Ramziy til, ruhiy tajriba va madaniy xotiraning harakatdagi aksi – Turkiy xalqlar raqsi tarixi


Saqlash
16:52 / 15.05.2025 189 0

Turkiy xalqlar madaniy merosi – og‘zaki ijodi, musiqa, amaliy san’at va albatta, raqs – bu ming yillik tarix, e’tiqod, urf-odat va an’anani o‘zida mujassam etgan boy xazinadir. Ayniqsa, raqs xalq ruhi, hayotiy falsafasi va estetik dunyoqarashining ifodasidir.

 

Vaqt va tamaddun turkiy xalqlar madaniy me’rosiga o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmadi. Hududiy farqlar yaqqol ko‘zga tashlana borgani sari rasqdagi xususiyatlar ham rang-barang tus oldi. Xorazm, Buxoro va Farg‘ona raqs maktablari shakllanib, har biri o‘zining madaniy kodlari, tasvir tili va ramziy belgilarini yaratdi. Ushbu maqolada aynan turkiy xalqlarning raqs san’atida namoyon bo‘lgan ramziylik, uning tarixiy manbalari, e’tiqodlar bilan aloqasi va turli maktablarda qanday tarzda ifodalanganiga alohida e’tibor qaratiladi.

 

Raqslar o‘zining dastlabki bosqichlarida marosimiy va diniy xarakter kasb etgan bo‘lsa, keyinchalik u milliy o‘zlikni ifodalovchi, nafis san’at shakliga aylangan. Rivojlanish jarayonida turkiy raqslar tarixiy, madaniy va geografik xususiyatlar ta’sirida quyidagicha davrlashtiriladi:

 

1.                 Eng qadimgi davr (mil. avv. I mingyillik – milodiy IX asr) – Dastlabki bosqichda turkiy xalqlarning raqslari bir-biriga o‘xshash, asosan shomonlik, tabiat va urush ramzlariga boy bo‘lgan. Bu davrda raqslar jamoaviy xarakterga ega bo‘lib, bular urug‘ to‘ylarida, hosil bayramlarida, yovuz ruhlarga qarshi marosimlarda ijro etilgan. Hududlar o‘rtasidagi farqlar hali chuqur bo‘lmagan, chunki o‘sha paytda madaniy almashuvlar keng ko‘lamda tarqalmagan edi.

 

2.                 Ilk ajralish davri (IX–XII asrlar) – Islom dinining kirib kelishi bilan raqslar asta-sekin diniy marosimlardan ma’rifiy, estetik shaklga o‘ta boshladi. Shu bilan birga, Xorazm, Buxoro va Farg‘ona vodiysi kabi yirik madaniy markazlar shakllana boshladi. Bunda:

 

Xorazm: jangovar, qudratli harakatlarga boy bo‘lib, o‘zida qadim shomonlik an’analarini ko‘proq saqlab qoldi.

 

Buxoro: saroy muhiti va madaniyati ta’siri – nozik, silliq harakatlari bilan ajralib turdi.

 

Farg‘ona: lirika va nozik tuyg‘ular ifodasi, tabiatga uyg‘un raqslar ko‘proq rivoj topdi.

 

3.                 Oltin davrXIV–XVI asrlar (Temuriylar va Shayboniylar davri). Temuriylar davrida, ayniqsa Samarqand, Buxoro va Xorazmda raqqosalar, sozandalar va san’atkorlar uchun maxsus maktablar va madaniy majmualar tashkil etilgan.

 

4.                 XVIIIXIX asrlar: xalq raqslarining ommalashuvi va mintaqaviy farqlar mustahkamlanishi. Sovet Ittifoqining XX asrda turkiy xalqlar hayotidagi ta’siri ham raqs san’atida o‘z aksini topdi. Sovet davrida raqs san’ati teatrga yaqinlashtirildi, ya’ni sahnalashtirildi, unga yangi ruh – dramaturgik yondashuv qo‘shildi. Bu davrda xalq raqslarini teatr sahnasiga olib chiqish va ularga professionallik, ifodakorlik qo‘shish keng tarqaldi.

 

Turkiy xalqlar raqsi qadimiy e’tiqodlar – shomonlik, tangrichilik, zardushtiylik va islom tafakkuri bilan bog‘liq holda rivojlanib, o‘ziga xos ramziy qatlamlarga ega bo‘ldi. Ayniqsa, harakatlarning tabiiy kuchlarga – yel, olov, suv, osmon, hayvonot dunyosiga taqlidan ijro etilishi; bosh kiyimdagi pat, marjon, naqsh va ranglar orqali ilohiylik, himoya, poklik yoki qudrat ifodalangani bu san’atning chuqur ma’naviy ildizlarga egaligidan dalolat beradi. Har bir e’tiqodning raqsda qanday aks etganini quyidagi tavsifda ko‘rib chiqamiz:

 

1. Shomonlik (Shamanizm)

 

Shomonlik yoki shamanizm turkiy xalqlarning eng qadimiy e’tiqodlaridan biri bo‘lib, u turkiy xalqlar diniy va ijtimoiy hayotida katta rol o‘ynagan. Shomon (shaman) – ajdodlar ruhi va tabiat kuchlari bilan bog‘lanuvchi; yovuz ruhlardan himoya qiluvchi shaxsdir. Shamanizm raqsida quyidagilar aks etgan:

 

 

Raqs harakatlari ko‘pincha tartibsiz, tez-tez takrorlanadigan va jangovar bo‘lgan, bu esa shamanning ruhlar bilan bog‘lanish va tabiat kuchlarini boshqarish ifodasi deb qaralgan.

 

Bosh kiyimlarida patlar, qo‘llarda marjonlar yoki munchoqlar, naqsh va tabiatga oid ramzlar tasvirlangan kiyimlar.

 

2. Tangrichilik

 

Tangrichilik – turkiy xalqlarning milliy e’tiqodi bo‘lib, Ko‘k Tangri (Oliy Xudo)ga ishonish orqali tavsiflanadi. Bu e’tiqodda Tangriga hurmat ko‘rsatish va uning ilohiy qudratini anglash muhim hisoblanadi.

 

Tangrichilik raqslarida yengil va jiddiy harakatlar mavjud bo‘lib, ular Tangrini ulug‘lash va tabiatning qudratini tasvirlashga qaratilgan. Raqsda ba’zan boshni pastga egish, qo‘llarni keng ochish va shukronalik bildirish kabi harakatlar ko‘rsatiladi. Liboslarda tabiiy ranglar – qizil, yashil, ko‘k kabi ranglar ko‘p ishlatiladi, bu esa tabiatni va Tangrining barcha kuchlarini aks ettiradi.

 

3. Zardushtiylik (Mazdaizm)

 

Zardushtiylik, ya’ni Mazdaizm, O‘rta Osiyo va Eronda tarqalgan, yaxshilik va yomonlik kurashini ifodalovchi e’tiqod tizimidir. Zardushtiylikda Ahriman (yomonlik kuchi) va Ahura Mazda (yaxshilik qudrati) o‘rtasidagi kurash markaziy mavzu bo‘lib, bu kurash turli diniy marosimlarda, shu jumladan, raqsda ham o‘z aksini topgan.

 

Zardushtiylikka oid raqslarda yaxshilik va yomonlik o‘rtasidagi kurashni tasvirlaydigan harakatlar mavjud. Oq rang (yaxshilikni) va qora rang (yomonlikni) ko‘rsatadigan liboslar, raqqosaning harakatlarini o‘zgartiradi va ruhiy ziddiyatlarni aks ettiradi.

 

Simmetrik harakatlar va doiraviy raqslar Zardushtiylikda mavjud bo‘lgan dualizmni, ya’ni yaxshilik va yomonlikni ifodalaydi.

 

Ushbu e’tiqodning muqaddas unsurlari bo‘lmish – yel, suv, olov, tuproq xususiyatiga taqlid harakatlar ham zardushtiylikka xos belgi hisoblanadi.

 

4. Islom

 

Islom turkiy xalqlarda keng ommalashgan va uzoq yillardan buyon hukm surayotgan din bo‘lib, garchi unda san’at kufr hisoblansa-da, lekin forsiy xalqlar musulmonlari islom madaniyatida tub burilish yasaganlar. Ular islom bilan o‘z xalqi madaniyatini uyg‘unlashtirishga muvaffaq bo‘lganlar. Natijada o‘zbek, tojik va turkman raqslariga Islom madaniyati va sufizmning ruhiy va diniy ta’siri raqs san’atiga meditatsiya, sabr va ichki poklanish kabi unsurlarni olib kirdi.

 

Tasavvuf ta’limotida raqs – bu ruhiy o‘zgarishlar va tavhidga eltguvchi yo‘l hisoblanadi. Masalan, “Samo” raqsi Mavlono Jaloliddin Rumiy tomonidan rivojlantirilgan bo‘lib, unda raqqosalar osmonni quchoqlab aylanadi, ularning harakatlari orqali ichki ruhning yuksalishi ifodalanadi. Bu ta’sir o‘zbek va turkman raqslarida ham o‘z aksini topgan, masalan, “Dilxiroj” raqsida ramziy ravishda ruhiy yuksalish va Tangriga iltijo aks etadi.

 

Bundan tashqari, ma’lumot o‘rnida yana shuni ta’kidlash lozimki, raqsdagi sof turkiycha harakatlar – bosh, bo‘yin, yelka va qo‘l harakatlari hisoblanadi. Keyinroq esa madaniyatlar aralashuvi natijasida boshqa turdagi harakatlar ham kirib kelgan. Masalan, g‘arbdan oyoq, arablardan bel harakatlari olingani buning yaqqol isbotidir.

 

Turkiy xalqlar raqsi – bu faqatgina musiqaga mos harakatlar majmuasi emas, balki ming yillar davomida shakllangan ramziy til, ruhiy tajriba va madaniy xotiraning harakatdagi aksidir. Har bir harakat, libosdagi har bir unsur, hatto rang va bezaklar ham o‘ziga xos ma’noga ega – ular orqali xalq o‘z tarixini, e’tiqodini, tabiatga bo‘lgan munosabatini va yashash falsafasini ifoda etadi. Quyida ularni tahlil qilamiz:

 

Yuqoriga qaratilgan qo‘l – Tangriga munojot, duo, ilohiy kuch bilan bog‘lanish.

 

Yerga cho‘zilgan qo‘l – ona zaminga hurmat, tabiat bilan uyg‘unlashuv.

 

Kaftni yurakka bosish – sadoqat, muhabbat, hurmat ifodasi.

 

Aylanish – bu hayot sikli, fazo harakati va ruhiy poklanish ramzi.

 

Yer tepinish yoki sakrash – jasorat, harbiy tayyorgarlik yoki erkinlik timsoli.

 

Ko‘z, bosh va barmoqlar harakati – nazokat va tuyg‘ular ifodasi.

 

Hilpiragan etak – shamol, erkinlik, tabiat kuchini ifodalaydi.

 

Harakatdagi shamol, suv, olov yoki jonzotlarga taqlid – tabiat bilan uyg‘unlashuv ramzini ifodalaydi.

 

Liboslar rangida qizil – ehtiros va muhabbatni; ko‘k – farovonlikni; yashil – yangilanish va kelajakka umidni; oq – ruhiy xotirjamlikni yoki o‘limni; qora esa aksincha tushkunlikni ifodalagan.

 

Keling, bularni “Dilxiroj” raqsida ko‘rib chiqamiz.

 

Turkiy xalqlar raqs san’atida eng inja tuyg‘ular, so‘z bilan aytilmaydigan iztiroblar harakat vositasida ifodalanadi. Ana shunday ramziy ifodalarning yorqin namunasi “Dilxiroj”dir.

 

 

“Dilxiroj” raqsi o‘zbek raqs maktabining lirika bilan yo‘g‘rilgan shakllaridan biri bo‘lib, ayol qalbining harakatdagi izhoridir. Raqs boshlanishi bilan raqqosaning qo‘llari osmon sari yo‘naladi – bu iltijo, duodir. So‘ngra qo‘llar yurak ustiga qaytadi – bu qalbda kechayotgan dard, orziqishning belgisi. Harakatlar mayin, yoqimli va sukunatli. Har bir egilish, har bir aylanishda bir dard, bir umid yashiringan. Bu raqsda jasorat yo‘q – bu raqsda ayolning ichki kuchi, sabri, sadoqati bor.

 

Ko‘plab san’atshunoslar bu raqsni maqom musiqasining harakatdagi talqini deb baholaydi. Ayniqsa, “Segoh” yoki “Bayot” maqomlari ostida ijro etilgan “Dilxiroj” musiqadagi ohanglar bilan raqqosaning yuragi sinxron urayotgandek taassurot qoldiradi. Bu raqs tomoshabinni tashqi harakat emas, balki ichki tuyg‘u bilan larzaga soladi.

 

Afsonalarga ko‘ra, bu raqs ilk bor bir ayol tomonidan sevganidan ayrilgan tunlarda yaratilgan. Oy nurida yalinib turgan har bir harakati osmon bilan suhbatga o‘xshagan. U so‘zlamagan, faqat harakat qilgan. So‘zlar sukut bo‘lib qolgan, harakat esa hikoya aytgan. Shu tariqa Dilxiroj” dunyoga kelgan.

 

“Dilxiroj” harakatdagi she’r, harakatdagi iltijo. Bu raqsda ayol sog‘inchdan yig‘lamaydi, u raqsga tushadi. Chunki turkiy ayolning ko‘z yoshlari ham estetik bo‘lishi kerak. U yuragida o‘rtangan tuyg‘ularini go‘zallikka aylantirib olamga izhor qiladi.

 

“Dilxiroj” raqsi Buxoro raqs maktabiga mansub bo‘lib, dastlab u saroylarda, bazmlarda va nozik did egalari orasida ijro etilgan. Bu raqsda harakatlar asosan yuqori tananing ishtirokida kechadi – ayniqsa qo‘l, kaft, bo‘yinni ifodali ishlatish muhim. Harakat go‘yo yurakdan boshlanadi va tanani titratib, havoga sizib chiqadi. Bugun “Dilxiroj” raqsi zamonaviy sahnalarda ham ijro etilayotgan bo‘lsa-da, uning asl go‘zalligi ichki sukut, nafis harakat va dardli musiqaning uyg‘unligida yashaydi. Bu raqsni tushunish uchun ko‘rish kifoya emas, uni his qilish kerak.

 

Farg‘ona maktabining nafis raqs namunasi esa “Tanovor”dir. U butun turk madaniyatida ayol obrazining ma’naviy go‘zalligi, ichki ohangdorlik va tuyg‘ularning estetik harakati sifatida talqin etiladi. “Tanovor” – bu so‘zsiz she’r, harakati bilan dardni, orzuni, muhabbatni, hayrat va sukunatni ifoda etuvchi ramziy san’at asaridir.

 

“Tanovor” – bu o‘ziga xos ruhiy safar. Raqsning harakatlari:

 

Sokin suzish – hayot daryosida oqib borayotgan ayol hayotining ramzi;

 

Kaftni yurak ustiga qo‘yish – sadoqat va muhabbat;

 

Qadamlarning asta siljishi – taqdirga bo‘ysunish, sabr;

 

Ko‘zlar bilan yuqoriga qarash – ilohiy kuchga murojaat, umid.

 

 

Bu raqs orqali ayol o‘zini jamiyatga emas, osmon va yurak orasidagi makonga tutashtiradi. U sukutda so‘zlaydi, harakatda sukutni quchoqlaydi.

        

Raqs orqali xalqning ruhi, yurak zarbi va tabiati ifodalanar ekan, demak, Xorazm xalqining ruhi “Lazgi” raqsiga jo bo‘lmishdir. Lazgi – bu raqs emas, bu bir olov, jo‘shqinlik, hayotiy kuch. Bu raqsda har bir harakat alanga kabi – oldinga sachraydi, chekinmaydi, yurakdan otiladi. Lazgi Xorazmning tili, yuragi va timsolidir.

 

Lazgi qadimiy Xorazm hududida ming yillar davomida shakllangan xalq raqsidir. U dastlab marosimiy va diniy ko‘rinishda bo‘lgan – odamlar olov atrofida raqsga tushib hayot, kuch va himoya so‘raganlar. Bu raqs zamirida tabiat kuchlariga sig‘inish, qushlar, hayvonlar harakatini o‘xshatish, jangovar tayyorgarlik va ruhiy poklanish kabi qadimiy e’tiqodlar mujassam etgan.

 

 

Zamonaviy sahnaga moslashtirilgan shakllarida ham Lazgi o‘zining jo‘shqin, kuchli, erksevar ruhini yo‘qotmagan. Lazgi – harakatdagi tabiat bilan muloqotdir:

 

Pat o‘ynatish yoki qush harakatlari – ozodlik, ruhning uchish istagi.

 

Olovli aylanmalar – ehtiros, qudrat, tozalanuvchi kuch.

 

Nayza yoki qilich zarbalarini eslatuvchi harakatlar – jangovar ruh, kurashchanlik.

 

Qo‘llarni yuqoriga ko‘tarish – Tangriga murojaat, ilohiy kuch bilan birlashish.

 

Bu harakatlarning barchasi xalqning yashash falsafasiga asoslangan – kuchli, lekin pokiza; jo‘shqin, lekin oqko‘ngil bo‘lib yashash.

 

Lazgi erk va g‘urur raqsi. Ayol raqqosa bu raqsda zaif emas, balki o‘ziga ishongan, hayot bilan kurashayotgan, ammo go‘zallikni unutmagan timsol sifatida gavdalanadi.

 

Bu raqsda bir vaqtning o‘zida:

 

Ayol o‘z oromini topadi;

 

Xalq o‘z irodasini anglaydi;

 

Tomoshabin hayot ma’nosini his qiladi.

 

Shu bois Lazgi 2020-yilda UNESCO nomoddiy madaniy meros ro‘yxatiga kiritilgan. Bu raqs endi nafaqat Xorazmning, balki butun insoniyatning san’at xazinasi sifatida e’tirof etilgan.

 

Bugun bu raqslar sahnalarda, to‘ylarda, festivallarda ijro etilar ekan, ular o‘z tarixi, ramzi, ruhini yelkalab yurishda davom etmoqda. Har bir qo‘l silkinishi, qadam titrog‘ida o‘tmishdan kelayotgan ovoz yangraydi: bu raqslar xalq ko‘nglining tilidir.

 

Ziyodaxon TURDIBOYEVA

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//