkariladi. Negadir onam yig‘layotgan edi.
…Onam choy ichib ko‘zi joyiga tushgan otamdan nima bo‘lganini so‘ragan edi, otam biznikilar dushmanni chegaradan chiqarib, enasinikiga qo‘yib kelganini aytdi. Men birinchi sinfning yozgi ta’tiliga chiqqan edim. Va ular ham enasining uyiga qaytganidan xursand bo‘ldim.
Bek ALI
Foto: Abdumannon Muhammad
“Vatanparvar” gazetasi, "Otamsiz o‘tgan tun" essesi.
Jarayon
Mafkura
San’at
Jarayon
Adabiyot
Tarix
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
Til
//
Izoh yo‘q