
Adabiyot
Savollarga pedagogika fanlari doktori, professor Qozoqboy YO‘LDOSH javob berdi.
– Ustoz, avvalo ma’naviyat tushunchasiga lo‘nda izoh bersangiz...
– Qisqa qilib aytganda, ma’naviyat odamda ezgu odamiylik sifatlari borligini ko‘rsatuvchi tushuncha. Ma’naviyatga ega odam o‘ziga munosib ko‘rgan narsani birovga ham munosib ko‘radigan, o‘ziga munosib ko‘rmaganni o‘zgaga ham loyiq ko‘rmaydigan xislatlarga ega bo‘ladi. Shunday sifatlarga ega odamlari ko‘proq bo‘lgan jamiyatda odamlar bir-biriga madadkor bo‘lsa, ma’naviyatli kimsalar kamchilik jamiyatlarda odamlar bir-biriga yov bo‘ladi.
– Siz tumanda yoki davlatning boshqa biror idorasida ma’naviyat targ‘ibotchisi lavozimida ishlasangiz qanday uslubni yo‘lga qo‘ygan bo‘lardingiz? Umuman, ma’naviyat vakilini qanday tasavvur qilasiz?
– Afsuski, men biror tashkilotdagi ma’naviyat targ‘ibotchisining funksional vazifasi nimalardan iborat bo‘lishi kerakligini aniq bilmayman. Lekin o‘zbekning bir oydini sifatida o‘zimni qay darajadadir ma’naviyatchi deb bilaman. Negaki, Ollohning marhamati bilan odam bo‘lib yaratilgan har bir kishi odamga munosib yashashga urinishi kerak deb hisoblayman. Shundan kelib chiqadigan bo‘lsak, ma’naviyat targ‘ibotchisi birinchi navbatda o‘zining vazifasi ko‘lamidagi odamlarni yaxshi bilib olishga urinishi, ularni odamda insoniylik sifatlarini shakllantirishga xizmat qiladigan badiiy asarlarga yaqinlashtirishga harakat qilishi kerak. Shuningdek, odamiyligi, axloqiy qiyofasi, amaliy tutumlari bilan o‘zgalarga namuna bo‘ladigan shaxslar bilan uchrashuvlar tashkil qilib, ochiq suhbatlar uyushtirish maqsadga muvofiq bo‘lardi.
Ma’naviyat vakili o‘ziga o‘xshagan bo‘lishi kerak. Ya’ni, odamlarga ezgu insoniy sifatlar yig‘indisi bo‘lmish ma’naviyat to‘g‘risida so‘zlashga har jihatdan haqli bo‘lishi zarur.
– “Xalqimizning juda boy ma’naviy merosi bor”. Bu gapni doim ishlatamiz. Bu chin gap aslida. Ammo bu meros asli nimalardan iborat, uni bugun qanday istifoda etayapmiz? Bu jarayondan qoniqasizmi?
– O‘zbek millatining boy ma’naviy merosga egaligi chin. Bu meros birinchi navbatda xalqimizning yaxshilik va yomonlik borasidagi tasavvurlari, to‘xtamlari va turmush tarzida namoyon bo‘ladi. Ilmda xalq pedagogikasi degan tushuncha bor. Bu pedagogikaning muallifi noma’lum, talablari ham qog‘ozga yozib qo‘yilmagan. Lekin unga amal qilish millat ahli uchun majburiy. Yoshi kattalarni hurmat qilish, ayollarga ko‘mak berish, atrofdagilarga malol keladigan tutumlardan tiyilish, ko‘pchilikdan ajralib qolmaslikka urinish singari jihatlar aynan xalq pedagogikasi talablari natijasida paydo bo‘ladigan ezgu ma’naviy sifatlardir.
O‘zbekning necha asrlik og‘zaki va yozma adabiyotida ham ko‘plab ana shunday ezgu ma’naviy sifatlar aks ettirilgan. Birgina “Alpomish” dostonidagi or, “Farhod va Shirin”dagi insonsevarlik va jo‘mardlik, “Boburnoma”dagi mardonalik va jasorat, “O‘tkan kunlar”dagi baland ichki madaniyat, “Sen yetim emassan”dagi mehribonlik, “O‘zbekiston” va “O‘zbegim”dagi g‘urur va iftixor singari yuksak tuyg‘ular milliy merosimizning ko‘lami darajasini bildiradi. Bunday boyliklarimizning sanog‘iga yetib bo‘lmaydi.
Gap bu son-u sanoqsiz boylikdan bugun qanday foydalanayotganimiz borasida ketganda esa, afsuski, maqtanolmaymiz. Milliy qadriyatlarga parvosizlik va loqaydlik, o‘tkinchi begona qadriyatlarga ko‘r-ko‘rona ergashish ommaviy tus oldi. O‘tmishdagi asl milliy-ma’naviy meros ustiga qurilmagan axloqiy qarashlar omonat bo‘ladi. Omonat ma’naviyat egalarining esa tafakkuri ham, tuyg‘ulari ham qoliplar ichida va taqlidga moyil bo‘ladi. Tutumlari taqlidga qurilgan qo‘g‘am (jamiyat)dan kashfiyotchi qulovuzlar chiqmaydi.
Bizda ma’naviyat borasidagi ishlar bir necha o‘n yilliklar davomida tadbir o‘tkazish bilan almashtirib kelinganga o‘xshardi. Chinakam ma’naviy muloqotlar yo‘lga qo‘yilishi kerak. Shu boisdan bu kechimdan qoniqdim deyolmayman.
– Xalqimiz sizni avvalo katta olim, zukko, el dardini o‘ziniki deb bilgan ziyoli deb biladi. Adabiyotshunos olimning bitganlari, aytganlari esa barcha uchun, jumladan, ma’naviyat xodimi uchun ham zaxira, quvvat manbai. Demak, olim ham birinchi o‘rindagi ma’naviyatchi ekan-da...
– Men o‘zimni ma’lum ma’noda ma’naviyatchi deb bilishimga suhbatimiz boshida to‘xtaldim shekilli. Ilm shunday narsaki, uni qidirib topgan odamlar uchun bor, izlamaganlar uchun esa yo‘q. Demoqchimanki, biror oydinning aytganlari va yozganlariga qiziqib, o‘zlashtirib, amal qilganlar uchun bir darajada foyda bordir. Ammo yozganlaringni o‘qimaydigan, aytganlaringni eshitmaydigan yoki eshitib amal qilmaydiganlar uchun bunday oydinning qarashlari yo‘q hisobi.
Shunga qaramay, millatning har bir oydini bitganlari, aytganlari va tutumlari bilan o‘zini ma’naviyatchi hisoblashi shart. Chunki unga millatning ilg‘or vakili sifatida qaraladi. Oydin shaxs dunyo ayvonida faqat o‘zi yoki oilasining emas, balki butun etnosning vakili sanaladi.
– Milliy g‘urur tushunchasini bugun ayrimlar kibr bilan adashtirayotganga o‘xshaydi. Inson uchun o‘zidan, o‘zligidan g‘ururlanish aslida fazilat emasmi?
– Aytganingizdek, o‘zini, o‘zligini tanish va undan g‘ururlanish – juda fazilat bo‘lmasa ham barchada bo‘lishi kerak bo‘lgan sifatdir. Bizning millat ahlida aynan shu sifat kamayib borayotgani achinarli va xatarli. Buning achinarli jihati: milliy g‘ururi yo‘q kimsa o‘zini hurmatga loyiq bo‘lmagan odam, millatini esa ikkinchi darajali etnos hisoblaydi. Xatarli tomoni: bugungi globallashuv sharoitida o‘zga etnoslarda millat to‘g‘risida noto‘g‘ri va salbiy tasavvur uyg‘otadi.
G‘ururli odam kibrli bo‘lmaydi. Chunki u o‘zgalarda ham ana shu tuyg‘u bo‘lishi kerakligini biladi va hisobga oladi. Boshqa etnoslarga past nazar bilan qarash saviyasizlikning belgisidir. Ayni vaqtda har qanday sabab bilan ham o‘ziga past nazar bilan qarash qullik psixologiyasiga moyillikdan dalolat.
– Qozoqboy og‘a, o‘zbekning fe’li, yutug‘i-yu nuqsoni, umuman, milliy mentaliteti yaxlit aks etadigan ilmiy asosga ega asarga ehtiyoj bordek tuyuladi. Siz qanday qaraysiz bu fikrga?
– Juda to‘g‘ri qarash. Millatning asl ruhiy qiyofasiga xos xususiyatlar ilmiy jihatdan tadqiq etilishi kerak. Afsuski, bizda hali milliy ruhiyat ilmi shakllangani yo‘q. Bizdagi ruhshunoslikka doir ilmiy qarashlar boshqa etnoslarga tegishli belgilar haqidagi ilmiy yondashuvlarning tarjimasi xolos. Chinakam o‘zbek ruhiyati hali chuqur tadqiq etilgani yo‘q. O‘zbek ruhiyatiga xos qirralar o‘lmas badiiy asarlardagina aks etgan, xolos. Milliy psixologiya milliy qiyofaning fanniy izohi degani. Unda millat kishisining tutumlari ruhiyat jihatidan teran va ishonarli izohlanishi kerak bo‘ladi. O‘zbekning ilmi ham, ulus vakillari ham shunday ilmiy tadqiqotga juda mushtoq.
– Bugun xalqni, yoshlarimizni ortidan ergashtiradigan yo‘lchi yulduzlar – kumirlar, ilg‘or mutafakkirlar yo‘qolib borayapti degan gaplarga tez-tez duch kelayapmiz. Bu zamonning talabi-ehtiyojimi yoki tutumlar o‘zgardimi?
– Bugungi ijtimoiy holatni mukammal izohlash juda qiyin deb o‘ylayman. Negaki, butun dunyoda bo‘lganidek, bizning millat ahlida ham shaxslashish jarayoni kechmoqda. Ya’ni, bugungi odam ko‘pchilik tomonidan qabul qilingan yoki jamiyat o‘rnatgan talablarga amal qilib yashashdan ko‘ra o‘ziga ma’qul ko‘ringan yondashuvlarga muvofiq hayot kechirishni istaydi. Shu bois oldingiday kimgadir ergashib umr kechirishga urinmaydi.
Ayni vaqtda jamiyat ahli ichida asl ezgu ma’naviy qadriyat tashuvchilariga emas, balki arzon shov-shuvga mahliyo bo‘ladigan, shu xil shov-shuvlar uyg‘otuvchi kimsalarga ergashishga moyil, mo‘ljali yanglish kimsalar ham anchagina. Oldinlari aqlli, mehnatkash, jiddiy, bilimli shaxsiyatlarga ergashishga urinilardi. Endilikda qanday yo‘l bilan bo‘lsin boylikkami, mashhurlikkami erishganlarga ko‘r-ko‘rona ergashish kengroq yoyilgan. Bu san’atkor va yozuvchi-shoirlarning birga o‘tkaziladigan uchrashuvlarida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Ko‘pchilik iste’dodli shoir-u yozuvchilarga e’tibor berilmagani holda, biror serialdagi ishtiroki yoxud biror qo‘shig‘i bilan tanilgan san’atkorga intilgan odamlar juda ko‘p bo‘ladi. Shunga qaraganda, millat ahlining ma’naviy qadriyatlarida muayyan o‘zgarishlar sodir bo‘lgan va bo‘layapti deyish ham mumkin. Lekin, qanday bo‘lmasin, ilm-ma’rifatning etagini mahkam tutish zarurat ekanligini anglashimiz kerak.
Shodmonqul SALOM yozib oldi.
“Ma’naviy hayot” jurnali, 2025-yil 1-son.
“G‘urur kibr emas...” suhbati
Adabiyot
San’at
Adabiyot
Adabiyot
Tarix
Vatandosh
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
Til
//
Izoh yo‘q