Mezbon bitta: U bizni kuzatadi va kutadi. Ibrohim G‘afurov haqiqatlari


Saqlash
13:35 / 01.05.2025 78 0

O‘zbekiston qahramoni Ibrohim G‘afurov bilan suhbat.

 

Ibrohim aka, odamga bolalik kabi ta’sir ko‘rsata oladigan davr yo‘q. Chunki shu davrda insonning ma’no olamining poydevori tashlanadi. Keyingi jarayonlarning barchasi poydevorning qanday bo‘lishi bilan bog‘liq. Bolalik yillaringiz haqida so‘zlab bersangiz.

 

Men 1937-yil 27-dekabrda Toshkentning shimol tomonidagi Mevazor mavzesida, tarixiy Teshikqopqoq degan joyda tug‘ilganman. Bu haqda bir mansuram bor:

 

...o‘ttiz yettinchi yil.

Men tug‘ilganda qahraton edi.

Qodiriy yo‘q edi.

Cho‘lpon yo‘q edi.

Fitrat yo‘q edi.

Nosiriy yo‘q edi...

Men tug‘ilganda qahraton edi...

 

Otam Usmonboy G‘afurov hunarmand nonvoy, onam Muharram Ibodova chevar tikuvchi edilar.

 

Teshikqopqoq ko‘hna mozorining etagidan pishqirib, qichqirib shiddatli bir soy oqardi. Uning nomi ham Qichqiriq edi. Qichqiriq Qoraqamishdagi to‘qayzorlardan o‘tib Toshkentning g‘arbidagi juda chuqur vahimali jarliklarga yo‘l olardi. Qichqiriq hozir ham bor.

 

Biz – ota-onam, akalarim, opam, tog‘am muallim Husanboy Ibodov juda katta hovlida birga turardik. Otam urush vaqtlari harbiy yuklar tashiydigan eshelonlarda soqchi bo‘lib xizmat qilardi va ba’zan ikki-uch kunga Toshkentga kelganida qish paytlari bog‘imizni mo‘r-malaxday bosgan qarg‘alarni miltiq otib qo‘rqitardi, biz bolakaylar varanglagan o‘q ovozlaridan hayratga tushardik. 1940-yilda muallim Husanbek tog‘am o‘zi bilan pedinstitutda birga o‘qigan Jo‘raxon kennoyimga uylandi. Hovlida katta to‘y bo‘ldi. Shu to‘y mening esimda qolgan. Hozirgacha aniq-tiniq eslayman. Tog‘amning kelin tushgan uyi ertaklardagiday bezatilgan edi. Uyning devorlari oynavand romli shkaflar edi. Ularning hammasiga tog‘amning kitoblari tartib bilan terib qo‘yilgandi. Kitoblar juda ko‘p edi. Juda kichik bo‘lsam-da, o‘sha vaqtlarda shuncha bezaklar qolib, aynan kitoblar menga mo‘jizaday tuyulgani qiziq. Odam bolasi o‘z toleini uchratganini to‘g‘ri anglasa, so‘ng bu tole unga umr bo‘yi va asrlar bo‘yi hamrohlik qiladi. Balki men o‘shanda o‘z toleimni kitoblar timsolida uchratgandirman.

 

Men 1943-yilda Qorasaroydagi 28-maktabning birinchi sinfiga Mansur, Sayfi, Asad degan o‘rtoqlarim bilan o‘qishga chiqqanman. Oyoqlarimizda hech narsa yo‘q edi. Maktabga yalangoyoq borardik. Oyoqlar tamomila yorilib, qonab ketardi. Shunday bo‘lsa-da, biz jon-jahdimiz bilan maktabga intilardik. 

 

Harflarni, kitob o‘qishni, insho yozishni o‘rganganman, juda yosh, o‘zbekcha kiyingan muallim opam menga insho yozishni topshirar, ko‘chada nimalarni ko‘rding, shuni yoz, hozir qaysi fasl, shuni yoz, nimani ko‘rgan bo‘lsang shuni yoz der edi. Men juda qiynalib bir narsalar yozardim. Qanorlarda somon olib ketayotgan katta aravani ko‘rdim, unga tuya qo‘shilgan edi deb yozardim. Muallim opa maqtardi. Mening ilk ijodiy ishlarim shunday boshlangan.

 

Bizga uchinchi sinfda o‘qish kitobi berishdi. Men undagi birinchi darsni o‘qib, juda qiziqib qoldim. Tez orada o‘qish kitobimni butunicha yodlab oldim. Unda G‘afur G‘ulom she’rlari, Oybek, Mirkarim Osimning asarlaridan parchalar berilgan edi. Mirkarim Osimning hikoyalarini o‘qib tarixga haddan ziyod qiziqib qoldim. Jaloliddin, Temur Malik, Alisher degan otlar men eshitmagan juda qiziq nomlar edi. Keyin to‘rtinchi sinfda bizga Vahob aka degan yosh yigit tarixdan dars o‘tdi. U xuddi artistlarga o‘xshab dars o‘tar, hammamiz baqrayib qolar, og‘zimizni ochib o‘tirardik. Shundan keyin men tarixchi bo‘laman deb  yuragimga tugib qo‘ygandim. Umuman, bizning o‘qituvchilarimiz hammasi algebra, arifmetika, fizika, kimyo, biologiya, ona tili, adabiyotdan xuddi artistlarga o‘xshab mahorat bilan dars o‘tishar, biz mahliyo bo‘lib o‘tirardik. Keyinchalik o‘ylab yurdim, balki shuning uchun bizning ichimizdan olimlar, adabiyotchilar, kimyogarlar ko‘p chiqqandir!

 

Mening birinchi ustozim tog‘am edi. To‘rtinchi sinfga o‘tganimdan keyin tog‘amdan so‘rab kitoblarini olib o‘qiy boshladim. Tog‘amning javonlaridan Cho‘lpon, Usmon Nosir, G‘afur G‘ulomlarning ilk kitoblari chiqardi. Yaxshi tushunmasdim. Lekin ohanglariga berilib o‘qiyverardim. Keyin katta  bo‘lganimda yana o‘qisam, tamomila boshqa-boshqa narsalar ekan. Otam xizmatdan qaytgach, mahalladagilarning iltimosi bilan yana nonvoylik qila boshladi. Men o‘qishdan bo‘sh kunlari qarashib turardim. Otam qarashganimga har safar uch so‘m berardi. Men ularni yig‘ib qo‘yardim. Eskijo‘vaga ko‘p tushardim. Chorsuda otam tug‘ilib o‘sgan Kopponga borardim. Shirmonpaz amakilarim va ammalarim shu yerdagi hovlilarda turishardi. Ularni yaxshi ko‘rardim. Juda shirinzabon, yaxshi muomalali, eskicha o‘qigan odamlar edi. Meni shirmoy non, mevalar bilan siylashardi. Eskijo‘vada qator tushgan do‘konlar orasida kitob do‘koni ham bor edi. Keyin shu do‘konga kirardim. Yig‘ib qo‘ygan pullarimga o‘zimga kitoblar olardim. To‘rtinchi sinfda o‘qiyotganimda shu magazinda katta qora charm portfel ko‘rib qoldim. Uning ichida to‘rtta bo‘limi bo‘lib siyohdon, qalam, ruchka, o‘chirgich qo‘yadigan ajoyib cho‘ntakchalari ham ko‘p edi. Men uni nihoyatda yaxshi ko‘rib qoldim. Ammo yiqqan pulim yetmasdi. Yana biroz otamga qarashib yurib, pulim yetadigan bo‘lgach, bu go‘zal portfelni sotib oldim. Kitob-daftarlarimni solib maktabga olib bordim. Kichkina bola shunday katta charm portfel ko‘tarib yurganidan hamma menga ajablanib qarardi. Men o‘zimcha bundan mamnun bo‘lib qo‘yardim. Maktabni shu katta charm portfelim bilan bitirdim. Universitetga kirgach, u yerga ham kitoblarimni solib olib bormoqchi bo‘ldim-u, lekin kursdoshlarimdan hech kim portfel ko‘tarib yurmagani uchun tortindim. Shu portfel menga nihoyatda sirdosh buyum bo‘lib qolgan, unga eng yaxshi ko‘rgan kitoblarimni – Mark Tvenni, Ayniyning “Esdaliklar”ini, Oybekning “Qutlug‘ qoni”ni solib qo‘yar, istagan paytda olib o‘qiyverardim. Keyinroq universitetdagi tanishim Mahmud Sa’diy bilan o‘qigan kitoblarimiz haqida tinmay gaplashar, u menga ba’zan “Qutlug‘ qon”ni o‘n bir marta o‘qib chiqqani, hali yana o‘qigisi kelib turishini aytardi. Men esa “Qutlug‘ qon”ni to‘qqiz marta o‘qigan, Mahmud oldida maqtana olmasdim.

 

Yoshlik yillaringizda universitetda o‘zbek ma’naviy olamining ulkan darg‘alari Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Shukur Xolmirzayev kabi shoirlar, adiblar va olimlar bilan bir avlod sifatida izma-iz tahsil olgansizlar. Shubhasiz, bu avlod vakillari millat faxriga aylandi. Bu  jarayonning har biringizga qanday ta’sir ko‘rsatgani haqida gapirib bersangiz.

 

Men 1956-yilda O‘rta Osiyo davlat universitetining filologiya fakultetiga o‘qishga kirdim. Bu yerda ilm, ijod, ijtimoiy intilishlar muhiti kishini har doim o‘ziga mahkam jalb qilib turardi. Dam-badam Erkin Vohidovning o‘quvchilik va talabalik davrida yozgan she’rlari yangrab qolardi. Kichkina g‘aroyib kashfiyotga o‘xshagan bu she’rlar domlalardan tortib hammani – hatto boshqa fakultetdagilargacha o‘ziga rom qilib olgan, ko‘plar ularni har joyda yoddan o‘qishardi. Juda mashhur edi Erkin Vohidov. Keyinroq uning yoniga Shukur Xolmirzayev, Abdulla Oripov, Omon Muxtor, O‘tkir Hoshimov, Sa’dulla Siyoyev qo‘shildi. Ularning ilk asarlari o‘quvchilar o‘rtasida dong taratdi. Gazeta-jurnallarda bosildi, alohida kitobchalar bo‘lib chiqdi. Adabiyotga gurillab yangi talantli to‘lqin kirib kelayotgani, ijod maydonida mustahkam o‘rniga ega bo‘layotgani hammaga ayon bo‘ldi. Ularning har biri tez orada o‘ziga xos shaxs sifatida namoyon bo‘ldilar. Ularning o‘ziga xos talantlari tarbiyasida Ozod Sharafiddinov, Matyoqub Qo‘shjonov, Umarali Normatov singari universitet domlalarining e’tibori, hissasi juda katta bo‘ldi. Men ham universitetni tog‘amdan so‘ng ilk chin ustozim deb bildim. Bu ishonch va muhabbat hayotimga jo‘shqinlik, qalamimga harorat ato etib turdi.

 

Dunyo adabiyoti durdonalarini o‘zbek tiliga tarjima qilib  kitobxonlarga yetkazishda matonat ko‘rsatdingiz desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Tarjima san’ati og‘ir va mashaqqatli san’at. Igna bilan quduq qazishday gap. Agar siz tarjima qilgan kitoblarni bir joyga to‘plasa, naq 30 jild bo‘ladi. Tarjimadan tashqari o‘zingizning kitoblaringiz ham 30 jildga boradi. Bu umringiz davomida juda katta xirmon ko‘targaningizning dalilidir.

 

Dunyo adabiyotiga qiziqish, butun hayotimni kitob bilan bog‘laganim, kitobni menga yozilgan taqdir ishi deb bilganim meni adabiy tanqid va badiiy tarjima sohalariga dadil qadamlar bilan kirishga chog‘ladi. O‘qigan kitoblarimni o‘zbek tiliga xayolan ag‘darib yuradigan bo‘ldim. Qoralamalar qildim. Muqobil so‘zlar, juda ko‘p variantlar, versiyalar qidirdim. Ba’zan yirik-yirik asarlar bir butun holda xayolimda o‘zbekcha shaklga kirib gavdalanardi. Yoshligimdan, “Oydin kechalar”ni o‘qiganimdan beri Fyodor Dostoyevskiy romanlari xuddi shunday yaxlit o‘zbekcha bo‘lib ko‘z o‘ngimda turardi. Chidolmay ularni qog‘ozga tushirishga shoshilardim. Ammo reallik boshqa edi. Reallik qora terga botib mehnat qilish, tinimsiz zahmat chekishni taqozo qilardi. Usmon Nosir, Abdulla Qahhor, Mirzakalon Ismoiliy, Mirkarim Osimdan tarjimaning jozibador so‘zi qanday bo‘lishini o‘rgandim. Asar koloritini, fusunkorligini qayta tiklashga va bunda so‘z fasohatini zarracha yo‘qotmaslikka muttasil e’tibor qaratdim. Keyin yillar o‘tgan sari bular mening badiiy tarjimadagi uslubimga aylandi. Bularni mahoratning o‘lmas manbaiga aylantirish nihoyatda katta iqtidor, kuch-quvvatni talab qiladi.

 

– Men tarjima san’atini dardi bir, quvonchi bir-biriga o‘xshash, ammo ikki tilda gaplashadigan ikki insonning hasratlashishiga o‘xshatgim keladi. Aminmanki, bu kechinmani katta ijodiy jarayonda ko‘p bora tuygansiz. Raskolnikov bilan (“Jinoyat va jazo” romani), knyaz Mishkin bilan (“Telba” romani), Markes qahramonlari bilan baayni birga yashagansiz. Gap shundaki, tarjima aql va yurak o‘rtasidagi katta ijoddir.

 

Biroq bugun internet sahifalarida yoki aldam-qaldam, qo‘l uchida qilingan tarjima kitoblarda bir og‘riqli manzara paydo bo‘layapti: “gugl” (Google)ga avtomatik tarjima qildirib, ega-kesimini sal epaqaga keltirgach, “tarjimon – falonchi” deya e’lon qilib yuborayotganlar ham ko‘p. Yoki asarni o‘zicha tushunib, uni aqli yetganicha tarjima qilish asnosida, muallif matnida bo‘lmagan gap-so‘zlarni qo‘shib (yoki ayirib) tashlash holatlari kuzatilmoqda. Bu nodir ijod turi bu ketishda qay ahvolga kelib qoladi deb o‘ylaysiz?

 

Milliy uyg‘onish shabadalari tobora kuch olib, madaniy-ma’rifiy  dunyolarimizda hayotbaxsh jonlanishlar kuzatilmoqda. Bu jonlanish badiiy ijod  sohalarida ham ko‘zga tashlanayapti. O‘qish, kitoblarga qiziqish, ilm olish, tadqiqotchi olim bo‘lish, global dunyo va milliy hayot tarzi talab qilayotgan keng spektrdagi ixtisoslarni mukammal egallash, mutaxassis bo‘lishga intilish yoshlar, o‘smirlar, xotin-qizlarning keng qatlamlari orasida udumga aylanmoqda. Kambag‘allik va undan tug‘iladigan juda ko‘p rang-barang nokasliklarga tamomila barham berishning eng ta’sirchan yo‘li mutaxassis (qaysi sohada bo‘lmasin!) bo‘lib yetilishdir. Hozir kambag‘alchilikdan chiqayotgan va u bilan butkul xayrlashayotganlarning barchasi mutaxassisliklarni egallagan kishilardir. Turli texnik qulayliklar chiqayotgan ajoyib-g‘aroyib kompyuterlar zamonida tarjimalarni aqlli kompyuterlar hamda o‘ta g‘aroyib hisoblash mashinalari zimmasiga bemalol yuklash mumkin deb qaraydigan “aqlli” odamlar (to‘g‘rirog‘i, qalloblar va ko‘zbo‘yamachilar) ham bosh ko‘tarmoqda. Ammo hech qanday aqlli mashina inson qiladigan ijodga qobil emas va bundan keyin ham hech qachon qodir bo‘lolmaydi. Zero, hech qanday aqlli mashina odam hissiyotlari va u yarata oladigan obrazlar, manzaralar, kolliziyalar, illyuziyalarni bunyod etolmaydi. Agar bunyod etolsa, unda olamda yangi odam navini yaratgan bo‘ladi. Bunga qodir kuch tabiatda yo‘q. Badiiy hamda ilmiy tarjima sohasini talant, iqtidor, malaka, tajribalarsiz aslo tasavvur qilib bo‘lmaydi. Ijod ko‘zbo‘yamachi va qalloblar ishi emas. Tarjimon bo‘lish uchun bir nechta tilni mukammal egallash, milliy adabiyotlar, turli bilimlar sohalaridan yaxshi xabardor bo‘lish, xullas, ijodkor bo‘lish kerak. O‘zini so‘z mulki ichra g‘avvosdek his qilmoq lozim. Shundagina qalamdan go‘zal, odamlar yuragida gavhardek yashaydigan so‘zlar chiqadi. Men hozirgi noshirlar juda qattiq talabchan bo‘lishlari zarur deb o‘ylayman. Axir so‘zga xiyonat nontepkilik bilan barobar. So‘z qaroqchilaridan esa mas’uliyat talab qilmoq joizdir. Xaltura tarjima kitoblarni paydarpay chiqarib tarqatayotgan noshirlardan nega bunday deb so‘rab turish kerak-ku axir! Balki bu ishlarni to‘la tartibga soladigan tarjimonlar birlashmasi (assotsiatsiyasi!) tuzish payti kelgandir. Adabiyot agentligi bilan birgalikda badiiy va ilmiy tarjimonlar assotsiatsiyasi qanchalar zarur hozirgi kunda!

 

Xullas, keyingi paytlarda o‘zbek tilini yaxshi bilmasdan, badiiyat neligini anglamasdan men tarjimonman deb saviyasiz, chuchmal ag‘darmalarni qalashtirib tashlayotganlar ham bor. Men shundan tashvishlanaman, chunki bu narsa didni, adabiyot haqidagi tasavvurlarni buzadi.

 

– Ibrohim aka, mashhur irland adibi Jeyms Joysning “Uliss” romani ham ilk bor sizning tarjimangizda o‘zbek kitobxoniga yetib bordi. Bu kitob xususida g‘arb ziyolilari ham favqulodda yangi asar, inson tafakkurining yangi mahsuli deya baho beradilar. “Dunyoda ikki toifa odam bor: “Ullis”ni o‘qiganlar va o‘qimaganlar!” kabi ta’riflar mavjud. Shu o‘rinda ushbu asarning mazmun-mohiyati, yozuvchining muddaosi, umuman “Uliss”ning kaliti nimada deb bilasiz? Bu kitob tarjima bo‘lib, kitobxonlarimiz qo‘liga yetib borgan bo‘lsa-da, yuqoridagiga o‘xshash qator savollar o‘zbek kitobxonida bisyor...

 

“Uliss” nima?

 

– Dunyoda odam to‘la rohat qilib (xuddi eski qazi yegandek bo‘lib) o‘qiydigan ulug‘ kitoblardan biri Jeyms Joysning “Uliss” romani bo‘lsa kerak deb hisoblayman. Fusunkor, afsonaviy kitoblardan. Badiiy adabiyot nafosati va badiiyati qanday ta’sirchan kuchga ega bo‘la olishi bu kitobda har tomonlama mujassam topgan va nafosat qirralari behad mislsiz sirlari bilan namoyon bo‘lgan. Dunyoning eng ta’sirchan yuzta kitobi ichidan unga yakdillik bilan birinchi o‘rinni berishgan. “Uliss” afsonaviy kitob bo‘lishi bilan birga uning atrofida  ham rang-barang afsonalar juda ko‘p va unga tom-tom sharhlar, izohlar, tadqiqotlar, tarixlar yozilgan va hali ham paydarpay yozilmoqda. Mening tarjimamda bu asar qariyb 900 sahifa bo‘lgan. Unda Joys 1904-yil 16-iyunda – bir kun ichida ro‘y bergan hodisalarni tasvirlagan. Irlandiyaning poytaxti Dublin shahrida yosh yigit, nomdor yozuvchi Joys xuddi shu kuni o‘zining bo‘lajak xotini Noraxon Barnakl bilan uchrashgan ekan. Shu uchrashuv sharafiga Joys ushbu buyuk kitobini bitgan. Bu aql bovar qilmaydigan badiiy poetika kashfiyotlari kitobi. U o‘n sakkiz epizoddan iborat. Joys o‘n sakkiz epizodning hammasini dunyo adabiyotida bo‘lgan barcha badiiy texnikalar, uslublar, vositalarni qo‘llab yozgan. Ularni romanning bir necha hayot qavatlariga tabiiy singdirib yuborgan. Mutaxassislar hanuzgacha shularning badiiy sirlarini ochishga urinishadi. Joysni o‘qish qiyin deyishadi. Go‘zallik va ayniqsa unga yetib borish qachon oson bo‘lgan? Ammo mehr, qunt, ishtiyoq va badiiy so‘zga sadoqatli muhabbat bo‘lsa, bu qiyinchiliklar aslo qiyinchilik emas. Navoiy, Bobur, Qodiriy, Yassaviy, Mashrab bizni jiddiy va qiyin kitoblarni qiyin demay va mashaqqatidan qochmay o‘qishga o‘rgatishgan.

 

Joys, Kafka, Flober, Dostoyevskiy, Tolstoylarni o‘qiganda ham ularning mislsiz go‘zal olamlariga poetika qiyinchiliklarini o‘zlashtirib, anglab, tushunib kirib borasiz. Buning ustiga Joys bu kitobida dunyo adabiyotida  birinchi bo‘lib “ong oqimi” degan badiiy tasvir usulini kashf etgan. Freydning tush, libido, sublimatsiya ta’limotini badiiy tarzda yuksak darajada inkishof etgan. Uning personajlari cheksiz o‘ylaydigan va fikrlaydigan kishilar. Bularni anglab yetgan o‘quvchi Joysni o‘qib bitirgach o‘zini bir necha Yevropa universitetini bitirganday sezadi. O‘qish qiyin deb o‘zingizni lazzatdan bebahra qilmang. Reklama agenti Leopold Blum, yosh shoir muallim Stiven Dedal, go‘zal ovozli san’atkor Molli, tarixchi faylasuf Bik Malligan va romanning boshqa qahramonlari hayot, inson, taqdirlar, dunyoning turish-turmushlari haqida hech to‘xtamay fikrlab, fikrlaganda ham g‘aroyib fikrlab sizni o‘z dunyosiga jalb qilib turadi. Siz sahifama-sahifa dunyoning eng xabardor odamlaridan biriga aylanib borasiz. Yassaviyning qudrati nimada ekanligi haqida o‘ylab ko‘rganmisiz? U faqat xudoni tanishni targ‘ib qilgan deb o‘ylaysizmi? U doim o‘z hikmatlarida bexabarlar bilan bahs olib borgan. Bexabarlikni juda keng ma’noda tushungan. Bu hatto gumrohlikdan ham boshqacha bir hodisa bo‘lgan. Shuning uchun u hozirgacha bor, hozirgacha tirik, o‘lmagan! U ming yillarcha, hatto bronza asridan beri hayot va Yer yuzidan tamomila izsiz o‘tib keladi. Kitoblar esa bizni shunday og‘ir hodisa – bexabarlikdan qutqaradi. Zero, kitobda Gyote iborasi bilan aytganda, “mangu nafosat” yashaydi.

 

Jadidlar nafaqat adabiyotimizni, ma’naviyatimizni ham, milliy tafakkurimizni ham yangilashga bel bog‘lagan edilar. Jadidlar bilan bog‘liq qanday armonlaringiz bor?

 

Jadidlarni ijodiy tilim chiqqanidan beri sevaman. Cho‘lponsiz, Behbudiysiz, Fitratsiz o‘zimni ham, adabiyotdagi o‘rnimni ham tasavvur qilolmayman. Ularning o‘zbek xalqi ozodligi, ma’rifati yo‘lidagi zahmatlarini so‘z bilan ta’riflab bo‘lmaydi. Ular hayotimizdan, tariximizdan o‘z haqqoniy o‘rnini topgani va egallagani xo‘b bo‘ldi. Jadidlar e’tiqodiga ergashish va uni yangi tarixiy ijtimoiy sharoitda ijodiy davom ettirish bugungi va ertangi eng dolzarb vazifamiz deb bilaman.

 

Zamonaviy  o‘zbek adabiyoti bilan jahon adabiyotini solishtirganda qanday xulosalarga kelasiz?

 

Bugun hozirgi zamon o‘zbek adabiyoti jahon adabiyotining uzviy davomiga aylanib bormoqda. Yangi mavzular, shakllar, usullar, qarashlar kirib kelmoqda. Asl tillarga tarjimalar ham umidli kurtaklamoqda. O‘zbek adabiyoti durdonalari tuproqda qolmaganidek, jahon adabiyoti mumtoz namunalari ham o‘zbek tilida o‘z jarangini topadi. Bunga shubha yo‘q. Ammo Uchinchi renessans davri badiiy tarjimonlarining maydonga kirib kelishi va o‘zini topishi, tanitishi nihoyatda qiyin kechmoqda. Lekin jarayon boshlangan.

 

Hayotda qattiq amal qiladigan qoidangiz haqida so‘zlab bersangiz.

 

Muntazam ijod qilish. Bir kun ham to‘xtab qolmaslik, har qanday vaziyatda, hech qachon ijoddan chekinmaslik.

 

O‘zbekiston xalq shoiri Oydin Hojiyeva bilan butun umr birga yashadingiz, hayotning og‘ir-yengilini birga tortdingiz. Shu haqda ko‘nglingizdagi xotiralaringiz...

 

1976-yildan buyog‘iga Oydin Hojiyeva bilan bir yo‘ldan yelkama-yelka, hamjihat, hamkor, madadkor, maslakdosh bo‘lib bordik. Ellik yildan ortiqroq vaqt ichida Oydinni doim chehrasi ochiq, yuzi yorug‘, samimiy holda ko‘rdim. U shu vaqt mobaynida jo‘shib-toshib ijod qildi. Go‘zal lirik she’rlar, hassos dostonlar yozdi.

 

Hayotimda chin burilish – men Oydinni, Oydin esa meni topgani bo‘ldi. Boshqa barcha insoniy burilishlar shundan ulgi oldi. Biz asl narsalar nimaligini birga angladik. Chin va soxtaning nimaligini bildik. Yana qaydam...

 

Yulduzim, sen bilan o‘nglandi tilagim...

O‘chmagansan, ketmagansan, arazing yo‘q.

Xush chiqibsan ko‘k taxtingga –

Manglayingni kelar silagim,

Yulduzim, hamrohim, sen bilan tirildi yuragim...

 

Bugungi o‘zbek yoshlariga aytadigan eng muhim gapingiz?..

 

Bugungi yoshlar bilan hamqadam, hamnafas bo‘lgim, rejalarini yaxshilab anglagim keladi. Ular fursatni boy berib qo‘ymasliklarini juda istayman. Odam vaqtga juda qattiq bog‘langan. Million-million rishtalar bilan chambarchas bog‘langan. Vaqt shakllantiradi: qiyofani ham, qalbni ham shakllantiradi. Aqlli odam vaqtni boy bermaydi. Vaqtni boy bergan hech qachon aqlli bo‘lmaydi. Har kim o‘ziga savol bersin: men vaqt ichida qandayman: bormanmi, yo‘qmanmi? Bunga javob topgan doim yutuqda.

 

Yana bir gapim: yoshlar asl ustozlar etagini mahkam tutsinlar. Ustoz bor joyda hayot bor, kelajak bor, taraqqiyot bor.

 

Dunyoning past-balandini ko‘p ko‘rdingiz va bu ko‘rib-kechirishlar jarayonida xalqimizning donishmand insonlaridan biriga aylandingiz. Shu qutlug‘ yoshga kirib hayot haqidagi, inson haqidagi eng muhim xulosangiz nima bo‘ldi?

 

Ba’zan... shuncha yil yashab, ko‘rib-kechirib, hayot va inson haqida qanday xulosalarga keldim deb o‘ylab qolaman. Har bir inson chin o‘zini, o‘zligini, o‘z o‘rni, o‘z vazni, vazifasini bilib, anglab donishmandona umr kechirsa qaniydi. Insoniyatning yarmidan ko‘pi o‘z-o‘zini, o‘z o‘rni hamda vazifasini bilmay o‘tib ketmoqda. Qalbaki so‘zlar, arzimas mayda-chuydalarga berilib umrni boy bermoqda. Talay odamlarning oq-qorani tanimasligi meni qattiq tashvishga soladi. Bu bugungi zamonda yanada qaltis tus olayapti.

 

O‘zbek xalqining qaysi maqolini ko‘proq yaxshi ko‘rasiz va nima uchun?

 

“Ona yurting omon bo‘lsa, rangi ro‘ying somon bo‘lmas” degan maqolni yaxshi ko‘raman. Juda sodda, juda oddiy ko‘rinsa-da, bu maqolda hayotimizning mohiyati aytib qo‘yilgan. Chunki bizning oltmish ikki ming tomirimiz ona yurtimiz bilan chambarchas bog‘langan.

 

Doimo sizga yo‘ldosh tilaklaringiz...

 

Vatanimda suv doimo serob bo‘lishini, havo hamisha toza-sof bo‘lishini, odamlar bir-birlariga mudom samimiy, ishonchli, ma’rifatli bo‘lishlarini tilayman. O‘zganing dardini o‘z dardiday qabul qilishlarini istayman.  Ko‘nglimda gaplarim ko‘p. Yana har kimning dilidagi Xudoga bog‘liq. Mezbon bitta: U bizni kuzatadi va kutadi.

 

Suhbatdosh: Eshqobil SHUKUR.

 

“Ma’naviy hayot” jurnali, 2025-yil 1-son.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

17:05 / 02.05.2025 0 26
Uch yarim ming yil oldingi “sms”lar





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//