Allaqachon tarixga aylangan, bugungi avlodga notanish libos – “shirdog‘” nima?


Saqlash
17:04 / 23.05.2025 95 0

Tilimizda bugungi avlodga anchayin notanish bo‘lgan libosni ifoda etuvchi bir so‘z bor  shirdog‘. Bir zamonlar adabiy tilimizga ko‘rk berib turgan bu so‘z allaqachon tarixga aylanib ulgurdi. Chunki bu kiyim nomini turmushda sira ishlatmaymiz. U faqat hazrat Navoiy asarlari va ularning izohli lug‘atlaridagina saqlanib turgan edi. Jonli so‘zlashuvdan va adabiy iste’moldan chiqib ketgan shu so‘zni yaqinda yozuvchi Nabi Jaloliddinning “Oraliq” (“Xayyom”) romanida uchratib, tilimizga o‘z so‘zimiz qaytayotganidan rosa quvondim, biroq ozroq ajablandim ham. Chunki bu so‘z romanda o‘rniga tushmaganday taassurot qoldirdi.

 

Umar Xayyomga bag‘ishlangan bu asarda sultonga hamroh bo‘lgan shoirning sher ovi voqealarida ishtiroki shunday tasvirlangan:

 

“Shoirning tani qizib, o‘rnidan turdi-da, egnidagi shirdog‘ini (issiqdan saqlanish uchun kiyiladigan kiyim) va Shokir Talx tikib bergan tagi yassi o‘ng‘ay etigini yechdi. Shirdog‘ini taxladi va so‘l yoniga yonboshlab, unga boshini qo‘ydi”.

 

“Xayyom uning (sultonning – T. T.) shirdog‘ini yechib, yoz oftobidan qorayib, ozg‘inlashgan yuzidagi sovuq terlarni artdi. – Menga ne bo‘ldi, shoir? so‘radi u titrarkan (kh-davron.uz/kutubxona/uzbek/nabi-jaloliddin-xayyom-roman.html, 73-75-betlar).

 

So‘z o‘rniga tushmabdi deganim ma’nisi shuki, shirdog‘ buyuk hakim zamonida va muhitida podshohlar ham kiyadigan libos, shuningdek, issiqdan saqlanadigan kiyim bo‘lgani dargumon. Chunki shirdog‘ jun matodan tayyorlangan ustki kiyim bo‘lib, XIV-XV asrlar ko‘chmanchi turkiy qavmga xos bo‘lgan. Bu so‘zning mashhur “Devonu lug‘otit turk”da uchramasligi ham uning keyingi davr mahsuli ekaniga yon bosadi.

 

O‘ylashimcha, tarixiy mavzuda asar yozishga tutingan muallif o‘tmish manzarasini, xususan, o‘sha vaqtdagi narsa-buyumlarni, liboslarni tasvirlash, atash uchun lug‘atlarga murojaat qilgan. 1972-yili Toshkentda, G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida chop etilgan “Navoiy asarlari lug‘ati”ni ochib qarasa, “shirdog‘ – issiqdan saqlanish uchun kiyiladigan kiyim” ekan. Lug‘atda tarixiy atama – shirdog‘ haqida bundan boshqa ma’lumot bo‘lmagach, muallif nima qilsin: boricha kitobiga kiritgan-qo‘ygan. Shuning uchun muallifni to‘g‘ri tushunishimiz kerak.

 

Lekin keyinroq, 1983-yili “Fan” nashriyotida chop etilgan to‘rt jildli “Alisher Navoiy asarlari tilining izohli lug‘ati”da shirdog‘ so‘ziga berilgan izohda uning issiqdan saqlovchi degan sifati tushirib qoldirilgan va shunchaki ustki kiyim deb ko‘rsatilgan. 1993 yilgi “Navoiy asarlari uchun qisqacha lug‘at”da ham shirdog‘ so‘zi qisqa, sodda qilib “1) ust kiyim; 2) namad” deb izohlangan.

 

Ya’ni, “Navoiy asarlari lug‘ati”ni tuzuvchilar shirdog‘ni issiqdan saqlovchi kiyim deb ta’riflagan bo‘lsa, keyingi lug‘atlarni tuzgan mutaxassislar buni ust kiyim deb ko‘rsatish bilan kifoyalanishgan.

 

Bu bejiz emas, albatta. Budapeshtda 1902-yilda nashr etilgan Shayx Sulaymon afandining “Chig‘atoycha-usmonlicha lug‘at”ida “shirdog‘” shunday izohlangan: “širdaγ: bir nevi libas, bejaz kaftan (shirdag‘: bir turli libos, oq kaftan – T. T.) (Šeyχ Suleyman Efendi”s Ǧagataj-Osmanisches Wӧrterbuch. Budapest, 1902. 180-bet)”.

 

Asli turkiy so‘z bo‘lib, Mahmud Koshg‘ariydan tortib, Navoiy asarlarida ham to‘n, ustki kiyim ma’nolarini anglatgan kaftan (qaftan, qapton, xafton), bizningcha, issiqdan saqlashdan ko‘ra ko‘proq mo‘tadil ob-havoda kiyiladigan ustki kiyimni anglatadi.

 

Ko‘pchilik ilm-ma’rifat, ijod ahli quyidagi mashhur baytni hazrat Navoiy o‘zbekligimizni madh etganiga dalil sifatida keltirishni xush ko‘radi:

 

Shoh-u toj-u xil’atikim, men tomosha qilg‘ali

O‘zbegim boshida qalpoq, egnida shirdog‘i bas.

 

Ularning yozganlarida shirdog‘ – to‘n, ruscha tarjimalarda esa xalat deb izohlanishi bu so‘zning ma’nosi bugungi o‘quvchi uchun noayon qolayotganidan dalolat beradi. Bu o‘rinda she’rdagi qalpoq ham do‘ppi (tyubeteyka) emasligini qayd etish lozim.

 

Shirdog‘ ko‘proq turkiylarning bir qavmi bo‘lgan o‘zbeklarga (shayboniylarga), ko‘chmanchi xalqqa xos kiyim ekani anglashiladi. Keyinroq turkiy xalqlarning ko‘piga ommalashib ketgan bo‘lsa kerak.

 

Hazrat Navoiy g‘azallaridan olingan quyidagi baytlar ham bizning shirdog‘ to‘g‘risidagi tushunchalarimizni ancha kengaytiradi:

 

Guli ra’nodin etti kisvatin sarvi ravon yoxud

Sarig‘ terlik uza ul sho‘xmu kiymish qizil shirdog‘.

 

Ma’nosi: ul xushqomat yor libosini ra’no gulidan qildimi yoki ul sho‘x mahbuba sariq terlik ustidan qizil shirdog‘ kiyib oldimi?

 

Bundan shirdog‘ terlik, ya’ni ichko‘ylak ustidan kiyiladigan kiyim ekanligi, ayni o‘rinda ayollarning bu ustki libosi asosan qizil tusda bo‘lishi anglashiladi.

 

Quyidagi misol ham bu fikrimizni quvvatlaydi:

 

Mehrig‘a ko‘kta shafaq xo‘b ermas andoqkim manga,

Moviy terlik uzra ul oyning qizil shirdog‘i xo‘b.

 

Shoir ko‘proq ma’shuqalar vasfida so‘z aytganidan shirdog‘ ayollar libosi sifatida yana bir bor tilga olinganini ko‘ramiz:

 

Sarvig‘a tortib qabo, chekkan quyoshqa soyabon,

Chobukim bo‘yida shirdog‘, boshida qalpog‘idur.

 

Ma’nosi: sarv qomatidagi yarashiq ko‘ylak va quyoshga tutilgan soyabon ul sho‘xning egnidagi shirdog‘i-yu boshidagi qalpog‘idir.

 

Xullas, hazrat Navoiyning so‘zlaridan shirdog‘ning ustki kiyim ekani bilinib turibdi. Bu lug‘atlarda ham qayd qilingan. Biroq lug‘atlardagi shirdog‘ so‘zining izohlari ushbu kiyim haqida aniq tasavvur bermaydi, kiyimning nimadan qilinganligi, matosi haqida umuman ma’lumot yo‘q.

 

“O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da ham, o‘zbek tiliga doir etimologik lug‘atlarda ham, “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi”-yu, keyingi yillarda chop etilgan “Alisher Navoiy: qomusiy lug‘at”da ham shirdog‘ so‘zi va uning izohi uchramaydi. Vaholanki, shirdog‘ atamasi Navoiy asarlari tilida bir necha bor qayd etilgan. Mashhur “Muhokamatul-lug‘atayn” asarida bir qancha kiyim-kechaklarning turkiycha nomi keltirilib, bu qatordan shirdog‘ ham o‘rin olgan:

 

“Va ma’hudiy albisadin misli: dastor va qalpoq va navro‘ziy va to‘ppi va shirdog‘ va dakla va yalak va yog‘lig‘ va terlik va qur yo‘sunlug‘ nimalarni borisin turk tili bila ayturlar”.

 

Navoiy bobomizdan shirdog‘ so‘zi kiyimni anglatishini bilgan bo‘lsak ham, uning ne kiyim ekanligini, qay matodan tikilishini daf’atan tushunib olish qiyin. Vaqtlar o‘tib, o‘zbeklarning o‘zi bu so‘zni tushunmay qolishi mumkinligini buyuk bobomiz qaydan ham bilsin? O‘ylaymizki, bu kiyim o‘sha paytlar xalq orasida keng tarqalgan bo‘lib, ulug‘ shoir uni tushuntirishga ehtiyoj sezmagan.

 

Tilshunoslik ilmi biron so‘zning ma’nosini chuqurroq tushunish uchun avvalo uning shevalardagi, keyin qardosh tillardagi muqobillariga murojaat qiladi. Biz ham shirdog‘/shirdoq atamasining ma’nosini oydinlashtirish uchun sheva lug‘atlari hamda boshqa turkiy tillardagi lug‘atlar, shuningdek, qadimgi turkiy tillar tadqiqotiga bag‘ishlangan lug‘atlarni ko‘zdan kechirsak, dastlab biroz hayron qolamiz. Chunki bu lug‘atlarda shirdog‘ so‘zining Navoiy ishlatgan ma’nosi deyarli uchramaydi. Ularda shirdog‘ so‘zi asosan kigiz, namat ma’nosida qo‘llanadi.

 

O‘zbek xalq shevalari lug‘ati”da shirdog‘/shirdoq atamasiga genetik va semantik jihatdan aloqador bo‘lgan bir so‘z bor:

 

“Шърдǝмɔл, ширдамол – (O‘sh, Jalolobod, O‘zgan) tikilgan guldor kigiz “шитый, орнаментированный войлок”: хɔтиллǝр бекǝрчили:дǝ шърдǝмɔл тоқыйды (O‘sh). (O‘zbek xalq shevalari lug‘ati, –T.: 1971. 316-bet)”.

 

Yana bir gap. Til qonuniyatiga ko‘ra har qanday tilda avval ish-harakatni ifodalovchi so‘zlar, ya’ni fe’l turkumiga oid so‘zlar paydo bo‘ladi. Ot turkumiga tegishli so‘zlar esa ko‘pincha (doim emas, albatta), keyinchalik fe’ldan yasab olinadi. Shirdog‘ so‘zining paydo bo‘lishida ham shu qonuniyat o‘z isbotini topganini anglash qiyin emas.

 

“Devonu lug‘otit turk”da qayd etilgan “siridi” so‘zining ma’nosi hozirgi o‘zbek tilida “pishiq qilib tikdi”ni anglatadi: “ol kiziz sïrïdï” – “u namatni ...zich qilib, pishiqlab tikdi” (Devonu lug‘otit turk, 3-tom. –T.: 1963. 278-bet).

 

Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘otit turk” asaridagi va hozirgi qirg‘iz tilidagi ro‘zg‘or buyumlarini bildirgan ayrim so‘zlarning o‘zaro munosabati etnolingvistik aspektda tekshirilgan bir maqolada “shirdoq” so‘zi shunday izohlangan: “ikki qavat qilib tikilgan naqshli kigiz”. Tadqiqotchi qirg‘izcha shiri” so‘zi hozir “biror narsani qavat qilib tikish, qat qilib qavish” ma’nolariga egaligini qayd etadi. Siri/shiri fe’lidan “shirdoq” so‘zi kelib chiqqan degan fikrni bildiradi. Qirg‘iz xalqining hozirgi moddiy madaniyati buyumlari bo‘lgan kigiz, ola kigiz va shirdoq qadim zamonlardan beri qirg‘izlar tomonidan foydalanib kelingan deb xulosa chiqaradi (Усмамбетов Б. Словарь Махмуда Кашгари “Диван лугат ат турк” и кыргызский язык. Филологические науки. Вопросы теории и практики. Tambov, 2016. №5, 154-156-betlar).

 

“Древнетюркский словар”da “sïrï – крепко пришивать, стегать” deb berilgan (Древнетюркский словар, 1969. 505-bet). Ko‘rinadiki, sïrï – pishiqlab tikmoq, qavimoq ma’nolarini anglatmoqda.

 

“Devonu lug‘otit turk”ning Solih Mutalibov tayyorlagan o‘zbekcha nashrida shunday berilgan: “sïrïshdi – to‘qishdi, bosishdi. Qïz anasïna kiziz sïrïshdï – Qiz onasiga kiyiz to‘qishda, kiyiz bosishda yordam berdi. Bu turkmanlarning saroy mahkamalari va boshqalarning o‘rovi – chodirini tikish kabidir (sïrïshur sïrïshmaq)” (Devonu lug‘otit turk, 2-tom. –T.: 1963. 103-bet).

 

Mashhur turkologlar N.A.Baskakov, V.M.Nasilov tuzgan “Уйгурско-русский словарь”da şurdaq (shirdoq) atamasiga quyidagicha izoh berilgan: “şurdaq اق شورد 1. Ornamentirovannыy voylok” (“Уйгурско-русский словарь”, 1939. 144-bet). O‘zbek tilida bu – naqshli kigiz, guldor namat.

 

Hozirgi zamon uyg‘ur tili izohli lug‘atlariga ham shirdoq so‘zi kiritilgan bo‘lib, u gulli, naqshli kigiz deb izohlangan: “Shirdoq – o‘ng yuziga qo‘l bilan kashtalangan har xil gul nusxalari chochilinib ishlangan puxta, ko‘rkam bir xil kigiz: Ular ozoda uch eg‘izliq uyda o‘lturidigan, men pokor supisig‘a ikki parcha shirdoq seling‘on pokiza bir uyga boshlandim” (Hozirqi zamon uyg‘ur tilining izohliq lug‘ati, 2011. 687-bet).

 

Istanbulda 1984-yilda nashr qilingan “Qozoq turkchasi so‘zligi” ham bu so‘z haqida bizga ma’lumot beradi: “Sırmaq (isim) – Üzeri işlenerek oyularak süslenen halı veya kilim yerine kullanılan keçe parçası” (Kazak türkçesi süzlügü, 1984. 254-bet). O‘zbekchaga buni “yuza qismiga naqsh solib bezatilgan gilam yoki gilam o‘rnida ishlatiladigan kigiz parchasi” deb o‘girishimiz mumkin.

 

Yirik turkiyshunos E.V.Sevortyanning “Этимологический словарь тюркских языков” asarida shirdog‘ va uning izohi, etimologiyasiga oid ancha batafsil ma’lumotlar berilgan. Chunonchi:

 

“SIR – tikmoq (boshqird dial.); chok qilib tikmoq (qirg‘iz); gul tikib bezamoq (boshqird dial.); tikmoq, tikib chiqmoq (oltoy); qavimoq, mas., ko‘rpa qavish (tatar, boshqird);

 

SIRA, SIRI, SIRI, SHIRI – 1. choklamoq, baxyalamoq (ozarboyjon); tikmoq, choklamoq (turk); zich qilib tikmoq (DLT); mahkam va zich qilib tikmoq (turk dialekt.); bigiz bilan tikmoq (chig‘atoycha); bir necha qavat qilib qo‘shib tikmoq (qo‘miq, qozoq, qoraqalpoq); naqsh solib tikmoq (uyg‘ur); tikmoq (tuva); 2. qavimoq (turk tili va turk dialekt.); qavimoq + tikmoq (ozarb., qo‘miq, qirg‘iz, qozoq, qoraqalpoq, no‘g‘ay, uyg‘ur, xakas, tuva, yoqut)”.

 

Olimning talqiniga ko‘ra, turk tili shevalarida shirdaq – qirg‘og‘i, chekkasida naqshi bo‘lgan namat, kigiz; qirg‘iz tilida shirdaq – ikki qavat qilib tikilgan naqshli namat (kigiz); chig‘atoy tilida (eski o‘zbek tilida – T. T.) shirdag‘ – 1) egar ostiga solinadigan teri to‘shama; 2) keng ust kiyim turi; tuva tilida shirtek – namat gilamcha, kigiz to‘shak; sirtoq – palto turi; qozoq shevalarida sirdaq – qavilgan namat (kigiz), shirdaq – qavilgan adyol (ko‘rpa). Shu joyda qayd etilishicha, shirda so‘zidan janubiy qirg‘iz tilidagi shirdamal va o‘zbek dialektlarida sh’rdǝmɔl – “ikki qavat qilib tikilgan naqsh solingan kigiz” hosil bo‘lgan.

 

Hozirgi paytda shirdog‘/shirdoq qozoqlarda, ayniqsa qirg‘izlarning hayotida ham, tilida ham saqlanib qolgan. Ular uchun shirdoq eng avvalo yerga to‘shaladigan yo o‘tovning usti va atrofiga yopiladigan kigizdir. Shirdoq va olakigizlarni tayyorlovchi hunarmand ustalar kamayib borayotgani uchun ularning yo‘qolib ketish xavfi paydo bo‘ldi. Shu sababli shirdoq – kigiz gilamlar tayyorlash an’anaviy qirg‘iz san’ati 2012-yilda UNESCO tomonidan insoniyatning nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan (https://dic.academic.ru).

 

Bu so‘zning qardoshlarimiz tilidagi avvalgi va bugungi ma’nolari Alisher Navoiy bobomiz ishlatgan shirdog‘ so‘zidan ancha farq qilishi ko‘rinib turibdi. Biroq yuqorida keltirilgan misollarimizga asoslanib, hazrat Alisher Navoiy g‘azallarida ishlatilgan shirdog‘ so‘zi anglatgan ustki kiyimning matosi jundan bo‘lganini tasdiq etishimiz mumkin. Illo, besh yuz yil naridagi ko‘chmanchi o‘zbek qavmlari jun matodan faqatgina kigiz yo namat emas, go‘zal qizlarning zebo qaddiga yanada ko‘rk beradigan nafis matolar tayyorlashni ham uddalaganiga shubha qilmasak bo‘ladi.

 

Shirdog‘/shirdoq atamasi tikmoq, qavimoq ma’nolariga ega bo‘lgan sir(i)/shir(i) fe’lidan kelib chiqqani faktiga asoslanadigan bo‘lsak, bu atama eski o‘zbek tilida (chig‘atoy turkchasida) yupqa jun matodan tikilgan, chetlariga gul, naqsh solingan ustki kiyimni anglatgan degan xulosaga kelamiz.

 

Shu o‘rinda yana bir jihatga e’tibor qaratishni lozim ko‘rdik. Gap shundaki, jun matolarning tayyorlanish tarzi ikki xil bo‘ladi: ular yo jun iplardan to‘qiladi (to‘qima usuli – jun ro‘mol, shol ro‘mol shunday tayyorlanadi), yo mayin jundan xuddi kigiz kabi bosib tayyorlanadi (bosma usuli – bobolarimiz kigiz, namatni bosishgan, hozir mavjud bo‘lgan noto‘qima materiallar ham shu usulda tayyorlanadi). Zamonaviy qirg‘izlarning shirdog‘idan tortib, milliy boshkiyim sanalgan oqqalpog‘i va ayrim kiyimlari jundan bosma usulda tayyorlanishi e’tiborga olinsa, o‘zbeklarning ayollar qomatiga zeb berib turgan shirdog‘ libosi ham bosma usulda tayyorlanganiga shubha yo‘q.

 

Jundan bosma usulda faqatgina qalin kigiz yo namat emas, yupqa mato ham tayyorlanishi mumkinligiga yana bir dalil shuki, yaqin ellik-oltmish yillar oldin ham Surxondaryo tomonlardagi cho‘ponlar jundan bosma usulda tayyorlangan chepkan otlig‘ ust kiyimdan foydalanishar edi. Chepkan kigizga nisbatan yupqa bo‘lib, o‘zaro kirishib ketgan tolalari tig‘izligidan suv ham o‘tkazmagan. Chepkan matosining o‘ta pishiqligiga dalil o‘laroq sodda bir kishining “Bosma chepkandan ham o‘q o‘tadimi?” degan gapi xalq orasida mashhur bo‘lgan. Bu ma’lumotni bizga yetkazgan adabiyotshunos Musulmon Namozning bildirishicha, bu libosdan cho‘pon bobolarimiz harbiylarning hozirgi plash-palatkasi singari foydalanishgan. Uni tunlari qo‘shxonada to‘shamchi, kunduzi chodir o‘rnida soyabon qilishgan; safarda esa undan issiq va sovuqdan saqlovchi keng ustki kiyim sifatida foydalanishgan.

 

Qadimgi usta hunurmand ajdodlarimiz bosma usulda jundan shirdoq kabi o‘ta nafis mato tayyorlash an’anasiga ega bo‘lgan deb ayta olamiz.

 

To‘lqin TOG‘AYEV,

 filologiya fanlari nomzodi

 

“Ma’naviy hayot” jurnali, 2025-yil 1-son.

“Shirdog‘” nima? maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//