Shogirdlarini “kipriklarim” derdi – Mirtemir haqida qizi xotiralari


Saqlash
15:03 / 05.05.2025 71 0

Deraza yonida uch qiz

Uzoq tunda uyqusiz,

Urchuq yigirishardi

Ham suhbat qurishardi...

 

Shunday quyma satrlar bilan boshlanuvchi, har jumlasi yod bo‘lib ketgan “Shoh Saltan haqida ertak”ni intiqlik bilan kutib, jon qulog‘i bilan eshitmaganlar oramizda kam. Bolalikning orzularga to‘la sehrli olamida quvnab yurganimizda bu ertakni kim yozgan-u o‘zbek jujuqlariga kim tarjima qilib berganini bilmagan ham bo‘lsak kerak (bilmaydiganlar haligacha topiladi). Lekin maktab ostonasiga qadam qo‘yib, harf taniy boshlaganimizda muallimimizning “Pushkin qalamiga mansub, shoir Mirtemir tarjimasi” deb ertakni so‘zma-so‘z o‘qitgani yodimda. Demak, Mirtemir shunchalar mohirona tarjima qilgan ekanki, yillar o‘tsa-da ertakdagi satrlar xotiramizdan o‘chmaydi. Maqsud Shayxzoda ta’rif berganidek, “Yo tavba, shunday zo‘r tarjima bo‘libdiki, hayron qolasan odam. Pushkin xuddi o‘zbek tilida yozgandek. Bu ishi uchun Mirtemirga tirikligida haykal qo‘yilsa arziydi” deb o‘ylaysiz. Shunday qilib, Mirtemir domlaning o‘zi ta’kidlaganiday “oddiylardan ko‘ra oddiyroq” umr yo‘li, ulug‘vor ijodi bilan maktab davridan tanisha boshladik. Keyinroq adabiyotshunos olimlar, shoir-u yozuvchilardan Mirtemirning afsonaviy hayot yo‘li haqida eshitdik. Ammo bu bilganlarimiz kamday edi go‘yo. U kishining qizi Gulnora opa bilan suhbatda yana qiziq-qiziq ma’lumotlarni bilib oldik.

 

– Men otamning supraqoqdisiman. Besh farzand hayotda qolganmiz. Otamning oldingi oilasidan ham Klara ismli bir qizi bo‘lgan. Kichikligida kasallanib, nobud bo‘lgan ekan. Eng katta opam mendan yigirma yosh katta. Tug‘ilganimda katta opam Toshkent davlat universitetidan ilmiy ekspeditsiyaga ketgan ekan.  Kichik opam esa Toshkent davlat tibbiyot institutida o‘qigan. Xullas, dunyoga kelgan kunim toqqa “singilli bo‘ldik, opajon” degan telegramma borgan. Xatni o‘qigan opam rosa yig‘labdi. Ekspeditsiya boshlig‘i voqeadan xabar topib, “nonimni olib qo‘yadi deb yig‘layapsanmi, yig‘lama, singling hali hammalaringga ovunchoq bo‘ladi” degan ekan. Bugun o‘sha yig‘loqi opam sakson besh yoshda.

 

Haqiqatan uydagilar meni yer-u ko‘kka ishonmasdi. Ayniqsa, otam juda erkalatgan. Qo‘shnimizning o‘g‘li akamni velosipedda aylantirib kelaman deb yiqitib qo‘ygan, akam nobud bo‘lgan ekan. Balki shundandir, otam-onam meni juda avaylardi. Otamning tizzasidan hech tushmasdim. Hatto ba’zi shogirdlari meni domlaning nabirasi deb o‘ylashgan ekan. Uyimiz doim otamning shogirdlari bilan gavjum bo‘lardi. Lekin bitta shart bor – xonadonimizga nimadir ko‘tarib kelish mumkin emas. Kim kelsa, otamdan yashirincha meni shokolad-u konfetlar bilan siylardi. Men shirinliklarni stol tortmasida saqlardim.

 

Otam bitta meni emas, opalarimni ham erkalatardi. Qattiqqo‘lligiga qaramay, qizlariga ehtiyotkor muomala qilardi. Lekin onam uy ishlariga mahkam turardi. Xamir taomlarning hammasini o‘rgatgan. Onam maktabni bitiriboq otamga turmushga chiqqan. Farzandlariga ham, otamga ham juda yaxshi qarardi. Ayniqsa, oshqozoni betobligi bois otamning ovqatlanishiga alohida e’tibor berardi...

 

Adabiyotshunos olim Naim Karimovning Mirtemir haqida yozganlarida shunday jumlalar bor: “Esdaliklar” quyidagi so‘zlar bilan boshlangan:

 

“1932-yilning 7-avgusti kechasi soat 1 da siyosiy idora tomonidan qamoqqa olindim. Uyda onam, singlim, inim, o‘rtog‘im va qizalog‘im qoldi. O‘zim hech narsa sezmasdan ketdim”.

 

Shoir qamoqqa olingach, uning oilasi uchun ham sinovli kunlar boshlanadi. Yana o‘sha Esdaliklarda bitishicha:

 

28.IX.33. O‘tgan hafta onam oldiga bordim. U qattiq kasal.

Onam oldida, uning qarshisida juda uyatliman.

Men ona xizmatini qilolmadim!

Bu kun ham uyga bordim: Klara kasal, u mungli va alamli boqadir. Halima Moskvada. U hoy-u xavas qilib ketdi. Eh, sen, shafqatsiz ona, kimga ishonding bolani?

 

27.X.33. Qanday baxtsiz tug‘ilganman: onam og‘ir xasta, kasalxonada shunday og‘ir ahvolda yotadir. Oh, men qanday chidayman!

Klara 2/X da o‘ldi.

Onasi yig‘lab….

 

Boshiga tushgan sinovli kunlar shoirga yanada og‘irroq keldi. Farzand dog‘i, ketma-ket ayriliqlar... Gulnora opaning aytishicha, otasi qizi Klara va o‘g‘lining bexos o‘limidan yurak oldirib qo‘ygan. Kenjatoy qizi bilan bo‘lgan kutilmagan avtohalokat shoirni shoshirib qo‘yadi...

 

– O‘qishdan paxtaga borganimizda kechqurun falokat bo‘lib, meni mashina urib ketgan. Hushimni yo‘qotganman. Bilmadim qancha yotdim, lekin ko‘zimni ochsam tepamda otam yig‘lab turibdi. Otamning mehrining chegarasi yo‘q edi. Onam, aka-opalarim ham kelishgan. Otam o‘shanda duxtirlar bilan gaplashib, meni tezda Toshkentga olib ketdi. Eng kuchli duxtirlarga ko‘rsatib oyoqqa qo‘ydi. Lekin otam da’vo qilmadi. Hatto kichkina akam nobud bo‘lganda ham da’vo qilmagan ekan. Oradan yil o‘tib, quvvatga kirdim, keyin o‘qishimni davom ettirdim. O‘zi aslida arab filologiyasiga o‘qishga topshirgandim. Lekin imtihondan o‘tolmadim. Keyin o‘zbek filologiyasida o‘qidim. Menga u yerda o‘qish yoqib qoldi. Axir haftasiga tom-tom kitoblar o‘qirdik. Uyimizda otamning kattagina kutubxonasi bor edi. O‘qishga kirganimda otam “qizim, shu yerda o‘qiyver, shuncha kitobni kimga berib ketaman?” degan.

 

Mirtemir domlaning jonkuyar, mehribon ustoz, donishmand, shu bilan birga sodda va samimiy odam bo‘lganini u kishini tanigan-bilganlar bot-bot takrorlashadi. O‘ziga yaqin odamlar, shogirdlarida biror muhtojlik sezsa, darrov yordam berishga shoshgan ekan. Tarjimon, yozuvchi Nosir Fozilovning ustoz haqidagi xotiralarini o‘qir ekansiz, bunga amin bo‘lasiz:

 

“Katta yo‘lga chiqqanimizda qandaydir bir mashinani to‘xtatib, chiqib oldik. Mashina ishchilar shaharchasiga qarab zuvillab borardi. Boya mashina egasiga nimadir deganday bo‘luvdi, men nima deganini anglamadim. Qarasam, mashina zuvillagancha Mirtemir akaning uyi oldidan o‘tib ketdi. Hayron bo‘ldim. Qayoqqa ketayapmiz? Bir mahal mashina hozirgi “Mikond” zavodining oldiga borib to‘xtadi. Mirtemir aka kira haqini to‘ladi. Ikkalamiz boshlashib, ko‘chaning narigi tomoniga o‘tdik. Kichkinagina bir mato do‘konchasi oldiga borganimizda Mirtemir aka yur deganday ishora qildi. Kirdik. Do‘konchi bilan yaxshi tanish shekilli, quyuq so‘rashib ketishdi. Pirovardida:

 

– Olib qo‘ydingizmi, mulla? – deb so‘radi.

 

Do‘konchi boshini liqillatib, ichkariga kirib ketdi-da, qog‘ozga o‘rog‘liq mato olib chiqib, peshtaxta ustiga qo‘ydi. Shundoqqina qog‘ozning ochiq joyidan ko‘rinib turibdi: to‘q ko‘k jun material, o‘zidan chiqqan mayda yo‘lli... Aftidan, chet eldan olib kelingan mato bo‘lsa kerak. Yaltirardi. Mirtemir aka meni do‘konchiga ko‘rsatib bir nima deganday bo‘ldi. Sal matoga hushim ketib qolgan shekilli, o‘zimga keldim. Do‘konchi menga boshdan-oyoq tikilib:

 

– Bu bolangizga uch metrdan bemalol chiqadi, – dedi. – Beraymi?

 

– Ma’qul, bering, – dedi Mirtemir aka, – bu mulla bolayam bir kostyumli bo‘lib qolsin”.

 

– Shogirdlarini “kipriklarim” derdi. Uyimizga tez-tez kelib turadigan shogirdlarining eslashicha, otam kiyim do‘koniga kirsa, masalan, o‘ziga tufli olmoqchi bo‘lsa, ikki-uch juft olarkan. Ertasi kuni muhtojroq biror shogirdi yoki do‘stiga “falonchiboy, mana buni siz kiying, menga kichik keldi” deb qo‘yarda-qo‘ymay sovg‘a qilib yuborar ekan. Bundan tashqari, otam juda barakali inson edi. Har kuni ertalabdan onam katta qozonda ovqat pishirardi. Axir shu taomdan nasibalilar bor edi-da. Uyimiz otamning tanish-bilishlari-yu shogirdlaridan tashqari, ammam, amakim, xola-yu tog‘alarimning farzandlari bilan gavjum bo‘lardi.

 

Gulnora opa bizga adabiyot darsliklaridan tanish suratlardagi Mirtemirning o‘zginasi. Sodda, samimiy, xushchaqchaq... Xuddi o‘n yillik qadrdonlardek gaplashadi siz bilan. Suhbatlashish asnosida o‘zingizni noo‘ng‘ay sezmaysiz sira. 

 

– Otam bulbul shoir edi. To‘ra amakim doim aytardi: “Dashtda so‘fito‘rg‘ay degan qush bo‘ladi. U har bahorda to‘rtta tuxum qo‘yib, bola ochadi. Polaponlardan biri bulbul bo‘lib, qolganlari oddiy to‘rg‘ay bo‘ladi. O‘sha bulbul – sizning otangiz!”

 

Otam hovlida sayr qilib yurganda, ko‘p kuzatardim. Bir odati bor edi – biror fikr xayoliga kelsa, darrov yozib qo‘yishga intilardi. Sayr payti ilhomi kelib qolsa, darrov barmoqlari bilan havoga yozib ketardi. Keyin pichirlab qaytarardi-da, o‘sha yozganining ustidan havoga chizib qo‘yardi. So‘ng darrov ijodxonasiga kirib hammasini qog‘ozga tushirardi. Otam arab yozuvida yozgan. Qo‘lyozmalarini deyarli o‘qiy olmasdik. Keyinchalik ustoz Naim Karimovning otam haqida yozganlaridan o‘qib, bilib olganmiz.

 

Otam she’rlarida yashagan deb o‘ylayman. U kishining muhabbatiyam, iztirobiyam, azob-u og‘riqlari ham she’rlarida edi. Har gal maktabdagi o‘quvchilarimga otamning “Onaginam” she’rini o‘qib berar ekanman, ko‘zlarim jiqqa yoshga to‘lardi. Yig‘lamasdan o‘qimasdim bu she’rni... Ayniqsa mana bu satrlarini...

 

Odam bo‘ldimmi menam?

Ha, odam sanashar meni elimda.

Senga qilolmagan xizmatim,

Sen deb chekolmagan zahmatim

Jindak zehnim, jindak she’rim,

jindak g‘azalxonligim,

Onalik mehriga to‘ymagan mehrim,

jindak yaxshilik va yomonligim

Meni odam sanagan elimga baxshida,

jafodiyda onaginam!

Elga xizmatim senga xizmatim emasmi axir,

El meni farzandim demasmi axir!

Rozi bo‘l, odam sanalay menam...

Dunyoga qaytib kelurman,

Lekin boshqa o‘g‘il bo‘lib...

 

Bu she’r ilojsizlikdan qiynalgan otamning ichki faryodi, farzand armonining timsoli! “Esdaliklar”ni varaqlasangiz otamning yozmishlarini o‘qiysiz:

 

“5. X.33. Bu kun Onam o‘lgan… Ona!”

 

“Esdaliklar”ni yana varaqlasangiz, Mirtemirning yoshlikdagi o‘tli muhabbati Halima Rahimova haqidagi yozganlariga ham ko‘zingiz tushadi. Ushbu muhabbat tarixi haqida Naim Karimov shunday yozadi:

 

“Halima o‘sha yillarda endigina san’at bo‘sag‘asiga qadam qo‘ygan yosh, iste’dodli, Farg‘ona soylaridek sho‘x raqqosa edi. Mirtemir uni chin dildan sevardi. U hali bo‘ydoq kezlarida Halimaning raqslari tugar-tugamas unga dasta-dasta gullar tutar, unga bag‘ishlab she’rlar yozar edi. Rafiqasini shunday o‘tli tuyg‘ular bilan sevgan shoir 1935-yil yanvarida azob-uqubatlardan qutulib, mehrga zor bo‘lib qaytganida, uning boshqa bir kishiga turmushga chiqib ketganini ko‘radi.

 

“Men Mirtemirning keyingi taqdiridan bexabar edim. Menga ering otilib ketdi deb aytishdi. Shundan keyin boshqa turmush qurishga rozi bo‘ldim. Mirtemir qaytib kelgach, men bilan qayta turmush qurmoqchi bo‘ldi. Lekin buning iloji yo‘q edi. Shundan keyin u “Meni sening ering qamatgan” deb menga ta’na qildi”, – deb eslagan edi Halima opa”.

 

– Har yili yozgi ta’tilda Iqonga (Mirtemir tug‘ilgan qishloq – G.N.) ketardim. U yoqda menga mazza edi. Amma-yu amakilarimning bolalari bilan o‘ynardik. Otam bilan to‘ylarga ko‘p borardik. U paytlari to‘ylar karnay, surnay, dutor bilan o‘tar edi. Bir marta to‘yda raqsga tushganimni eslayman. “Gulnoz” raqsi... Raqsga shu qadar berilib ketgan ekanmanki, ko‘zlarimni yumib atrofimda odamlar to‘planganini ham ko‘rmay qolibman. Ham juda kichkina qiz edim. Ko‘zimni ochsam, qarindoshlarimiz pul qistirishgan, uyalib ketganman. Pullarni oborib artistlarga berganman. Otam to‘g‘rida chollar bilan o‘tirgandi. Shunaqangi yomon qaradiki... Keyin onamni chaqirib, “nega qizing raqsga tushdi, nega tarbiya qilmading?” deb rosa koyigan ekan. Shu-shu qayta raqsga tushmadim. Balki otam raqqosa bo‘lishimni istamagandir... Keyinchalik, esimni tanib otamning qalbini timdalagan jarohatlar shu bilan bog‘liqligini bildim... Oh, otam-a...

 

Shoirning o‘g‘li Mirza Tursunov otasi haqidagi xotiralarida shunday yozadi:

 

“Otam qirg‘iz xalqining “Manas” eposining birinchi qismini mohirona tarjima qilgan. Tarjima jarayonida uch-to‘rtta qirg‘izcha so‘zning ma’nosi hecham chiqavermagach, otam ijodiy safarga otlanib, o‘sha paytdagi Qirg‘izistonning poytaxti Frunze shahriga borib, qardosh shoir, yozuvchilar bilan uchrashgan. Haligi so‘zlarni ularga ko‘rsatib, ma’nosini so‘rasa, na biror shoir, na yozuvchi ularni talqin qilib bera olgan. Qirg‘iz do‘stlaridan biri “Domla, bu so‘zlarning talqinini bilish uchun “Manas”ning qabriga borish kerak. O‘sha yerdagi baxshilar so‘zlarning ma’nosini aytib berishi mumkin” deb maslahat beradi. Bu maslahatga amal qilib, otam bir kuni ertalab chiqib ketib, ertasi kuni kechga yaqin qaytib keladi: o‘sha so‘zlarning to‘g‘ri talqinini bilib olganidan behad xursand. Bu voqea ko‘z oldimda sodir bo‘lgani uchun yodimda qolgan. Ko‘p yillar o‘tib, otamning vafotidan keyin, uyimizga Chingiz Aytmatov kelib, ba’zi fikrlarini izhor etdi. Chingiz og‘a “Mirtemirning “Manas” tarjimasi shunchalik ajoyib chiqqanki, u qaytib qirg‘izchaga tarjima qilinsa yaxshi ish bo‘lar edi” degandi”.

 

– Otam so‘z zargari edi. U tarjima qilgan asarlarni o‘qisangiz, buni o‘zbek tilida yozishganmi degan xayol o‘tardi. Har bir so‘z ustida kunlab ishlaganlarini ham ko‘rganmiz. Ana shunday zahmatkash odam edi u kishi. Afsus, otam vafot etganida men o‘n sakkiz yoshda edim. Otam bilan o‘tgan kunlarimizni hanuz qo‘msayman. Otam bergan mehrni men boshqalardan tuymadim. U kishining mehri quyosh taftidan ham issiq edi. Otamning:

 

Men yerga quyoshni ko‘rgali keldim,

Biroq u kulmagan bo‘lsa o‘shal kun,

Kuylagum, kuylagum quyosh haqida,

Taronalar to‘qib, solg‘im sado – un…

 

degan misralari bor edi. Haqiqatan otam so‘nggi nafasigacha quyoshga, yorug‘likka, ezgulikka talpinib  yashadi!

 

Guljahon NAMOZOVA

 

Ma’naviy hayot jurnali, 2025 yil 1-son.

“Oddiylardan oddiyroq” maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Tarix

16:05 / 05.05.2025 0 168
Yassichamandagi ikki turkiy toʻqnashuvi

Adabiyot

10:05 / 05.05.2025 0 59
Humayro momo

Adabiyot

17:05 / 02.05.2025 0 159
Uch yarim ming yil oldingi “sms”lar





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//