
Nyu-Yorkdagi “Sholla Law Firm” yuridik tashkilotida faoliyat yurituvchi qahramonimiz Dinara Abdunayimova AQSHning Urbana-Shampeyndagi Illinoys Universiteti (University of Illinois at Urbana-Champaign (UIUC) ning Magistratura bosqichini tamomlagan.
Xorijiy til o‘rganishdan – kulinariyagacha
Samarqandda tug‘ilganman. Maktab va litseydagi o‘qish yillarim ham sokin kechmagan, ya’ni 4-sinfdan xorijiy til o‘rganish uchun qo‘shimcha mashg‘ulotlarga qatnay boshlaganman. Yillar davomida yana turli kurslar – musiqa (fortepiano), suzish, rasm chizish, konstruktorlik, kulinariya to‘garaklariga qatnashganman. Ota-onam ilm-fanni qadrlaydigan ziyoli insonlar. Biz uchun doim imkoniyat yaratishga harakat qilishgan. Uyimizda eng ko‘p sonli predmet bu kitob bo‘lgan. Tinimsiz ravishda kitob o‘qish ko‘nikmalari aynan oilamizdagi shaxsiy namuna sifatida bizda ham shakllangan. Men tahsil olishim uchun Samarqanddagi eng mahoratli ustozlar, o‘z fanini chuqur biladigan, uni yoshlarga singdira oladigan mohir pedagoglar tanlangan. Ulardan biri arman millatiga mansub Larisa Mixaylovna o‘ta talabchan ingliz tili o‘qituvchisi edi. Ustozlarim bergan saboq, tinimsiz o‘qishim bois CEFR va IELTS imtihonlarida yaxshi natijaga erishdim. Darsdan tashqari qo‘shimcha mashg‘ulotlarga qatnaganim ham samara bergan.
“O‘zgargan” orzu va qizil Jeep mashinasi
Bolaligimda “men sudya bo‘laman, qizil Jeep mashinasi minib yuraman” deb takrorlayverardim. Vaqt o‘tishi bilan bu orzu shaklini o‘zgartirdi – sudya emas advokat bo‘lishni istay boshladim. Aslida yo‘nalish o‘zgarmadi – men hali ham insonlarga yordam berishni istayman, faqat yo‘nalishi biroz boshqacha. Qizil Jeep mashinasi esa... hali ham rejamda bor!
Litseyni tamomlaganimdan so‘ng 2019-yil Toshkent davlat yuridik universitetining “Fuqarolik va biznes huquqi” mutaxassisligi bo‘yicha o‘qishni davom ettirdim. O‘sha yili poytaxtdagi uchta – Toshkent davlat yuridik universiteti, Xalqaro Vestminster universiteti hamda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi universitetiga o‘qishga qabul qilingan edim. Akam ham yuridik sohada faoliyat yuritadilar. Bu tanlovim esa to‘g‘ri qaror bo‘lgan, deb o‘ylayman.
Rejalarga ta’sir qila olmagan COVID-19
Pandemiya tufayli o‘qishning muayyan vaqti onlayn formatda o‘tdi. Lekin bu jarayon mening izlanish va intilishimga salbiy ta’sir qilgani yo‘q, deb ayta olaman. Har semestr oxirida fakultetimizdagi eng iqtidorli va yuqori o‘zlashtirish ko‘rsatkichi bo‘yicha 10% talabalar qatorida bo‘lganman.
Talabalik davrida men xalqaro “Moot court” tanlovlarida ishtirok etdim. Birinchi kursdayoq Willem C. Vis xalqaro tijorat arbitraji tanloviga qo‘shildim.
“Moot court” tanlovi – dunyodagi eng nufuzli yuridik universiteti talabalari o‘rtasidagi musobaqalardan biri. Har yili 80 dan ortiq mamlakatlardan 300 dan ziyod universitetlar qatnashadi. Musobaqa xalqaro tijorat arbitraji mavzusiga bag‘ishlangan. Tayyorlanish jarayoni taxminan 6–8 oy davom etadi – siz murakkab huquqiy keyslar ustida ishlaysiz, memorandumlar yozasiz va keyin real arbitraj mutaxassislari oldida og‘zaki bahs yuritasiz. Birinchi yilda men tadqiqotchi sifatida qatnashdim. Ikkinchi yilda esa FDI Mootga to‘liq jamoa a’zosi sifatida qo‘shildim. Uchinchi yilda esa Vis Mootga jamoa sardori sifatida qaytdim. Afsuski, COVID-19 sababli biz og‘zaki bosqichlarni onlayn formatda o‘tkazishga majbur bo‘ldik. Bu holat salbiy ta’sir qilgani yo‘q. Aksincha hayotimni o‘zgartirishga, xalqaro huquq doirasida kompetensiyalarimni shakllantirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan tajriba bo‘ldi.
Nazariya va amaliyot uyg‘unligi
Men o‘qish bilan birga Toshkent shahar iqtisodiy sudida sudya yordamchisi sifatida ishladim, sudyalar uchun huquqiy tadqiqotlar olib bordim. Shuningdek, universitetimiz Yuridik klinikasida “pro bono yurist” sifatida volontyor bo‘ldim, yordamga muhtoj insonlarga bepul yuridik maslahatlar berdim. Bundan tashqari, “TBC Bank” va “Legalmax” intellektual mulk huquqi firmasida amaliyot o‘tab, korporativ va IP huquqi bilan tanishdim. Bu tajribalar menga kelajakda qaysi yo‘nalishni tanlashimni aniqlab olishga, anglab yetishimga katta yordam berdi.
Ilm sari yo‘l
4 yil davomida xalqaro arbitraj mavzusida ko‘plab maqolalar yozish imkoniga ega bo‘ldim. O‘zbekiston sharoitida xorijiy investorlarni jalb etish va jozibador investitsion muhitni shakllantirish dolzarb vazifa bo‘lib turgan paytda men aynan ularning xalqaro darajada huquqlarini himoya qila oladigan “Arbitraj” tizimi bo‘yicha malakaga ega bo‘ldim.
Shuningdek, bir nechta ilmiy maqolalarim xalqaro ilmiy jurnallarda nashr etildi. Xalqaro konferensiyalarda qatnashdim – ba’zida ma’ruzachi sifatida, ba’zida esa ingliz tilida bo‘lmagan dokladlarni ishtirokchilar uchun sinxron tarjimon sifatida. Hozirda bir nechta ilmiy jurnallarda muharrir sifatida faoliyat olib boryapman. Maqolalarni ilmiy baholash, mualliflar va tahrir hay’ati bilan birgalikda ishlash orqali ilmiy ishlarning sifatini oshirishga hissa qo‘shyapman. Shu bilan birga, men Toshkent davlat yuridik universiteti “Yoshlar kengashi” boshlang‘ich tashkilotining faol a’zosi bo‘lganman. Mazkur Kengash qoshida ta’sis etilgan “Publishplease” (“Nashrga ko‘makchi”) to‘garagini ochish uchun tashabbus bilan chiqqanman. Jamoatchilik asosida mazkur to‘garakni yuritib, o‘zim tengi yoshlarga ilmiy maqola yozish, uni nashr etish uchun ilmiy jurnallar tanlash, matnni jurnal talablariga moslashtirish, bunda xalqaro indekslanadigan bazalardagi yuqori impakt faktorli jurnallarda talab etiladigan maxsus ilovalardan foydalangan holda maqolani talab darajasiga moslashtirish kabi ilmiy va ilmiy-texnik talablar bo‘yicha kurs mashg‘ulotlarini olib borganman.
Eng qimmat resurs – vaqt
Bakalavr bosqichini tamomlaganimdan so‘ng Yevropa va AQShdagi LLM (Magistratura) dasturlariga hujjat topshirdim. Menga bir nechta universitetlar qabul xati yubordi: Penn State Law, Central European University (Avstriya) University of Illinois at Urbana-Champaign (UIUC).
Men UIUCni tanladim...
AQShga ko‘chish eng katta voqealardan biri bo‘ldi. Immigratsiya sizning barcha faoliyatingizni deyarli noldan boshlashga majbur qilarkan. Kampusdagi birinchi haftamda idish-tovoq, choyshab, qozon, hatto axlat qutisigacha sotib olishim kerak bo‘lgandi. Oddiygina yashash uchun qancha mayda narsalar kerakligini ilgari sezmagan ekanman. Bu bilan birga yolg‘izlik, yangi til va yangi tizimga moslashish – bularning hammasi bosim edi. Ammo vaqt eng qimmat resurs va har narsaga davo ekaninini anglab yetganman. Ingliz tilidagi bilimim mukammallashdi, mijozlar xizmatiga qanday murojaat qilishni o‘rgandim – va bu yangi hayot asta-sekin an’anaviy hayot tarziga aylana bordi.
Shuningdek, ushbu universitetning Ta’lim Kollejining moliya bo‘limida aspirant-tadqiqotchi (Graduate Research Assistant) sifatida ishladim, bu ish mening kasbiy maqsadlarim bilan ancha mos. Xalqaro talaba sifatida haftasiga 20 soatgacha ishlashga ruxsat berilgan – bu ko‘p emas, lekin yashash uchun yetarli edi.
Meni eng faxrlantiradigan jihatlardan biri – xorijda tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar sonining ortib borayotgani. Biz faqat bilim olayotganimiz yo‘q – biz jamoalar barpo qilyapmiz. UIUC, Penn State, Columbia kabi universitetlarda biz Markaziy Osiyo Talabalari Assotsiatsiyalarini tashkil qilib, bir-birimizga mentorlik qilayapmiz va qo‘llab-quvvatlovchi muhit yaratmoqdamiz. UIUCda Navro‘z va boshqa madaniy dasturlarni ham tashkil qilganmiz. Hamjihatlik, do‘stlik va o‘rtoqlik muhitini yaratganimizdan doim quvonaman.
Mijozlarimizning katta qismi O‘zbekistondan
Magistraturani imtiyozli diplom bilan tamomladim – bu men L.L.M. dasturidagi barcha talabalarning eng kuchli 20 foizi tarkibiga kirganimni anglatadi. Ya’ni, butun dunyodan kelgan magistratura bosqichi talabalari ichida, mening yuridik maktabimdagi o‘qish natijalariga ko‘ra eng yuqori baholanganlardan biri bo‘lganman. Keyin Nyu-York shahriga ko‘chib o‘tdim, Bruklinda joylashdim va Manxettendagi “Sholla Law Firm’“ tashkilotida yuridik tadqiqotchi sifatida to‘liq ish vaqti bilan ishlay boshladim. Men ish yuritish uchun hujjatlarni tayyorlashda yordam beraman, shuningdek, ko‘plab mijozlarimiz uchun tarjimon va madaniy ko‘prik vazifasini bajaraman. Mijozlarimizning katta qismi O‘zbekistondan va Markaziy Osiyo mamlakatlaridan. Bu raqamlar kundan-kunga oshib bormoqda. Bunda til juda katta ahamiyatga ega – bu faqat so‘zlarni tarjima qilish emas, ishonch qurish, kimningdir his-hayajonlarini, iztiroblarini ichidagi tug‘yonlarini tushunib, mutasaddi tashkilotlarga to‘g‘ri yetkazib bera olish vositasidir. Ko‘plab mijozlar til baryeri sababli aynan rus yoki o‘zbek tilida gaplashadigan yuridik firmalarni tanlashadi. Nyu-Yorkda rus tilida so‘zlashuvchi yuristlar ko‘p, o‘zbek tilida xizmat ko‘rsatadigan firmalar ham bor. Ana shunday vaziyatda men xorijdagi vatandoshlarimizga huquqiy ko‘mak berishga harakat qilaman.
Bruklinda milliylikni his etgandek bo‘laman
Illinoys shtati Champaign hududida bo‘lganimda milliy taomlarimizni juda sog‘ingandim. Bruklinda esa do‘konga kiraman – somsa, palov, halim, sumalak, non, qurt va boshqa barcha taomlar mavjud, shunda milliylikni his etgandek bo‘laman. Lekin har doim O‘zbekistonni sog‘inaman, ruhan doimo Vatanim bilan birgaman. Ona Vatan sog‘inchi qanchalik og‘ir bo‘lsa ham ilm olish, tajriba orttirish maqsadida faoliyatimni davom ettirmoqdaman.
Maqsadim – o‘z ovozini o‘zi himoya qila olmaydiganlar nomidan dadil va bilim asosida so‘zlay olish
Hozirda men Nyu-York shtati advokatlik imtihoniga tayyorgarlik ko‘ryapman. O‘zbekistonda huquqshunoslik fakultetini tamomlab, diplomni qo‘lga kiritishning o‘zi yurist sifatida ishga kirish imkonini beradi, ammo AQShda siz faoliyat yuritmoqchi bo‘lgan shtatda albatta “Bar exam” advokatlik amaliyoti imtihonidan o‘tishingiz kerak. Shuning uchun hozirgi asosiy e’tiborim aynan shunga qaratilgan.
Shu bilan birga, Nyu-Yorkda immigratsiya huquqi sohasida amaliy tajriba orttiryapman. Bu sohada ishlash menga global migratsiya va majburiy ko‘chish jarayonlariga huquqiy tizimlarning qanday javob berishini chuqur tushunish imkonini berdi. Shu bilan birga, bu tajriba xalqaro ommaviy huquq va inson huquqlariga bo‘lgan qiziqishimni yanada kuchaytirdi – ayniqsa qochqinlar va boshpana izlovchilarni tartibga soluvchi huquqiy mexanizmlar nuqtai nazaridan.
Men o‘z faoliyatimni huquq, siyosat va tadqiqot chorrahasida tasavvur qilaman – ideal holatda inson huquqlari bilan shug‘ullanuvchi tashkilot yoki xalqaro institut doirasida. Mening maqsadim – har tomonlama yetuk himoyachi bo‘lish, tadqiqot tajribasiga ega, global huquqiy tizimlarni chuqur tushunadigan va o‘z ovozini o‘zi himoya qila olmaydiganlar nomidan dadil va bilim asosida so‘zlay oladigan inson bo‘lish. Nyu-Yorkda orttirayotgan tajribam nafaqat amaliy jihatdan foydali – u mening huquqiy dunyoqarashimni kengaytirishga va global huquqiy muhokamalarda mazmunli ishtirok etish uchun zarur ko‘nikmalarni shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Dilfuza MAHKAMOVA,
Oyina.uz
Adabiyot
Tarix
Adabiyot
Vatandosh
Adabiyot
Til
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
Til
//
Izoh yo‘q