Jazz – erkinlik, rok – isyonkorlik, klassika – tartib: sevimli kuyingiz siz haqingizda “gapiradi”


Saqlash
12:42 / 02.05.2025 763 0

I. Ekspozitsiya: Musiqa va tafakkur uyg‘unligi

 

“Musiqasiz hayot xato bo‘lar edi” – bu so‘zlarni aytgan Fridrix Nitshe falsafaning eng qorong‘u chuqurliklariga sho‘ng‘igan, ammo hayotning musiqiy ohanglarini hech qachon unutmagan faylasuf edi. U uchun musiqa shunchaki ovoz emas, balki hayotning o‘zagi bo‘lgan.

 

Siz hech o‘ylab ko‘rganmisiz – nega ayrim musiqalar yuragimizga yaqin, ayrimlari esa fikrlashga undaydi? Ba’zida sokin pianino tovushi ongimizni tiniqlashtiradi, ba’zan esa tartibsiz jazz ohanglari ichki tartibsizligimizga mos tushadi. Ehtimol, musiqani har kim o‘z ruhiy holatiga qarab tanlaydi. Ammo ajablanarlisi shundaki, eng sovuqqon, mantiqqa tayanuvchi faylasuflar ham shunchaki fikr emas, balki ohanglar orqali o‘zlarini topishga harakat qilishgan.

 

Falsafa va musiqa – bir qarashda qarama-qarshi dunyolar. Falsafa tiniq fikr, tahlil va mantiqni talab etsa, musiqa his-tuyg‘ularning erkin oqimini ifodalaydi. Ammo aynan shu ziddiyat ularni bir-biriga yaqinlashtiradi. Musiqa ba’zida so‘z ayta olmagan narsani ifodalaydi, falsafa esa shu tuyg‘ularni anglashga harakat qiladi. Mazkur maqolada musiqani faylasuflar nigohi bilan ko‘rishga, ohanglar ortidagi fikr va hislarni idrok etishga harakat qilamiz.

 

Ushbu maqola sonata shaklida, ya’ni klassik musiqiy asar tuzilishiga o‘xshash tarzda yozilgan. Ekspozitsiyada mavzuni ochmoqdamiz, Meditatsiyada ichki dunyoga sho‘ng‘iymiz, Dialektikada fikrlar to‘qnashadi, Kodada esa sokin yakun ohangi chalinadi. Shu tariqa, “Falsafa sonatasi”ni birga tinglaymiz.

 

II. Meditatsiya: Faylasuflar va ularning musiqa dunyosi

 

Pifagor: Kosmosdagi musiqiy tartib

 

 

Qadimgi Yunon orolida, miloddan avvalgi VI asrda, Pifagor har tong shogirdlariga kunni musiqa bilan boshlashni buyurar edi. Uningcha, kun musiqadan boshlansa, ong tiniqroq ishlaydi. U miloddan avvalgi 570–495-yillarda yashagan bo‘lib, musiqa va sonlar orasida maxsus tartib borligini aniqlagan. Pifagor shuni kashf etdiki, ba’zi tovushlar bir-biri bilan aynan raqamlar orqali bog‘langan.

 

Bu kashfiyot Pifagorni “Sferalar garmoniyasi” g‘oyasiga olib keldi – sayyoralar harakati ham xuddi torlar kabi, ma’lum musiqiy qonuniyatga bo‘ysunadi degan tushuncha. Shu tariqa, u musiqa orqali butun koinot qanday ishlashini tushunishga harakat qilgan, hatto sayyoralar harakati ham yashirin bir ohangda, muvozanatda bo‘lib o‘tadi, deb hisoblagan. Uning bu qarashlari keyinchalik ko‘plab faylasuflar va olimlarga ilhom manbayi bo‘ldi.

 

Fridrix Nitshe: Jo‘shqin ruhdagi musiqa

 

 

Nitshe (1844–1900) musiqani nafaqat yurakdan sevgan, balki u bilan yashaydigan faylasuf edi. Uning xonasida doimo pianino turgan va ko‘pincha qaysidir tushuncha yoki g‘oya uni qiynaganda, klavishlar ortiga o‘tirib, o‘z hissiyotlarini musiqada ifoda etardi. U nafaqat falsafa bilan shug‘ullangan, balki o‘zi ham musiqa yaratgan va pianino chalgan. Dastlab u mashhur bastakor Rixard Vagnerning muxlisi bo‘lgan. Nitshe uning asarlarida hayotdagi erkinlik va jo‘shqinlikni ko‘rardi. Ammo Vagnerning ayrim salbiy qarashlari tufayli undan uzoqlashdi.

 

Nitshega ko‘ra, musiqa aql bilan emas, yurak bilan tushuniladigan haqiqatni ochib beradi hamda inson qalbining eng chuqur his-tuyg‘ularini ifoda etadi. Agar Nitshe bugun yashaganida, ehtimol an’analarni buzadigan, ammo hislarga boy musiqalarni, masalan, eksperimental rok yoki noodatiy jazz turlarini sevib tinglagan bo‘lardi.

 

Teodor Adorno: Musiqa orqali fikrlash

 

 

Frankfurt maktabining yetakchi vakili bo‘lgan Adorno (1903–1969) nafaqat faylasuf, balki klassik musiqa kompozitori ham bo‘lgan. U musiqa insonni faqat ko‘ngilxushlik bilan emas, balki o‘ylash va jamiyatni tanqid qilish bilan shug‘ullanishga undashi kerak deb hisoblagan. Ayniqsa, jazz va ommabop musiqani tanqid qilgan hamda bu musiqalar odamni passiv tinglovchiga aylantirishiga, reallikdan chalg‘itishiga ishongan.

 

Adorno noan’anaviy ohanglardan foydalanuvchi, murakkab va tartibsiz tuyulsa-da, mazmunli musiqaning tarafdori edi. Arnold Schoenberg yoki Alban Berg singari bastakorlarning ijodini Adorno qadrlardi, chunki ular eski qoidalarni buzib, yangi ifoda tilini yaratgan edilar. Agar Adorno bugun hayotda bo‘lganida, ehtimol “Radiohead” yoki “Bjork” kabi musiqiy guruhlarni tinglagan bo‘lardi, chunki ular ham musiqani jamiyatdagi chuqur muammolarni ochib berish vositasi sifatida ishlatishadi.

 

Shopengauer: Musiqaning ichki haqiqatini tinglash