
Mamlakat hech qachon o‘z-o‘zidan rivojlanib qolmaydi. Ayniqsa, endigina mustaqillikka erishgan, barcha jabhada taraqqiyot sari intilayotgan davlatlarda jamiyatning umumiy saviyasi, insonlarning intellektual salohiyati, ayniqsa, ilmiy-ijodiy ziyolilarning sa’y-harakatlari, ijtimoiy faolligi alohida o‘rin tutadi.
Taniqli davlat va jamoat arbobi, sharqshunos olim, mohir pedagog va diplomat, iqtisodiyot fanlari doktori Rustam Sobirovich Qosimov (1955–2021) istiqlolning dastlabki yillaridan turli mas’ul vazifa va lavozimlarda ishlab, ta’lim tizimini takomillashtirish, yuksak malakali kadrlar tayyorlash, millatlararo do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlash, diniy-ma’naviy qadriyatlarimizni tiklash va rivojlantirish, keksalar, xotin-qizlar va yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan muhim davlat dasturlarini amalga oshirishda boy bilim va tajribasi, yuksak salohiyatini safarbar etgan edi.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev Rustam Sobirovichni hurmatlab, o‘zining eng yaqin ko‘makchisi, maslahatgo‘yi deb bilar edi.
Yaqinda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bu zakiy va donishmand insonning ibratli hayot yo‘li, samarali ijtimoiy va siyosiy faoliyati, betakror fazilatlari haqida zamondoshlari va yaqin do‘stlari, hamkasblari va shogirdlarining samimiy xotiralaridan iborat “Rustam Qosimov zamondoshlari xotirasida” kitobi nashrga tayyorlandi.
Quyida mazkur to‘plamdan o‘rin olgan yodnomalardan biri e’tiboringizga havola etilmoqda.
Mashhur adib va tarjimon, ustozimiz Nosir Fozilovning umr shomida bitgan xotiralar kitobi “Eslasang, ko‘ngling yorishur” deb atalar edi. Adabiyot va san’atimizning nurli siymolarini yod etishga bag‘ishlangan ushbu to‘plamni men ham katta e’tibor va qiziqish bilan mutolaa qilgan, ayniqsa, uning o‘ziga xos ta’sirli nomi qalbimda o‘chmas iz qoldirgan edi.
Bugun taniqli davlat arbobi, sharqshunos olim, mohir pedagog va diplomat Rustam Sobirovich Qosimov haqidagi xotira so‘zlarini bitar ekanman, yuqorida eslangan kitob nomidan ilhomlanib, yodnomaga shunday sarlavha qo‘yishni joiz, deb bildim.
Darhaqiqat, rahmatli Rustam aka el-yurt tinchligi va ravnaqi yo‘lida o‘zini ayamay, fidokorona xizmat qilgan samimiy va kamtarin inson, sadoqatli do‘st, mehribon ustoz sifatida u kishini tanigan, bilgan barcha odamning yuragidan chuqur o‘rin egallagan edi.
Mustaqillikning dastlabki yillarida davlat boshqaruviga bu sohada muayyan tajribaga ega eski partiya va sovet xodimlari bilan birga ilmiy va ijodiy ziyolilarning ko‘plab yosh namoyandalari ham jalb etildi. Kasb-kori, millati va tili, bilimi va qobiliyat darajasida muayyan tafovut bo‘lsa-da, bu yosh kadrlarning barchasini milliy istiqlolga sadoqat, dunyo xaritasida yangi paydo bo‘lgan mustaqil va suveren O‘zbekiston Respublikasiga sidqidildan xizmat qilishdek yuksak orzu-intilish birlashtirib turardi. Ana shunday insonlar orasida o‘sha paytda Toshkent davlat universitetining sharqshunoslik fakultetida o‘qituvchi, dotsent va dekan, keyinchalik esa Toshkent davlat texnika universitetida biznesni boshqarish fakulteti dekani lavozimlarida ishlagan Rustam Qosimov ham bor edi.
Garchi biz u kishi bilan universitetda bir davrda (1973–1978-yillarda) tahsil olgan bo‘lsak ham fakultetlarimiz boshqa-boshqa bo‘lgani uchun o‘zaro tanish emas edik. Men Rustam Sobirovichni o‘zim davlat xizmatiga kelgan 1993-yildan taniy boshladim.
Mamlakatimizning kelgusi taraqqiyoti uchun yangi avlod kadrlari – mustaqil fikrlaydigan, xorijiy tillar va zamonaviy texnologiyalarni puxta egallagan xodimlarga katta ehtiyoj mavjud edi. Shu sababli ikkinchi mutaxassisligiga ko‘ra iqtisodchi olim bo‘lgan Rustam Qosimov 1997–2000-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida yangi tashkil etilgan Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasining xalqaro iqtisodiy munosabatlar kafedrasi mudiri, fakultet dekani lavozimlarida faoliyat yuritdi.
Bunda u kishining 1976–1981-yillarda Iroq va Suriya kabi xorijiy mamlakatlarda xizmat qilib, tajriba orttirgani ham inobatga olingani tabiiy.
2000-yillarga kelib, Rustam Qosimov faoliyatida yangi davr boshlandi. Bu paytda u Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari, Bank-moliya akademiyasi rektori, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori, Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri, Bosh vazir o‘rinbosari lavozimlarida qizg‘in va samarali mehnat qildi. Bir so‘z bilan aytganda, yangitdan oyoqqa qo‘yish, tartibga solish lozim bo‘lgan eng og‘ir sohalarga “tashlandi”.
Mening u kishi to‘g‘risidagi ko‘plab xotiralarim ayni shu davrga to‘g‘ri keladi. Xizmat taqozosi tufayli bu ajoyib inson bilan juda dolzarb va qaynoq jarayonlar, loyihalarda birga ishtirok etish nasib etdi. Milliy istiqlol g‘oyasini ishlab chiqish va hayotga tatbiq etish, madaniyat va san’at, ta’lim-tarbiya sohalarini rivojlantirish, ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, Mustaqillik, Konstitutsiya, Navro‘z bayramlari va boshqa ommaviy davlat tadbirlarini, “Umid nihollari”, “Barkamol avlod”, Universiada kabi respublika sport musobaqalarini, “Sharq taronalari” singari xalqaro festivallarni yuqori saviyada o‘tkazish borasida yelkama-yelka turib mehnat qildik.
Ish jarayonida goho o‘ta murakkab masalalar, ziddiyatli holatlar ham vujudga kelishi sir emas. Shunday vaziyatlarda Rustam Sobirovich ularning barchasini tabiatiga xos bo‘lgan yuksak madaniyat, vazminlik va bosiqlik, xushmuomala bilan hal etishga intilar edi. U kishining kimgadir baland tovushda qo‘pol munosabatda bo‘lgani, qo‘l ostidagi xodimlarning sha’nini yerga uradigan xatti-harakatlarga yo‘l qo‘yganini ko‘rgan emasman. Har qanday keskin bahs-munozarada ham hamsuhbatlari va muxoliflariga qarab murojaat qilganida – ular talaba yoki akademikmi, yuqori martabali amaldor yoki oddiy odammi – “agar ijozat etsangiz”, deb so‘z boshlar va shu fazilati bilan ko‘ngillarni o‘ziga rom qilar edi.
Ayni vaqtda u xalq va davlat manfaatiga daxldor bo‘lgan eng muhim masalalarda hamisha adolat va qonun tarafida, prinsipial pozitsiyada turar edi.
Men bu insonning intellektual va ma’naviy salohiyati nihoyatda keng ekaniga, nafaqat milliy, balki jahon madaniyati va tarixini, falsafa va estetika, dinlar va millatlararo munosabatlar masalalarini chuqur bilishiga tan berardim. Rustam aka mamlakatimiz hamda xorijda bo‘lib o‘tadigan turli uchrashuv va anjumanlar, xalqaro konferensiya va festivallarda ingliz, arab va rus tillarida erkin muloqot qilish, ma’ruzalar o‘qish iqtidoriga ega, muxtasar aytganda, har tomonlama yetuk o‘zbek ziyolisining yorqin timsoli edi.
Shu o‘rinda bir misol keltirmoqchiman. Ma’lumki, mumtoz she’riyatimizda aruz vazni yetakchi o‘rin egallaydi. Bu adabiy janr dastlab Arabiston yarimorolida paydo bo‘lib, yurtimizga islom dini bilan birga kirib kelganini bilsak-da, uning yaratilish tarixi ko‘pchilikka qorong‘i. Aruzning turli vazn o‘lchovlari karvonda odimlab borayotgan tuyalarning qadam tashlashiga hamohang ekani, aynan shu holat qadimgi sahro shoirlariga ilhom berib, ijodiga kuchli ta’sir o‘tkazgani to‘g‘risida men birinchi marta Rustam akadan eshitgan edim.
O‘rni kelganida bu fidoyi inson bilan ko‘p yillar hamkorlikda ishlab, uning tavallud ayyomini biror marta birgalikda nishonlash nasib qilmaganini bugun afsuslanib eslayman. Chunki u kishining tug‘ilgan kuni 30-avgust sanasida edi. Bu paytda davlat xizmatchilari, ayniqsa, yuqori lavozimdagi mas’ul xodimlar uchun eng dolzarb palla boshlanar – barchamiz Mustaqillik bayramiga qizg‘in tayyorgarlik ishlari bilan band bo‘lardik. Shu bois, Rustam Qosimovning tug‘ilgan kuni ko‘pincha bayram bo‘ladigan maydonda yoki viloyatlarda birov bilib, birov bilmay o‘tib ketar edi. Mana shu fakt ham bu shaxsning hayot yo‘li istiqlolimiz tarixi bilan chambarchas bog‘liq holda kechganini ko‘rsatadi.
Albatta, Rustam akaning hayotda munosib o‘rin topishi, mashaqqatli va samarali mehnati bilan el-yurt hurmatini qozonishida u tug‘ilib voyaga yetgan ziyoli oilaning, xonadondagi ma’naviy muhitning katta o‘rni bor. Otasi – uzoq yillar Toshkent xalq xo‘jaligi institutida domlalik qilgan taniqli olim Sobir Qosimov o‘z davridagi qiyinchiliklarga qaramay, besh farzandining barchasiga to‘g‘ri ta’lim-tarbiya bergan mo‘tabar zot edi. Bolalarining oliy ma’lumot olishi, ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanib, yetuk mutaxassis bo‘lib yetishishida padari buzrukvorning o‘rni beqiyos. Rustam akaning oqila onasi Muhabbat Qosimova esa bu borada oila boshlig‘iga hamisha tayanch bo‘lib kelganini ko‘pchilik yaxshi biladi.
Rustam Qosimovning og‘a-inilari, opa-singillari ham yurtimiz ilm-fani va pedagogikasini ravnaq toptirish borasida jonbozlik ko‘rsatib, xizmat qilgan insonlardir.
Mamlakatimiz mustaqilligini mustahkamlash, madaniy-gumanitar sohalarni taraqqiy ettirishga butun borlig‘ini bag‘ishlagan Rustam Qosimov taniqli ilm-fan, madaniyat va adabiyot vakillari bilan yaqin do‘st edi. Ularning iste’dodi va ijodini hamisha qadrlar, qo‘lidan kelganicha qo‘llab-quvvatlardi. U kishining Ozod Sharafiddinov, Erkin Vohidov, Bahodir Yo‘ldoshev, Tursunali Qo‘ziyev, Shoazim Minovarov, Abduhoshim Ismoilov, Ahmadjon Meliboyev singari ko‘plab ijodkorlar bilan do‘stona munosabatda bo‘lgani hammamizga yaxshi ma’lum.
Ayniqsa, Shoislom Shomuhamedov, Alibek Rustamov, Aziz Qayumov kabi ustozlarining nomini doimo hurmat-ehtirom bilan tilga olar edi. Rustam akaning bevosita tashabbusi bilan O‘zbekiston Qahramoni, navoiyshunos olima Suyima G‘aniyevaning hayoti va ijodiy faoliyatiga bag‘ishlangan “Yo‘l” nomli mazmundor, ta’sirchan hujjatli film yaratilganini yaxshi eslayman. Taniqli shoir va publitsist Eshqobil Shukur boshchiligidagi ijodiy guruh tomonidan suratga olingan, qahramonning bedor qalb dunyosi teran ochib berilgan ushbu film ham olima opamizdan, ham Rustam Sobirovichdan go‘zal bir esdalik bo‘lib qoldi.
Suyima opaning keksalik va bemorlik chog‘larida Rustam Qosimov u kishining holidan doimo xabar olib, yordam va ko‘mak ko‘rsatib turdi. Dafn marosimi va ma’rakalariga bosh-qosh bo‘ldi.
Do‘stimizning ilm va ijod ahliga, madadga muhtoj turli insonlarga e’tibori va g‘amxo‘rligi haqida bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin.
Hammamizga ma’lumki, insonning hayot yo‘li doim ham ravon va silliq kechmaydi, unda har xil kutilmagan, past-baland holatlar uchrab turadi. Rustam Qosimov ham faoliyati davomida shu kabi sinovlarga duch keldi. U 2011-yildan kasaba uyushmalari tizimida faoliyat yuritdi. Lekin o‘zining mustahkam irodasi, insoniy fazilatlari sababli tushkunlikka tushmadi, avvalgidek g‘ayrat-shijoat bilan xizmat qilishda davom etdi.
Mana shunday murakkab davrda muhtaram Prezidentimiz, o‘sha paytda Bosh vazir lavozimida ishlagan Shavkat Miromonovich Mirziyoyev Rustam Qosimovni hamisha qo‘llab-quvvatlab turdi. Ijtimoiy jarayonlardan chetda qolishiga yo‘l qo‘ymadi. Hukumat rahbarining vakili sifatida markazda va joylarda turli topshiriqlarni bajarish, jumladan, ommaviy tadbirlarni o‘tkazish, ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tashkillashtirishga safarbar qilib, fikr-mulohazalari, tajribasini namoyon etishi uchun imkoniyat yaratib berdi.
2016-yil oxirida Rustam Sobirovich yana qizg‘in ijtimoiy faoliyatga qaytdi. Mamlakatimizda boshlangan keng ko‘lamli islohotlarning faol ishtirokchisiga aylandi. Zero, yangi O‘zbekistonni barpo etish bilan bog‘liq ezgu va ulug‘vor maqsadlar u kabi fidoyi, bilimdon va tashabbuskor kadrlar salohiyatidan unumli foydalanish, ularga keng yo‘l ochib berishni taqozo etardi. Shu bois, Rustam Qosimov oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri etib tayinlangani to‘g‘risidagi xabar ko‘pchilikni quvontirdi. Keyingi yillarda esa Rustam aka O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining birinchi o‘rinbosari, Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi rektori, Prezidentning Davlat maslahatchisi, Prezidentning jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori kabi mas’uliyatli lavozimlarda hormay-tolmay, jo‘shqin mehnat qildi.
Afsuski, 2021-yilda – “COVID-19” pandemiyasi avjiga chiqqan payt u kishi ham shu mudhish kasallik bilan og‘rib, ko‘rilgan barcha chora-tadbirlar, tibbiy muolajalarga qaramay, 66 yoshida olamdan o‘tdi. Rustam Sobirovichning vafoti barcha qavm-u qarindoshlari, do‘st-u birodarlari, hamkasblari, yuzlab shogirdlari, mamlakatimiz jamoatchiligini chuqur qayg‘uga soldi.
Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev barchamizga bosh bo‘lib ta’ziya marosimida ishtirok etib, Rustam akaning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik va taskin bildirar ekan, jumladan, bunday deb ta’kidladi:
“Rustam Sobirovich Qosimov timsolida biz Vatanga sadoqatli, fidoyi, aqlli, millatimizning yetuk ziyolisidan judo bo‘ldik. Biz juda ko‘p yillar birga ishlaganmiz, og‘ir kunlarni ham boshimizdan o‘tkazganmiz. Hozir ham menga eng katta yordamchi, maslahatgo‘y edi. Ilohim, joylari jannatda bo‘lsin. Ishlarini farzandlari davom ettirsin”.
Albatta, o‘lim haq. Vaqt-soati kelganida hammamiz ham bu yorug‘ dunyoni tark etamiz. Lekin odamning ortidan yaxshi nom, ezgu amallar, solih farzandlar, yetuk shogirdlar qoladigan bo‘lsa, vafotidan keyin uning ikkinchi umri boshlanishi ham barchamizga ayon. Chunki minglab qalbda ilm-ma’rifat va olijanoblik chirog‘ini yoqib ketgan Rustam akadek, eslasang ko‘ngil yorishadigan insonlar xotirasi hech qachon o‘chmaydi.
Shu ma’noda, xalqimizning yetuk farzandi Rustam Sobirovich Qosimovning sharafli umr yo‘li bugun ham davom etmoqda, desak, o‘ylaymanki, adashmagan bo‘lamiz.
Xayriddin SULTONOV
“Yangi O‘zbekiston” gazetasi, 2025-yil 30-aprel, 87-son.
Tarix
Vatandosh
Adabiyot
Vatandosh
Adabiyot
Til
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
Til
//
Izoh yo‘q