
Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari Xitoy uchun muhim strategik ahamiyatga ega. Shu bois rasmiy Pekin ushbu mintaqa bilan ko‘p tomonlama munosabatlarga alohida e’tibor qaratadi. Iqtisodiy nuqtai nazardan, Janubi-Sharqiy Osiyoning jadal o‘sishi va global ta’minot zanjirlariga integratsiyalashuvi uni Xitoyning “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusida muhim hamkorga aylantiradi. ASEAN (Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlarini birlashtirgan tashkilot) davlatlari bilan munosabatlarni rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlar zamirida Xitoy ta’sirini kuchaytirish va boshqa yirik kuchlarni muvozanatlash istagi ham bor.
Janubi-Sharqiy Osiyo din, madaniyat va tarixiy jihatdan xilma-xillikka ega o‘n bir mamlakatdan iborat: Bruney, Birma (Myanma), Kamboja, Sharqiy Timor, Indoneziya, Laos, Malayziya, Filippin, Singapur, Tailand va Vyetnam. Mintaqa geografiyasi, tarixiy iqtisodiy aloqalari va millionlab etnik xitoylarning mintaqaga ko‘chishi tufayli Xitoy tashqi siyosatida alohida o‘ringa chiqdi. Jahon urushlaridan keyingi davrda Xitoyning Janubi-Sharqiy Osiyo bilan munosabatlari turli bosqichlarda rivojlandi. Xitoy Kommunistik partiyasi 1949-yili hokimiyat tepasiga kelgach, mintaqadagi partizan harakatlari sabab o‘zaro munosabatlarni o‘rnatish qiyin kechdi.
1970-yillarga kelib, Sovet Ittifoqi bilan munosabatlarning susayishi Xitoyni mintaqa davlatlari bilan robitalarni mo‘tadillashtirishga undadi. Shu tariqa Pekin o‘sha o‘nyillikning o‘rtalarida Malayziya, Filippin va Tailand bilan rasmiy diplomatik aloqalar o‘rnatdi. 1990-yilda esa Indoneziya hamda Singapur bilan aloqalarni yaxshilashga erishdi va ASEAN bilan tashkilot sifatida rasmiy muloqot boshladi. Xitoy siyosatidagi bu evolyutsiyani Pekinning “qo‘shnichilik diplomatiyasi” deb baholash mumkin.
Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpin 2013-yil oktyabr oyida Indoneziya parlamentida qilgan chiqishida Chin davlati va ASEAN o‘rtasidagi hamkorlik mintaqa va undan tashqaridagi xalqlar manfaati uchun zarurligini urg‘uladi. Pekin ilgari surgan “umumiy taqdir” masalasi mintaqaning nafaqat iqtisodiy, balki tashqi siyosatdagi manfaatlarini ham qamraydi.
Xitoylik siyosatshunos Chjan Yunling fikricha, keyingi o‘n yil ichida Xitoyda yangi katta to‘lqin paydo bo‘la boshladi. Bu strategiya Xitoyning qo‘shnilari bilan hamkorlikni kuchaytirishini, ular bilan XX asr boshlaridagi kabi bepisand munosabatda bo‘lmay, teng huquqli hamkor sifatida ko‘rishini anglatadi.
Xitoy mintaqada o‘z maqsadlarini amalga oshirish uchun iqtisodiy rag‘batlantirish va ayni damda “qarzdor qilib qo‘yish” kabi usullardan foydalanmoqda. U buni ko‘plab yangi institutlar va loyihalar, xususan, “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi orqali amalga oshiradi. “Bir makon, bir yo‘l” Xitoyning qo‘shnichilik diplomatiyasini rivojlantirish va Janubi-Sharqiy Osiyoda “umumiy taqdir”ga erishish uchun eng muhim platformasi hisoblanadi. Indoneziya, Vyetnam va Malayziya Xitoy kapitalini o‘zlashtirishda peshqadam sanaladi. Rejalashtirish, texnik-iqtisodiy asoslash, tender bosqichida yoki hozirda amalga oshirayotgan loyihalar bo‘yicha Indoneziya 93 mlrd dollar bilan ro‘yxatda yetakchi bo‘lsa, Vyetnam va Malayziya 70 va 34 mlrd dollar bilan ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni egallaydi.
Pekin “Bir makon, bir yo‘l” loyihalarini rivojlantirish hamda Janubi-Sharqiy Osiyodagi iqtisodiy va siyosiy ambitsiyalarini ilgari surish uchun Lankang-Mekong hamkorlik mexanizmi kabi yangi submintaqaviy tashabbusni ham ishlab chiqdi. 2015-yili Katta Mekong submintaqasini (Kamboja, Xitoy, Laos, Myanma, Tailand va Vyetnam) tashkil etuvchi olti davlat orasida tuzilgan Lankang-Mekong hamkorligi iqtisodiy va madaniy sohalarda o‘zaro munosabatlarni rivojlantiradi. Pekin sanoatni rivojlantirish, shuningdek, savdo, qishloq xo‘jaligi va qashshoqlikni bartaraf etishga qaratilgan loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun 22 mlrd dollardan ortiq mablag‘ ajratdi. U hozirda Kambojaning eng yirik moliyaviy qo‘llab-quvvatlovchisi bo‘lib, 2017-yilning o‘zida mamlakatga 12,6 mlrd dollar sarmoya kiritgan. Laosda qiymati 7 mlrd dollarlik Xitoy – Laos temiryo‘l loyihasini moliyalashtirmoqda. Laos va Kamboja Pekin bilan ikki tomonlama harakat rejalarini imzolagan davlatlar sirasiga kiradi. U Xitoyning “umumiy taqdir – umumiy kelajak” loyihasidagi siyosiy qarashlarini rasman tasdiqlaydi.
Garchi 1950-yillardan beri rasmiy ravishda boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik Xitoy tashqi siyosatining asosiy tamoyili hisoblanib kelgan bo‘lsa-da, u Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlarining ichki ishlariga ham nisbatan ko‘proq aralashmoqda. Masalan, ushbu mamlakatlar fuqarolarini Xitoyda qisqa muddatli dasturlarda o‘qitish bo‘yicha o‘z faolligini kuchaytirdi. “Xitoyning ko‘p tomonlama hamkorlik strategiyasi va Myanma haqiqatlari” kitobi muallifi Xin Kyau Kyi 2013-yildan hozirgi kungacha Xitoyda ikki ming nafargacha Birma fuqarosi sayohat, do‘stlik tashriflari va o‘quv safarlarida qatnashganini yozadi.
Pekin Janubi-Sharqiy Osiyodagi “xorijiy xitoylar” bilan “xitoy xalqiga yangilik olib kirish”, ularning “orzularini ro‘yobga chiqarishga yordam berish” uchun aloqani qayta yo‘lga qo‘ydi. Si Szinpin boshchiligida Xitoy rahbariyati xorijdagi xitoyliklarga nisbatan uzoq vaqtdan beri o‘rnatilgan siyosatni o‘zgartirdi. Ayni vaqtda mintaqada 30 milliondan ziyod xitoy yashaydi. Ular o‘tmishda Xitoyga qarshi isyonlar, tartibsizliklar qurboni bo‘lgan va mamlakatdan chiqib ketgan.
Nafaqat Xitoy, balki mintaqadagi boshqa mamlakatlarning ham manfaatiga xizmat qiladigan bu harakat “Bir makon, bir yo‘l” loyihasining amalga oshishida muhim o‘rin tutadi. Chunki bu ittifoqning zamirida baravar rivojlanish, teng taraqqiy etish kabi ezgu niyatlar mujassam.
Habibulla SADIBAKOSEV,
siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori
“Ma’naviy hayot” jurnali, 2025-yil 1-son.
“Xitoyning qo‘shnichilik diplomatiyasi” maqolasi
Adabiyot
Tarix
Til
San’at
Til
Ta’lim-tarbiya
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
Til
//
Izoh yo‘q