
Zamon shitobi tez. Kechagina yangilik bo‘lib turgan narsalar tezda ohorini yo‘qotib, o‘rniga boshqa ixtirolar, shov-shuvli xabarlar izma-iz kirib kelaveradi. Lekin eskirmaydigan gurunglar bo‘ladi. O‘zbekiston Qahramoni, navoiyshunos olima Suyima G‘aniyeva bilan shoir Eshqobil Shukurning quyidagi suhbati e’lon qilinganiga ham 12 yil bo‘layapti. Biroq bu gurungda Suyima G‘aniyeva aytgan fikrlar bugun uchun ham, ertan uchun ham muhim.
– Ilm yo‘li sharafli va mas’uliyatli yo‘l. Siz bu mashaqqatli yo‘lni matonat bilan o‘tib kelayapsiz. Ilmning har qadami mo‘jiza. Lekin bu mo‘jizani hamma ham his qilavermaydi. Buning uchun har kim o‘z botinida ma’naviy hayotini tashkil qila olishi kerak. Doimo ilm sizga, siz ilmga hamroh. Bu jarayonda hayotingizda unutilmas voqealar ko‘p bo‘lgani aniq.
– Ha, hayotimda esdan chiqmaydigan hodisalar ko‘p bo‘lgan. Meni o‘zim guvoh bo‘lgan bir holat hayratga soladi. Bundan ko‘p yillar burun akademik Oybek Hamid Sulaymonning doktorlik dissertatsiyasi himoyasi munosabati bilan bunday yozgan edi: “Hozirga qadar Navoiy qo‘lxati topilmagan va noma’lumdir. Hamid Sulaymon ham ko‘p urinishlarga qaramasdan, Navoiyning qo‘lxatini topa olmadi va topilishi mumkin emas dedi. Lekin Navoiyning qo‘lxati topilishi imkoniyatidan albatta umid uzmaymiz”.
Bu gaplarni Oybek domla qancha umid bilan aytganini men chin dildan his qilaman. Qarangki, oradan ko‘p yillar o‘tib, Navoiyning qo‘lxatini topib kelish menga nasib etdi. Erondagi “Kohi Guliston” muzeyida ulug‘ shoirning o‘z qo‘li bilan ko‘chirgan “Navodir un-nihoya” asarida topdik. Bu millatimiz uchun katta voqea edi.
Meni hayron qoldirgan narsa shu ediki, uzoq yillar mobaynida ko‘p izlanib, topilmagan Navoiy dastxati 1991-yilda, aynan mustaqillik arafasida topildi. Tarixning g‘aroyib hukmlarini qarangki, Alisher Navoiy dastxati vatanimizga mustaqillik bilan birga kirib keldi. Bu hodisada ajoyib bir hikmat borday tuyuladi.
Biz tezlikda Navoiy dastxatini nashr etishga kirishdik. Ishonasizmi, Navoiyning dastxati nashr etilayotganda, men hamma ishlarimni yig‘ishtirib qo‘yib, kun bo‘yi bosmaxonada o‘tirardim. To‘g‘ri, bosmaxonada men qiladigan ish yo‘q edi. Bosmaxona ishlarini tushunmayman. U yerdagi mutaxassislarning menga ehtiyojlari ham yo‘q. Lekin men o‘sha yerdaman. Ochig‘i, o‘shanda bir narsadan qo‘rqqanman. O‘zingiz bilasiz, bosmaxona… bosilib chiqib kelayotgan sahifalar ba’zan sochilib ketadi, yerga tushib qoladi. Men o‘shanda yerga tushgan sahifalarni bittalab terib o‘tirganman. Navoiyning dastxati yerda yotmasin, kimdir uni bosib o‘tmasin deganman-da.
– O‘sha vaqtda siz Alisher Navoiyning muhrini ham topgansiz. Bu muhrda nima deb yozilgani shoirning zamondoshlaridan tortib to bugungi avlodlargacha, hammani qiziqtirishi shubhasiz. Chunki Navoiy muhrida uning hayotiy pozitsiyasi aks etishi tabiiy.
– Alisher Navoiy qo‘lxatining avvalgi betidagi muhrida: “Sen bu dunyoda bir yo‘lovchidek, faqirdek yashagil” degan jumla arabiy yozuvda naqshlanib, so‘ng “faqir Navoiy” deb imzo chekilgan.
Navoiy saroyda muhrdor bo‘lganda ancha yosh edi. Bu lavozimga tayinlangan shoir ulug‘larning oldiga kirib borganda ularning ko‘nglidan: “Endi hammamiz shu yigitdan quyiga muhr bosar ekanmiz-da”, degan o‘y o‘tib turganini sezadi va sekin Said Hasan Ardasherga qaraydi. Hasan Ardasher ham shoir ruhidagi xijolat hissini anglaydi. Shunda birinchi bo‘lib muhr bosish uchun muhim bir hujjatni Navoiyga beradilar. Navoiy hali biror muhr urilmagan qog‘ozning shunday joyiga muhr bosadiki, undan pastroqqa muhr bosishga hech kim imkon qoldirmaydi.
– Chingiz Aytmatov: “O‘zining bolaligini uch-to‘rt yasharligidan boshlab eslaydigan odamning dunyoqarashi besh-olti yasharligidan boshlab eslaydigan odamning dunyoqarashidan ikki baravar keng bo‘ladi”, deb yozgan edi. Darhaqiqat, bolalik odamning ma’naviy hayotining poydevoridir. Shuning uchun bolalikdagi shakllanishlar inson umrining oxiriga qadar ta’sir etib boradi. Ehtimol, Alisher Navoiy bolaligidayoq Farididdin Attorning “Mantiq ut-tayr”ini mutolaa qilayotganida unga buyuklik sari yo‘l ochilgandir. Alqissa, bu davr inson olamida hal qiluvchi kuchga ega.
– Bolaligimiz urush davriga to‘g‘ri kelgan. Toshkent shahrida O‘rda atrofida Somonbozor degan joy bo‘lardi. Shu joyda tug‘ilib, o‘sganman. Mashaqqatli yillar edi. Nasibamiz bir burdagina qora non bo‘lgan. Esimda, bir gal otam oq non bilan shakar olib kelganida biz yig‘laganmiz. Otam G‘anijon Tursunov qishloq xo‘jaligi institutida o‘qigan, keyinchalik shu sohada mutaxassis bo‘lib ishlagan. Onam tabib qizi bo‘lgan, u kishi ham o‘qimishli edi. Sharoit qancha og‘ir bo‘lmasin, biz o‘qish va bilim olish juda zarur ekanligini tushunganmiz.
– Bir kishining amalga oshirgan va qilayotgan ishlarini tilimizda faoliyat so‘zi bilan ifodalaymiz. Bu so‘z arab tilida “biror ish-amalni bajardi” manosini anglatuvchi “faala” fe’lidan yasalgan bo‘lib, uning birinchi ma’nosi “haqiqiy” degani ekan. Esingizda bo‘lsa, Asqad Muxtor muxbirlar tilidagi eng faol bo‘lgan “faoliyat ko‘rsatdi” iborasini noto‘g‘ri deb aytgan edi. Adibga “faoliyat” so‘ziga “ko‘rsatdi” fe’lini qo‘shib aytish yoqmagan bo‘lsa kerak. Adiblar, olimlar haqida gap ketganda, “hayotiy faoliyati”, “ijodiy faoliyati” degan iboralarni ko‘p ishlatamiz. Ijod va ilm olami shunday olamki, unda kimdir ijodini erta boshlasa, kimdir ellikka kirganda ham nima qilarini bilmay yuradi. Yana kimdir jild-jild kitoblarni chiqaradi-yu, aslida ijodini boshlay olmay dunyodan o‘tib ketadi. Sizning ijodiy faoliyatingizga ahli ilm ham, ahli ijod ham havas bilan qaraydi. Odamda umr bo‘yi davom etadigan jarayon sizda qanday boshlangan.
– Men faoliyatimni juda erta boshlaganman. 15 yoshimda, hali maktabni bitirmasdan O‘rta Osiyo davlat universitetining sharqshunoslik fakultetiga o‘qishga kirganman. 20 yoshimda universitetni bitirganman. Peterburgda nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilayotganimda 24 yoshda edim. Esimda, o‘shanda “Ermitaj” direktori Orbeliy ilmiy kengash rahbari bo‘lib kelgan edi. Orbeliy kengash azolaridan “Qani, kim himoya qilmoqchi?” deb so‘raganida, ular meni ko‘rsatishgan. Shunda Orbeliy menga ajablanib qarab turdi-da, so‘ng ilmiy kengash azolariga: “Nima deyapsizlar? Axir bu qizcha yosh bola-ku”, degandi.
Lekin men o‘shanda dissertatsiyamni muvaffaqiyat bilan yoqladim.
Shu o‘rinda yana bir narsa haqida gapirib o‘tishni istardim. Muntazamlik odamning ichki madaniyatini belgilaydi. Muvaffaqiyatlar asosi ham muntazamlikda. Men endigina ilmiy ishlarimni boshlagan kezlarimda ustozim Boldiryov va uning yonidagi olimlar bitta muhim maslahat berishgan. Aytishganki, “Siz endi yangi olamga kirayapsiz. Bu ilm olami. Bu olam muntazamlikni yaxshi ko‘radi. Nimaniki istasangiz, ko‘nglingizdan qanday o‘y o‘tsa, muhim faktlarga duch kelsangiz, hammasini yozib boring. Bu juda zarur!”. Men shunday qildim. Barini erinmay yozib bordim. Bu ham mehnat va diqqatni talab qiladigan nozik ish. Ijodxonamda saqlanadigan kundaliklarim necha jild bo‘lishini hisoblab ko‘rmaganman. Bir xona desam mubolag‘a bo‘lar-u, lekin bitta katta javon ular bilan to‘ladi.
Men 60 yildan beri kundalik tutishdagi muntazamlikni yo‘qotmaganman. Bu kundaliklar menga ilm yo‘lida kata tayanch bo‘lgan.
– Siz hozirgina insonning ichki madaniyati haqida gapirdingiz. Bir davrada kaltafahm bir yigit farosatsizlik qilib, betayin bir gapni aytganida, o‘sha yigitga qarab: “Sen she’r o‘qigin, bolam. Agar she’r o‘qib yurganingda, zinhor bunday gapni gapirmasding”, deganingiz esimda. Siz Oybek, Shayxzoda, Zulfiya, Mirtemir kabi ulug‘ siymolarimizni ko‘rgansiz, ular bilan hamsuhbat bo‘lgansiz. Ularning ijodkor va inson sifatidagi xislatlari, o‘z botinida aziz tutgan manaviy qoidalari haqida gapirib bersangiz.
– Oybek, Shayxzoda, G‘afur G‘ulom, Zulfiya, Mirtemirlar haqidagi xotiralarim o‘chmasdir. Oybek Navoiy haqidagi romanida Navoiy davridagi Hirot manzaralarini tushida ko‘rib, keyin tasvirlagan. G‘afur G‘ulom Bedilning deyarli hamma she’rlarini yoddan bilgan. Shayxzodaning betakror she’rlari-yu Navoiy haqidagi maqolalari. Shayx aka Navoiy sheriyati haqida doktorlik dissertatsiyasi yoqlashga kirishgan edi. Afsus, hayot vafo qilmadi.
Esimda, G‘afur G‘ulom Hirotga borib, Navoiy qabrini ziyorat qilib qaytganida, bizga kaftida ro‘molchaga tugilgan bir narsani ko‘rsatdi. Bilsam, bu narsa Navoiy qabridan olingan bir siqim tuproq ekan. G‘afur G‘ulom o‘shanda bizga vafot etganimda shu bir siqim tuproqni qabrimga sepasiz degan edi. Bunday ehtirom va muhabbat bizni hayratga solgan. Bu insonlarda men ulug‘ bir madaniyatni, teran bir marifatni ko‘rganman. Bilasiz, Ilmiy Oybekni o‘sha kezlarda “Qizil O‘zbekiston” gazetasining ikki sonida ayovsiz tanqid qilishadi. Bu Oybekka kuchli tasir ko‘rsatadi va u insult bo‘lib, gapirolmay qoladi. Qarangki, Oybekka qarshi maqola yozib, uni gung qilib qo‘ygan odam vaqt yetib, Oybek ijodidan dissertatsiya yoqlashiga to‘g‘ri keldi. Hamma olimlar unga qarshi edi, bu dissertatsiyaning himoya qilinishi mumkin emas edi. Men o‘sha vaqtlar ilmiy kengash kotibi edim. Vaziyatdan xabar topgan Oybek ilmiy kengashga ijobiy taqriz berdi va shu odamning dissertatsiya himoya qilishiga ruxsat so‘radi. kengash yig‘ilishida qatnashayotgan olimlar bu gapga ishonmadilar va Oybekning xatini o‘qib berishimni so‘radilar. Men Oybekning o‘zining kasal bo‘lib, gapirolmay qolishiga sababchi bo‘lgan odamni himoya qilib yozgan xatini o‘qiy boshladim. Yarmigacha o‘qidim. Uyog‘iga o‘tolmadim. Tomog‘imga bir narsa tiqilib, yig‘lab yubordim… Bunday bag‘rikenglik va ulug‘lik, mardlik va saxovatni ko‘rib kim hayratlanmaydi deysiz?
Menga bir narsa armon bo‘lib qolgan. Maqsud Shayxzoda og‘irlashib qolib, maxsus kasalxonaga joylashtirildi. Bu joyda faqat o‘sha paytlardagi davlat odamlari, rahbarlar davolanardi. Kundan-kun shoirning dardi zo‘rayib bordi. “Ayriliq oni yaqin” edi. Shunda Shayxzoda rafiqasi Sokina xonimga: “Sokina, “Qur’on” sasini eshitgim kelayapti. Bir ilojini qilinglar”, deydi. Afsuski, buning imkoni yo‘q edi. Bu hozir aytishga oson. Biroq, u zamonlarda maxsus nazoratdagi kasalxonada “Qur’on” oyatini qo‘ya turing, hatto sasini tinglash… mumkin bo‘lmagan! Shundan so‘ng oradan ko‘p o‘tmay Shayxzoda olamdan o‘tdi…
– Dunyoning ko‘plab mamlakatlaridagi ilmiy anjumanlarda qatnashasiz. Naim Karimov siz haqingizda: “Birorta o‘zbek adabiyotshunosi Suyima G‘aniyeva ilmiy safar bilan borib, ma’ruza qilgan va ilmiy aloqa o‘rnatgan mamlakatlarning hali yarmini ham ko‘rgan emas”, deb yozgan edi. Safar ham odam hayotidagi muhim hodisalardan sanaladi. Safar vaqtida siz ko‘proq nimalarga etibor qilasiz?
– Ilm izidan yurib, dunyoning ko‘plab mamlakatlarida katta ilmiy anjumanlarda qatnashdim. Tinimsiz izlanishlarim natijasida o‘zbek tilidan tashqari fors, turk, rus tillarida nafaqat erkin gaplasha olish, balki yoza olish imkoniyatiga ega bo‘ldim.
1966-yildan beri chet ellardagi xalqaro ilmiy konferensiyalarda muntazam qatnashib kelaman. Ilk safarim Germaniya va Chexoslovakiyaga bo‘lgan. U yerda Sharqshunoslik institutida uchrashuv bo‘ldi. Keyin sharqshunos Irja Bechka bizni uyiga taklif qildi. Olis bir yurtdagi bir uyda, kitob javonlarida Jomiy, Navoiy, Hofiz, Sa’diy kitoblarini ko‘rib, ko‘nglim faxrga to‘lib ketgan. Qaysi mamlakatga bormay u yerdan bobolarimiz tarixi bilan bog‘liq faktlarni izlayman. Buning katta zavqi bor. Xitoyga borganimda, Xitoy devorini borib ko‘rdim. Bundan maqsadim Alisher Navoiyning “Saddi Iskandariy” dostonidagi Iskandar devorini Xitoy devori bilan muqoyasa qilish edi. Men Xitoy devorini ko‘rib, Navoiy bu devorni kelib ko‘rib ketganmikin deb o‘ylab qoldim. Chunki Navoiy tasviri bilan bu devor bir xil edi. Nizomiyda ham, Dehlaviyda ham bunday aniq tasvir yo‘q.
Yana bir gap, men safarlardan doimo to‘lib-toshib qaytaman. Hatto samolyot chiptasiga qo‘shimcha haq to‘layman. Yukimning vazni me’yoridagi og‘irlikdan oshib ketadi-da. Men olib qaytadigan tovarlar faqat kitoblar bo‘ladi. Yukxonaga topshiriladigan jomadonlarimdan tashqari qo‘limdagi sumkaga ham kitob solib olaman.
– Siz suhbatingizda ustozingiz, yirik sharqshunos olim Aleksandr Nikolayevich Boldiryov haqida mehr bilan gapirasiz.
– U kishining Sharq mutafakkirlariga mehri juda baland edi. Ulug‘larimizning nomini ehtirom bilan tilga olar edi. Birgina misol, mustaqillikkacha Xoja Ahror Valiydek buyuk shaxsning nomi qoralangani hammamizga ma’lum. Ustozim A.Boldiryov bizga yoshlik yillarimizdayoq Xoja Ahror Sharqning buyuk shaxslaridan biri ekanini uqtirgan edi. Darhaqiqat, bu shaxs o‘z vaqtida milliy manaviyatimizga katta tasir ko‘rsatgan. Alisher Navoiy, Bobur Mirzo kabi ulug‘larimiz Xoja Ahror Valiy ruhiga tavajjuh ko‘rsatganlar. 1983-yilning bahorida Boldiryov Peterburdan Samarqandga keldi. Bu safardan uning aniq maqsadi bor edi. Ya’ni, olim Xoja Ahror qabriga borib, u zot haqida asar yozish uchun ijozat so‘rashni niyat qilgan ekan. Aleksandr Nikolayevich Xoja Ahror ziyoratiga boradi. O‘shanda maqbara kirishidagi darvozaga qulf solib qo‘yilgan ekan. Qorovul kalitni topolmaydi. Ichkariga kirish mahol. Shunda qulfni tortib ko‘rishadi va u ochilib ketadi. Shunda Boldiryov hazillashib forsiyda shunday degan ekan:
Xo‘jayin ijoza nadod,
Lekin xoja ijoza dodand.
Ya’ni, qorovul kirishga izn bermadi, lekin Xoja ijozat berdi.
O‘shanda menga Aleksandr Nikolayevich: “Xoja Ahror haqida bir asar yozmoqchiman. Bu mening oxirgi asarim, ya’ni “oqqush qo‘shig‘im” bo‘ladi”, degandilar. Aytishlaricha, oqqush umrining oxirida bir marta yayrab sayrar ekan va o‘lar ekan. Ustozimning bu kitobi 1985-yilda nashr etildi. Men bu asarni o‘zbek tiliga tarjima qildim. Afsuski, bu chog‘da u kishi olamdan o‘tgan edi.
– Ayni paytda sizni o‘ylantirib turgan adabiy jarayondagi muammolar haqida nimalar deya olasiz?
– 1978–80-yillarda “O‘zbek adabiyoti tarixi” kitobining besh tomligi nashr qilindi. 1987–89-yillarda esa, bu kitob rus tilida ikki tom holida nashr qilindi. Gap shundaki, bu kitoblardagi xato qarashlarni, malomatlar va qoralashlarni bartaraf etish kerak! Masalan, Lutfiy “Gul va Navro‘z” asarini yozgan deyilgan. Aslida temuriy shahzodalardan Iskandar Mirzo taklifiga ko‘ra Jaloliddin Tabibning “Gul va Navro‘z” i turkiyga tarjima qilingan. Yana bir gap, adabiyotimiz tarixida Durbek degan shoir bo‘lmagan. “Yusuf va Zulayho” dostonini Homidiy Balxiy degan shoir 1470-yilda yozgan. Bunday chalkashliklarni to‘g‘rilashimiz kerak.
Men temuriylarning adabiyotga munosabatlari bilan qiziqqanman. Aksariyatining ruhida adabiyotga muhabbat bo‘lgan. Xususan, Amir Temurning o‘zi ham Navoiy aytganidek, “she’r yozmasalar-da, she’rni yaxshi bilgan, o‘rnida o‘qib bergan”. Manbalarda ta’kidlanishicha, Temurning o‘g‘li Mironshoxning atrofidagilar maishatga berilib ketadi. Bundan xabar topgan Temur ularga qattiq turadi. Shunday kishilardan birini Samarqandga Temurning huzuriga olib keladilar. Buni qarangki, bu kimsa “Qur’on”ni yod biladigan, musiqa ilmidan yaxshi xabardor bir odam ekan. Amir Temur shunday odamning ishi shunaqa betayin bo‘ladimi deb ajablanadi. Shu holda o‘sha odam “Qur’on” o‘qib yuboradi. Sohibqiron shunda bir misrani o‘qiydi:
Abdol zi bim chang bar Mus’haf zad.
Ya’ni, darvesh qo‘rqqanidan “Qur’on” ga chang soldi. Men Amir Temur o‘qigan bu misrani qidirib-qidirib bir necha yildan so‘ng topdim. Bu misra XI asrda yashagan Abu Said Abulxayrning “Havroiya” degan ruboiysidan ekan. Qizig‘i shundaki, bu ruboiyga jami 17 ta sharh yozilgan bo‘lib, Xoja Ahror ham sharh yozgan. Temuriylar davri adabiyotini ko‘p o‘rganishimiz kerak. Shunda juda qiziq ma’lumotlarga duch kelamiz. Bular bugungi adabiyotimizga ham xizmat qiladi.
– Bibliografiyangizni kuzatsak, maqolalaringiz 1959-yildan e’lon qilina boshlagan. Shundan keyin o‘tgan 55 yil davomida siz izlanishdan sira to‘xtamagansiz. Uzluksiz ijod bilan mashg‘ul bo‘lgansiz. Yaqinda e’lon qilingan risolalaringiz soni mingdan oshibdi. Bu jarayonda siz Alisher Navoiy ijodi bilan muntazam mashg‘ul bo‘ldingiz. Go‘yo hayotga ham, dunyoga ham Navoiy ijodi orqali qaraysiz va xulosa chiqarasiz. Shunday ekan, ko‘nglingizda ulug‘ shoir bilan yana qanday gaplar bor?
– Umrim kitoblar ichida o‘tayotganiga shukur qilaman. 20 yoshimdan Navoiy asarlari ichida yashadim. Misrama-misra kezib yurdim. Agar menga Navoiydan qaysi baytni yaxshi ko‘rasiz desalar, ular juda ko‘p, lekin bir ruboiysini g‘oyat yaxshi ko‘raman derdim. Bu ruboiy shunday:
To xirs-u havas xirmani barbod o‘lmas,
To nafs-u havo qasri baraftod o‘lmas.
To zulm-u sitam jonig‘a bedod o‘lmas,
El shod o‘lmas, mamlakat obod o‘lmas.
Navoiy shu to‘rt qator ruboiysining o‘zi bilan ham jahon adabiyoti tarixida qolishga haqli edi.
Men afg‘onistonda uch marta bo‘ldim. Har gal borganimda Hirotga o‘tib, Navoiy qabrini ziyorat qilishni orzu qilganman. Lekin… U yerdagi notinchliklar sabab, yo‘llarning og‘irligi va xatarliligi bois bu niyatim amalga oshmay qolavergan. Mening armonlarimdan biri shu…
Biroq men Navoiy qabrini ziyorat qilolmasam-da, bir narsaga suyunaman. Navoiyni o‘qish va anglash ham uni ziyorat qilishdir. Shu yurt Navoiyning vatani, o‘zbek tili Navoiyning vatani. Men shu yurt va shu til bag‘ridaman. Ko‘nglimda doimo Navoiy sog‘inchi yashaydi. Yurtimizda Navoiyning qadami yetgan manzillar menga juda aziz…
Shu o‘rinda yana bir narsani ta’kidlab o‘tmoqchiman. Ma’naviyatning muhim asoslari adabiyot tarixi, madaniyat tarixi bilan bog‘liq, ularning namoyondalari faoliyati va asarlari bilan bog‘liq. Mening tasavvurimda Navoiy millat ma’naviyatining boshida turadi. Navoiy nima qilgan bo‘lsalar avvalo shu millat uchun qilgan. Oddiygina bir narsaga e’tibor qilaylik. Alisher Navoiyning asar yozish madaniyatiga qarang. U kishida asar yozish madaniyatining mumtoz timsolini ko‘rasiz. Asarlarini qanday boshlaydi? Qanday ijod etadi? Qanday yakunlaydi? Go‘yo butun borlig‘i bilan ibodat qilayotganday asar yozganlar.
– Har bir adib, har bir olimning o‘zidan keyin kelayotgan avlodlarga nisbatan ko‘nglida asrab yuradigan gaplari bo‘ladi. Bugungi o‘zbek yoshlariga aytadigan eng muhim gapingiz…
– Har gal yoshlar bilan uchrashganimda ko‘nglim o‘sib ketadi. Men ularda Alisher Navoiy, Bobur, Nodirabegim kabi ijodkorlarimizning davomini ko‘rganday bo‘laman. Xalqimiz ularning timsolida yashab boraveradi.
Yoshlarga aytadigan eng muhim gapim shu: men go‘zallik deganda axloqiy poklikni tushunaman, ilm yo‘lidagi yoki o‘zi tanlagan kasbi yo‘lidagi izchillikni tushunaman. Har bir odamda, yoshmi, qarimi, erkakmi, ayolmi, ichki madaniyat bo‘lishi kerak. Ichki madaniyati yo‘q odam bilan murosa qilib bo‘lmaydi. Ichki madaniyati bor odam eng go‘zal odamdir.
Yana bir gapim bor. Alisher Navoiy “Saddi Iskandariy” dostonining oxirida hammamizga qarata o‘z vasiyatini aytgan. Yoshlarimiz shoirning ana shu vasiyatini sira yoddan chiqarmasinlar. Bu vasiyat shunday:
Vatan tarkini bir nafas aylama,
Yana ranji g‘urbat havas aylama.
Navoiyning bu fikri barcha davrlar uchun dolzarbdir. Shoir har bir kelajak avlodni vatanni sevishga, ogoh bo‘lishga da’vat etadi.
– Samimiy suhbatingiz uchun tashakkur!
Eshqobil SHUKUR suhbatlashdi.
Jarayon
Tarix
Til
San’at
Til
Ta’lim-tarbiya
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
Til
//
Izoh yo‘q