Humayro momo


Saqlash
10:58 / 05.05.2025 55 0

Urushga ketgan erini umrining oxirigacha kutib, toq o‘tgan momolarimizning o‘chmas xotiralariga bag‘ishlayman!

 

1.

 

− Baloginangni olay, Ashur, o‘n kungina keyin chaqirsang, Girmon uyingga kep qo‘yadimi?

− Girmon Maskovga kep qo‘ydi, momo, Maskovga kep qo‘ygani – uyimga kep qo‘ygani.

− Hech bo‘lmasa, chillasi chiqsin, Ashurjon, keyin nima desang, mayli.

− Gitlir o‘g‘lingizning chillasi chiqishini kutib turadimi, momo? Istalin bova chillangizni tushunadimi? Hozir o‘g‘lingizni chiqarmasangiz, melisa kelib opketadi.

− Urush mening bittagina bolamga qarab qoptimi, Ashur, insofing bormi?

− Adolat momoning bolasi ikkitamidi? Yo boshida eri bormidi? Rais boboning bolasi ikkitamidi, momo? Avval chiqardi-ku, o‘g‘lini. Ko‘pga kelgan to‘y-da, momo, chidaymiz.

− Hah, to‘yginang boshingdan qolsin! Sahobiddin! Chiq, bolam, narsalaringni xaltaga solib qo‘yganman. E, qirg‘in kelsin, shu urushni boshlaganlarga!

 

2.

 

− Humayro, meni kechir, to‘yni oldinroq qilsak bo‘larkan.

− Xudoning aytgan kuni bo‘ladi-da, momomning o‘g‘li, kechir demang.

− Kelin bo‘lib, kelinlarday yayrashga ham ulgurmading, Humayro?

− Unday demang, men ... baxtliman, momomning o‘g‘li.

− Baxt deysanmi, Humayro? Bir oygina eringni tushingda ko‘rganday bo‘lib qolganing baxtmi?

− Shuncha qizning ichidan menga uylanganingizning o‘zi menga baxt.

− Meni kut, azizam! Urush tugasin, keyin bir kun ham seni yolg‘iz tashlab, bir yerga ketmayman.

− Kutaman, momomning o‘g‘li, kutaman.

− Men albatta qaytib kelaman, Humayro, birov bir nima desa, ishonma!

− Ishonmayman, momomning o‘g‘li, ishonmayman! Sizni o‘lgunimcha kutaman!

 

3.

 

Прапалdegani nima, nachaynik, tushuntirib gapiring-da?

Без вести пропал degani shuki, jangdan keyin o‘g‘lingiz dom-daraksiz yo‘qolibdi, Mashrab bobo.

− E, shunaqasi ham bo‘ladimi? Butun boshli odam izsiz yo‘qolib qoladimi? Yosh bola bo‘lmasa?

− Juda ezvordingiz, Mashrab bobo, urushda bo‘ladi-da. Okopda ko‘milib ketgandir, nemisdan qochib, o‘rmonga kirib ketgandir?

− Og‘zingga qarab gapir, nachaynik, mening o‘g‘lim qo‘rqib qochadigan bola emas.

− Urush, Mashrab bobo, urushda har narsa bo‘ladi. Endi boring, biror ma’lumot olsam, yana xabar beraman.

Nachaynik ma’lumot olmadi, shekilli, Mashrab boboga boshqa xabar qilmadi.

Urush tugadi ham-ki, xabar qilmadi. Ketganlarning tirik qolgani qaytib keldi hamki, xabar qilmadi.

Qirq to‘qqizda xabar qildi. Xabar qilmasa, yaxshi edi:

− Sahobiddin Mashrabov Vatan xoini deb topilib, sirtdan otuvga hukm qilindi!

Hukm Mashrab boboga o‘qilgan bo‘ldi. Uch kun o‘tib, Mashrab boboni dafn qilishdi.

Enaxon momo yerni mushtlab, Gitlerni qarg‘adi.

Enaxon momo yuzini yulib, Stalinni qarg‘adi.

Enaxon momo yoqasini yirtib, urushni qarg‘adi.

Enaxon momo qarg‘ab-qarg‘ab, yigirma yetti kun yashadi...

 

4.

 

Hayhotday hovlida bir o‘zi qoldi Humayroning.

Bir sigir, bir buzoq, to‘rt echki, ikki uloq, bitta Olapar bilan bir o‘zi qoldi Humayroning.

Mashrab boboning chirog‘ini yoqib o‘tirish birgina Humayroga qoldi.

Enaxon momoning urchug‘ini yigirib o‘tirish birgina Humayroga qoldi.

Hayhotday hovlida na bir mehribon qoldi Humayroga, na bir hamdard.

Mashrab boboning avlodini davom ettiray desa, momosining o‘g‘lidan na bir nishona qoldi, na bir gumona... Ammo Humayroning ko‘nglida umid qoldi, Humayroning ko‘nglida ishonch qoldi.

− Albatta qaytaman, degan momomning o‘g‘li, qaytadi. Meni kut, degan momomning o‘g‘li, kutaman.

Humayro Mashrab boboning choponini kiydi. Beliga Mashrab boboning belbog‘ini bog‘ladi. Humayro Mashrab boboning ketmonini oldi. Humayro yer chopdi, ekin ekdi, hovli sug‘ordi.

Humayro sigir boqdi, echki boqdi. Sigirning sutini kuviga soldi, yog‘ oldi. Qolganini qatiq qildi, chakki qildi, qurut qildi.

Qishloqning bolasi Humayrodan qurut oldi. Qishloqning bolasi Humayroning sigiri beradigan sutni ichdi.

Humayro echki sog‘di. Echkining suti shifo bo‘ldi, echkining qatig‘i darmon bo‘ldi.

Bir qishloqning bolasi Humayroga ko‘makchi bo‘ldi. Bir qishloqning bolasi Humayroga dastyor bo‘ldi.

− Humayroga qarashinglar, bir o‘zi qolib ketmasin, − dedi Adolat momo.

− Humayroga yordam beringlar, ayol boshi bilan suvga chiqmasin, o‘v yosh-yalang, hovlisini sug‘orib beringlar, − dedi Rais bobo.

− Humayroning issiq-sovug‘idan xabardor bo‘lib turinglar, yarim kosa issiqni oldin shunga chiqaringlar, − dedi Chuchuk momo.

− Humayroning eshigidan hadeganda o‘tavermanglar, biroving ichkariga ola qaramanglar, − dedi mulla Safar bobo juma namozida.

Elchilik ekan-da. Elning ichidan olasi chiqar ekan-da. Toshpo‘lat elni uxlatib, Humayroning devoridan oshibdi.

El uxlagan bilan Olapar uxlarmidi? Humayroni nomard ovchiga oldirib qo‘yarmidi? Sonidan uzib olgani ham mayli, o‘ng qo‘lining panjalarini g‘ajib tashlagani ham mayli, uyigacha quvib borgani elda ovoza bo‘ldi.

− Toshpo‘lat qishloqdan chiqib ketsin!

Rais bobo ikkita gapirmagan. Rais boboning gapini birov ikki qilmagan, birov muhokama qilmagan.

Toshpo‘lat qishloqdan chiqib ketdi.

− Oyro‘zi momo, siz Humayroning uyiga ko‘chib o‘ting! Eri kelsa, bir gap bo‘lar.

 

5.

 

Humayroning sigiriga baraka berdi Alloh, Humayroning echkisiga baraka berdi.

Humayro sigirini ikkita qilmadi, echkisini uchta qilmadi. Ko‘payganini muhtojlarga berib yuboraverdi. Pul olmadi.

Eh-he, muhtoj ko‘p edi. Bir kosa ayronga muhtojlar ko‘p edi. Bitta qurutga zorlar ko‘p edi. Kunjara yeganlar ko‘p edi, yo‘ng‘ichqani yeb qo‘yganlar ko‘p edi.

Tut pishiqqa yetsak, o‘lmaymiz deganlar ko‘p edi, tut pishiqqa yetmay o‘lganlar udandan-da ko‘p edi.

Kattalar ham muhtoj edi. Sigiri ikkita bo‘lgani kattalar ham qo‘ymas edi. Echkisi uchta bo‘lgani kattalar ham qo‘ymas edi. Yer solig‘i der edi, suv solig‘i der edi. Mol solig‘i der edi, jon solig‘i der edi. Ersizligiga bir soliq, bolasizligiga bir soliq...

Selsovet degan katta bir kelganda buzog‘iga yopishsa, bir kelganda echkisini sudrardi.

Oyro‘zi momo ham o‘tib ketdi, Olapar ham o‘lib ketdi. Humayro ham Humayro momo bo‘ldi.

Humayro momoning sigirlari bir poda bo‘ldi, Humayro momoning echkilari bir otar bo‘ldi. Hammasi odamlarda bo‘ldi.

Humayro momoning eshigida sigir-da qolmadi, echki-da qolmadi.

Humayro momoning sigir soqqani-da joni qolmadi, echki boqqani-da holi qolmadi.

Humayro momoning bolasi bo‘lmadi, ammo nevaralari bir qishloq bo‘ldi. Jalasoyning hamma bolasi uning nevarasi bo‘ldi.

Bir nevarasi non olib kirsa, boshqasi ovqat olib kirdi. Bir nevarasi yerini chopib, ekin eksa, boshqasi sug‘orib berdi. Bir nevarasi o‘tin olib kelsa, boshqasi yorib berdi. Humayro momoga ish qolmadi, Humayro momoga tashvish qolmadi.

Humayro momoga birgina yumush qoldi. Yumushi Rais boboning nevarasi darvoza oldiga o‘rnatib bergan o‘tirg‘ichga o‘tirib olib, momosining o‘g‘li ketgan yoqqa ko‘z tikib o‘tirish bo‘ldi.

− Urushdan keyin tug‘ilganlar o‘lib borayapti, Sahobiddin qoptimi? Tirik bo‘lsa, kelardi-da? Bo‘ldi-da endi, nimasini kutasiz?

− Kutmay nima qilay, Sharapat? Qaynanang o‘lgan, qaynatangga tegaymi?

− E, yigirmangizda tegmagan, o‘ttizingizda tegmagan, qirqingizda tegmagan, yetmishingizda tegarmidingiz? Sizga er yoqmaydi.

− Er-ku yoqadi, ammo o‘zimning erim kep qolsa, nima deyman, Sharapat?

− Kelmaydi. Urush tugaganiga necha zamon bo‘ldi. Kelsa, ellik yilda kelardi. Endi aniq kelmaydi.

− Keladi, Sharapat, keladi. Kelaman degan-da, Sharapat, kelaman degan. Keyin men ham kutaman, deb qo‘yganman. Kutmasam, ikki dunyoda beti qora bo‘lmaymanmi, Sharapat?

− Unda kutib o‘tiravering!

− Kutib o‘tiribman-ku, Sharapat, kutib o‘tirmay nima qilayapman?

 

6.

 

Keldi.

Ellik yil deganda keldi.

Bir advokat bilan bir notarius keldi. Yana bitta ajnabiy keldi.

Martabali mehmonlarning tashrifidan Humayro momo shoshib qoldi. Rais boboni chaqirtirdi.

− Munday mehmonlar bilan men gaplasholmasam, Rais bovajon, o‘zingiz bir nima deng-da.

− Hujjatlarni faqatgina Humayro Mashrabovaning oldida ochaman deydi, − ajnabiyning so‘zlarini tarjima qildi advokat. – Momomizga xat ham bor ekan. Uni ham momomizning o‘ziga topshirar emish.

− Mening Rais bovadan yashiradigan sirim bor ekanmi? – xatni Rais boboga uzatdi Humayro momo. – O‘zingiz o‘qing, Rais bovajon, kim yozibdi, nima debdi?

Rais bobo ko‘zoynagini taqdi. Qiroat bilan xat o‘qishga tushdi:

“Meni kechir, Humayro, men va’damga vafo qilolmadim. Ammo sen ahdingda turding. Meni shuncha yil kutding, erga ham tegmading. Hech kimga bildirmay, seni surishtirib turdim. Otamni ko‘mding, onamni ko‘mding, mening o‘rnimga hamma ishni qilding. Mol-holimizni ham ko‘paytirding, hovlimizni ham jannatday qilib qo‘yding. Ilohi, bu ishlaring uchun Alloh seni jannati bilan siylasin! Meni sen ham kechir, qishloqdoshlarimiz ham kechirishsin! Men sen kutgan qahramon bo‘la olmadim. Urushda asirlikka tushib qoldim. Urushdan keyin qaytib boray dedim, ammo asirlikda bo‘lganlarning hammasini xoin deb hisoblab, otib yuborishayotganini, Sibirga jo‘natishayotganini eshitib, qo‘rqdim. Mening ikkita ordenim, to‘rtta medalim bor. Ammo Sovet Ittifoqi Qahramoni bo‘lib, asirga tushib qolganlarni ham kechirishmabdi. Shuning uchun avval Avstriyada, keyin Amerikada yashadim. Qishloqda yashadim. Mol-hol qildim. Fermer bo‘ldim. Boy bo‘ldim. Meni kechir, uylandim. Ikkita o‘g‘lim bor. Bugun ular ham fermer. Humayro, bir umr seni unutmadim. Doim sen haqingda o‘yladim. Hamisha farzandlarimga sen haqingda gapiraman. O‘zbekistonimiz mustaqil bo‘libdi, nasib bo‘lsa, sening oldingga boraman. Shu kunlarda davolanayapman, sog‘aysam, darhol yo‘lga chiqaman. Mabodo bora olmasam, o‘g‘illarim nevaralarimni olib borishadi. Ular seni qattiq hurmat qilishadi. Bir oygina xotin bo‘lgan yigirmaga ham kirmagan qizning ellik yil erini kutishiga bu yerdagilar ishonishmaydi. Fantastika deyishadi. Ular seni ko‘rgani borishadi. Bu dunyoda uchrashmasak, jannatda ko‘rishamiz, Humayro! Sendan rozi bo‘ldim, sen ham mendan rozi bo‘l! Momongning o‘g‘li Sahobiddin”.

Oldin ko‘zini artdi Rais bobo, keyin ko‘zoynagini.

Ajnabiy bir nimalar dedi, advokat o‘girdi:

− Onaxon, eringiz bandalikni bajo keltiribdi, uni Dallas degan joyda dafn etishibdi. Ziyoratiga borishni istasangiz, Amerika hukumati borib kelishingiz bilan bog‘liq barcha xarajatlarni zimmasiga olar emish.

Humayro momo sekin o‘rnidan turib, ichkariga kirib ketdi. Ichkaridan uning yig‘layotgani eshitildi. Humayro momo aytib-aytib yig‘lardi:

− Bor umidim ham o‘ldimi, voy otam?!

− Endi qanday yashayman, voy enam?!

Rais bobo yerga qarab ancha o‘tirdi, nihoyat, derazaga yaqin borib so‘zladi:

− Humayro, bandalik-da. Chidaysan-da, Humayro, chidaysan-da. Qismatingda bor ekan-da, Humayro, qismatingda bor ekan. Endi tashqariga chiq, mehmonlar mahtal bo‘lib qoldi.

Humayro momo bir belboqqa tugilgan narsalarni ko‘tarib chiqdi.

− Kelgan mehmon o‘g‘limiz ekanmi?

− O‘g‘illari, kechirasiz, o‘g‘illaringiz yozda kelisharkan, bu kishi ularning advokati.

− Unda mana bularni o‘g‘illarimizga berib qo‘ysin!

Advokat ajnabiy mehmonga bu so‘zlarni tarjima qilib, tugunni unga uzatdi. Mehmon tugunni ochdi.

Tugunda yap-yangi turgan Sahobiddinning Chuchuk kampir beqasamdan tikkan kuyovlik choponi, urgutcha do‘ppisi va pichog‘i bor edi.

Ajnabiy ularni avaylab yana qayta tugdi va mashinasiga qo‘yib keldi. Diplomatidagi hujjatlarni olib, advokatga uzatdi.

− Endi mana bu hujjatlarga qo‘l qo‘ysangiz, onajon!

− Rais bovajon, siz qarang, bular qanaqa hujjatlar ekan?

− Onaxon, eringiz sizga bir million dollar mablag‘ini vasiyat qilib qoldiribdi. Bu bizning pulga qancha bo‘lishini bilasizmi? Tasavvur ham qila olmaysiz, onajon. Eh-he, umringizning qolganini malikalarday sayr-u sayohatda, kayf-u safoda o‘tkazsangiz ham bu pullar ado bo‘lmaydi. Bironta kattaroq zavodmi, fabrika ochib yuborsangiz ham bo‘laveradi.

 

7.

 

Hamma hujjatlar rasmiylashtirilib, dollar degani so‘mga almashtirib kelinganida bu pullar bir mashina bo‘ldi.

− Rais bova, bu pullarni Jalasoyning odamlariga bo‘lib bering, − dedi Humayro momo. – Doimo mening holimdan xabar olib turgan o‘zingizning, Chuchuk kampirning, Adolat momoning, Oyro‘zi momoning, mulla Safar bovaginamning, Mastura momoning, Unsin momoning, Rabbim cholning, Islom boboning bolalariga ko‘proq bering, qolganini hammaga teng bo‘lib bering! Bir so‘mi ham qolmasin!

Rais bobo xuddi Humayro momo aytganday qildi. Bir mashina puldan bir so‘m olmadi Humayro momo.

Ajnabiy Humayro momoning bu ishiga tushunmadi. Uning savoliga Humayro momo javob berdi:

− Bular meni ellik yil boqdi. Yana ellik yil yashasam ham shular kunimga yaraydi. Bularnikiga borganimda esa, aniq bilaman, biror nimani pulga berishmaydi. Menga pul kerak bo‘lmaydi. Pulni nima qilaman?

 

Karimberdi TO‘RAMUROD

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Tarix

16:05 / 05.05.2025 0 96
Yassichamandagi ikki turkiy toʻqnashuvi

Adabiyot

17:05 / 02.05.2025 0 153
Uch yarim ming yil oldingi “sms”lar





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//