“O‘tkan kunlar” voqealari ishtirokchisiga aylandim – 1961-yil Ukrainadan Qodiriyga yuborilgan maktub


Saqlash
15:33 / 05.05.2025 27 0

...Iqlimning o‘zgarishidanmi, o‘sha kezlarda negadir qish juda qattiq kelardi. Qor shu qadar ko‘p yog‘ardiki, tomdan kurab tushirilgan qorlar hovli va tor ko‘chalarimizni to‘ldirib yuborardi, tomni kurab, qor uyumlari ustiga bemalol sakrab tushaverardik.

 

Shunday chirsillagan qish kezlarida dadam issiq sandalda o‘tirib, “O‘tkan kunlar”ni yozardi...

 

Habibulla Qodiriyning “Otam haqida” asaridan

 

XX asr tongida, dunyo jahon urushiga hozirlanayotgan, zamin qit’alari xomtalosh bo‘layotgan bir qaltis pallada muazzam Toshkentning Eshonguzar mahallasida Qodir bobo va Josiyat bibi xonadonida o‘n to‘rtinchi farzand bo‘lib dunyoga kelgan Abdulla Qodiriy yosh yigitlik pallasidayoq mashhur adib bo‘lib tanildi.

 

Yozuvchi jahon adabiy tafakkuri yangilanayotgan bir paytda so‘z maydoniga kirib keldi va o‘z so‘zini, o‘zbekning so‘zini ayta oldi: dunyoda oltinchi romanchilik maktabiga asos soldi. Uning “O‘tkan kunlar” romani e’lon qilinib, o‘quvchilar orasida mashhur bo‘lgan paytda, yozuvchi hali o‘ttiz yoshga ham kirmagan navqiron yigit edi. Mislsiz tug‘ma iste’dodi bilan birga Olloh ato qilgan vazmin tabiati va eng muhim fazilati – yurt va millatga katta muhabbati uni o‘zbekning birinchi romannavisi darajasiga ko‘tardi. Adib o‘zini avvalo shu elning bir farzandi, oilaning ko‘makchisi, shermard bir o‘g‘lon deb biladi. U hayot duch qilajak har qanday yumushdan bosh burmaydi: duradgorlik, g‘isht terish, suvoqchilik, savdogarga kotiblik, bog‘bonlik kabi kasblarning ham mohir ustasi bo‘lib ulg‘ayadi. Shu sababli ham mehmon oyog‘i uzilmaydigan, serfayz xonadoni doim to‘q va farovon edi.

 

Romanning tug‘ilishiga bevosita guvoh bo‘lgan adibning o‘g‘li Habibulla Qodiriy shunday eslaydi: “Besh-olti yosh paytlarim. Qish, ro‘za edi. Otam esa erta-yu kech sandalga qadalib “O‘tkan kunlar”ni yozardi. Kechqurun nisholda sotuvchi amaki ko‘cha boshiga keldi. Men esa juda nisholda yegim kelgani uchun oyimga “Pul bering, nisholda opkelay” dedim. Oyim “Pul yo‘q” dedi. “Pulsiz ham berar” degan xayol bilan piyolani ko‘tarib, nisholdachining oldiga bordim. “Puli qani?” dedi amaki. “Yo‘q” dedim. Amaki piyolamni quruq qaytarib berdi. Ko‘pchilikning oldida izza bo‘lib, yig‘lab uyga qaytdim va oyimni koyib berdim. “Nisholda bermadi. Adam ham nisholda sotsa bo‘lmaydimi, hadeb yozaveradimi?” dedim alam bilan”.

 

Bu parchada adibning hayoti va ijodi naqadar baqamti, uyg‘un ekanini ko‘rish mumkin.

 

Qodiriy hali hech qanday tajriba va namunaga ega bo‘lmagan milliy adabiyot zaminida roman yaratdi. U bu ishni bajarishda voqealar o‘ylab topish, prototiplarni kashf etish, hayot haqiqatidan badiiy haqiqatga aylantirishda juda noziklik, muayyan shaxslar va xalqning nafsoniyatiga ehtiyotlik bilan yondashish, bir so‘z bilan aytganda, Xudo roziligini birinchi o‘ringa qo‘yib ish ko‘rgani shubhasiz. Abdulla Qodiriy o‘z asarini vujudidagi o‘zbekning qoni bilan, ruhidagi o‘zbekona sof milliy tuyg‘u bilan yaratdi. Shu bois asar avvalo xalqimizga, so‘ng ana shu milliy qudrati sabab o‘zga xalqlarga ham manzur bo‘ldi. “O‘tkan kunlar”ni o‘qigan har qaysi millat vakili asar markazida eng avval inson qalbini, taqdirini ko‘rdi.

 

Qodiriy “O‘tkan kunlar”dagi hayotni o‘zbek bo‘lib yashab o‘tdi, o‘zbek bo‘lib yozdi, qahramonlari ham qon-tani bilan, butun hayoti bilan o‘zbek bo‘lib dunyoga keldi.

 

Asar o‘z davridan buyon o‘nlab tillarga tarjima qilingan bo‘lsa, tobora qimmati oshib borayotir. Qodiriyning bu romanidan keyin qanchadan-qancha romanlar chiqmadi, yuzlab nomlar maydonga keldi. Biroq to‘ng‘ich romanimiz hanuz dunyoviy darajasini, umumbashariy qudratini birinchilikda tutib kelayapti. Dunyo adabiyotida har qanday roman bilan bellasha oladigan bu asar xalqning ruhini ommaviy tarzda uyg‘ota olgani bilan qadrlidir.

 

* * *

Atoqli rus olimi Yevgeniy Bertels shunday deydi: “Eron, turk, arab yozuvchilarining ham ko‘pgina romanlari bor. Lekin ularniki uslub jihatdan ingliz, fransuz, nemis romanchilik maktablaridan unchalik farq qilmaydi. Ularda taqlidchilik bor. Abdulla Qodiriy ham ko‘pgina romanchilik maktablaridan iste’fodalangan, ularni chuqur o‘rgangan bo‘lishi mumkin. Ammo unda taqlid ko‘rinmaydi. Qodiriy romanlari butun tarkibi bilan o‘ziga xos uslubda yozilgan o‘zbek romanlaridir. Abdulla Qodiriy – ulug‘ romanchi!”.

 

Romanning xalqchilligi, shirador tili, ochilmagan qo‘riqdek dunyo uchun sirli tuyulgan Markaziy Osiyo xalqlarining keyingi asrlardagi hayotining haqqoniy tasviri yozuvchini qisqa muddatda mashhur qilib yubordi. Asar 1920–1930-yillarda nihoyatda qoloqlashib qolgan jamiyat kishilarini ham befarq qoldirmadi: dastlab jurnalda sonma-son bosilgan romanning davomini o‘quvchilar intiq bo‘lib kutardi. Vaholanki, hamma birdek savodli emas edi. Choyxonalarda, guzarlarda, turli marosim yig‘inlarida savodi bor kishi hurmat-izzat bilan davra to‘riga o‘tkazilar va u kishi “O‘tkan kunlar”ni o‘qir edi. Qolganlar esa tinglovchi bo‘lardi.

 

Roman 1970-yillargacha rus, ukrain, litva, tatar, ozarboyjon, qozoq, tojik, qoraqalpoq, turkman, uyg‘ur, nemis tillariga o‘girilgan. Roman nemischada “Toshkentlik oshiq-ma’shuqlar” nomi bilan chop qilingan.

 

Muallifga sobiq sho‘ro mamlakatlarining turli shaharlaridan minglab xatlar kelgan. Shunday xatlarning biridan olingan ushbu parchani o‘qib ko‘rsak.

 

“Mana, qo‘limda “O‘tkan kunlar”ning so‘nggi sahifalari... Uni ikki kun o‘qidim. Tasvirlanmish voqealarning ishtirokchisiga aylandim.

 

Abdulla Qodiriy! Bilasizmi, kitobingizning sevimli qahramonlari bilan judolashish men uchun naqadar og‘ir! Voqea o‘tmishdir, shunday esa-da u mening yuragimda sira-sira unutilmas taassurot qoldirdi va ishontirib aytamanki, bu taassurot hamma kitobxonlarda ham birdaydir...” deya boshlangan kattagina maktub 1961-yilning 20-avgustida Ukrainaning Lvov shahri Slavaskiy ko‘chasi 6/6-uyda yashovchi Lyudmila Nepomnyashaya ismli ayoldan Qodiriyning uyiga kelgan. Lyudmila ham Qodiriyning ko‘plab muxlislari kabi uning qatl etilib ketganidan bexabar bo‘lgan.

 

“O‘tkan kunlar” xalq ichida shu qadar tez yoyilib, singib ketadiki, yozuvchi hayotligidayoq ro‘y bergan ushbu voqealar fikrimizga isbotdir:

 

Chorsu bozorida Qodiriy o‘g‘li bilan kitob sotuvchisidan arab alifbosidagi “O‘tkan kunlar”ni sotib oladi. Sahhof kitobni yigirma so‘m deydi, Qodiriy esa o‘n so‘mga bering deydi. Sahhof chol ko‘nmaydi.

 

– Yo‘q, bo‘lmaydi, uka, – deydi chol yoqtirmaganday, kitobni olib joyiga qo‘yarkan. – Bilasizmi, bu kitobni “O‘tkan kunlar” deydilar. Otabek, Kumushbibilarni eshitganmisiz? O‘qisangiz yigirma emas, qirq so‘m ham berasiz. Kami yo‘q. Pulingiz yoningizda ketadi...

 

Chol Qodiriyning o‘zini tanimaydi ham.

 

* * *

 

Toshkentlik Mansur Afzalov hikoya qiladi:

 

– 1936-yilda men uy qurmoqchi bo‘lib, qo‘qonlik bir keksa ustani ishga taklif qildim. Usta menga dedi: “Yumushingizga boraman, mulla, ammo bir shart bilan: menga Otabek degan kitobni o‘qib bersangiz...”. Men rozi bo‘ldim. Usta qiziq tabiatli kishi edi. Yaxshi ko‘rgan kishisini “Keling, Otabek” deb chaqirardi.

 

* * *

 

Bir kechqurun Qodiriyni izlab mahsido‘z kosib yigit uning uyiga keladi. Va Qodiriyga mahsi sovg‘a qilib ketadi. Yozuvchi kosibdan bu iltifot sababini so‘raganida u “Kecha to‘kma(choyxona)da sizning romaningizni o‘qib miriqdik. Shuning rahmatiga ko‘paylashib shu mahsini opkeldik” deydi.

 

* * *

 

Abdulla Qodiriy matbuotda juda faol qatnashgan, ayniqsa, felyeton janrida barakali ijod qilgan. Uch yuzdan ortiq felyeton va maqolasi mavjud! Shu bois “Felyetonlar qiroli” degan laqab ham olgan. Ammo uning publitsistikadagi tili romanlarida sira sezilmaydiki, buni atoqli qozoq yozuvchisi Muxtor Avezov shunday baholagan:

 

“Abdulla Qodiriy (Julqunboy) yuksak romanlar yaratdi. Uning romanlari 1920-yillarda go‘yo tekis sahroda to‘satdan Pomir tog‘i vujudga kelganday paydo bo‘ldi. Qodiriy asarlarini Qurmong‘ozi yoki Chaykovskiy kuylarini tinglaganday dam olib, miriqib, gasht qilib o‘qiysan kishi... Garchi Julqunboy 1920-yillar boshida matbuotda gazetchi, publitsist bo‘lib tanilgan bo‘lsa ham, uning romanlarida gazetchilik, jurnalchilik tili sira iz qoldirmagan. Uning tili ravon, shirali, musiqiy, menimcha hamma O‘rta Osiyo xalqlariga ham tarjimonsiz tushunarli. Masalan, biz qozoqlar ham Julqunboy asarlarini tarjimasiz ham bemalol tushunaveramiz”.

 

* * *

 

Taniqli tojik yozuvchisi Jalol Ikromiy shunday eslaydi:

 

“Men 1930-yillar boshida Toshkentdagi tojik bilim yurtida o‘qir, bir qozoq kursdoshim bilan bir yotoqda turardim. Shunda ilk bor “O‘tkan kunlar”ni o‘qidim. Uni kecha-kunduz berilib o‘qirkanman, qozoq do‘stim “Bu kitobni muncha berilib o‘qiyverasan?” deb bir necha bor ajablanib so‘radi. “To‘xta, sen ham o‘qiysan” deb kitobdan bosh ko‘tarmadim. Nihoyat romanni tugatib do‘stimga o‘qishga tavsiya qildim. U avvaliga kitobni tilar-tilamas o‘qiy boshladi, so‘ng menga o‘xshab berilib ketdi. Bir kun yotoqda dars qilib o‘tirardim, do‘stim esa “O‘tkan kunlar”ning oxirgi sahifalarini o‘qirdi. Birdan u sakrab o‘rnidan turdi va borib pechkaning og‘zini ochib kitobni lovullab yonayotgan o‘tga tashladi. Men hayratlanib “Hay, senga nima bo‘ldi?” dedim. U esa menga qaramay turib, “Kumush o‘ldi!” dedi-da, ho‘ngrab yig‘lab yubordi. Chala kuygan kitobni pechkadan olib arang o‘chirdim”.

 

* * *

Ulug‘ adib Oybek Qodiriy haqida ushbu so‘zlarni keltiradi:

 

“Abdulla Qodiriy men texnikumda o‘qiydigan paytlardayoq (1925-yillar) mashhur yozuvchi, hammamiz qo‘ldan qo‘ymay o‘qiydigan o‘zbek adabiyotidagi birinchi ulkan va go‘zal romanning avtori edi.

 

Uning prozasi birinchi navbatda g‘oyatda hayotiyligi bilan ajralib turadi. Qodiriyning tilidan u xalqning boy va ajoyib tilini g‘oyatda yaxshi bilganligi yaqqol seziladi. Uning romanlari ana shunday go‘zal til bilan yozilgan. U tug‘ma epik yozuvchi, keng ko‘lamdagi master, yuksak ma’nodagi realist san’atkor edi. U aqliy mehnat kishilariga har mahal ham nasib bo‘lavermaydigan darajada jismoniy mehnatga o‘ch kishi edi”.

 

Oybekning bu e’tirofi o‘zbek adabiyoti tarixida katta burilish yasagan “O‘tkan kunlar”ning ahamiyati bilan bir paytda keyingi avlodning zabardast vakillari – Oybek, G‘afur G‘ulom, Abdulla Qahhor, Muxtor Avezov, Jalol Ikromiy, Chingiz Aytmatov, Mirkarim Osim kabi yetuk adiblarning maydonga kelishiga, ya’ni adabiyotimiz va qardosh xalqlar adabiyotida yangi bir davrni boshlab berganiga ishora hamdir.

 

Misrlik mashhur adib Jo‘rji Zaydonni o‘ziga ustoz sanagan Qodiriy o‘z romani haqida shunday deydi: “Ulug‘ oktyabr inqilobigacha bizning xalq turmushdan yiroq afsonalarnigina o‘qib kifoyalanar edi. Shu afsonalar o‘rnini bosarli biron kattaroq realistik asar yaratishga niyat qilgan edim. “O‘tkan kunlar” romanim o‘zbek oilasiga chuqur singib kirdi, kitobxonlarni anavi afsonalarni o‘qishdan xalos etayozdi”.

 

Qodiriy bu so‘zlari bilan ulkan vazifaga bel bog‘layotganini teran anglaganini tushunish mumkin. Va bu burchni zo‘r ishtiyoq va mahorat bilan ado etoldi.

 

Markaziy Osiyo, sobiq sho‘ro mamlakatlari xalqlarining barchasiga birdek manzur bo‘lgan, barhayot bog‘ kabi yashnab turgan “O‘tkan kunlar” shu xalqlarning ma’naviy yuksalishida ham katta rol o‘ynadiki, bu ham bo‘lsa bir kitobning kuch-qudratini anglatadi.

 

Shodmonqul SALOM

 

“Ma’naviy hayot” jurnali, 2025-yil 1-son.

“Mangulikka o‘tgan kunlar” maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Tarix

16:05 / 05.05.2025 0 168
Yassichamandagi ikki turkiy toʻqnashuvi

Adabiyot

10:05 / 05.05.2025 0 59
Humayro momo

Adabiyot

17:05 / 02.05.2025 0 159
Uch yarim ming yil oldingi “sms”lar





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//